O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
QARORI
MAKTABGAChA TARBIYA BOLALAR MUASSASALARI VA MAKTAB-INTERNATLARDAGI BOLALAR TA’MINOTIGA HAQ TO‘LASh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 13-fevralda 1768-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Moliya vazirligining 2016-yil 25-iyuldagi 8-mh va 55-sonli “Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 2821, 23.08.2016-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 12-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2008-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-744-son qarorining 18-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan o‘n kundan so‘ng kuchga kiradi.
Xalq ta’limi vaziri T. JO‘RAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 21-yanvar,
2-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 21-yanvar,
4-son
Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligining 2008-yil 21-yanvardagi 2, 4-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2008-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida” 2007-yil 12-dekabrdagi PQ-744-son qarorining 18-bandiga muvofiq davlat maktabgacha ta’lim muassasalari (keyingi o‘rinlarda maktabgacha ta’lim muassasalari deb yuritiladi) va maktab-internatlarda (keyingi o‘rinlarda internatlar deb yuritiladi) bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat budjeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan maktabgacha ta’lim muassasalari va internatlarga tatbiq etiladi, quyidagilar bundan mustasno:
a) futbol bo‘yicha maktab-internatlar;
b) turli kasalliklar bilan kasallangan bolalar uchun maktab-internatlar;
v) kam ta’minlangan oilalardagi bolalar uchun maktab-internatlar;
g) yetim bolalar va ota-onalar qarovisiz qolgan bolalar uchun maktab-internatlar.
2. Davlat budjeti mablag‘laridan moliyalashtirilmaydigan maktabgacha ta’lim muassasalari va internatlari ta’minotiga mablag‘lar miqdori va pul to‘lash tartibi ularning muassislari tomonidan belgilanadi.
3. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar va internatlarda tarbiyalanuvchilar ta’minoti uchun to‘langan to‘lovlar budjetda nazarda tutilgan mablag‘lar bilan birga maqsadli ravishda bolalar (tarbiyalanuvchilar)ning oziq-ovqat ta’minotini yaxshilash uchun yo‘naltiriladi.
4. Maktabgacha ta’lim muassasalari va internatlarda bolalar (tarbiyalanuvchilar) ta’minoti uchun to‘lovlar qonun hujjatlarida belgilanadigan miqdorlarda undiriladi.
5. Agar oilada ikki va undan ortiq bolalar turli maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnasa, ushbu toifa oilalar uchun belgilangan to‘lov miqdorlarini qo‘llash uchun ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) tegishli ravishda bir maktabgacha ta’lim muassasasidan boshqasiga bolalarning boshqa maktabgacha ta’lim muassasalarga qatnashi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etishi lozim.
6. Maktabgacha ta’lim muassasalarida ushbu Nizomning ilovasida ko‘rsatilgan kasalliklari bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalari va umumiy tipdagi maktabgacha ta’lim muassasalari qoshidagi guruhlarda tarbiyalanuvchi bolalar ta’minoti uchun to‘lovlar olinmaydi.
7. Maktabgacha ta’lim muassasalari va internatlarda bolalar (tarbiyalanuvchilar) ta’minoti uchun to‘lovlar ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) va maktabgacha ta’lim muassasalari yoki internatlar ma’muriyati o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan to‘lanadi.
8. Maktabgacha ta’lim muassasalari va internatlardagi bolalar (tarbiyalanuvchilar) ta’minoti uchun to‘lovlar har oyda to‘lovi to‘lanayotgan joriy oyning 10-sanasidan kechikmasdan to‘lanadi.
9. Maktabgacha ta’lim muassasalari va internatlardagi bolalar (tarbiyalanuvchilar) ta’minoti uchun to‘lovlar bank muassasalariga to‘lanadi. Bunda to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat (kvitansiya) nusxasi maktabgacha ta’lim muassasasiga taqdim etiladi.
10. Agar to‘lov naqd pulsiz shaklda amalga oshirilgan bo‘lsa, maktabgacha ta’lim muassasasi yoki internatga to‘lov topshiriqnomasining nusxasi (to‘lov to‘langanligi to‘g‘risidagi bank belgisi qo‘yilgan holda) taqdim etiladi.
11. Bolalar (tarbiyalanuvchilar) ta’minoti uchun to‘lovlardan tushgan tushumlar:
yuridik shaxs maqomiga va budjet mablag‘lari bo‘yicha talab qilib olinguncha depozit hisob raqamiga ega bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasasi yoki internat;
maktabgacha ta’lim muassasasi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmasa, hududiy moliya organining xalq ta’limi muassasalarini moliyalashtirish bo‘limi yoki ushbu muassasa balansida bo‘lgan boshqa idoralarning budjet mablag‘lari bo‘yicha talab qilib olguncha depozit hisob raqamiga o‘tkaziladi.
12. Hududiy g‘aznachilik hisob raqamlaridan foydalanadigan g‘aznachilik xizmatiga o‘tgan hududlar bo‘yicha maktabgacha ta’lim muassasalari va internatlarda bolalar (tarbiyalanuvchilar) ta’minoti uchun to‘lovlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mahalliy budjetlar hisobida turadigan maktabgacha ta’lim muassasalari va internatlar bo‘yicha belgilangan tartibda hududiy g‘aznachilik hisob raqamlariga o‘tkaziladi va alohida shaxsiy hisob raqamlarida hisobga olinadi.
13. Maktabgacha ta’lim muassasalari va internatlarda bolalar (tarbiyalanuvchilar) ta’minoti uchun to‘lovlar ushbu Nizomning 9-bandida ko‘rsatilgan muddatdan keyin ikki hafta mobaynida uzrli sabablarsiz to‘lanmagan taqdirda ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bilan shartnoma to‘xtatilishi yoxud bolalar (tarbiyalanuvchilar) maktabgacha ta’lim muassasasi yoki internatdan chiqarilishi mumkin.
14. Kreditor qarzdorlik paydo bo‘lgan sanadan 90 kalendar kun mobaynida maktabgacha ta’lim muassasasidagi bola ta’minoti uchun mavjud bo‘lgan qarzdorlik qoplanganda, bolani ushbu maktabgacha ta’lim muassasasiga tiklash majburiy tartibda amalga oshiriladi. Ko‘rsatilgan muddat buzilgan taqdirda maktabgacha ta’lim muassasasiga bolani tiklash yangi qabul qilingan bolalar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
II. Maktabgacha ta’lim muassasalarida to‘lovlar hisob-kitobi va uni to‘lash tartibi
15. Maktabgacha ta’lim muassasasidagi bola ta’minoti uchun to‘lovlarning bir kunlik qiymatini aniqlash uchun qonun hujjatlariga muvofiq ota-onalar bir oylik to‘lovlarining miqdori maktabgacha ta’lim muassasasining oylik ish jadvali bo‘yicha ish kunlari soniga bo‘linadi.
16. Bola kasalligi yoki uning oila a’zolari kasallanganligi (karantin bo‘lgan) tufayli, shuningdek ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning mehnat ta’tili davrida bolaning maktabgacha ta’lim muassasasiga ketma-ket uch kundan ortiq kelmagan davr uchun to‘langan to‘lovlar, keyingi to‘lovlarda hisobga olinadi (faqat maktabgacha ta’lim muassasasining ish kunlari soni hisobga olinadi).
Bolaning kasalligi yoki uning oila a’zolari kasallanganligi (karantin bo‘lgani) tufayli bolaning kelmaganligi tegishli davolash muassasasi yoki uchastka vrachi tomonidan beriladigan ma’lumotnoma bilan tasdiqlanishi shart.
17. Bola uyda qolgan boshqa barcha holatlarda maktabgacha ta’lim muassasasida bolalar ta’minoti uchun to‘lovlar umumiy asoslarda undiriladi.
18. Ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning arizasiga ko‘ra to‘lovlar to‘liq bo‘lmagan oy uchun ya’ni, bolaning ushbu maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnashni to‘xtatadigan va ro‘yxatdan chiqariladigan kungacha bo‘lgan davr uchun undirilishi mumkin.
19. Ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) maktabgacha ta’lim muassasasiga bolaning ushbu muassasaga qatnashi to‘xtatilishi to‘g‘risida kamida bir hafta oldin yozma ravishda ogohlantirishi lozim. Agar bu haqda maktabgacha ta’lim muassasasi ogohlantirilmagan bo‘lsa, to‘langan pulni qaytarish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Bunda bolaning maktabgacha ta’lim muassasalarida to‘lov to‘langan davrdan ortiq muddatga qolishi, ushbu oy uchun to‘lovning qolgan qismi to‘lanmaguncha mumkin emas.
20. Maktabgacha ta’lim muassasasi boshqa ish rejimiga o‘tgan holatlarda, muassasa boshqa ish rejimiga o‘tgan kundan boshlab to‘lovlar bolalarning bo‘lishi tegishli uzaytirilgan, muddatli guruhlar uchun belgilangan miqdorda to‘lanadi.
III. Internatlarda to‘lovlar hisob-kitobi va uni to‘lash tartibi
21. Internatlardagi tarbiyalanuvchilar ta’minoti uchun to‘lovlarning bir kunlik qiymatini aniqlash uchun qonun hujjatlariga muvofiq ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) bir oylik to‘lovlarining miqdori internatning oylik ish jadvali bo‘yicha ish kunlari soniga bo‘linadi.
22. Tarbiyalanuvchining kasalligi yoki uning oila a’zolari kasallanganligi (karantin bo‘lgan) tufayli, shuningdek ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning mehnat ta’tili davrida tarbiyalanuvchining internatga ketma-ket uch kundan ortiq kelmagan davr uchun to‘langan to‘lovlar, keyingi to‘lovlarda hisobga olinadi (faqat internatning ish kunlari soni hisobga olinadi).
Tarbiyalanuvchining kasalligi yoki uning oila a’zolari kasallanganligi (karantin bo‘lgan) tufayli tarbiyalanuvchining kelmaganligi tegishli davolash muassasasi yoki uchastka vrachi tomonidan beriladigan ma’lumotnoma bilan tasdiqlanishi shart.
23. Tarbiyalanuvchi uyda qolishining boshqa barcha holatlarida internatda tarbiyalanuvchilar ta’minoti uchun to‘lovlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda undiriladi.
24. Ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ning arizasiga ko‘ra to‘lovlar to‘liq bo‘lmagan oy uchun ya’ni, tarbiyalanuvchining ushbu internatga qatnashni to‘xtatadigan va ro‘yxatdan chiqariladigan kungacha bo‘lgan davr uchun undirilishi mumkin.
25. Ota-onalar internatga tarbiyalanuvchining ushbu muassasaga qatnashi to‘xtatilishi to‘g‘risida kamida bir hafta oldin yozma ravishda ogohlantirishi lozim. Agar bu haqda internat ogohlantirilmagan bo‘lsa, to‘langan pulni qaytarish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Bunda tarbiyalanuvchining internatda to‘lov to‘langan davrdan ortiq muddatga qolishi, ushbu oy uchun to‘lovning qolgan qismi to‘lanmaguncha mumkin emas.
IV. Kam ta’minlangan oilalar bolalarini to‘lovlardan ozod qilish tartibi
26. Maktabgacha ta’lim muassasalari va internatlarda bolalar ta’minoti uchun to‘lovlardan kam ta’minlangan oilalarning bolalari qonun hujjatlariga muvofiq ushbu muassasalarda (internatlarda)gi ularning umumiy sonidan 15 foizi doirasida ozod qilinadi. Bunda ota-onalari (bittasi yoki ikkalasi) I yoki II guruh nogironlari bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarning bolalari, birinchi navbatda to‘lovlardan ozod qilinadi.
27. Bolalar (tarbiyalanuvchilar)ni to‘lovlardan ozod qilish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilgan oilaning kam ta’minlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma asos bo‘ladi.
Ushbu hujjatlar maktabgacha ta’lim muassasasi va internatga tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.
28. To‘lovlardan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oilalarning bolalari (tarbiyalanuvchilar) ro‘yxati moliyaviy yil boshlangunga qadar (umumiy rejadagi bolalar, tarbiyalanuvchilar sonidan 15 foiz doirasida) vasiylik kengashi majlisi bayoniga asosan maktabgacha ta’lim muassasasi yoki internat rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
29. Ro‘yxatga kirmagan kam ta’minlangan oilalarning bolalari qatoridan, ro‘yxat maktabgacha ta’lim muassasasidan yoki internatdan butunlay chiqib ketishi munosabati bilan o‘zgartirilgan hollarda yuqorida ko‘rsatilgan ro‘yxat to‘ldirib boriladigan zaxira shakllantiriladi. Ro‘yxat oilaning bir a’zosiga bir oyda to‘g‘ri keladigan jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarning bolalarini unga birinchi navbatda kiritish tamoyiliga rioya qilgan holda to‘ldirib boriladi.
V. Buxgalteriya hisobi va hisoboti
30. Bolalar (tarbiyalanuvchilar) ta’minoti uchun to‘lovlarni hisoblab chiqarish va mablag‘larni tushirish bo‘yicha buxgalteriya hisobi:
yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan maktabgacha ta’lim muassasalarida — hududiy moliya organining xalq ta’limi muassasalarini moliyalashtirish bo‘limi tomonidan;
yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasalarida — ularning buxgalteriyasi tomonidan amalga oshiriladi.
31. Bolalar (tarbiyalanuvchilar) ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi bo‘yicha hisob-kitoblarning tahliliy hisobi 327-shakl bo‘yicha maktabgacha ta’lim muassasalaridagi bolalar ta’minoti uchun ota-onalar bilan hisob-kitoblar jadvali (vedomosti)da yuritiladi.
32. Bankka to‘langan yoki topshirilgan summalar 01 8 30 “Oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish xarajatlari” tipi, obyekti va obyekt osti bo‘yicha g‘azna xarajatlarini tiklash uchun 294-shakl daftariga yozib boriladi.
33. To‘lovlarni hisoblash 305-shakl bo‘yicha bolalarni davomat tabeliga asosan amalda qatnagan kunlari uchun har oyning oxirgi ish kunida amalga oshiriladi.
34. Buxgalteriya hisobida ota-onalar kiritadigan to‘lovlarini hisoblash quyidagi buxgalteriya o‘tkazmalari orqali rasmiylashtiriladi:
| D-t | K-t |
| 172 | 236 |
35. Ota-onalar tomonidan to‘langan mablag‘lar summasiga quyidagi buxgalteriya o‘tkazmalari beriladi:
| D-t | K-t |
| 09 yoki 10 hisobvaraqlari tegishli yordamchi hisobvaraqlar | 172 |
36. Yil oxirida 236 yordamchi hisobvarag‘i debet qismiga budjet bo‘yicha (200 yordamchi hisobvarag‘i) amaldagi xarajatlar 236 yordamchi hisobvarag‘iga hisoblab yozilgan summalar doirasida ko‘chirib yoziladi.
37. Hududiy g‘aznachilik hisob raqamlaridan foydalangan holda g‘aznachilik xizmatiga o‘tgan mintaqalar bo‘yicha ota-onalar to‘lovlarini hisoblash quyidagi buxgalteriya o‘tkazmalari orqali rasmiylashtiriladi:
| D-t | K-t |
| 172 | 236 |
38. Ota-onalardan kelib tushgan summalar ularni maktabgacha ta’lim muassasalarining (internatlarning) alohida shaxsiy hisob raqamlarida aks ettirgan holda hududiy g‘aznachilik hisob raqamlariga yozilib boriladi, jumladan:
a) to‘lovlarni shaxsiy hisob raqamiga o‘tkazish yo‘li bilan:
| D-t | K-t |
| 104 | 172 |
b) keyinchalik maktabgacha ta’lim muassasalari (internatlar)ning alohida shaxsiy hisob raqamlariga o‘tkazgan holda:
| D-t | K-t |
| 120 104 |
172 120 |
39. Tushgan mablag‘larni maktabgacha ta’lim muassasalari (internatlar) tomonidan sarflashda quyidagi o‘tkazmalar qo‘llanadi:
| D-t | K-t |
| 178 209 |
104 178 |
40. Yil oxirida 236 yordamchi hisobvarag‘i debet qismiga budjet bo‘yicha (209 yordamchi hisobvarag‘i) amaldagi xarajatlar 236 yordamchi hisobvarag‘iga hisoblab yozilgan summalar doirasida ko‘chirib yoziladi.
VI. Yakuniy qoidalar
41. Bolalar (tarbiyalanuvchilar) ta’minoti uchun to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi va o‘z vaqtida kelib tushishi, hisob va hisobotni yuritishi, shuningdek, tushgan mablag‘lardan maqsadli foydalanishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning joylardagi hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
42. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
43. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 30-yanvar
Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning ta’minoti uchun to‘lovlar undirilmaydigan bolalar kasalliklari ro‘yxati
1. Qulog‘i kar (jumladan zaif eshitadigan)
2. Ko‘zi ojiz (jumladan ko‘rish qobiliyati past)
3. Nutqning og‘ir buzilishlari (alaliya, dizartriya, rinolaliya, afaziya, duduqlik, nutqning I va II darajali umumiy rivojlanmaganligi)
4. Tayanch-harakat apparatining buzilishi (tserebral falajlik, poliomiyelit asoratlari, artrogippoz, xondrodistrofiya, miopatiya)
5. Aqli zaiflik, ruhiy rivojlanishining sustligi (aqliy qobiliyatning buzilishi)
6. Sil kasalligining ilk ko‘rinishi (bemor bilan aloqada bo‘lish va tubviraj), shuningdek sil kasalligi va gepatit kasalligidan keyingi tiklash davri.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 6-7-son, 34-modda)