Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
TEMIR YOʻL TRANSPORTI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 27-noyabrdagi OʻRQ-1006-sonli “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2025-yil 29-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
temir yoʻl transporti (temir yoʻl) — umumiy foydalanishdagi transport turlaridan biri boʻlib, u ishlab chiqarish va ijtimoiy yoʻnalishdagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni oʻz tarkibiga olgan, boshqa davlatlarning temir yoʻllari va transportning boshqa turlari bilan oʻzaro hamkorlikda tashish ehtiyojlarini taʼminlovchi yagona ishlab chiqarish-texnologiya majmuidan iboratdir;
temir yoʻl transporti korxonasi — temir yoʻl asosiy faoliyatining tuzilmaviy boʻlinmasi boʻlib, bevosita tashish jarayonini taʼminlaydi;
temir yoʻl transporti muassasasi — temir yoʻlning kadrlar tayyorlash, temir yoʻl transporti xodimlariga ijtimoiy-maishiy va madaniy xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlgan tuzilmaviy boʻlinmasi;
temir yoʻl transporti tashkiloti — temir yoʻlning qoʻshimcha yordamchi faoliyatni amalga oshiruvchi va tashish jarayonida bevosita ishtirok etmaydigan tuzilmaviy boʻlinmasi;
Oldingi tahrirga qarang.
temir yoʻl ustavi — qonunchilikka muvofiq temir yoʻlning, temir yoʻl transporti xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning (shu jumladan ular nomidan ish koʻruvchi ekspeditorlik va boshqa tashkilotlarning) huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydigan normativ hujjat;
(1-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
transport xizmatlari bozori — yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashuvchi, transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatuvchi va taʼmirlovchi, temir yoʻl transportida tashish bilan bogʻliq qoʻshimcha yordamchi ishlarni hamda boshqa ish turlarini (xizmatlarni) bajaruvchi soha;
tashish jarayoni — yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashishga tayyorgarlik koʻrish, uni amalga oshirish va tugallash chogʻida temir yoʻl transporti korxonalari bajaradigan tashkiliy va texnologik jihatdan oʻzaro bogʻliq harakatlar va operatsiyalar majmui;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻllar — temir yoʻlning poyezdlarni qabul qilish va joʻnatish, yuklar, bagaj va yuk bagajini qabul qilish hamda topshirish va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish, manevr ishlarini amalga oshirish boʻyicha tegishli operatsiyalarni bajarish uchun ochiq boʻlgan temir yoʻl bekatlari joylashgan tarmogʻi;
yuk — tashish uchun temir yoʻl transporti korxonasi tomonidan belgilangan tartibda qabul qilingan, oʻz vaqtida eltib berilishi va saqlanishi uchun temir yoʻl javobgar boʻlgan temir yoʻl tashish obyekti;
yoʻlovchi — yoʻl hujjatlariga ega boʻlgan va poyezdda safar qiluvchi fuqaro (jismoniy shaxs);
bagaj — yoʻlovchi olib ketayotgan va safar davomida yoʻlovchilar vagonida uning yonida boʻladigan buyumlar, tovarlar va boshqa moddiy boyliklar;
yuk bagaji — yoʻlovchilar va pochta-bagaj poyezdlarida tashiladigan temir yoʻl tashish obyekti;
yuk joʻnatuvchi (joʻnatuvchi) — oʻz nomidan yoxud yuk yoki yuk bagaji egasi nomidan ish koʻruvchi va tashish hujjatlarida qayd etilgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
yukni oluvchi (oluvchi) — yuk yoki yuk bagajini olish huquqiga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
xavfli yuklar — muayyan omillar mavjud boʻlganda oʻz xossalari va xususiyatlariga koʻra tashish jarayonida, ortish-tushirish ishlarini bajarish va saqlash chogʻida portlash, yongʻin chiqishiga yoki tashilayotgan yuklar, texnika vositalari, qurilmalar, binolar va inshootlar, boshqa obyektlarning shikastlanishiga, shuningdek odamlar hayoti yoki sogʻligʻiga ziyon yetishiga, hayvonlarning nobud boʻlishiga, atrof tabiiy muhitning zararlanishiga sabab boʻlishi ehtimoli bor moddalar, materiallar, buyumlar, ishlab chiqarish va boshqa faoliyat chiqindilari;
ajratilgan mintaqa — temir yoʻl transportining tuproq koʻtarmasi, sunʼiy inshootlar, yoʻl binolari, temir yoʻl aloqasi va elektr taʼminoti qurilmalari, temir yoʻl bekatlari, boshqa binolar, inshootlar va yoʻl qurilmalari, shuningdek ihota daraxtzorlari joylashgan yerlari;
muhofaza zonalari — temir yoʻllardan, elektr taʼminoti va aloqa tarmoqlaridan bir meʼyorda foydalanishni, temir yoʻl transporti inshootlari, qurilmalari va boshqa obyektlarining saqlanishi, mustahkamligi va turgʻunligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan yer uchastkalari, shuningdek temir yoʻl transporti yerlariga tutash boʻlgan siljuvchi tuproqli yerlar.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Temir yoʻl transporti toʻgʻrisidagi qonunchilik
(2-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat.
(2-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Temir yoʻl transporti xizmatlaridan foydalanish chogʻida temir yoʻl transporti korxonalari bilan yuk joʻnatuvchilar, yukni oluvchilar, yoʻlovchilar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan Temir yoʻl ustavi bilan ham belgilanadi.
Temir yoʻl transportida yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashishni tashkil etish tartibi davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan tasdiqlanadigan yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalari, shuningdek boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl transporti toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Temir yoʻl transportida mulkchilik
Tashish jarayonining uzluksizligini, harakat xavfsizligini va avariya-tiklash ishlari oʻtkazilishini bevosita taʼminlovchi temir yoʻl transporti korxonalari, umumiy foydalanishdagi temir yoʻllar va temir yoʻl transportining boshqa mol-mulki mutlaq davlat mulkidir.
Oldingi tahrirga qarang.
Tashish jarayonida bevosita ishtirok etmaydigan temir yoʻl transporti mol-mulki qonunchilikda belgilangan tartibda xususiylashtirilishi mumkin.
(3-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Temir yoʻl transporti korxonalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish
Oldingi tahrirga qarang.
Tashish jarayonini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti korxonalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(4-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5-modda. Temir yoʻl transporti korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining mol-mulki
Temir yoʻl transporti korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining mol-mulki asosiy va aylanma mablagʻlardan, shuningdek qiymati oʻz mustaqil balansida koʻrsatiladigan boshqa moddiy boyliklardan iborat boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining mol-mulkidan foydalanish, unga egalik qilish va uni tasarruf etish huquqi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Temir yoʻl transporti korxonalariga xoʻjalik yuritish huquqi asosida tegishli boʻlgan koʻchmas mol-mulkni sotish davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bu mol-mulkni ijaraga yoki boshqa usulda egalik qilish uchun bu mol-mulkka davlatning mulk huquqini oʻzgartirmagan holda berish temir yoʻl transporti korxonalari tomonidan davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Davlat mulki boʻlgan harakatdagi sostav va konteynerlarni bu mol-mulkka mulk huquqini oʻzgartirmagan holda sotish, ayirboshlash, ijaraga berish, vaqtincha foydalanishga berib qoʻyish, balansdan chiqarish davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan yoki uning topshirigʻiga binoan tegishli temir yoʻl transporti korxonalari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(5-moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Harakatdagi sostav va konteynerlarni yuridik va jismoniy shaxslarga sotish, shuningdek temir yoʻl transporti korxonalarining bu mol-mulkni sotishdan olingan mablagʻlarni harakatdagi sostav, konteynerlar olish va ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish uchun sarflashi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda amalga oshiriladi.
6-modda. Temir yoʻl transporti yerlari
Temir yoʻl transporti yerlari jumlasiga davlat tomonidan temir yoʻl transporti korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga temir yoʻl transporti inshootlari, qurilmalari va boshqa obyektlaridan foydalanish, ularni saqlash, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, takomillashtirish va rivojlantirish sohasida ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga berilgan yerlar kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti faoliyatini taʼminlash uchun yerlar qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi.
Temir yoʻl transporti yerlaridan ajratilgan mintaqa doirasida foydalanish tartibi davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
(6-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Temir yoʻl transportining muhofaza zonalari
Aholi xavfsizligini taʼminlash, shuningdek yer koʻchishi, yer choʻkishi, suv oqizib ketishi, sel olishi va boshqa xavfli taʼsirlarga uchrashi mumkin boʻlgan yerlarda joylashgan temir yoʻllardan hamda temir yoʻl transportining boshqa obyektlaridan bir meʼyorda foydalanish maqsadida muhofaza zonalari belgilanadi.
Muhofaza zonalarini belgilash tartibi, ularning oʻlchamlari, bu maqsad uchun ajratilgan yerlardan foydalanish rejimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
8-modda. Temir yoʻl qatnovlarining turlari va maxsus tashishlar
Temir yoʻl qatnovlari quyidagi turlarga boʻlinadi:
ichki qatnovlar — yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini Oʻzbekiston Respublikasi doirasida tashish;
xalqaro qatnovlar — yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar oʻrtasida tashish;
toʻgʻri aralash qatnovlar — yuklarni yagona transport hujjati boʻyicha transportning har xil turlarida tashish. Toʻgʻri aralash qatnovlar ham ichki, ham xalqaro boʻlishi mumkin.
Alohida muhim davlat ehtiyojlarini, shu jumladan mudofaa ehtiyojlarini qondirish uchun yuklarning maxsus turlari tashilishini taʼminlovchi tashishlar maxsus tashishlar jumlasiga kiradi.
9-modda. Idoralarga qarashli temir yoʻl shoxobcha yoʻllari
Idoralarga qarashli temir yoʻl shoxobcha yoʻllari jumlasiga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mulki boʻlgan va umumiy foydalanishdagi temir yoʻllar bilan tutashadigan temir yoʻllar kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Idoralarga qarashli temir yoʻl shoxobcha yoʻllarining ishlash shart-sharoitlari qonunchilik bilan belgilanadi. Idoralarga qarashli temir yoʻl shoxobcha yoʻllarining mulkdorlari va temir yoʻl transporti korxonalari oʻrtasidagi munosabatlar shartnoma bilan belgilanadi.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
10-modda. Temir yoʻl transportini boshqarish
Temir yoʻl transportini boshqarish markazlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi va davlat temir yoʻl transportini boshqarish organining vakolatlari jumlasiga kiradi.
Davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi:
temir yoʻlda tashishlarni tashkil etish va bajarish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
temir yoʻl transportining faoliyati masalalari va tashishlarning shartlari boʻyicha normativ hujjatlarni qabul qiladi;
transport xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirishga koʻmaklashadi;
temir yoʻl transportini, shu jumladan idoralarga qarashli temir yoʻl shoxobcha yoʻllarini rivojlantirish va ulardan foydalanishni nazorat qiladi;
temir yoʻlda tashishlar sohasida tarif siyosatini olib boradi;
temir yoʻl transporti sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(10-modda ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Temir yoʻl transportining tashish jarayoni bilan bogʻliq faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yoʻq.
Davlat temir yoʻl transportini boshqarish organining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari uchun majburiydir.
11-modda. Yuklarni tashish
Temir yoʻl transporti korxonalari, agar joʻnatuvchi yuklarni tashishga nisbatan qoʻyiladigan talablarga rioya qilsa va tashishga temir yoʻl tomonidan oldi olinishi yoki bartaraf etilishi mumkin boʻlmagan holatlar toʻsqinlik qilmasa, yukni tayinlangan joyiga belgilangan muddatlarda tashib berishi shart.
Yuk joʻnatuvchilar va temir yoʻl transporti korxonalari yuklarni muntazam tashishlarni amalga oshirish chogʻida tashish va transport ekspeditsiyasini tashkil etish toʻgʻrisida uzoq muddatli shartnomalar tuzishlari mumkin.
Temir yoʻl transportida yuklarni tashish yuk joʻnatuvchilarning buyurtmanomalariga muvofiq amalga oshiriladi. Yuklarni tashish uchun buyurtmanomalarning shakllari, buyurtmalarni berish, bajarish va hisobga olish tartibi, shuningdek temir yoʻl transportida tashiladigan yuklar roʻyxati davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan belgilanadi. Yuklar joʻnatuvchi tomonidan harakat xavfsizligi va yuklarning saqlanishi taʼminlanadigan qilib tashishga tayyorlanishi kerak.
12-modda. Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish
Temir yoʻl transporti korxonalari yoʻlovchilar, bagaj, yuk bagaji oʻz vaqtida manziliga yetkazilishini, vokzallarda va poyezdlarda yoʻlovchilarning xavfsizligini, ularga xizmat koʻrsatish uchun zarur qulayliklar va sharoitlar yaratilishini, bagaj va yuk bagajining saqlanishini taʼminlashi shart.
Yoʻlovchilar poyezdlarning joʻnash va kelish vaqti, yoʻl haqi, bagaj, yuk bagaji tashish haqi, vokzalxonalarda joylashgan temir yoʻl chiptasi kassalari, saqlash kameralarining ish vaqti, yoʻlovchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisida vaqtida ishonchli axborot bilan, shuningdek temir yoʻl transporti korxonalari va tashkilotlarining ishi toʻgʻrisidagi boshqa zarur axborot bilan taʼminlanishlari kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transportida yoʻl chiptalari yoʻlovchilarga toʻliq qiymatida sotiladi, qonunchilikda imtiyozli yurishi belgilangan fuqarolar bundan mustasno. Imtiyozli yurishni kompensatsiya qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(12-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Yoʻlovchi poyezdda oʻzi bilan birga besh yoshgacha boʻlgan bir bolani alohida joy berilmagan holda bepul olib yurish huquqiga ega. Yoʻlovchi bilan birga besh yoshgacha boʻlgan bittadan ortiq bola ketayotgan boʻlsa, ulardan biri bepul olib yuriladi, qolganlari esa chipta toʻliq qiymatining 50 foizi chegirilgan, alohida joy berilgan holda olib yuriladi. Besh yoshdan oʻn yoshgacha boʻlgan bolalarga ham chipta toʻliq qiymatining 50 foizi chegirilgan holda alohida joy beriladi. Temir yoʻl transportida bolalarni tashish boʻyicha bu imtiyozlar temir yoʻl transporti korxonalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yoʻlovchilarning hamda temir yoʻl transporti xodimlarining hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, temir yoʻlda tashish xavfsizligini taʼminlash maqsadida vakolatli organlar vokzalga kirishda belgilangan tartibda qoʻl yukini, bagajni koʻzdan kechiradi hamda yoʻlovchilar va boshqa shaxslarni shaxsiy koʻzdan kechirishdan oʻtkazadi. Koʻzdan kechirishdan bosh tortilgan taqdirda, vokzalga kirish taqiqlanadi, yoʻlovchilar esa tashishga qoʻyilmaydi. Koʻzdan kechirishni oʻtkazish huquqiga ega boʻlgan vakolatli organlarning roʻyxati va koʻzdan kechirishni oʻtkazish tartibi, shuningdek yoʻlovchilar va boshqa shaxslarning vokzallarda boʻlishi qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(12-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 8-sentabrdagi OʻRQ-293-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 36-son, 364-modda)
13-modda. Yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini temir yoʻl orqali tashish tariflari
Temir yoʻl transportida yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish tariflari yuk joʻnatuvchilarning hamda yoʻlovchilarning manfaatlari inobatga olingan holda davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayin etiladigan tartibda belgilanadi.
Xalqaro qatnovda tashish tariflari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq belgilanadi.
Yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish bilan bogʻliq qoʻshimcha ishlar va xizmatlar uchun shartnoma asosida haq toʻlanadi.
14-modda. Temir yoʻl transportining moliyaviy va xoʻjalik faoliyati
Temir yoʻl transporti faoliyatini moliyalash oʻz xoʻjalik faoliyati daromadlari hisobidan va imtiyozli tashishlarga doir xarajatlarni qoplash qismi boʻyicha davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Temir yoʻl transportidagi tashishning barcha turlaridan olinadigan daromadlarni taqsimlash tartibi davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan har bir temir yoʻl transporti korxonasining tashish jarayonidagi aniq ulushini hisobga olgan holda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻllarni, safarbarlik maqsadlariga moʻljallangan obyektlarni, shu jumladan sanoat korxonalari, elektrlashtirish va aloqa obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek temir yoʻl harakatdagi sostavini va maxsus maqsadlarga moʻljallangan yirik mexanizmlarni olish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(14-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Temir yoʻl shoxobcha yoʻllari, toʻxtash manzillari, yuk saroylari va boshqa obyektlarni qurish manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning tashabbusiga koʻra hamda ularning mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Temir yoʻl tarmoqlari, vokzallar, piyodalar oʻtadigan koʻpriklar va tonnellar, yoʻlovchilar platformalari va temir yoʻl transportining aholiga xizmat koʻrsatuvchi boshqa obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shahar atrofiga qatnash uchun harakatdagi sostavni olish temir yoʻl mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, shuningdek mahalliy budjet, manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlari hisobidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Temir yoʻl transportini rivojlantirish vazifalarini hal qilish uchun davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan markazlashtirilgan sugʻurta va zaxira jamgʻarmalari tashkil etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuklar va yuk bagajini joʻnatuvchilar va oluvchilarning tashish, yuk operatsiyalari, transport-ekspeditorlik xizmatlari va harakatdagi sostavdan foydalanganlik uchun temir yoʻl transporti korxonalari bilan hisob-kitoblari, shuningdek shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik va temir yoʻlga yetkazilgan zarar uchun jarimalar va penyalar toʻlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(14-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti korxonalari ularga tashish uchun berilgan yuklarni tegishli tashish haqining va tashishga doir boshqa toʻlovlarni taʼminlash maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda ushlab qolish huquqiga ega.
(14-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Shahar atrofidagi yoʻlovchilar tashishni moliyalash mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan yoxud manfaatdor yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
15-modda. Temir yoʻl transporti korxonalarining temir yoʻl transporti obyektlarining mulkdorlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti korxonalarining umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarga va temir yoʻl transportining boshqa obyektlariga chiqadigan temir yoʻl shoxobcha yoʻllari mulkdorlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlari, shuningdek temir yoʻl shoxobcha yoʻllaridan foydalanish va ularga qarashli harakatdagi sostavni umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda ishlatish tartibi va shartlari ushbu Qonun, boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek shartnomalar bilan belgilanadi.
(15-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Temir yoʻl transporti obyektlarining mulkdorlari boʻlgan, umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarga chiquvchi yangi temir yoʻl tarmoqlarini barpo etuvchi, shuningdek harakatdagi sostavni loyihalashtiruvchi va ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslar mazkur tarmoqlar va harakatdagi sostavni davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi bilan kelishilgan holda loyihalashtiradilar va quradilar.
16-modda. Temir yoʻl transporti xodimlarining mehnatga oid munosabatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti xodimlarining mehnatga oid munosabatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
(16-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ishi bevosita poyezdlar harakati bilan bogʻliq boʻlgan temir yoʻl transporti ayrim toifadagi xodimlarining ish vaqti rejimi, dam olish va boshqa mehnat sharoitlari rejimi xususiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayin etiladigan tartibda belgilanadi.
Temir yoʻl transporti korxonalari poyezdlar harakati bilan bogʻliq hamda mehnat sharoiti noqulay ishlarda band boʻlgan xodimlarni dastlabki tarzda va vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻriklardan oʻtkazishni tashkil etadi. Shunday vazifalar va ishlar roʻyxati, shuningdek tibbiy koʻriklarni oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
17-modda. Temir yoʻl transporti xodimlari ishining sayyor xususiyati bilan bogʻliq kafolatlar, kompensatsiyalar va ularga beriladigan imtiyozlar
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnati sayyor xususiyatli boʻlgan temir yoʻl transporti xodimlariga beriladigan kafolatlar va kompensatsiyalar qonunchilik bilan belgilanadi.
(17-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti harbiylashtirilgan qoʻriqchi boʻlinmalari xodimlari xizmat vazifalarini bajarishda qonunchilikda nazarda tutilgan huquqiy va ijtimoiy himoya kafolatlariga ega.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Temir yoʻl transporti xodimlari jamoa shartnomalari yoki tarmoq jamoa kelishuvi bilan belgilanadigan tartibda va shartlarda temir yoʻl transportida har yilgi bepul yurish huquqidan foydalanadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnatda mayib boʻlish yoki kasb kasalligi oqibatida boshqa ishga oʻtkazilgan yoxud mehnatda mayib boʻlish, kasb kasalligi yoki xodimning aybi boʻlmagan sababga koʻra sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetishi munosabati bilan nogironlik pensiyasiga chiqqan temir yoʻl transporti xodimlari uchun temir yoʻl transportida har yilgi bepul yurish huquqi va qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozlar saqlanib qoladi.
(17-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ushbu moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlarida belgilangan imtiyozlar temir yoʻl transporti korxonalarining mablagʻlari hisobidan taʼminlanadi.
18-modda. Temir yoʻl transportida intizom
Temir yoʻl transporti xodimlarining intizomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Temir yoʻl transporti xodimlarining intizomi toʻgʻrisidagi nizom bilan tartibga solinadi.
Temir yoʻl transporti korxonalarida jamoa mehnat nizolarini hal qilish vositasi sifatida ishni toʻxtatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
19-modda. Temir yoʻl transportida hisoblash-hisobot vaqti
Tashishlarda bevosita qatnashuvchi temir yoʻl transporti korxonalarida tashish jarayonini markazlashtirilgan holda uzluksiz boshqarishni taʼminlash maqsadida, ularning joylashgan manzilidan qatʼi nazar, mamlakatda amal qiluvchi yagona hisoblash-hisobot vaqti — Toshkent vaqti belgilanadi.
20-modda. Harakat xavfsizligini taʼminlash, temir yoʻl transporti va boshqa texnika vositalaridan foydalanish
Temir yoʻl transporti korxonalari yoʻlovchilar hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsiz qatnov, yuklar, bagaj va yuk bagaji tashish shart-sharoitlarini, poyezdlar va temir yoʻl transporti boshqa vositalarining harakat xavfsizligini, shu jumladan manevr ishlari chogʻidagi, tashish jarayoni bilan bogʻliq transport va boshqa texnika vositalaridan foydalanish chogʻidagi xavfsizlikni, shuningdek temir yoʻl transporti xodimlarining mehnati va atrof tabiiy muhit muhofaza qilinishini taʼminlaydilar.
Temir yoʻl transportida poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlash ustidan nazorat qiluvchi maxsus tarkibiy boʻlinma, shuningdek temir yoʻlda avariyalar oqibatlarini tugatuvchi avariya-tiklash boʻlinmalari faoliyat koʻrsatadi. Ana shu boʻlinmalar toʻgʻrisidagi nizom, shuningdek harakat xavfsizligi buzilishlarini tasniflash, xizmat tekshiruvini olib borish va hisobga olish tartibi davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
201-modda. Temir yoʻlda tashish xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan davlat nazorati va boshqa choralar
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻlda tashish xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan davlat nazorati va boshqa choralar ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati organlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
(201-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi OʻRQ-522-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
21-modda. Temir yoʻl transportida harakat xavfsizligiga doir asosiy talablar
Temir yoʻl bekatlari, vokzallar va temir yoʻlning tashish jarayoni bilan bogʻliq boshqa boʻlinmalari hududlari, poyezdlar harakati amalga oshiriladigan hamda manyovr va yuk ortish, yuk tushirish ishlari bajariladigan yoʻlovchilar platformalari va temir yoʻl tarmoqlari oʻta xavfli zonalar hisoblanadi va zarurat boʻlganda atrofi oʻrab qoʻyiladi. Oʻta xavfli zonalarda fuqarolarning boʻlishi va obyektlarning joylashtirilishi, bunday zonalarda ishlar bajarish, temir yoʻllar orqali yurish va ularni kesib oʻtish qoidalari davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Harakatdagi sostav, shu jumladan harakatdagi maxsus sostav va konteynerlar, temir yoʻllarning yer ustki qurilmalari qismlari hamda temir yoʻl transportiga yetkazib beriladigan boshqa texnika vositalari va mexanizmlar, shuningdek yoʻlovchilarga koʻrsatiladigan xizmatlar tegishli normativ hujjatlar bilan belgilangan harakat xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish va ekologiya xavfsizligi talablariga mos kelishi lozim.
(21-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 6-apreldagi OʻRQ–31-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 14-son, 113-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti faoliyatida foydalaniladigan texnika vositalari va mexanizmlarni, shuningdek koʻrsatiladigan xizmatlarni sertifikatlashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(21-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Hududida xavfli yuklarni ishlab chiqarish, saqlash, ortish, tashish va tushirish ishlari amalga oshiriladigan obyektlar umumiy foydalanishdagi temir yoʻllardan va inshootlardan ularning xavfsiz ishlashini taʼminlaydigan masofada uzoqlashtirilgan boʻlishi kerak. Umumiy foydalanishdagi yoʻllarning quvurlar, aloqa, elektr uzatish tarmoqlari va boshqa inshootlar bilan kesishgan joylarida mazkur obyektlardan umumiy foydalanishdagi temir yoʻllar va inshootlargacha boʻlgan eng kam masofa, shuningdek temir yoʻllar bilan kesishish va yaqinlashish joylarida bunday obyektlarni qurish va saqlash normalari tegishli davlat boshqaruv organlarining davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan normativ hujjatlarida belgilanadi.
Umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarni kesib oʻtuvchi yoki bevosita ularning yaqinida joylashgan gaz, neft quvurlari va boshqa inshootlarni qurish hamda ulardan foydalanish chogʻida belgilangan normativlarni taʼminlash, shuningdek mazkur inshootlardan foydalanish xavfsizligi uchun ularning egalari javobgar boʻladi. Mazkur inshootlarning egalari harakat xavfsizligiga tahdid soluvchi avariya holatlari yuzaga kelganligi haqida temir yoʻl transporti korxonasini oʻz vaqtida xabardor qilishi shart.
Temir yoʻl orqali tashilayotgan xavfli va maxsus yuklarning egalari, bunday yuklarni joʻnatuvchilar va oluvchilar ularning tashilishi, ortilishi va tushirilishi xavfsizligini kafolatlashlari, bu yuklarni tashish chogʻida avariya holatlari yuzaga kelgan taqdirda avariya holatlarini va avariya oqibatlarini tugatish uchun zarur vositalar va harakatchan boʻlinmalarga ega boʻlishlari lozim.
Temir yoʻl transporti korxonalari xavfli va maxsus yuklarni tashish xavfsizligini taʼminlashi hamda bu yuklarni tashish chogʻida avariya holatlari yuzaga kelgan taqdirda ularning oqibatlarini tugatishda qatnashishi shart.
Temir yoʻllarning avtomobil yoʻllari bilan kesishgan joylari (temir yoʻl kesishuvi joylari) temir yoʻldan texnik foydalanish qoidalari hamda qurilish normalari va qoidalari bilan belgilanadi.
Temir yoʻl kesishuvi joylaridan foydalanish, ularni ochish va yopish tartibi davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan tegishli davlat boshqaruv organlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti va tashish jarayoni bilan bogʻliq boshqa texnika vositalarining harakat xavfsizligi hamda ulardan foydalanish qoidalarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
(21-moddaning oʻninchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
22-modda. Temir yoʻl transportida yuklar va obyektlarni qoʻriqlash
Yoʻl davomida va temir yoʻl bekatlarida yuklarni qoʻriqlash, temir yoʻl transporti obyektlarini qoʻriqlash, shuningdek temir yoʻl transportida yongʻinning oldini olishga qaratilgan ishlarni oʻtkazish, yongʻinga qarshi nazorat va yongʻinlarni bartaraf etish temir yoʻl transporti harbiylashtirilgan qoʻriqchi boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Temir yoʻl transportining harbiylashtirilgan qoʻriqchiligi toʻgʻrisidagi nizom hamda qoʻriqlanishi va kuzatib borilishi zarur boʻlgan yuklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Bu yuklarni qoʻriqlash va kuzatib borish tartibi davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kuzatib borish talab etiladigan yuklarni temir yoʻl transporti harbiylashtirilgan qoʻriqchi guruhlari Oʻzbekiston Respublikasi doirasida kuzatib boradilar. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtish chogʻida kuzatib boriladigan yuklarni topshirish tartibi va joyi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilanadi.
(22-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-974-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2024-y., 03/24/974/0804-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transportining eng muhim obyektlari va maxsus yuklarni qoʻriqlash ichki ishlar organlarining transportda xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmalari va davlat boshqaruv organlarining boshqa vakolatli boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi. Bunday obyektlar va yuklar roʻyxatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(22-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi OʻRQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
Yuklarning ayrim turlarini, shu jumladan qimmatbaho, tez buziladigan va boshqa yuklarni qoʻriqlash va kuzatib borish butun yoʻl davomida joʻnatuvchi yoki oluvchining kuzatuvchilari tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunday yuklarni qoʻriqlash va kuzatib borish tartibi yuk joʻnatuvchilar (yukni oluvchilar) tomonidan davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Zarurat boʻlganda davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi yuk joʻnatuvchilardan (yukni oluvchilardan) avariya holatlari va boshqa favqulodda holatlarning yuzaga kelishi xavfini, shuningdek ularning yuklarini tashish chogʻidagi ehtimol tutilgan zararlarni kamaytiradigan qoʻshimcha choralar koʻrishni talab qilishga haqlidir.
23-modda. Favqulodda holatlarda temir yoʻl transportining ishlashi
Temir yoʻl transporti korxonalari temir yoʻl transporti ishining buzilishiga sabab boʻlgan halokatlar, avariyalar, tabiiy ofatlarning oqibatlarini (shamol hosil qilgan tuproq-qum bosishlari, toshqinlar, yongʻinlar va boshqa favqulodda holatlarni) bartaraf etish uchun shoshilinch chora-tadbirlar koʻradi. Bunday chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ular roʻyxati davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan belgilanadigan moddiy va texnika vositalari zaxirasiga ega boʻlishlari zarur.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof tabiiy muhitga, harakat xavfsizligi va yuklarning saqlanishiga tahdid soluvchi halokatlar, avariyalar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda holatlarning oqibatlarini tugatishda temir yoʻl transporti korxonalariga yordam koʻrsatadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar yengib boʻlmas kuch taʼsirida, harbiy harakatlar, qamal, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlar natijasida yuk, bagaj va yuk bagajini bundan buyon tashish uchun temir yoʻl transporti korxonalarini ushbu yuk, bagaj va yuk bagajini belgilangan manzilga yetkazish yoki tegishli oluvchiga topshirish imkoniyatidan mahrum etadigan toʻsiqlar vujudga kelgan boʻlsa, xuddi shuningdek ushbu sabablarga koʻra yuk, bagaj va yuk bagajini saqlashning eng oxirgi muddatlari oʻtib ketsa, mazkur korxonalar qonunchilikda belgilangan tartibda yuk, bagaj va yuk bagajini joʻnatuvchilar yoki oluvchilarning topshirigʻiga binoan, shuningdek mazkur topshiriq belgilangan muddatda olinmagan taqdirda esa yuk, bagaj va yuk bagajini topshirishga (realizatsiya qilishga) yoki buning imkoni boʻlmagan taqdirda joʻnatuvchining oʻziga qaytarib yuborishga haqlidir. Bundan topshirilgan (realizatsiya qilingan) yuk, bagaj va yuk bagaji uchun temir yoʻl transporti korxonasi tomonidan olingan summa ushbu korxonaga tegishli boʻlgan summalar chegirib qolingan holda, qiymat haqi toʻlangan taqdirda tashish hujjatlarida koʻrsatilgan oluvchining hisobiga, boshqa barcha hollarda esa joʻnatuvchining hisobiga oʻtkaziladi.
(23-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Hujjatlari boʻlmagan yuk, bagaj va yuk bagajini realizatsiya qilganlik uchun temir yoʻl transporti korxonasi tomonidan olingan summa davlat temir yoʻl transportini boshqarish organining foydasiga oʻtkaziladi va undan belgilangan manziliga yetib kelmagan yuk, bagaj va yuk bagaji uchun temir yoʻl transporti korxonasi tomonidan toʻlangan mablagʻlarni qoplash uchun foydalaniladi.
Oluvchi (joʻnatuvchi) ushbu summani talab qilib olmagan taqdirda, mablagʻlar daʼvo muddatlari oʻtganidan soʻng davlat budjet hisobiga oʻtkazilishi kerak.
24-modda. Temir yoʻl transportida safarbarlik tayyorgarligi va fuqarolar muhofazasi
Temir yoʻl transportida safarbarlik tayyorgarligi va fuqarolar muhofazasiga rahbarlik davlat temir yoʻl transportini boshqarish organi tomonidan amalga oshiriladi.
Temir yoʻl transportida safarbarlik tayyorgarligi va fuqarolar muhofazasi boʻyicha tadbirlarni moliyalash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
25-modda. Ixtiyoriy va majburiy sugʻurta
Temir yoʻl transportining ishi sayyor xususiyatga ega boʻlgan xodimlari, shuningdek oʻz lavozim vazifalarini hayot uchun xavfli sharoitlarda bajaruvchi xodimlar va harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining xodimlari oʻz xizmat vazifalarini bajarish davrida majburiy shaxsiy sugʻurta qilinishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti xodimlarining ayrim toifalarini majburiy shaxsiy sugʻurta qilish tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.
(25-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Temir yoʻl transportida yoʻlovchilarni ixtiyoriy shaxsiy sugʻurta qilish, shuningdek yuklar, bagaj va yuk bagajini ixtiyoriy sugʻurta qilish mumkin.
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish tashuvchi tomonidan amalga oshiriladi.
(5-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 9-iyundagi OʻRQ-388-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 23-son, 301-modda)
26-modda. Temir yoʻl transporti korxonalarining javobgarligi
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti korxonalari yoʻl haqini hamda yuk, bagaj va yuk bagajining tashish haqini toʻlagan va yoʻl hujjatlarini toʻgʻri rasmiylashtirgan yoʻlovchi va yuk joʻnatuvchiga, agar ushbu Qonunda yoki boshqa qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tashishni rad etishga haqli emas.
(26-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tashish jarayonini amalga oshiruvchi temir yoʻl transporti korxonalari yoʻlovchi yoki temir yoʻl transporti xizmatlaridan foydalanuvchi boshqa shaxsning, xuddi shuningdek temir yoʻl transporti faoliyati natijasida jabrlangan shaxsning hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(26-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Temir yoʻl transporti korxonalari yuklarni tashish chogʻida yuklarni tashish uchun olingan buyurtmanomalarni bajarmaganlik, vagonlarni shoxobcha yoʻllariga keltirib bermaganlik va ularni shoxobcha yoʻllardan olib ketishni kechiktirganlik, yuklarni joʻnatuvchilar va oluvchilarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan ijaraga olingan vagonlar va konteynerlarni oʻzboshimchalik bilan egallaganlik, bu vagonlar va konteynerlarga shikast yetkazganlik yoki ularni yoʻqotganlik uchun Temir yoʻl ustavida belgilangan miqdorlarda jarimalar toʻlash tarzida javobgar boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti korxonalari yuklarni tashishda yukni yetkazib berish muddatlarini buzganlik uchun mulkiy javobgarlik bilan bir qatorda tashilayotgan yukning saqlanishini taʼminlamaganlik uchun ham qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda mulkiy javobgar boʻladi.
Temir yoʻl transporti korxonalari yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda javobgar boʻladi.
(26-moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transporti korxonalari atrof tabiiy muhitga yetkazilgan zarar uchun hamda temir yoʻl transporti yerlarini lozim darajada saqlamaganlik va ulardan foydalanmaganlik uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
(26-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
27-modda. Yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilar, yoʻlovchilar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning temir yoʻl transporti korxonalari oldidagi javobgarligi
Oldingi tahrirga qarang.
Yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilar quyidagilar uchun qonunchilikda belgilangan miqdorlarda jarimalar toʻlash tarzida javobgar boʻladilar:
(27-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
tashishlar haqini oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun;
yuklarni taqdim etmaganlik uchun, yuk tashishga berilgan vagonlar, konteynerlardan foydalanmaganlik yoki buyurtmanomada koʻrsatilgan vagonlar, konteynerlarni rad etganlik uchun;
temir yoʻlga qarashli vagonlar va konteynerlardan ruxsatsiz foydalanganlik uchun;
vagonlar va konteynerlarni yukni ortish, tushirish yoki qayta yuklash paytida belgilangan texnologiya normalaridan ortiqcha kechiktirganlik (bekor ushlab turganlik) uchun, shuningdek ularni yukni ortish, tushirish, qayta yuklash uchun yetkazib berish paytida kuttirib qoʻyish orqali yoki joʻnatuvchiga bogʻliq boʻlgan boshqa sabablarga koʻra kechiktirganlik (bekor ushlab turganlik) uchun;
Oldingi tahrirga qarang.
mahsulotlarni eksportga yetkazib berish boʻyicha bojxona organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari yoki boshqa davlat organlari tomonidan belgilangan talablarni vagonlar va konteynerlarning kechiktirilganligiga sabab boʻlgan tarzda buzganlik uchun;
(27-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-974-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2024-y., 03/24/974/0804-son)
vagonlar, konteynerlarga koʻtaradigan yukidan ortiqcha yuk ortganlik uchun;
vagonlar va konteynerlarni yuklari tushirilganidan soʻng tozalamaganlik uchun;
temir yoʻl tomonidan berilgan vagonlar yoki konteynerlarga, chiqarib olinadigan tashish moslamalari va oʻrash-joylash vositalariga shikast yetkazganlik yoki ularni yoʻqotganlik uchun;
tashish taqiqlangan yukni taqdim etganlik yoki tashish chogʻida oʻta ehtiyotkorlik choralari koʻrishni talab etuvchi yukni uning nomi yoki xossalarini notoʻgʻri koʻrsatib taqdim etganlik uchun.
Oldingi tahrirga qarang.
Yoʻlovchilar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar temir yoʻl transporti vositalaridan foydalanish, harakat xavfsizligi, yongʻin xavfsizligi qoidalarini, temir yoʻl transportidagi sanitariya-gigiyena va sanitariya-epidemiyaga qarshi qoidalarni buzganlik, qurilmalar, transport vositalari va ularning ichki jihozlariga shikast yetkazganlik uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
(27-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Temir yoʻl transportiga uning kommunikatsiyalarini qasddan toʻsib (uzib) qoʻyish yoki temir yoʻl transportining moneliksiz va xavfsiz ishlashiga xalal beruvchi qonunga xilof boshqa xatti-harakatlar natijasida yetkazilgan zarar temir yoʻl transporti korxonalariga aybdor yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda toʻlanadi.
(27-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
28-modda. Talablar va daʼvolarni koʻrib chiqish
Oldingi tahrirga qarang.
Yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish boʻyicha majburiyatlar buzilgan taqdirda, yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilar tegishli temir yoʻl transporti korxonalariga qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda talab va daʼvolar taqdim etishga haqlidir.
(28-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Temir yoʻl transportida tashishlar boʻyicha talablar va daʼvolarni koʻrib chiqishning oʻziga xos xususiyatlari Temir yoʻl ustavida belgilab qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 15-aprel,
766-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 118-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 113-modda; 2011-y., 36-son, 364-modda; 2015-y., 23-son, 301-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 10.10.2024-y., 03/24/974/0804-son)