O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
INVESTITSIYA LOYIHALARINI AMALGA OSHIRISH UCHUN KREDITLAR BERAYOTGAN TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN FOYDA SOLIG‘I BO‘YICHA IMTIYOZLARNI QO‘LLASH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Banklarning kapitallashuvini yanada oshirish va iqtisodiyotni modernizatsiyalashdagi investitsiya jarayonlarida ularning ishtirokini faollashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 12-iyuldagi PQ-670-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kreditlar berayotgan tijorat banklari tomonidan foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 15-avgust,
174-son
Oldingi tahrirga qarang.
Investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kreditlar berayotgan tijorat banklari tomonidan foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash tartibi to‘g‘risida
(ilova nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Banklarning kapitallashuvini yanada oshirish va iqtisodiyotni modernizatsiyalashdagi investitsiya jarayonlarida ularning ishtirokini faollashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 12-iyuldagi PQ-670-son qarorining 3-bandida belgilangan va tijorat banklariga 2012-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda foyda solig‘i bo‘yicha soliqqa tortiladigan bazani tasdiqlangan maqsadli dasturlarga muvofiq iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uch yildan ortiq muddatga berilgan kreditlardan olingan daromadlar summasiga teng miqdorda kamaytirish huquqini berishni nazarda tutadigan soliq imtiyozini qo‘llash tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom ular bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bank tizimini yanada isloh qilish va erkinlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2005-yil 15-apreldagi PQ-56-son qarori bilan alohida soliq imtiyozi berilgan tijorat banklarining respublikamiz korxonalariga uch yildan ortiq muddatga investitsiya kreditlari berishdan olingan va banklarning o‘z kapitalini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan foydasiga tatbiq etilmaydi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
2. Mazkur Nizom maqsadi uchun quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
modernizatsiyalash — asosiy vositalar obyektining texnologik yoki xizmat vazifasini o‘zgartirishga, ularning unumdorligini oshirishga yoki boshqa sifat tavsiflarini yaxshilashga yo‘naltirilgan ishlar;
texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash — ilg‘or texnika va texnologiyani joriy etish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish, ma’naviy eskirgan va fizik jihatdan yaroqsiz bo‘lib qolgan asbob-uskunalarni unumliroq yangi asbob-uskunalarga almashtirish asosida asosiy vositalar yoki ularning alohida qismlarining texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini oshirishga doir kompleks chora-tadbirlar. Texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash yangi ishlab chiqarishlar tashkil etish va ishlab turgan ishlab chiqarishlarni kengaytirishni ham o‘z ichiga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Tijorat banklarining kreditlar berishdan olgan foydasi deganda quyidagilar tushuniladi:
(3-bandning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
jalb etilgan mablag‘lar hisobiga berilgan kreditlar bo‘yicha — bankning kreditlardan olgan foizli daromadi bilan ushbu jalb etilgan mablag‘lar bo‘yicha foizli xarajatlar o‘rtasidagi ijobiy tafovut (marja);
yalpi kreditlar bo‘yicha — yalpi kreditlash har bir qatnashchisining ushbu kreditlardan olgan foizli daromadi;
o‘z mablag‘lari hisobiga berilgan kreditlar bo‘yicha — ushbu kreditlardan olingan foizli daromad.
4. Maqsadli dasturlar va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari investitsiya loyihalari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Yuridik shaxslarning foyda solig‘i hisob-kitoblarini tuzishda soliq solinadigan baza kamaytiriladigan daromad summasi yuridik shaxslarning foyda solig‘i bo‘yicha soliq hisobotining “Normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq soliq solinadigan foydani kamaytirish” satrining tegishli kichik satrida aks ettiriladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2009-y., 10-11-son, 115-modda)
6. Kredit berish fakti, kredit shartnomasidan tashqari, loyihaning biznes-rejasi yoki texnik-iqtisodiy asoslanishi bilan ham tasdiqlanadi.
7. Tijorat banklari qarz oluvchi tomonidan kreditdan maqsadli foydalanilishini nazorat qiladilar.
Qarz oluvchi ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlar uchun berilgan kreditlardan boshqa maqsadlarda foydalangan taqdirda kredit bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash boshqa maqsadlarda foydalanish sanasidan boshlab to‘xtatiladi.
Kreditdan maqsadli foydalanilganligi sotib olingan asbob-uskunalar qarz oluvchiga kelib tushgandan yoki modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash ishlari tugallangandan keyin tijorat banki bilan qarz oluvchi o‘rtasida tuziladigan tegishli hujjat bilan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Tijorat banklari mazkur Nizomning to‘g‘ri qo‘llanishi uchun qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Mazkur Nizomning to‘g‘ri qo‘llanishini nazorat qilish davlat soliq xizmati organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 33-34-son, 343-modda; 2009-y., 10-11-son, 115-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)