Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ETIL SPIRTINING SIFATI USTIDAN NAZORATNI TAʼMINLAShGA DOIR QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 348-sonli “Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 7-noyabrdagi PQ-505-son qarori bajarilishini taʼminlash, shuningdek ishlab chiqarilayotgan etil spirtining sifati ustidan nazoratning samarali tizimini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzspirtsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻzstandart” agentligi ikki hafta muddatda “Qoʻqon spirt”, “Andijon biokimyo zavodi” va “Yangiyoʻl biokimyo” ochiq aksiyadorlik jamiyatlarining spirt sifatini aniqlash boʻyicha ishlab chiqarish laboratoriyalari, shu jumladan tegishli binolari, asbob-uskunalari, jihozlari, oʻlchov vositalari, maʼlumotnoma materiallari va spirtning toʻlaqonli sinab koʻrilishi uchun zarur boʻlgan boshqa materiallari “Oʻzstandart” agentligining tegishli hududiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari balansiga bepul, belgilangan tartibda qabul qilinishi-topshirilishini amalga oshirsinlar.
“Qoʻqon spirt”, “Andijon biokimyo zavodi” va “Yangiyoʻl biokimyo” ochiq aksiyadorlik jamiyatlari koʻrsatib oʻtilgan laboratoriyalarning normal ishlashi, shu jumladan “Oʻzstandart” agentligi huzuridagi Alkogolli mahsulotlar sifati boʻyicha davlat inspeksiyasi xodimlarining korxonalar hududida toʻsiqsiz boʻlishlari uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlasinlar.
2. “Oʻzstandart” agentligi boshqaruv xodimlarining shtatdagi soni olti nafarga koʻpaytirilsin, ular Andijon, Fargʻona va Toshkent viloyatlari standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari boʻyicha ikki nafardan taqsimlansin, “Oʻzspirtsanoat” aksiyadorlik kompaniyasining “Qoʻqon spirt”, “Andijon biokimyo zavodi” va “Yangiyoʻl biokimyo” ochiq aksiyadorlik jamiyatlarining boshqaruv xodimlari soni tegishli ravishda qisqartirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi koʻrsatib oʻtilgan qoʻshimcha shtat birliklari mehnatiga haq toʻlash uchun budjetdan zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
3. Quyidagilar:
“Oʻzstandart” agentligi laboratoriyalarining ishlab chiqaruvchi korxonalarda etil spirtining sifatini aniqlash boʻyicha xarajatlari ishlab chiqarilgan etil spirtining sifatini aniqlash boʻyicha ular tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarga haq toʻlash hisobidan qoplanishi;
“Oʻzstandart” agentligi laboratoriyalarining ishlab chiqarilgan etil spirti turkumlarining sifatini aniqlash boʻyicha xizmatlariga cheklangan tariflar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanishi belgilab qoʻyilsin.
4. Belgilansinki, 2007-yil 1-sentabrdan boshlab spirt ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan etil spirti-rektifikat faqat “Oʻzstandart” agentligining spirt sifatini aniqlash laboratoriyalarida Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan standartlarga muvofiqligi boʻyicha tekshirishdan oʻtgandan keyin tayyor mahsulotlar omboriga topshiriladi.
5. Quyidagilar:
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi Alkogolli mahsulotlar sifati boʻyicha davlat inspeksiyasi tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi 122-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2011-y., 18-son, 178-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda idoraviy normativ hujjatlarning mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va Q.S. Sanaqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 31-iyul,
159-son
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi Alkogolli mahsulotlar sifati boʻyicha davlat inspeksiyasi
tuzilmasi
jami — 22 shtat birlik.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 348-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 23-son, 473-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi 122-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2011-y., 18-son, 178-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi 122-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2011-y., 18-son, 178-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Alkogolli mahsulotlar sifati boʻyicha davlat inspeksiyasi faoliyati masalalari toʻgʻrisida” 2000-yil 17-yanvardagi 13-son qarorida:
a) 1-banddagi “1 va 2-ilovalarga muvofiq” soʻzlari “1-ilovaga muvofiq” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-ilovada:
6-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Alkogolli mahsulotlar sifati boʻyicha davlat inspeksiyasi boshligʻi lavozimiga koʻra ayni bir paytda Standartlar va oʻlchovlarning yagonaligi taʼminlanishini nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat bosh inspektorining alkogolli mahsulotlar va spirt sifatini nazorat qilish masalalari boʻyicha oʻrinbosari hisoblanadi”;
9-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan etil spirtining har bir turkumidan namunalarni ularning sifati normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida sinab koʻradilar hamda sinab koʻrish natijalari boʻyicha etil spirti turkumining muvofiqligi yoxud ishlab chiqarish sikliga uni qoʻshimcha ishlov berish uchun qaytarish zarurligi toʻgʻrisida xulosa beradilar”;
v) 2-ilova chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston davlat standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tuzilmasini takomillashtirish va uning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 5-avgustdagi 373-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 8-son, 77-modda) 2-bandining beshinchi xatboshi va qarorga 4 va 4a-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 31-32-son, 319-modda; 2011-y., 18-son, 178-modda, 2017-y., 23-son, 473-modda)