O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QISHLOQ XO‘JALIGIDA LIZING XIZMATLARINI YANADA KENGAYTIRISH HAMDA QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI VA XORAZM VILOYATI QISHLOQ XO‘JALIGI TOVAR ISHLAB CHIQARUVCHILARINI DAVLAT TOMONIDAN QO‘LLAB-QUVVATLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Qishloq xo‘jaligini lizing asosida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan keng jihozlash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati fermer xo‘jaliklarini, shu jumladan o‘z faoliyatini meliorativ jihatdan noqulay bo‘lgan yerlarda amalga oshirayotgan fermer xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Respublika qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari tomonidan, shu jumladan yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi (traktorlar va o‘rim-yig‘im texnikasi)ni mashina-traktor parklariga va fermer xo‘jaliklariga lizing asosida yetkazib berish bo‘yicha o‘tkazilayotgan eksperiment muddati 2015-yil 1-yanvargacha uzaytirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qo‘yilsinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati mashina-traktor parklari va fermer xo‘jaliklari respublika qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari tomonidan, shu jumladan yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasini “O‘zagrolizing” AJ, “O‘zmashlizing” MCHJdan va tijorat banklaridan 10 yilgacha muddatga lizingga olishga haqlidirlar.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-iyundagi 442-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 26-son, 593-modda)
(1 va 2-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-martdagi 41-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 10-11-son, 62-modda)
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 18-iyun,
123-son
Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 1-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1. Belgilansinki, 2001—2014-yillar mobaynida, eksperiment tariqasida, “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasi korxonalari tomonidan, shu jumladan yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi (traktorlar va o‘rim-yig‘im texnikasi) mashina-traktor parklariga, qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkatlar)ga va fermer xo‘jaliklariga ularni quyidagi shartlarda lizingga berish yo‘li bilan yetkazib beriladi”.
2. 5-bandning to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“lizing muddati 7 yildan iborat bo‘lishini nazarda tutsin, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati mashina-traktor parklari va fermer xo‘jaliklariga lizingga berish hollari bundan mustasno, ular uchun lizing muddati 10 yilgacha belgilanadi”.
3. “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikasini lizingga olish tartibi (1-ilova) 9-bandining to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” kompaniyasiga texnika qiymatining qolgan 85 foizini va lizing bo‘yicha foizlarni 7 yil mobaynida to‘laydilar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati mashina-traktor parklari va fermer xo‘jaliklariga lizingga berish hollari bundan mustasno, ular uchun ko‘rsatib o‘tilgan muddat 10 yilgacha belgilanadi”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 25-26-son, 262-modda; 2008-y., 10-11-son, 62-modda; 2017-y., 26-son, 593-modda)