Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
Qarori
IJRO HARAKATLARI AMALGA OSHIRILAYOTGAN JOYLARDA JAMOAT TARTIBINI SAQLASHNI TAʼMINLASH BOʻYICHA YOʻRIQNOMANI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 15-yanvarda 1653-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi ]
Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi PQ-458-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi qaror qiladi:
1. Ijro harakatlari amalga oshirilayotgan joylarda jamoat tartibini saqlashni taʼminlash boʻyicha yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Adliya vaziri F. OTAXONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-yanvar,
2-son
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-yanvar,
1-son
Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligining
2007-yil 12-yanvardagi 2, 1-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2007-yil 12-yanvardagi 2, 1-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Ijro harakatlari amalga oshirilayotgan joylarda jamoat tartibini saqlashni taʼminlash boʻyicha
YOʻRIQNOMA
1. Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi PQ-458-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, sud ijrochilari tuman (shahar) boʻlimlari bilan ichki ishlar organlarining sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish (keyingi oʻrinlarda matnda — ijro harakatlari) jarayonida jamoat tartibini taʼminlash boʻyicha oʻzaro hamkorligi tartibini belgilaydi.
2. Ijro harakatlari amalga oshirilayotganda jamoat tartibi saqlanishini taʼminlash talab etilsa, sud ijrochisi bu haqda sud ijrochilari tuman (shahar) boʻlimi katta sud ijrochisiga (keyingi oʻrinlarda matnda — katta sud ijrochisi) maʼlum qiladi.
Katta sud ijrochisi shu kunning oʻzida tegishli tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimi boshligʻi nomiga yozma talabnoma bilan murojaat qiladi. Bunda yozma talabnoma qoida tariqasida ijro harakatlarini amalga oshirishdan bir kun oldin yuborilishi lozim.
3. Katta sud ijrochisining yozma talabnomasida ijro harakatlarini amalga oshirish uchun asos, ijro harakatlari amalga oshiriladigan joy va sana, ijro harakatlarini amalga oshirish muddatlari va boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.
4. Tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimi boshligʻi katta sud ijrochisi tomonidan yuborilgan yozma talabnomani olgach, ijro harakatlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan ichki ishlar organlari xodimlarini belgilaydi. Bunda ijro harakatlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan ichki ishlar organi xodimlarining soni ikki kishidan kam boʻlmasligi lozim.
5. Ijro harakatlari jarayonida ikki kishidan koʻp boʻlgan miqdorda ichki ishlar organlari xodimlari talab etilsa, ijro harakatlarida ishtirok etadigan ichki ishlar organlari xodimlarining miqdori katta sud ijrochisi tomonidan tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimi boshligʻi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
6. Ijro harakatlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan ichki ishlar organlari xodimlari tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimi boshligʻiga yuborilgan yozma talabnomada koʻrsatilgan joyga oʻz vaqtida yetib kelishlari lozim.
7. Ijro harakatlari amalga oshiriladigan joyga yetib kelgan ichki ishlar organlari xodimlari jamoat tartibi saqlanishini taʼminlash hamda yuzaga keladigan toʻsiqlarni bartaraf etish choralarini koʻradilar.
8. Ichki ishlar organlari xodimi ijro ishi yurituvi taraflarining, ular vakillarining yoki ijro ishi yuritishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning qarindoshi boʻlsa yoxud ijro ishi yuritish natijasidan manfaatdor boʻlsa yoki uning begʻarazligiga shubha tugʻdiradigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa, sud ijrochisi tomonidan ijro ishi yuritishda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi va u rad qilinadi.
9. Ichki ishlar organlari xodimi ushbu Yoʻriqnomaning 8-bandida belgilangan holatlar boʻyicha rad qilingan taqdirda, sud ijrochisi bu haqda ijro harakatlari boʻyicha tuziladigan dalolatnomaga tegishli qayd kiritib, mazkur xodimni ijro harakatini amalga oshirishda ishtirok etishdan chetlashtiradi va ijro harakatini amalga oshirishda ishtirok etishdan chetlatilmagan ichki ishlar organi xodimlari bilan ijro harakatlarini davom ettiradi.
Ichki ishlar organlari barcha xodimlarining ijro harakatlarini amalga oshirishdagi ishtiroki rad qilingan taqdirda, sud ijrochisi tomonidan tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimi boshligʻi nomiga ushbu xodimlarni boshqa xodimlar bilan almashtirish toʻgʻrisida yozma talabnoma yuboriladi. Yozma talabnomada ichki ishlar organlari xodimlarining ijro harakatlarini amalga oshirishdagi ishtirokini rad qilish sabablari asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Talabnoma taqdim etilgan kunning ertasidan kechiktirmasdan bajarilishi lozim.
10. Ichki ishlar organlari xodimlari ijro harakatlari amalga oshirilishida quyidagilarni bajaradi:
ijro harakatlari amalga oshirilayotgan joyga ijro ishi yurituviga aloqador boʻlmagan shaxslarni kiritmaydi;
zaruriyat tugʻilganida, ijro ishi yurituvida ishtirok etayotgan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bilan tanishib chiqadi;
ijro ishi yuritilayotgan joyda ishga aloqador hujjatlar, ashyolar, asbob-uskunalar, transport vositalari, qarzdorlardan undirilgan pul mablagʻlari va qimmatbaho buyumlar, shuningdek boshqa mol-mulklarning butligini taʼminlaydi;
sud ijrosining ijro harakatlarini amalga oshirish yuzasidan bergan talablarini bajaradi.
11. Sud ijrochisi tomonidan ijro harakatlari amalga oshirilishi vaqtida qarzdor yoki boshqa shaxslar oʻzlarining harakatlari bilan ijro hujjatlarini ijro etishga toʻsqinlik qilganlarida ichki ishlar organlari xodimlari zudlik bilan toʻsqinliklarni bartaraf etish choralarini koʻradi.
Qarzdor va boshqa shaxslar sud ijrochisi yoki ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishdan boʻyin tovlasalar, bu haqda dalolatnoma tuziladi, tegishli materiallar qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi uchun ijro harakatlari amalga oshirilgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha sudga topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Ijro harakatlarini amalga oshirish jarayonida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy kuch, maxsus vositalar va oʻqotar qurol faqat “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan hollarda va tartibda qoʻllaniladi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligining 2016-yil 28-dekabrdagi 5, 42-sonli qarori (roʻyxat raqami 1653-1, 05.01.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 1-son, 22-modda)
13. Sud ijrochisi undiruvchining arizasiga binoan ijro harakatlari amalga oshirilishini keyinga qoldirishga haqli. Ijro harakatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, sud ijrochisi ijro harakatlarini qarzdorning arizasiga binoan yoki oʻz tashabbusi bilan koʻpi bilan oʻn kun muddatga keyinga qoldirishi mumkin.
14. Sud ijrochisi ijro harakatlari keyinga qoldirilgan taqdirda qaror chiqaradi va bu haqda ijro ishi yuritish taraflari, ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organga maʼlum qiladi.
15. Ijro harakatlari keyinga qoldirilganda sud ijrochisi tomonidan bu haqda dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Mazkur dalolatnoma sud ijrochisi, ishtirok etuvchi taraflar va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan imzolanadi. Dalolatnomaning bir nusxasi ijro ishi yurituviga tikiladi, ikkinchi nusxasi esa ichki ishlar organlari xodimlariga taqdim etiladi va bu haqda sud ijrochilarining tuman (shahar) katta ijrochisiga maʼlum qilinadi.
16. Keyinga qoldirilgan ijro harakatlari ushbu Yoʻriqnomada koʻrsatilgan tartibda amalga oshiriladi.
17. Ichki ishlar organlari xodimlari ijro harakatlarida ular tamom boʻlgunga qadar ishtirok etadilar. Sud ijrochisi ijro harakatlari tamom boʻlgani toʻgʻrisida ichki ishlar organlarining lavozimi boʻyicha yuqori turuvchi xodimini xabardor qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Ijro (harakatlari amalga oshirilganda yoki ularni amalga oshirishning imkoniyati boʻlmaganda) ishi yurituvi tamomlanganidan soʻng, bu haqda dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomada ichki ishlar organlari xodimlarining ishtiroki toʻgʻrisida qayd etilib, shuningdek ichki ishlar organi xodimlari tomonidan imzolanadi. Dalolatnomaning bir nusxasi ichki ishlar organi xodimlariga beriladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligining 2016-yil 28-dekabrdagi 5, 42-sonli qarori (roʻyxat raqami 1653-1, 05.01.2017-y.) tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 1-son, 22-modda)
19. Ijro harakatlarida ishtirok etgan ichki ishlar organlari xodimlari bu haqda tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimi boshligʻini xabardor qiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 3-son, 29-modda; 2017-y., 1-son, 22-modda)