O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“O‘ZAVTOYO‘L” DAVLAT-AKSIYADORLIK KOMPANIYASI TAShKILIY TUZILMASINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyundagi PF-5097-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yo‘l-qurilish ishlari hajmi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish chora-tadbirlari hamda 2006-yilda avtomobil yo‘llari qurilishi dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” 2006-yil 3-martdagi PQ-299-sonli qaroriga muvofiq, shuningdek umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarini yaxshi holatda saqlash, ta’mirlash, qurish va rekonstruksiya qilish sohasida ekspluatatsiya va pudrat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida:
1. “O‘zavtoyo‘l” DAK, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi, O‘zbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasining:
“O‘zavtoyo‘l” DAK huzurida yo‘l xo‘jaligining amaldagi ixtisoslashtirilgan pudrat ta’mirlash-ekspluatatsiya korxonalari negizida xalqaro va davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llarini yaxshi holatda saqlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-ekspluatatsiya korxonalarini tashkil etish;
“O‘zavtoyo‘l” DAKning hududiy yo‘l-qurilish sho‘ba korxonalarini hududiy yo‘l-ekspluatatsiya tashkilotlari sifatida qayta tashkil etish;
“O‘zavtoyo‘l” DAK hududiy yo‘l-ekspluatatsiya tashkilotlari huzuridagi amaldagi tuman ixtisoslashtirilgan yo‘l-ko‘prik pudrat ta’mirlash-ekspluatatsiya korxonalari negizida umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llari ko‘prik xo‘jaligini yaxshi holatda saqlash bo‘yicha ta’mirlash-ekspluatatsiya korxonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
“O‘zavtoyo‘l” DAKning tashkiliy tuzilmasi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 29 kishidan iborat va uning ijro etuvchi apparati tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq;
hududiy yo‘l-ekspluatatsiya tashkiloti va yo‘l xo‘jaligi tuman pudrat ta’mirlash-ekspluatatsiya korxonasining namunaviy tuzilmalari 3 va 4-ilovalarga* muvofiq;
xalqaro va davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llarini yaxshi holatda saqlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-ekspluatatsiya korxonalari, shuningdek ko‘prik xo‘jaligini yaxshi holatda saqlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-ekspluatatsiya korxonalari tarkibi va namunaviy tuzilmalari 5, 5a, 6, 6a-ilovalarga* muvofiq ma’qullansin.
* 1—6a-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
“O‘zavtoyo‘l” DAK Boshqaruvi raisiga zarur hollarda kompaniyaning ijro etuvchi apparati tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan soni doirasida o‘zgartishlar kiritishga ruxsat berilsin.
3. Belgilansinki, “O‘zavtoyo‘l” DAK umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarini davlat tomonidan boshqaradigan maxsus vakolatli organ hisoblanadi.
4. “O‘zavtoyo‘l” DAK belgilangan tartibda:
bir oy muddatda kompaniya Nizomiga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritsin;
ikki oy muddatda kompaniya ijro etuvchi apparati xodimlarini, shuningdek uning hududiy bo‘linmalari rahbar xodimlarini, yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirishni nazarda tutgan holda attestatsiyadan o‘tkazsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida” 2003-yil 21-avgustdagi 361-sonli qarorining 1-bandi hamda qarorning 1—4-ilovalari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 14-noyabr,
PQ-511-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 46-47-son, 455-modda)