Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA OʻZGARTIRISHLAR KIRITISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida lotereyalar, totalizatorlar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar tashkil etish faoliyatini amalga oshirishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga 2007-yil 1-yanvardan boshlab oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 18-oktabr,
217-son
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2007-yil 1-yanvardan boshlab kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 2-son, 9-modda) bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ilova II boʻlimining nomi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Banklar, sugʻurta tashkilotlari, videosalonlar, videokoʻrsatuv, video va audioga yozish punktlari, kimoshdi savdolari, kazino, nodavlat organlari tomonidan oʻtkaziladigan lotereya oʻyinlari, ommaviy konsert-tomosha tadbirlari, shuningdek 1995-yil 1-yanvargacha amalda boʻlgan soliq solish tartibini saqlab qolgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi ishlab chiqarish korxonalari uchun soliq olinadigan bazadan chiqarilmaydigan xarajatlarning qoʻshimcha moddalari”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2024-y., 09/24/814/1019-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 4-dekabrdagi 250-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2006-y., 48-50-son, 486-modda)
4. Vazirlar Mahkamasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq axborotni berish tartibi toʻgʻrisida” 2006-yil 30-iyundagi 126-son qaroriga 2-ilova (Pul mablagʻlari va boshqa mulk bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisida maʼlumotlar)ga 1-ilovadagi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 6-son, 47-modda) “Tavakkalchilikka asoslangan oʻyin avtomatlari zallari tashkil etish faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar” pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 42-son, 418-modda; 48–50-son, 486-modda; 12.12.2024-y., 09/24/814/1019-son)