|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.03.2010
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MONOPOLIYADAN ChIQARISh, RAQOBAT VA TADBIRKORLIKNI QOʻLLAB-QUVVATLASh DAVLAT QOʻMITASI FAOLIYATINI TAShKIL QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 2-martdagi PQ-1293-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 30-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-3602-sonli Farmoniga muvofiq hamda iqtisodiyotni Monopoliyadan chiqarish, raqobat muhitini rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarni yanada avj oldirish maqsadida:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi, shuningdek uning markaziy apparati tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga* muvofiq;
monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hududiy organlarining namunaviy tuzilmasi hamda cheklangan soni 3 va 3a-ilovalarga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga* muvofiq.
Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi markaziy apparati xodimlarining umumiy cheklangan soni 107 shtat birligi, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni — 78 shtat birligidan iborat etib belgilansin.
Qoʻmita raisiga zarur hollarda markaziy apparat tuzilmasiga belgilangan xodimlar soni va ularni taʼminlashga ajratiladigan mablagʻlar miqdori doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasiga 9 kishidan iborat hayʼat tuzishga ruxsat berilsin. Hayʼatning shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi va tegishli ravishda uning hududiy organlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasi tomonidan tuzilgan shartnomalarning;
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasi balansida boʻlgan mol-mulkning, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi tasarrufida boʻlgan ofis uskunalari va kompyuter texnikasining huquqiy vorislari hisoblanadi.
5. Quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlar vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat organlari, muassasa va tashkilotlar, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar, shuningdek mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining raqobatni bevosita yoki bilvosita cheklashi va monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari prinsiplarini buzishi mumkin boʻlgan, shuningdek tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga aloqador boʻlgan qonun hujjatlari hamda qarorlari loyihalari tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasida va uning hududiy organlarida oldindan ekspertizadan oʻtkazilishi majburiydir.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi:
berilgan huquq va vakolatlarni amalga oshirish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat toʻgʻrisida”gi, “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi, “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunlarning talablariga qatʼiy amal qilsin, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati erkinligi kamsitilishi va cheklanishiga yoʻl qoʻymasin;
bir oy muddatda monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tegishli hududiy organlarini tashkiliy jihatdan oʻzgartirishni amalga oshirsin, ular toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi hududiy organlarini joylashtirish masalalarini hal etsin;
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi markaziy apparati hamda hududiy organlarini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlasin.
7. Vazirlar Mahkamasi Adliya vazirligi, Oliy xoʻjalik sudi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga faqat sud orqali jarima solishi va ularning monopolistik faoliyat yuritishi, isteʼmolchilar huquqlarini va reklama toʻgʻrisidagi qonunni buzgan holda asossiz qoʻlga kiritilgan mablagʻlari (daromadlari, foydalari)ni olib qoʻyish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilishi mumkinligini nazarda tutuvchi qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.
Oliy xoʻjalik sudi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining barcha iltimosnoma va daʼvolari birinchi navbatda koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi huzurida Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qoʻmitasi huzuridagi Korxonalar sanatsiyasi jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Ijtimoiy rivojlanish va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi negizida, shuningdek Xususiylashtirish davlat dasturini amalga oshirish, investitsiya hamda bozor tuzilmalarini tashkil etish va rivojlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tasarrufida qoldiriladigan mablagʻlarning bir qismini ajratish hisobiga Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va korxonalarni tarkibiy jihatdan oʻzgartirish jamgʻarmasi tuzilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda belgilangan tartibda Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va korxonalarni tarkibiy jihatdan oʻzgartirish jamgʻarmasini shakllantirish hamda uning mablagʻlaridan foydalanish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining markaziy apparati quyidagi manzilda joylashtirilsin: Toshkent shahri, Navoiy koʻchasi, 18.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
vazirliklar va idoralar oʻzlarining normativ hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirib olishlarini taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 2-may,
PQ-66-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 17-18-son, 130-modda; 2006-y., 4-5-son, 24-modda)