Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlari qoʻriqlash xizmati faoliyatini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-iyuldagi 555-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻriqlash xizmatining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-son Farmoni talablariga muvofiq, shuningdek ichki ishlar organlarining yuridik va jismoniy shaxslar mol-mulkini qoʻriqlash sohasidagi faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boʻlinmalarining mol-mulkni va obyektlarni qoʻriqlash samaradorligini oshirish sohasidagi muhim yoʻnalishlari hisoblansin:
birinchi — davlat obyektlarining, oʻta muhim, toifalangan va boshqa obyektlarning, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar mulkining qoʻriqlanishini tashkil etish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish;
ikkinchi — qoʻriqlash turlarini kengaytirish, qoʻriqlash xizmati faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali koʻrsatilayotgan qoʻriqlash va boshqa xizmatlarning hammabopligini taʼminlash;
uchinchi — qoʻriqlanayotgan obyektlar, shuningdek idoraviy qoʻriqlash obyektlariga ruxsat berish rejimini, obyekt ichki rejimini taʼminlash va muvofiqlashtirishing taʼsirchan tizimini joriy etish;
toʻrtinchi — qoʻriqlanayotgan obyektlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi mexanizmini takomillashtirish, jamoat birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qilish orqali jinoyatlarni bartaraf etish;
beshinchi — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ularning tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar, shuningdek budjet tashkilotlari obyektlari qoʻriqlanishini taʼminlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan kompleks choralarni amalga oshirish, idoraviy qoʻriqlashni muvofiqlashtirish va nazorat tekshiruvidan oʻtkazish;
oltinchi — qoʻriqlanayotgan obyektlarning xavfsizligini taʼminlash sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya va qoʻriqlash texnologiyalarini joriy etish, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarga qoʻriqlash xizmatlari koʻrsatish, ushbu yoʻnalishda yagona texnik siyosatni amalga oshirish.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari qoʻriqlash xizmati haqidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoʻriqlash bosh boshqarmasi haqidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari qoʻriqlash xizmatining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari qoʻriqlash boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari qoʻriqlash boshqarmalari alohida batalon (otryad)larning namunaviy tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari tuman (shahar) ichki ishlar boshqarma (boʻlim)lari qoʻriqlash boʻlim (boʻlinma)larining namunaviy tuzilmasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziriga quyidagi huquqlar berilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoʻriqlash bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari tuzilmasiga ularning umumiy shtat birliklari doirasida belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda mol-mulk va obyektlarni qoʻriqlash sohasida xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnomalarga asosan tushayotgan mablagʻlar hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi IIV Qoʻriqlash bosh boshqarmasiga shtat birliklarini kiritish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Moliya vazirligi bilan birgalikda 2017-yil 1-sentabrga qadar qoʻriqlash xizmati koʻrsatish boʻyicha tariflarni, ularni kamaytirishni eʼtiborga olgan holda, qoʻriqlash xizmatidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida, qayta koʻrib chiqsin;
qoʻriqlash xizmati koʻrsatish boʻyicha shartnomalar tuzgan jismoniy va yuridik shaxslar bilan birgalikda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali qoʻriqlash tizimlarini tashkil etish choralarini koʻrsin;
manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni uch oy muddatda ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 8-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
6. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Respublika “Qoʻriqlash” birlashmasini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining muassasadan tashqari qoʻriqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil qilish toʻgʻrisida” 1993-yil 1-martdagi 110-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ–352-sonli Qonuni)” 2014-yil 3-martdagi 45-son qaroriga 1-ilovaning 1-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 3-son, 16-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A. Azizov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 23-iyun,
421-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 421-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari qoʻriqlash xizmati haqida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari qoʻriqlash boʻlinmalarining (keyingi oʻrinlarda qoʻriqlash xizmati deb ataladi) tashkiliy tuzilishi, vazifalari, majburiyatlari va huquqlarini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
qoʻriqlash xizmati — respublika ichki ishlar organlarining davlat obyektlarini, oʻta muhim, toifalangan va boshqa obyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini shartnoma asosida qoʻriqlashni tashkil etuvchi tarkibiy boʻlinmalari tizimi;
idoraviy qoʻriqlash — respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarda obyektlar va mol-mulkni huquqqa zid tajovuzlardan qoʻriqlash, himoya qilish boʻyicha maxsus vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan, yuridik shaxs boʻlmagan tarkibiy boʻlinma;
qoʻriqlanadigan obyektlar — huquqqa zid tajovuzlardan qoʻriqlanishi va himoya qilinishi kerak boʻlgan binolar, imoratlar, inshootlar, ularga tutash hududlar va akvatoriyalar;
naryad — obyekt yoki uning bir qismini qoʻriqlashni taʼminlayotgan, moddiy-tovar boyliklarni kuzatib borayotgan, qoʻriqlanayotgan obyektlardan tushgan tashvishli xabarga tezkor taʼsir koʻrsatish borasidagi tadbirlarni amalga oshirayotgan qoʻriqlash xizmati xodimi (xodimlari);
obyekt ichki rejimi — qoʻriqlanadigan obyektda belgilangan ichki tartib va yongʻin xavfsizligi qoidalari hamda tadbirlarini amalga oshirish tartibi;
ruxsat berish rejimi — qoʻriqlanadigan obyektda shaxslarning kirishi (chiqishi), transport vositalarining chiqishi (kirishi), qoʻriqlanadigan obyektlarga mol-mulkni olib kirish va ulardan olib chiqishni nazorat qilish, nazoratsiz kirib-chiqishning oldini olish va unga barham berishning belgilangan tartibi;
nazorat tekshiruvi — qoʻriqlash xizmatining davlat, xoʻjalik subyektlariga obyektlar xavfsizligi va qoʻriqlash tizimini tashkil etish yoʻnalishida amaliy yordam koʻrsatish, shuningdek ehtimoli mavjud huquqbuzarliklarning oldini olish, idoraviy qoʻriqlash boʻlinmalarida ushbu sohada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va takomillashtirish borasidagi faoliyati.
3. Respublika ichki ishlar organlari qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari shartnomalar asosida oʻta muhim, toifalangan va davlat organlarining boshqa obyektlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini qoʻriqlash, moddiy va pul boyliklarini qoʻriqlash-kuzatib borish uchun moʻljallangan.
4. Qoʻriqlash xizmati quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qoʻriqlash Bosh boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda Bosh boshqarma deb ataladi);
Mustaqillik maydoni va u erda joylashgan binolarni qoʻriqlash boʻyicha Komendatura (keyingi oʻrinlarda Komendatura deb ataladi);
Toshkent shahrida joylashgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari obyektlarini qoʻriqlash boʻyicha alohida batalon;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari qoʻriqlash boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda qoʻriqlash boshqarmalari deb ataladi);
texnik qoʻriqlash vositalarini monitoring va nazorat qilish markazlari;
batalonlar, alohida otryadlar, komanda, guruhlar (keyingi oʻrinlarda saf boʻlinmalari deb ataladi);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining tuman (shahar)lar ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) qoʻriqlash boʻlimlari (boʻlinmalari).
5. Qoʻriqlash xizmati faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyruqlari va farmoyishlari hamda ushbu Nizom asosida tashkil etadi.
6. Qoʻriqlash xizmati naryadlarining ichki tartibi, saf tayyorgarligi va qorovul tartibida xizmatni oʻtashi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari umumharbiy ustavlariga muvofiq va Ichki ishlar vazirining buyruqlariga asosan tashkil etiladi.
2-bob. Qoʻriqlash xizmatini tashkil etish
7. Qoʻriqlash xizmati oʻz faoliyatini jismoniy va yuridik shaxslar bilan tuzilgan qoʻriqlash xizmatini koʻrsatish boʻyicha tuzilgan shartnomalar asosida tashkil etadi, oʻz faoliyatini oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash tamoyili asosida amalga oshiradi.
8. Qoʻriqlash xizmati koʻrsatish faoliyatidan kelib tushgan mablagʻlar maqsadli ravishda — faqat qoʻriqlash xizmatini taʼminlash va rivojlantirish uchun sarflanadi.
9. Qoʻriqlash xizmati koʻrsatish saf, harbiylashtirilgan va qorovullik boʻlinmalari naryadlari faoliyatini tashkil etish, shuningdek texnik qoʻriqlash vositalari orqali amalga oshiriladi.
10. Qoʻriqlash xizmati saf boʻlinmalarida qoʻmondonlik tarkibi shtat birliklari soni qoʻriqlash xizmati koʻrsatish uchun tuzilgan shartnomalarga muvofiq kiritilgan shtat birliklari sonining yigirma foizidan oshmasligi kerak.
11. Qoʻriqlash boʻlinmalari boshqaruv apparatlari shtatlari soni qoʻriqlash xizmati koʻrsatish uchun tuzilgan shartnomalarga muvofiq kiritilgan shtat birliklari umumiy sonining toʻrt foizi miqdorida belgilanadi.
12. Qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning tariflari (narxi) Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
3-bob. Qoʻriqlash xizmatining asosiy vazifalari, majburiyatlari va huquqlari
13. Qoʻriqlash xizmati shaxsiy tarkibiga qonun hujjatlarida ichki ishlar organlari xodimlariga belgilangan huquq va majburiyatlar joriy etiladi.
14. Quyidagilar Qoʻriqlash xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
shartnoma asosida davlat obyektlarini, oʻta muhim, toifalangan va boshqa obyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qoʻriqlash;
qoʻriqlash boʻlinmalarida nazorat tekshiruvlari oʻtkazish, idoraviy qoʻriqlanadigan obyektda ichki, ruxsat berish rejimiga rioya etilishiga doir ishlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
qoʻriqlanayotgan obyektlarda obyektning ichki va ruxsat berish rejimiga rioya etilishini taʼminlash;
jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlashda ishtirok etish;
shartnoma asosida qoʻriqlanayotgan obyektlarda oʻrnatilgan texnik qoʻriqlash vositalariga xizmat koʻrsatish, ularni oʻrnatish (sozlash) va ulardan foydalanish;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarining kadrlar, moliya-xoʻjalik faoliyatini taʼminlash.
15. Qoʻriqlash xizmati quyidagilarga majbur:
mol-mulkni qonunga zid tajovuzlardan himoyalash, qoʻriqlash xizmati rahbarlari bilan kelishgan holda obyekt maʼmuriyati tasdiqlagan kirib-chiqish yoʻriqnomasiga asosan obyektda ichki va ruxsat berish rejimiga rioya etilishini taʼminlash;
qoʻriqlanayotgan mol-mulkning oʻgʻirlanishi yoki buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan xoʻjasizlik va beparvolik namoyon boʻlishining har qanday koʻrinishiga oʻz vaqtida munosabat bildirish;
xizmat oʻtash joylarida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qoʻyish tadbirlarini amalga oshirish;
qoʻriqlanadigan obyektlarda tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda hodisa va holatlarning oldini olish, ularni bartaraf etishda ishtirok etish;
ishonib topshirilgan tabel qurollari, maxsus va texnik vositalar, shaxsiy himoya vositalari, xizmat kiyim-boshlari, mol-mulkni ehtiyot qilish va ularning soz holda saqlanishini taʼminlash;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarning jangovar tayyorgarligini taʼminlash, shuningdek xizmat-jangovar, ijtimoiy-huquqiy, maʼnaviy-ruhiy va jismoniy tayyorgarlik boʻyicha tegishli dasturlarda belgilangan mashgʻulotlarning shaxsiy tarkib bilan oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishini taʼminlash;
yangi zamonaviy xavfsizlik texnika vositalarini ishlab chiqish, qoʻriqlanayotgan obyektlarga joriy etish va oʻzlashtirish faoliyatini tashkil etish, obyektlarni ehtimoli mavjud boʻlgan huquqbuzarliklardan ishonchli himoya qilishni taʼminlash uchun ularning monitoringini olib borish;
kadrlarni tanlashni, joy-joyiga qoʻyish, qoʻnimsizligining oldini olishni va ularning kasbiy tayyorgarligi, xizmat intizomiga rioya etilishini tashkil etish, belgilangan tartibda xodimlarni qayta tayyorlash va malaka oshirishga yuborish;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarida belgilangan tartibda safarbarlik tayyorgarligini tashkil etish va taʼminlash;
xizmat sirini saqlash choralarini koʻrish.
16. Qoʻriqlash xizmati xodimlarining xizmat vazifalarini bajarish vaqtidagi huquqlari:
qoʻriqlanayotgan obyektlar mansabdor shaxslari, ishchi-xizmatchilari va obyekt hududidagi boshqa shaxslardan belgilangan tartibda ruxsat berish va obyekt ichki rejimiga rioya qilishni hamda jamoat tartibini saqlashni talab qilish;
qoʻriqlanayotgan obyektlardagi mol-mulkni saqlash shart-sharoitlari, muhandislik-texnik vositalari holatini tekshirish;
qoʻriqlanayotgan obyektdan mol-mulk, moddiy boyliklar va turli yuklarni noqonuniy olib chiqishga yoki olib kirishga urinayotgan shaxslarni ushlash;
qoʻriqlanayotgan obyektlarga noqonuniy kirganlar yoki qonunbuzarlik qilganlarning shaxsini aniqlash va maʼmuriy protokol tuzish maqsadida ushlash va qoʻriqlash xizmat xonalariga olib kelish, ushlab turish, zarur holatlarda esa ularni tegishli qaror qabul qilish uchun hududiy ichki ishlar organlariga topshirish;
qonun hujjatlari talablariga muvofiq qoʻriqlash posti hududida fuqarolarning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlarini tekshirish, agar ularda qurol, oʻq-dorilar, portlovchi, radioaktiv yoki zaharli moddalar, portlatish qurilmalari, pirotexnika buyumlari, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar, ularning prekursorlari yoxud muomalada boʻlishi taqiqlangan yoki cheklangan boshqa narsalar, qoʻriqlanayotgan obyekt hududiga olib kirilishi va undan olib chiqib ketilishi taqiqlangan ashyolar, buyumlar, vositalar bor deb hisoblashga asoslar mavjud boʻlsa, fuqarolarni shaxsiy koʻrikdan oʻtkazishni, ularning ashyolarini, qoʻl yukini, bagajini koʻrikdan oʻtkazishni amalga oshirish hamda mazkur narsalar, vositalarni va moddalarni olib yurish hamda saqlash uchun qonuniy asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda ularni olib qoʻyish, transport vositalarini koʻzdan kechirish va tashib oʻtilayotgan yuklarning tovar-transport hujjatlariga muvofiqligini aniqlash. Qoʻriqlanayotgan obyekt hududiga olib kirilishi va undan olib chiqib ketilishi taqiqlangan ashyolar, buyumlar, vositalar roʻyxati qoʻriqlanayotgan obyekt maʼmuriyati tomonidan tasdiqlanadi va kirib-chiqish yoʻriqnomasining ajralmas qismi hisoblanadi;
(16-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 34-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 09/19/34/2486-son)
fuqarolar va mansabdor shaxslardan xizmat vazifalari bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi huquqbuzarliklar va xatti-harakatlarni toʻxtatishni talab qilish. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda, huquqqa zid xatti-harakatlar, huquqbuzarliklarga barham berish yuzasidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli choralarni qoʻllash;
qoʻriqlanayotgan obyektlar nazorat-oʻtkazish joylari va hududlarida noqonuniy olib chiqilayotgan, olib kirilayotgan mol-mulkni aniqlash va olib qoʻyish uchun, shuningdek gʻayriqonuniy harakatlarni aniqlash uchun, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, tekshirilayotgan mol-mulk va atrof muhitga ziyon yetkazmaydigan zamonaviy texnik vositalardan foydalanish;
qoʻriqlanadigan obyektlarga gʻayriqonuniy ravishda kirgan yoki kirishga uringan shaxslarni aniqlash, bunday xatti-harakatlarning oldini olishda xizmat itlaridan foydalanish;
qonun hujjatlariga muvofiq qoʻriqlanayotgan obyektlarda huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar va belgilangan tartibga muvofiq jismoniy kuch ishlatish, xizmat hayvonlarini qoʻllash, oʻqotar qurol va maxsus vositalarni olib yurish va ulardan foydalanish.
17. Qoʻriqlash xizmati xodimlari va boʻlinmalarining faoliyati quyidagi asosiy normativlar va mezonlar bilan baholanadi:
naryadlarning obyektlarni qoʻriqlash boʻyicha faoliyati samaradorligi va jismoniy, yuridik shaxslarga koʻrsatilayotgan xizmat sifati (oʻgʻrilikka yoʻl qoʻymaslik, oʻgʻrilik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish), shartnomaviy majburiyatlarga rioya etilishi;
zamonaviy qoʻriqlash axborot-kommunikatsiya texnologik tizimi (vositalari)ni joriy etish va koʻrsatilayotgan texnik xizmatning sifati;
koʻrsatilayotgan xizmat turlarini kengaytirish, qoʻriqlanayotgan obyekt va fuqaro xonadonlari sonining oshishi;
idoraviy qoʻriqlash boʻlinmalarining nazorat tekshiruvini oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish, ularning faoliyatini samarali tarzda muvofiqlashtirish, aniqlangan kamchilik va xatolarni aniq bartaraf etish;
davlat boshqaruvi va hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan xavfsizlik, videokuzatuv vositalarini oʻrnatish va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarida hamkorlik qilishning holati;
boʻlinmalarning jangovar tayyorgarlik holati, oʻquv mashqlari va mashgʻulotlarining sifati;
shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligi sifati va axloqiy-ruhiy holati, boʻlinmalarda intizom va qonunchilikka rioya etilishi.
18. Ichki ishlar organlari qoʻriqlash xizmati mansabdor shaxslarga obyektlarning muhandislik-texnik mustahkamligidagi kamchiliklarni bartaraf etish va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, shartnomaviy majburiyatlarni bajarishga, moddiy boyliklar saqlanishini taʼminlash va qoʻriqlash xizmati xodimlari, ishchi-xizmatchilarining mehnat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan taqdimnomalar kiritish huquqiga ega. Belgilangan tartibda rasmiy ogohlantirish, shuningdek huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarga ogohlantirish xati kiritadi.
19. Qoʻriqlash postida xizmatni oʻtayotgan xodim (patrul) bevosita boshliqlariga va masʼul navbatchiga boʻysunadi. Faqat ushbu shaxslar uni naryaddan ozod qilish yoki almashtirish huquqiga ega.
20. Qoʻriqlash postida xizmatni oʻtayotgan xodim (patrul) qonunga zid boʻlgan buyruq yoki farmoyish olganda uni bajarishni rad etishi va belgilangan tartibda bu haqda yuqori turuvchi boshligʻi (komandiri)ga axborot berishi shart.
21. Qoʻriqlash xizmati shaxsiy tarkibidan faqat belgilangan maqsadlarda — shartnomalar asosida qoʻriqlash faoliyati bilan bogʻliq vazifalarni bajarish uchun foydalaniladi.
22. Qoʻriqlash xizmati naryadlarining vazifalari, ularning faoliyatini tashkil etish, xizmatni oʻtash, uni nazorat qilish tartib-qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan belgilanadi.
4-bob. Qoʻriqlash xizmati naryadlari faoliyatini tashkil etish
23. Qoʻriqlash boʻlinmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari bilan tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan obyektlar hamda ixtiyoriy ravishda murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki, obyektlari shartnomaga asosan qoʻriqlanadi.
24. Obyektni qoʻriqlashni tashkil etish masalasi obyektlar maʼmuriyati va qoʻriqlash xizmati vakillarining hamkorligida belgilanadi. Bunda obyektning joylashuvi, muhandislik-texnik qoʻriqlash vositalari bilan jihozlanganlik darajasi, hududdagi kriminogen vaziyat va boshqa holatlar eʼtiborga olinadi.
25. Qoʻriqlash xizmati xodimi maxsus tayyorgarlikdan, shuningdek jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va oʻqotar qurolni qoʻllash bilan bogʻliq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy yaroqliligini taʼminlash uchun maxsus tayyorgarlikdan va davriy tekshiruvlardan oʻtadi.
26. Qoʻriqlash xizmati naryadlarining xizmati 8 soatlik yoki 12 soatlik smenalar asosida tashkil etiladi.
Obyektning joylashuvi, uning va xizmatni oʻtashning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, naryadlarning xizmati sutkalik va vaxta usulida tashkil etilishi mumkin.
Naryadlar xizmati 24 soatli smenalar boʻyicha tashkil etilganda, naryad aʼzolarining har biriga navbatma-navbat ovqatlanish va qisqa muddatli dam olish uchun uch smenali rejimda sakkiz soat, toʻrt smenali rejimda olti soat vaqt ajratiladi. Ushbu vaqt ish vaqtiga kiritilmaydi.
27. Vaxtaning davomiyligi yetti sutkagacha belgilanadi va bunda xizmat qorovullik tartibida tashkil etiladi. Qorovullik xizmati tashkil etilganda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Garnizon va qorovullik xizmati toʻgʻrisidagi ustavda belgilangan tartibga amal qilinadi.
Vaxta usulida xizmat tashkil etilganda, xodimlarning dam olishi, ovqatlanishi, yuvinishi va ular bilan oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish, ularning tabel qurollarini saqlash boʻyicha tegishli shart-sharoitlar yaratilgan boʻlishi shart.
28. Oʻta muhim va toifalangan obyektlarda naryadlar xizmatini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi.
29. Banklarni qoʻriqlash boʻyicha naryadlar xizmatini tashkil etish shart-sharoitlari oʻziga xos tomonlarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatga asosan belgilanadi.
30. Texnik qoʻriqlash punktlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatning hammabopligini taʼminlash maqsadida obyektlar alohida guruhlarga (ijtimoiy ahamiyati, saqlanayotgan moddiy-tovar boyliklar miqdori va soni va shu kabilarga asosan) tasniflanadi. Qoʻriqlash boʻlinmalariga amaldagi tariflarini foiz hisobida kamaytirgan holda xizmat koʻrsatishga ruxsat etiladi. Obyektlarni guruhlarga klassifikatsiyalash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri buyrugʻi asosida belgilanadi.
5-bob. Idoraviy qoʻriqlash boʻlinmalarida nazorat tekshiruvlarini oʻtkazish va muvofiqlashtirish
31. Nazorat tekshiruvlari qoʻriqlash xizmati tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini himoya qilish va daxlsizligini taʼminlashda yagona siyosat yuritilishini taʼminlash hamda idoraviy qoʻriqlash boʻlinmalari tomonidan qoʻriqlanayotgan obyektlarda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida oʻtkaziladi.
32. Vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar obyektlarining (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, ularga boʻysunuvchi yuridik shaxslar va ular tomonidan qoʻriqlanadigan obyektlar bundan mustasno) nazorat tekshiruvi reja asosida, har ikki yilda bir marotaba oʻtkaziladi.
(32-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-sentabrdagi 748-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son)
Jismoniy va yuridik shaxslarning tashabbusi bilan, shartnoma asosida, ularga tegishli obyektlarda ham nazorat tekshiruvlari oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
33. Nazorat tekshiruvida ichki ishlar organlarining yongʻin xavfsizligi xizmati va hududiy profilaktika inspektorlari ishtirok etadi hamda ichki ishlar organlarining manfaatdor xizmatlari vakillari va boshqa mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
34. Nazorat tekshiruvi obyekt qoʻriqlash boʻlinmasi rahbarlari va obyekt maʼmuriyati vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
35. Nazorat tekshiruvi jarayonida quyidagilar oʻrganiladi va muvofiqlashtiriladi:
idoraviy qoʻriqlashning tashkil etilganligi holati, qoʻriqlash shtat birliklarining jamlanganligi, qoʻriqlash xodimlarining xizmat va jangovar tayyorgarligi, ular bilan oʻquv mashgʻulotlarining oʻtkazilishi; postlar soni, xususiyati, ularning yopilishi; xizmatni oʻtash tartibi, post hujjatlarining yuritilishi (post joylashuvi, xizmat vazifalari, ish jadvallari, yoʻriqnoma, xizmatga tarqatish kitobi va shu kabilar); xodimlarning huquq va burchlari, xizmat oʻtalishining tekshirilishi;
obyektning qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi va videokuzatuv tizimlari holati, ularning belgilangan meʼyorlarga mosligi, obyektning muhandislik-texnik vositalar bilan jihozlanganligi, turniketlar mavjudligi, eshiklar, derazalar, devorlar, toʻsiqlar, yoritish tizimining holati va hokazolar;
idoraviy qoʻriqlash xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xizmat, tekshiruv xonalarining jihozlanishi, telefon va boshqa aloqaning mavjudligi, xodimlarning xizmat kiyim-bosh bilan taʼminlanganligi;
mavjud maxsus vositalar, qurol-aslahalarga ruxsatnomalarning mavjudligi, ularning holati, hisob-kitobi, saqlanishi;
obyektda ichki rejim va ruxsat berish rejimi oʻrnatilganligi, uning tartibini belgilovchi hujjatlarning mavjudligi, ruxsatnoma tizimining mavjudligi va unga amal qilinishi;
obyekt xodimlari va xizmatchilari va obyekt atrofida yashovchi fuqarolar bilan huquqbuzarliklarning oldini olish borasida oʻtkazilayotgan profilaktik tadbirlar va yongʻin xavfsizligini taʼminlashga doir olib borilayotgan ishlar;
qorovul itlardan foydalanish tartibi, ularning xizmat sifatlari, ularning saqlanishi va parvarish qilinishi.
Idoraviy qoʻriqlash boʻlinmalari faoliyatini nazorat tartibida tekshirish va muvofiqlashtirish jarayonida obyektning qoʻriqlanishini tashkil etish, xavfsizligini taʼminlashga doir boshqa masalalar ham oʻrganiladi.
36. Nazorat tekshiruvi natijalari boʻyicha dalolatnoma tuziladi va ishtirok etgan vakillar tomonidan imzolanadi. Dalolatnomada obyektning qoʻriqlash-xavfsizlik tizimida aniqlangan kamchiliklar koʻrsatilib, ularni bartaraf etish va takomillashtirish boʻyicha takliflar bildiriladi, buning uchun aniq muddatlar belgilanadi.
37. Obyekt maʼmuriyati aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, tegishli obyektlarning ichki va ruxsat berish rejimi, qoʻriqlash tizimini takomillashtirish boʻyicha reja (dastur) ishlab chiqadi. Kamchiliklarni bartaraf etish va qoʻriqlash tizimini takomillashtirish boʻyicha belgilangan muddatlarda maʼlumot beradi.
Qoʻriqlash xizmati kamchiliklarni bartaraf etish, tegishli obyektlarning ichki va ruxsat berish rejimi, qoʻriqlash tizimini takomillashtirish boʻyicha reja (dastur) ijrosini muvofiqlashtiradi va belgilangan muddatdan soʻng nazorat tariqasida tekshiruv tashkil etadi.
38. Oʻtkazilgan nazorat tekshiruvlari natijalari Bosh boshqarma tomonidan umumlashtirilib, tekshirilgan obyektlarning tegishli respublika boshqaruv organlariga zarur tavsiyalar bilan birgalikda taqdim etiladi.
39. Nazorat tekshiruvini rejalashtirish, oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan belgilanadi.
6-bob. Qoʻriqlash xizmatining moddiy-texnik taʼminoti, xodimlarning ijtimoiy himoyasi
40. Qoʻriqlash xizmatiga moddiy-texnika vositalari, xizmat xonalari qoʻriqlanayotgan obyektlarning korxonalari va muassasalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ajratiladi.
41. Qoʻriqlash xizmati oʻz mablagʻlari hisobiga xizmat binolarini belgilangan tartibda loyihalashtirishi va qurishi hamda xizmat binolarini qurishda ulush hisobida ishtirok etishi mumkin.
42. Qoʻriqlash xizmati xodimlariga xizmatni oʻtash davri davomida uy-joy quyidagilar hisobidan beriladi:
mahalliy davlat hokimiyati organlari hisobidan;
obyektlari va mol-mulki qoʻriqlanayotgan tashkilotlar tomonidan ularning xodimlari va xizmatchilari bilan umumiy asoslarda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari hisobidan;
qoʻriqlash xizmatining oʻz mablagʻlariga qurilgan uy-joy fondi hisobidan.
Yotoqxonaga ega boʻlgan tashkilotlar shartnoma asosida ulardan qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari xodimlariga turar joy beradilar.
43. Qoʻriqlash xizmati xodimlariga va ularning oila aʼzolariga ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasalari, maktabgacha taʼlim muassasalari, shuningdek qoʻriqlanayotgan obyektlarning poliklinikalari, kasalxonalari, sanatoriylari, dam olish uylari, maktabgacha taʼlim muassasalari tomonidan xizmat koʻrsatiladi.
44. Mehnat sharoitlari sogʻliq uchun zararli boʻlgan obyektlarda xizmat qiluvchi qoʻriqlash xizmati xodimlari shu obyektlarning ishchi va xizmatchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va qulayliklardan foydalanadilar.
45. Komendaturaning moliya-xoʻjalik taʼminoti tegishli qonun hujjatlari asosida tartibga solinadi.
7-bob. Qoʻriqlash xizmati xodimlarining javobgarligi
46. Qoʻriqlash xizmati xodimi gʻayriqonuniy harakati yoki harakatsizligi, shuningdek xizmat vazifasini toʻlaqonli bajarmagani uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
47. Qoʻriqlash xizmati xodimi xizmat intizomini buzganligi uchun Ichki ishlar organlarining Intizom ustaviga muvofiq javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 421-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoʻriqlash bosh boshqarmasi haqida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qoʻriqlash bosh boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda Bosh boshqarma deb ataladi) oʻz vakolati doirasida davlat obyektlarini, oʻta muhim, toifalangan va boshqa obyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qoʻriqlashga doir ichki ishlar organlari funksiyalarini amalga oshiradigan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining (keyingi oʻrinlarda Oʻzbekiston Respublikasi IIV deb ataladi) mustaqil tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
2. Bosh boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va Oʻzbekiston Respublikasi IIVning buyruqlari va farmoyishlariga amal qiladi.
3. Bosh boshqarma Mustaqillik maydonini va u erda joylashgan binolarni qoʻriqlash boʻyicha Komendatura, Toshkent shahrida joylashgan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari obyektlarini qoʻriqlash boʻyicha alohida batalon, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari qoʻriqlash boshqarmalari, texnik qoʻriqlash vositalari monitoring va nazorat markazlari, saf boʻlinmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, shaharlar va tumanlar ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari)ning qoʻriqlash boʻlimlari (boʻlinmalari) (keyingi oʻrinlarda qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari deb ataladi)ga rahbarlik qiladi va ularning faoliyatini nazorat qiladi.
4. Bosh boshqarma tarkibida qoʻriqlash, moliya-xoʻjalik, xizmat faoliyatini tashkil etish va rahbarlik qilish boʻyicha boshqarmalar, boʻlimlar va boʻlinmalar tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri zarur holatlarda Bosh boshqarmaning tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish huquqiga ega.
5. Bosh boshqarma yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻzining nomi davlat tilida yozilgan muhrga, Oʻzbekiston Respublikasining bank hisob raqamlariga, shu jumladan valyuta hisob raqamlariga ega boʻladi.
6. Bosh boshqarmada ish yuritish va maxfiylik tartibi boʻyicha tadbirlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7. Bosh boshqarma va qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari oʻz faoliyatini shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatilgan qoʻriqlash xizmati evaziga tushadigan mablagʻlardan samarali foydalanish, oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash, xarajatlarini qoplash va mustaqil xoʻjalik yuritish tamoyili asosida amalga oshiradi.
Bosh boshqarma va qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarining shtatlari va xarajatlar smetalari moliya organlarida qayd etilmaydi.
8. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan vazifalarni IIVning boshqa tarkibiy boʻlinmalari, Oʻzbekiston Respublikasining vazirliklari, idoralari va boshqa tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikda hal etadi.
2-bob. Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
ichki ishlar organlari qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari faoliyatini tashkil etishi va metodik rahbarlik qilish;
davlat obyektlarini, oʻta muhim, toifalangan va boshqa obyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini shartnoma asosida qoʻriqlashni muvofiqlashtirish;
qoʻriqlash boʻlinmalarida nazorat tekshiruvlarini oʻtkazish, idoraviy qoʻriqlash boʻlinmalari obyektlarida ichki va ruxsat berish rejimiga rioya etilishiga doir ishlarni nazorat qilish;
qoʻriqlanayotgan obyektlarda ichki va ruxsat berish rejimini taʼminlash;
jamoat xavfsizligi va jamoat tartibini saqlashga doir tadbirlarda ishtirok etish;
qoʻriqlanayotgan obyektlardagi texnik qoʻriqlash vositalaridan foydalanish, ularni oʻrnatish va texnik xizmat koʻrsatishni shartnoma asosida amalga oshirish;
moliya-xoʻjalik faoliyatini tashkil etish;
tashkiliy-shtatlar va kadrlar ishlarini muvofiqlashtirish.
10. Yuklangan vazifalariga muvofiq Bosh boshqarma quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) ichki ishlar organlari qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish va ularga metodik rahbarlik qilish sohasida:
kriminologik prognozlarni, statistik maʼlumotlarni, axborot materiallari va boshqa materiallarni toʻplash, umumlashtirish, tahlil qilishni amalga oshiradi, qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari xizmat faoliyati masalalari boʻyicha maʼlumotlar bankini yaratadi;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari faoliyatini monitoring, nazorat qilishni, metodik boshqarishni, joriy va istiqbolli rejalashtirishni amalga oshiradi, shartnoma asosida mol-mulk va obyektlarni qoʻriqlash doirasida ularga yuklangan vazifalarni hal etishda amaliy yordam koʻrsatadi;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari shaxsiy tarkibi bilan real holatga yaqinlashtirilgan sharoitlarda harakatlanish jarayonida har tomonlama taʼminot, boshqaruv, shuningdek amaliy harakatlar yuzasidan qoʻmondonlik-shtab, maxsus-taktik va operativ-taktik mashqlar, mashgʻulotlarni tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari faoliyatini kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, shuningdek axborot xavfsizligini taʼminlashning samarali mexanizmini yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
mol-mulk va obyektlarning qoʻriqlanishini taʼminlashda jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik shakllari va usullarini takomillashtiradi, shuningdek Bosh boshqarmaning vakolati doirasidagi boshqa masalalar boʻyicha turli tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
b) davlat obyektlarini, oʻta muhim, toifalangan va boshqa obyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qoʻriqlashni muvofiqlashtirish sohasida:
jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlari va mol-mulkining qoʻriqlash uchun qabul qilinishiga, mol-mulkni qoʻriqlash, moddiy boyliklarni qoʻriqlash-kuzatish bilan bogʻliq pulli xizmatlar koʻrsatishni tashkil etishga rahbarlik qiladi;
yuridik va jismoniy shaxslarning obyektlarini qoʻriqlashni taʼminlayotgan qoʻriqlash xizmati saf boʻlinmalari, harbiylashtirilgan qoʻriqlash va qorovullik boʻlinmalari naryadlari faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish ishlarini amalga oshiradi;
yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli mol-mulk, moddiy boyliklar, pul va boshqa boyliklarni samarali qoʻriqlash va ularni qoʻriqlash-kuzatish boʻyicha qoʻriqlash xizmati faoliyatining shakl va usullarini shakllantiradi va amaliyotga tatbiq etadi;
kriminogen, terrorchilik, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda holatlarda harakatlanish boʻyicha qoʻmondonlik-shtab va maxsus-taktik oʻquv-mashgʻulotlari, mashqlarni rejalashtiradi, tayyorgarlik koʻradi va oʻtkazadi;
ichki ishlar organlari boshqa xizmatlari bilan hamkorlikda oʻz vakolatlari doirasida qoʻriqlanayotgan obyektlar, ularning hududlarida qonunga zid tajovuzlar va huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qoʻyish samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshirishni tashkil etadi;
v) qoʻriqlash boʻlinmalarini nazorat tekshiruvidan oʻtkazish, idoraviy qoʻriqlash boʻlinmalari obyektlarida ichki va ruxsat berish rejimiga rioya etilishiga doir ishlarni nazorat qilish hamda muvofiqlashtirish sohasida:
qoʻriqlash boʻlinmalarida nazorat tekshiruvlari oʻtkazadi, idoraviy qoʻriqlash tashkil etilishini, xodimlarning xizmatni oʻtashini, ularning kasbiy tayyorgarligini, obyektlarning texnik mustahkamligi va jihozlanishini oʻrganadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, ularga boʻysunuvchi yuridik shaxslar va ular tomonidan qoʻriqlanadigan obyektlardan tashqari, boshqa idoraviy qoʻriqlash boʻlinmalari tomonidan qoʻriqlanadigan obyektlarning ichki va ruxsat berish rejimiga rioya etilishiga doir ishlarni nazorat qiladi va muvofiqlashtiradi;
(10-bandning “v” kichik bandi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-sentabrdagi 748-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son)
idoraviy qoʻriqlash tizimini takomillashtirish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritadi;
g) qoʻriqlanayotgan obyektlarda ichki va ruxsat berish rejimini taʼminlash sohasida:
qoʻriqlanayotgan obyektlardagi ichki va ruxsat berish rejimga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari ishlarini nazorat qiladi va muvofiqlashtiradi;
ichki ishlar organlarining boshqa xizmatlari bilan hamkorlikda oʻz vakolatlari doirasida qoʻriqlanayotgan obyektlar, ularning hududlarida qonunga zid tajovuzlar va huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qoʻyish samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
xolisona nazorat qilishning zamonaviy texnologiyalari va vositalarini qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari faoliyatiga joriy etadi;
d) jamoat tartibini saqlashda va jamoat xavfsizligini taʼminlashda ishtirok etish sohasida:
jamoat tartibini saqlashni va qoʻriqlanadigan obyektlarda va yondosh hududlarda xavfsizlikni tashkil qiladi;
qoʻriqlanadigan obyektlar hududlarida huquqbuzarliklarni aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻradi;
ichki ishlar organlari, shu jumladan yoʻl-patrul xizmati, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyat-qidiruv, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻlinmalari, shuningdek jamoat tartibini saqlash va qoʻriqlanayotgan obyektlarda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtiradi;
ommaviy tadbirlarni, shu jumladan bayramlar, xalq sayllarini oʻtkazish davomida jamoat tartibini saqlash boʻyicha yagona dislokatsiyaga muvofiq ishtirok etishni taʼminlaydi;
e) shartnoma asosida qoʻriqlanayotgan obyektlardagi texnik qoʻriqlash vositalaridan foydalanish, ularni oʻrnatish va texnik xizmat koʻrsatish sohasida:
qoʻriqlanayotgan obyektlarda texnik qoʻriqlash vositalarini qoʻllash boʻyicha yagona texnik siyosat yuritilishini taʼminlaydi;
mol-mulk va obyektlarni qoʻriqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish hamda texnik qoʻriqlash vositalari yordamida jismoniy shaxslarning xavfsizligini taʼminlash ishlarini muvofiqlashtiradi;
texnik qoʻriqlash vositalaridan foydalanish, ularga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari muhandis-texnik tarkibi xodimlari ishlarini tashkil etadi;
yangi zamonaviy xavfsizlik texnika vositalarini ishlab chiqish, oʻzlashtirish va qoʻriqlanayotgan obyektlarga joriy etish faoliyatini muvofiqlashtiradi, obyektlarni boʻlishi mumkin boʻlgan huquqqa zid harakatlardan ishonchli himoya qilishni taʼminlash uchun ularning monitoringini amalga oshiradi;
qoʻriqlash texnik vositalarini sinovi va tekshiruvini tashkil etadi, Oʻzbekiston Respublikasida qoʻriqlash asbob-uskunalaridan foydalanish borasida tavsiyalar beradi, Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari foydalanishiga ruxsat berilgan qoʻriqlash texnik vositalari roʻyxatini ishlab chiqadi;
montaj ishlari hajmiga nisbatan shtatlari soni belgilanadigan, oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash, qoplash tamoyillari asosida montaj brigadalari (guruhlari) tuzadi;
qoʻriqlash faoliyati masalalari boʻyicha maslahat-texnik kengashlar, amaliy uchrashuvlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar oʻtkazadi;
avtomatlashtirilgan xabarlar uzatish tizimi texnik asbob-uskunalarni modernizatsiyalash va ularni yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar oʻtkazadi;
j) moliya-xoʻjalik faoliyatini tashkil etish sohasida:
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarining buxgalteriya hisoboti, moliya-xoʻjalik faoliyati tahlilini yuritadi, moliya-xoʻjalik faoliyati boʻyicha yigʻma va umumlashtirilgan statistika hisobotlarini va boshqa hisobotlarni tuzadi va belgilangan muddatlarda tegishli idoralarga taqdim etadi, qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarining daromadlar va xarajatlar smetasini rejalashtiradi, tasdiqlaydi;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalariga debitorlik qarzlarni undirish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatadi va ularning faoliyatini nazorat qiladi;
mehnatga haq toʻlash, mukofotlash shartlari, imtiyozlar, oylik pul maoshlari, qoʻshimcha maoshlar, tarif stavkalari, qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari xodimlariga haq toʻlashning boshqa shartlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga takliflar kiritadi;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarida hisob-kitob va hisobotlarning holatini, pul mablagʻlari va moddiy boyliklarning sarflanishi va saqlanishini, iqtisod tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi, foydalanilmayotgan tovar-moddiy boyliklarni belgilangan tartibda qayta taqsimlash choralarini koʻradi;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari ehtiyojini hisobga olgan holda shaxsiy tarkibga forma kiyim-kechagi va boshqa zarur moddiy-texnika resurslari boʻyicha buyurtmanomalarni ishlab chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli xizmatlariga taqdim etadi;
moddiy-texnika vositalari (qurol-yarogʻlar, transport vositalari, yoqilgʻi-moylash materiallari, maxsus vositalar, tashkiliy texnika, radiostansiyalar, aloqa vositalari va shaxsiy himoya vositalari) tegishlilik tabelini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, shuningdek ularning hisobini amalga oshiradi va oqilona foydalanilishini nazorat qiladi;
qoʻriqlash boshqarmalari tasarrufidagi bino, inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini tashkil etadi hamda nazorat qiladi;
z) tashkiliy-shtat va kadrlar ishlari sohasida:
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarining tuzilmalari va shtatlarini ishlab chiqadi, shtatlar sonini kiritish (qisqartirish) va qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarini qayta tashkil etish toʻgʻrisida buyruqlar loyihalarini tayyorlaydi, shtat intizomiga rioya etilishini nazorat qiladi;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarining kadrlarga boʻlgan ehtiyojini oʻrganadi va aniqlaydi, belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi IIV ixtisoslashgan taʼlim muassasalari bazalarida xodimlarni boshlangʻich tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi va shu maqsadda zaruratga koʻra xorijiy davlatlarga yuboradi;
xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari xodimlarining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, harbiylashgan qoʻriqlash va qorovullik, muhandis-texnik boʻlinmalari uchun kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish masalalarida demokratik asoslarni rivojlantirish, ularni maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga, ushbu Nizomga va lavozimlar nomenklaturasiga asosan belgilangan tartibda ichki ishlar organlariga kadrlarni tanlash, tanlov asosida qabul qilish, tayinlash, joy-joyiga qoʻyish, rotatsiya qilish, egallab turgan lavozimidan ozod etish va xizmatdan boʻshatish, attestatsiyadan oʻtkazish, taʼtillar berish va boshqa vakolatlarni amalga oshiradi;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari xodimlarining maʼnaviy-ruhiy holatini nazorat qiladi va doimiy monitoring olib boradi, ularni oʻqitish, tarbiyalash va shaxsiy tarkib oʻrtasida favqulodda hodisalar roʻy berishining oldini olish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
xizmat vazifalarini bajarish vaqtida vafot etgan xodimlarning oila aʼzolariga ijtimoiy hamda maʼnaviy yordam koʻrsatadi;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari xodimlarining huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy bilimlarini oshirish maqsadida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etadi hamda ular tomonidan ichki ishlar organlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini nazorat qiladi;
shaxsiy tarkibning ruhiy salomatligini muhofaza qilish, maʼnaviy-psixologik sogʻlomlashtirish, ruhiy barqarorligini shakllantirish borasidagi ishlarni tashkil etadi va amalga oshiradi.
Bosh boshqarma qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
3-bob. Bosh boshqarmaning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
11. Yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish uchun Bosh boshqarma quyidagi huquqlarga ega:
davlat tomonidan majburiy qoʻriqlanishi lozim boʻlgan obyektlar roʻyxati hamda idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlashni tashkil etish huquqiga ega boʻlgan respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar roʻyxatini shakllantirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
Oldingi tahrirga qarang.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-noyabrdagi 907-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.11.2017-y., 09/17/907/0245-son)
belgilangan tartibda qoʻriqlash-yongʻindan ogohlantirish signalizatsiyasi apparatlari, boshqa texnik vositalar va materiallarni sotish;
qoʻriqlash faoliyatini takomillashtirish va yanada rivojlantirish masalalarida boshqa davlatlarning tashkilotlari va huquqni muhofaza qilish organlari bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama amaliy hamkorlik va xalqaro amaliy hamkorlikni amalga oshirish;
qoʻriqlash faoliyati sohasida qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan maʼlumotnoma axborot va boshqa materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi IIV tizimidagi organlar va boʻlinmalardan belgilangan tartibda soʻrab olish;
Oʻzbekiston Respublikasi IIV va uning boʻlinmalarining maʼlumotlar bazalaridan belgilangan tartibda foydalanish;
komissiyalar, kengashlar va boshqa maslahat organlarini, shu jumladan manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning tegishli tuzilmalari vakillari ishtirokida tashkil etish;
byulleten, normativ-huquqiy hujjatlar toʻplamlarini, konferensiyalar materiallarini nashr etish orqali qoʻriqlash faoliyati masalalariga doir axborotni taqdim etish.
12. Bosh boshqarma quyidagi majburiyatlarni bajaradi:
oʻz vakolatlari doirasida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini himoya qilish choralarini koʻrish;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari ishi toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga taqdim etish.
Bosh boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
13. Bosh boshqarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
4-bob. Bosh boshqarma faoliyatini tashkil etish
14. Bosh boshqarmaga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi.
Bosh boshqarma boshligʻining Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan uch nafar oʻrinbosari boʻladi.
15. Bosh boshqarma boshligʻi:
1) Bosh boshqarma ishlarini tashkil etadi va unga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
2) Bosh boshqarma vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha respublika davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasi IIV nomidan vakillik qiladi;
3) oʻz vakolatlari doirasida belgilangan tartibda qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarining barcha xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar, farmoyishlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
4) Bosh boshqarma boʻlimlari (boʻlinmalari), Alohida batalonning nizomlari, funksional majburiyatlari va ish rejalarini, Komendaturaning funksional majburiyatlari va ish rejalarini tasdiqlaydi, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahri IIBB, viloyatlar IIB qoʻriqlash boshqarmalari nizomlari (ustavlari)ni kelishadi;
5) oʻz oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning yuklatilgan xizmat yoʻnalishlari boʻyicha bajariladigan ishlar uchun shaxsiy javobgarligini belgilaydi;
6) tinchlik va favqulodda holat davri, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzasidan maxsus rejalashtirish va harbiy safarbarlik masalalarini tashkil etadi va nazoratini amalga oshiradi;
7) tasdiqlangan smeta doirasida pul mablagʻlari sarflanishini boshqaradi, belgilangan tartibda banklarda va ularning filiallarida joriy va boshqa hisob raqamlari ochadi;
8) kamomaddan, rastratadan, oʻgʻirlikdan koʻrilgan va sud tomonidan undirib olish rad etilgan zararlarni, qaytarib olishning iloji yoʻq deb hisoblangan boshqa qarzlarni, aniq aybdorlarni aniqlash mumkin boʻlmagan holatlarda boyliklarning meʼyordan ortiqcha miqdorda tabiiy buzilishi tufayli koʻrilgan zarar va yoʻqotishlar tufayli yetishmagan boyliklarni, shuningdek asosiy fondlar hisobida boʻlgan maʼnaviy eskirgan va kelgusida foydalanishga yaroqsiz asbob-uskunalarni qonun hujjatlariga muvofiq hisobdan chiqarishni amalga oshiradi;
9) ishlab chiqilayotgan qoʻriqlash signalizatsiyasi asbob-uskunalari, texnik qoʻriqlash markaz (punkt)lari qurilishining namunaviy loyihalari texnik shartlarini kelishadi, texnik topshiriqlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
10) qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari faoliyatining barcha masalalari boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qoʻrib chiqadi, kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻradi, kiritilgan takliflarni amalga oshiradi, ushbu ishlar tashkil etilishini nazorat qiladi;
11) shaxsiy tarkibni tanlash, joy-joyiga quyish, oʻqitish va tarbiyalash boʻyicha ishlarni tashkil etish, Bosh boshqarmada va uning joylardagi boʻlinmalarida shtat-moliya intizomiga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
12) Oʻzbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga quyidagilar toʻgʻrisida takliflar va taqdimnomalar kiritadi:
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari tashkiliy tuzilmasi va shtatlarini oʻzgartirish;
Bosh boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari, boʻlim boshliqlarining oʻrinbosarlari, Komendatura boshligʻi, Alohida batalon komandirini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahri IIBB va viloyatlar IIBlari rahbariyati bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahri IIBB va viloyatlar IIBlari qoʻriqlash boshqarmalari boshliqlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;
Bosh boshqarma, Komendatura, Alohida batalonning ofitserlar tarkibiga maxsus unvonlar berish;
qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari xodimlarini davlat va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash;
13) Bosh boshqarma va uning saf boʻlinmalari xizmatiga nomzodlarni tanlov asosida saralab olish boʻyicha belgilangan tartibda komissiya tuzadi;
14) harbiylashtirilgan qoʻriqlash, qorovullik boʻlinmalari shtatlarini kiritish (qisqartirish) va qayta tashkil etish boʻyicha buyruqlar chiqaradi;
15) Bosh boshqarma, Alohida batalonning safdorlar, serjantlar va ofitserlar tarkibi, ishchi va xizmatchilarini xizmat (ish)ga qabul qilish, tayinlash, joy-joyiga qoʻyish, vaqtincha chetlatish, lavozimdan ozod etish va xizmat (ish)dan boʻshatishni amalga oshiradi, Bosh boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari, ularning oʻrinbosarlari, Alohida batalon komandiri bundan mustasno;
16) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xavfsizlik xizmati bilan kelishgan holda Komendaturaning safdorlar, serjantlar va ofitserlar tarkibini (Komendatura boshligʻidan tashqari), ishchi va xizmatchilarini xizmat (ish)ga qabul qilish, tayinlash, joy-joyiga qoʻyish, vaqtincha chetlatish, lavozimdan ozod etish va xizmat (ish)dan boʻshatishni amalga oshiradi;
17) Bosh boshqarma, Komendatura va Alohida batalonning safdorlar tarkibiga “safdor”, serjantlar tarkibiga “serjant”, “katta serjant”, ichki ishlar organlariga yangidan qabul qilinib, ofitserlik lavozimlariga tayinlanayotganlarga “katta serjant” maxsus unvonlarini beradi;
18) qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari xodimlarini belgilangan tartibda ragʻbatlantiradi va intizomiy jazo beradi;
19) lavozimlar nomenklaturasiga muvofiq qoʻriqlash xizmati boʻlinmalari xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazadi;
20) oʻz vakolati doirasida, qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarida yoʻl qoʻyilgan qonuniylik, xizmat va mehnat intizomi buzilishi holatlari boʻyicha xizmat tekshiruvi oʻtkazishni tayinlaydi;
21) Bosh boshqarma xodimlarini belgilangan tartibda xizmat safarlariga yuboradi;
22) Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahri IIBB, viloyatlar IIBlari qoʻriqlash boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomalariga koʻra quyidagilarni lavozimga tayinlaydi, lavozimdan ozod etadi, vaqtincha chetlatadi va xizmatdan boʻshatadi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Toshkent shahri IIBB, viloyatlar IIBlari qoʻriqlash boshqarmalari-boʻlimlari boshliqlarining oʻrinbosarlari, boʻlim boshliqlari, boʻlim boshliqlarining oʻrinbosarlari, boʻlinma boshliqlarini;
viloyatlar markazlari va Nukus shahri, Toshkent shahri tumanlari qoʻriqlash boʻlimlarining boshliqlarini, batalonlar komandirlari va ularning oʻrinbosarlarini;
23) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar ichki ishlar organlari tuman qoʻriqlash boʻlimlari boʻlinmalari boshliqlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etishni kelishadi;
24) qonun hujjatlariga muvofiq Bosh boshqarma vakolatiga tegishli boʻlgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
16. Bosh boshqarma boshligʻi boʻlmaganda, uning vakolatlarini Bosh boshqarma boshligʻi oʻrinbosari — qoʻriqlash faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi amalga oshiradi.
17. Bosh boshqarma boshligʻi huzurida xizmat hamda moliya-xoʻjalik faoliyatini rivojlantirish istiqbolining muhim masalalari, signalizatsiyaning arzon va ishonchli vositalarini rivojlantirish va joriy etish boʻyicha qarorlar ishlab chiqish uchun Kengash tuziladi, uning tarkibiga Bosh boshqarma xodimlari va qoʻriqlash xizmati boʻlinmalarining eng tajribali xodimlari kiradi. Kengash qarorlari tavsiya xususiyatiga ega boʻladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
18. Bosh boshqarma faoliyatini tashkil etishning ushbu Nizomda nazarda tutilmagan masalalari qonun hujjatlariga va Oʻzbekiston Respublikasi IIVning tegishli hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 421-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari qoʻriqlash xizmatining
TAShKILIY TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 421-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoʻriqlash bosh boshqarmasining
TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 421-son qaroriga
5-ILOVA
5-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari Qoʻriqlash boshqarmalarining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 421-son qaroriga
6-ILOVA
6-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahari Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar Ichki ishlar boshqarmasi Qoʻriqlash boshqarmalari alohida batalon (otryad)larining namunaviy
TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 421-son qaroriga
7-ILOVA
7-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahari Ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari tuman va shahar Ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) qoʻriqlash boʻlimlari (boʻlinmalari)ning
NAMUNAVIY TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-iyundagi 421-son qaroriga
8-ILOVA
8-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 322-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2018-y., 09/18/322/1172-son)
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-yanvardagi 16-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-yil, 1-son, 8-modda) 5-bandi birinchi va ikkinchi xatboshilarning ruscha matnidagi “Respublikanskogo obyedineniya “Oxrana” pri Ministerstve” va “Respublikanskim obyedineniyem “Oxrana” pri Ministerstve” soʻzlari “Glavnogo upravleniya oxrani Ministerstva” va “Glavnim upravleniyem oxrani Ministerstva” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 26-son, 589-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.11.2017-y., 09/17/907/0245-son, 08.05.2018-y., 09/18/322/1172-son, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son; 16.01.2019-y., 09/19/34/2486-son)