Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining yangilangan klassifikatorini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-oktabrdagi 795-sonli “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 24-apreldagi PF-4720-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda kasblar va lavozimlarni tasniflashning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, uni bozor iqtisodiyoti talablariga va xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirish, yangicha fikrlaydigan professional kadrlar tayyorlanishini taʼminlashda Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorining rolini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining yangilangan klassifikatori (keyingi oʻrinlarda Klassifikator deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2015-yil 1-iyuldan boshlab amalga kiritilsin.
2. Belgilansinki, Klassifikator:
xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlaridan foydalanish yuzasidan — xodimlarning mehnat daftarchalariga yozuvlarni qayd etishda, mehnat shartnomalari tuzishda, buyruqlarni rasmiylashtirishda, xizmatchilarning lavozimlarini xodimlar toifalariga kiritishda majburiy hisoblanadi;
ishga qabul qilishda xodimlar maʼlumotining eng past darajasi, ishchilar kasblari boʻyicha tarif razryadlarini belgilash yuzasidan — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb ataladi), xoʻjalik boshqaruvi organlarida, shuningdek ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan tashkilotlarda qoʻllanilishi majburiy hisoblanadi;
taʼlim yoʻnalishi yuzasidan — tavsiya xususiyatiga ega.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va ilmiy markazlarning asoslangan takliflaridan kelib chiqib, shuningdek mehnat bozorida yangi kasblar va lavozimlar paydo boʻlishini hisobga olib Klassifikatorga belgilangan tartibda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi 2016-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda Klassifikator bazasida Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining tarmoqlararo tarif-malaka maʼlumotnomasi ishlab chiqilishini, ushbu maʼlumotnomaning elektron versiyasi vazirlikning rasmiy saytida joylashtirilishini, shuningdek maʼlumotnoma tashkilotlarning buyurtmanomalari boʻyicha ular orasida pulli asosda tarqatilishini taʼminlasin.
5. Belgilansinki, Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-avgustdagi 181-son qarori bilan tasdiqlangan Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga muvofiq xodimlarning mehnat daftarchalari va tashkilotlarning mehnatga oid muayyan hujjatlaridagi 2015-yil 1-iyulgacha amalga oshirilgan yozuvlar oʻz kuchini saqlaydi.
6. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bir oy muddatda xizmatchilarning lavozimlari va ishchilar kasblari tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomalariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan birgalikda uch oy muddatda malaka guvohnomasining yagona shakli joriy etilishi va ular yagona axborot bazasida hisobga olinishini nazarda tutib ishchilarga malaka razryadlari berish uchun ular attestatsiyadan oʻtishining mezonlari va tartibi ishlab chiqilgan holda yirik korxonalar va kasb-hunar kollejlari bazasida ishchilarning asosiy kasblariga oid malaka razryadlari berish boʻyicha mintaqaviy va tarmoq xoʻjalik hisobidagi markazlar tarmoqlarini tashkil etish toʻgʻrisida taklif kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻz idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Vazirlar Mahkamasining “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2010-yil 20-avgustdagi 181-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 8-son, 46-modda) 2015-yil 1-iyuldan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 19-iyun,
164-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 19-iyundagi 164-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari
KLASSIFIKATORI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori (keyingi oʻrinlarda XALIKK — 2015 deb ataladi) xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarini tizimlashtirish, ishchilarning ish razryadlari diapazonini va xizmatchilarning lavozimlari toifalarini belgilash, shuningdek taʼlimning yoʻnalishi va darajasiga qoʻyiladigan talablarni aniqlash uchun moʻljallangan.
XALIKK— 2015 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-avgustdagi 181-son qarori bilan tasdiqlangan Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori oʻrniga ishlab chiqilgan.
2. Ushbu XALIKK–2015dan:
korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning (keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb ataladi) mehnat shartnomalari va shtat jadvallarini tuzishda, xodimlarning mehnat daftarchalariga yozuvlarni kiritishda, mehnat shartnomalari boʻyicha buyruqlarni rasmiylashtirishda, lavozimlar va kasblarni xodimlarning tegishli toifalariga kiritishda, pensiyaga doir imtiyozlar huquqini aniqlashda xizmatchilarning lavozimlari va ishchilarning kasblari nomlarini standartlashtirish va birxillashtirish;
taʼlimning darajasi va yoʻnalishini hamda xodimlarning malaka toifasini hisobga olgan holda kadrlarni samarali ravishda joy-joyiga qoʻyish;
ishlab chiqarish va boshqaruvning hozirgi darajasidan va rivojlanishi istiqbollaridan kelib chiqib, zamonaviy bozor iqtisodiyoti talablariga javob beruvchi, yangicha fikrlaydigan kadrlarni aniq maqsadni koʻzlab tayyorlash;
turli tashkiliy-huquqiy shakllardagi tashkilotlarda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha oʻquv dasturlarini tuzish;
mehnatni hisobga olish, tahlil qilish va uning statistikasini yuritish;
xodimlar bilan ishlashni tashkil etish sohasida axborotni qayta ishlash;
band aholini faoliyat (mashgʻulot) turlari boʻyicha taqsimlash;
xalqaro darajada ijtimoiy-mehnat sohasidagi statistika maʼlumotlarini taqqoslash uchun foydalaniladi.
Klassifikator tarmoq tarif-malaka maʼlumotnomalarini belgilangan tartibda ishlab chiqish uchun asos boʻladi.
3. Ishchilar kasblari va xizmatchilar lavozimlari XALIKK — 2015ning tasniflash obyektlari hisoblanadi.
4. Ushbu XALIKK — 2015:
xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari nomlaridan foydalanish yuzasidan — xodimlarning mehnat daftarchalariga yozuvlarni qayd etishda, mehnat shartnomalari tuzishda, buyruqlarni rasmiylashtirishda, xizmatchilarning lavozimlarini xodimlar toifalariga kiritishda majburiy hisoblanadi;
ishga qabul qilishda xodimlar maʼlumotining eng past darajasi, ishchilar kasblari boʻyicha tarif razryadlarini belgilash yuzasidan — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb ataladi), xoʻjalik boshqaruvi organlarida, shuningdek ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan tashkilotlarda qoʻllanilishi majburiy hisoblanadi, boshqa tashkilotlar uchun esa — tavsiya xususiyatiga ega.
taʼlim yoʻnalishi yuzasidan — barcha tashkilotlar uchun tavsiya xususiyatiga ega.
5. XALIKK — 2015da tegishli tariflar bilan birgalikda quyidagi asosiy atamalardan foydalaniladi:
a) xizmatchi lavozimi — xodimning funksional vazifalari, lavozim huquqlari va javobgarlik xususiyati bilan belgilanadigan uning xizmat mavqei;
b) ishchi kasbi — kasbga oʻqish yoki amaliyot natijasida egallangan jami bilimlar va koʻnikmalar bilan belgilanadigan ishchining mehnat faoliyati turi;
v) xizmatchilar — tashkilotda hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirishni, hisob va nazoratni, boshqaruv funksiyalarini, shuningdek xoʻjalik xizmatini amalga oshiradigan lavozimni egallagan mutaxassislar;
g) mutaxassislar — ishlab chiqarish va maʼmuriy jarayonlarni rejalashtiruvchi, loyihalashtiruvchi va nazorat qiluvchi, murakkab texnikaga xizmat koʻrsatuvchi, hujjatlarni ishlab chiquvchi, xodimlarni boshqaruvchi, tashkilot faoliyati jarayonlarini, shu jumladan ularga farmoyish beruvchi vakolatlar berilmagan holda tartibga soluvchi, taʼlim beruvchi va sogʻlomlashtiruvchi, ijodiy va ilmiy faoliyatni, shu jumladan boshqa oʻziga xos funksiyalarni amalga oshiruvchi xodimlar. Mutaxassislar boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga tegishli boʻlishi, farmoyish berish va ijro etish funksiyalarini bajarishlari mumkin;
d) ishchilar — mehnat quroli yordamida mehnat jarayonida ishlov berilishi kerak boʻlgan materiallarga (mehnat predmetiga) taʼsir koʻrsatadigan, asosan jismoniy mehnat bilan shugʻullanadigan, mahsulot yaratadigan, mashinalarni kuzatadigan, sozlaydigan va saqlaydigan, mehnat predmetlari joyini oʻzgartiradigan, mehnatning normal sharoitlarini saqlab turadigan, tovarlar va xizmatlarning ishlab chiqarish texnologiyasi bilan belgilanadigan boshqa funksiyalarni bajaradigan xodimlar;
e) xodimlar toifasi — xizmatchining mehnati mazmunining tavsiflari va koʻrsatkichlari tizimi:
boshqaruv xodimlari — boshqaruv funksiyalarini amalga oshiruvchi, xodimlarga rahbarlik qiluvchi, zarur qarorlarni ishlab chiquvchi va qabul qiluvchi, tashkilot faoliyatini rejalashtiruvchi, nazorat qiluvchi va jarayonlarni tartibga soluvchi, zarur qarorlar qabul qilish uchun maʼlumotlar tayyorlovchi xodimlar. Boshqaruv xodimlari tashkilotning oʻz oldiga qoʻygan maqsadlar va vazifalarga erishishi uchun zarur tashkiliy-texnik shartlarni, yuklangan funksiyalar va ishlab chiqarish dasturlari bajarilishini taʼminlaydilar. Boshqaruv xodimlari rahbarlarga va boshqaruv xodimlari mutaxassislariga boʻlinadi;
ishlab chiqarish xodimlari — tashkilotning asosiy mahsulotlari (xizmatlari)ni ishlab chiqarish, shuningdek ishlab chiqarish dasturida belgilangan qoʻshimcha mahsulotlar (xizmatlar)ni ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashadigan xodimlari. Ishlab chiqarish xodimlari tarkibiga boshqaruv xodimlariga tegishli boʻlmagan muhandis xodimlar va texniklar, ishchilar, kichik mutaxassislar va ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashadigan boshqa xodimlar kiradi;
texnik xodimlar — funksiyasiga boshqaruv xodimlari faoliyatiga texnik xizmat koʻrsatish hamda ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarni taʼminlash ishlarini bajarish (nashr etish, koʻpaytirish va arxiv ishlarini bajarish, kutubxona ishi, hujjatlarni yetkazib berish, kompyuter texnikasiga xizmat koʻrsatish, idora, kotiblik ishlarini va boshqa ishlarni bajarish) kiradigan xodimlar;
xizmat koʻrsatuvchi xodimlar — funksiyasiga binolar va hududlarga texnik xizmat va xoʻjalik xizmati koʻrsatish, ularni qoʻriqlash, boshqaruv xodimlariga transport xizmati koʻrsatish, tashkilotning boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga xizmat koʻrsatish boʻyicha boshqa ishlar, shu jumladan ijtimoiy-maishiy xizmat koʻrsatish kiradigan xodimlar. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga mutaxassislar va ishchilar toifasiga mansub boʻlmagan aholiga maishiy xizmat koʻrsatish xodimlari ham kiradi;
j) xodim maʼlumotining eng past darajasiga qoʻyiladigan talablar — “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq xizmatchi yoki ishchi kasbi boʻyicha ishga kirishda, qoidaga koʻra, bajariladigan ishlar va funksional vazifalarning oʻziga xosligidan kelib chiqib talab qilinadigan maʼlumotning eng past darajasi. Ishga qabul qilishda maʼlumot ixtisosligiga qoʻyiladigan talablar qonun hujjatlari talablari hisobga olingan holda davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari va tashkilotlar tomonidan belgilanishi mumkin;
z) ishchilarning tarif razryadlari diapazoni — ishchi tomonidan bajariladigan faoliyatning aniq turiga xos boʻlgan ishlarning eng past razryadidan eng yuqori razryadigacha boʻlgan oraliq. Tarif razryadlarining diapazonida belgilangan aniq tarif razryadlari ishning murakkabligini va uning uchun talab etiladigan ishchi malakasini belgilaydi;
i) taʼlim yoʻnalishi — taʼlim muassasasida bitiruvchi tomonidan tegishli darajadagi taʼlim dasturi boʻyicha egallangan va ular tomonidan kasbiy yoki lavozim faoliyatining muayyan turi bajarilishini taʼminlaydigan bazaviy va fundamental bilimlar, oʻquv va koʻnikmalar yigʻindisi.
II. XALIKK — 2015ning tuzilmasi
6. Ushbu XALIKK— 2015 quyidagi boʻlimlardan iborat:
1-boʻlim — “Ishchilarning asosiy kasblari” — Ishlar va ishchi kasblari yagona tarif-malaka maʼlumotnomasiga muvofiq ishchilar kasblarining, shuningdek huquq va majburiyatlari ushbu XALIKK— 2015ga 1-ilovaga* muvofiq iqtisodiyot tarmoqlarida kasblar tarkibini tartibga soluvchi ustavlar, maxsus ilovalar va tegishli qarorlarda nazarda tutilgan ishchilar kasblarining nomlarini oʻz ichiga oladi;
2-boʻlim — “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari” — iqtisodiyotda va ushbu XALIKK — 2015 ga 2-ilovada* koʻrsatilgan tashkilotlarning tashkiliy-tarkibiy sxemalarida qoʻllaniladigan faoliyatlarning nomlarini oʻz ichiga oladi.
* 1- va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
7. 1-boʻlim ishchilar kasblarining tartib raqamlarini ularning ortib borishi tartibida, alifbo boʻyicha ishchilar kasblari nomlarini va Oʻzbekiston Respublikasi Mashgʻulotlarning milliy standart klassifikatori boʻyicha ularga muvofiq kodlarni (keyingi oʻrinlarda MMSK deb ataladi), tarif razryadlari diapazonlarini (keyingi oʻrinlarda TRD deb ataladi), Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi mutaxassisliklarini tayyorlash yoʻnalishlari, kasblar va mutaxassisliklar klassifikatori (keyingi oʻrinlarda OʻMKTMTYMK deb ataladi) boʻyicha kodlarni oʻz ichiga oladi.
1-boʻlimning jadvali quyidagi shaklga ega:
| T/r | Kasbning nomi | MMSK boʻyicha kod | TRD | Taʼlimning eng past darajasi | OʻMKTMTYMK boʻyicha kod |
8. 2-boʻlim xizmatchilar lavozimlarining tartib raqamlarini ularning ortib borishi tartibida, alifbo boʻyicha xizmatchilarning lavozimlari nomlarini va ularga muvofiq boʻlgan MMSK kodlarini, xodimlarning toifalari kodlarini, taʼlimning eng past darajasini, shuningdek OʻMKTMTYMK hamda Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori (keyingi oʻrinlarda OTYMK deb ataladi) boʻyicha kodlarni oʻz ichiga oladi.
2-boʻlimning jadvali quyidagi shaklga ega:
| T/r | Lavozimlar nomi | MMSK boʻyicha kod | Xodimlar toifasi | Taʼlimning eng past darajasi | OTYMK boʻyicha kod |
9. MMSK kasblari va yoʻnalishlari kodlari Xalqaro mehnat tashkilotining Mashgʻulotlarning xalqaro standart klassifikatori ISCO-88ga muvofiqdir va toʻrtta raqamdan iborat:
birinchi raqam oʻzida yiriklashtirilgan guruhni ifodalaydi;
ikkinchi raqam kichik guruhni ifodalaydi;
uchinchi raqam tarkibli guruhni ifodalaydi;
toʻrtinchi raqam bazaviy guruhni ifodalaydi.
Masalan:
|
Kod |
2 |
Asosiy guruh: mutaxassislar — professionallar | |||
|
Kod |
2 |
1 |
Kichik guruh: fizika, matematika va texnika fanlari sohasida mutaxassislar — professionallar | ||
|
Kod |
2 |
1 |
3 |
Kichik guruh: kompyutyerlar boʻyicha mutaxassislar — professionallar | |
|
Kod |
2 |
1 |
3 |
1 |
Boshlangʻich: tizimlarning ishlab chiquvchilari va tahlilchilari |
10. OʻMKTMTYMK va OTYMK boʻyicha kodlar Taʼlimning xalqaro standart klassifikatsiyasiga asoslangan va yettita raqamdan iborat:
birinchi raqam taʼlim dasturining darajasi kodini belgilaydi: “3” kodi — oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi, “5” va “5A” kodlari — tegishli ravishda “bakalavr” va “magistr” akademik darajalari uchun; “2” va “1” kodlar — tegishli ravishda, shu jumladan ishlab chiqarishda (“2”) va maxsus kasbiy tayyorgarlikni talab etmaydigan (“1”) qisqa muddatli kasb tayyorgarligi darajasi uchun;
ikkinchi raqam — bilimlar sohasi kodi;
uchinchi raqam — taʼlim sohasi kodi;
toʻrtinchi va beshinchi raqamlar — taʼlim yoʻnalishi kodi;
oltinchi va yettinchi raqamlar — mutaxassisliklar kodi (OTYMKda koʻrsatilmagan mutaxassisliklar kodlari “00” raqamlari bilan belgilanadi).
Masalan:
|
Kod |
3 |
Taʼlim darajasi — oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi | ||||
|
Kod |
3 |
1 |
Bilim sohasi — gumanitar soha | |||
|
Kod |
3 |
1 |
4 |
Taʼlim sohasi — tabiiy fanlar | ||
|
Kod |
3 |
1 |
4 |
08 |
Taʼlim yoʻnalishi — geologiya | |
|
Kod |
3 |
1 |
4 |
08 |
01 |
Mutaxassislik — kollektor |
XALIKK — 2015da koʻrsatilgan har bir kasb yoki lavozimga OTYMK va OʻMKTMTYMK boʻyicha bir yoki bir necha kodlar muvofiq boʻlishi mumkin.
2-boʻlimda xizmatchilarning ayrim lavozimlari boʻyicha, “OTYMK va OʻMKTMTYMK boʻyicha kod” ustunida “5Axxxxxx” kodi koʻrsatilgan, u Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorlariga muvofiq “Magistr” darajasini anglatadi.
Izoh. “xxxxxx” belgilari 0 dan 9 gacha boʻlgan istalgan sonni bildiradi.
“OʻMKTMTYMK, OTYMK boʻyicha kod” ustunida “-” belgisi koʻrsatilgan hollarda maʼlumoti yoʻnalishiga nisbatan talablar qoʻyilmaydi.
11. Ishchilar kasblari tarif razryadlarining diapazoni (IKD) belgilangan tartibda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilgan Ishchilar kasblarining yagona tarif-malaka yoʻriqnomalariga hamda tarmoq tarif-malaka yoʻriqnomalari ishchilarning kasblari boʻyicha ularning murakkabligiga koʻra (mehnat sharoitlarini hisobga olmasdan) ishchilar kasblari boʻyicha ishlarning eng kam va eng yuqori razryadlarini “1” dan “8”gacha oraliqda belgilaydi, bunda: “1” razryad — xodimdan past malakani talab qiladigan eng oddiy ishlarni, “8” razryad esa — ishchidan eng yuqori kasbiy malakani va tajribani talab qiladigan alohida murakkab va noyob ish turlarini ifodalaydi. Aksariyat hollarda ishchining eng yuqori malaka razryadi oltinchi razryaddan oshmaydi.
12. Xodimlarning xizmatchilar lavozimlariga tegishli toifalari quyidagi qisqartmalar bilan belgilangan:
B — boshqaruv xodimlari;
M — mutaxassislar-bajaruvchilar;
T — texnik xodimlar;
X — xizmat koʻrsatuvchi xodimlar;
I — ishlab chiqarish xodimlari.
13. Maʼlumotining eng past darajasi quyidagi qisqartmalar bilan belgilangan:
O/M — oliy maʼlumotli, u “bakalavr” va “magistr” darajalarini oʻz ichiga oladi;
OʻMKHT — oʻrta maxsus, kasb-hunarga doir maʼlumotli;
TQ — maʼlumoti darajasiga talab qoʻyilmaydi.
III. XALIKK–2015ni qoʻllanish xususiyatlari
14. Xizmatchilarning ayrim lavozimlari bajariladigan funksiyalarga koʻra boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlariga tegishli boʻlishi mumkin.
Agar davlat va xoʻjalik boshqaruvi organi tuzilmasida ishlab chiqarish boʻlinmalari ajratib koʻrsatilmagan boʻlsa, u holda xodimlarning “Mutaxassislar” toifasiga kiritilgan lavozimlar boshqaruv xodimlariga tenglashtiriladi, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda istisno shaklida koʻrsatilgan ayrim lavozimlardan tashqari.
15. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning normativdagi sonini aniqlashda texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning ayrim lavozimlari va kasblari ishlab chiqarish xodimlari jumlasiga kiritilishi mumkin, agar ushbu lavozimlar va kasblar mazkur davlat va xoʻjalik boshqaruvi organining ishlab chiqarish boʻlinmalari shtatlar tuzilmasiga kiritilgan boʻlsa.
16. Xizmatchilarning ayrim lavozimlari va ishchilarning kasblari boʻyicha XALIKK — 2015da koʻrsatilmaganlar belgilanishi mumkin:
a) hosila lavozimlar va kasblar, shu jumladan:
ishchilar kasblari boʻyicha — “katta” va “yordamchi”;
xizmatchilar lavozimlari boʻyicha — oʻrinbosar, yordamchi, birinchi, ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi, bosh, yetakchi, katta, kichik, oliy maʼlumotli, oʻrta maxsus maʼlumotli, kasb-hunarga doir maʼlumotli, smenali, brigadali, viloyat, tuman, uchastka, kon va hokazo.
Xizmatchilarning ayrim lavozimlari boʻyicha hosila lavozimlar bir lavozim doirasida tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Hosila lavozimni (kasbni) belgilashda xodimlarning lavozim vazifalarini bajarishdagi mustaqilligi darajasi, uning qabul qilinadigan qarorlarning toʻgʻriligi yuzasidan javobgarligi, tashabbuskorligi, mehnatining samaradorligi va sifati, shuningdek amaliy faoliyati tajribasi hisobga olinadi.
Hosila lavozimlarga va kasblarga XALIKK–2015da koʻrsatilgan lavozimlar va kasblar boʻyicha faoliyat mazmuni xususiyatlarini aniqlashtirish yoʻli bilan hosil qilingan lavozimlar va kasblar ham kiritiladi. Ushbu holatda uning asosida ushbu hosila lavozim (kasb) hosil qilingan XALIKK–2015da koʻrsatilgan lavozim (kasb) klassifikatsiya obyekti hisoblanadi;
b) lavozimning malaka toifalari: oliy, birinchi, ikkinchi, uchinchi.
Xizmatchilarning lavozimlari boʻyicha malaka toifalari, odatda, qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkaziladigan attestatsiya natijalari boʻyicha belgilanadi;
v) klassliligi va klass darajalari.
Ular boʻyicha klasslilik va klass darajalari belgilanadigan lavozimlar roʻyxati, shuningdek ularni belgilash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
17. 2-boʻlimning “Lavozimning nomi” ustunida xizmatchilarning ayrim lavozimlari boʻyicha takrorlanadigan (ekvivalent) nom koʻrsatilgan.
Masalan:
| T/r | Lavozimlar nomi | MMSK boʻyicha kod | Xodimlar toifasi | Maʼlumotining eng past darajasi | OʻMKTMTYKM va OTYMK boʻyicha kodi |
| |
Kimyo-laboratoriyasi boshligʻi (mudiri) |
1239 |
U |
O/M |
5320300 |
Ushbu holatda tashkilotlarning mehnat shartnomalarini va shtat jadvallarini tuzishda, xodimlarning mehnat daftarchalariga yozuvlarni kiritishda, mehnat munosabatlari boʻyicha buyruqlarni rasmiylashtirishda, lavozimlar va xodimlarning tegishli toifalariga kiritishda, pensiya imtiyozlariga boʻlgan huquqni aniqlashda lavozimning toʻgʻri nomi ham asosiy, ham takrorlanadigan (ekvivalent) nom hisoblanadi.
18. Ishga qabul qilishda talab qilinadigan maʼlumotning eng past darajasini belgilashda:
oliy taʼlim muassasalarini “bakalavr” va “magistr” darajasi bilan tamomlagan shaxslar oliy maʼlumotli xodimlar jumlasiga kiritiladi;
akademik litseylarni va kasb-hunar kollejlarini, texnikumlarni, kasb-hunar-texnika, tibbiyot, pedagogika yoki boshqa bilim yurtlarini tamomlagan shaxslar oʻrta maxsus kasb-hunar maʼlumotiga ega xodimlar jumlasiga kiritiladi;
oliy taʼlim muassasalarini 2001-yilgacha (ushbu yil ham kiradi) tamomlagan shaxslar magistr darajasini olgan shaxslarga tenglashtiriladi.
19. Ayrim holatlarda klassifikatorda belgilangan maʼlumotning eng past darajasiga yoki yoʻnalishiga ega boʻlmagan, lekin yetarli darajada amaliy tajribaga ega boʻlgan, oʻzlariga yuklangan lavozim vazifalarini toʻliq hajmda va sifatli bajaradigan xodimlar maʼlumotning tegishli darajasini yoxud maʼlumotning boshqa yoʻnalishini talab qiladigan lavozimga qabul qilinishi mumkin, agar qonunchilikda boshqa tartib nazarda tutilmagan boʻlsa.
IV. XALIKK — 2015 ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
20. XALIKK-2015 ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish (aktuallashtirish) vazirliklar,idoralar, tashkilotlar, shuningdek fuqarolar (keyingi oʻrinlarda foydalanuvchilar deb ataladi) takliflari asosida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
XALIKK — 2015 ni aktuallashtirish uchun foydalanuvchilar Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi nomiga quyidagi maʼlumotlar ilova qilingan buyurtmanomani yuboradilar:
a) XALIKK — 2015 ga kiritish yoki XALIKK — 2015dan chiqarib tashlash uchun tavsiya etilayotgan lavozimlar va kasblarning nomi;
b) kiritish uchun tavsiya etilayotgan har qaysi kasb va lavozim boʻyicha:
tarif-malaka tavsifnomalarining yoki faoliyat mazmunining tavsifi;
XALIKK — 2015 da koʻrsatilgan kodlar, shu jumladan MMSK, OʻMKTMTYKM va OTYMK boʻyicha kodlar, ishchilar kasblari uchun — razryadlar diapazoni va xizmatchilar lavozimlari uchun — xodimlarning toifasi;
v) har qaysi kasb yoki lavozimni XALIKK — 2015 ga kiritishning yoki XALIKK — 2015 dan chiqarib tashlashning zarurligi asoslangan tushuntirish xati.
21. XALIKK — 2015 aktuallashtirish boʻyicha berilgan buyurtmanomalar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab 3 oy mobaynida, ekspertlarni jalb etgan holda koʻrib chiqiladi. Tavsiya etilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar qabul qilingan taqdirda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi XALIKK — 2015 ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida belgilangan tartibda buyruq chiqaradi, rad etilgan taqdirda esa — foydalanuvchiga asoslangan rad etish xatini yuboradi.
XALIKK–2015 ga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tegishli buyrugʻi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
22. Agar xodimlarning mehnat daftarchalarida yoki tashkilotning mehnat munosabatlarini belgilovchi mahalliy hujjatlarida XALIKK — 2015 da mavjud boʻlmagan kasblar va lavozimlar koʻrsatilgan boʻlsa yoki biror-bir belgilari boʻyicha XALIKK— 2015 da koʻrsatilgan kasblar va lavozimlarga muvofiq boʻlmagan kasblar va lavozimlar koʻrsatilgan boʻlsa Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi ushbu kasblar va lavozimlarning XALIKK — 2015 da koʻrsatilganlarga oʻxshashligini belgilashi mumkin. Ushbu holatda XALIKK — 2015 ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish talab qilinmaydi.
V. Normativ havolalar
23. XALIKK— 2015 doirasida quyidagi normativ havolalardan foydalaniladi:
Oʼz DSt 6.01.2:2007. Oʻzbekiston Respublikasining texnik-iqtisodiy va ijtimoiy axborotlarni tasniflash va kodlashtirish yagona tizimi;
Oʼz DT 008:2000. Oʻzbekiston Respublikasining mashgʻulotlar milliy standart klassifikatori;
Oʼz DSt 1007:2012. Oliy taʼlim davlat taʼlim standarti. Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori;
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklar va kasblar tasniflagichi, 2015-yil;
Mashgʻulotlarning Xalqaro Standart Klassifikatori (MXSK-88);
Taʼlimning Xalqaro Standart Klassifikatsiyasi (TXSK), YUNESKO, 1997-yil.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 25-son, 326-modda; 29-son, 693-modda)