Yuza tomoni | |||
Aniq-ravshan, bosh harflarda yozilsin | 1. Fuqaroligi | ||
__________________________________________________________________ | |||
2. Familiyasi | 3. Ismi (to‘liq) | 4. Otasining ismi | |
_________________________________________________________________________________________ | |||
5. Tug‘ilgan sanasi ______________ | 6. Tug‘ilgan joyi _____________________________ | ||
7. Kasbi __________________________________________________________________________________ | |||
8. Joylashtirilgungacha yashagan manzili ______________________________________________________ | |||
9. Oilasining manzili _____________________________________________________________________ | |||
* 10. Joylashtirilgan: | |||
yoki (gospital va hokazodan) keldi ___________________________________________________________ | |||
* 11. Salomatligining holati _______________________________________________________________ | |||
12. Hozirgi paytdagi manzili _______________________________________________________________ | |||
13. Sana ______________ | 14. Imzo _________________ | ||
Keraksizi o‘chirilsin. | |||
Bu o‘rinda boshqa hech narsa qo‘shimcha qilinmasin. | |||
Sirt tomondagi izohga qarang. | |||
Sirt tomoni | |||
Joylashtirilgan fuqaro shaxslar pochtasi | Bepul | ||
POCHTA KARTOCHKASI | |||
Eslatma: | |||
Bu kartochka har bir joylashtirilgan shaxs tomonidan u muayyan hududga joylashtirilgan paytdayoq va har gal gospitalga joylashtirish yoki boshqa saqlash joylariga ko‘chirish munosabati bilan uning manzili o‘zgarganda to‘ldiriladi. | Homiylikka olingan shaxslar ishlari bo‘yicha Markaziy Agentlikka | ||
Ushbu kartochkaning joylashtirilgan shaxsga o‘z oilasiga jo‘natish uchun ruxsat etiladigan maxsus kartochkaga aloqasi yo‘q. | Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasiga | ||
(Kartochka o‘lchami 15x15 sm) | |||
XAT | |||
Joylashtirilgan fuqaro shaxslar pochtasi | Bepul | ||
Kimga ___________________________________________________________________________________ | |||
Ko‘cha va uy raqami _________________________________________________________________________ | |||
Belgilangan manzil (bosh harflarda) _________________________________________________________ | |||
Viloyat yoki okrug __________________________________________________________________________ | |||
Mamlakat (bosh harflarda) _________________________________________________________________ | |||
JO‘NATUVCHI: | |||
Ism-familiyasi ___________________________________________________________________________ | |||
Tug‘ilgan sanasi va joyi ___________________________________________________________________ | |||
Saqlab turilgan joyi _____________________________________________________________________ | |||
(Xat o‘lchami 29x15 sm) | |||
YOZISHMALAR UCHUN KARTOCHKA | |||
Yuza tomoni | |||
Joylashtirilgan fuqaro shaxslar pochtasi | Bepul | ||
POCHTA KARTOCHKASI | |||
Jo‘natuvchi: | |||
Ism-familiyasi ______________________________ | Kimga ______________________________________ | ||
____________________________________________ | ____________________________________________ | ||
Tug‘ilgan sanasi va joyi ______________________ | Ko‘cha va uy raqami ____________________________ | ||
____________________________________________ | ____________________________________________ | ||
Saqlab turilgan joyi ________________________ | BELGILANGAN MANZIL (bosh harflarda) | ||
____________________________________________ | ____________________________________________ | ||
____________________________________________ | |||
Viloyat yoki okrug ____________________________ | |||
Mamlakat (bosh harflarda) ____________________ | |||
____________________________________________ | |||
Sirt tomoni | |||
Sana_________________________________ | |||
_________________________________________________________________________________________ | |||
_________________________________________________________________________________________ | |||
_________________________________________________________________________________________ | |||
_________________________________________________________________________________________ | |||
_________________________________________________________________________________________ | |||
_________________________________________________________________________________________ | |||
Faqat satrlarda va aniq-ravshan yozing | |||
(Yozishmalar uchun kartochka o‘lchami 10x15 sm) | |||
Рус
Ўзб
O’zb
O‘zb|Рус
Norasmiy tarjima
Urush vaqtida fuqaro aholini himoya qilish to‘g‘risida
Konvensiya
Urush vaqtida fuqaro aholini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyani ishlab chiqish maqsadida Jenevada 1949-yil 21-apreldan 12-avgustgacha o‘tkazilgan Diplomatiya konferensiyasida Hukumatlar vakillari sifatida ishtirok etganlar va quyida imzo chekuvchilar shunday bitimni tuzdilar:
I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar har qanday holatda mazkur Konvensiyaga amal qilish va amal qilishga majburlash mas’uliyatini o‘z zimmasiga oladilar.
2-modda
Tinchlik davridayoq kuchga kirishi lozim bo‘lgan qarorlardan tashqari, ikkita yoki bir nechta Oliy Ahdlashuvchi Tomon o‘rtasida urush e’lon qilingan yoxud turli qurolli mojarolar yuz bergan har qanday hollarda, hattoki, tomonlardan biri urush holatini tan olmasa ham, mazkur Konvensiya qo‘llaniladi.
Mazkur Konvensiya, shuningdek, Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlari to‘laligicha yoki qisman istilo etilgan har qanday xollarda, hattoki, bunday bosqinchilik hech bir qurolli qarshilikka uchramasa ham, qo‘llaniladi.
Agar nizolashayotgan Davlatlarning biri mazkur Konvensiya ishtirokchisi bo‘lmasa, ishtirokchi sanalgan Davlatlar, baribir, u bilan o‘zaro munosabatlarini saqlab qolaveradilar Bundan tashqari, agar yuqorida ko‘rsatilgan Davlat Konvensiya qoidalarini qabul qilsa va amalda qo‘llasa, ishtirokchi Davlatlar unga nisbatan Konvensiya bilan bog‘langan hisoblanadi.
3-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida xalqaro bo‘lmagan qurolli mojaro sodir etilayotgan holda, o‘zaro nizoda bo‘lgan tomonlarning har biri eng kamida quyidagi qoidalarni qo‘llashga majbur hisoblanadi:
1. Harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etmayotgan shaxslar, jumladan, qurolli kuchlar tarkibida bo‘lgan-u qurolini topshirgan, bundan tashqari, bemorligi, yaradorligi, qo‘lga olinganligi yoxud boshqa har xil sabablarga ko‘ra harbiy harakatlarda qatnashmayotgan shaxslar irqi, tana rangi, dini yoki e’tiqodi, jinsi, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli va shunga o‘xshash boshqa jihatlar sababli hech bir kamsitishlarga yo‘l qo‘yilmagan holda har qanday shart-sharoitda insoniy muomaladan foydalanishi zarur.
Shu maqsadda, yuqorida ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan quyidagi xatti-harakatlar har doim har qanday joyda taqiqlangan va taqiqlanadi:
a) hayotiga va jismoniy daxlsizligiga tahdid solish, xususan, har xil yo‘llar bilan hayotiga tajovuz qilish, jarohat yetkazish, shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lish, qiynash va azoblash;
b) garovga olish;
s) insoniy qadr-qimmatiga, or-nomusiga tajovuz qilish. xususan, tahqiromuz va qadr-qimmatini xo‘rlaydigan munosabatda bo‘lish;
d) tegishli tartibda ta’sis etilgan va taraqqiy etgan xalqlar tomonidan zarur deb e’tirof etilgan sudlov kafolatlariga to‘la ega bo‘lgan sud tomonidan qaror chiqarilmasdan hukm etish va jazo chorasini qo‘llash.
2. Yaradorlar va bemorlar yig‘ib olinishi va ularga yordam ko‘rsatilishi lozim.
Beg‘araz insonparvarlik tashkiloti, masalan, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi, nizolashayotgan tomonlarga o‘z xizmatini taklif etishi mumkin.
Bundan tashqari, nizolashayotgan tomonlar mazkur Konvensiyaning barcha yoxud ayrim qoidalarini maxsus bitimlar orqali kuchga kiritishga intiladilar.
Yuqoridagi qoidalarning qo‘llanilishi nizolashayotgan tomonlarning yuridik maqomiga ta’sir qilmaydi.
4-modda
Mazkur Konvensiya homiyligidagi shaxslar deb, muayyan paytda va muayyan sabab bilan mojaro yoki istilo davrida o‘zlari fuqarosi bo‘lmagan nizolashayotgan tomon yoxud istilochi Davlat hukmi ostiga tushib qolgan shaxslar hisoblanadi.
Mazkur Konvensiyaga bog‘liq bo‘lmagan Davlat fuqarolari uning homiyligidan foydalanmaydilar. Urishayotgan Davlatning hududida bo‘lgan betaraf Davlat yoxud urishayotgan Davlatga ittifoqdosh Davlat fuqarolari, ular mansub bo‘lgan Davlat va ular hukmi ostiga tushgan Davlat o‘rtasida tegishli diplomatik vakolatxonaga ega bo‘lgunga qadar homiylikdagi shaxslar, deb e’tirof etilmaydi.
Ayni chog‘da, II bo‘lim qoidalari 13-moddada belgilangan tartibda kengroq qo‘llaniladi.
Harakatdagi qurolli kuchlardagi yaradorlar va bemorlarning qismatlarini yengillashtirish to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva Konvensiyasi yoki Dengizdagi qurolli kuchlar tarkibidan bo‘lmish yaradorlar, bemorlar va kema halokatiga uchragan shaxslarning qismatlarini yengillashtirish to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva Konvensiyasi yoki Harbiy asirlar bilan qilinadigan muomala to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva Konvensiyasi himoyasida bo‘lgan shaxslar, mazmun jihatdan, mazkur Konvensiya homiyligidan foydalanuvchi shaxslar, deb hisoblanmaydi.
5-modda
Agar nizolashayotgan tomon mazkur Konvensiya homiyligidagi muayyan shaxs ushbu Davlatning xavfsizligiga qarshi dushmanlarcha faoliyat ko‘rsatayotganligini taxmin etishga yo‘l beradigan jiddiy qonuniy asoslarga ega bo‘lsa yoki bunday faoliyat rostdan ham isbotlangan bo‘lsa, u holda bu shaxs mazkur Konvensiyada ko‘zda tutilgan hamda agar ulardan foydalanilsa tegishli Davlatning xavfsizligiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan muayyan huquq va imtiyozlarni da’vo qilish imkonidan mahrum bo‘ladi.
Agar Konvensiya homiylikka olgan alohida bir shaxs istilo etilgan hududda josus yoki qo‘poruvchi sifatida yoki istilochi Davlat xavfsizligiga tahdid soladigan xatti-harakat sodir etganlikda qonuniy asosda gumon qilinib qo‘lga olingan bo‘lsa, harbiy xavfsizlik zarurati jiddiy taqozo etgan hollarda, ushbu shaxs mazkur Konvensiyada ko‘zda tutilgan tartibda aloqa qilish huquqidan mahrum etilishi mumkin.
Ayni chog‘da, bu holatlarning barchasida yuqoridagi xatboshilarda tilga olingan shaxslarga nisbatan insoniy muomala qilinadi hamda bu shaxslar, mabodo ishlari sudga oshirilgan taqdirda, mazkur Konvensiyada ko‘zda tutilgan adolatli va risoladagidek sudlanish huquqidan mahrum etilmaydi. Ular, shuningdek, iloji boricha qisqa muddatlarda tegishli tomonning yoki istilochi Davlatning xavfsizligiga zid kelmasligini hisobga olgan holda, mazkur Konvensiya asosida homiylikka olingan shaxslarga beriladigan huquq va imtiyozlar bilan to‘laligicha ta’minlanadi.
6-modda
Mazkur Konvensiya 2-moddada tilga olingan har qanday mojaro yoki istiloning boshlanishidanoq qo‘llaniladi.
Nizolashayotgan tomonlar hududida Konvensiyaning amal qilishi harbiy harakatlar yalpi tugaganidan so‘ng to‘xtaydi.
Istilo etilgan hududlarda mazkur Konvensiyaning amal qilishi harbiy harakatlar yalpi tugaganidan so‘ng bir yil o‘tgach to‘xtaydi. Shu bilan birga, istilochi Davlat mazkur hududda hukumatga xos vakolatlarni nechog‘li amalga oshirishiga qarab, istilo davrida mazkur Konvensiyaning quyidagi: 1 — 12, 27, 29 — 34, 47, 49, 51 — 53, 59, 61 — 77 va 143-moddalari bilan bog‘langan bo‘ladi.
Homiylikka olingan shaxsni ozod etish, vataniga qaytarish, joylashtirish bilan bog‘liq holatlarda ular yuqoridagi muddat tugaganidan so‘ng ham mazkur Konvensiya himoyasi ostida bo‘ladilar.
7-modda
11, 14, 15, 17, 36, 108, 109, 132, 133 va 149-moddalarda maxsus ko‘zda tutilgan bitimlardan tashqari, Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar alohida tartibga solish maqsadga muvofiq deb hisoblagan har qanday masala bo‘yicha boshqa maxsus bitimlar tuzishi mumkin Hech qanday maxsus bitim homiylikka olingan shaxslarning mazkur Konvensiyada belgilab qo‘yilgan mavqeyiga ziyon yetkazmasligi, ularning ushbu hujjatda ko‘zda tutilgan huquqlarini cheklamasligi shart.
Homiylikka olingan shaxslar ularga nisbatan mazkur Konvensiya qo‘llanilayotgan vaqt mobaynida ushbu hujjatlarda ko‘zda tutilgan imtiyozlardan foydalanishda davom etadilar. Yuqorida tilga olingan yoki keyinchalik tuziladigan bitimlarga maxsus qarama-qarshi mazmundagi shartlarning kiritilishi yoxud nizolashayotgan tomonlardan birining ularga nisbatan qulayroq bo‘lgan tadbirlarni qo‘llash hollari bundan mustasno.
8-modda
Homiylikka olingan shaxslar ularga nisbatan mazkur Konvensiyada hamda oldingi moddada tilga olingan maxsus bitimlarda, agar shunday bitimlar mavjud bo‘lsa, ko‘zda tutilgan o‘z huquqlaridan qisman yoxud to‘laligicha voz kechishlari mutlaqo mumkin emas.
9-modda
Mazkur Konvensiya nizolashayotgan tomonlar manfaatlarini himoya qilish vazifasi yuklatilgan Homiy Davlatlarning bevosita ko‘magi va nazorati ostida qo‘llaniladi Shu maqsadda Homiy Davlatlar o‘zlarining diplomatik va konsullik xizmatlari xodimlaridan tashqari, o‘z fuqarolari yoxud boshqa betaraf Davlatlar fuqarolari orasidan delegatlar tayinlashlari mumkin. Ushbu delegatlar tayinlanishi uchun ular o‘z vazifalarini bajarishga kirishadigan hudud egasi bo‘lgan Davlatning roziligi olinishi kerak.
Nizolashayotgan tomonlar Homiy Davlatlar vakillari yoki delegatlari ishini yengillashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladilar.
Homiy Davlatlar vakillari yoki delegatlari mazkur Konvensiyada belgilangan o‘z vazifalari doirasidan chetga chiqishlari mutlaqo mumkin emas. Xususan, ular o‘z vazifalarini bajarishga kirishgan hudud egasi bo‘lgan Davlat xavfsizligining o‘ta muhim ehtiyojlarini e’tiborga olishlari zarur.
10-modda
Mazkur Konvensiya qoidalari Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi yoki boshqa har qanday beg‘araz insonparvarlik tashkilotining nizolashayotgan tomonlarning roziligi asosida, fuqaro shaxslarni himoya qilish va ularga yordam ko‘rsatish uchun qaratilgan insonparvarlik faoliyatiga to‘siq bo‘lib xizmat qilmasligi kerak.
11-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Konvensiya orqali Homiy Davlatlarga yuklangan majburiyatlarni bajarishni beg‘araz va ta’sirchan faoliyat ko‘rsatish uchun to‘la kafolat bera oladigan muayyan tashkilotga topshirish borasida har qanday paytda o‘zaro bitim tuzishlari mumkin.
Agar qandaydir sabablarga ko‘ra homiylikka olingan shaxslarga nisbatan muayyan Homiy Davlat yoki birinchi xatboshida ko‘zda tutilgan tashkilotning faoliyati qo‘llanilmayotgan yoxud qo‘llanilishi to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lsa, himoyadagi shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlayotgan Davlat nizolashayotgan tomonlar mazkur Konvensiya asosida tayinlagan Homiy Davlat bajarishi lozim bo‘lgan vazifalarni o‘z zimmasiga olishini so‘rab, betaraf Davlatga yoki shunday tashkilotga iltimos bilan murojaat qilishi zarur.
Agar homiylikni yuqorida ko‘rsatilgan tarzda amalga oshirishning iloji bo‘lmasa, himoyadagi shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlayotgan Davlat muayyan insonparvarlik tashkilotiga, masalan, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasiga iltimos bilan murojaat qilishi yoxud ushbu modda qoidalarini hisobga olgan holda, bunday tashkilotning mazkur Konvensiyaga muvofiq Homiy Davlatlar tomonidan bajariladigan insonparvarlik vazifalarini ado etishni o‘z zimmasiga olishi borasidagi takliflarini qabul qilishi kerak.
Manfaatdor Davlat tomonidan taklif etilgan yoxud ushbu maqsadlar yo‘lida o‘zini tavsiya etayotgan har qanday betaraf Davlat yoki har qanday tashkilot mazkur Konvensiya himoyasidan foydalanuvchi shaxslar mansub bo‘lgan nizolashayotgan tomonga nisbatan mas’uliyat tuyg‘usi bilan yondashmog‘i, shuningdek, o‘z zimmasiga tegishli vazifalarni olishga va ularni beg‘araz ado etishga qodirligi to‘g‘risida yetarlicha kafolat bermog‘i zarur.
Davlatlardan biri harbiy sharoit sababli, ayniqsa, mazkur Davlat hududining to‘laligicha yoxud katta qismi istilo etilganligi tufayli u boshqa bir Davlat yoki uning ittifoqchilari bilan erkin muzokaralar o‘tkazish imkoniyatidan vaqtincha bo‘lsa-da mahrum bo‘lsa, Davlatlar o‘zaro maxsus bitimlar tuzish orqali ilgarigi qoidalardan chekinishlari mumkin emas.
Har gal mazkur Konvensiyada Homiy Davlat atamasi qayd etilganda, bu atama, shuningdek, ushbu moddaga muvofiq holda uning vazifasini bajaruvchi muayyan tashkilotni ham nazarda tutadi.
Ushbu modda qoidalari betaraf davlatning istilo etilgan hududlarda yoki urushayotgan davlat hududida bo‘lgan fuqarolariga nisbatan tarqaladi va qo‘llaniladi. Bunda ushbu fuqarolar mansub bo‘lgan betaraf Davlat bu hududlarda o‘zining tegishli diplomatik vakolatxonasiga ega bo‘lmasligi kerak.
12-modda
Homiy Davlatlar himoyadagi shaxslar manfaati yo‘lida foydali deb hisoblagan barcha hollarda, xususan, mazkur Konvensiya qoidalarini qo‘llash yoki izohlash borasida nizolashayotgan tomonlar o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelganda, bunday kelishmovchiliklarga barham berish maqsadida o‘zlarining xayrli yordamlarini ko‘rsatadilar.
Shu maqsadda, Homiy Davlatlarning har biri tomonlardan birining iltimosi yoki bevosita o‘zining tashabbusi asosida, nizolashayotgan tomonlar uchun ularning vakillari, xususan, zimmasiga homiylikka olingan shaxslar qismatiga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyati yuklangan ma’muriyatlar ishtirokida, imkoniyatga qarab betaraf, tegishli talablardan kelib chiqib tanlangan muayyan hududda kengash tashkil qilishni taklif etishi mumkin. Nizolashayotgan tomonlar bu borada o‘zlariga tushgan takliflarga yo‘l ochishlari shart. Homiy Davlatlar, zaruriyat tug‘ilgan taqdirda, ushbu kengashda ishtirok etish uchun taklif qilinadigan betaraf Davlatga mansub shaxsni yoxud Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining vakili bo‘lgan shaxsni ma’qullash uchun nizolashayotgan tomonlarga tavsiya etishi mumkin.
II BO‘LIM. URUSHNING AYRIM ASORATLARIDAN AHOLINI HIMOYA QILISH TO‘G‘RISIDA UMUMIY MAZMUNDAGI QOIDALAR
13-modda
Mazkur bo‘lim qoidalari nizolashayotgan mamlakatda joylashgan jami aholiga, xususan, ularning irqi, fuqaroligi, diniy yoki siyosiy mansubligini sabab qilib biron-bir kamsitishlarga yo‘l qo‘yilmagan holda bir xil taalluqli bo‘lib, ularning urush oqibatida og‘irlashgan qismatini yengillashtirishga xizmat qilishi kerak.
14-modda
Tinchlik davrida Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, harbiy harakatlar boshlanganidan keyin esa nizolashayotgan tomonlar o‘z hududlarida, zarurat tug‘ilgan hollarda, istilo etilgan hududlarda yaradorlar va bemorlar, nogironlar, keksalar, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar, homilador ayollar va 7 yoshgacha farzandi bo‘lgan onalarni urush harakatlaridan muhofaza etishga xizmat qiluvchi sanitariya zonalari va maxsus xavfsiz joylar tashkil etishlari mumkin.
Harbiy harakatlar boshlanishida va uning davomida manfaatdor tomonlar o‘zlari tashkil etgan zonalar va maxsus joylarni o‘zaro e’tirof etish to‘g‘risida bitimlar tuzishi mumkin. Ular ushbu maqsad yo‘lida mazkur Konvensiyaga ilova qilingan bitim loyihasida ko‘zda tutilgan qoidalarni, bu qoidalarga o‘zlari zarur deb hisoblagan o‘zgartirishlarni kiritgan holda, qo‘llashlari mumkin.
Homiy Davlatlarga va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasiga ushbu sanitariya zonalari va maxsus joylarning tashkil etilishi va e’tirof etilishini osonlashtirish uchun xayrli xizmatlarini ko‘rsatish taklif qilinadi.
15-modda
Har qanday nizolashayotgan tomon dushman tomonga urush borayotgan hududlarda betaraf zona tashkil etish to‘g‘risidagi taklif bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki muayyan betaraf Davlat yoxud insonparvarlik tashkiloti yordamida murojaat qilishi mumkin Bunday zonalarda quyidagi shaxslarni, ular o‘rtasidagi har qanday tafovutlardan qat’i nazar, urush xavf-xataridan himoya qilish ko‘zda tutiladi:
a) bemor va yarador kombatant va nokombatantlar;
b) harbiy harakatlarda ishtirok etmayotgan va ushbu hududda bo‘lgan chog‘ida harbiy ahamiyatga molik biron-bir vazifani bajarmayotgan fuqaro shaxslar.
Nizolashayotgan tomonlar mo‘ljal qilinayotgan betaraf zonaning manzili, rahbariyati, ta’minoti va nazorati bilan bog‘liq masalalarni o‘zaro kelishib olgach, bu haqda yozma bitim tuziladi va nizolashayotgan tomonlar vakillari tomonidan imzolanadi. Bu bitim tegishli zonaning betarafligi boshlanganligi va davomiyligini belgilab beradi.
16-modda
Yaradorlar va bemorlar, shuningdek, nogironlar va homilador ayollar alohida homiylik va himoyadan foydalanadilar.
Harbiy sharoit taqozo etgan darajada nizolashayotgan tomonlarning har biri o‘lganlar va yaralanganlarni izlab topish, kema halokatiga uchragan va boshqa jiddiy xavf-xatarlarga duch kelgan shaxslarga yordam berish, shuningdek, ularni talon-torojdan va g‘ayriinsoniy muomaladan himoya qilish bilan bog‘liq tadbirlarga ko‘maklashadi.
17-modda
Nizolashayotgan tomonlar istilo etilgan yoki qamal qilingan zonadan yaradorlar va bemorlarni, nogironlarni, qariyalarni, bolalarni, homilador ayollar yoxud chaqaloqli onalarni ko‘chirish hamda ushbu zonaga barcha dinlarga mansub ruhoniylarni, sanitariya xodimlari va sanitariya mulkini kiritish yuzasidan mahalliy bitimlar tuzishga intiladi.
18-modda
Yaradorlar, bemorlar, nogironlar, homilador ayollar yoxud chaqaloqli onalarga yordam ko‘rsatish uchun tashkil etilgan fuqaro kasalxonalari hech qanday sharoitda hujum uchun nishon bo‘lmasligi, aksincha, nizolashayotgan tomonlarning doimiy e’tibori va homiyligida bo‘lishi kerak.
Nizolashayotgan tomonlar hisoblanuvchi Davlatlar barcha fuqaro kasalxonalarini ularning fuqaro kasalxonasi ekani tasdiqlangan, ularga tegishli binolardan 19-modda bo‘yicha kasalxonani homiylik yordamidan mahrum etishga olib keluvchi qandaydir maqsadlarda foydalanilmasligi qayd etilgan maxsus guvohnomalar bilan ta’minlaydi.
Fuqaro kasalxonalari tegishli Davlat roziligi asosida Harakatdagi qurolli kuchlardagi yaradorlar va bemorlarning qismatlarini yengillashtirish to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva Konvensiyasining 38-moddasida ko‘zda tutilgan emblema bilan belgilanadi.
Nizolashayotgan tomonlar fuqaro kasalxonalariga nisbatan har qanday bosqinchilik harakatlarining oldini olish maqsadida ularning farqlovchi emblemalari dushmanning quruqlikdagi, havodagi va dengizdagi kuchlariga ravshan ko‘rinib turishi uchun harbiy vaziyat taqozosi doirasida barcha zarur choralarni ko‘radi.
Kasalxonalarning harbiy obyektlar yaqinida joylashuvi ularni xavf ostiga qo‘yishi mumkinligi nuqtayi nazaridan kelib chiqib, kasalxonalarni imkon qadar bunday inshootlardan uzoqroqda joylashtirish tavsiya etiladi.
19-modda
Fuqaro kasalxonalaridan nafaqat insonparvarlik maqsadida, balki dushmanga qarshi qaratilgan muayyan harakat sodir etishda foydalanilgan taqdirdagina bu kasalxonalarning homiylikdan foydalanish huquqi barham topishi mumkin. Shu bilan birga, barcha zaruriy hollarda oqilona muddatlar belgilash hisobiga bildirilgan ogohlantirishlar natijasiz qolgach, homiylik tegishli ogohlantirishdan keyingina to‘xtatiladi.
Ushbu kasalxonalarda yarador yoki bemor harbiy xizmatchilarning davolanayotganligi yoxud bu yerda mazkur harbiy xizmatchilardan olib qo‘yilgan va hali tegishli organga topshirib ulgurilmagan qurol-yarog‘ hamda jangovar asbob-anjomlarning (o‘q-dorilarning) topib olinishi fakti dushmanga qarshi qaratilgan harakat, deb hisoblanmaydi.
20-modda
Muntazam ravishda va faqat fuqaro kasalxonalariga xizmat ko‘rsatadigan va kasalxona ma’muriyatiga qarashli bo‘lgan shaxslar, shu jumladan, yarador va bemor fuqarolarni, nogironlarni, homilador ayollar va chaqaloqli onalarni qidirib topish, yig‘ib olish, tashish hamda davolash bilan bevosita shug‘ullanuvchi xodimlar hurmat va homiylikdan foydalanadilar.
Istilo etilgan hududlarda va harbiy harakatlar zonalarida yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan xodimlarni ularning maqomini tasdiqlovchi, hujjat egasining rasmi bilan ta’minlangan va mas’ul ma’muriyatning qabariq muhri bosilgan shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar hamda o‘z vazifalarini bajarayotganida chap yengga taqiladigan va namgarchilikdan yaroqsiz holga kelmaydigan maxsus bog‘ichlar yordamida tanib olinadi. Bu bog‘ich tegishli Davlat tomonidan beriladi va Harakatdagi qurolli kuchlardagi yaradorlar va bemorlarning qismatlarini yengillashtirish to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva Konvensiyasining 38-moddasida ko‘zda tutilgan emblema bilan belgilangan bo‘ladi.
Fuqaro kasalxonalariga xizmat ko‘rsatadigan va ularning ma’muriyatiga qarashli bo‘lgan boshqa har qanday xodimlar ham hurmat va homiylikdan foydalanadilar hamda mazkur moddaning yuqorida qayd etilgan qoida va shartlariga muvofiq holda tegishli vazifalarni bajarishga jalb etilgan davr mobaynida bog‘ich taqib yurish huquqiga egadir. Shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalarida ularning tegishli vazifalari qayd etilgan bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Har bir fuqaro kasalxonasi ma’muriyatida tegishli milliy yoki istilochi ma’murlarga taqdim etish uchun kasalxona xodimlarining ayni paytdagi ro‘yxati tayyor holda turishi zarur.
21-modda
Yarador va bemor fuqarolarni, nogironlarni, homilador ayollar va chaqaloqli onalarni tashiydigan quruqlikdagi transport kolonnalari va sanitar poyezdlari yoki dengizdagi maxsus mo‘ljallangan kemalar 18-moddada ko‘zda tutilgan kasalxonalar kabi hurmat va homiylikdan foydalanadi. Bu transport vositalari tegishli Davlat roziligi asosida Harakatdagi qurolli kuchlardagi yaradorlar va bemorlarning qismatlarini yengillashtirish to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva Konvensiyasining 38-moddasida ko‘zda tutilgan farqlovchi emblema bilan belgilangan bo‘ladi.
22-modda
Faqatgina yaradorlar va bemorlarni, nogironlarni, homilador ayollar va chaqaloqli onalarni yoki sanitarlar shaxsiy tarkibi va mol-mulkini tashishdagina qo‘llaniladigan uchish apparatlariga hujum qilinmaydi, ammo ular manfaatdor nizolashayotgan tomonlar o‘rtasida tuzilgan bitimda maxsus ko‘zda tutilgan muayyan vaqt, balandlik va yo‘nalish bo‘yicha uchsagina, nizolashayotgan tomonlar ularni hurmat qilishi lozim.
Ular Harakatdagi qurolli kuchlardagi yaradorlar va bemorlarning qismatlarini yengillashtirish to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva Konvensiyasining 38-moddasida ko‘zda tutilgan farqlovchi emblema bilan belgilanishi mumkin.
Boshqacha mazmundagi bitimlarda mavjud bo‘lmagan taqdirda, dushman hududi yoki u egallab olgan hudud ustidan uchish taqiqlanadi.
Bunday uchish apparatlari qo‘nish to‘g‘risidagi har qanday talabga bo‘ysunishlari shart. Uchish apparati talabga binoan yo‘lovchilari bilan birga yerga qo‘ndirilgan hollarda, agar muayyan tekshiruv bo‘lsa. tekshiruvdan so‘ng u o‘z parvozini davom ettirishi mumkin.
23-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon dushman bo‘lsa ham, unga tegishli fuqaro aholiga mo‘ljallangan tibbiyot va sanitariya buyumlari solingan jo‘natmalarni, shuningdek, diniy taomil yuzasidan zarur bo‘lgan narsalarni erkin o‘tkazish uchun sharoit yaratishi kerak. Har bir tomon, shuningdek, tegishli oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim kechaklar, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar, homilador ayollar va chaqaloqli onalarga quvvat bag‘ishlaydigan vositalar solingan jo‘natmalarni ham erkin o‘tkazish uchun ruxsat etadi.
Ahdlashuvchi Tomon oldingi xatboshida qayd etilgan jo‘natmalarni erkin o‘tkazish borasidagi majburiyatiga amal qilishi uchun quyidagi masalalar bo‘yicha xavotirlanishga jiddiy asoslar yo‘qligiga ishonch hosil qilishi shart:
a) jo‘natmalar boshqa maqsadlarda qo‘llanishi mumkin, yoki
b) ularning nazorati samarasiz bo‘lishi mumkin, yoki
s) jo‘natmalar dushman aks hollarda ta’minlashi yoki ishlab chiqarishi zarur bo‘lgan tovarlarning o‘rnini qoplashi yoxud bu tovarlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan tegishli xom ashyo, materiallar va ishchi kuchini bo‘shatish orqali ma’lum ma’noda dushmanga harbiy harakatlarda yoxud iqtisodiyotda muvaffaqiyatga erishishi uchun qo‘l kelishi mumkin.
Mazkur moddaning birinchi xatboshida ko‘rsatilgan jo‘natmalarni o‘tkazishga ruxsat etuvchi Davlat ruxsat etishning sharti sifatida ular o‘z egalariga Homiy Davlatlarning mahalliy nazorati ostida tarqatilishi lozimligini talab qilishi mumkin.
Bu jo‘natmalarni yuborish iloji boricha tezlashtirilishi kerak va ularni erkin o‘tkazishga ruxsat etuvchi Davlat ruxsat etish bilan bog‘liq texnik talablar belgilash huquqiga ega bo‘lishi shart.
24-modda
Nizolashayotgan tomonlar urush oqibatida yetim qolgan yoki oila a’zolaridan uzoqlashgan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik, ularning parvarishini, diniy e’tiqodi bilan bog‘liq amallarni bajarishini va tarbiyalanishini har qanday sharoitda yaxshilash uchun zarur choralarni ko‘radi. Bunday bolalarning tarbiyasi iloji bo‘lsa ular bilan bir xil madaniy an’analarga mansub kishilar zimmasiga yuklanadi.
Nizolashayotgan tomonlar, muayyan Homiy Davlat mavjud bo‘lsa, uning roziligi asosida va birinchi xatboshida bayon etilgan prinsiplarga amal qilinishining kafolati mavjud bo‘lgan hollarda, mojaro davrida bunday bolalarning betaraf Davlat tomonidan qabul qilinishiga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, ular tanituvchi medalonlar joriy etish yoki boshqa har qanday yo‘l bilan 12 yoshgacha bolalarning shaxsini aniqlash imkonini beradigan barcha zarur choralarni qo‘llashga harakat qiladi.
25-modda
Nizolashayotgan tomonga tegishli yoki u istilo etgan hududda joylashgan har qanday shaxs qayerda ekanidan qat’i nazar oila a’zolariga oila doirasidagi xabarlar yo‘llashi va ulardan bunday xabarlar olishi mumkin. Bu yozishmalar tezkorlik bilan va zarurat taqozo etmagan hollarda ushlab qolinmasdan jo‘natilishi kerak.
Yuzaga kelgan vaziyat tufayli oilaviy yozishmalarni odatdagi yo‘l bilan pochtada jo‘natish qiyinlashgan yoki mutlaqo mumkin bo‘lmay qolgan taqdirda, manfaatdor nizolashayotgan tomonlar betaraf vositachiga, masalan, 140-moddada ko‘zda tutilgan Markaziy Agentlikka murojaat qilib, bu borada o‘z zimmasiga yuklangan tegishli vazifani bajarish, xususan, Qizil Xoch (Qizil Yarim Oy, Qizil Sher va Quyosh) milliy jamiyatlari ko‘magidan foydalanish bilan bog‘liq maqbul sharoitni aniqlashtirib oladi.
Nizolashayotgan tomonlar oilaviy yozishmalarni cheklash zarur deb hisoblaganlari taqdirda, bunday cheklashlar 25 ta so‘zli har qanday matnni yozish mumkin bo‘lgan muayyan andazadagi blanklar joriy etish va oyida bitta shunday blank jo‘natish majburiyligidangina iborat bo‘ladi.
26-modda
Nizolashayotgan tomonlarning har biri urush tufayli ajralib ketgan oilalar a’zolari bir-birlari bilan aloqa bog‘lashiga va iloji bo‘lsa, o‘zaro birlashishiga ko‘maklashadigan qidiruv ishlarini osonlashtirishda yordam beradi. Ular, xususan, o‘z faoliyatini ana shu ishga bag‘ishlagan tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlaydi Bunda ushbu tashkilotlar o‘z faoliyati bilan mazkur Davlatga maqbul bo‘lishi va u joriy etgan xavfsizlik choralariga bo‘ysunishi lozim.
III BO‘LIM. HOMIYLIKKA OLINGAN SHAXSLARNING MAQOMI VA ULAR BILAN MUOMALA QILISH TARTIBI
I QISM. NIZOLASHAYOTGAN TOMONLAR HUDUDLARI VA ISTILO ETILGAN HUDUDLAR UCHUN UMUMIY QOIDALAR
27-modda
Homiylikka olingan shaxslar har qanday sharoitda o‘z shaxsi, or-nomusi, oilaviy huquqlari, diniy e’tiqodi va marosimlari, taomil va urf-odatlarining hurmat qilinishi huquqiga ega. Ularga nisbatan doim insoniy munosabatda bo‘linadi, xususan, ular har qanday zo‘rlash va qo‘rqitish harakatlaridan, haqoratlanish va olomon qiziqishidan muhofaza etiladi.
Ayollar har qanday zo‘rlashlardan, xususan, nomusiga tegishdan, fohishabozlikka majburlashdan yoki nomusga tajovuz qiluvchi boshqa xil zo‘rliklardan alohida himoya etiladi.
Homiylikka olingan shaxslarning sog‘lig‘i, yoshi va jinsi bilan bog‘liq vaziyatlarni nazarda tutgan xolda, bu fuqarolarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan nizolashayotgan tomon ularning barchasiga bir xilda, jumladan, ularning irqi, diniy yoki siyosiy qarashlaridan qat’i nazar biron-bir kamsitishlarsiz munosabatda bo‘ladi.
Ayni chog‘da, nizolashayotgan tomonlar ushbu shaxslarga nisbatan urush zarurati taqozosiga ko‘ra muayyan nazorat va xavfsizlikni ta’minlash choralarini qo‘llashi mumkin.
28-modda
Homiylikka olingan shaxslarning qaysidir joy yoki hududda mavjudligidan bu joylarni harbiy amaliyotlardan muhofaza etish uchun foydalanilishi mumkin emas.
29-modda
Homiylikka olingan shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan nizolashayotgan tomon o‘z vakillarining homiylikka olingan shaxslarga nisbatan muomalasi uchun javobgar hisoblanadi, lekin bu hol tegishli vakillarni shaxsiy javobgarlikdan xalos etmaydi.
30-modda
Homiylikka olingan shaxslar Homiy Davlatlarga, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasiga, o‘zlari joylashgan mamlakatning Qizil Xoch (Qizil Yarim Oy, Qizil Sher va Quyosh) milliy jamiyatiga va ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan har qanday jamiyatga murojaat etishlari uchun ularga barcha imkoniyatlar beriladi.
Ma’murlar buning uchun ushbu tashkilotlarga harbiy vaziyat yoki xavfsizlik choralari taqozo etgan doirada barcha sharoitni yaratadi
143-moddada ko‘zda tutilgan Homiy Davlatlar va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi delegatlaridan tashqari, homiylikka olingan shaxslarga moddiy va ma’naviy ko‘maklashuvchi boshqa tashkilotlar vakillari ham ushbu fuqarolarni borib ko‘rishlari uchun homiylikka olingan shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatlar yoki istilochi Davlatlar iloji boricha ko‘maklashadi.
31-modda
Homiylikka olingan shaxslarga nisbatan, xususan, ulardan yoki uchinchi shaxslardan tegishli ma’lumotlarni olish maqsadida, na jismoniy va na ruhiy tartibdagi majburlash choralari qo‘llanilmasligi kerak.
32-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar o‘zlarining hukmi ostidagi homiylikka olingan shaxslarga jismonan azob beradigan yoki ularning halok bo‘lishiga olib keladigan har qanday choralar qo‘llashning taqiqlanishi to‘g‘risida o‘zaro maxsus kelishib oladilar.
Bu taqiq nafaqat o‘ldirish, qiynash, tan azobi berish, homiylikka olingan shaxsni tibbiy davolash zaruratidan kelib chiqmagan jarohatlar yetkazish va tibbiy yoki ilmiy tajribalar o‘tkazish, balki shu bilan birga, fuqaro yoxud harbiy ma’muriyat vakillarining boshqa har qanday qo‘pol zo‘ravonlik qilishiga ham taalluqlidir.
33-modda
Biron-bir homiylikka olingan shaxs o‘zi sodir etmagan huquqbuzarlik uchun jazolanishi mumkin emas. Ommaviy jazolashlar qo‘rqitish yoki terror qilish kabi boshqa choralar qatori taqiqlanadi.
Talon-toroj qilish taqiqlanadi.
Homiylikka olingan shaxslarni va ularga tegishli mol-mulkni repressaliy qilish taqiqlanadi.
34-modda
Garovga olish taqiqlanadi.
II QISM. NIZOLASHAYOTGAN TOMONLAR HUDUDLARIDA JOYLASHGAN CHET ELLIKLAR
35-modda
Har qanday homiylikka olingan shaxs mojaro boshlangan yoki davom etayotgan davrda mamlakat hududini, agar uning ketishi ushbu davlat milliy manfaatlariga zid kelmasa, tark etish huquqiga egadir. Bu shaxslarning chiqib kelish to‘g‘risidagi iltimosnomasini ko‘rib chiqish odatdagidek mavjud tartib-qoidalar asosida amalga oshirilishi va tegishli qaror iloji boricha tezroq qabul qilinishi kerak. Chiqib ketish uchun ruxsat etilgan shaxslar o‘zlari bilan birga safar xarajatlari uchun zarur miqdorda pul mablag‘i, yetarlicha o‘ziga kerakli narsalar va shaxsiy buyumlarini olishlari mumkin.
Qaysidir shaxsga mamlakatdan chiqib ketish uchun ruxsat etilmagan taqdirda, u ushbu masalani qisqa muddat ichida sudda yoki homiylikka olingan shaxs joylashgan Davlat tomonidan xuddi shu maqsadda tayinlangan tegishli ma’muriy organda ko‘rib chiqilishini talab etish huquqiga ega.
Bunday iltimosnoma kelib tushgan hollarda, agar xavfsizlik nuqtayi nazaridan taqozo etilsa va manfaatdor shaxslar qarshi bo‘lmasa, Homiy Davlatlar mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat etish to‘g‘risidagi har qanday iltimosnomaning qondirilmagani sabablari haqida xabardor qilinishi hamda ularga iloji boricha tezkorlikda mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat etilmagan barcha shaxslarning ism-familiyalari qayd etilgan ma’lumot yetkazib berilishi mumkin.
36-modda
Bu shaxslarning oldingi moddaga muvofiq tarzda chiqib ketishi xavfsizlik, gigiyena, sog‘liqni saqlash va ovqatlanish nuqtayi nazaridan qoniqarli sharoitda amalga oshirilishi zarur. Ushbu shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat hududidagi chiqib ketish joyidan boshlab bu bilan bog‘liq barcha sarf-xarajatlar mazkur shaxslar yo‘l olgan mamlakat tomonidan yoki ular betaraf Davlat hududida bo‘lgan taqdirda, ushbu fuqarolar mansub Davlat tomonidan qoplanishi kerak. Bunday safarning amaliy shart-sharoiti zarur hollarda manfaatdor Davlatlar o‘rtasidagi maxsus bitimlar yordamida aniqlashtirib olinadi.
Yuqoridagi qoida nizolashayotgan tomonlar o‘rtasida dushman qo‘liga tushgan fuqarolarni o‘zaro ayirboshlash va vataniga qaytarish masalasi bo‘yicha tuzilishi mumkin bo‘lgan maxsus bitimlarga taalluqli emas.
37-modda
Suddan oldingi qamoqda saqlanayotgan yoki ozodlikdan mahrum etish jazosiga mahkum etilgan homiylikka olingan shaxslarga qamoq davrida insoniy muomala qilinishi lozim.
Ular ozodlikka chiqishlari bilanoq, yuqoridagi moddalar asosida, mamlakat hududidan chiqib ketish uchun ruxsat so‘rab murojaat etishlari mumkin.
38-modda
Mazkur Konvensiyada, xususan, 27 va 41-moddalarda ko‘zda tutilgan alohida choralarni istisno etganda, homiylikka olingan shaxslarning holati asosan tinchlik davrida chet elliklarga nisbatan kuchda bo‘lgan qonun-qoidalarga muvofiq tartibga solinadi. Har qanday holda ham ularga quyidagi huquqlar berilishi kerak:
1) ular o‘zlariga jo‘natilgan alohida yoki jamoaviy ko‘maklarni olishlari mumkin;
2) sog‘liqlari taqozo etgan hollarda, ular manfaatdor Davlat fuqarolari singari belgilangan tartibda tibbiy yordam olish va kasalxonada davolanish imkoniga ega bo‘ladi;
3) ularga o‘zlarining diniy marosimlarini bajarish va o‘zlari mansub din ruhoniylaridan ma’naviy ko‘mak olish uchun ruxsat etiladi;
4) agar ular urush kuchli xavf-xatar solayotgan hududda yashab turgan bo‘lsa, ularga manfaatdor Davlat fuqarolari singari ushbu hududdan ko‘chib ketish uchun ruxsat etiladi;
5) 15 yoshgacha bolalar, homilador ayollar va 7 yoshgacha bo‘lgan bolasi bor onalar manfaatdor Davlat fuqarolari darajasida tegishli imtiyozlardan foydalanadilar.
39-modda
Mojaro oqibatida maoshli ishidan mahrum bo‘lgan homiylikka olingan shaxslarga haq to‘lanadigan ish topish imkoniyati yaratib berilishi shart. Bunday imkoniyat, xavfsizlik tushunchasi nuqtayi nazaridan va 40-modda talabidan kelib chiqqan holda, ushbu shaxslar joylashgan Davlat fuqarolariga bu borada yaratilgan imkoniyatlar bilan teng bo‘lishi kerak.
Homiylikka olingan shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ushbu shaxslarga nisbatan qo‘llagan tegishli nazorat choralari ularni kun o‘tkazib turish imkoniyatlaridan mahrum etgan, ayniqsa, bunday shaxslar xavfsizlik tushunchasi nuqtayi nazaridan o‘zlarini qoniqtiradigan maosh to‘lanadigan ishga joylashishlari mumkin bo‘lmagan hollarda, mazkur Davlat ularni va ularning qaramog‘idagi kishilarni kun o‘tkazish uchun muayyan mablag‘ bilan ta’minlab turishi shart.
Homiylikka olingan shaxslar har qanday holda o‘z vatanidan, Homiy Davlatdan yoki 30-moddada qayd etilgan ko‘mak berish bilan shug‘ullanuvchi jamiyatlar tomonidan ko‘mak olishlari mumkin.
40-modda
Homiylikka olingan shaxslarni faqat ular joylashgan hududdagi nizolashayotgan tomon fuqarolari qatori ishlashgagina majbur etish mumkin.
Homiylikka olingan shaxslar dushman tomon fuqarosi hisoblangan taqdirda, ular faqat kishilarni oziq-ovqat, turar-joy, kiyim-kechak, transport va sog‘liqni saqlash xizmatlari jihatidan tegishli darajada ta’minlash imkonini beradigan hamda harbiy harakatlar olib borishga bevosita daxldor bo‘lmagan ishlarga majbur etilishi mumkin.
Oldingi xatboshilarda ishga majburlanishi mumkinligi qayd etilgan homiylikka olingan shaxslar tegishli mehnat sharoiti va kafolatlari bo‘yicha, xususan, maosh, ish kunining davomiyligi, kiyim-kechak va asbob-aslahalar, oldindan kasbga o‘rgatish, ish vaqtida baxtsiz hodisaga uchragani va kasb kasalligiga chalingani uchun tovon puli bilan ta’minlash kabi masalalarda mazkur mamlakat ishchilariga tenglashtiriladi.
Yuqoridagi qoidalar buzilgan taqdirda, homiylikka olingan shaxslarga 30-modda asosida shikoyat qilish huquqidan foydalanish uchun ruxsat etiladi.
41-modda
Agar homiylikka olingan shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat mazkur Konvensiyada qayd etilgan nazorat choralarini yetarli emas deb hisoblasa, baribir, ularga nisbatan 42 va 43-moddalar qoidalariga muvofiq muayyan joyga majburiy ko‘chirish yoki muayyan hududga joylashtirishdan boshqa qandaydir og‘irroq choralarni qo‘llay olmaydi.
Boshqa muayyan joyga majburiy ko‘chirish to‘g‘risidagi qaror asosida o‘zlarining odatiy joylarini tark etishlari talab qilingan shaxslarga nisbatan 39-moddaning ikkinchi xatboshidagi qoidani qo‘llashda, homiylikka olingan shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat muayyan hududga joylashtirilgan dushman mamlakat fuqarolari bilan muomalada mazkur Konvensiyaning III bo‘lim IV qismidagi qoidalarga iloji boricha aniq amal qilishi kerak.
42-modda
Homiylikka olingan shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat xavfsizligi uchun juda zarur bo‘lgan hollardagina bu shaxslarni muayyan hududga joylashtirish yoki muayyan joyga ko‘chirish to‘g‘risida farmoyish berilishi mumkin.
Agar biron-bir shaxs Homiy Davlat vakillari orqali ko‘ngilli ravishda o‘zini urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etishlarini so‘rasa va shaxsiy ahvoli shuni taqozo etayotgan bo‘lsa, u holda mazkur shaxs uni hukmi ostida saqlab turgan Davlat tomonidan muayyan hududga joylashtiriladi.
43-modda
Muayyan hududga joylashtirilgan yoki muayyan joyga majburiy ko‘chirilgan homiylikka olingan har bir shaxs bu haqdagi qarorning tegishli sudda yoki muayyan hududga joylashtirilgan shaxsni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat shu maqsadda tayinlagan tegishli ma’muriy organ tomonidan qayta ko‘rib chiqilishini talab etish huquqiga ega. Muayyan hududga joylashtirish yoki muayyan joyga majburiy ko‘chirish chorasi o‘z kuchida qolgan taqdirda, sud yoki ma’muriy organ muntazam ravishda kamida yiliga ikki marta mazkur shaxsga taalluqli masalani, agar sharoit taqozo etsa, dastlabki qarorni ijobiy tomonga o‘zgartirish maqsadida qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi.
Agar manfaatdor homiylikka olingan shaxslar qarshi bo‘lmasa, muayyan hududga joylashtirilgan shaxsni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat muayyan hududga joylashtirilgan yoki muayyan joyga majburiy ko‘chirilgan homiylikka olingan barcha shaxslarning ism-familiyalarini va muayyan hududga joylashtirilgan yoki majburiy ko‘chirilgan joylaridan ozod etilgan shaxslarning ism-familiyalarini imkon qadar tezkorlik bilan Homiy Davlatga ma’lum qilishi kerak. Mazkur moddaning birinchi xatboshida qayd etilgan sudlar yoki organlar qarorlari ham, tegishli shart-sharoit doirasida, imkon qadar tezkorlik bilan Homiy Davlatga ma’lum qilinishi zarur.
44-modda
Mazkur Konvensiyada qayd etilgan nazorat choralarini qo‘llash davomida, homiylikka olingan shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat aslida biron-bir hukumat homiyligida bo‘lmagan qochoqlarni yuridik jihatdan dushman Davlatga mansub ekanligi asosidagina ularga dushman tomon fuqarolari deb yondashmasligi lozim.
45-modda
Homiylikka olingan shaxslar Konvensiya ishtirokchisi bo‘lmagan Davlatga topshirilishi mumkin emas.
Bu qoida urush harakatlari tugaganidan so‘ng homiylikka olingan shaxslarni vataniga qaytarish yoki ularning yashash joyi bo‘lgan mamlakatga qaytarib yuborishga to‘sqinlik qilmasligi kerak.
Homiylikka olingan shaxslar ularni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat tomonidan Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan Davlatgagina va mazkur Davlatning Konvensiyani qo‘llash istagi va imkoniyati mavjudligiga homiylikka olingan shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ishonch hosil qilgan holdagina topshirilishi mumkin. Homiylikka olingan shaxslarni bunday topshirish amalga oshgach, ushbu shaxslar ishonib topshirilgan muddat mobaynida Konvensiyani qo‘llash mas’uliyati bu shaxslarni qabul qilib olgan Davlat zimmasiga yuklanadi. Mabodo, mazkur Davlat Konvensiyaning biron-bir muhim bandidagi qoidalarni bajarmagan taqdirda, homiylikka olingan shaxslarni unga topshirgan Davlat, Homiy Davlatlar xabari bo‘yicha mavjud vaziyatni izga solish uchun samarali choralar qo‘llashi yoki homiylikka olingan shaxslarni o‘ziga qaytarib berishni talab etishi kerak. Bunday talab qondirilishi zarur.
Homiylikka olingan shaxs o‘zining siyosiy yoki diniy maslagi nuqtayi nazaridan ta’qibga uchrashi mumkinligidan xavotirda bo‘lgan mamlakatga topshirilishi mutlaqo mumkin emas.
Mazkur moddaning qoidalari harbiy harakatlar boshlanmasidan oldin tuzilgan ushlab berish to‘g‘risidagi bitimlarga muvofiq ravishda jinoiy xatti-harakat sodir etganlikda ayblanayotgan homiylikka olingan shaxslarni topshirishga monelik qilmaydi.
46-modda
Homiylikka olingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilgan cheklov choralari harbiy harakatlar tugaganidan so‘ng, agar bundan ilgariroq bekor qilinmagan bo‘lsa, iloji boricha qisqa vaqt ichida bekor qilinadi.
Ularning mulkiga nisbatan qo‘llanilgan cheklov choralari, homiylikka olingan shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat qonunchiligiga muvofiq ravishda, harbiy harakatlar tugaganidan so‘ng iloji boricha qisqa vaqt ichida bekor qilinadi.
III QISM. ISTILO ETILGAN HUDUDLAR
47-modda
Istilo etilgan hududda joylashgan homiylikka olingan shaxslar hech qachon va hech qanday tarzda, istilo natijasida ushbu hududni boshqarish borasida joriy etilgan o‘zgarishlar, istilo etilgan hudud ma’muriyati va istilochi Davlat o‘rtasida tuzilgan maxsus bitimlar va ushbu hududning to‘laligicha yoki qisman zo‘ravonlik bilan qo‘shib olinishidan qat’i nazar, mazkur Konvensiya imtiyozlaridan mahrum etilishi mutlaqo mumkin emas.
48-modda
Hududi istilo etilgan Davlat fuqarosi hisoblanmagan homiylikka olingan shaxslar 35-moddada ko‘zda tutilgan shartlarga amal qilganlari taqdirda, mazkur hududni tark etish huquqidan foydalanishlari mumkin va bu haqdagi tegishli qaror o‘sha moddaga muvofiq istilochi Davlat tomonidan o‘rnatilgan tartib-qoida asosida qabul qilinishi kerak.
49-modda
Homiylikka olingan shaxslarni istilo etilgan hududdan istilochi Davlat hududiga yoki istilo etilganmi-yo‘qligidan qat’i nazar, boshqa har qanday Davlat hududiga qanday vaj bilan bo‘lmasin birma-bir yoki ommaviy zo‘rlab ko‘chirish, shuningdek, deportatsiya qilish taqiqlanadi.
Shu bilan birga, agar buni aholi xavfsizligi yoki favqulodda harbiy vaziyat talabi taqozo etsa, istilochi Davlat istilo etilgan muayyan hududda to‘laligicha yoxud qisman ko‘chirishni amalga oshirishi mumkin. Ko‘chirish paytida homiylikka olingan shaxslar istilo etilgan hududning eng ichkari qismiga joylashtirilishi lozim, bu taxlit joylashtirishning amalda imkoni bo‘lmagan holatlar bundan mustasnodir. Bunday tartibda ko‘chirilgan aholi mazkur hududda jangovar harakatlar barham topishi bilanoq o‘z uylariga qaytariladi.
Istilochi Davlat ushbu joyni o‘zgartirishga yoki ko‘chirishlarni amalga oshirishga kirishar ekan, homiylikka olingan shaxslarni o‘z imkoniyati doirasida tegishli binolar bilan ta’minlashi lozim; bunday ko‘chirishlar xavfsizlik, gigiyena, salomatlikni saqlash va ovqatlanish nuqtayi nazaridan qoniqarli sharoitda amalga oshirilishi kerak. Yagona oila a’zolari bir-biridan ajratib yuborilmasligi shart.
Bu taxlit joy o‘zgartirish yoki ko‘chirishlar amalga oshirilishi bilanoq bu haqda Homiy Davlat xabardor etilishi lozim.
Agar aholi xavfsizligi yoki favqulodda harbiy vaziyat talabi buni taqozo etmasa, istilochi Davlat homiylikka olingan shaxslarni urush xavf-xatari juda yuqori bo‘lgan hududlarda saqlab turishi mumkin emas.
Istilochi Davlat o‘zi istilo etgan hududga o‘z fuqarolarini deportatsiya qilishi yoki joylashtirishi mumkin emas.
50-modda
Istilochi Davlat milliy va mahalliy ma’muriyatlar ko‘magida bolalar vasiyligi va tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan muassasalarning faoliyati muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun ularga yordam ko‘rsatishi zarur.
U bolalarning shaxsini aniqlash va ularning qarindoshlik aloqalarini ro‘yxatga olishda ko‘maklashish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi kerak. U bolalarning fuqarolik holatini o‘zgartirishi va ularni o‘ziga bo‘ysunuvchi tuzilma va tashkilotlarga tirkab qo‘yishi mutlaqo mumkin emas.
Mahalliy muassasalar bu faoliyatni amalga oshirishga qodir bo‘lmagan taqdirda, istilochi Davlat yetim bolalarni yoki urush oqibatida ota-onalaridan ajralgan va o‘z yaqin qarindoshlari yoxud do‘stlari tomonidan g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishi imkonsiz bo‘lgan bolalarni boqish hamda ularga ta’lim-tarbiya berish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rishi shart; ta’lim-tarbiya iloji boricha fuqaroligi, tili va diniy mansubligi nuqtayi nazaridan shu bolalarga yaqin bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshirilishi kerak.
Bolalarning shaxsi borasida shubha yuzaga kelgan taqdirda, 136-moddaga muvofiq tuzilgan maxsus byuro bo‘limi ularning shaxsini aniqlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘radi. Bolalar o‘z ota va onasi yoki boshqa yaqin qarindoshlari haqida biladigan barcha ma’lumotlar doim qayd etib borilishi kerak.
Istilochi Davlat ovqatlantirish, tibbiy parvarishlash va urush harakatlaridan himoya etish borasida 15 yoshgacha bolalarga, homilador ayollarga va 7 yoshgacha bolali onalarga nisbatan istiloga qadar qabul qilingan tegishli choralarning qo‘llanilishini qiyinlashtirmasligi lozim.
51-modda
Istilochi Davlat homiylikka olingan shaxslarni o‘z qurolli kuchlarida yoki yordamchi qo‘shinlarda xizmat qilishga majburlashi mumkin emas. Ko‘ngilli ravishda armiyaga kirishga har qanday yo‘l bilan majbur etish yoki targ‘ib qilish taqiqlanadi.
Istilochi Davlat faqat 18 yoshdan katta bo‘lgan homiylikka olingan shaxslarnigina majburiy ishga yuborishi va faqat istilochi armiya ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan yoki kommunal korxonalarga, istilo etilgan joydagi aholini oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, transport va tibbiy xizmat bilan ta’minlashga taalluqli ishlargagina yuborishi mumkin. Homiylikka olingan shaxslarni harbiy amaliyotda ishtirok etishga undaydigan biron-bir yumushni bajarishga majburlash mumkin emas. Istilochi Davlat homiylikka olingan shaxslarni o‘z zimmalariga yuklangan ishni bajarayotgan binolar xavfsizligini ta’minlashda kuch ishlatishga majburlashi mumkin emas.
Har qanday ish ushbu shaxslar joylashgan istilo etilgan tegishli hudud doirasidagina bajariladi. Ana shu shaxslarning har biri iloji boricha o‘zining odatdagi ish joyida qoldiriladi Ish haqi adolatli ravishda hamda xodimlarning jismoniy va aqliy salohiyatiga munosib holda to‘lanishi kerak. Istilo etilgan Davlatda amalda bo‘lgan mehnat shart-sharoitlari va muhofazasi bo‘yicha qonunlar, xususan, maosh, ish kuni, asbob-aslaha, oldindan kasbga tayyorlash, ish vaqtidagi baxtsiz hodisa va kasb kasalligi bo‘yicha nafaqa to‘lovlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari mazkur moddada ko‘rsatilgan ishlarga jalb qilingan homiylikka olingan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.
Har qanday holatda ham xodimlarni majburiy tartibda mehnatga jalb etish ularning harbiy yoki yarim harbiy mazmundagi tashkilotlarga safarbar qilinishiga olib kelmasligi kerak.
52-modda
Biron-bir shartnoma, bitim yoki nizom ixtiyoriy yoki g‘ayriixtiyoriy ravishda ishga jalb etilganidan va qayerda joylashganidan qat’i nazar, tegishli shaxsning Homiy Davlat vakillariga himoya so‘rab murojaat qilish huquqini cheklashi mumkin emas.
Ularni istilochi Davlat foydasiga ishlashga majburlash maqsadida istilo etilgan hududdagi mehnatkashlarni ishsiz qoldirishga yoki ishlash imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan har qanday tadbirlar taqiqlanadi.
53-modda
Harbiy amaliyotlar nuqtayi nazaridan mutlaqo zarur bo‘lmagan hollarda, Istilochi Davlat tomonidan xususiy shaxslar yoki Davlat, jamoalar yoki ijtimoiy va kooperativ tashkilotlarning xususiy yoxud jamoa mulki hisoblangan ko‘char va ko‘chmas mol-mulkni har qanday yo‘q qilish taqiqlanadi.
54-modda
Istilochi Davlatga istilo etilgan hududdagi amaldor shaxslar va sudyalar maqomini o‘zgartirish va agar ular vijdon amri bilan o‘z vazifalaridan bosh torsalar, ularga nisbatan sanksiyalar qo‘llash, qandaydir majburlash choralarini ko‘rish yoki ularni kamsitish yo‘lini tutish taqiqlanadi.
Ushbu oxirgi taqiq 51-moddaning ikkinchi xatboshini qo‘llashga xalal bermaydi. U istilochi Davlatning amaldor shaxslarni egallab turgan lavozimidan olib tashlash borasidagi huquqiga daxl etmaydi.
55-modda
Istilochi Davlat imkonidagi barcha vositalar ko‘magida fuqaro aholini oziq-ovqat va sanitariya mahsulotlari bilan ta’minlashga majbur. Xususan, istilo etilgan hududdagi zaxiralar kamlik qilgan hollarda, u g‘amlangan oziq-ovqat, sanitariya materiallari va boshqa zarur buyumlarni tashib keltirishi kerak.
Istilochi Davlat istilo etilgan hududdagi g‘amlangan oziq-ovqat, sanitariya materiallari yoki boshqa zarur buyumlarni fuqaro aholining ehtiyojini hisobga olgan holdagina faqat istilochi qo‘shinlar va ma’muriyatni ta’minlash maqsadida rekvizitsiya qilishi mumkin. Boshqa xalqaro konvensiyalarga amal qilish shartiga muvofiq, istilochi Davlat har qanday rekvizitsiyalanishning adolatli ravishda qoplanishini ta’minlash yuzasidan tegishli choralar ko‘radi.
Homiy Davlat qat’iy harbiy sharoit taqozo etgan vaqtinchalik cheklashlarni nazarda tutgan holda, istilo etilgan hududlarning oziq-ovqat va sanitariya mahsulotlari bilan ta’minlanganligi holatini har qanday vaqtda to‘sqinliklarsiz tekshirib ko‘rish huquqiga ega.
56-modda
Istilochi Davlat imkonidagi barcha vositalar yordamida hamda milliy va mahalliy ma’muriyatlar ko‘magida istilo etilgan hududdagi sanitariya va kasalxona muassasalari va xizmatlari faoliyatini hamda sog‘liqni saqlash va jamoat gigiyenasini ta’minlashi va qo‘llab-quvvatlashi, xususan, yuqumli kasalliklar va epidemiyaning tarqalishiga qarshi kurashish uchun zarur profilaktik va ogohlantiruvchi choralar qo‘llashi zarur. Barcha toifalardagi tibbiyot xodimlariga o‘z vazifalarini bajarishlari uchun ruxsat etiladi.
Istilo etilgan hududda yangi kasalxonalar ochilgan taqdirda, agar ushbu hududda istilochi Davlatning vakolatli organi faoliyat ko‘rsatmayotgan bo‘lsa, zarur hisoblangan hollarda istilochi ma’murlar 18-moddaga muvofiq ushbu kasalxonalarni e’tirof etishi kerak. Xuddi shunday hollarda istilochi ma’murlar 20 va 21-moddalarga muvofiq kasalxona xodimlari va tashish vositalarini ham e’tirof etadi.
Sog‘liqni saqlash va gigiyena sohasida tegishli choralarni hayotga tatbiq etar ekan, istilochi Davlat istilo etilgan hudud aholisining ma’naviy va axloqiy talablarini ham e’tiborga olishi shart.
57-modda
Istilochi Davlat fuqaro kasalxonalarini faqat yarador va bemor harbiy xizmatchilarni parvarishlash ehtiyoji o‘ta zarur hollardagina, unda ham vaqtincha muddatga rekvizitsiya qilishi mumkin. Bunda uning tomonidan mazkur kasalxonadagi bemorlarni davolash va parvarishlash, fuqaro aholining kasalxonada davolanish ehtiyojini ta’minlash yuzasidan kechiktirilmasdan tegishli choralar ko‘rilishi shart.
Fuqaro kasalxonalarining mol-mulki va omborlari fuqaro aholining ehtiyoji uchun zarur bo‘lib turar ekan, ularni rekvizitsiya qilish mumkin emas.
58-modda
Istilochi Davlat ruhoniy xodimlarga ular o‘z dindoshlariga ma’naviy ko‘mak ko‘rsatishlari uchun ijozat etadi.
Istilochi Davlat diniy ehtiyojlar uchun zarur kitoblar va boshqa buyumlar solingan jo‘natmalarni qabul qilib oladi va ularning istilo etilgan hududda tarqatilishiga ko‘maklashadi.
59-modda
Istilo etilgan hudud aholisi yalpi yoki qisman yetarlicha ta’minlanmagan bo‘lsa, istilochi Davlat mazkur aholiga ko‘maklashish bo‘yicha tegishli tadbirlar o‘tkazishga rozilik berishi va bu tadbirlarni amalga oshirishni o‘z ixtiyoridagi barcha vositalar bilan qo‘llab-quvvatlashi shart.
Davlatlar yoki beg‘araz insonparvarlik tashkilotlari, masalan, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladigan bunday tadbirlar jumlasiga, xususan, oziq-ovqatlar, sanitariya mahsulotlari va kiyim-kechaklarni jo‘natish ham kiradi.
Barcha Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu jo‘natmalarning erkin tashib o‘tilishiga ruxsat etishi va tegishlicha qo‘riqlanishini kafolatlashi zarur.
Mojaroda ishtirok etayotgan dushman tomonidan istilo etilgan hududga ushbu jo‘natmalarni erkin tashib o‘tish sharoitini yaratib bergan Davlat, ayni chog‘da, bu jo‘natmalarni tekshirish, belgilangan muddat va yo‘nalish bo‘yicha tashilishini tartibga solish va Homiy Davlat ko‘magida ushbu jo‘natmalardan istilochi Davlat manfaatlari yo‘lida emas, balki ehtiyojmand aholiga yordam berish uchun foydalanilishiga ishonch hosil qilish huquqlariga ega bo‘lishi kerak.
60-modda
Yordam yuklari istilochi Davlatni 55, 56 va 59-moddalar bilan o‘z zimmasiga yuklangan mas’uliyatlarning hech biridan ozod etmaydi. Istilochi Davlat, istilo etilgan hudud aholisi manfaatlari va Homiy Davlat roziligi mavjud bo‘lgan shoshilinch zaruriyat hollarini istisno etganda, yordam yuklarini boshqa hech qanday maqsadlarga mo‘ljallashi mumkin emas.
61-modda
Oldingi moddalarda qayd etilgan yordam yuklarining taqsimoti Homiy Davlat ko‘magi va nazorati ostida amalga oshiriladi. Istilochi Davlat bilan Homiy Davlat o‘rtasidagi kelishuv orqali bu mas’uliyat betaraf Davlatga, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasiga yoki har qanday beg‘araz insonparvarlik tashkilotiga topshirilishi ham mumkin.
Bu yordam yuklari istilo etilgan hududlarda har qanday to‘lovlar, soliqlar va bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi;
bu to‘lovlar mazkur hudud manfaatlari uchun zarur hisoblangan hollar bundan mustasno. Istilochi Davlat ushbu yuklarning zudlik bilan taqsimlanishini ta’minlashga harakat qilishi kerak.
Barcha Ahdlashuvchi Tomonlar istilo etilgan hududga jo‘natilayotgan ushbu yordam yuklarini bepul o‘tkazish va tashish masalasini hal etishga harakat qilishlari lozim.
62-modda
Istilo etilgan hududdagi homiylikka olingan shaxslar bundan tashqari, agar bu qat’iy xavfsizlik manfaatlariga xilof bo‘lmasa, alohida o‘z nomlariga yuborilgan jo‘natmalar ham olishlari mumkin.
63-modda
Istilochi Davlat tomonidan istisno tariqasida favqulodda xavfsizlik nuqtayi nazaridan vaqtincha joriy etilgan tegishli choralarga amal qilish sharti bilan:
a) Qizil Xoch (Qizil Yarim Oy, Qizil Sher va Quyosh)ning e’tirof etilgan milliy Jamiyatlari Qizil Xoch prinsiplariga javob beradigan, Qizil Xoch xalqaro konferensiyalari tomonidan belgilangan faoliyat bilan shug‘ullanishda davom etishlari mumkin. Yordam ko‘rsatuvchi boshqa jamiyatlarga xuddi shu shartlar asosida o‘z insonparvarlik faoliyatini davom ettirish ruxsat etiladi;
b) istilochi Davlat mazkur jamiyatlar xodimlari yoki tuzilmasi tarkibiga, ularning yuqorida belgilangan faoliyatiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan biron-bir o‘zgartirishlar kiritishni talab etishi mumkin emas.
Xuddi shu prinsiplar asosiy ijtimoiy foydali xizmatlarni, ko‘mak taqsimotini va qutqaruvni tashkillashtirishni qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan fuqaro aholining turmush sharoitini ta’minlash maqsadida tuzilgan yoki kelgusida tuzilishi mumkin bo‘lgan noharbiy mazmundagi maxsus tashkilotlar faoliyati va xodimlariga ham taalluqlidir.
64-modda
Istilo etilgan hududning jinoiy qonunchiligi o‘z kuchida qoladi; bu qonunchilik istilochi Davlat xavfsizligiga tahdid solgani yoki mazkur Konvensiyani qo‘llashga xalal bergani uchun istilochi Davlat tomonidan bekor qilinishi yoxud to‘xtatib qo‘yilishi bilan bog‘liq hollar bundan mustasno. Ana shu mulohazani va adolatni qaror toptirish samaradorligi zaruriyatini hisobga olgan holda, istilo etilgan hududdagi sud organlari mazkur qonunchilikda ko‘zda tutilgan barcha huquqbuzarliklar yuzasidan o‘z faoliyatini bajarishda davom etadi.
Istilochi Davlat shunga qaramasdan istilo etilgan hudud aholisini mazkur Konvensiyaga muvofiq zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarish, hududni oqilona boshqarishni qo‘llab-quvvatlash va istilochi Davlat, istilochi qo‘shinlar yoki ma’muriyatning shaxsiy tarkibi va mol-mulkini, shuningdek, ular foydalanadigan inshootlar va kommunikatsiya tarmoqlarining xavfsizligini ta’minlash uchun bevosita zarur bo‘lgan qarorlar harakatiga bo‘ysundirishi mumkin.
65-modda
Istilochi Davlat tomonidan chiqariladigan jinoiy javobgarlikni ko‘zda tutuvchi qarorlar matbuotda chop etilib, aholiga ular tushunadigan tilda yetkazilganidan so‘ng kuchga kiradi. Ushbu majburiy qarorlarning ta’siri teskari kuchga ega bo‘lmasligi kerak.
66-modda
Istilochi Davlat tomonidan 64-moddaning ikkinchi xatboshiga muvofiq chiqarilgan jinoiy javobgarlikni ko‘zda tutuvchi qarorlar buzilgan taqdirda, istilochi Davlat ayblanuvchini o‘zining tegishli tartibda tuzilgan va albatta istilo etilgan hududda joylashgan nosiyosiy harbiy sudiga topshirishi mumkin. Ikkinchi instansiya sudlari asosan istilo etilgan hududda joylashadi.
67-modda
Bu sudlar faqat qonuniy tartibda chiqarilgan, huquqbuzarlik sodir etilishiga qadar kuchda bo‘lgan va huquqning asosiy prinsiplariga, xususan, jazo mutanosibligi prinsipiga mos keladigan qarorlarnigina qo‘llashi mumkin. Ular ayblanuvchi istilochi Davlatning fuqarosi emasligi faktini e’tiborda tutishlari lozim bo‘ladi.
68-modda
Homiylikka olingan shaxs tomonidan istilochi Davlatga ziyon yetkazishdan iborat yagona maqsad bilan huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, agar bu huquqbuzarlik istilochi qo‘shinlar shaxsiy tarkibi yoki ma’murlarning hayotiga yoxud jismoniy daxlsizligiga nisbatan tajovuz bo‘lmasa, jiddiy ommaviy xavf tug‘dirmasa, istilochi qo‘shinlar yoki ma’muriyatga tegishli mol-mulkka yoki ular foydalanadigan inshootlarga jiddiy ziyon yetkazmagan bo‘lsa, u xolda ushbu shaxs majburiy muayyan hududga joylashtiriladi yoki qamoqqa olinadi, ayni chog‘da, bunday muayyan hududga joylashtirish yoki qamoqda saqlash muddati mazkur shaxs sodir etgan huquqbuzarlikka mutanosib bo‘lishi shart. Bundan tashqari, muayyan hududga joylashtirish yoki qamoqda saqlash jazosi bunday huquqbuzarliklarni sodir etgan homiylikka olingan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan yagona ozodlikdan mahrum etish chorasi hisoblanadi. Mazkur Konvensiyaning 66-moddasida ko‘zda tutilgan sudlar qamoqda saqlash jazosini xuddi shu muddatga muayyan hududga joylashtirish chorasi bilan bemalol almashtirishlari mumkin.
Istilochi Davlat 64 va 65-moddalarga muvofiq chiqargan jinoiy javobgarlik haqidagi qoidalarda homiylikka olingan shaxslarga nisbatan o‘lim jazosi ular tomonidan ayg‘oqchilik, istilochi Davlatning harbiy inshootlariga qarshi qaratilgan jiddiy qo‘poruvchilik yoki bir yoxud bir necha shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan huquqbuzarlik harakatlari sodir etilgan hollardagina ko‘zda tutilishi mumkin. Bunda istilo etilgan hududning istiloga qadar amalda bo‘lgan qonunchiligida xuddi shu singari holatlar uchun o‘lim jazosi ko‘zda tutilgan bo‘lishi shart.
Ayblanayotgan homiylikka olingan shaxsning istilochi Davlat fuqarosi emasligi va shu tufayli ushbu Davlatga nisbatan sadoqat tuyg‘usi bilan bog‘lanmaganligi kabi holatlarga sud tomonidan alohida e’tibor qaratilmaguncha, ayblanuvchiga nisbatan o‘lim jazosi uchun hukm chiqarilishi mumkin emas.
Huquqbuzarlik sodir etgan paytda o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan homiylikka olingan shaxs o‘lim jazosiga hukm etilishi mutlaqo mumkin emas.
69-modda
Barcha hollarda suddan oldingi qamoq muddati ayblanayotgan homiylikka olingan shaxs hukm etiladigan har qanday qamoq jazosi muddatiga qo‘shib hisoblanadi.
70-modda
Istilochi Davlat tomonidan homiylikka olingan shaxslar istiloga qadar yoki istilo vaqtincha bekor qilingan davrda sodir etgan harakati yoxud bildirgan fikri uchun qamoqqa olinishi, ta’qib etilishi yoki sud qilinishi mumkin emas; urush qonunlari va odatlarini buzish xollari bundan mustasno.
Mojaro boshlanishidan oldin istilo etilgan hududda pana joy izlab yurgan istilochi Davlat fuqarolari faqat harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng sodir etgan huquqbuzarliklari yoki harbiy harakatlar boshlanishiga qadar sodir etgan jinoiy harakatlari uchungina, agar hududi istilo etilgan Davlat qonunchiligida bunday jinoyatchining tinchlik davrida ushlab berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, qamoqqa olinishi, sud qilinishi, hukm etilishi yoxud istilo etilgan hududdan deportatsiya qilinishi mumkin.
71-modda
Istilochi Davlatning vakolatli sudlov organlari muayyan ishni belgilangan protsessual tartibda ko‘rib chiqmasdan turib, biron-bir hukm chiqarishi mumkin emas.
Istilochi Davlat tomonidan o‘ziga qarshi ayblov qo‘zg‘atilgan har qanday shaxs bu haqda kechiktirmasdan, yozma ravishda, unga tushunarli tilda, unga qarshi qo‘yilayotgan ayblar tafsilotidan to‘laligicha xabardor etilishi va uning ishi imkon qadar tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi shart. Istilochi Davlat tomonidan homiylikka olingan shaxslarga nisbatan o‘lim jazosiga yoki ikki yil va undan ortiq muddat qamoq jazosiga hukm etishga sabab bo‘ladigan ayblar qo‘yilishi yuzasidan boshlangan har qanday fosh etish harakatlari to‘g‘risida Homiy Davlatga xabarnoma yuborishi kerak; u har doim bunday harakatlardan har qandayining holati yuzasidan tegishli ma’lumot olishi mumkin. Bundan tashqari, Homiy Davlat bunday sudlov ishlari va istilochi Davlat tomonidan homiylikka olingan shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan fosh etish harakatlariga tegishli barcha ma’lumotlarni so‘rab olish huquqiga ega.
Mazkur moddaning ikkinchi xatboshida ko‘zda tutilgan xabarnoma Homiy Davlatga zudlik bilan jo‘natilishi kerak va har holda, Homiy Davlat uni ishning birinchi tinglanishi boshlanishidan uch hafta ilgari olishi kerak. Mabodo sud majlisining boshlanishida mazkur modda qoidalari to‘la bajarilganligi to‘g‘risida tegishli dalil mavjud bo‘lmasa, sud ishi tinglanishi mumkin emas. Bu xabarnomada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:
a) ayblanuvchining shaxsi haqidagi ma’lumotlar;
b) muayyan hududga joylashtirilgan yoki qamoqda saqlanayotgan joyi;
s) ayblov yoki ayblovlarning batafsil bayoni (ayblov asoslanayotgan jinoiy javobgarlikni ko‘zda tutuvchi tegishli qarorlarni ko‘rsatgan holda);
d) ishni muhokama qiluvchi sudning nomi;
e) ishni birinchi tinglash vaqti va manzili.
72-modda
Har qanday ayblanuvchi sudda o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan dalillarni keltirish huquqiga ega, jumladan, sudga guvohlarning chaqirilishini talab etishi mumkin. Ayblanuvchi o‘zi tanlab olgan malakali oqlovchi yordamidan foydalanish huquqiga ega va ushbu oqlovchiga ayblanuvchini erkin kelib qurish va himoyaga tayyorgarlik qurish uchun barcha sharoit yaratiladi.
Agar ayblanuvchi o‘ziga oqlovchi tanlab olmagan bo‘lsa, uni Homiy Davlat tanlab berishi mumkin. Mabodo ayblanuvchi og‘ir jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan bo‘lsa va tegishli Homiy Davlat mavjud bo‘lmagan taqdirda, ayblanuvchining roziligiga ko‘ra istilochi Davlat unga oqlovchi topib berishi kerak.
Har qanday ayblanuvchiga suddan oldingi tergov jarayonida, shuningdek, sud majlislari paytida tarjimondan foydalanish uchun sharoit yaratilishi kerak, u o‘z ixtiyori bilan bunday yordamni rad etgan dollar bundan mustasno.
73-modda
Har qanday mahkum qonunchilikda ko‘zda tutilgan va sud tomonidan qo‘llaniladigan barcha xildagi shikoyat qilish usullaridan foydalanish huquqiga ega. U o‘zining shikoyat qilish huquqi, shuningdek, bu huquqdan qaysi muddatlar davomida foydalana olishi mumkinligi haqida to‘la xabardor etilishi zarur.
Mazkur qismda ko‘zda tutilgan jinoiy-protsessual tartib qoidalar imkon qadar shikoyat qilishda ham qo‘llanishi kerak Sud tomonidan qo‘llanilgan qonun-qoidalarda shikoyat qilish tartibi ko‘zda tutilmagan taqdirda, ushbu sud tomonidan hukm etilgan shaxs hukm ustidan istilochi Davlatning tegishli ma’muriyatiga shikoyat qilish huquqiga egadir.
74-modda
Homiy Davlat vakillari homiylikka olingan shaxslarning ishi ko‘rib chiqilayotgan har qanday sudning majlislarida hozir bo‘lish huquqiga ega; istilochi Davlat xavfsizligi manfaatlari nuqtayi nazaridan yopiq eshiklar ortida tinglanadigan sud majlislari bundan mustasno bo‘lib, bu haqida istilochi Davlat Homiy Davlatga oldindan bildiradi. Ishning sudda tinglanishi boshlanadigan joy va sana haqida Homiy Davlatga bildirish yuborilishi kerak.
O‘lim jazosini yoki ikki yil va undan ortiq muddat qamoq jazosini ko‘zda tutuvchi barcha sud hukmlari to‘g‘risida Homiy Davlatga iloji boricha qisqa fursat ichida bildirilishi va bildirishda bunday hukm chiqarish uchun tegishli asoslar ko‘rsatilgan bo‘lishi zarur. Bildirish 71-moddaga muvofiq yuborilgan xabarnomaga havola qilingan bo‘lishi va ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqarilgan hollarda unda jazo o‘taladigan tegishli manzil ko‘rsatilishi lozim. Yuqorida qayd etilganidan boshqa hukmlar sudda saqlanadi va Homiy Davlat vakillariga tanishish uchun taqdim etiladi. Homiy Davlatga tegishli hukm to‘g‘risidagi bildirish yetib bormaguniga qadar o‘lim jazosini yoki ikki yil va undan ortiq muddat qamoq jazosini ko‘zda tutuvchi sud hukmlari ustidan shikoyat qilish uchun belgilangan muddat boshlanmasligi kerak.
75-modda
Hech qanday holatda o‘limga hukm etilganlar afv etish to‘g‘risida iltimos qilish huquqidan mahrum etilmaydi.
Homiy Davlat tegishli o‘lim hukmini tasdiqlash yoki afv etishni rad qilish to‘g‘risidagi sudning yakuniy qarori yuzasidan xabarnoma olgan muddatdan e’tiboran kamida olti oy o‘tmaguniga qadar biron-bir o‘lim hukmi ijro etilmaydi.
Favqulodda holat munosabati bilan istilochi Davlat yoki uning qurolli kuchlari uchun atayin xatarli vaziyatlar yuzaga keltirilgan alohida hollarda ushbu olti oylik muddat qisqartirilishi ham mumkin. Homiy Davlatga bunday muddat qisqartirilishlari haqida har doim ma’lum qilinadi va vakolatli istilochi ma’muriyatlarga ana shu o‘lim hukmi yuzasidan taqdimnoma bilan murojaat qilishi uchun tegishli imkoniyat va zarur muddat beriladi.
76-modda
Ayblanuvchi homiylikka olingan shaxslar istilo etilgan mamlakatda qamoqda saqlanadi va hukm etilganlari taqdirda, ular xuddi shu joyda o‘z jazo muddatini o‘taydi. Ular iloji bo‘lsa boshqa mahbuslardan alohida saqlanishi va salomatligini yaxshi ahvolda saqlab turishlari uchun yetarli bo‘lgan va kamida istilochi Davlat qamoqxonalari tartibiga mos keladigan tegishli sanitariya va ovqatlanish tartibi belgilanishi kerak.
Ular sog‘ligining ahvoli taqozo etadigan tibbiy yordamni oladilar.
Ularga o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ma’naviy ko‘mak olishlari uchun ruxsat etiladi.
Ayollar alohida binolarda qamoqda saqlanadi va bevosita ayollarning nazorati ostida bo‘ladi.
Voyaga yetmaganlar uchun ko‘zda tutilgan maxsus tartib e’tiborga olinadi.
Mahbus homiylikka olingan shaxslar ularni Homiy Davlat va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi delegatlari 143-moddaga muvofiq ravishda kelib qurishlari huquqiga ega.
Bundan tashqari, ular kamida oyda bir marta ko‘mak jo‘natmasi olish xunukdan foydalanadi.
77-modda
Istilo tugagach, istilo etilgan hududda sudlar tomonidan ayblangan yoki hukm etilgan homiylikka olingan shaxslar o‘zlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish bilan birgalikda ozod etilgan hududning ma’murlariga topshiriladi.
78-modda
Istilochi Davlat qat’iy xavfsizlik mulohazasidan kelib chiqib homiylikka olingan shaxslarga nisbatan ehtiyot choralari qo‘llashni zarur deb topgan taqdirda, u qo‘llaydigan eng katta chora bu shaxslarni muayyan yashash joyiga ko‘chirish yoki muayyan hududga joylashtirishdan iborat bo‘ladi.
Muayyan joyga majburiy ko‘chirish yoki muayyan hududga joylashtirish to‘g‘risidagi qaror mazkur Konvensiya qoidalariga muvofiq ravishda istilochi Davlat tomonidan belgilangan muayyan protsedura bo‘yicha qabul qilinadi. Bu protsedurada manfaatdor tomonlarning apellyatsiya huquqi ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak. Apellyatsiya bo‘yicha qaror iloji boricha tezroq qabul qilinadi. Avvalgi qaror o‘z kuchida qolgan taqdirda, u istilochi Davlat tuzgan vakolatli organ tomonidan muntazam, iloji bo‘lsa kamida olti oyda bir marta qayta ko‘rib chiqiladi.
Majburiy ko‘chirilayotgan va o‘zining doimiy yashash joyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan homiylikka olingan shaxslar mazkur Konvensiyaning 39-moddasida ko‘zda tutilgan imtiyozlardan hech qanday cheklashlarsiz foydalanadilar.
IV QISM. MUAYYAN HUDUDGA JOYLASHTIRILGANLARGA TAALLUQLI QOIDALAR
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
79-modda
Nizolashayotgan tomonlar homiylikka olingan shaxslarni faqat 41 — 43, 68 va 78-moddalarga muvofiq ravishdagina muayyan hududga joylashtirishi mumkin.
80-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlar o‘zlarining fuqarolik huquqdorligini saqlab qoladi va bu maqomlariga muvofiq bo‘lgan huquqlaridan foydalanadi.
81-modda
Nizolashayotgan tomonlar homiylikka olingan shaxslarni muayyan hududga joylashtirganida ularni boqishni bepul ta’minlashga, shuningdek, sog‘lig‘ining ahvoli taqozo etganda ularga tegishli tibbiy xizmat ko‘rsatishga majbur.
Ko‘rsatilgan ana shu sarf-xarajatlarni qoplash maqsadida muayyan hududga joylashtirilgan shaxslarning nafaqasi yoki maoshidan, ularga tegishli boshqa mablag‘lardan hech qanday chegirmalar ushlab qolinishi mumkin emas.
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat muayyan hududga joylashtirilganlarning qaramog‘idagi kun o‘tkazishga yetarli darajada mablag‘i bo‘lmagan va ishlab pul topa olmaydigan barcha kishilarga yordam ko‘rsatishi kerak.
82-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat imkon boricha muayyan hududga joylashtirilganlarni fuqaroligi, tili va urf-odatlaridan kelib chiqqan holda joylashtiradi. Muayyan hududga joylashtirilganlar yagona mamlakatning fuqarolari hisoblangan taqdirda, ular til bo‘yicha farqlarigagina qarab alohida joylashtirilmaydi.
Muayyan hududga joylashtirishning butun davri mobaynida yagona oila a’zolari, ayniqsa, ota-onalar va ularning bolalari muayyan hududda saqlash joyida birgalikda saqlanadi; ish sharoiti yoki salomatligining ahvoli tufayli yoxud mazkur qism IX bobining qo‘llanishi natijasida vaqtinchalik ayriliq zarur bo‘lgan hollar bundan mustasno. Muayyan hududga joylashtirilganlar ota-ona qaramog‘isiz ozodlikda qolgan bolalarini o‘zlari bilan birgalikda muayyan hududga joylashtirilishini talab qilishlari mumkin.
Imkoniyat mavjud bo‘lgan barcha hollarda muayyan hududga joylashtirilgan yagona oilaning a’zolari bitta binoda saqlanishi va boshqalardan alohida yashashi kerak; ularga, shuningdek, oilaviy turmushni yuritish uchun tegishli shart-sharoit yaratib beriladi.
II BOB. MUAYYAN HUDUDDA SAQLASH JOYLARI
83-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat muayyan hududda saqlash joylarini urush xavf-xatari juda katta bo‘lgan hududlarda tashkillashtirmaydi.
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat muayyan hududda saqlash joylarining jug‘rofiy joylashuvi haqidagi barcha zarur ma’lumotlarni Homiy Davlat orqali dushman Davlatlarga ma’lum qiladi.
Harbiy tartib yuzasidan mulohazalarga yo‘l qo‘ygan har qanday hollarda muayyan hududga joylashtirilganlar lagerlari “IC” harflari bilan belgilanishi va bu belgi havodan yaqqol ko‘rinib turadigan tarzda o‘rnatilishi zarur. Shu bilan birga, manfaatdor tomonlar belgilashning boshqa usullari haqida o‘zaro kelishib olishlari mumkin. Muayyan hududga joylashtirilganlar lagerlaridan boshqa biron-bir joy yuqorida ko‘rsatilgan tartibda belgilanishi mumkin emas.
84-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlar harbiy asirlar va boshqa har xil sabablar bo‘yicha ozodlikdan mahrum etilgan shaxslardan alohida joylashtirilishi va o‘zining alohida ma’muriyatiga ega bo‘lishi kerak.
85-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat homiylikka olingan shaxslar muayyan hududga joylashtirilganidan boshlaboq ularni gigiyena va sog‘liqni saqlash nuqtayi nazaridan to‘la kafolatlangan va shafqatsiz iqlim sharoiti, shuningdek, urush harakatlaridan yetarli darajada himoyalanishlarini ta’minlaydigan binolarga yoki boshqa imoratlarga joylashtirish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘radi va barcha imkoniyatlardan foydalanadi. Muayyan hududga joylashtirilganlar uchun doimiy joylar nosog‘lom yerlarda yoki iqlimi muayyan hududga joylashtirilganlarga zararli ta’sir ko‘rsatadigan hududlarda joylashtirilishi mutlaqo mumkin emas. Homiylikka olingan shaxslar vaqtinchalik nosog‘lom yerlarga yoki iqlimi o‘zlarining sog‘lig‘iga zararli ta’sir ko‘rsatadigan hududlarga joylashtirilgan taqdirda, ular sharoit taqozo etishi bilan boshqa qulayroq joylarga ko‘chirilishlari zarur.
Binolar zaxdan to‘la himoyalangan bo‘lishi, yetarli darajada isitilishi va yoritilishi, ayniqsa, qorong‘i tushishi bilan chiroqni o‘chirish uchun belgilangan vaqt oralig‘ida yorug‘ bo‘lishi kerak. Yotoq xonalari yetarli darajada keng va shamollatib olish uchun qulay bo‘lishi, muayyan hududga joylashtirilganlar tegishli yotar joy buyumlari va yetarli miqdorda ko‘rpa-ko‘rpacha bilan ta’minlanishi va bunda iqlim bilan birgalikda ularning yoshi, jinsi va salomatligining ahvoli hisobga olinishi zarur.
Muayyan hududga joylashtirilganlar kecha-kunduz mobaynida gigiyena talablariga javob beradigan va doim ozoda tutiladigan sanitariya qurilmalaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Ular har kungi yuvinib-taranishlari va o‘z ich kiyimlarini yuvishlari uchun yetarli miqdorda suv va sovun oladilar; shu maqsadlar uchun mo‘ljallangan qurilmalar va tegishli jihozlar bilan ta’minlanadilar. Bundan tashqari, ular uchun dush qurilmalari va hammomlar tashkil etiladi. Ularga tegishli gigiyena qoidalariga amal qilishlari hamda supurish-sidirish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishlari uchun muayyan vaqt ajratilishi kerak.
Istisno tariqasida va vaqtinchalik chora sifatida muayyan hududga joylashtirilgan ayollarni muayyan hududga joylashtirilgan erkaklar bilan o‘zaro yagona oila a’zolari hisoblanmasliklariga qaramay, bitta joyda joylashtirish zarurati yuzaga kelgan taqdirda, bunday ayollarga albatta alohida yotoqxona va sanitariya qurilmalari yaratib berilishi zarur.
86-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ularga, diniy e’tiqodlaridan qat’i nazar, o‘z diniy marosimlarini o‘tashlari uchun zarur xonalar ajratadi.
87-modda
Muayyan hududda saqlash joylarida do‘konlar tashkil etiladi; zarur inshootlar mavjud hollar bundan mustasno. Bundan maqsad mahalliy bozorlar bahosiga nisbatan mutlaqo qimmat bo‘lmagan narxlarda oziq-ovqatlar, ularning shart-sharoiti va ruhiy holatini yaxshilashga xizmat qiluvchi kundalik ehtiyoj buyumlari, jumladan sovun va tamaki sotib olishlari uchun imkon yaratishdir.
Do‘konlardan olinadigan daromad har qaysi muayyan hududda saqlash joyida tuziladigan ko‘mak jamg‘armalariga kelib tushadi va undan shu joydagi muayyan hududga joylashtirilganlar manfaatlari yo‘lida foydalaniladi. 102-moddada ko‘zda tutilgan muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitasi do‘konlar faoliyatini va jamg‘armadan foydalanishni nazorat qilish huquqiga ega.
Biron-bir muayyan hududda saqlash joyini likvidatsiya qilish paytida ko‘mak jamg‘armasining qoldiq mablag‘lari boshqa bir muayyan hududda saqlash joyidagi ko‘mak jamg‘armasiga xuddi shu Davlatga mansub kishilar manfaatlarini ko‘zlab yoki bunday joy mavjud bo‘lmagan taqdirda, istilochi Davlat hukmi ostida saqlanayotgan barcha muayyan hududga joylashtirilganlar manfaatlari uchun ishlatish maqsadida markaziy ko‘mak jamg‘armasiga ko‘chiriladi.
Yalpi ozod etish hollarida, agar manfaatdor Davlatlar o‘rtasida boshqacha mazmundagi bitim mavjud bo‘lmasa, ushbu daromad muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ixtiyorida qoladi.
88-modda
Havo hujumlari va urushning boshqa xavf-xatari ostida bo‘lgan muayyan hududda saqlash joylarining barchasida muayyan himoyani ta’minlash uchun tegishli tartibda va yetarli miqdorda pana joylar barpo etilishi zarur. Trevoga holatlarida muayyan hududga joylashtirilganlar ushbu pana joylarga iloji boricha tezroq yo‘l olishlari kerak; o‘z yashash joylarini himoya qilish uchun qoluvchilar bundan mustasno. Aholi himoyasi uchun qo‘llanilgan har qanday chora-tadbir albatta teppa-teng ravishda ularga nisbatan ham qo‘llanishi kerak.
Muayyan hududda saqlash joylarida yong‘inga qarshi tegishli barcha choralar ko‘rib qo‘yilishi shart.
III BOB. OZIQ-OVQAT VA KIYIM-KECHAK
89-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarning kunlik oziq-ovqat miqdori o‘zining miqdori, sifati va xilma-xilligiga ko‘ra ularning salomatligini yaxshi saqlab turish uchun yetarli bo‘lishi va ovqat yetishmasligidan kelib chiqadigan holatlarga barham berishi kerak. Shuningdek, muayyan hududga joylashtirilganlar uchun odatiy bo‘lgan ovqatlanish tartibini ham inobatga olish lozim.
Bundan tashqari, muayyan hududga joylashtirilganlar ixtiyorida mavjud bo‘lgan qo‘shimcha oziq-ovqat mahsulotlaridan o‘zlari uchun taom tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ular yetarli darajada ichimlik suvi bilan ta’minlanadilar. Tamaki chekish uchun ijozat berilishi lozim.
Ishlayotganlar ishiga muvofiq ravishda qo‘shimcha ovqat bilan ta’minlanadi.
Homilador ayollar, chaqaloqli onalar va 15 yoshgacha bolalar o‘zlarining fiziologik ehtiyojlariga muvofiq ravishda qo‘shimcha oziq-ovqat olishlari kerak.
90-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarga ular qo‘lga olingan paytda kiyim-kechaklar, oyoq kiyimlari va ich kiyimlarni g‘amlab olishlari, keyingi davrda zarur bo‘lgan hollarda shunday buyumlarni xarid qilishlari bilan bog‘liq barcha shart-sharoit yaratilishi kerak. Muayyan hududga joylashtirilgan shaxsning yetarli miqdorda kiyim-kechagi mavjud bo‘lmagan taqdirda, iqlim sharoitini hisobga olgan holda, muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat uni tegishli kiyim-kechak bilan bepul ta’minlashi zarur.
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat bergan kiyim-kechak va ulardagi tashqi belgilar uyatga qoldiruvchi yoki masxara etuvchi mazmunda bo‘lmasligi kerak.
Ishlayotganlar ish turining taqozosiga ko‘ra tegishli asbob-aslaha va maxsus korjomalar bilan ta’minlanadi.
IV BOB. GIGIYENA VA TIBBIY YORDAM
91-modda
Har qaysi muayyan hududda saqlash joyi malakali shifokor rahbarligida muayyan hududga joylashtirilganlar o‘zlari muhtoj bo‘lgan yordamni olishi va tegishli parhez bilan ta’minlanishi mumkin bo‘lgan lazaretlarga ega bo‘ladi. Yuqumli kasallik bilan og‘riganlar va ruhiy xastalikka chalinganlarni boshqalardan ajratib davolash uchun izolyatorlar tashkil etiladi.
Homilador yoki ko‘zi yorigan ayollar va og‘ir kasallikka chalingan yoxud sog‘lig‘ining ahvoli maxsus davolashni, jarrohlik qilishni va kasalxonaga yotqizishni taqozo etadigan muayyan hududga joylashtirilganlar ularning davolanishini ta’minlay oladigan har qanday muassasa tomonidan qabul qilinishi va aholi bilan teng ravishda sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi kerak.
Muayyan hududga joylashtirilganlarga iloji boricha ularning o‘zlari mansub mamlakat fuqarosi hisoblangan tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Muayyan hududga joylashtirilganlarning tibbiyot xodimlari qabuliga kelishlariga to‘sqinlik qilish mumkin emas. Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatning tibbiy ma’murlari davolanib chiqqan har qaysi shaxsning iltimosiga binoan, unga yaradorligi yoki bemorligining tashxisi va mazmuni, davolanish muddati va ko‘rsatilgan tibbiy yordam haqida bayon etilgan rasmiy ma’lumotnoma beradi. Ushbu ma’lumotnomaning dublikati 140-moddada ko‘zda tutilgan Markaziy Agentlikka yuboriladi.
Davolash sarf-xarajatlari, shu jumladan, muayyan hududga joylashtirilganlarning sog‘lig‘ini yaxshi holatda saqlab turish uchun xarid qilingan har xil zaruriy moslamalar, xususan, yasama tishlar va boshqa yasama a’zolar hamda ko‘zoynaklar uchun muayyan hududga joylashtirilganlar pul to‘lamaydi.
92-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlar oyida kamida bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi Bu ko‘riklar, xususan, ular sog‘lig‘ining umumiy ahvoli, tozaligi va ovqatlanishini tekshirish, shuningdek, yuqumli kasalliklarni, ayniqsa, sil, bezgak va tanosil kasalliklarini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi. Bunday ko‘riklar doirasiga, jumladan, har qaysi shaxsning vaznini o‘lchash va kamida yiliga bir marta rentgen suratiga tushirish usuli ham kiradi.
V BOB. DINIY, AQLIY VA JISMONIY FAOLIYAT
93-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarga ma’muriyat tomonidan o‘rnatilgan intizomiy tartibga rioya etish sharti bilan o‘z dinlariga xos marosimlarni ado etishlari, shu jumladan, ibodatga borishlari uchun to‘la erkinlik beriladi.
Muayyan hududga joylashtirilgan ruhoniylarga o‘z burchlarini to‘laligicha dindoshlari o‘rtasida bajarishiga ruxsat etiladi. Shu maqsadda, muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ruhoniylarni ularning tilida so‘zlashuvchi va yagona dinga e’tiqod qiluvchi shaxslar mavjud joylarga oqilona taqsimlash uchun g‘amxo‘rlik qiladi. Bunday ruhoniylarning soni yetarlicha bo‘lmagan hollarda, muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ruhoniylarga tegishli shart-sharoit yaratadi, jumladan, ularga bir manzildan boshqasiga harakatlanish uchun transport vositalari ajratiladi va kasalxonalarda yotgan muayyan hududga joylashtirilganlarni borib ko‘rish huquqi beriladi. Ruhoniylar muayyan hududga joylashtirilganlar joylashgan mamlakatdagi diniy ma’muriyat va iloji bo‘lsa o‘z e’tiqodlariga mansub xalqaro diniy tashkilotlar bilan o‘z dinlariga taalluqli ruhoniy masalalar bo‘yicha yozishmalar olib borish erkinligidan foydalanadi. Bu yozishmalar 107-moddada ko‘rsatilgan qoidalar sirasiga kirmaydi, ammo 112-modda qoidalarining ta’sirida bo‘ladi.
Muayyan hududga joylashtirilganlar o‘z ruhoniylari tomonidan ma’naviy yordam ololmayotgan bo‘lsa yoki bunday ruhoniylarning soni yetarli bo‘lmagan taqdirda, xuddi shu dinga aloqador mahalliy diniy ma’murlar tomonidan muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat bilan kelishilgan holda, ularning diniga e’tiqod qiluvchi ruhoniy yoki agar diniy nuqtayi nazardan bunga yo‘l qo‘yilsa, shunga o‘xshash dinga e’tiqod qiluvchi ruhoniy yoxud tegishli bilimdon dunyoviy shaxs bunday burchni ado etish uchun tayinlanishi mumkin. Bunday yo‘l bilan tayinlangan ruhoniy o‘z zimmasiga olgan vazifasi bilan bog‘liq imtiyozlardan foydalanadi. Shuningdek, mazkur shaxs tegishli tartib-intizom va muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat xavfsizligi nuqtayi nazaridan o‘rnatilgan qoidalarga to‘la amal qilishi kerak.
94-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ularning shaxsiy moyilligiga hurmat bilan qaragan holda aqliy, ma’rifiy va sport sohalaridagi faolliklarini, shuningdek, ko‘ngilochar mashg‘ulotlar tashkil etish borasidagi ishlarini taqdirlaydi. Ushbu faoliyatni ta’minlash uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rishi, xususan, buning uchun tegishli binolar ajratib berishi kerak bo‘ladi.
Muayyan hududga joylashtirilganlar o‘z o‘quv mashg‘ulotlarini davom ettirishi yoki yangi mashg‘ulotlarni boshlashi uchun ularga barcha mumkin bo‘lgan imtiyozlar beriladi. Bolalar va o‘smirlarni o‘qitish ta’minlanadi. Ular muayyan hududda saqlash joylarida yoki undan tashqarida joylashgan maktablarga qatnashi mumkin bo‘ladi.
Muayyan hududga joylashtirilganlar ochiq havoda jismoniy mashqlar bajarish, sport va sport o‘yinlari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Muayyan hududda saqlash joylarida shu maqsadda yetarli darajada bo‘sh maydonlar ajratilishi lozim. Bolalar va o‘smirlar uchun alohida maydonchalar ajratib beriladi.
95-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ularni faqat o‘z xohishlaridan kelib chiqibgina ishga jalb etishi mumkin. Har qanday vaziyatda ular tomonidan muayyan hududga joylashtirilmagan homiylikka olingan shaxslar majburiylik yuzasidan bajarishi mazkur Konvensiyaning 40 yoki 51-moddasiga xilof hisoblangan, shuningdek, kamsituvchi va haqoratlovchi mazmun kasb etadigan ishlarning bajarilishi taqiqlanadi.
Olti haftalik mehnatdan so‘ng muayyan hududga joylashtirilganlar, bu haqda 8 kun oldin xabardor etgan holda, istagan paytda ishlamay qo‘yishlari mumkin.
Bu qoida muayyan hududga joylashtirilgan shifokorlar, tish davolovchi shifokorlar va sanitariya xizmati xodimi hisoblangan boshqa shaxslarni muayyan hududga joylashtirilganlar manfaati yo‘lida o‘z kasbiy faoliyati bilan shug‘ullanishga undash, muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘zlariga tegishli joyni boshqarish va tartibga solish bo‘yicha ishlarga jalb etish, ushbu shaxslarga oshxona yumushlarini yoki boshqa xo‘jalik ishlarini topshirish va nihoyat, ulardan muayyan hududga joylashtirilganlarni havo hujumlari va urushning boshqa xil xatarlaridan muhofaza qilish bilan bog‘liq ishlarda foydalanish borasidagi ularni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatga tegishli huquqlar yo‘lida to‘siq bo‘lib xizmat qilmaydi. Shu bilan birga, ma’muriyat tayinlagan shifokor tomonidan ishga yaroqsiz deb topilgan biron-bir shaxsni muayyan ishlarni bajarishga majburlash mumkin emas.
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat mehnat shart-sharoiti, tibbiy yordam, maosh, shuningdek, ishga jalb etilgan shaxslarga ishdagi baxtsiz hodisa va kasb kasalligi bo‘yicha tegishli nafaqalar to‘lash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan to‘la mas’ul hisoblanadi. Ish shart-sharoiti va ishdagi baxtsiz hodisa va kasb kasalligi bo‘yicha tegishli nafaqalar to‘lash tartibi milliy qonunchilik va odatdagi tartiblarga mos kelishi zarur, bu sharoitlar o‘sha hududda xuddi o‘sha mehnat uchun amalda bo‘lgan shart-sharoitdan yomon va kam bo‘lmasligi lozim. Maosh muayyan hududga joylashtirilganlar bilan ularni o‘z hukmi ostida saqlayotgan Davlat o‘rtasida, shuningdek, zarur hollarda ushbu Davlatning o‘rniga boshqa bir muayyan ish beruvchilar bilan tuziladigan maxsus bitim asosida adolatli tartibda belgilanadi Bunda muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ularni bepul boqishi, shuningdek, sog‘lig‘i taqozosi bo‘yicha tegishli tibbiy yordam ko‘rsatish borasidagi majburiyatlariga kerakli e’tibor berishi lozim. Mazkur moddaning uchinchi xatboshida ko‘rsatilgan toifadagi ishlarga muntazam ishlash uchun tayinlanganlar muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatdan adolatli asosda maosh oladilar. Bunday ishlarga jalb etilganlarning shart-sharoiti va ularga ishdagi baxtsiz hodisa va kasb kasalligi bo‘yicha to‘lanadigan tegishli nafaqalar miqdori xuddi o‘sha hududda shunday ishlarni bajargan shaxslarnikidan yomon va kam bo‘lmasligi kerak.
96-modda
Har qanday ishchi komandasi muayyan hududga joylashtirish muayyan joyining tasarrufida bo‘ladi. Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatning tegishli ma’muriyati va shu joyning komendanti ishchi komandalarida mazkur Konvensiya qoidalariga amal qilinishi uchun javobgar sanaladi. Komendant o‘ziga bo‘ysunadigan ishchi komandalari ro‘yxatini tartibli saqlashi va muayyan hududga joylashtirilganlarni ko‘rgani kelgan Homiy Davlat, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi va boshqa insonparvarlik tashkilotlarining vakillariga bu haqda ma’lumot berishi kerak.
VI BOB. SHAXSIY MULK VA PUL MABLAG‘LARI
97-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarga shaxsiy narsa va buyumlarini o‘zlarida olib qolishlari uchun ruxsat etiladi. Ulardagi pul mablag‘lari, cheklar, qimmatli qog‘ozlar va boshqa narsalar, shuningdek, qimmatbaho buyumlar belgilangan tartib-qoidaga muvofiq tarzdagina olib qo‘yilishi mumkin. Bu haqda ularga batafsil tilxat berilishi kerak.
Pul mablag‘lari, 98-moddada ko‘zda tutilganidek, muayyan hududga joylashtirilganlarning shaxsiy hisob raqamiga qayd etib qo‘yilishi kerak; agar muayyan hududga joylashtirilganlar joylashgan hudud qonunchiligi talab etmasa yoki muayyan hududga joylashtirilgan shaxsning o‘zi bunga rozilik bermasa, bu pullar boshqa valyutaga almashtirilishi mumkin emas.
Muhim subyektiv qimmatga ega bo‘lgan yoki esdalik hisoblangan buyumlar olib qo‘yilishi mumkin emas.
Muayyan hududga joylashtirilgan ayollarni faqat ayollar tintuv qilib ko‘rishlari mumkin.
Muayyan hududga joylashtirilganlar ozod etilayotganida yoki vataniga qaytarilayotganida 98-moddaga muvofiq ochilgan shaxsiy hisob raqamidagi kredit qoldig‘ini naqd pul xolida oladi, shuningdek, muayyan hududga joylashtirish chog‘ida ulardan olib qo‘yilgan barcha buyumlar, pullar, cheklar, qimmatli qog‘ozlar va boshqa narsalarini qaytarib oladi. Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatning amaldagi qonunchiligiga muvofiq uning ixtiyorida qoldirilishi zarur bo‘lgan narsalar yoki boyliklar bundan mustasno. Muayyan hududga joylashtirilganlardan birontasiga tegishli mulk ana shu qonunchilikka muvofiq ushlab qolingan taqdirda, manfaatdor shaxs bu haqda batafsil ma’lumotnoma oladi.
Muayyan hududga joylashtirilganlarning qo‘lidagi oila hujjatlari va shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar ulardan faqat tilxat asosidagina olib qo‘yilishi mumkin. Hech qachon muayyan hududga joylashtirilganlar shaxsni tasdiqlovchi guvohnomasiz qolmasliklari kerak. Ular bunday hujjatga ega bo‘lmaganlari taqdirda, tegishli ma’muriyat tomonidan muayyan hududga joylashtirish davri tugaydigan muddatgacha beriladigan va shaxsiy guvohnomaning o‘rnini bosuvchi maxsus guvohnomalar bilan ta’minlanadi.
Muayyan hududga joylashtirilganlar kerakli narsalar sotib olishi uchun muayyan miqdorda naqd pul yoki xarid taloni ko‘rinishidagi mablag‘ga ega bo‘lishi mumkin.
98-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlar oziq-ovqat mahsulotlari va tamaki, yuvinish-taranish buyumlari va shu kabi boshqa narsalar xarid qilishi uchun ularga muntazam ravishda muayyan miqdorda mablag‘ to‘lanadi Bu to‘lovlar kredit yoki xarid taloni tarzida bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, muayyan hududga joylashtirilganlar o‘zlari mansub bo‘lgan Davlatdan, Homiy Davlatdan, ularga ko‘maklashuvchi tashkilotlardan yoxud oilasidan nafaqalar olishi, shuningdek, ularni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat qonunchiligiga muvofiq o‘z mulkidan keladigan daromadga ham ega bo‘lishi mumkin. Ular mansub bo‘lgan Davlat yuboradigan nafaqa miqdori muayyan hududga joylashtirilganlarning barcha toifalari (nogironlar, bemorlar, homilador ayollar va hokazolar) uchun bir xil miqdorda bo‘lishi kerak va ushbu Davlat tomonidan beriladigan nafaqa miqdorini belgilashda, shuningdek, nafaqalarning muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat tomonidan taqsimlanishida mazkur Konvensiyaning 27-moddasida taqiqlangan kamsitishlarga yo‘l qo‘yilishi mumkin emas.
Muayyan hududga joylashtirilgan har bir shaxsga ularni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat tomonidan shaxsiy hisob raqami ochilishi zarur. Bu hisob raqami kreditiga mazkur moddada qayd etilgan nafaqalar, muayyan hududga joylashtirilgan shaxsning maoshi, shuningdek, uning nomiga kelgan pul ko‘chirmalari qayd etilishi kerak. Hisob raqamiga, shuningdek, ushbu shaxsdan olib qo‘yilgan va muayyan hududga joylashtirilganlar joylashgan hudud qonunchiligiga muvofiq ravishda foydalanish mumkin bo‘lgan tegishli mablag‘lar ham qayd etiladi. Muayyan hududga joylashtirilganlar joylashgan hudud qonunchiligiga muvofiq ravishda ularga o‘z oila a’zolari va qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga ko‘mak puli jo‘natishlari uchun barcha shart-sharoit yaratib beriladi. Ular shaxsiy sarf-xarajatlarini qoplash uchun o‘z hisob raqamlaridan muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat o‘rnatgan miqdorda mablag‘ olishlari mumkin. Ularga istalgan paytda o‘z hisob-kitoblari bilan tanishish va ko‘chirmalar olish uchun tegishli sharoit yaratiladi. Bu hisob raqamlarining holati to‘g‘risida Homiy Davlatga, uning iltimosiga binoan ma’lumot beriladi, muayyan hududga joylashtirilgan shaxslar boshqa joyga ko‘chirilgan taqdirda, hisob raqami ularning izidan yuboriladi.
VII BOB. RAHBARIYAT VA TARTIB-INTIZOM
99-modda
Urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etilganlar joylashgan joylarning har biriga ularni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatning muntazam qurolli kuchlari tarkibidagi ofitser yoki fuqaro ma’muriyati xodimlari sirasiga kiruvchi mansabdor shaxs rahbarlik qiladi. Bu joyning rahbari hisoblangan ofitser yoki mansabdor shaxs mazkur Konvensiyaning rasmiy tildagi yoxud o‘z mamlakati rasmiy tilidagi matniga ega bo‘lishi va uning qo‘llanilishi uchun javob berishi shart. Muayyan hududga joylashtirilganlarni nazorat qiluvchi xodimlar mazkur Konvensiyaning qonun-qoidalari va uning qo‘llanilishini ta’minlash borasida qabul qilinadigan ma’muriy choralar bilan tanishtirilishi zarur.
Mazkur Konvensiya matni, shuningdek, shu Konvensiyaga muvofiq tuzilgan maxsus bitimlar matnlari muayyan hududga joylashtirilganlar uchun tushunarli tilda yozilgan bo‘lishi va ular joylashgan binolarning ichki tomoniga osib qo‘yilishi yoki ularning qo‘mitasi o‘rnashgan joylarda saqlanishi zarur.
Har qanday qoida, buyruq, e’lon va bildirishlar muayyan hududga joylashtirilganlarga tushunarli tilda ma’lum qilinishi va ular joylashgan binolarning ichki tomoniga osib qo‘yilishi kerak.
Muayyan hududga joylashtirilgan alohida shaxslarga nisbatan barcha buyruq va farmoyishlar ham ular uchun tushunarli tilda berilishi shart.
100-modda
Muayyan hududda saqlash joylaridagi tartib-intizom insonparvarlik prinsiplariga mos kelishi va mutlaqo bu joylardagi shaxslarni ularning sog‘lig‘i uchun xatarli jismoniy zo‘riqishlarga yoki jismoniy va axloqiy xo‘rlashlarga duchor etadigan qoidalardan iborat bo‘lmasligi kerak. Tatuirovka qilish, tamg‘a bosish yoki boshqa xil tanituvchi belgilarni badanga chizish taqiqlanadi.
Xususan, muayyan hududga joylashtirilganlarni uzoq muddat tik turishga majburlash, ularga nisbatan ko‘p vaqtni oladigan yo‘qlamalar, jazo sifatidagi jismoniy mashqlar, ko‘r-ko‘rona harbiy ta’lim-tarbiya va ovqatdan qisish kabi choralarni qo‘llash taqiqlanadi.
101-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlar bevosita rahbar ma’murlarga o‘zlari uchun o‘rnatilgan rejim yuzasidan ariza berish huquqiga egadir.
Ular, shuningdek, Homiy Davlat vakillariga o‘z qo‘mitalari orqali yoki, agar lozim topsalar, to‘g‘ridan to‘g‘ri hech qanday cheklovlarsiz murojaat etish va o‘zlari uchun yaratilgan qaysi shart-sharoitga nisbatan shikoyatlari borligini ma’lum qilish huquqiga ega.
Bu ariza va shikoyatlar zudlik bilan va hech qanday o‘zgarishlarsiz yetkazilishi shart. Hattoki ariza va shikoyatlar asossiz deb topilgan taqdirda ham ularning mualliflari hech qanday jazoga tortilmaydi.
Muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitalari Homiy Davlat vakillariga muayyan hududda saqlash joylaridagi ahvol va mavjud muhtojliklar haqida muntazam ravishda ma’lumotnomalar jo‘natib turadi.
102-modda
Muayyan hududda saqlash joylarida bu yerdagi shaxslar erkin, yashirin ovoz berish yo‘li bilan har olti oyda tegishli qo‘mita a’zolarini saylab oladilar. Bu qo‘mita muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat, Homiy Davlatlar, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi va ularga ko‘maklashadigan har qanday boshqa tashkilotlar oldida ularning nomidan vakillik qiladi. Qo‘mita a’zolari qayta saylanishlari mumkin.
Saylangan a’zolar o‘zlarining saylanganliklari tegishli ma’muriyat tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng vazifalarini bajarishga kirishadilar. Tegishli hollarda qo‘mita a’zolarini tasdiqlashni rad etish yoki ularni bo‘shatish bilan bog‘liq sabablar haqida manfaatdor Homiy Davlatlarga xabar berilishi kerak.
103-modda
Bu qo‘mitalar muayyan hududga joylashtirilganlarning jismoniy, axloqiy va aqliy farovonligiga ko‘maklashishi zarur.
Xususan, agar muayyan hududga joylashtirilganlar o‘zaro ko‘mak tashkiloti tuzishga ahd qilsa, qo‘mita mazkur Konvensiya qoidalariga muvofiq zimmasiga yuklangan boshqa maxsus vazifalarni bajarish bilan bir qatorda, ana shu tuziladigan tashkilot bilan ham mashg‘ul bo‘lishi shart.
104-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitalari a’zolari o‘z faoliyatini bajarishlari uchun xalal beradigan boshqa ishlarga jalb etilishi mumkin emas.
Qo‘mitalar a’zolari muayyan hududga joylashtirilganlar safidan o‘zlari uchun zarur yordamchilarni tayinlaydilar. Ularga tegishli amaliy imkoniyatlar, xususan, o‘z vazifasini bajarishi uchun zarur bo‘lgan muayyan darajadagi harakatlanish erkinligi (ishchi komandalariga borib-kelish, yuklarni qabul qilish va hokazolar) beriladi.
Qo‘mita a’zolariga tegishli rahbar ma’murlar, muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat, Homiy Davlatlar, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi va ularning vakillari, shuningdek, ko‘maklashuvchi boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro pochta va telegraf yozishmalarini amalga oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratiladi. Ishchi komandalaridagi qo‘mitalar a’zolari o‘zlarining muayyan hududga joylashtirilgan asosiy joylaridagi qo‘mitalar bilan o‘zaro yozishmalarni amalga oshirishda xuddi shunday imtiyozlardan foydalanadi. Bunday yozishmalar uchun hech qanday cheklashlar belgilanmaydi, ularga 107-moddada ko‘zda tutilgan tartibdagi yozishmalar sifatida qaralishi mumkin emas.
Qo‘mitaning biron-bir a’zosi unga o‘z o‘rindoshini ishga o‘rgatishi uchun zarur bo‘lgan muayyan vaqt ajratilmasdan turib, boshqa joyga shoshilinch ko‘chirilishi mumkin emas.
VIII BOB. TASHQI DUNYO BILAN ALOQALAR
105-modda
Homiylikka olingan shaxslar urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etilganidan so‘ng ularni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatlar zudlik bilan bu shaxslarning o‘zlarini, ular mansub bo‘lgan Davlatlarni va tegishli Homiy Davlatlarni mazkur bob qoidalarini bajarish uchun ko‘zda tutilgan chora-tadbirlardan xabardor qiladi. Shuningdek, manfaatdor tomonlarni ana shu tadbirlarga kiritiladigan har qanday o‘zgartirishlardan xabardor etib boradi.
106-modda
Muayyan hududga joylashtirilgan har bir shaxs qo‘lga olingan vaqtidan e’tiboran yoki eng kechi bilan lagerga joylashtirilganidan, shuningdek, betob bo‘lib qolganida kasalxonaga yoxud boshqa tegishli joyga ko‘chirilganidan so‘ng bir hafta o‘tgach, bir tomondan, bevosita o‘z oilasiga, ikkinchi tomondan, 140-moddada ko‘zda tutilgan Markaziy Agentlikka muayyan hududga joylashtirilgani to‘g‘risida pochta kartochkasi jo‘natish imkoniga ega bo‘lishi lozim; bu pochta kartochkasi iloji boricha mazkur Konvensiyaga ilova qilingan namunadagidek bo‘lishi va unda muayyan hududga joylashtirilgani, salomatligi va manzili to‘g‘risida xabar berilishi kerak. Ushbu kartochkalar iloji boricha tezkorlik bilan jo‘natilishi zarur va ularni uzatish jarayoni hech qanday yo‘l bilan sekinlashtirilishi mumkin emas.
107-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarga xat va pochta kartochkalarini olish va jo‘natish uchun ruxsat etiladi. Mabodo ularni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat bu xat-xabarlarni chegaralash zarur deb topsa, u holda kamida har oyda ikkita xat va mazkur Konvensiyaga ilova qilingan namunadagidek tuzilgan to‘rtta pochta kartochkasi jo‘natish uchun ruxsat etishi shart Agar muayyan hududga joylashtirilganlar nomiga keladigan xat-xabarlarni chegaralash zarur deb topilsa, bunday cheklov ular mansub bo‘lgan Davlat tomonidan, ba’zi hollarda ushbu shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatning iltimosiga binoan belgilanadi. Bunday xatlar va pochta kartochkalari odatdagi tezlikda jo‘natiladi; tartib-intizom nuqtayi-nazaridan, ularni yetkazish paysalga solinishi yoki kechiktirilishi mumkin emas.
O‘z oilasidan uzoq vaqt mobaynida xat-xabar olmagan yoki xat olish va odatdagi tartibda xat jo‘natish imkoniyatlaridan mahrum bo‘lgan, shuningdek, o‘z qarindoshlaridan uzoq masofada joylashgan shaxslarga telegrammalar jo‘natish uchun ruxsat etiladi; bunda telegramma narxining ushbu shaxslarda mavjud valyuta hisobiga qoplanishi ko‘zda tutiladi. Muayyan hududga joylashtirilganlar uchun bunday imkoniyat, shuningdek, o‘ta zarur hollarda ham yaratib beriladi.
Umumiy qoida tariqasida, muayyan hududga joylashtirilganlarning yozishmalari ularning ona tilida bajariladi. Nizolashayotgan tomonlar yozishmalarning boshqa tillarda ham bajarilishiga ruxsat etishlari mumkin.
108-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarga pochta orqali yoki boshqa har qanday yo‘llar bilan yakka yoxud jamoaviy jo‘natmalar olishga ruxsat etiladi; bunday jo‘natmalar tarkibi, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, dori-darmonlar, shuningdek, kitoblar va ularning ruhoniy talablarini qondirishi, ta’lim olishi yoki hordiq chiqarishi uchun mo‘ljallangan narsalardan iborat bo‘lishi mumkin Bu jo‘natmalar muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatni uning zimmasiga mazkur Konvensiya tomonidan yuklatiladigan majburiyatlardan mutlaqo xalos etmaydi.
Harbiy zarurat nuqtayi nazaridan kelib chiqib bunday jo‘natmalar sonini chegaralash talab etilgan taqdirda, Homiy Davlatlarga, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasiga yoki ko‘mak bilan shug‘ullanuvchi va ushbu jo‘natmalarni yuborish vazifasi yuklangan boshqa tashkilotlarga bu haqda tegishli xabarnomalar yuborilishi kerak.
Yakka va jamoaviy jo‘natmalarni jo‘natish tartibi, agar zarur deb topilsa, muayyan hududga joylashtirilganlarning ko‘mak jo‘natmalari olishlarini to‘xtatib qolishlari mutlaqo mumkin bo‘lmagan tegishli manfaatdor Davlatlar o‘rtasida tuziladigan maxsus bitimning mazmunini tashkil etishi kerak. Kitoblar oziq-ovqatlar va kiyim-kechaklar solinadigan jo‘natmalarga joylashtirilmasligi lozim; tibbiyot mahsulotlari qoidaga ko‘ra jamoaviy jo‘natmalar tarkibida jo‘natiladi.
109-modda
Manfaatdor tomonlar o‘rtasida jamoaviy ko‘mak jo‘natmalarini olish va taqsimlash tartibi to‘g‘risida maxsus bitimlar mavjud bo‘lmagan hollarda mazkur Konvensiyaga ilova qilingan jamoaviy jo‘natmalarga doir qoidalar qo‘llaniladi.
Yuqorida tilga olingan maxsus bitimlar muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitalarining mazkur shaxslar uchun kelib tushgan jo‘natmalarni qabul qilib olish, ularni tegishlicha taqsimlash va jo‘natma oluvchilar manfaati yo‘lida ishlatish borasidagi huquqlarini cheklab qo‘yishi mutlaqo mumkin emas.
Ushbu bitimlar bilan jamoaviy jo‘natmalarning uni oluvchilar o‘rtasida taqsimlanishi jarayonini nazorat qilish huquqi ham cheklab qo‘yilmasligi kerak; bunday huquqdan Homiy Davlatlar, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi yoki ko‘mak bilan shug‘ullanuvchi va ushbu jo‘natmalarni yuborish vazifasi yuklangan boshqa har qanday tashkilotlar vakillari foydalanishlari mumkin.
110-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarga mo‘ljallangan har qanday ko‘mak jo‘natmalari bojxona to‘lovlari va boshqa xil yig‘imlardan ozod etiladi.
Muayyan hududga joylashtirilganlar nomiga jo‘natilgan yoki ular tomonidan pochtadan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoxud 136-moddada ko‘zda tutilgan Ma’lumotlar Byurosi orqali yoki 140-moddada ko‘zda tutilgan Markaziy Ma’lumotlar Agentlari orqali jo‘natilgan yozishmalar, ko‘mak jo‘natmalari va pul mablag‘i o‘tkazmalari ularni jo‘natgan va qabul qilib oladigan mamlakatlar, shuningdek, oraliq mamlakatlarda ham barcha pochta yig‘imlaridan ozod etiladi. Shu maqsadda, 1947-yilda qabul qilingan Jahon pochta konvensiyasida va Jahon pochta ittifoqining lagerlarda va fuqaro qamoqxonalarida joylashgan dushman mamlakat fuqaro shaxslariga oid bitimlarida ko‘zda tutilgan pochta yig‘imlaridan ozod etish tartibi mazkur Konvensiyada ko‘rsatilgan barcha toifadagi muayyan hududga joylashtirilgan homiylikka olingan shaxslarga taalluqli hisoblanadi. Bu bitimlar ishtirokchisi bo‘lmagan mamlakatlar xuddi shunday sharoitlarda yig‘imlardan ozod etish yuzasidan tegishli tartiblarni joriy etishlari kerak bo‘ladi.
Vazni yoki boshqa biron-bir sababga ko‘ra pochta orqali jo‘natish mumkin bo‘lmagan ko‘mak jo‘natmalarini muayyan hududga joylashtirilganlarga yuborish bo‘yicha sarf-xarajatlar ularni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat nazorati ostida bo‘lgan barcha hududlarda ushbu Davlat tomonidan qoplanadi. Konvensiya ishtirokchilari hisoblangan boshqa davlatlar jo‘natmalarning o‘zlariga tegishli hududlardan tashib o‘tilishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplaydilar.
Yuqoridagi xatboshilarda ko‘zda tutilgan imtiyozlar ta’sir doirasiga kirmaydigan jo‘natmalarni tashish xarajatlari jo‘natuvchi tomonidan to‘lanadi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar muayyan hududga joylashtirilganlarga yuborilgan yoki ular jo‘natgan telegrammalar narxini iloji boricha kamaytirishga harakat qiladilar.
111-modda
Mabodo harbiy amaliyotlar manfaatdor Davlatlarga 106, 108 va 113-moddalarda qayd etilgan jo‘natmalarni tashish bilan bog‘liq o‘z majburiyatlarini bajarishiga xalal bersa, u holda manfaatdor Homiy Davlatlar, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi yoki nizolashayotgan tomonlar e’tirof etgan boshqa har qanday tashkilot tegishli transport vositalari (vagonlar, yuk mashinalari, kema yoki samolyotlar va shu kabi boshqa vositalar) yordamida ushbu jo‘natmalarni tashishni ta’minlash bilan shug‘ullanishi mumkin. Shu maqsadda Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ularga ko‘rsatib o‘tilgan transport vositalarini ajratishga va ularning harakatlanishi uchun, xususan, tegishli ruxsatnomalar berish yo‘li bilan ijozat berishga intiladi.
Ushbu transport vositalari, shuningdek, quyidagilarni tashish uchun ishlatilishi mumkin:
a) 140-moddada ko‘rsatilgan Markaziy Ma’lumotlar Agentligi va 136-moddadako‘zda tutilgan Milliy Byuro tomonidan almashinadigan yozishmalar, ro‘yxatlar va ma’ruzalar;
b) Homiy Davlatlar, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi yoki ko‘maklashuvchi boshqa har qanday tashkilotlar o‘z vakillari, shuningdek, nizolashayotgan tomonlar bilan almashinadigan muayyan hududga joylashtirilganlarga taalluqli yozishmalar va ma’ruzalar.
Mazkur qoidalar nizolashayotgan tomonlardan birontasining o‘zi lozim topgan boshqa xil transport vositalari bilan ta’minlash yoki o‘zaro bitim asosida belgilab qo‘yilgan shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda ruxsatnomalar berish bilan bog‘liq huquqlarini mutlaqo cheklab qo‘ymaydi.
Mazkur transport vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni tegishli xizmatlardan manfaatdor hisoblanuvchi fuqarolar mansub bo‘lgan nizolashayotgan tomonlar ushbu jo‘natmalar qiymatiga mutanosib ravishda to‘laydi.
112-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarga yuborilgan yoki ularning o‘zi jo‘natgan yozishmalarni senzuradan o‘tkazish jarayoni iloji boricha qisqa muddatlar ichida amalga oshirilishi kerak.
Muayyan hududga joylashtirilganlarga jo‘natilgan jo‘natmalarning nazorati undagi oziq-ovqat mahsulotlari buzilmay saqlanishiga ziyon yetkazadigan shart-sharoitda o‘tkazilmasligi va bunday jo‘natmalar muayyan adresat yoki u vakolat bergan o‘rtog‘i huzurida nazorat qilinishi zarur. Muayyan hududga joylashtirilganlarga jo‘natilgan yakka va jamoaviy jo‘natmalar senzura bilan bog‘liq qiyinchiliklarni sabab qilib ko‘rsatib, ushlab turilishi mumkin emas.
Nizolashayotgan tomonlar harbiy yoki siyosiy xususiyati nuqtayi nazaridan yozishmalarni cheklash yuzasidan joriy etgan har qanday taqiq faqat vaqtinchalik ahamiyat kasb etishi va uning amal qilish muddati iloji boricha qisqa bo‘lishi kerak.
113-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatlar ushbu shaxslarga yuborilgan yoki ular jo‘natgan vasiyatnoma, ishonchnoma va shu kabi boshqa barcha hujjatlarni Homiy Davlat yoxud 140-moddada ko‘zda tutilgan Markaziy Ma’lumotlar Agentligi orqali yoki boshqa tegishli usullar bilan yetkazish uchun barcha oqilona sharoitlarni yaratib beradi.
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatlar barcha hollarda ushbu shaxslar tomonidan mazkur hujjatlarning tegishli tartibda tayyorlanishi va tasdiqlanishiga ko‘maklashadi; xususan, ularga bu borada yurist bilan maslahatlashish uchun ruxsat etadi.
114-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat bu shaxslar o‘z mol-mulkini tasarruf etish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun ularga tegishli rejimga va amaldagi qonunchilikka mutanosib keladigan barcha imtiyozlarni beradi. Buning uchun ushbu Davlat, zarur bo‘lganda va sharoit taqozo etgan hollarda, muayyan hududga joylashtirilganlarga o‘zlari joylashgan hududdan tashqariga chiqishlari uchun ruxsat etishi mumkin.
115-modda
Muayyan hududga joylashtirilgan shaxs sud jarayonidagi tomonlarning biri hisoblangan barcha hollarda ushbu shaxs talab etgan taqdirda, uni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat sudga bu shaxsning qo‘lga olinganligi haqida ma’lum qilishi lozim; shuningdek, muayyan hududga joylashtirilganligi munosabati bilan ushbu shaxsning ishini tayyorlash, yuritish yoki unga nisbatan sudning har qanday hukmini ijro etish jarayonlarida uning manfaatlariga ziyon yetkazmaslik uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini qonun doirasida nazorat qilishi zarur bo‘ladi.
116-modda
Muayyan hududga joylashtirilgan har bir shaxsga belgilangan vaqt oralig‘ida va iloji bo‘lsa imkon tug‘ilgan paytda, birinchi navbatda, o‘z yaqin qarindoshlari bilan uchrashishi uchun ruxsat etiladi.
O‘ta zarur hollarda va mavjud imkoniyatlar doirasida, ayniqsa, biron-bir qarindoshi vafot etgan yoki og‘ir xastalikka chalingan taqdirda, manfaatdor shaxsga o‘z oilasini ko‘rib kelish uchun ruxsat etiladi.
IX BOB. JINOIY VA INTIZOMIY JAZO
117-modda
Mazkur bob qoidalarini hisobga olgan holda, muayyan hududga joylashtirilganlar joylashtirilgan hududda amalda bo‘lgan qonunchilik ular tomonidan muayyan hududga joylashtirish davrida sodir etilgan huquqbuzarliklarga nisbatan qo‘llanishda davom etadi.
Mabodo qonunlarda, qarorlarda yoki farmoyishlarda muayyan hududga joylashtirilganlar tomonidan sodir etilgan muayyan xatti-harakat jazoga loyiq deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-yu, xuddi shu xatti-harakat muayyan hududga joylashtirilmagan shaxslar tomonidan sodir etilganda jazoga loyiq deb topilmasa, u holda muayyan hududga joylashtirilganlar faqat intizomiy jazoga tortiladi.
Muayyan hududga joylashtirilgan shaxs o‘zi sodir etgan bitta nojo‘ya xatti-harakat yoki bitta ayblov bo‘yicha faqat bir marta jazolanishi mumkin.
118-modda
Sudlar yoki ma’muriyat jazo tayinlashda ayblanuvchining muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat fuqarosi emasligi faktiga keng miqyosda e’tibor qaratadi. Ular muayyan hududga joylashtirilgan shaxsga taqalayotgan huquqbuzarlik uchun ko‘zda tutilgan jazo chorasini yengillatishga erkin yondashadilar va ushbu jazo chorasining eng kamini qo‘llashga majbur hisoblanmaydilar.
Kunduzgi yorug‘lik tushmaydigan joylarda saqlash va umuman, har qanday shafqatsiz munosabatda bo‘lish taqiqlanadi.
Muayyan hududga joylashtirilganlar o‘zlariga belgilangan intizomiy yoki sudlov tartibidagi jazo chorasini o‘tab bo‘lgach, ularga nisbatan muayyan hududga joylashtirilgan boshqa shaxslar bilan bir xil muomala qilinishi kerak.
Muayyan hududga joylashtirilgan shaxs suddan oldin qamoqda ushlab turilgan muddat unga sudlov yoki intizomiy yo‘l bilan jazo sifatida belgilangan ozodlikdan mahrum etish muddati hisobiga kiritiladi.
Muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitalari o‘zlari vakili bo‘lgan ushbu shaxslarga qarshi qo‘zg‘atilgan barcha sudlov ishlari va ularning natijalaridan xabardor etiladi.
119-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanishi mumkin:
1) 95-moddaga muvofiq 30 kundan ziyod bo‘lmagan davrdagi ish haqining 50 foizidan oshmagan miqdorda jarima;
2) mazkur Konvensiyada ko‘zda tutilganidan tashqari qo‘shimcha ravishda berilgan imtiyozlardan mahrum etish;
3) bir kunda ikki soatdan oshmaydigan va asosan lagerni tartibga solishga qaratilgan ishlar bilan bog‘liq bo‘lgan navbatdan tashqari naryadlar berish;
4) qamoqda saqlash.
Intizomiy jazo choralarining g‘ayriinsoniy, shafqatsiz yoxud muayyan hududga joylashtirilganlar sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lishi mutlaqo mumkin emas. Ularni belgilashda shaxsning yoshi, jinsi va salomatligining ahvoli hisobga olinishi o‘rinlidir.
Hatto jazo chorasi to‘g‘risida qaror chiqarilayotgan paytda muayyan hududga joylashtirilgan shaxs bir yo‘la bir necha nojo‘ya xatti-harakati yuzasidan javob berayotgani va bu nojo‘ya xatti-harakatlarning o‘zaro bog‘liqligi yoki bog‘liq emasligidan qat’i nazar, bitta jazo muddatining davomiyligi hech qachon 30 kalendar kunidan oshmasligi kerak.
120-modda
Qochishga uringan paytda yoki qochib ketganidan so‘ng ushlab olingan muayyan hududga joylashtirilganlar bu xatti-harakati uchun, hatto bunday harakat takroran sodir etilgan bo‘lsa ham, faqat intizomiy jazoga tortiladi.
Qochishga uringan paytda yoki qochib ketganidan so‘ng ushlab olib jazolangan muayyan hududga joylashtirilganlar, 118-moddaning uchinchi xatboshisidan chekinish tariqasida, quyidagi shartlarga amal qilgan holda alohida nazorat ostiga olinishi mumkin bunday holat ularning sog‘ligiga ziyon yetkazmasligi kerak, nazorat bevosita muayyan hududda saqlash joyida amalga oshirilishi lozim va mazkur Konvensiya tomonidan beriladigan kafolatlardan birontasining bekor qilinishiga olib kelmasligi shart.
Qochish yoxud qochishga urinishda ko‘maklashgan muayyan hududga joylashtirilganlar buning uchun faqat intizomiy jazoga tortilishi mumkin.
121-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlar qochish paytida sodir etgan huquqbuzarliklari uchun sud javobgarligiga tortilgan taqdirda, ularning qochish yoki qochishga urinish bilan bog‘liq bo‘lgan xatti-harakati, hatto bunday harakat takroran sodir etilgan bo‘lsa ham, aybni og‘irlashtiruvchi holat sifatida qaralmasligi kerak.
Nizolashayotgan tomonlar muayyan hududga joylashtirilganlarga ular tomonidan sodir etilgan muayyan huquqbuzarliklar, ayniqsa, qochish yoki qochishga urinish bilan bog‘liq bo‘lgan xatti-harakat uchun intizomiy yoxud sudlov jazosi berilishini hal etishda tegishli ma’muriyatlarning muruvvat ko‘rsatishini kuzatib boradi.
122-modda
Intizomni buzish hisoblanuvchi har qanday xatti-harakat zudlik bilan tekshirilishi kerak. Xususan, bu qochish va qochishga urinishga taalluqli bo‘lib, ushlab olingan muayyan hududga joylashtirilgan shaxs iloji boricha tezkorlik bilan tegishli ma’muriyatga topshirilishi zarur.
Intizomni buzgan hollarda, muayyan hududga joylashtirilganlarning barchasi uchun suddan oldingi qamoq muddati eng kam miqdorda belgilanishi va ikki haftadan oshmasligi kerak; barcha hollarda suddan oldingi qamoq muddati ozodlikdan mahrum etish muddati hisobiga kiritiladi.
124 va 125-moddalar qoidalari intizomga zid xatti-harakati uchun suddan oldingi qamoq jazosiga tortilgan muayyan hududga joylashtirilganlarga nisbatan qo‘llanadi.
123-modda
Sudlov organlari va oliy ma’muriyat vakolatiga mansub bo‘lgan hollarni istisno etganda, intizomiy jazo faqat muayyan hududda saqlash joyi komendanti yoki u o‘z ma’muriy vakolatini topshirgan ofitser yoxud mas’ul mansabdor shaxs tomonidan berilishi mumkin.
Har qanday intizomiy jazo berish bo‘yicha muayyan qaror chiqarishdan oldin muayyan hududga joylashtirilgan ayblanuvchi shaxs qaysi xatti-harakati uchun ayblanayotgani to‘g‘risida batafsil xabardor qilinadi va u o‘z xatti-harakatini tushuntirib berishi va o‘zini himoya qilishi uchun unga imkoniyat yaratiladi. Unga, xususan, guvohlarni chaqirtirishi va zarur hollarda malakali tarjimon xizmatidan foydalanishi uchun ruxsat etiladi. Qaror ayblanuvchi va muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitasi a’zolaridan birining hozirligida e’lon qilinadi.
Intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risida qaror chiqarilgan paytdan to ushbu jazoning ijro etilishigacha bo‘lgan oraliqdagi vaqt bir oydan oshmasligi kerak.
Mabodo muayyan hududga joylashtirilgan shaxsga nisbatan yangidan intizomiy jazo chorasi berilsa va ushbu jazolardan birining davomiylik muddati o‘n kun yoxud undan ko‘proq bo‘lsa, u holda har bir jazoni ijro etish oralig‘ida kamida uch kun o‘tishi shart.
Muayyan hududda saqlash joyi komendanti berilgan intizomiy choralar ro‘yxatini tutishi va bu ro‘yxat Homiy Davlatlar vakillari tanishishlari uchun ochiq bo‘lishi kerak.
124-modda
Hech qanday sharoitda muayyan hududga joylashtirilganlar intizomiy jazoni o‘tash uchun axloq tuzatish muassasalariga (qamoqxona, axloq tuzatish koloniyasi va boshqalarga) ko‘chirilishi mumkin emas.
Intizomiy jazo o‘taladigan imoratlar gigiyena talablariga javob berishi, xususan, yotoq moslamalari bilan jihozlangan bo‘lishi zarur; jazoni o‘tayotganlar o‘zlarini ozoda saqlash imkoniyatlariga ega bo‘lishlari lozim.
Intizomiy jazoni o‘tayotgan muayyan hududga joylashtirilgan ayollar erkaklardan ajratilgan holda alohida xonalarda saqlanishi va bevosita ayollarning nazorati ostida bo‘lishi kerak.
125-modda
Intizomiy jazoga tortilgan muayyan hududga joylashtirilganlar har kuni jismoniy tarbiya mashqlari bilan shug‘ullanishi va kamida ikki soat mobaynida ochiq havoda bo‘lishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Ularga, iltimoslariga ko‘ra, kundalik tibbiy ko‘rikda hozir bo‘lishga ruxsat etiladi. Ularga sog‘lig‘i taqozosi bo‘yicha zarur tibbiy yordam ko‘rsatiladi va zarurat tug‘ilgan hollarda ular muayyan hududda saqlash joyining lazaretiga yoki kasalxonaga joylashtiriladi.
Ularga o‘qish va yozish, shuningdek, xat olish va jo‘natish uchun ruxsat etiladi. Ammo ularga jo‘natmalar va pul ko‘chirmalari berilishi jazoni o‘tash muddati tugaguncha to‘xtatib turilishi mumkin; bu narsalar jazo muddati davomida muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitasiga topshiriladi, u esa ushbu jo‘natmalar ichidagi tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini lazaretga beradi.
Intizomiy jazoni o‘tayotgan muayyan hududga joylashtirilganlardan birontasi 107 va 143-moddalarda ko‘zda tutilgan huquqlaridan mahrum etilishi mumkin emas.
126-modda
71-moddadan toki 76-moddaning qoidalarigacha muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatning o‘z hududida joylashtirilgan muayyan hududga joylashtirilganlarga qarshi qo‘zg‘atilgan shu kabi sudlov ishlariga nisbatan qo‘llaniladi.
X BOB. MUAYYAN HUDUDGA JOYLASHTIRILGANLARNI KO‘CHIRISH
127-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarni ko‘chirishda har doim insonparvarlikka amal qilinadi. Odatda temir yo‘l orqali yoki boshqa transport turlari yordamida va kamida muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatning o‘z qo‘shinlarini siljitishni tashkil etishi paytidagi bilan tengma-teng sharoitda ko‘chirish amalga oshiriladi. Istisno tariqasida, ko‘chirish piyoda tarzda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan hollarda, muayyan hududga joylashtirilganlarning jismoniy ahvoli imkon bergan taqdirdagina bunga yo‘l qo‘yiladi va bunday ko‘chirish mutlaqo ularning haddan ortiq toliqib qolishlariga olib kelmasligi kerak.
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ushbu shaxslarni ularning sog‘lig‘ini yaxshi saqlab turish uchun yetarli darajadagi ichimlik suv va oziq-ovqat, shuningdek, ular uchun kerakli kiyim-kechak, boshpana va tibbiy yordam bilan ta’minlashi shart. U muayyan hududga joylashtirilganlarni tashish paytida ularning xavfsizligini ta’minlash borasida zarur bo‘lgan barcha ehtiyot choralarini ko‘radi va ko‘chirishni boshlashdan oldin barcha ko‘chiriladiganlarning to‘liq ro‘yxatini tuzadi.
Yarador va bemorlar, nogironlar, shuningdek, chaqaloqli yoki homilador ayollarning yo‘l yurishi sog‘lig‘i uchun xatarli hisoblangan taqdirda, muayyan hududga joylashtirilgan bunday shaxslar ko‘chirilmaydi; ular xavfsizligining qat’iy taqozosiga ko‘ra ko‘chirish bundan mustasno.
Muayyan hududda saqlash joyiga front chizig‘i yaqinlashib kelgan taqdirda, bu yerdagi shaxslarni ko‘chirishni yetarli darajadagi xavfsizlik sharoitida amalga oshirish mumkin bo‘lgan yoki ularni ko‘chirishga qaraganda o‘z joylarida qoldirish ko‘proq xatarli hisoblangan hollardagina, muayyan hududga joylashtirilganlar boshqa joyga ko‘chiriladi.
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ushbu shaxslarni ko‘chirish masalasini hal etishda ularning manfaatlarini, xususan, vataniga qaytarilishi yoki muqim yashab turgan joyiga qaytishini qiyinlashtirib yubormaslik kabi holatlarni hisobga olishi zarur.
128-modda
Ko‘chirish paytida muayyan hududga joylashtirilganlarga ularning jo‘natilishi va yangi pochta manzili to‘g‘risida rasmiy ravishda xabar qilinadi. Bu xabar ular o‘z yuklarini saranjom qilib va oila a’zolarini ogohlantirib ulgurishlari uchun oldindan aytilishi kerak.
Ularga shaxsiy buyumlar, xatlar va o‘z nomlariga kelgan jo‘natmalarni o‘zlari bilan birga olishga ruxsat etiladi; ko‘chirish sharoiti taqozosiga ko‘ra olib ketiladigan yuklarning vazni cheklab qo‘yilishi mumkin, ammo ruxsat etilgan vazn qat’iy ravishda kishi boshiga 25 kilogramdan oshmasligi kerak.
Avvalgi manzilga yo‘llangan xatlar va jo‘natmalar tutib qolinmasdan, zudlik bilan muayyan hududga joylashtirilganlarning yangi manziliga jo‘natiladi.
Zarurat tug‘ilgan hollarda, muayyan hududda saqlash joyi komendanti muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitasi bilan kelishgan holda, ushbu shaxslarga tegishli jamoat mulkini va bu shaxslar mazkur moddaning ikkinchi xatboshida ko‘zda tutilgan cheklashlar tufayli o‘zlari bilan birga olib ketolmagan buyumlarni tashishni ta’minlash yuzasidan tegishli choralarni ko‘radi.
XI BOB. MUAYYAN HUDUDGA JOYLASHTIRILGANLARNING O‘LIMI
129-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlar o‘z vasiyatnomalarini ularning saqlanishini ta’minlaydigan mas’ul ma’murlarga topshirishi mumkin. Muayyan hududga joylashtirilganlar vafot etgan taqdirda, tegishli vasiyatnoma zudlik bilan ko‘rsatilgan kishilarga yetkaziladi.
Muayyan hududga joylashtirilganlardan har birining vafoti shifokor tomonidan qayd etilishi, so‘ng esa o‘lim sabablari va u yuz bergan shart-sharoit qayd etilgan dalolatnoma tuzilishi zarur.
Tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladigan o‘lim haqidagi rasmiy dalolatnoma muayyan hududda saqlash joyi joylashgan hududda amalda bo‘lgan tartib-qoidaga muvofiq tarzda tuzilishi va ushbu dalolatnomaning muayyan tartibda tasdiqlangan nusxasi Homiy Davlatga, shuningdek, 140-moddada ko‘zda tutilgan Markaziy Agentlikka zudlik bilan jo‘natilishi shart.
130-modda
Muayyan hududga joylashtiruvchi ma’murlar vafot qilgan shaxslarning dafn marosimi hurmat bilan va iloji bo‘lsa ular mansub bo‘lgan diniy urf-odatlar asosida amalga oshirilishini, marhumlar qabrlari hurmat qilinishini, tegishli ravishda saqlanishini va zarur bo‘lganda topish osonlashishi ko‘zda tutilgan holda belgilanishini nazorat qiladi.
Muqarrar sharoit taqozosiga ko‘ra ularni birodarlik qabristoniga qo‘yishni istisno etganda, vafot etgan muayyan hududga joylashtirilganlar alohida qabrlarda dafn etilishi kerak. Jasadlarni yoqish faqat qat’iy sanitariya talablariga ko‘ra yoki marhumning dini shuni talab etsa yoxud uning maxsus vasiyati bo‘lgan taqdirdagina amalga oshiriladi. Yoqish amalga oshirilgan taqdirda, o‘lim to‘g‘risidagi dalolatnomada yoqish fakti va uning sabablari qayd etilishi kerak. Marhumning xoki muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ma’murlari tomonidan ehtiyot qilib saqlanishi va iloji bo‘lsa marhumlarning yaqin qarindoshlariga ularning iltimosi asosida zudlik bilan yetkazilishi zarur.
Sharoit imkon berishi bilanoq, harbiy harakatlar tugagan muddatdan kechiktirmay, muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat 136-moddada ko‘zda tutilgan Ma’lumotlar Byurosi orqali vafot etgan muayyan hududga joylashtirilganlar mansub bo‘lgan Davlatga marhumlar qabrlarining ro‘yxatini yuboradi. Bu ro‘yxatda marhumning shaxsini aniqlashda yordam beradigan zarur ma’lumotlar, shuningdek, qabrlarning aniq joyi qayd etilishi kerak.
131-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarga soqchilar tomonidan yoki biron-bir muayyan hududga joylashtirilgan shaxs yoxud butunlay boshqa shaxslar tomonidan yetkazilgan yoki yetkazilganligi gumon qilinayotgan har qanday jiddiy jarohat yoxud o‘lim holati to‘g‘risida, shuningdek, noma’lum sabablarga ko‘ra yuz bergan barcha o‘lim holatlari haqida muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat tomonidan tezkorlik bilan rasmiy tergov ishlari ochilishi shart.
Bu haqda zudlik bilan Homiy Davlatga xabar beriladi. Har bir guvohdan ko‘rsatmalar so‘rab olinishi zarur; bu guvohlik ko‘rsatmalari bayon etilgan ma’lumotnoma tayyorlanib, yuqorida qayd etilgan Davlatga yuboriladi.
Tergov natijasida bir yoki bir necha shaxslarning aybdorligi aniqlangan taqdirda, muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat aybdorni yoxud aybdorlarni sud qilish uchun barcha choralarni ko‘radi.
XII BOB. MUAYYAN HUDUDGA JOYLASHTIRILGANLARNI OZOD ETISH, VATANIGA QAYTARISH YOKI BETARAF MAMLAKATGA JOYLASHTIRISH
132-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarni ozodlikdan mahrum etish sabablari barham topishi bilanoq bunday shaxslar ularni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat tomonidan ozod etiladi.
Nizolashayotgan tomonlar harbiy harakatlar davrida muayyan hududga joylashtirilganlarning muayyan toifalarini, ayniqsa, bolalarni, homilador ayollarni, chaqaloqli va yosh bolali onalarni, yaradorlar va bemorlarni, shuningdek, ozodlikdan mahrum etish joylarida uzoq muddat saqlab turilgan shaxslarni ozod qilish, vataniga qaytarish, muqim yashash joyiga qaytarib yuborish yoki betaraf mamlakat shifoxonasiga joylashtirish yuzasidan o‘zaro bitimlar tuzishga harakat qiladi.
133-modda
Muayyan hududga joylashtirish harbiy harakatlar tugashi bilan iloji boricha tezroq to‘xtatilishi zarur.
Ayni chog‘da, nizolashayotgan tomonlardan birining hududida joylashgan va huquqbuzarlik sodir etgani uchun sudga berilgan muayyan hududga joylashtirilgan shaxslar ularning bu xatti-harakati uchun faqat intizomiy jazo qo‘llash bilangina cheklanilmagan taqdirda, sud jarayoni tugagunicha yoki tegishli holatlarda jazoni o‘tab bo‘lguniga qadar ushlab qolinishi mumkin Bu qoida oldinroq ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxslarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat bilan manfaatdor Davlatlar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq harbiy harakatlar yoki istilo barham topganidan so‘ng turli joylarga tarqalib ketgan muayyan hududga joylashtirilganlarni qidirish uchun komissiyalar tuzilishi mumkin.
134-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar harbiy harakatlar yoki istilo barham topganidan so‘ng urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarning avvalgi yashash joylariga qaytarib yuborilishi yoki vataniga qaytarilishiga ko‘maklashishga harakat qilishi lozim.
135-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ushbu shaxslar ozod etilganidan so‘ng ularni qo‘lga olinishiga qadar yashab turgan joylariga qaytarish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni yoki ular safarda yoxud ochiq dengizda bo‘lgan paytida qo‘lga olingan bo‘lsa, ushbu safarni tugatib manziliga yetib olishi uchun yoxud safarlarini boshlagan joyga eltish uchun zarur xarajatlarni qoplaydi.
Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat ilgari muqim yashash joyi o‘z hududida joylashgan shaxsga u ozod etilganidan so‘ng shu hududda yashab qolishiga ruxsat etmagan taqdirda, mazkur shaxsga vataniga qaytarish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni to‘laydi. Agar mazkur shaxs mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib yoki sadoqat tuyg‘usi nuqtayi nazaridan o‘zi burchdor hisoblangan hukumatga bo‘ysungan holda o‘z mamlakatiga ketishni lozim topsa, u holda muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat bunday shaxslarning o‘ziga tegishli hududdan tashqaridagi yo‘l xarajatlarini to‘lashga majbur emas. Muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat o‘z iltimoslariga ko‘ra muayyan hududga joylashtirilgan shaxslarni vataniga qaytarish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lashga majbur hisoblanmaydi.
Agar muayyan hududga joylashtirilgan shaxslar 45-moddaga muvofiq boshqa Davlatga topshirilsa, u holda topshiruvchi va qabul qiluvchi Davlatlar muayyan sarf-xarajatlarning o‘zlariga tegishli qismini to‘lash yuzasidan o‘zaro kelishib oladi.
Yuqorida qayd etilgan qoidalar nizolashayotgan tomonlar o‘rtasida dushman qo‘lidagi o‘z fuqarolarini almashtirish va vataniga qaytarish yuzasidan tuzilishi mumkin bo‘lgan maxsus bitimlarga ziyon yetkazmasligi kerak.
V QISM. MA’LUMOTLAR BYUROSI VA MARKAZIY MA’LUMOTLAR AGENTLIGI
136-modda
Mojaroning boshlanishidayoq va barcha bosib olish xollarida nizolashayotgan tomonlardan har biri o‘z qo‘l ostida Ma’lumotlar Byurosini rasmiy ravishda ta’sis etadi va unga o‘z hukmi ostida saqlab turilgan homiylikka olingan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va uzatish vazifasini yuklaydi.
Nizolashayotgan tomonlarning har biri muayyan yashash joyiga majburiy ko‘chirib saqlanayotgan yoki muayyan hududga joylashtirilgan va ikki haftadan ortiq muddat mobaynida qamoqda bo‘lgan homiylikka olingan har bir shaxsga nisbatan qo‘llagan chora-tadbirlari to‘g‘risidagi axborotni yuqorida qayd etilgan Ma’lumotlar Byurosiga imkon qadar tezkorlik bilan ma’lum qiladi. Bundan tashqari, ular o‘zlarining turli manfaatdor tashkilotlari zimmasiga homiylikka olingan shaxslarga taalluqli barcha o‘zgarishlar, masalan, ko‘chirish, ozod etish, vataniga qaytarish, qochish, harbiy shifoxonaga joylashtirilish, tug‘ilish va vafot etish kabi holatlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni ana shu Ma’lumotlar Byurosiga zudlik bilan taqdim etish vazifasini yuklaydi.
137-modda
Milliy Ma’lumotlar Byurosi, bir tomondan, Homiy Davlatning, ikkinchi tomondan, 140-moddada ko‘zda tutilgan Markaziy Agentlikning ko‘magida homiylikka olingan shaxslarga taalluqli ma’lumotlarni bu shaxslar fuqarosi hisoblangan Davlatga yoxud bu shaxslar hududida yashagan Davlatga zudlik bilan jo‘natib yuboradi. Byuro, shuningdek, homiylikka olingan shaxslar yuzasidan o‘z nomiga kelib tushgan barcha so‘rovlarga javob qaytaradi.
Ma’lumotlar Byurolari berilgan ma’lumot homiylikka olingan shaxsga yoki uning oilasiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlarni istisno etganda, ushbu manfaatdor shaxsga taalluqli ma’lumotlarni beradi. Hatto shunday istisnoli hollarda ham tegishli ma’lumotlarni Markaziy Agentlikka berishni rad etish mumkin emas, bu agentlik esa muayyan vaziyatdan oldindan xabardorligi asosida 140-moddada qayd etilgan ehtiyotkorlik choralarini ko‘radi.
Byuro yuboradigan har qanday yozma ma’lumotlar imzo va muhr bilan tasdiqlanadi.
138-modda
Milliy Ma’lumotlar Byurosi oladigan va jo‘natadigan ma’lumotlar homiylikka olingan shaxsning kimligini aniq belgilash va zudlik bilan uning oilasiga bildirish yuborish imkonini berishi lozim. Unda kamida tegishli shaxsning familiyasi, ismi, tug‘ilgan joyi va sanasi, fuqaroligi, oxirgi yashash joyi, alohida belgilari, otasining ismi va onasining qizlik familiyasi, ushbu shaxsga nisbatan qo‘llangan choraning mazmuni, qo‘llanish vaqti va joyi, unga xat-xabar jo‘natish mumkin bo‘lgan manzil, shuningdek, xabardor etilishi lozim bo‘lgan shaxsning ism-familiyasi va turar-joy manzili aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Shuningdek, jiddiy yarador yoki og‘ir bemor bo‘lgan muayyan hududga joylashtirilganlarning ahvoli haqidagi ma’lumotlar muntazam ravishda, agar iloji bo‘lsa, har haftada jo‘natib turiladi.
139-modda
Bundan tashqari, Ma’lumotlar Byurosi 136-moddada ko‘zda tutilgan homiylikka olingan shaxslardan qolgan, xususan, ularning vataniga qaytarilishi, ozod etilishi, qochishi yoki vafot etishi munosabati bilan ushbu homiylikka olingan shaxslardan qolgan barcha qimmatbaho shaxsiy buyumlarni to‘plash va to‘g‘ridan to‘g‘ri, zarur hollarda esa Markaziy Agentlik orqali, manfaatdor shaxslarga topshirish uchun mas’ul hisoblanadi. Bu buyumlar byuro muhri bosilgan paketlarda jo‘natiladi. Paketlarga ushbu buyumlarning egasi to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar, shuningdek, paketdagi buyumlarning aniq ro‘yxati qayd etilgan hujjatlar ilova qilinadi. Bunday qimmatbaho buyumlarni olish va jo‘natish hollarining barchasi batafsil qayd etib boriladi.
140-modda
Homiylikka olingan shaxslar, xususan, muayyan hududga joylashtirilganlarning ishlari bo‘yicha Markaziy Ma’lumotlar Agentligi betaraf mamlakatda ta’sis etiladi. Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi zarur deb topgan taqdirda, manfaatdor Davlatlarga bunday agentlikni tashkil etishni tavsiya qiladi; bu Harbiy asirlar bilan qilinadigan muomala to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva Konvensiyasining 123-moddasida ko‘zda tutilgan agentlikdek bo‘lishi mumkin.
Mazkur agentlikka rasmiy yoki xususiy yo‘l bilan olish mumkin bo‘lgan 136-moddada ko‘zda tutilgan mazmundagi barcha ma’lumotlarni jamlash vazifasi yuklanadi; u tegishli ma’lumotlar homiylikka olingan shaxslarga yoki ularning oilasiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlarni istisno etgan barcha hollarda ushbu manfaatdor shaxslarga taalluqli ma’lumotlarni ular fuqarosi bo‘lgan mamlakatga yoxud ular yashagan mamlakatga iloji boricha tezkorlik bilan yuborishi zarur. Nizolashayotgan tomonlar ko‘rsatilgan ma’lumotlarni yuborishni amalga oshirishi uchun agentlikka barcha oqilona shart-sharoitlarni yaratib beradi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, xususan, fuqarolari Markaziy Agentlik xizmatidan foydalanayotgan Tomonlar agentlikning ehtiyojini qoplash uchun moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishga taklif etiladi.
Bu qoidalar Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi va 142-moddada ko‘rsatilgan ko‘mak tashkilotlarining insonparvarlik faoliyatini cheklash mazmunida talqin etilmasligi shart.
141-modda
Milliy Ma’lumotlar Byurolari va Markaziy Ma’lumotlar Agentligi har qanday pochta yig‘imlarini to‘lashdan ozod etiladi va 110-moddada ko‘zda tutilgan barcha imtiyozlardan foydalanadi; shuningdek, ularga imkon boricha telegrafdan bepul yoki kamida eng quyi tarif bo‘yicha foydalanish huquqi ham beriladi.
V BO‘LIM. KONVENSIYANI BAJARISH
I QISM. UMUMIY QOIDALAR
142-modda
Homiylikka olingan shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatlar o‘z xavfsizligini ta’minlash yoki boshqa oqilona ehtiyojlarni qondirish uchun zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni qo‘llash hollaridan tashqari, diniy jamiyatlar, ko‘mak jamiyatlari yoxud homiylikka olingan shaxslarga ko‘maklashuvchi boshqa har qanday tashkilotlarga va tengma-teng ravishda ularning akkreditatsiya qilingan vakillariga homiylikka olingan shaxslarni borib ko‘rish, ularga jo‘natmalar va tarbiyaviy va diniy maqsadlar uchun, shuningdek, muayyan hududda saqlash joylarida dam olishni tashkillashtirishda ko‘maklashish maqsadida ko‘ngil ochish uchun mo‘ljallangan har xil narsalar tarqatishlariga zarur shart-sharoit yaratib beradi. Yuqorida tilga olingan jamiyatlar yoki tashkilotlar muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat hududida yoxud boshqa bir mamlakatda ta’sis etilishi yoki xalqaro ahamiyatga ega bo‘lishi ham mumkin.
Homiylikka olingan shaxslarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat tomonidan tegishli vakillariga uning hududida va nazorati ostida ishlashlari uchun ruxsat etiladigan jamiyat va tashkilotlarning soni cheklab qo‘yilishi mumkin; lekin bunday cheklash barcha homiylikka olingan shaxslarga ta’sirchan va yetarli darajada ko‘mak ko‘rsatilishiga xalal bermasligi shart.
Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining bu boradagi alohida mavqeyi har doim e’tirof etilishi va hurmat qilinishi lozim.
143-modda
Homiy Davlatlarning vakillari yoki delegatlariga homiylikka olingan shaxslar joylashtirilgan barcha joylar, xususan, bu shaxslar muayyan hududga joylashtirilgan, qamoqda saqlanayotgan va ishlayotgan joylarni borib ko‘rishga ruxsat etiladi.
Ular homiylikka olingan shaxslar foydalanadigan barcha xonalarga kirish huquqiga ega bo‘ladi, bu shaxslar bilan guvohlarsiz suhbatlashishlari, zarur bo‘lganda tarjimon yordamida gaplashishlari mumkin.
Bunday borib ko‘rishlar faqat qat’iy harbiy zarurat taqozosiga ko‘ra istisno tariqasida va muayyan muddatga taqiqlanishi mumkin. Borib ko‘rishlarning soni va davomiyligi cheklab qo‘yilmaydi.
Homiy Davlatlarning vakillari yoki delegatlariga xohlagan joylarini borib ko‘rishlari uchun erkin tanlov imkoniyati beriladi. Urush tamom bo‘lguncha ozodlikdan mahrum etilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat yoki istilochi Davlat, Homiy Davlat va tegishli hollarda borib ko‘rilishi kerak bo‘lgan shaxs bevosita fuqarosi hisoblangan Davlat ana shu asirlarni borib ko‘rishni istagan ularning vatandoshlariga ko‘rishda qatnashish uchun ruxsat etish to‘g‘risida o‘zaro kelishib olishi mumkin.
Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi delegatlari ham shu huquqlardan foydalanadi. Ularning tayinlanishi ushbu delegatlar o‘z faoliyatini amalga oshiradigan hududni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlat roziligiga bog‘liqdir.
144-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar tinchlik va urush vaqtida ham mazkur Konvensiya matnini o‘z mamlakatlari ichida imkon qadar kengroq tarqatish, xususan, uni o‘rganish uchun harbiy, mumkin bo‘lsa, fuqaroviy ta’lim sohasining o‘quv dasturlariga kiritish majburiyatini zimmasiga oladi, toki uning prinsiplaridan barcha aholi xabardor bo‘lsin.
Fuqaroviy, harbiy va politsiya ma’murlari va urush davrida homiylikka olingan shaxslar uchun javobgar hisoblangani boshqa xil ma’murlar Konvensiya matniga ega bo‘lishi va uning qoidalari bilan maxsus tanishtirilishi shart.
145-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar Shveysariya Federal Kengashi yordamida, harbiy harakatlar vaqtida esa Homiy Davlatlar orqali mazkur Konvensiya tarjimalarining rasmiy matnlarini, shuningdek, uning qo‘llanilishini ta’minlash yo‘lida qabul qilingan qonunlar va qarorlarni bir-biriga yetkazadi.
146-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar keyingi moddada ko‘rsatilgan mazkur Konvensiya qoidalarining u yoki bu darajada jiddiy buzilishiga yo‘l qo‘ygan yoki bu haqda buyruq bergan shaxslar uchun samarali jinoiy javobgarlikni ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan qonunchilikni amalga kiritish yuzasidan o‘z zimmasiga tegishli mas’uliyat oladi. Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri qoidalarning u yoki bu darajada jiddiy buzilishiga yo‘l qo‘yganlikda yoxud bu haqda buyruq berganlikda ayblanayotgan shaxslarni qidirib topish va qaysi mamlakat fuqarosi ekanidan qat’i nazar ularni o‘z sudiga topshirishni zimmalariga oladilar. Tegishli Tomon, shuningdek, agar xohlasa, o‘z qonunchiligiga muvofiq ularni sud qilish uchun boshqa manfaatdor Oliy Ahdlashuvchi Tomon ixtiyoriga berishi mumkin. Buning uchun ushbu Oliy Ahdlashuvchi Tomon ana shu shaxslarni ayblash uchun asos bo‘la oladigan dalillarga ega bo‘lishi kerak.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri keyingi moddada sanab o‘tilgan jiddiy qoidabuzarliklar bilan bir qatorda, mazkur Konvensiya qoidalariga zid bo‘lgan boshqa xatti-harakatlarga barham berish uchun zarur choralarni ko‘radi.
Har qanday sharoitda ayblanuvchi shaxslar tegishli sud protsedurasi va himoyalanish huquqi kafolatlaridan foydalanadi. Bu kafolatlarning foydasi Harbiy asirlar bilan qilinadigan muomala to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva Konvensiyasining 105-moddasi va keyingi moddalarida ko‘zda tutilgan kafolatlarnikidan kam bo‘lmasligi kerak.
147-modda
Yuqoridagi moddada qayd etilgan jiddiy qoidabuzarliklar qatoriga mazkur Konvensiya homiyligidan foydalanayotgan shaxslar yoki mol-mulkka qarshi qaratilgan quyidagi qoidabuzarlik harakatlari kiradi: qasddan o‘ldirish, qiynoqqa solish va g‘ayriinsoniy muomala qilish, shu jumladan, biologik tajribalar o‘tkazish, ataylab og‘ir azob yoki jiddiy shikast yetkazish, sog‘lig‘iga ziyon keltirish, noqonuniy deportatsiya qilish yoki ko‘chirish, noqonuniy qamoqqa olish, homiylikka olingan shaxsni dushman Davlatning qurolli kuchlari safida xizmat qilishga majburlash yoki mazkur Konvensiyada ko‘zda tutilgan tartibdagi beg‘araz va jo‘yali sudlov huquqlaridan mahrum etish, garovga olish, uning mulkini harbiy vaziyat taqozo etmagan holda noqonuniy tarzda, o‘zboshimchalik bilan katta hajmda vayron etish va o‘zlashtirib olish.
148-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning birontasiga o‘zini yoki boshqa Oliy Ahdlashuvchi Tomonni yuqoridagi moddada ko‘zda tutilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha o‘zining yoxud biron-bir Ahdlashuvchi Tomonning zimmasiga yuklanadigan javobgarlikdan xalos etishi uchun ruxsat berilmaydi.
149-modda
Nizolashayotgan tomonlardan birining iltimosiga binoan, Konvensiya qoidabuzarliklarining har qanday tasdig‘ini tegishlicha aniqlashtirish yuzasidan manfaatdor tomonlar o‘rtasida o‘zaro kelishilgan tartibdagi aniqlash protsedurasi boshlanishi kerak.
Aniqlash protsedurasi masalasi bo‘yicha bir bitimga kelinmagan taqdirda, tomonlar o‘zaro kelishgan holda bu masalani hal etadigan arbitrni tanlab oladilar.
Qoidabuzarlik aniqlanishi bilanoq, nizolashayotgan tomonlar unga barham beradilar va imkon qadar qisqa fursatda aybdorni jazolash choralarini ko‘radilar.
II QISM. YAKUNIY QOIDALAR
150-modda
Mazkur Konvensiya fransuz va ingliz tillarida tayyorlangan. Har ikki tildagi matn bir xil kuchga ega.
Shveysariya Federal Kengashi Konvensiyaning rus va ispan tillariga rasmiy tarjimalarini ta’minlaydi.
151-modda
Quyidagi sana qo‘yilgan mazkur Konvensiya 1949-yil 21-aprelda Jenevada ochilgan konferensiyaga vakil yuborgan barcha Davlatlar tomonidan 1950-yilning 12-fevraligacha imzolanishi mumkin.
152-modda
Mazkur Konvensiya imkon qadar tezroq ratifikatsiya qilinadi va ratifikatsiya yorliqlari saqlash uchun Bernga topshiriladi.
Har bir ratifikatsiya yorlig‘ini topshirish uchun protokol tuziladi va uning tasdiqlangan nusxasi Konvensiyani imzolagan yoki unga qo‘shilish to‘g‘risida bayonot bergan barcha Davlatlarga Shveysariya Federal Kengashi tomonidan topshiriladi.
153-modda
Mazkur Konvensiya kamida ikkita ratifikatsiya yorlig‘i saqlash uchun topshirilgandan so‘ng oradan olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
Kelgusida u har qaysi Oliy Ahdlashuvchi Tomon uchun shu tomonning ratifikatsiya yorligi saqlashga topshirilgach, oradan olti oy o‘tib kuchga kirib boradi.
154-modda
Quruqlikdagi urush qonunlari va odatlari to‘g‘risida 1899-yil 29-iyulda yoki 1907-yil 18-oktabrda imzolangan Gaaga Konvensiyalari bilan o‘zaro bog‘langan va mazkur Konvensiya ishtirokchilari bo‘lgan Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda ushbu Konvensiya yuqorida tilga olingan Gaaga Konvensiyalariga ilova qilingan Reglamentning II va III qismlarini to‘ldiradi.
155-modda
Mazkur Konvensiya kuchga kirgan kunidan e’tiboran ushbu Konvensiyani imzolamagan har qanday Davlatning unga qo‘shilishi uchun ochiq hisoblanadi.
156-modda
Har bir qo‘shilish to‘g‘risida Shveysariya Federal Kengashiga yozma ravishda bayonot beriladi va ushbu bayonot kelib tushgan kunidan boshlab olti oy vaqt o‘tgach kuchga kiradi.
Shveysariya Federal Kengashi Konvensiyani imzolagan yoki unga qo‘shilish to‘g‘risida bayonot bergan barcha Davlatlarni qo‘shilganlik to‘g‘risida xabardor qiladi.
157-modda
2 va 3-moddalarda ko‘zda tutilgan holatlar saqlashga topshirilgan ratifikatsiyalarning, shuningdek, nizolashayotgan tomonlar harbiy harakatlardan yoki bosib olishdan oldin yoxud keyin qo‘shilish to‘g‘risida bergan bayonotlarning darhol kuchga kirishini ta’minlaydi. Shveysariya Federal Kengashi ratifikatsiyalar yoki nizolashayotgan tomonlardan qo‘shilish haqida tushgan bayonotlar to‘g‘risida eng tezkor yo‘llar bilan xabar yetkazadi.
158-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri mazkur Konvensiyani denonsatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shveysariya Federal Kengashiga denonsatsiya to‘g‘risida yozma bayonot beriladi va u denonsatsiya to‘g‘risida barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning hukumatlarini xabardor qiladi.
Denonsatsiya Shveysariya Federal Kengashiga bu haqda yozma bayonot berilganidan so‘ng bir yil o‘tgachgina kuchga kiradi. Shu bilan birga tegishli Davlat mojaroda ishtirok etayotgan vaqtda denonsatsiya to‘g‘risida yozma bayonot bergan bo‘lsa, u tinchlik bitimiga kirishilmaguncha va har holda, mazkur Konvensiya homiyligidan foydalanayotgan shaxslarni ozod etish, o‘z vataniga qaytarish va yashash manzillariga joylashtirish bo‘yicha ishlar tugallanmaguncha kuchga kirmasligi kerak.
Denonsatsiya bu haqda yozma bayonot bergan Davlatga nisbatangina kuchga egadir. U nizolashayotgan tomonlar zimmasiga xalqaro huquq prinsiplaridan kelib chiqib yuklanadigan majburiyatlarga hech qanday ta’sir etmaydi. Negaki bu majburiyatlar sivilizatsiyalashgan xalqlar o‘rtasidagi urf-odatlar, insoniy qonun-qoidalar va jamoatchilikning vijdon amridan kelib chiqadi.
159-modda
Shveysariya Federal Kengashi mazkur Konvensiyani Birlashgan Millatlar Tashkiloti kotibiyatida ro‘yxatdan o‘tkazadi Shveysariya Federal Kengashi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti kotibiyatiga mazkur Konvensiya yuzasidan olingan barcha ratifikatsiyalar, qo‘shilishlar va denonsatsiya qilishlar to‘g‘risida xabar berib boradi.
Ushbuni tasdiqlash uchun quyida imzo chekuvchilar tegishli vakolatlarni bergan holda mazkur Konvensiyani imzoladilar. Jenevada 1949-yil 12-avgustda fransuz va ingliz tillarida tuzildi; mazkur Konvensiyaning asl nusxasi Shveysariya Konfederatsiyasi arxivlarida saqlanadi, Konvensiyaning tasdiqlangan nusxalari esa Shveysariya Federal Kengashi tomonidan uni imzolagan yoki unga qo‘shilgan har bir Davlatga topshiriladi.
I Ilova
SANITAR ZONALAR VA HUDUDLAR TO‘G‘RISIDAGI BITIM LOYIHASI
1-modda
Sanitar zonalar faqat Harakatdagi qurolli kuchlardagi yaradorlar va bemorlarning qismatlarini yengillashtirish to‘g‘risida 1949-yil 12-avgustda qabul qilingan Jeneva konvensiyasining 23-moddasida qayd etilgan shaxslar, shuningdek, zimmasiga ushbu zonalar va hududlarni tashkillashtirish, ularni boshqarish va u yerda qo‘nim topgan shaxslarni parvarishlash mas’uliyati yuklangan xodimlar uchungina mo‘ljallanadi.
Ammo bunday zonalar hududida doimiy istiqomat etuvchi shaxslar bu zonalarda bo‘lish huquqiga ega bo‘ladi.
2-modda
Qanday asos bo‘yicha ekanidan qat’i nazar, sanitar zonalardan birontasida joylashgan har qanday shaxs na zona ichkarisida va na tashqarida harbiy operatsiyalar va harbiy materiallar ishlab chiqarishga bevosita aloqador bo‘lgan biron-bir faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
3-modda
Sanitar zona tashkil etayotgan Davlat ushbu zonani kelib ko‘rish yoki unda yurish huquqiga ega bo‘lmagan barcha shaxslarning bu zona hududiga kirishini taqiqlashga qaratilgan barcha zaruriy choralarni ko‘radi.
4-modda
Sanitar zonalar quyidagi shartlarga javob berishi shart:
a) bu zonalar ularni tashkil etgan Davlat nazoratidagi hududning atigi kichik bir qismidan iborat bo‘lishi lozim;
b) ularda sig‘ishi mumkin bo‘lgan aholi soniga nisbatan kamroq kishi joylashtirilishi kerak;
s) ular har qanday harbiy obyektlar va har qanaqa yirik sanoat korxonalari yoki ma’muriy muassasalardan olisda joylashtirilishi, shuningdek, bunday inshootlarga ega bo‘lmasligi shart;
d) ular urush olib borish uchun ahamiyat kasb etishi ehtimoli mavjud bo‘lgan hududlarda joylashtirilishi mumkin emas.
5-modda
Sanitar zonalarga quyidagi talablar qo‘yiladi:
a) bu zonalarda mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan qatnov yo‘llaridan va transport vositalaridan qo‘shinlarni yoki harbiy materiallarni tashish, hattoki tranzit tashish uchun ham foydalanilmasligi kerak;
b) bu zonalar har qanday vaziyatda ham harbiy vositalar bilan himoya qilinmaydi.
6-modda
Sanitar zonalar ularning old tomonida va qurilish inshootlarida o‘rnatiladigan oq tusli sathdagi qizil xoch (qizil yarim oy, qizil sher va quyosh) bilan belgilanadi.
Qorong‘i paytlarda ular xuddi shu taxlitda tegishli yoritgichlar yordamida belgilanishi mumkin.
7-modda
Tinchlik davrida yoki urush harakatlarining boshlanishida har qaysi Davlat barcha Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarga o‘z nazoratidagi hududlarda ta’sis etilgan sanitar zonalar ro‘yxatini ma’lum qiladi. Davlatlar, shuningdek, tomonlarga mojaro davrida tashkil qilgan har bir yangi zona to‘g‘risida ma’lumot berishi shart.
Qarshi tomon yuqorida qayd etilgan ma’lumotlarni olgan paytdan e’tiboran zona huquqiy jihatdan mavjud hisoblanadi.
Ammo, agar qarshi tomon mazkur bitimning qaysidir sharti yaqqol bajarilmagan deb hisoblasa, u holda zonani e’tirof etishdan voz kechishi va bu haqda ushbu zona qaramog‘ida bo‘lgan tomonga zudlik bilan ma’lum qilishi yoxud unga o‘z e’tirofi 8-moddada ko‘zda tutilgan nazoratning o‘rnatilishiga bog‘liq ekanini bildirishi mumkin.
8-modda
Har qaysi tomon, qarshi tomon ta’sis etgan bir yoki bir nechta sanitar zonani tan olgan holda, bitta yoxud bir nechta maxsus komissiya ushbu zonalar mazkur bitimda bayon etilgan talab va shartlarga nechog‘lik javob berishini tekshirishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Buning uchun maxsus komissiyalar a’zolari har qanday paytda har qanday zonaga erkin kira olish va hatto u yerda doimiy yashash huquqidan foydalanishi mumkin. Ularga nazorat bo‘yicha o‘z vakolatlarini amalga oshirishlari uchun barcha sharoit yaratib beriladi.
9-modda
Maxsus komissiyalar o‘z fikriga ko‘ra mazkur bitim shartlariga zid keladigan faktlarni qayd etgan taqdirda, ular bu haqda ushbu zona qaramog‘ida bo‘lgan Davlatga zudlik bilan ma’lum qilishi va unga ushbu ziddiyatlarni bartaraf etish uchun ko‘pi bilan besh kunlik muddat berishi kerak; ular bu haqda zonani e’tirof etgan Davlatni xabardor qiladi.
Agar bu muddat tugashi asnosida ushbu zona qaramog‘ida bo‘lgan Davlat o‘ziga yo‘llangan ogohlantirish yuzasidan tegishli chora ko‘rmagan bo‘lsa, u holda qarshi tomon bundan keyin ushbu zonaga mazkur bitim asosida bog‘liq emasligi to‘g‘risida ma’lum qilishi mumkin.
10-modda
Bir yoki bir nechta sanitar zonalar va hududlar tashkil etgan Davlat, shuningdek, bunday zonalar mavjudligi to‘g‘risida xabardor etilgan qarshi tomonlar 8 va 9-moddalarda qayd etilgan maxsus komissiyalar tarkibiga kirishi mumkin bo‘lgan shaxslarni tayinlaydi yoxud betaraf Davlatlardan bunday tayinlashni amalga oshirishni so‘raydi.
11-modda
Sanitar zonalarga hech qachon hujum uyushtirilishi mumkin emas, ular har doim nizolashayotgan tomonlarning homiyligi va himoyasidan foydalanadi.
12-modda
Biron-bir hudud istilo etilgan hollarda, bu yerda joylashgan sanitar zonalar odatdagiday hurmat etilishi va odatdagi maqsad uchun foydalanilishi shart.
Ammo istilochi Davlat bu yerga joylashtirilgan shaxslarning taqdirini oldindan ta’minlagan holda, zonalarning belgilangan maqsadini o‘zgartirishi mumkin.
13-modda
Mazkur bitim, shuningdek, Davlatlar tomonidan sanitar zonalarga tegishli maqsadlar uchun foydalaniladigan hududlarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
II Ilova
MUAYYAN HUDUDGA JOYLASHTIRILGAN FUQARO SHAXSLAR UCHUN JAMOAVIY KO‘MAK JO‘NATMALARIGA OID NIZOM LOYIHASI
1-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitalariga qo‘l ostlilaridagi jamoaviy ko‘mak jo‘natmalarini o‘zlariga tegishli muayyan hududda saqlash joylariga mansub barcha muayyan hududga joylashtirilganlar o‘rtasida, shu jumladan, gospitallarda, qamoqxonalarda yoki axloq tuzatish muassasalaridagi muayyan hududga joylashtirilganlar o‘rtasida taqsimlash uchun ruxsat etiladi.
2-modda
Jamoaviy ko‘mak jo‘natmalarini taqsimlash xayriya beruvchilarning ko‘rsatmasiga muvofiq va muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitalari ishlab chiqqan reja bo‘yicha amalga oshiriladi; ammo tibbiyot materiallaridan iborat jo‘natmalarni taqsimlashni bosh shifokor bilan kelishuv bo‘yicha amalga oshirish ma’qul hisoblanadi; gospitallar va lazaretlarda bosh shifokorlar yuqorida qayd etilgan ko‘rsatmalardan o‘z bemorlarining ehtiyojlari talab etgan darajada chekinishlari mumkin. Shunday qilib, belgilangan tartiblar doirasidagi bu taqsimot har doim adolatli tarzda amalga oshirilishi shart.
3-modda
O‘zlari olgan jo‘natmalarning sifati va miqdorini tekshirish va ushbu masala yuzasidan xayriya beruvchilarga batafsil hisobot tayyorlash uchun imkoniyat yaratish maqsadida muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitalarining a’zolariga o‘zlariga tegishli muayyan hududda saqlash joylari yaqinidagi vokzallar va ko‘mak jo‘natmalari kelib tushadigan boshqa punktlarga chiqishlariga ruxsat etiladi.
4-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitalari jamoaviy jo‘natmalar taqsimoti o‘zlariga tegishli muayyan hududda saqlash joylarining barcha bo‘linmalari va filiallarida ularning ko‘rsatmalariga muvofiq tarzda amalga oshirilganiga ishonch hosil qilishlari uchun ularga tegishli imkoniyat yaratiladi.
5-modda
Muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitalariga xayriya beruvchilarga mo‘ljallangan va jamoaviy ko‘mak jo‘natmalariga (taqsimot, talab, miqdor va boshqalarga) taalluqli bo‘lgan blanklar va anketalarni to‘ldirish, shuningdek, bu blanklarni to‘ldirishni ishchi komandalaridagi muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitalariga yoki lazaretlar va gospitallarning bosh shifokorlariga topshirish uchun ruxsat etiladi. Ushbu tegishli tartibda to‘ldirilgan blanklar va anketalar paysalga solinmasdan xayriya beruvchilarga yetkaziladi.
6-modda
Jamoaviy ko‘mak jo‘natmalarining o‘zlariga tegishli muayyan hududda saqlash joylaridagi muayyan hududga joylashtirilganlar o‘rtasida muntazam ravishda taqsimlab turilishini ta’minlash va muayyan hududga joylashtirilganlarning yangi kontingenti kelishi munosabati bilan paydo bo‘ladigan talablarni qondirish maqsadida muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitalariga jamoaviy ko‘mak jo‘natmalarining yetarli miqdordagi zaxirasini tashkil etish va saqlab turishga ruxsat etiladi. Shu maqsadda ular tegishli omborlarga ega bo‘ladi; har bir ombor ikkita qulf bilan qulflanadi va albatta, qulflardan birining kaliti muayyan hududga joylashtirilganlar qo‘mitasida, boshqasiniki esa muayyan hududda saqlash joyi komendantida saqlanadi.
7-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar, xususan, muayyan hududga joylashtirilganlarni o‘z hukmi ostida saqlab turgan Davlatlar keng imkoniyatlar doirasida, shu bilan birga aholining oziq-ovqat ta’minotini tartibga soluvchi ko‘rsatmalarni hisobga olgan holda, ularning hududlarida muayyan hududga joylashtirilganlar o‘rtasida jamoaviy ko‘mak sifatida taqsimlash uchun zarur turli mahsulotlarni sotib olishni amalga oshirishga ruxsat etadi; ular bunday sotib olishlarni amalga oshirish maqsadida pul jamg‘armalaridan mablag‘ ko‘chirilishiga va texnik yoki ma’muriy tartibdagi boshqa xil moliyaviy harakatlar bajarilishiga ham xuddi shu tarzda ko‘maklashadi.
8-modda
Yuqorida qayd etilgan qoidalar na muayyan hududga joylashtirilganlarning muayyan hududda saqlash joyiga kelmasdan oldin yoki ko‘chish davrida jamoaviy jo‘natmalarni qabul qilib olish huquqlariga va na Homiy Davlat, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi yoki muayyan hududga joylashtirilganlarga ko‘maklashuvchi va tegishli jo‘natmalarning topshirilishi va oluvchilar o‘rtasida o‘zlari istagan har qanday tartibda taqsimlanishi bo‘yicha mas’ul hisoblangan boshqa har qanday tashkilotlar vakillarining imkoniyatlariga ziyon yetkazmasligi kerak.
III Ilova
MUAYYAN HUDUDGA JOYLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA BILDIRGI KARTOCHKASI