O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI OLIY ATTESTATSIYA KOMISSIYASI RAYoSATINING
Qarori
Malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 25-martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2442]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2016-yil 28-yanvardagi 220/2-sonli “Malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 2764, 17.02.2016-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 30-son, 346-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 1-son, 5-modda) muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2004-yil 25-martdagi 103/5-son “Nomzodlik imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (ro‘yxat raqami 1356, 2004-yil 18-may) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 20-son, 238-modda);
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2010-yil 25-martdagi 163/13-son “Nomzodlik imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori (ro‘yxat raqami 1356-1, 2010-yil 13-aprel) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 14-15-son, 117-modda).
3. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Rais G. BAXADIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 31-yanvar,
195/6-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2013-yil 31-yanvardagi 195/6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 30-son, 346-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 1-son, 5-modda) muvofiq malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Malakaviy imtihonlar fan doktori ilmiy darajasini olish uchun talabgorlar (bundan buyon matnda talabgorlar deb yuritiladi) tomonidan malakaviy imtihonlar o‘tkaziladigan tashkilotlarda (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) topshiriladi.
2. Talabgorlar uchun malakaviy imtihonlar O‘zbekistonning eng yangi tarixi, chet tili va dissertatsiya mavzusiga muvofiq ixtisoslik fanlaridan, shuningdek mazkur Nizomning 4 va 6-bandlarida belgilangan boshqa fanlardan o‘tkaziladi.
Malakaviy imtihonlar yetakchi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (bundan buyon matnda OAK deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida topshiriladi.
3. Xorijiy fuqarolar uchun malakaviy imtihonlar faqat dissertatsiya mavzusiga muvofiq ixtisoslik fanidan o‘tkaziladi.
4. Talabgorlar tegishli fan sohalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda quyidagi malakaviy imtihonlarni topshiradi:
ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot fanlari sohalari bo‘yicha — mustaqillik mafkurasi hamda demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy negizlari va ilmiy asoslaridan;
aniq va tabiiy fanlar sohalari bo‘yicha — O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani savollari tarkibida mustaqillik mafkurasi hamda demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy negizlari va ilmiy asoslaridan;
aniq va tabiiy fanlar, tibbiyot, iqtisodiyot va pedagogika fanlari sohalari bo‘yicha — matematik modellashtirish va matematik statistika asoslaridan;
iqtisodiyot fani sohasi bo‘yicha — iqtisodiyot nazariyasidan;
pedagogika fani sohasi bo‘yicha — umumiy pedagogika, pedagogika va ta’lim tarixidan.
5. Chet tili sifatida ingliz, fransuz yoki nemis tilidan malakaviy imtihon topshirilishi mumkin. Dissertatsiyani bajarish uchun boshqa chet tilini bilish talab qilinadigan hollarda, malakaviy imtihon OAK bilan kelishilgan holda mazkur tildan topshirilishi mumkin.
Chet tili sohalari bo‘yicha filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun talabgorlar ikkinchi chet tili fanidan malakaviy imtihon topshiradilar.
6. Bakalavr darajasiga yoki oliy ma’lumotli mutaxassis diplomiga ega bo‘lgan talabgorlar malakaviy imtihonlardan tashqari ushbu fan yo‘nalishining asosiy mazmuni hamda umummetodologik va nazariy muammolarini qamrab oladigan mutaxassislik bo‘yicha qo‘shimcha imtihon topshirishlari shart. Qo‘shimcha imtihon talabgorning ixtisosligi bo‘yicha magistratura mavjud bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarida topshiriladi.
II bob. Malakaviy imtihonlarni o‘tkazishni tashkil etish
7. Malakaviy imtihonlar tegishli fan sohalari bo‘yicha o‘quv, ilmiy-tashkiliy tuzilmalari (kafedra, bo‘lim, laboratoriya) mavjud bo‘lgan OAK tomonidan belgilangan tashkilotlarda o‘tkaziladi.
8. Ixtisoslik fani bo‘yicha malakaviy imtihonlar dissertatsiya himoyasi o‘tkaziladigan fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar huzuridagi komissiyalar tomonidan qabul qilinadi.
9. Ixtisoslik fani bo‘yicha malakaviy imtihon:
talabgorning nazariy va kasbiy tayyorgarligi darajasi, uning ushbu fanning shakllanishi va rivojlanishi tarixi, umumiy konsepsiyalari va metodologiya masalalari, manbalari, shu bilimlar tarmog‘ining asosiy nazariy va amaliy muammolarini qay darajada bilishini aniqlab berishi, uning sohaga oid ilmiy adabiyotlarni, jumladan xorijiy davriy nashrlarni hamda ilmiy tadqiqotlarning zamonaviy usullarini qay darajada egallaganligini;
talabgor tegishli fan sohasi rivojining hozirgi ahvoli, muammolari va istiqbollarini, unda o‘tkazayotgan tadqiqotining o‘rni, yangiligi va ahamiyatini bilishini ko‘rsatib berishini nazarda tutadi.
10. Har bir fan bo‘yicha malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyalari tashkilot rahbari tomonidan OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tuziladi. Komissiya ilmiy darajaga ega bo‘lgan besh — yetti nafar a’zodan, jumladan shu fan sohasi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan raisdan iborat bo‘ladi. Komissiya raisidan tashqari komissiya a’zolaridan kamida ikki nafari fan doktori bo‘lishi lozim.
11. Chet tili bo‘yicha malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyasi chet tillar kafedralarining o‘qituvchilaridan (shulardan kamida ikki nafari ilmiy darajaga ega bo‘lishi kerak) iborat besh — yetti nafar a’zodan, jumladan talabgorning ixtisosligi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan mutaxassisdan iborat tarkibda OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tuziladi.
III bob. Malakaviy imtihonlarni o‘tkazish
12. Malakaviy imtihonlar sessiyalar shaklida fevral, may va noyabr oylarida belgilangan reja asosida o‘tkaziladi. Talabgorlar sessiya paytida malakaviy imtihonlarni eksternat tarzida topshirish huquqiga ega.
13. Talabgorlar ro‘yxati tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanib, e’lon qilinadi. Buyruqda malakaviy imtihon o‘tkazish joyi va vaqti ko‘rsatilishi kerak.
14. Malakaviy imtihon qabul qilinishidan besh kun oldin imtihon qabul qiladigan tashkilot tomonidan talabgorlar ro‘yxati, imtihon qabul qilish vaqti, joyi va komissiyaning tarkibiga doir ma’lumotlar kuzatuv xati bilan OAKga yuboriladi. Malakaviy imtihonlarni OAKni xabardor qilmasdan qabul qilish man etiladi.
15. Malakaviy imtihonlarni qabul qilish komissiyasi, agar uning ishida komissiya a’zolarining kamida to‘rt nafari, jumladan fan doktori ishtirok etayotgan bo‘lsa, imtihon qabul qilishga haqli.
16. Malakaviy imtihonlarda imtihon o‘tkazilayotgan tashkilot huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash a’zolari, tashkilot rahbari, rahbar o‘rinbosarlari va tegishli vazirlik yoki idoraning hamda OAK vakillari ishtirok etishlari mumkin. Malakaviy imtihonlarning noxolis o‘tkazilganligi holatlari aniqlangan taqdirda, OAK imtihon natijalarini bekor qilish huquqiga ega.
17. Malakaviy imtihonlar yozma va og‘zaki shaklda o‘tkaziladi. Talabgorlar yozma shaklda javob tayyorlash uchun imtihon varaqalaridan foydalanadi. Imtihon varaqalari imtihon o‘tkazilgandan keyin bir yil davomida imtihon o‘tkazilgan tashkilotda saqlanadi.
Talabgor savollarga imtihon komissiyasi a’zolari oldida javob beradi. Imtihon komissiyasi a’zolari tomonidan talabgorga imtihon qabul qilinayotgan fan bo‘yicha qo‘shimcha savollar berilishi mumkin. Komissiya a’zolari baho qo‘yishda mustaqildir. Komissiya a’zolari qo‘ygan baholari to‘g‘risida komissiya raisiga ma’lum qiladi va komissiya raisi tomonidan o‘rta arifmetik qiymatini hisoblash orqali umumiy baho chiqariladi.
18. Talabgorning bilim darajasi 100 ballik tizimda quyidagicha baholanadi:
86 balldan 100 ballgacha – a’lo;
71 balldan 86 ballgacha – yaxshi;
56 balldan 71 ballgacha – qoniqarli;
0 balldan 56 ballgacha – qoniqarsiz.
19. Malakaviy imtihon qabul qilish bayonnomasi har bir talabgor uchun alohida to‘ldirilib, unda imtihon savollari yoziladi. Malakaviy imtihon bayonnomasi imtihonda ishtirok etgan komissiya a’zolari tomonidan imzolanadi. Bayonnomada imtihon qabul qilgan komissiya a’zolarining ilmiy darajasi, ilmiy unvoni hamda ixtisosligi ham ko‘rsatiladi.
Malakaviy imtihon bayonnomasi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi va belgilangan muddatda malakaviy imtihon o‘tkazilgan tashkilotda saqlanadi.
20. Talabgorga mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda malakaviy imtihon topshirilganligi haqida guvohnoma beriladi. Mazkur guvohnoma besh yil davomida amal qiladi va dissertatsiya mazkur muddat ichida himoya qilinishi lozim.
21. Talabgor uzrli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmagan taqdirda, tashkilot rahbarining ruxsati bilan joriy sessiya davomida imtihon topshirish huquqiga ega. Bu haqda tashkilot rahbari tomonidan OAKga xabar beriladi.
22. Malakaviy imtihonni bir sessiya davomida takroran topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
23. Talabgor tashkilot rahbariga malakaviy imtihonni qabul qilish komissiyasining qarori yuzasidan joriy sessiya davomida shikoyat qilish huquqiga ega.
24. Imtihon o‘tkazilayotgan tashkilot rahbari mazkur Nizomning malakaviy imtihonlarni o‘tkazishga oid talablariga rioya qilinishi uchun mas’uldir.
25. Tashkilotlar rahbarlari va rahbar o‘rinbosarlariga malakaviy imtihonlarni o‘z asosiy ish joylarida topshirishga ruxsat etilmaydi.
26. Malakaviy imtihonlarning natijalari to‘g‘risida tegishli tashkilotlar tomonidan har yili dekabr oyining 10-sanasigacha OAKga ma’lumot beriladi.
IV bob. Yakuniy qoida
27. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi bilan kelishilgan.
Madaniyat va sport ishlari vaziri T. KUZIYEV
2013-yil 14-yanvar
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri B. XODIYEV
2013-yil 28-yanvar
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 17-yanvar
Xalq ta’limi vaziri T. ShIRINOV
2013-yil 18-yanvar
Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z. RUZIYEV
2013-yil 23-yanvar
Tashqi ishlar vaziri A. KOMILOV
2013-yil 22-yanvar
Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. SALIXOV
2013-yil 15-yanvar
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi ijroiya apparati rahbari O. PARPIYEV
2013-yil 16-yanvar
Malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
|
______________________________________ | |||
|
(tashkilot nomi) | |||
| | | | |
|
G U V O H N O M A _____-son | |||
| | | | |
| _______________________________________________________________ | |||
|
(familiyasi, ismi, otasining ismi) | |||
| | | | |
| ________________________________________________________ixtisosligi bo‘yicha | |||
|
(ixtisoslik shifri va nomi) |
| ||
| | | | |
| _________________________________ fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun | |||
|
(fan sohasi) |
| | |
| | | | |
| malakaviy imtihon topshirdi va quyidagi bahoni oldi: | |||
| | | | |
| Fanning nomi | Malakaviy imtihon topshirilgan sana | Malakaviy imtihon bahosi | Malakaviy imtihon komissiyasi raisi va a’zolarining familiyasi, ismi, otasining ismi, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni hamda lavozimlari |
| | | | |
| | | | |
| Komissiya raisi |
___________________________ | ||
| | | | |
| Tashkilot rahbari |
___________________________ | ||
| | | | |
| 20__ yil “___”___________ | | | |
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 13-son, 168-modda)