O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI OLIY ATTESTATSIYA KOMISSIYASI RAYoSATINING
Qarori
NOMZODLIK IMTIHONLARINI O‘TKAZISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 18-mayda 1356-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2013-yil 31-yanvardagi 195/6-sonli “Malakaviy imtihonlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 2442, 25.03.2013-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 421-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi to‘g‘risida”gi nizomga va Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom (1996-yil 10-iyul, ro‘yxat raqami 261-son)ga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Nomzodlik imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi M. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2004-yil 25-mart,
103/5-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining
2004-yil 25-martdagi 103/5-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2004-yil 25-martdagi 103/5-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Nomzodlik imtihonlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-sentabrdagi 421-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi to‘g‘risida”gi nizom hamda Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom (1996-yil 10-iyul, ro‘yxat raqami 261-son)ga asosan ishlab chiqilgan.
1. Nomzodlik imtihonlari ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik imtihonlari topshirilgan bo‘lishi shart.
2. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nomzodlik imtihonlari falsafa, milliy istiqlol g‘oyasi va fan metodologiyasi, chet tili, informatsion texnologiyalar asoslari hamda dissertatsiya mavzuiga muvofiq ixtisoslik fanidan o‘tkaziladi. Ushbu imtihonlar yetakchi oliy o‘quv yurtlari yoki ilmiy-tadqiqot institutlari ishlab chiqqan hamda Oliy attestatsiya komissiyasi (bundan keyin — OAK) tomonidan ma’qullangan dasturlar asosida topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Chet el fuqarolari uchun nomzodlik imtihonlari o‘zbek, rus yoki ingliz tilida, informatsion texnologiyalar asoslari va dissertatsiya mavzuiga muvofiq ixtisoslik fanidan o‘tkaziladi.
(2-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2010-yil 25-martdagi 163/13-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1356-1, 13.04.2010-y.) tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 14-15-son, 117-modda)
Ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiyot fanlari sohalaridagi ilmiy darajalar va ilmiy unvonlarga talabgor O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari “Mustaqillik mafkurasi va demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy negizlari va ilmiy asoslari” bo‘yicha maxsus nomzodlik imtihonini topshirishlari shart.
Chet tili sifatida ingliz, fransuz yoki nemis tillarining biridan imtihon topshirilishi mumkin. Dissertatsiya ishini bajarish uchun boshqa chet tilini bilish talab qilinadigan hollarda OAK bilan kelishilgan holda nomzodlik imtihoni ana shu tildan topshirilishi mumkin.
3. Himoya qiluvchining oliy ma’lumoti dissertatsiya tayyorlangan fan tarmog‘i ixtisosiga muvofiq bo‘lmasa, ushbu fan tarmog‘iga tatbiqan umumilmiy fan bo‘yicha, ya’ni ushbu fan tarmog‘ining asosiy mazmuni hamda umummetodologik va nazariy muammolarini yetarlicha keng qamrab oladigan fan bo‘yicha qo‘shimcha nomzodlik imtihoni (yoki imtihonlari) topshiriladi.
Himoya qiluvchining oliy ma’lumoti sohasi dissertatsiya yoqlanayotgan fan sohasidan tubdan farq qilgan hollarda ixtisoslik bo‘yicha topshirilishi kerak bo‘lgan nomzodlik imtihonlarini OAK belgilaydi.
Iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qiluvchilar, shuningdek iqtisodiy nazariya bo‘yicha nomzodlik imtihonini topshiradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qiluvchilar “Umumiy pedagogika, pedagogika va ta’lim tarixi” fanidan ham nomzodlik imtihonini topshiradilar.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2010-yil 25-martdagi 163/13-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 1356-1, 13.04.2010-y.) asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2010-y., 14-15-son, 117-modda)
Qo‘shimcha umumilmiy fanlar bo‘yicha imtihonlar muayyan fan tarmog‘ida ixtisoslashgan yetakchi oliy o‘quv yurtlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasdiqlagan dasturlar asosida topshiriladi.
4. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish huquqi tegishli fan sohalari bo‘yicha ilmiy-tashkiliy tuzilmalari (kafedra, bo‘lim, laboratoriya) mavjud bo‘lgan hamda yetarli ilmiy va ilmiy-pedagogik salohiyatga, shuningdek tegishli moddiy-texnik bazaga ega bo‘lgan oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga OAK tomonidan beriladi.
Ixtisoslik fani bo‘yicha nomzodlik imtihonlari dissertatsiya himoyasi mo‘ljallangan ixtisoslashgan kengashlar faoliyat ko‘rsatib turgan tashkilotlar huzuridagi nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyalari tomonidan qabul qilinadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2010-yil 25-martdagi 163/13-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1356-1, 13.04.2010-y.) tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 14-15-son,117-modda)
5. Ixtisoslik fani bo‘yicha imtihon talabgorning nazariy va kasbiy tayyorgarligi darajasini, uning ushbu fanning shakllanishi va rivojlanishi tarixini, umumiy konsepsiyalari va metodologiya masalalarini, manbalarini, shu bilimlar tarmog‘ining asosiy nazariy va amaliy muammolarini, mavjud materialni nechog‘lik bilishini aniqlab berishi, uning ilmiy adabiyotni, shu jumladan, chet el davriy nashrlarini hamda ilmiy tadqiqotlarning zamonaviy usullarini qanchalik egallaganligini ko‘rsatib berishi lozim.
Ixtisoslik fani bo‘yicha imtihon ikki qismdan: OAK tasdiqlagan namunaviy dastur-minimumdan hamda tegishli kafedra (bo‘lim, laboratoriya) ishlab chiqqan va imtihon olinayotgan oliy o‘quv yurti (fakultet), ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashi tasdiqlagan qo‘shimcha dastur asosida topshiriladi.
Qo‘shimcha dastur mazkur fan tarmog‘ining yangi bo‘limlarini hamda himoya qiluvchi tadqiqotlarining yo‘nalishi bilan bog‘liq bo‘lgan qismlarni o‘z ichiga olishi, shuningdek, ushbu fan tarmog‘idagi yutuqlarni va eng yangi adabiyotni hisobga olishi lozim. Ixtisoslik fanidan imtihon dasturining mazkur qismida talabgor tegishli fan tarmog‘i rivojining hozirgi ahvoli, muammolari va istiqbollarini, o‘tkazayotgan tadqiqotlarining o‘rni, yangiligi va ahamiyatini ko‘rsatishi kerak.
6. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish huquqi berilgan oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari imtihon qabul qilish huquqi bo‘lmagan boshqa tashkilotlardan kelgan talabgorlardan ham mazkur imtihonlarni olishlari shart.
7. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyalari har bir fan bo‘yicha oliy o‘quv yurtining yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining rahbari tomonidan OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tuziladi. Komissiya ilmiy darajaga ega bo‘lgan malakali ilmiy va ilmiy-pedagog xodimlardan iborat bo‘lgan besh — yetti nafar a’zodan, shu jumladan shu fan sohasi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan raisdan iborat bo‘ladi. Komissiya raisidan tashqari komissiya a’zolaridan kamida bir nafari fan doktori bo‘lishi lozim.
Chet tili bo‘yicha nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyasi chet tillar kafedralarining o‘qituvchilari (shundan kamida bir nafari ilmiy darajaga ega bo‘lishi kerak) hamda talabgorning ixtisosligi bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan va tegishli chet tilida bemalol gaplasha oladigan besh nafar a’zodan iborat tarkibda OAK bilan kelishilgan holda bir yil muddatga tuziladi.
Talabgorlar ro‘yxati buyruq bilan rasmiylashtirilib, jamoatchilikka e’lon qilinadi. Buyruqda nomzodlik imtihonini o‘tkazish joyi va vaqti aniq ko‘rsatilishi kerak.
Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyalari, uning a’zolarining kamida to‘rt nafari, shu jumladan fan doktori ishtirok etayotgan bo‘lsa imtihon olishga haqli.
Nomzodlik imtihonlarida imtihon o‘tkazilayotgan muassasaning tegishli ixtisoslashgan kengashi a’zolari, muassasa direktori (rektor), direktor o‘rinbosari (prorektor), OAKning, muassasa bo‘ysunuvchi vazirlik yoki idoraning vakillari qatnashishi mumkin.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2010-yil 25-martdagi 163/13-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1356-1, 13.04.2010-y.) tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 14-15-son, 117-modda)
8. Nomzodlik imtihonlari sessiyalar shaklida yiliga uch marta: fevral, may va noyabr oylarida uyushqoqlik bilan qabul qilinadi.
9. Imtihon qabul qiladigan muassasa nomzodlik imtihoni qabul qilinishidan besh kun oldin talabgorlar ro‘yxatini imtihon qabul qilish vaqti, joyi va komissiyaning tarkibiga doir ma’lumotlarni kuzatuv xati bilan birga OAKga yuborishi zarur. OAK nomzodlik imtihonlarida qatnashish va uni nazorat qilish uchun o‘z vakillarini yuborishi mumkin. Nomzodlik imtihonlari noxolis o‘tkazilgan taqdirda OAK imtihon natijalarini bekor qiladi.
OAKni xabardor qilmasdan nomzodlik imtihonlarini olish man etiladi.
Nomzodlik imtihonlarini ekstern tarzida sessiya paytida topshirish masalasi nomzodlik imtihonini qabul qiluvchi muassasa tomonidan hal etiladi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2010-yil 25-martdagi 163/13-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1356-1, 13.04.2010-y.) tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 14-15-son, 117-modda)
10. Nomzodlik imtihonlari bilet bo‘yicha o‘tkaziladi. Talabgor javob tayyorlash uchun imtihon varaqalaridan foydalanadi. Imtihon varaqalari imtihondan keyin bir yil davomida saqlab turiladi.
Talabgor bilet bo‘yicha savollarga imtihon komissiyasi a’zolari oldida javob beradi. Imtihon komissiyasi a’zolari talabgorga imtihon qabul qilinayotgan fan bo‘yicha qo‘shimcha savollar berishga haqlidirlar. Imtihon natijalari bo‘yicha komissiya a’zolarining har biri o‘z bahosini komissiya raisiga ma’lum qiladi. Komissiya raisi umumiy bahoni o‘rta arifmetik ravishda chiqaradi.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2010-yil 25-martdagi 163/13-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1356-1, 13.04.2010-y.) tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 14-15-son,117-modda)
11. Talabgorning bilim darajasi 100 ballik tizimda butun sonlar bilan baholanadi. Bunda baholash “a’lo” (86 — 100), “yaxshi” (71 — 85), “qoniqarli” (55 — 70) va “qoniqarsiz” (0 — 54) ko‘rinishda bo‘ladi.
Ixtisoslik fani bo‘yicha nomzodlik imtihonini topshirayotganda talabgor dastur-minimum doirasida mustahkam, chuqur bilimlarini namoyish etgan taqdirdagina ijobiy baho qo‘yiladi.
Ixtisoslashgan kengashlarga nomzodlik imtihonlaridan faqat “a’lo” (86 — 100) va “yaxshi” (71 — 85) baho qo‘yilgan talabgorlarning dissertatsiya ishlarini himoyaga qabul qilish tavsiya etiladi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2010-yil 25-martdagi 163/13-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1356-1, 13.04.2010-y.) tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 14-15-son, 117-modda)
12. Har bir talabgor uchun nomzodlik imtihoni bayonnomasi to‘ldirilib, unda talabgorga berilgan imtihon savollari yoziladi.
Nomzodlik imtihoni bayonnomasini imtihonda qatnashgan komissiya a’zolari imzolaydi, ularning ilmiy darajasi, ilmiy unvoni hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro‘yxatiga muvofiq ixtisosligi ko‘rsatiladi.
Nomzodlik imtihoni bayonnomasi muassasa rahbari tomonidan tasdiqlangandan keyin nomzodlik imtihonlari topshirilgan joyda saqlanadi.
13. Har bir nomzodlik imtihoni topshirilganligi haqida guvohnoma beriladi. Talabgorning dissertatsiya ishi bajarilgan yoki dissertatsiya himoyasi o‘tkaziladigan muassasada oldingi imtihonlarning topshirilganligi haqidagi guvohnomalar yagona guvohnoma bilan almashtiriladi.
(13-bandning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2010-yil 25-martdagi 163/13-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1356-1, 13.04.2010-y.) tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 14-15-son, 117-modda)
Nomzodlik imtihoni topshirilganligi haqidagi guvohnoma besh yil davomida o‘z kuchini yo‘qotmaydi.
14. Agar talabgor uzrli sabab bilan imtihonga kelmasa, muassasa rahbari ruxsati bilan o‘rnatilgan tartibda OAKni xabardor qilib, joriy sessiya davomida imtihon topshirishga qo‘yilishi mumkin.
Bir sessiya davomida nomzodlik imtihonini takroran topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Talabgor nomzodlik imtihonini qabul qilish komissiyasining qarori ustidan joriy sessiya davomida muassasa rahbariga shikoyat yozish huquqiga ega. Muassasa rahbarining qarori uzil-kesil hisoblanadi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2010-yil 25-martdagi 163/13-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1356-1, 13.04.2010-y.) tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 14-15-son, 117-modda)
15. Oliy o‘quv yurtlari rektorlariga, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlariga hamda ularning o‘rinbosarlariga (prorektorlariga) o‘z asosiy ish joylarida nomzodlik imtihonlarini topshirishlariga ruxsat berilmaydi.
16. Ushbu Nizomda nomzodlik imtihonlari oldiga qo‘yilgan talablarga rioya qilinishi uchun imtihon o‘tkazayotgan muassasa rahbari mas’uldir.
17. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish komissiyasi ishini OAK hamda imtihon o‘tkazayotgan muassasaning ma’muriyati nazorat qilib boradi.
18. Nomzodlik imtihonlarini qabul qilish huquqi berilgan muassasalar imtihonlarning natijalari to‘g‘risida yiliga bir marta dekabr oyida OAKga ma’lumot berishlari shart.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y.,20-son, 238-modda; 2010-y., 14-15-son, 117-modda)