Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OLIY MALAKALI ILMIY VA ILMIY-PEDAGOG KADRLAR TAYYORLASh VA ATTESTATSIYADAN OʻTKAZISh TIZIMINI YANADA TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-fevraldagi PF-4958-sonli “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Taʼkidlansinki, Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida taʼlim tizimining barcha turlarini, jumladan, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha aniq maqsadli keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Maktab taʼlimini rivojlantirishning umummilliy davlat dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirish natijasida taʼlim jarayonining barcha bosqichlarini qamrab oluvchi, zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlangan umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar, oliy taʼlim muassasalaridan iborat, yuqori talablarga javob beruvchi uzluksiz taʼlimning yaxlit tizimi yaratildi.
Zamonaviy xalqaro standartlarga javob beradigan oliy taʼlimning ikki bosqichli tizimi — bakalavriat va magistratura yaratildi. Stajor-tadqiqotchi-izlanuvchilar va katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutlari joriy qilindi, ularni moddiy ragʻbatlantirish sharoitlari sezilarli darajada yaxshilandi.
Shuning bilan birga, amaldagi oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini Kadrlar tayyorlash milliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan taʼlim tizimidagi oʻzgarishlarning mantiqiy davomi sifatida tubdan isloh qilish obyektiv zaruriyati bugungi kunda yaqqol namoyon boʻldi.
Ilmiy kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishning amaldagi ikki bosqichli tizimi (fan nomzodi va fan doktori) iqtisodiy rivojlangan demokratik mamlakatlarda qabul qilingan oliy malakali ilmiy kadrlar tayyorlashning zamonaviy, xalqaro tan olingan talablariga mos kelmaydi.
Nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilish va fan nomzodi ilmiy darajasini tasdiqlovchi diplomni olish koʻp hollarda fan va ilmiy-texnikaviy rivojlanish manfaatlaridan yiroq birdan-bir maqsad boʻlib qolgan hamda dissertatsiyani tayyorlash va himoya qilishning turli bosqichlarida suiisteʼmolchilik holatlariga olib kelmoqda.
Bugungi kunda amal qilayotgan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimi taʼlim jarayoni bakalavriat va magistratura standartlariga oʻtkazilgandan soʻng nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish mohiyatan ortiqcha ekanligini koʻrsatmoqda hamda fan doktori ilmiy darajasini olish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri dissertatsiyani himoya qilishni nazarda tutuvchi oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimning bir bosqichli tizimini joriy qilish zarurligini taqozo etmoqda.
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining ustuvor vazifalarini va mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va demokratik islohotlarni, ilgʻor jahon tajribasi va ilmiy kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishning xalqaro standartlarini hisobga olgan holda oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini tubdan isloh qilish, shuningdek dissertatsiya tadqiqotlarining sifatini, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishiga sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — OAK), Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari mavjud boʻlgan boshqa vazirlik va idoralarning 2013-yilning 1-yanvaridan boshlab:
umum qabul qilingan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq dissertatsiya himoya qilish va fan doktori ilmiy darajasini berish boʻyicha oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimning bir bosqichli tizimini joriy qilish;
stajor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutini bekor qilish, unda taʼlim olayotgan shaxslarni oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimining yangi talablariga muvofiq, ularni attestatsiyadan oʻtkazish va dissertatsiya tadqiqotlari mavzularini tanqidiy qayta koʻrib chiqish asosida katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
fan doktori ilmiy darajasi “magistr” darajasi bilan oliy maʼlumotga ega boʻlgan, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida ilmiy izlanishlar natijalariga koʻra doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan shaxslarga tegishli fan yoʻnalishi boʻyicha fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar tomonidan beriladi;
katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga “magistr” darajasi boʻlgan, ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat stajiga (2-yildan kam boʻlmagan), shuningdek fan nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻlgan, fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asos boʻlishi mumkin boʻlgan, maʼlum bir ilmiy natijalarni qoʻlga kiritgan (ilmiy maqolalar nashr etish, ilmiy anjumanlar, seminarlar va davra suhbatlarida ishtirok etish va boshqalar) shaxslar qabul qilinadi;
oʻrnatilgan tartibda mustaqil tadqiqotchi sifatida rasmiylashtirilgan, “bakalavr” yoki “magistr” darajasi bilan oliy maʼlumotga, 5 yildan kam boʻlmagan amaliy ish stajiga ega boʻlgan, ilmiy izlanishlarga layoqati mavjud, belgilangan talablarga mos keladigan maʼlum bir ilmiy yutuqlarga (ixtiro uchun patentlar, ilmiy maqolalar, ilmiy-texnologik ishlanmalarda qatnashish va boshqalar) ega boʻlgan shaxslarga ham doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga ruxsat beriladi.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 27-iyuldagi PF-4458-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 30-son, 347-modda)
3. Amalda mavjud boʻlgan normativ hujjatlar talablariga muvofiq ilmiy darajalar berish boʻyicha mavjud ixtisoslashgan kengashlarga 2012-yilning oxiriga qadar 2012-yil 1-iyulgacha OAK veb-saytida dissertatsiya ishlari himoyalari haqida eʼlon qilingan tadqiqotchilarga fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajalarini berish boʻyicha ishlarni koʻrib chiqishga ruxsat berilsin.
4. Quyidagilar:
fan nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻlgan barcha shaxslar uchun tegishli imtiyozlar va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq oʻrnatilgan moliyaviy toʻlovlar miqdori;
professor, dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlarini berish saqlab qolinsin.
Bunda, attestatsiya ishlari koʻrib chiqish uchun 2012-yilning 1-iyuligacha OAKga taqdim etilgan shaxslarga ilmiy unvonlar amalda mavjud boʻlgan huquqiy-meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiq berilishi belgilansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oliy attestatsiya komissiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi, Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Fanlar akademiyasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar:
ikki oy muddatda, xalqaro tajribani hisobga olgan holda, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash boʻyicha fan yoʻnalishlari va ixtisosliklar shifrlarining yangi roʻyxatini oʻrnatilgan tartibda tasdiqlasinlar;
2012-yilning 1-noyabrigacha ilmiy darajalar berish boʻyicha amaldagi ixtisoslashgan kengashlarni chuqur tahlil qilib, fan yoʻnalishlari va ixtisosliklarning yangi roʻyxatini hisobga olgan holda mamlakatning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida tegishli fan yoʻnalishlari boʻyicha fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar tuzishga oid tegishli qaror qabul qilsinlar;
2012-yilning 1-noyabrigacha fan doktori ilmiy darajasini berish boʻyicha ilmiy kengash toʻgʻrisidagi Nizom va fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom oʻrnatilgan tartibda ishlab chiqilsin va tasdiqlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddat ichida mazkur Farmonning ijrosi boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi tegishli Hukumat qarorini qabul qilsin:
umum qabul qilingan xalqaro standartlarga muvofiq “magistr” darajasini berish boʻyicha dissertatsiya ishi mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan yangi mezonlar va talablar ishlab chiqish;
xalqaro tajribani hisobga olgan holda, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni tashkil etish, doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, professor, dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlarini olish uchun qoʻyiladigan yangi talablar ishlab chiqish va tasdiqlash, himoya qilinayotgan dissertatsiyalar, ularning ilmiy va amaliy ahamiyati haqida ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilish amaliyotini joriy etish;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlab, ortiqcha byurokratik jarayonlarni yoʻqotish, yangi talablarni hisobga olgan holda uning tuzilmasini optimallashtirish va faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish boʻyicha choralar koʻrish.
7. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi ikki oy muddat ichida talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyatga layoqatini aniqlash boʻyicha test oʻtkazishni nazarda tutgan holda, fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqotlari ilmiy mavzularini roʻyxatdan oʻtkazish talablarini kuchaytirish maqsadida amaldagi barcha meʼyorlarni qayta koʻrib chiqsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha takliflar kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi H.A. Muxitdinov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 24-iyul,
PF–4456-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 346-modda, 30-son, 347-modda)