1.21.00.00.00 Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.03.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Qonunchilik tashabbusi. Norma ijodkorligi faoliyati]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
Vazirlar Mahkamasining “Soliq toʻlovchilarni hisobga qoʻyish sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy reglamentlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 2-apreldagi 150-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, soliq toʻlovchilarni hisobga qoʻyish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son Farmoni bilan soliq organlarida soliq toʻlovchilarning hisobini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda yuritishga oʻtish orqali jismoniy shaxslarga soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibi bekor qilinganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2025-yillarda normativ-huquqiy hujjatlarni qonunchilik tarmoqlari boʻyicha tizimlashtirish dasturining 45-bandida soliqlar, yigʻimlar, bojlar sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Soliq toʻlovchilarni hisobga qoʻyish sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy reglamentlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 2-apreldagi 150-son qaroriga 1-ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
yuridik shaxslarga soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini berish va qoʻllash tartibini belgilash;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini berish va qoʻllash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini belgilash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qarorning mohiyati hamda unda belgilangan qoidalar soliq toʻlovchilar oʻrtasida keng tushuntirilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-avgust,
480-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-avgustdagi 480-son qaroriga
1-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Soliq toʻlovchilarni hisobga qoʻyish sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy reglamentlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 2-apreldagi 150-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
quyidagi mazmundagi oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Yuridik shaxslarga soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini berish va qoʻllash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”.
2. Quyidagi mazmundagi 9-ilova bilan toʻldirilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-apreldagi 150-son qaroriga
9-ILOVA
Yuridik shaxslarga soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini berish va uni qoʻllash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (keyingi oʻrinlarda — Soliq kodeksi) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini (keyingi oʻrinlarda — identifikatsiya raqami) berish va qoʻllash tartibini belgilaydi.
2. Soliq toʻlovchilarga identifikatsiya raqamlarini berish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestrini shakllantirish;
soliq toʻlovchilarni hisobga olishni tartibga solish;
hisoblangan va toʻlangan soliqlar va yigʻimlar summalari, shuningdek, penyalar va jarimalarning hisobini yuritish;
soliq organlari bilan boshqa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tijorat banklari va moliyaviy tusdagi hamda koʻchar va koʻchmas mulk boʻyicha operatsiyalarni amalga oshiruvchi boshqa tashkilotlar oʻrtasida axborot almashishda yagona identifikatordan foydalanish;
qonunchilikda belgilangan oʻz vazifalari va funksiyalarini bajarishda davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar oʻrtasida yuridik shaxslarga nisbatan axborot almashinuvini unifikatsiya qilish.
3. Hisobga olishda har bir soliq toʻlovchiga (jismoniy shaxslar bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yagona boʻlgan identifikatsiya raqami beriladi va u oʻzgartirilmaydi.
4. Identifikatsiya raqami bir marta beriladi va yuridik shaxs tugatilgandan (hisobdan chiqarilgandan) keyin undan foydalanish cheklanadi.
Tugatilgan (hisobdan chiqarilgan) yuridik shaxsning identifikatsiya raqami boshqa bir soliq toʻlovchiga takroran berilmaydi.
5. Identifikatsiya raqami berilganligi uchun toʻlov undirilmaydi.
6. Jismoniy shaxslar soliq organlarida soliq toʻlovchi sifatida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami orqali hisobga qoʻyiladi.
Bunda jismoniy shaxslarga vakolatli organ tomonidan berilgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami hisoblanadi.
2-bob. Identifikatsiya raqamining tuzilishi
7. Identifikatsiya raqami toʻqqizta raqamli belgidan iborat boʻlib, dastlabki 8 ta raqam soliq toʻlovchining oʻz raqamini, oxirgi raqam esa nazorat sonini tashkil etadi.
Identifikatsiya raqami tuzilishi quyidagicha koʻrinishga ega boʻladi:
Ushbu maqsadlarda 20000000Xdan 39999999Xgacha boʻlgan kodlardan foydalanilishi kerak.
Bunda X — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami sonlari izchilligi toʻgʻriligini nazorat qiluvchi son, ushbu son Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasida (keyingi oʻrinlarda — Soliq qoʻmitasi) kompyuter tomonidan soliq toʻlovchiga identifikatsiya raqami berish jarayonida muayyan algoritm boʻyicha shakllantiriladi.
Zarurat boʻlganda, kodlashtirish tizimi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida quyidagi kodlar zaxira qilingan:
00000000Xdan 19999999Xgacha;
70000000Xdan 99999999Xgacha.
8. Kodlashtirish tuzilishi oʻzgarmas va universal hisoblanadi hamda soliq toʻlovchilarning identifikatsiya raqamlarini berish va qoʻllash tizimida foydalaniladi.
9. Identifikatsiya raqami ushbu Reglamentga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq beriladi.
3-bob. Identifikatsiya raqamini berish
10. Identifikatsiya raqami:
nodavlat notijorat tashkilotlariga adliya organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida;
banklar, kredit byurolari va chet el banklarining vakolatxonalariga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazish (akkreditatsiya qilish) jarayonida;
diplomatik vakolatxonalar, xorijiy davlatlarning konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalariga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtkazish jarayonida;
xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalariga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida akkreditatsiyadan oʻtkazish jarayonida;
boshqa yuridik shaxslarga davlat xizmatlari markazlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida;
chet el yuridik shaxslarining doimiy muassasalarini hamda alohida boʻlinmalarini, Oʻzbekiston Respublikasida tovar-xomashyo birjalarida operatsiyalarni amalga oshiruvchi va (yoki) tashkil etilgan savdolarda jamiyatlarning aksiyalarini sotib oladigan (sotadigan) hamda jismoniy shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi hududi realizatsiya qilish joyi deb eʼtirof etiladigan elektron shakldagi xizmatlarni koʻrsatuvchi chet el yuridik shaxslariga, shuningdek, soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda soliq organlarida hisobga qoʻyishda Soliq qoʻmitasi tomonidan beriladi.
11. Identifikatsiya raqami aniq vaqt rejimida, yangi tashkil etilayotgan yuridik shaxslarga, shuningdek, xorijiy yuridik shaxslarni tadbirkorlik subyektlari sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishda yoki soliq majburiyatlari paydo boʻlganda yoxud qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda davlat roʻyxatidan oʻtkazishda (hisobga olishda) beriladi.
12. Identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan yuborilgan soʻrovlar Soliq qoʻmitasi axborot tizimlarida real vaqt rejimida, biroq 1 ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda maxsus tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Maʼlumotlarni maxsus tekshiruvdan oʻtkazish shartlari roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ va Soliq qoʻmitasi oʻrtasida imzolanadigan maʼlumot almashish boʻyicha texnik hujjatlar bilan belgilanadi.
Identifikatsiya raqamini shakllantirish boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan yuborilgan soʻrovga asosan maʼlumotlarda xatolik aniqlansa, real vaqt rejimida xatolik sababi koʻrsatilgan javob axborot tizimlari orqali roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yuboriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. Soliq toʻlovchi Soliq kodeksining 127-moddasida koʻrsatilgan hujjatlarda oʻzining identifikatsiya raqamini aniq koʻrsatishi shart.
Davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar Soliq kodeksining 127-moddasida koʻrsatilgan hujjatlarda identifikatsiya raqamini aniq va tushunarli qilib qayd etishlari shart.
14. Soliq toʻlovchining Soliq kodeksi 127-moddasida koʻrsatilgan barcha hujjatlarda identifikatsiya raqamini notoʻgʻri yoki noaniq koʻrsatishi soliq toʻlovchilarning identifikatsiya raqamlarini qoʻllanish tartibini buzishga tenglashtiriladi.
15. Ushbu Reglament talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasida soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini berish va uni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi maʼmuriy reglamentiga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini berish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Chora-tadbirlar
Muddatlar
1-bosqich
Soliq toʻlovchi
Roʻyxatdan (akkreditatsiyadan) oʻtkazuvchi (hisobga oluvchi) organga ariza beradi.
Murojaat qilinganda
2-bosqich
Roʻyxatdan (akkreditatsiyadan) oʻtkazuvchi organ
1. Soliq toʻlovchining vakili tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida soliq toʻlovchini roʻyxatdan (akkreditatsiyadan) oʻtkazib, maʼlumotlarni axborot tizimigakiritadi va identifikatsiya raqamini berish boʻyicha soʻrov yuboradi.
Qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda
Soliq organi
2. Arizada keltirilgan maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchilarining yagona reyestriga kiritadi.
3-bosqich
Soliq qoʻmitasi
1. Axborot tizimi orqali roʻyxatdan (akkreditatsiyadan) oʻtkazuvchi organdan kelgan maʼlumotlarni maxsus tekshiruvdan oʻtkazadi.
2. Maʼlumotlar toʻliq va toʻgʻri boʻlsa, identifikatsiya raqamini shakllantirib, axborot tizimi orqali roʻyxatdan (akkreditatsiyadan) oʻtkazuvchi organga yuboradi.
3. Chet el yuridik shaxslarini hisobga olishda soliq toʻlovchining vakiliga identifikatsiya raqami berilganligi boʻyicha guvohnomani taqdim etadi yoki elektron pochta manziliga yuboradi.
4. Maʼlumotlarda xatolik aniqlansa, identifikatsiya raqami shakllantirilmaydi va xatolik sababi koʻrsatilib, axborot tizimi orqali roʻyxatdan (akkreditatsiyadan) oʻtkazuvchi organga qaytariladi.
Real vaqt rejimida
4-bosqich
Roʻyxatdan (akkreditatsiyadan) oʻtkazuvchi organ
Soliq qoʻmitasi tomonidan qaytarilgan xatolik bartaraf qilinadi va identifikatsiya raqamini berish boʻyicha qayta soʻrov yuboradi.
Xatolik aniqlanganda
”.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-avgustdagi 480-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida soliq toʻlovchilarning identifikatsiya raqamlarini berish va qoʻllash tizimi toʻgʻrisida” 1997-yil 11-martdagi 130-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Soliq toʻlovchilarning identifikatsiya raqamlarini qoʻllash sohasini kengaytirish toʻgʻrisida” 1999-yil 7-yanvardagi 7-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2016-yil 28-oktabrdagi PQ-2646-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qaroriga 4-ilovaning 2-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Yuridik shaxsning alohida boʻlinmalari boʻyicha soliqlarni toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2017-yil 27-fevraldagi 105-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining “Yuridik shaxsning alohida boʻlinmalari boʻyicha soliqlarni toʻlash tartibini takomillashtirish, shuningdek Jizzax viloyati mahalliy budjetining daromad qismini mustahkamlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 22-sentabrdagi 751-son qarori.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida” 2017-yil 29-dekabrdagi PQ-3454-son qarori)” 2018-yil 22-maydagi 384-son qaroriga 1-ilovaning 11-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Davlat soliq xizmati sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2018-yil 13-oktabrdagi 823-son qarorining 6-bandi va unga 3-ilova.
8. Vazirlar Mahkamasining “Aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2021-yil 27-dekabrdagi 774-son qaroriga 1-ilovaning 1-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 21 va 394-bandlari.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2024-y., 09/24/480/0580-son)