|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 06.08.2024
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SOLIQ TOʻLOVCHILARNING IDENTIFIKATSIYA RAQAMLARINI QOʻLLASH SOHASINI KENGAYTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-avgustdagi 480-sonli “Vazirlar Mahkamasining “Soliq toʻlovchilarni hisobga qoʻyish sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy reglamentlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 2-apreldagi 150-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Soliq qonunchiligiga rioya qilinishi ustidan nazorat mexanizmini takomillashtirish, soliq organlari ishi samaradorligini oshirish, ularning yangi axborot texnologiyalarini qoʻllashlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami berilmagan barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan soliqlar va davlat budjetiga boshqa majburiy toʻlovlardan ozod etilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar 1999-yil 1-aprelgacha belgilangan tartibda soliq toʻlovchilarning identifikatsiya raqamini olsinlar va uni xizmat koʻrsatuvchi bankka yetkazsinlar.
2. Belgilansinki, 1999-yil 1-apreldan boshlab soliq toʻlovchilarning identifikatsiya raqamiga ega boʻlmagan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank schyotlaridan mablagʻ koʻchirish operatsiyalari amalga oshirilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tijorat banklari bilan birgalikda 1999-yil 1-aprelgacha elektron toʻlovlar tizimining dasturiy kompleksiga va pul-hisob-kitob hujjatlarining standart shakllariga, ularda soliq toʻlovchilarning identifikatsiya raqamlarini koʻrsatish toʻlovchining alohida majburiy rekviziti boʻlishini nazarda tutgan holda, oʻzgartirishlar kiritish tavsiya etilsin.
5. Davlat soliq qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha bir oy muddatda takliflar tayyorlasin va taqdim etsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 7-yanvar,
7-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 130-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida soliq toʻlovchilarning identifikatsiya raqamlarini berish va qoʻllash tizimi toʻgʻrisidagi Nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar
1. 6-band quyidagi mazmundagi xatboshilari bilan toʻldirilsin:
“xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan tuzilayotgan xoʻjalik, fuqarolik-huquqiy va mehnat shartnoma (kontrakt)larida, ularga ilovalarda;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bitishuvlar sodir etilganligini belgilovchi yoki tasdiqlovchi hujjatlarda, shu jumladan schyot-fakturalarda va transport hujjatlarida;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarda moliyaviy, mulkiy va qiymat ifodasiga ega boʻlgan boshqa majburiyatlarning yuzaga kelishini, shuningdek ularning bajarilganligini belgilovchi yoki tasdiqlovchi hujjatlarda;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan qiymat ifodasiga ega boʻlgan aktivlarga mulk egasi huquqi sotib olinganligini va berilganligini belgilovchi va tasdiqlovchi, shuningdek bunday huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda”.
2. 7-bandning “a” kichik bandidagi “soliq majburiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida paydo boʻlgan barcha” soʻzlari olib tashlansin.
3. 7-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshidagi “barcha” soʻzi olib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 1-son, 3-modda)