Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Shunday tartib joriy etilsinki, unga koʻra:
a) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:
davlat oliy taʼlim muassasalarida ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha masofaviy taʼlim shakli joriy etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tasarrufida ushbu taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralarning taklifi asosida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
(1-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali oʻrtacha koʻrsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qoʻshimcha imtihon oʻtkazilmaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
b) respublikada faoliyat yurituvchi davlat, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari hamda ularning filiallari bakalavriati va magistraturasiga qabul bir oʻquv yilida bir marta (iyun — sentabr oylari oraligʻida) amalga oshiriladi. Bunda, zarur hollarda, oliy taʼlim tashkilotlari magistraturasiga bir oʻquv yilida ikkinchi marta qabul qilishga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining taklifiga asosan Davlat komissiyasi tomonidan ruxsat etilganda yoʻl qoʻyiladi;
(1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
v) davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga qoʻshimcha qabul parametrlari asosida oʻqishga qabul qilingan abituriyentlarning toʻlov-kontrakt summasi bir talabaga toʻgʻri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasasi tomonidan mustaqil belgilanadi;
g) tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan summadan kam boʻlmagan miqdorda oliy taʼlim muassasalari tomonidan mustaqil belgilanadi;
d) qonunchilik hujjatlariga muvofiq oliy taʼlim muassasalariga imtihonlarsiz davlat granti asosida oʻqishga kirish boʻyicha imtiyozga ega boʻlgan shaxslar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi;
e) davlat oliy taʼlim muassasalariga boʻysunuvi boʻyicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda chet el fuqarosini toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini tegishli taʼlim yoʻnalishi va mutaxassislik uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda belgilash huquqi beriladi. Bunda, chet el fuqarosi oliy taʼlim muassasasi tomonidan oʻtkaziladigan suhbat natijasiga koʻra oʻqishga qabul qilinadi;
j) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab:
davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti boʻyicha tasdiqlanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat oliy taʼlim muassasalariga (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy taʼlim muassasalari bundan mustasno) toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi hamda har yili 20-iyunga qadar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;
(1-band “j” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oldingi tahrirga qarang.
oliy taʼlim muassasalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga mos keluvchi imtihon fanlari majmuasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda imtihon sinovlari boshlanishidan kamida 6 oy oldin eʼlon qilinadi.
(1-band “j” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. 2026/2027 oʻquv yilida respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga (keyingi oʻrinlarda — respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari) davlat granti asosida kadrlar tayyorlash boʻyicha 1 452 ta oʻrin ajratilsin. Bunda 2030/2031 oʻquv yiliga qadar mazkur davlat granti har yili 10 foizdan oshirib borilsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
3. Xotin-qizlarning oliy taʼlim bilan qamrovini oshirish orqali davlat va jamiyatdagi faolligini kuchaytirish, gender tenglikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish maqsadida shunday tizim joriy etilsinki, unga koʻra:
Oldingi tahrirga qarang.
a) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tavsiyanomasini olgan, oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar uchun 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qoʻshimcha 2 000 ta davlat granti ajratiladi. Bunda:
(3-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
tavsiyanomaga ega boʻlgan xotin-qizlar uchun davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlarining kamida 50 foizi aniq va tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yoʻnalishlari orasida taqsimlanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
har yili 20-iyulga qadar tavsiyanomaga ega boʻlgan xotin-qizlar uchun davlat granti oʻrinlarining oliy taʼlim muassasalari va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taqsimoti Davlat komissiyasi tomonidan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining takliflari asosida tasdiqlanadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;
(3-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
b) davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagilar qoplanadi:
2021/2022 oʻquv yilida davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, toʻlov-kontrakt asosida tahsil olayotgan xotin-qizlarning 2022/2023 oʻquv yili uchun toʻlov-kontrakt miqdori;
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy toʻlov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt miqdori.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining tavsiyanomasi asosida xotin-qizlarni bakalavriatga qabul qilish hamda davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichiga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt summasini Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish tartiblarini tasdiqlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi (matn boʻyicha — Davlat komissiyasi) tashkil etilsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Davlat komissiyasiga quyidagi vakolatlar berilsin:
zarurat boʻlganda, oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi, professor-oʻqituvchilari tarkibi va oʻquv-metodik taʼminotidan kelib chiqib, yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini kiritish hamda tashkil etiladigan yangi davlat oliy taʼlim muassasalari qabul parametrlarini belgilash uchun davlat buyurtmasi parametrlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar boʻyicha maqsadli qabul parametrlarini belgilash, shuningdek, davlat buyurtmasi parametrlarining taʼlim tillari boʻyicha taqsimotini tasdiqlash;
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida oliy taʼlim muassasalarining (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy taʼlim muassasalari bundan mustasno) bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bazaviy toʻlov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt minimal miqdorining yagona koʻrsatkichlarini belgilash;
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oldingi tahrirga qarang.
talabalar oʻqishini davlat oliy taʼlim muassasalariga koʻchirish va koʻchirib tiklash yuzasidan qarorlar qabul qilish.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoniga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
5. Oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlashga oid davlat buyurtmasini shakllantirish boʻyicha quyidagi tartib joriy etilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi doimiy asosda respublika hududlari doirasida davlat organlari, iqtisodiyotning real tarmoqlari va sohalarida taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklar va aniq kasblar boʻyicha oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan talabni oʻrganadi hamda keyingi toʻrt yilga moʻljallangan prognozni shakllantirib boradi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oldingi tahrirga qarang.
har yili 1-aprelga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har bir davlat oliy taʼlim muassasasi boʻyicha taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar kesimida davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlari loyihasini shakllantiradi hamda koʻrib chiqish uchun Davlat komissiyasiga taqdim etadi;
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
har yili 1-mayga qadar Davlat komissiyasi davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish boʻyicha davlat granti asosidagi davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantiradi hamda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Davlat oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonida abituriyentlarni onlayn roʻyxatdan oʻtkazish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-sayti orqali har yili 20-iyundan 20-iyulga qadar (20-iyul kuni ham), chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkaziladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha esa 10-iyulga qadar (10-iyul kuni ham) amalga oshiriladi.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Bunda, abituriyentlarga:
test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil boʻlgan beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini hamda bir vaqtning oʻzida barcha taʼlim shakllarini tanlash huquqi beriladi;
roʻyxatdan oʻtish jarayonida tanlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari ustuvorligiga qarab dastlab davlat granti, keyinchalik toʻlov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi.
7. Talabalar oʻqishini davlat oliy taʼlim muassasalariga koʻchirish boʻyicha quyidagi tartib joriy etilsin:
a) xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan (jumladan, xalqaro tan olingan reytinglarda birinchi 1 000 ta oʻrindan birini egallagan) oliy taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirishda:
Oldingi tahrirga qarang.
talabadan alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha test sinovlari oʻtkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy taʼlim muassasasi tomonidan, test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladi;
(7-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oldingi tahrirga qarang.
test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar boʻyicha oʻtish ballari har yili 15-iyulga qadar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;
(7-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
oʻtish balidan past ball toʻplagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi;
Oldingi tahrirga qarang.
test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda tegishli oliy taʼlim muassasasining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi;
(7-band “a” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
b) xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim tashkilotlaridan davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirishga ruxsat etilmaydi;
v) davlat oliy taʼlim muassasasining biridan boshqasiga talabalar oʻqishini koʻchirishga faqatgina quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:
talaba oila qurishi munosabati bilan turmush oʻrtogʻi doimiy yashaydigan hududdagi oliy taʼlim muassasasiga oʻqishini koʻchirish uchun murojaat qilganda;
davlat organlarining xodimlari ish joyi oʻzgargan taqdirda uning turmush oʻrtogʻi yoki voyaga yetmagan farzandi oʻqishini koʻchirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida;
g) talabalar oʻqishini respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan:
davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirish mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan tartibda;
davlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh boʻlmagan taʼlim yoʻnalishlariga koʻchirish oʻrnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdoriga teng boʻlgan bir martalik toʻlov asosida amalga oshiriladi;
d) sport musobaqalari gʻolibi sifatida imtiyoz bilan oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan hamda kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarning oʻqishini ularning arizalariga muvofiq, sirtqi taʼlim shaklidagi mos va turdosh taʼlim yoʻnalishiga (sirtqi taʼlim shakli mavjud boʻlgan taqdirda) davlat granti asosida koʻchirishga ruxsat beriladi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlarini xavfsizlik talablariga toʻliq amal qilgan holda yuqori saviyada tashkil etishga shaxsan masʼul etib belgilansin.
9. Belgilansinki:
davlat oliy taʼlim muassasalariga davlat buyurtmasi parametrlari doirasida grant asosida bakalavriat va magistraturaga oʻqishga qabul qilingan shaxslarni oʻqitish xarajatlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash uchun ajratiladigan davlat granti Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmasiga koʻra 2022-yilda Moliya vazirligi tomonidan qoʻshimcha ravishda moliyalashtiriladi, 2023-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining baʼzi qarorlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov hamda Davlat test markazi direktori M.M. Karimov belgilansin.
Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 15-iyun,
PQ-279-son
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasining
TARKIBI

1.

A.N. Aripov

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Davlat komissiyasi raisi

2.

O.K. Abduraxmanov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Davlat komissiyasi raisi oʻrinbosari

3.

I.Yu. Abdurahmonov

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri

4.

X.U. Umarova

maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri

5.

B.A. Musayev

kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri

6.

A.Sh. Inoyatov

sogʻliqni saqlash vaziri

7.

O.A. Nazarbekov

madaniyat va turizm vaziri

8.

A.D. Tashkulov

adliya vaziri

9.

B.O. Saidov

tashqi ishlar vaziri

10.

Sh.X. Shermatov

raqamli texnologiyalar vaziri

11.

A.B. Voitov

qishloq xoʻjaligi vaziri

12.

I.R. Maxkamov

transport vaziri

13.

B.F. Islamov

togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri

14.

J.T. Mirzamaxmudov

energetika vaziri

15.

A.I. Ikramov

yoshlar siyosati va sport vaziri

16.

A.R. Karimov

iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari

17.

Lavozimi boʻyicha

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qoʻmitasi raisi

18.

M.M. Karimov

Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori

19.

A.V. Nuridinov

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi

20.

O.M. Maxkamov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi

21.

Sh.X. Daliyev

Vazirlar Mahkamasi masʼul xodimi, Davlat komissiyasi masʼul kotibi

Izoh: Davlat komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(1-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 24-fevraldagi “M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-290-son qarori 3-bandining oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Filialning qabul parametrlari M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Filial Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 27-apreldagi “Toshkent shahrida Turin politexnika universiteti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-1106-son qarori 3-bandining oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Universitetning qabul parametrlari Turin politexnika universiteti (Italiya Respublikasi), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Universitet Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-maydagi “Federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3714-son qarorining 7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Filialning qabul parametrlari “MISiS” MTTU, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Filial Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyuldagi “Toshkent shahrida “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasining filialini tashkil etish va uning faoliyatini tashkillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-3875-son qarori 9-bandining “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) “MMFI” MTYAU filialining qabul parametrlari bosh muassasa, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda filial Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-sentabrdagi “Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining Fargʻona shahridagi filialini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3952-son qarori 9-bandining “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) Filialning qabul parametrlari Oliy maktab, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Filial Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4391-son qarori quyidagi mazmundagi 91-band bilan toʻldirilsin:
“91. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, shuningdek, davlat oliy taʼlim muassasalariga ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xalqaro eʼtirof etilgan reyting tashkilotlari (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) bilan oliy taʼlim muassasasini xalqaro reytingga kiritish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun shartnomalar tuzish huquqi berilsin”.
7. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika tanlovlari, musobaqalari gʻoliblari boʻlgan akademik litseylar, professional taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun hujjatlar qabul qilish boshlanguniga qadar kattalar va yoshlar oʻrtasida Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari dasturlariga kiritilgan sportning olimpiya va paralimpiya turlari boʻyicha Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida oxirgi toʻrt yilda, jahon va Osiyo chempionatlarida oxirgi bir yilda gʻolib va sovrindor (1 — 3 oʻrin) boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim maktablari, oʻrta maxsus professional taʼlim muassasalarining bitiruvchilari oliy taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi taʼlim yoʻnalishlariga qoʻshimcha davlat granti asosida kunduzgi, sirtqi, kechki taʼlim shakllariga imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi”;
b) 21 va 3-bandlar chiqarib tashlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
9. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi 417-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha davlat granti kvotalari asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha ikki foizli davlat granti kvotalarining (keyingi oʻrinlarda qoʻshimcha kvota deb ataladi) oliy taʼlim muassasalari kesimidagi taqsimoti tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan shakllantirilib, har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi tegishli qarori qabul qilinganidan soʻng ikki hafta muddatda Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) taqdim etiladi.
Oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy soniga nisbatan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha kvotalarning oliy taʼlim muassasalari kesimidagi taqsimoti ikki hafta muddatda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari roʻyxati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi “2005/2006 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisida”gi PQ-92-son qarori.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 23-iyundagi “Respublika oliy oʻquv yurtlariga qabul qilish parametrlarini shakllantirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2360-son qarori.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-maydagi “2017/2018 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida”gi PQ-2955-son qarori.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyundagi “2018/2019 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida”gi PQ-3769-son qarori.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi “2019/2020 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-4359-son qarori.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-iyundagi “2020/2021 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-4749-son qarori.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-iyundagi “2021/2022 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-5157-son qarori.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.06.2022-y., 07/22/279/0530-son; 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son; 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)