Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.06.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2017/2018 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-sonli “Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qarorini ijro etish hamda mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini inobatga olgan holda son va taʼlim yoʻnalishlari uygʻunligiga erishish, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari mehnatidan foydalanishni yaxshilash, shuningdek iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirishning oʻrtacha muddatga moʻljallangan maqsadli dasturlarini joriy etish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash va diversifikatsiyalash, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi, joylardagi davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish parametrlarini shakllantirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 23-iyundagi PQ-2360-son qaroriga muvofiq va yangi qurilayotgan korxonalarning hududiy joylashuvi, iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgartirishlar boʻyicha dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiyalash borasidagi investitsiya loyihalarini joriy qilish, yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish omillarini tahlil qilish natijalari asosida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish va ish beruvchilarning oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilariga talabi balans hisob-kitob parametrlari ishlab chiqildi;
aniq yoʻnalish va mutaxassisliklar boʻyicha tayyorgarlikka ega boʻlgan oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga moʻljallangan talab-ehtiyoj, shuningdek bitiruvchilarning tanlangan mutaxassislik boʻyicha ishga joylashuvi monitoringi maʼlumotlari asosida 2017/2018 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish kvotalari shakllantirildi.
2. 2017/2018 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha umumiy kvota:
bakalavrlar uchun 66316 nafar, shu jumladan davlat grantlari boʻyicha — 18194 ta va toʻlov-kontrakt asosida — 48122 ta 1-ilovaga* muvofiq;
magistrlar uchun 5000 nafar, shu jumladan davlat grantlari boʻyicha — 1556 ta va toʻlov-kontrakt asosida — 3444 ta 2-ilovaga* muvofiq;
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi boʻlimida — 100 nafar, jumladan davlat grantlari boʻyicha — 15 ta va toʻlov-kontrakt asosida — 85 ta, Navoiy davlat konchilik institutida toʻlov-kontrakt asosida — 90 nafar va Toshkent temir yoʻl muhandislari institutida toʻlov-kontrakt asosida — 80 nafar bakalavrlarni tayyorlash 3-ilovaga* muvofiq belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligining 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga oʻtkir talab mavjud boʻlgan hududlar uchun maqsadli qabul boʻyicha kvotalarni Oʻzbekiston Respublikasining tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlashning umumiy belgilangan parametrlari doirasida ajratish boʻyicha taklifi 4-ilovaga* muvofiq qabul qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tarkibi 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar berilsin:
bakalavriat yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish chogʻida abituriyentlar toʻplagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasi qabul parametrlariga oʻzgartirishlar kiritish;
yangi yoʻnalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat va magistraturaning qabul kvotalariga oʻzgartirishlar kiritish;
iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan respublikaning olis va borish qiyin boʻlgan hududlari uchun mutaxassislarga boʻlgan oʻrinli ehtiyojlarni qondirish maqsadida oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar boʻyicha maqsadli qabul koʻrsatkichlarini belgilash.
5. 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi boʻyicha qoʻshimcha qabulni amalga oshirish joriy etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi boʻyicha qoʻshimcha qabulni amalga oshirish uchun kvota miqdori taʼlim muassasasining mavjud imkoniyatlari va taʼlim yoʻnalishlaridan kelib chiqib Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;
qoʻshimcha qabul boʻyicha toʻlov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi abituriyentlar toʻplagan ballarga qarab Davlat komissiyasi tomonidan differensiyalashgan tartibda belgilanadi;
toʻlov-kontrakt summasining oshirilgan stavkasi boʻyicha qoʻshimcha qabul oʻtish ballini toʻplay olmagan abituriyentlarga toʻplagan balliga muvofiq (68 balldan kam boʻlmagan) ketma-ketlik tartibini qatʼiy saqlangan holda, ularning oshirilgan kontrakt pulini toʻlay olish imkoniyatidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
6. Tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda ikki hafta muddatda tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistratura boʻyicha davlat granti hamda toʻlov-kontrakt asosida oʻrinlar kvotasini taʼlim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi “Oʻzstandart” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda belgilangan tartibda:
oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar klassifikatoriga yangi kiritilayotgan bakalavriat yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritsin;
bir oy muddatda yangi kiritilayotgan bakalavriat yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2017/2018 oʻquv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga oʻqishga qabul qilish boʻyicha belgilangan kvotalarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
9. Kadrlarni maqsadli tayyorlash buyurtmachilari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, vazirliklar va idoralarga oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining ular oʻqib egallagan kasbiga va tuzgan shartnomalariga muvofiq ish bilan bandligini taʼminlash, jumladan respublikaning olis va borish qiyin boʻlgan hududlariga ishga yoʻllanma olgan oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari uchun munosib mehnat va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish yuzasidan javobgarlik yuklansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi:
bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qaror “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 6-maydagi 90 (6784)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-may,
PQ-2955-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017/2018 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga
ShARH

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qarorini ijro etish hamda mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi extiyojlarini inobatga olgan holda son va taʼlim yoʻnalishlari uygʻunligiga erishish, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari mehnatidan foydalanishni yaxshilash, shuningdek, iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgartirishlarni amalga oshirishning oʻrtacha muddatga moʻljallangan maqsadli dasturlarini joriy etish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash va diversifikatsiyalash, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017/2018 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga binoan hamda mamlakatimizda yangi qurilayotgan korxonalarning hududiy joylashuvi, iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgartirishlar boʻyicha dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik qayta jihozlash va diversifikatsiyalashning investitsiyaviy loyihalari, yoʻl-transport hamda kommunikatsiya infratuzilmasi tahliliga muvofiq, 2017/2018 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul boʻyicha umumiy kvota bakalavrlar uchun 66316 nafar, shu jumladan, davlat grantlari boʻyicha 18194 ta va toʻlov-kontrakt asosida 48122 ta, magistrlar uchun 5000 nafar, shu jumladan, davlat grantlari boʻyicha 1556 ta va toʻlov-kontrakt asosida 3444 ta etib belgilandi.

Shuningdek, ushbu hujjatda maxsus sirtqi boʻlim negizida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda bilim olishni taʼminlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi boʻlimida 100 nafar, shu jumladan, davlat grantlari boʻ�icha 15 ta va toʻlov-kontrakt asosida 85 ta, Navoiy davlat konchilik institutida toʻlov-kontrakt asosida 90 nafar va Toshkent temir yoʻl muhandislari institutida toʻlov-kontrakt asosida 80 nafar bakalavrni tayyorlash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, ushbu qaror bilan 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan yuqori malakali tibbiyot kadrlariga ehtiyoj katta boʻlgan hududlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga davlat grantlari asosida bakalavriat yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashning maqsadli qabul kvotalari tasdiqlandi.

Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining yangi tarkibi tasdiqlandi va unga quyidagi huquqlar berildi:

bakalavriat yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish chogʻida abituriyentlar toʻplagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistratura boʻlimlari qabul parametrlariga oʻzgartishlar kiritish;

yangi yoʻnalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat va magistraturaning qabul kvotalariga oʻzgartishlar kiritish;

iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, respublikaning olis va borish qiyin boʻlgan hududlari uchun mutaxassislarga boʻlgan oʻrinli ehtiyojlarni qondirish maqsadida oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar boʻyicha maqsadli qabul koʻrsatkichlarini belgilash.

Shuningdek, 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi boʻyicha qoʻshimcha qabulni amalga oshirish joriy etilmoqda. Bunda:

oliy taʼlim muassasalariga toʻlov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi boʻyicha qoʻshimcha qabulni amalga oshirish uchun kvota miqdori taʼlim muassasasining mavjud imkoniyatlari va taʼlim yoʻnalishlaridan kelib chiqib Davlat komissiyasi tomonidan belgilanishi;

qoʻshimcha qabul boʻyicha toʻlov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi abituriyentlar toʻplagan ballarga qarab Davlat komissiyasi tomonidan differensiyalashgan tartibda belgilanishi;

toʻlov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi boʻyicha qoʻshimcha qabul oʻtish ballini toʻplay olmagan abituriyentlarga toʻplagan balliga muvofiq (68 balldan kam boʻlmagan) ketma-ketlik tartibi qatʼiy saqlangan holda, ularning oshirilgan kontrakt pulini toʻlay olish imkoniyatidan kelib chiqib amalga oshirilishi belgilab qoʻyildi.

Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, kadrlarni maqsadli tayyorlashning asosiy buyurtmachilari hisoblangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, vazirlik va idoralarga oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining ular oʻqib egallagan kasbiga va tuzgan shartnomalariga muvofiq ish bilan bandligini taʼminlash, jumladan, respublikaning olis va borish qiyin boʻlgan hududlariga ishga yoʻllanma olgan oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari uchun munosib mehnat va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish yuzasidan javobgarlik yuklangan.

Qisqacha aytganda, ushbu qarorda belgilab berilgan maqsad va vazifalar yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi, 2017 — 2021-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining strategik rivojlanishining beshta ustuvor yoʻnalishi doirasida olib borilayotgan islohotlarni izchil amalga oshirishga zamin yaratadi.

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 19-son, 337-modda, 37-son, 981-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)