Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida
Mamlakatimizni 2017 — 2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida oʻtgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari qabul qilindi.
Shuningdek, inson huquqlarini taʼminlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Milliy iqtisodiyotni isloh qilish borasida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda hududlarni jadal rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrildi.
Fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambagʻallikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilanib, aholini yangi ish oʻrinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va taʼlim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan taʼminlash sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.
Soʻnggi besh yillik islohotlarning natijasida mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-maʼrifiy asoslari yaratildi.
Jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib oʻtgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.02.2026-y., 06/26/21/0145-son)
2. Taraqqiyot strategiyasida inson qadrini ulugʻlashga yoʻnaltirilgan ijtimoiy himoya siyosati boʻyicha belgilangan vazifalar doirasida:
a) 2026-yilga qadar ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan toʻliq qamrab olinsin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (S. Xolxoʻjayev), Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
ijtimoiy himoya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
ijtimoiy sugʻurta tizimini yaratish, jumladan ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasini tashkil etish;
kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmatlarni ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etish;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslar boʻyicha alohida maʼlumotlar bazasini yaratish, jumladan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” bilan integratsiya qilish;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida birinchi — toʻrtinchi sinf oʻquvchilarini Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyilsin.
Xalq taʼlimi vazirligi (B. Saidov) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev), Moliya vazirligi (T. Ishmetov) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2022-yil 1-apreldan boshlab birinchi — toʻrtinchi sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlashni tashkil etish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, loyihada ajratiladigan mablagʻlar sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish va korrupsiyaviy omillarning oldini olish boʻyicha aniq mexanizmlar nazarda tutilsin;
v) 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining oʻn barobaridan oʻn ikki barobarigacha oshirilsin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuniga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilishini nazarda tutuvchi Qonun loyihasini kiritsin:
ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash taʼtilida boʻlish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qoʻshib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish;
bolalikdan nogironligi boʻlgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qoʻshib hisoblash.
3. Mahallaning “faol” modelini joriy etish, uni aholi muammolarini bevosita hal qilish hamda hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan taʼminlash maqsadida 2022-yilda:
mahallalarda yangi institut sifatida joriy qilingan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari faoliyati samarali yoʻlga qoʻyilsin;
barcha darajadagi rahbarlar mahallaga tushib, oʻz yoʻnalishi boʻyicha muammolarni oʻrganishi va ularga yechim topishi tartibi joriy etilib, mahalladagi ishlarning holati vazirlik, idora va hokimliklar faoliyatini baholashning bosh mezoni sifatida belgilansin;
mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish va ularning rahbarlari bilan muloqot qilish tizimi yaratilib, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada koʻrsatish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali aloqalarni yoʻlga qoʻyish orqali mahallalarning xalq oldidagi nufuzi oshirilsin;
mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakolatlari qayta koʻrib chiqilib, moliyaviy imkoniyatlari kengaytirilsin;
mahallalarning “oʻsish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ularda istiqomat qilib, faoliyat yurituvchi aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi samaradorligi oshirilsin;
mahalla hududida davlat-xususiy sheriklik asosida sport va madaniy inshootlar, ijodiy klublar, bandlikka koʻmaklashish va oʻqitish markazlari, tadbirkorlik obyektlari kabi infratuzilmani yaratish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilsin;
mahallani joylardagi vakillik organlari bilan doimiy aloqalarining huquqiy asoslarini yaratish, shu jumladan mahalla raisi tomonidan mahalliy Kengash majlisida koʻrilishi majburiy boʻlgan masalalarni kiritishning samarali mexanizmlari yoʻlga qoʻyilsin;
fuqarolar tomonidan mahalla raisiga nisbatan ishonchsizlik bildirish instituti joriy etilsin.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (M. Ubaydullayev) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda keng jamoatchilik, shu jumladan mahalla tizimida koʻp yillik ish stajiga ega xodimlarni jalb qilgan holda mahalla faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi va yangilangan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Taraqqiyot strategiyasida taʼlim sifatini oshirish boʻyicha belgilangan vazifalar doirasida 2022-yilda:
a) 1-apreldan boshlab nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 million soʻmgacha boʻlgan toʻlovlari daromad soligʻidan ozod etilsin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Davlat soliq qoʻmitasi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda Soliq kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) oʻrta taʼlim tizimini zamon talablariga moslashtirish maqsadida:
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida darsliklarni yangilash dasturini amalga oshirish uchun Davlat budjetidan 605 mlrd soʻm ajratilsin;
141 mingta yangi oʻquv oʻrinlari yaratilsin va ularning soni 2026-yil yakuniga qadar 6,4 milliongacha yetkazilsin.
Xalq taʼlimi vazirligi (B. Saidov) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yangi oʻquv oʻrinlarini yaratish va maktab oʻquvchilarini kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha choralarni koʻrib borsin.
5. Taraqqiyot strategiyasida aholi salomatligini taʼminlash boʻyicha belgilangan vazifalar doirasida 2022-yilda:
a) hududlarda birlamchi tibbiy xizmatini “bir qadam” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyib, 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etilsin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda tegishli qurilish ishlarini 2022-yil yakuniga qadar yakunlash boʻyicha amaliy choralarni koʻrsin;
b) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda ikki oy muddatda xususiy tibbiyot tashkilotlarida Davlat budjeti hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolashga yoʻllashning elektron axborot tizimi orqali ularga bepul tibbiy xizmatlarni koʻrsatish mexanizmi joriy qilinishini taʼminlasin.
6. Xalq taʼlimi vazirligi (B. Saidov) va Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Prezident taʼlim muassasalari agentligi hamda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar:
2022-yilda iqtidorli oʻqituvchi va shifokorlarning ish haqlarini malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda oshirish;
xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda oʻqituvchi va shifokorlarga malaka toifalarini berish tartibi tubdan qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin hamda malakani baholash uslubiyoti asosida adolatli va shaffof tizimni joriy etish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha belgilangan vazifalar doirasida:
a) 2022-yilda yillik inflyatsiya darajasini 9 foizgacha va 2023-yilda 5 foiz hamda fiskal taqchillikni 3 foizgacha pasaytirish choralari koʻrilib, keyinchalik inflyatsiya va Davlat budjeti taqchilligi ushbu koʻrsatkichdan oshmasligi taʼminlab borilsin.
Bunda, davlat ulushiga ega tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlab, 2026-yil yakuniga qadar bank aktivlarida xususiy sektor ulushi 60 foizgacha chiqarilsin.
Vazirlar Mahkamasi (J. Qoʻchqorov) Markaziy bank (M. Nurmuratov) bilan birgalikda iqtisodiyotning yuqori oʻsish surʼatlarini saqlab qolish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha amaliy choralarni doimiy ravishda koʻrib borsin;
Oldingi tahrirga qarang.
b) 2023-yildan qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 12 foizgacha hamda 2025-yildan bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yoʻnalishlarida foyda soligʻi stavkasi 15 foizgacha tushirilsin.
(7-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-fevraldagi PF-21-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2023-y., 06/23/21/0085-son)
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Davlat soliq qoʻmitasi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali 2026-yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 20 foizga qisqartirish choralari koʻrilsin.
Ushbu koʻrsatkichlarga erishish maqsadida quyidagi loyihalar Vazirlar Mahkamasiga kiritilsin:
Energetika vazirligi (A. Sultanov), Qurilish vazirligi (B. Zakirov) 2022-yil 1-martga qadar — qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlash hamda ijtimoiy, tijorat va maʼmuriy-maishiy bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish dasturlari;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (B. Abdinazarov), Energetika vazirligi (A. Sultanov) 2022-yil 1-iyunga qadar — sanoat tarmoqlarida yoʻqotishlarni kamaytirish va resurslarni ishlatish samaradorligini oshirish boʻyicha “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish va energiya tejamkorligini taʼminlash dasturi hamda elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni ragʻbatlantirish tizimini yaratish boʻyicha qaror.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumani uchun maxsus soliq stavkalarini oʻrnatish tajribasi asosida sharoiti “ogʻir” boʻlgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish ishlari davom ettirilsin.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) Davlat soliq qoʻmitasi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda 2022-yil 1-oktabrga qadar sharoiti “ogʻir” boʻlgan hududlarda 2025-yil 1-yanvargacha yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlariga aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz stavkada hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz stavkada toʻlash tizimini joriy etish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. 2022-yildan boshlab bosqichma-bosqich tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablarni yagona elektron reyestrga kiritish tartibi joriy etilsin hamda takrorlanuvchi va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan majburiy talablar qayta koʻrib chiqilib, yagona reyestr 2025-yil 1-iyuldan boshlab toʻliq ishga tushirilsin.
Adliya vazirligi (R. Davletov) Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (D. Qosimov) va Savdo-sanoat palatasi (A. Ikramov) bilan birgalikda uch oy muddatda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni xatlovdan oʻtkazib, ularni qayta koʻrib chiqish va tegishli yoʻnalishlar boʻyicha yagona reyestrga kiritish hamda ushbu reyestrni 2025-yilga qadar toʻliq ishga tushirish yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
10. 2022-yil 1-aprelga qadar tadbirkorlik subyektlarida masofaviy (onlayn) faoliyat koʻrsatish imkoniyatlarining mavjudligidan hamda ularning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish tartib-taomillari quyidagilarni inobatga olgan holda soddalashtirilsin:
ayrim faoliyat turlariga faqat malakaviy talablarni belgilash orqali bino va inshoot, xona, asbob-uskuna, texnika vositalari, boshqa jihozlar hamda ularga boʻlgan shartlarni bekor qilish;
faoliyat yoʻnalishidagi ehtiyojdan kelib chiqib mutaxassisni tanlash huquqini berish orqali shtatida mavjud boʻlishi shart boʻlgan xodimlarga boʻlgan talablarni qayta koʻrib chiqish;
muayyan faoliyat bilan koʻchma tartibda, shu jumladan avtotransport vositalaridan foydalangan holda shugʻullanish imkoniyatini yaratish;
xizmat koʻrsatish mamlakat hududidan tashqarisida amalga oshirilishi sababli xorijdan kelgan buyurtmalar boʻyicha milliy standart va talablarni bekor qilish;
“bogʻlovchi-operator” sifatida masofaviy xizmatni koʻrsatishga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari (agregatorlar) faoliyatiga doir maxsus shartlarni belgilash orqali ayrim litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish boʻyicha talablarni bekor qilish.
Adliya vazirligi (R. Davletov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda litsenziya va ruxsat etuvchi hujjatlar talablarining mazkur bandga muvofiq qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
11. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yoʻl ochish maqsadida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 25 dan ortiq faoliyat turi boʻyicha monopoliyalar tugatilsin:
2022-yilda — 14 ta, shu jumladan sertifikatlashtirish xizmatlari;
2023 — 2025-yillarda — 11 ta, shu jumladan neft mahsulotlarini saqlash, temir yoʻllarda tashishda qoʻshimcha xizmatlarni koʻrsatish, aerovokzal va vokzal oldi komplekslarini yuritish xizmatlari, temir yoʻlda ekspeditorlik xizmatlari.
12. Taraqqiyot strategiyasida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar doirasida hududlar bilan ishlashning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibi oʻrnatilsin:
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dasturlar asosida har yili barcha tuman va shaharning muammo va imkoniyatlarini chuqur oʻrgangan holda hududlar kesimida taraqqiyot dasturlari ishlab chiqiladi;
har chorak yakuni boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlaridagi vazifalarning bajarilishi yuzasidan xalq deputatlari Kengashlariga, Bosh vazirning oʻrinbosarlari hamda vazirlik va idoralar rahbarlari esa Oliy Majlis palatalariga hisobot beradi;
ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish va ustuvor tarmoqlarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan muhim loyihalar barcha hududlarning talablari va mahalliy tashabbuskorlarning takliflarini inobatga olgan holda mahalliy jamoatchilik ishtirokida keng muhokama qilinganidan keyin qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan respublikaning hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha dasturlar loyihalarini tasdiqlasin.
13. Davlat boshqaruvi organlarining “Davlat — inson uchun” tamoyili asosida hududiy masalalarni hal qilishdagi masʼuliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yoʻnalishlarni rejalashtirishga qaratilgan yangi tizim yaratish maqsadida:
mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari tomonidan doimiy ravishda mahallani oʻrganish va tahlil qilish natijasiga koʻra ularni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;
barcha boʻgʻindagi davlat boshqaruvi organlarining bir yillik ish dasturini, shu jumladan jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqish, ularning ijro holatini doimiy eʼlon qilib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;
davlat organlarida murojaatlarni tahlil qilish, ijtimoiy soʻrovlar va jamoatchilik muhokamalarini oʻtkazish natijalaridan kelib chiqib, hududlar (tuman, shahar, qishloq va mahalla) kesimida oʻz tuzilmalarining faoliyati boʻyicha dasturlar ishlab chiqilib, eʼlon qilib borilsin;
davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning ijro etilishi jarayonini jamoatchilik tomonidan kuzatib borish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida muntazam eʼlon qilib borish tizimi yaratilsin;
har bir tarmoq va hudud boʻyicha qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan rahbarlarning hisobot berish tizimi yoʻlga qoʻyilsin.
Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda toʻrt oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan tizimni samarali yoʻlga qoʻyish yuzasidan qaror loyihasini kiritsin.
14. Davlat xizmatlari qamrovi va tezkorligini oshirish, ularning koʻrsatilishida aholining barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinishini taʼminlash maqsadida 2022-yilda:
fuqarolarga hujjatlarni berish va almashtirishda, shuningdek oʻzaro bogʻliq davlat xizmatlarini murojaatni kutmasdan taklif etish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;
“Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan tugʻilganlik toʻgʻrisida va haydovchilik guvohnomalari, shahodatnoma va diplom kabi muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinsin;
keksa va nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini soddalashtirish va ularga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qoʻshimcha qulayliklar yaratilsin.
Adliya vazirligi (R. Davletov) va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) 2022-yil 1-oktabrga qadar davlat xizmatlari tizimini xalqqa yanada yaqinlashtirish, navbatlarni qisqartirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va xususiy sektorga oʻtkazish choralarini nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Taraqqiyot strategiyasida adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash boʻyicha belgilangan vazifalar doirasida 2022-yilda:
ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va maʼmuriy ishlar boʻyicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam koʻrsatish tartibi joriy etilsin;
qarori, harakati (harakatsizligi) noqonuniy emasligini maʼmuriy sudda isbotlash majburiyatini, uni qabul qilgan mansabdor shaxsning oʻziga yuklash tartibiga amal qilinishi qatʼiy taʼminlansin;
harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni hisobga olish boʻyicha yagona onlayn elektron reyestr yuritilishi yoʻlga qoʻyilsin.
16. Jazoni oʻtab boʻlgan fuqarolarning kelgusida jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga amaliy koʻmaklashish uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimi joriy qilinsin.
Ushbu tizim doirasida jazoni oʻtab boʻlgan va oʻzining tadbirkorlik, meʼmorchilik, hunarmandchilik kabi yoʻnalishlarda aniq loyihalarini taqdim etib, mustaqil faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan fuqarolarga bir martalik moddiy yordam berish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) uch oy muddatda “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimini ishga tushirishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) va Transport vazirligi (I. Maxkamov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda rivojlangan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda yoʻl infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yoʻllarda avariya va oʻlim holatlarini qisqartirish boʻyicha dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, yoʻl infratuzilmasini xalqaro standartlarga moslashtirish, harakatni boshqarish tizimini toʻliq raqamlashtirish, yoʻllarda xavfsiz harakatlanish uchun barcha ishtirokchilarga munosib sharoitlarni yaratish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini taʼminlashga hamda “Ochiq budjet” axborot portali orqali yoʻnaltiriladigan mablagʻlardan aynan mazkur yoʻnalishda samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.02.2026-y., 06/26/21/0145-son)
19. Belgilab qoʻyilsinki:
Taraqqiyot strategiyasini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining ustuvor vazifasi hisoblanadi;
Taraqqiyot strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil boʻyicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi.
20. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi taʼsischilarining “Taraqqiyot strategiyasi” markazining faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq tadqiqot va “aql” markazi sifatida qayta tashkil etish hamda quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatish toʻgʻrisidagi tashabbuslari qoʻllab-quvvatlansin:
tegishli yoʻnalishlarda aniqlangan tizimli muammolarni, jumladan byurokratik toʻsiqlar, qonunchilikdagi nomuvofiqliklar, ishlamayotgan huquqiy mexanizmlar, eskirib ketgan qoidalarni umumlashtirish;
koʻtarilayotgan tizimli muammolar va Taraqqiyot strategiyasida yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, tegishli davlat organlari vakillari bilan uchrashuv va muloqotlar tashkil etib borish;
tadbirkorlar, olimlar, ekspertlar hamjamiyati va jamoatchilik vakillari bilan birga tizimli muammolarni muhokama qilgan holda, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish;
tegishli yoʻnalishlar boʻyicha mavzuli ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish va ularning natijalari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borish.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Taraqqiyot strategiyasi” markazining faoliyatini ilgʻor xorijiy tajriba asosida tashkil etish, shuningdek islohotlarni amalga oshirish jarayoniga jamoatchilikni jalb qilish uchun “ilmiy maydon” yaratish boʻyicha choralarni koʻrsin.
21. “Yuksalish” umummilliy harakati va “Vatandoshlar” fondining Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonlariga milliy va xalqaro hamjamiyatni keng jalb qilib borishga qaratilgan quyidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin:
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishilganlik darajasini baholab borish maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati huzurida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat yillik muqobil hisobotlar tayyorlab boruvchi Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhini tashkil etish;
hududlarda nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, ekspertlar va mahalla faollaridan iborat Taraqqiyot strategiyasini qoʻllab-quvvatlash jamoatchilik guruhlarini tashkil etish va tizimli ravishda jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazib borish;
fuqarolar tomonidan koʻtarilayotgan tashabbuslarni umumlashtirib, fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilgan holda jamoatchilik loyihalarini ilgari surish.
22. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan vazifalarning bajarilishi holati yuzasidan tahliliy va axborot materiallarini Internet jahon axborot tarmogʻida va ommaviy axborot vositalarida aks ettirib borish choralarini koʻrsin.
23. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining joylardagi ijrosi natijadorligini aholiga yetkazish boʻyicha onlayn portalni ishga tushirsin.
Bunda, chora-tadbirlar ijrosi boʻyicha aholining fikrlari, taklif va eʼtirozlarini qabul qilgan holda ilgari surilgan tashabbuslar tizimlashtirilib, har oyda Respublika komissiyasiga kiritib borilsin.
24. Vazirlar Mahkamasi:
muntazam ravishda Taraqqiyot strategiyasi, Davlat dasturi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etsin;
har chorakda Taraqqiyot strategiyasi, Davlat dasturi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ijro etish holatini har tomonlama muhokama qilib, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish hamda ularga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish choralarini koʻrib borsin;
Taraqqiyot strategiyasini keyingi yillarda amalga oshirish boʻyicha yillik davlat dasturlari loyihalarini oʻz vaqtida tayyorlab borilishini taʼminlasin.
25. Adliya vazirligi Hisob palatasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan birgalikda:
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va oʻz vaqtida bajarish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish;
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida ishlab chiqilishi, kelishilishi, jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilishiga amaliy yordamni koʻrsatib borsin;
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturini amalga oshirish yakunlariga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, ularni xorijiy tillarda eʼlon qilish va keng tarqatishni taʼminlasin;
monitoring natijalari toʻgʻrisidagi axborotni har oyda Respublika komissiyasiga kiritib borsin.
26. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻida va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini;
Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning borishi va natijalari toʻgʻrisidagi xolis va toʻliq maʼlumot aholiga tezlik bilan yetkazilishini taʼminlasin.
27. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Mazkur Farmon ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 28-yanvar,
PF-60-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.02.2026-y., 06/26/21/0145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.02.2026-y., 06/26/21/0145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.02.2026-y., 06/26/21/0145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.02.2026-y., 06/26/21/0145-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/60/0082-son, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son; 10.02.2023-y., 06/23/21/0085-son; 03.01.2024-y., 06/24/221/0003-son; 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son; 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son; 20.05.2025-y., 06/25/87/0451-son; 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son; 17.02.2026-y., 06/26/21/0145-son)