Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 22-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 11-sentabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi narkologik yordam sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Narkologik yordam toʻgʻrisidagi qonunchilik
Narkologik yordam toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining narkologik yordam toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
majburiy davolash — narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarga nisbatan sudning qarori asosida majburiy davolash uchun moʻljallangan muassasalarda koʻrsatiladigan narkologik yordam turi;
narkologik yordam — narkologik kasalliklar profilaktikasini, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tekshirishni, ularga maslahat berishni, tashxis qoʻyishni, ularni davolashni, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni oʻz ichiga oluvchi ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam turi;
narkologik kasallik (surunkali alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik) — psixoaktiv moddalarga patologik ruju qoʻyish, ulardan surunkali zaharlanishning psixosomatik (ruhiy va jismoniy) hamda ijtimoiy oqibatlari bilan tavsiflanadigan surunkali kasallik;
narkologik kasallikka chalingan shaxs — oʻziga narkolog shifokor tomonidan narkologik kasallik tashxisi qoʻyilgan shaxs;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish — narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning hayot faoliyatiga doir cheklovlarni bartaraf etishga yoki kompensatsiya qilishga, yoʻqotilgan ijtimoiy aloqalarini hamda ijtimoiy maqomini tiklashga, mehnat va maishiy sharoitlarga moslashuvini taʼminlashga qaratilgan tibbiy, psixologik, tarbiyaviy, taʼlimga oid, ijtimoiy, huquqiy chora-tadbirlar tizimi;
narkologiya muassasalari — aholiga narkologik yordam koʻrsatuvchi narkologiya markazlari, shifoxonalari, dispanserlari, psixonevrologiya dispanserlari tuzilmasidagi boʻlinmalar, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining narkologiya kabinetlari;
narkologik ekspertiza — tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash masalalarini, maʼmuriy, jinoyat va fuqarolik ishlari boʻyicha ish yuritish jarayonida yuzaga keladigan boshqa masalalarni hal etish uchun narkologik kasallikka tashxis qoʻyishga qaratilgan shaxslarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish;
psixoaktiv moddalar — markaziy asab tizimiga oʻziga xos taʼsir koʻrsatadigan, muntazam ravishda isteʼmol qilganda ruhan va jismonan qaramlikni yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy kimyoviy moddalar;
psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish — shaxslarda mastlik holatini aniqlashga qaratilgan tibbiy koʻrik usullari va tibbiy tekshiruvlar majmui.
4-modda. Narkologik yordam koʻrsatishning asosiy prinsiplari
Narkologik yordam koʻrsatishning asosiy prinsiplari qonuniylik, maxfiylik, fuqarolarning ijtimoiy himoyalanganligi, rahm-shafqat va insonparvarlikdan iboratdir.
2-bob. Narkologik yordam sohasini tartibga solish
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining narkologik yordam sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
narkologik yordam sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi hamda amalga oshirilishini taʼminlaydi;
davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining narkologik yordam sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(5-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 9, 12-moddalari.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining narkologik yordam sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
narkologik yordam sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
narkologik yordam sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
mamlakatdagi narkologik vaziyatni oʻrganadi, narkologik kasalliklar tarqalganligi tahlilini amalga oshiradi;
narkologik yordam koʻrsatish sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni hamda ularning malakasini oshirishni taʼminlaydi;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni erta aniqlash, ularga maslahat berish, ularni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish, davolash, profilaktika va dispanser kuzatuviga olish hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish boʻyicha faoliyatni amalga oshiradi;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning ijtimoiy moslashuviga va qayta ijtimoiylashuviga doir tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilishini va narkologik kasalliklarning somatik asoratlarini tegishli ixtisoslashuvdagi davolash-profilaktika muassasalarida davolashni taʼminlaydi;
aholiga narkologik yordam koʻrsatish samaradorligi monitoringini amalga oshiradi;
narkologik kasalliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining narkologik yordam sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
narkologik yordam sohasidagi tarmoq dasturlarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
fuqarolarning, avvalo yoshlarning psixoaktiv moddalarni notibbiy ravishda isteʼmol qilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi va bartaraf etadi;
psixoaktiv moddalarni isteʼmol qiluvchi shaxslarni aniqlaydi va ularni tibbiy tekshiruvdan oʻtishga olib boradi;
sogʻliqni saqlash organlari va muassasalarining xulosalari asosida narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni profilaktik hisobga olishni amalga oshiradi;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish uchun hujjatlarning rasmiylashtirilishini taʼminlaydi, shuningdek ushbu shaxslarni sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida narkologiya muassasalariga olib borishga koʻmaklashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasiga muvofiq oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslarni jazoni ijro etish tizimining ixtisoslashtirilgan muassasalarida majburiy davolashni amalga oshiradi;
narkologik kasalliklarga chalingan, narkologiya muassasalarida davolanib chiqqan, shu jumladan majburiy tarzda davolanib chiqqan shaxslar ustidan kuzatuvni tashkil etadi hamda ularni ishga joylashtirishga va ularning maishiy moslashuviga koʻmaklashadi;
narkologik kasalliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi hamda narkologik yordam koʻrsatuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining narkologik yordam sohasidagi vakolatlari
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
narkologik yordam sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
tegishli hududda narkologik kasalliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning faoliyatini muvofiqlashtirishni hamda hamkorligini taʼminlaydi;
narkologik yordam koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalari tarmogʻini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni va infratuzilmani yaratadi;
narkologiya muassasalari qoshida ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi va hunarmandchilik faoliyatiga ixtisoslashtirilgan korxonalarni tashkil etishga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etishga koʻmaklashadi, ularning infratuzilmasini rivojlantirish uchun investitsiyalarni jalb etishga koʻmaklashadi;
narkologik kasalliklarga chalingan, narkologiya muassasalarida davolanib chiqqan, shu jumladan majburiy tarzda davolanib chiqqan shaxslarni ishga joylashtirishga va ularning maishiy moslashuviga doir tadbirlarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
9-modda. Taʼlim sohasidagi davlat boshqaruvi organlarining va taʼlim muassasalarining narkologik kasalliklar profilaktikasida ishtirok etishi
Taʼlim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va taʼlim muassasalari:
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
taʼlim muassasalarining oʻquvchilari oʻrtasida narkologik kasalliklar profilaktikasiga doir tarmoq dasturlarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
taʼlim muassasalarining oʻquvchilari oʻrtasida psixoaktiv moddalarni isteʼmol qiluvchi shaxslarni aniqlash chora-tadbirlarini koʻradi;
taʼlim muassasalarida psixoaktiv moddalarning tarqalishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi va bartaraf etadi;
taʼlim muassasalarining oʻquvchilarida sogʻlom turmush tarziga moyillik shakllantirilishini taʼminlaydi;
bolalarda psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilishga oʻrganib qolishga sabab boʻluvchi ijtimoiy omillar taʼsiriga bardoshlilikni shakllantirish boʻyicha oilalar bilan ish olib boradi;
narkologik kasalliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi hamda narkologik yordam koʻrsatuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Taʼlim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va taʼlim muassasalari qonunchilikka muvofiq narkologik kasalliklar profilaktikasi boʻyicha boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
10-modda. Mehnat organlarining narkologik kasalliklar profilaktikasida ishtirok etishi
Mehnat organlari:
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning bandligini taʼminlashga doir ishlarda narkologiya muassasalari bilan hamkorlik qiladi;
majburiy davolanayotgan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha tadbirlarni mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda narkologiya muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi;
narkologik kasalliklarga chalingan, narkologiya muassasalarida davolanib chiqqan, shu jumladan majburiy tarzda davolanib chiqqan shaxslarni ishga joylashtirishga koʻmaklashadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnat organlari qonunchilikka muvofiq narkologik kasalliklar profilaktikasi boʻyicha boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining narkologik kasalliklar profilaktikasida ishtirok etishi
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
narkologik yordam sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy hamda boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
narkologik yordam toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
(11-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
narkologik kasalliklarga chalingan, shu jumladan gʻayriijtimoiy xulq-atvorga moyil boʻlgan shaxslarni profilaktik hisobga olishni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlariga koʻmaklashadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qonunchilikka muvofiq narkologik kasalliklar profilaktikasi boʻyicha boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-bob. Aholiga narkologik yordam koʻrsatish
12-modda. Davlat tomonidan kafolatlangan narkologik yordam
Davlat:
psixoaktiv moddalardan oʻtkir zaharlanish, psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilish bilan bogʻliq alkogolli psixozlar va zaharlanish natijasidagi psixozlar chogʻida shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilishini;
Oldingi tahrirga qarang.
tekshiruvdan oʻtkazilishni, maslahat berilishini, tashxis qoʻyilishini, shuningdek narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning ambulatoriya va statsionar sharoitlarda davolanishini hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilinishini kafolatlaydi.
(12-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 9-avgustdagi OʻRQ-861-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.08.2023-y., 03/23/861/0577-son)
13-modda. Aholiga narkologik yordam koʻrsatuvchi sogʻliqni saqlash muassasalari
Davlat sogʻliqni saqlash tizimining narkologiya muassasalari yoki “Narkologiya” ixtisosligi boʻyicha tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan xususiy tibbiyot muassasalari aholiga narkologik yordam koʻrsatadi.
Narkologiya dispanserlari Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda, Toshkent shahrida, shuningdek mamlakatning yirik shaharlarida respublika, viloyat, shahar yoki tumanlararo darajada mustaqil davolash-profilaktika muassasalari sifatida tashkil etiladi.
Ambulatoriya sharoitlaridagi narkologik yordam tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari tuzilmasida tashkil etilgan narkologiya kabinetlari tomonidan koʻrsatiladi.
Statsionar sharoitlardagi narkologik yordam Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, narkologiya dispanserlari, psixonevrologiya muassasalarining narkologiya boʻlimlari, majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya shifoxonalari, narkologiya dispanserlarining majburiy davolash uchun moʻljallangan boʻlimlari tomonidan koʻrsatiladi.
Psixoaktiv moddalardan oʻtkir zaharlanish chogʻida shoshilinch tibbiy yordam hududiy shoshilinch tibbiy yordam markazlari tomonidan koʻrsatiladi.
14-modda. Narkologik kasalliklar profilaktikasi
Narkologik kasalliklar profilaktikasi psixoaktiv moddalarning tarqalishiga va notibbiy ravishda isteʼmol qilinishiga, shu jumladan alkogolni suiisteʼmol qilishga imkon beruvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga, ularning shaxsiy, ijtimoiy va tibbiy salbiy oqibatlarining oldini olishga qaratilgan ijtimoiy, maʼrifiy hamda tibbiy-psixologik tadbirlar majmuidan iboratdir.
Narkologik kasalliklar profilaktikasi birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi profilaktikani oʻz ichiga oladi.
Narkologik kasalliklarning birlamchi profilaktikasi psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilishga oʻrganib qolishga sabab boʻladigan omillarni bartaraf etish yoki shaxsning ushbu omillar taʼsiriga bardoshliligini oshirish orqali mazkur moddalarni birinchi marta notibbiy ravishda isteʼmol qilishga urinishning oldini olishga qaratilgan tibbiy, pedagogik, psixologik va ijtimoiy chora-tadbirlar tizimidir.
Narkologik kasalliklarning ikkilamchi profilaktikasi psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilishni bu moddalarga nisbatan qaramlik shakllanguniga qadar tugatishga qaratilgan tibbiy, pedagogik, psixologik, psixoterapevtik va ijtimoiy chora-tadbirlar tizimidir.
Narkologik kasalliklarning uchlamchi profilaktikasi narkologik kasallik avj olishining hamda uning ijtimoiy va tibbiy salbiy oqibatlari yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan tibbiy, psixologik, psixoterapevtik va ijtimoiy chora-tadbirlar tizimidir.
4-bob. Narkologik kasallikka chalingan shaxslarga narkologik yordam koʻrsatish
15-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlari
Narkologik kasallikka chalingan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz huquqlari, oʻzidagi mavjud narkologik kasalliklarning xususiyati, qoʻllaniladigan davolash va reabilitatsiya qilish usullari toʻgʻrisida axborot olish;
davolashni amalga oshirish sharoitlarini (ambulatoriya yoki statsionar), davolovchi taʼsir oʻtkazish hajmi va usullarini tanlashda, davolash va reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi rejasini tuzishda ishtirok etish, bundan ushbu Qonunning 5-bobida va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno;
narkologiya muassasasi bilan tibbiy yordam va reabilitatsiya yordamini koʻrsatish toʻgʻrisida yozma shartnoma tuzish, bundan ushbu Qonunning 5-bobida va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno;
tibbiy vositalar va usullarni sinash, ilmiy tadqiqotlar yoki oʻquv jarayonida oʻzidan obyekt sifatida foydalanilishiga, shuningdek foto-, video- yoxud kinotasvirga olinishga oldindan yozma rozilik berish yoki uni rad etish, shu jumladan istalgan bosqichda rad etish;
taklif qilinayotgan davolanishni rad etish yoki uni istalgan bosqichda toʻxtatish, bundan ushbu Qonunning 25-moddasida va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno;
narkologiya muassasasining rahbariga yoki boshqa mansabdor shaxsiga, yuqori turuvchi sogʻliqni saqlash organiga yoki sudga murojaat qilish, oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun advokatni yoxud qonuniy vakilini jalb etish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni 32-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi 66, 67-moddalari.
16-modda. Sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida profilaktika kuzatuvi (profilaktik hisobga olish) va dispanser kuzatuvi (dispanser hisobiga olish)
Profilaktika kuzatuvi (profilaktik hisobga olish) alkogolni muntazam ravishda isteʼmol qiluvchi, giyohvandlik vositalarini yoki boshqa psixoaktiv moddalarni har zamonda isteʼmol qiluvchi shaxslarda ruhan va jismonan qaramlikning klinik belgilarisiz narkologik kasallik rivojlanishining oldini olish maqsadida narkologiya muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Profilaktika kuzatuvi (profilaktik hisob) ostidagi shaxslarga nisbatan psixoaktiv moddalarga ruhan va jismonan qaramlikning shakllanishi xavfiga doir omillarni bartaraf etishga qaratilgan tibbiy, pedagogik, psixologik, psixoterapevtik va ijtimoiy chora-tadbirlar majmui amalga oshiriladi.
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning dispanser kuzatuvi (dispanser hisobiga olish) narkologiya muassasalari tomonidan ularga psixoaktiv moddalarni notibbiy ravishda isteʼmol qilishdan tiyilishni va narkologik kasallikning tibbiy-ijtimoiy oqibatlarining oldini olishini taʼminlaydigan malakali narkologik yordam koʻrsatish maqsadida amalga oshiriladi.
Narkologiya muassasasiga davolanishdan oʻtish uchun ixtiyoriy ravishda murojaat etgan narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning iltimosiga koʻra, ularning dispanser kuzatuvi (dispanser hisobiga olish) belgilanmasligi mumkin.
Majburiy dispanser kuzatuviga (dispanser hisobiga) quyidagi shaxslar olinishi lozim:
shaxsiyatida narkologik kasallik bilan bogʻliq boʻlgan aniq koʻrinib turgan oʻzgarishlar boʻlgan shaxslar;
alkogolli yoki zaharlanish natijasidagi psixozlarni boshdan kechirgan shaxslar;
narkologik kasalliklarga chalingan, narkologik yordam soʻrab murojaat qilguniga qadar, davolanish davrida yoki davolanish tugallanganidan keyin gʻayriijtimoiy xulq-atvor belgilarini namoyon etuvchi shaxslar;
bir yil mobaynida ikki va undan ortiq marta psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik va (yoki) oʻtkir zaharlanish holatida tibbiyot muassasalariga olib kelingan shaxslar;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, narkologik kasalliklari tufayli oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslar;
narkologiya muassasasida davolanib chiqqanidan keyin bir yil mobaynida narkologik kasalligi ikki martadan ortiq qaytalangan shaxslar.
Narkologik kasallik tashxisini qoʻyish narkolog shifokorlarning mutlaq huquqidir. Profilaktika yoki dispanser hisobiga qoʻyish haqidagi qaror narkologiya muassasasining tibbiy komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.
Profilaktika kuzatuvi (profilaktik hisobga olish) va dispanser kuzatuvi (dispanser hisobiga olish) tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
17-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsning davolanishga roziligi
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni davolash uning yozma roziligi yoki qonuniy vakilining yozma roziligi olinganidan keyin amalga oshiriladi, bundan ushbu Qonunning 25-moddasida va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
 LexUZ sharhi
Qarang: ushbu Qonunning 19-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 182, 194-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 28-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi Qonuni 16-moddasining ikkinchi qismi.
Shifokor davolanishga yozma rozilik olish uchun narkologik kasallikka chalingan shaxsga yoki uning qonuniy vakiliga kasallikning xususiyati, davolashning maqsadi va usullari, davolashning davomiyligi toʻgʻrisida, shuningdek yuzaga kelish ehtimoli boʻlgan asoratlar xavfi, nojoʻya taʼsirlar va kutilayotgan natijalar haqida axborot berishi shart. Davolanish uchun yozma rozilik tibbiy hujjatlarga qoʻshib qoʻyiladi.
Oʻn toʻrt yoshdan katta voyaga yetmagan shaxslar tibbiy aralashuvga ixtiyoriy yozma rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega.
Narkologik kasallikka chalingan va ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan yoshga toʻlmagan shaxslarga hamda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarga nisbatan davolanish uchun yozma rozilikni ularning qonuniy vakillari ushbu shaxslar sogʻligʻining holati haqidagi maʼlumotlardan xabardor qilingach beradi. Qonuniy vakillar yoʻqligida davolash toʻgʻrisidagi qarorni shifokorlar konsiliumi qabul qiladi, konsilium yoʻqligida esa, qarorni davolovchi shifokor qabul qiladi.
18-modda. Narkologik yordamni rad etish
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar narkologik yordamni rad etishi mumkin.
Narkologik yordamni rad etish narkologik kasallikka chalingan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining arizasi bilan rasmiylashtirilib, davolovchi shifokor va boʻlim mudirining imzolari bilan tasdiqlanadi.
Narkologik yordamni rad etgan shaxslarga yoki ularning qonuniy vakillariga narkologik yordamni rad etishning ehtimol tutilgan oqibatlari toʻgʻrisida tushuntirilishi kerak.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni narkologik yordam olishni rad etishga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
19-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsga oʻz roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz narkologik yordam koʻrsatish
Narkologik kasallikka chalingan shaxsga oʻzining yozma roziligisiz yoki qonuniy vakilining yozma roziligisiz narkologik yordam koʻrsatishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
narkologik kasallikka chalingan shaxsda psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilishi oqibatida uning oʻzi va atrofidagi shaxslar uchun bevosita xavf soluvchi alkogolli yoki zaharlanish natijasidagi psixozlar yuzaga kelganda;
hayotiy koʻrsatmalarga koʻra kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy aralashuv zarur boʻlganda;
ushbu Qonunning 25-moddasida va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra majburiy davolash qoʻllanilganda.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi Qonuni 14-moddasining beshinchi qismi.
Psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilish oqibatida yuzaga kelgan alkogolli yoki zaharlanish natijasidagi psixoz holatidagi shaxsga uning yozma roziligisiz narkologik yordam koʻrsatish zarurligi haqidagi qaror uni koʻrikdan oʻtkazuvchi narkolog shifokor yoki psixiatr shifokor tomonidan qabul qilinadi. Alkogolli yoki zaharlanish natijasidagi psixoz toʻxtatilganidan (bartaraf etilganidan) keyin narkologik kasallikni davolashni davom ettirish narkologik kasallikka chalingan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining ixtiyoriy yozma roziligi asosida amalga oshiriladi.
20-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsga toʻliq hajmda narkologik yordam koʻrsatishni rad etish yoki yordam koʻrsatish muddatini kechiktirish
Narkologik kasallikka chalingan shaxsda tibbiy qarshi koʻrsatmalar mavjud boʻlgan taqdirda, unga toʻliq hajmda narkologik yordam koʻrsatish rad etilishi yoki uni koʻrsatish muddati kechiktirilishi mumkin.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsda rad etish yoki muddatini kechiktirish uchun asos boʻlgan tibbiy qarshi koʻrsatmalar bartaraf etilganda narkologik yordam toʻliq hajmda koʻrsatilishi mumkin.
21-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni davolash
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni ambulatoriya yoki statsionar sharoitlarda davolashni oʻtkazishga doir tibbiy koʻrsatmalar va qarshi koʻrsatmalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolash mazkur Qonunning 5-bobida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Narkologik yordamga muhtoj boʻlmagan shaxslarning narkologiya muassasasiga asossiz ravishda yotqizilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni davolash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilgan tibbiy vositalar va usullardan foydalaniladi.
Tibbiy vositalar va usullardan faqat davolash maqsadida foydalanilishi kerak hamda ular narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni jazolash vositasi sifatida xizmat qilishi mumkin emas.
Davolash narkologik kasallikka chalingan shaxsning oʻziga xos shaxsiy xususiyatlari va ehtiyojlari hisobga olinadigan yakka tartibdagi rejaga asoslanadi, bu reja ushbu shaxsning oʻzi yoki uning qonuniy vakili bilan muhokama qilinadi.
Qoʻllaniladigan tashxis qoʻyish va davolash usullari, shu jumladan psixoterapevtik texnologiyalar haqidagi maʼlumotlar kasallik tarixiga yoki ambulatoriya kartasiga kiritiladi.
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar boshqa davolash-profilaktika muassasalarida boʻlgan taqdirda, ular maslahat tarzidagi narkologik yordam bilan taʼminlanadi.
Narkologiya muassasasida statsionar davolanishda boʻlgan shaxslarga, zarurat boʻlganda, boshqa mutaxassislarning maslahat berishi taʼminlanadi.
Narkologiya muassasasida statsionar davolanishda boʻlgan shaxslarda boshqa ixtisoslikdagi davolash-profilaktika muassasalarida koʻrsatiladigan shoshilinch tibbiy yordamni talab etadigan holatlar aniqlangan taqdirda, ular tez tibbiy yordam xizmati orqali zudlik bilan tegishli davolash-profilaktika muassasalariga oʻtkaziladi.
22-modda. Narkologiya muassasasida davolanishda boʻlgan shaxsning majburiyatlari
Narkologiya muassasasida davolanishda boʻlgan shaxs narkologiya muassasasining ichki tartib-qoidalariga rioya etishi shart.
Narkologiya muassasasida davolanishda boʻlgan shaxs tomonidan narkologiya muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganlik uni davolash muassasasidan chiqarib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun asos boʻlishi mumkin, bundan ushbu Qonunning 5-bobida va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
23-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish faqat narkologik kasallikka chalingan shaxsning ixtiyoriy yozma roziligi asosida, narkologiya muassasasi bilan tibbiy yordam va reabilitatsiya yordami koʻrsatish toʻgʻrisida yozma shartnoma tuzilganidan keyin amalga oshiriladi, bundan ushbu Qonunning 5-bobida va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Narkologik kasalliklarga chalingan va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyadan oʻtish xohishini bildirgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi narkologiya muassasalari tomonidan reabilitatsiya qilish rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
24-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar toʻgʻrisidagi, shu jumladan ularni tekshiruvdan oʻtkazish natijalari haqidagi maʼlumotlarni taqdim etish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
ichki ishlar organlarida profilaktika kuzatuvi zarur boʻlganda;
prokuratura, tergov, surishtiruv organlarining, shuningdek sudning tergov yoki sud muhokamasi oʻtkazilishi munosabati bilan soʻroviga koʻra;
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarning soʻroviga koʻra;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining soʻroviga koʻra;
(24-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 17-dekabrdagi OʻRQ-1102-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.12.2025-y., 03/25/1102/1173-son)
majburiy davolash zarur boʻlganda;
majburiy davolash tugallanganda;
davolanishdan oʻtish uchun takroran chaqirtirilganidan keyin shaxs narkologiya muassasasiga borishni rad etganda;
chaqiruvga qadar boʻlgan yoshdagi va chaqiruv yoshidagi shaxslar harbiy-tibbiy komissiyadan oʻtayotganida;
nikohlanuvchi shaxslar tibbiy koʻrikdan oʻtayotganida.
5-bob. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolash
25-modda. Majburiy davolashni qoʻllash uchun asoslar
Oldingi tahrirga qarang.
Majburiy davolash atrofdagilarning xavfsizligi va sogʻligʻiga tahdid solayotgan yoxud jamoat tartibini, boshqa shaxslarning huquqlarini buzayotgan, psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik holatida maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun bir yil ichida maʼmuriy javobgarlikka tortilgan hamda ushbu Qonunga muvofiq majburiy davolashga yuborilishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirilgan narkologik kasallikka chalingan shaxsga nisbatan sudning qaroriga asosan qoʻllaniladi. Bunda majburiy davolash dispanser kuzatuvi ostida (dispanser hisobida) boʻlgan va ixtiyoriy davolanishni rad etayotgan narkologik kasallikka chalingan shaxsga nisbatan qoʻllaniladi.
(25-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1133-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: ushbu Qonunning 3-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 32 bobi, Oʻzbekiston Respublikasi “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi Qonunining 31-moddasi.
26-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni uning majburiy davolashga yuborilishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Hududiy ichki ishlar organining boshligʻi narkologik kasallikka chalingan, psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik holatida maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun bir yil mobaynida maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxsga nisbatan uning majburiy davolashga yuborilishi mumkinligi haqida ogohlantirish chiqaradi.
(26-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1133-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxsga uning majburiy davolashga yuborilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish ichki ishlar organlari xodimi tomonidan eʼlon qilinib, unga ogohlantirishning koʻchirma nusxasi topshiriladi va bu haqda bayonnoma tuziladi.
Majburiy davolashga yuborilishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
27-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga muhtoj deb topish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga muhtoj deb topish Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar narkologiya dispanserlari tarkibida tuziladigan narkologik ekspertizalarni oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy komissiyalar yoki olis hududlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshliqlarining buyrugʻi asosida tuziladigan narkologik ekspertizalarni oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalar (bundan buyon matnda ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zaruriyatini aniqlash bilan bogʻliq barcha klinik tekshiruvlar narkologiya dispanserida, zarur hollarda esa tegishli mutaxassislar mavjud boʻlgan boshqa tibbiyot muassasalarida oʻtkaziladi.
(27-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1133-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik ekspertizalarni oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy komissiyalar yoki ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalar narkologik kasallikka chalingan shaxsga nisbatan tibbiy xulosa chiqaradi.
(27-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1133-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zarurligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa klinik tekshiruv jarayonida olingan maʼlumotlarga, shuningdek quyidagilar tomonidan taqdim etilgan ish materiallaridagi maʼlumotlarga asoslanadi:
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar tomonidan — shaxsni narkologik kasallikka chalingan deb topish haqidagi masalani hal etish uchun;
surishtiruv va tergov, prokuratura va sud organlari tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasiga muvofiq tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun.
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik ekspertizalarni oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiya tuziladigan olis hududlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
(27-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1133-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
28-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi materiallarni tayyorlash
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi materiallar ichki ishlar organlari tomonidan narkologiya muassasalarining, narkologik kasallikka chalingan shaxs oila aʼzolarining yoki qarindoshlarining iltimosnomalariga asosan, shuningdek narkologik kasallikka chalingan shaxsning oila aʼzolari xabardor qilingan holda, ichki ishlar organlarining tashabbusiga koʻra tayyorlanadi va rasmiylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ichki ishlar organlari narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi materiallarni tayyorlash maqsadida mazkur shaxsni narkologik ekspertizadan oʻtkazish uchun uning yashash joyidagi narkologiya dispanseriga yoki ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyaga olib boradi.
(28-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1133-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ichki ishlar organlari narkologik ekspertizalarni oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy komissiyaning yoki ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyaning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zarurligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosasini olgach, toʻplangan materiallarni mazkur shaxsning yashash joyidagi yoki narkologiya dispanseri joylashgan yerdagi sudga taqdim etadi. Mazkur materiallar sudga elektron hujjat tarzida ham yuborilishi mumkin.
(28-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-apreldagi OʻRQ-1133-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)
29-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish tartibi
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi qaror uning yashash joyidagi yoki narkologiya muassasasi joylashgan yerdagi sud tomonidan ushbu shaxs hozirligida qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsning sud majlisiga kelishi ichki ishlar organlari xodimi kuzatuvida amalga oshiriladi. Narkologik kasallikka chalingan shaxs rad etgan taqdirda, qonunchilikka muvofiq sudning qaroriga asosan majburan olib kelish amalga oshiriladi.
(29-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Sudning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi qarori oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va ichki ishlar organlari tomonidan darhol ijro etiladi.
Sudning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi qarori ustidan ushbu qaror oʻziga nisbatan chiqarilgan shaxs yoki uning advokati, qonuniy vakili tomonidan 72 soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi yoxud prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin.
Majburiy davolashning davomiyligi narkologik kasallikka chalingan shaxs davolash uchun joylashtirilgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda narkologiya muassasasining tibbiy komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan klinik-tashxis qoʻyish standartlari va davolash bayonnomalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 8-iyundagi 264-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tomonidan tashxis qoʻyish va davolash sifati standartlariga rioya qilgan holda aholiga pulli asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish qoidalari.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash shaxs davolanayotgan narkologiya muassasasi tibbiy komissiyasining qarori asosida tugatiladi.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash davomiyligi oʻn sakkiz oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Sudning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan qarori ushbu shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos boʻladi.
30-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolash uchun moʻljallangan muassasalar
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolash Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tuzilmasida majburiy davolash uchun boʻlim tashkil etilgan narkologiya muassasalarida yoki majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya shifoxonalarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish tizimining ixtisoslashtirilgan muassasalarida amalga oshiriladi.
31-modda. Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini tashkil etish
Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Majburiy davolashni oʻtkazishga doir tibbiy qarshi koʻrsatmalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
32-modda. Majburiy davolanayotgan shaxslarga nisbatan mehnat terapiyasini qoʻllash tartibi
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar majburiy davolanishda boʻlishi davrida davolash maqsadida va ularning jismoniy holati hisobga olingan holda, shuningdek tibbiy koʻrsatmalarga muvofiq ularga nisbatan mehnat terapiyasi qoʻllaniladi.
Mehnat terapiyasini oʻtkazish narkologiya muassasalari qoshida tashkil etiladigan, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladigan, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi va hunarmandchilik faoliyatiga ixtisoslashtirilgan korxonalarda yoki sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi korxonalarida mehnat terapiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Majburiy davolanayotgan va mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatiga jalb qilingan shaxslarning ish vaqti davomiyligi mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan ish vaqti davomiyligi normalariga muvofiq boʻlishi kerak.
(32-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Mehnat jarayonini tashkil etish korxona maʼmuriyati tomonidan narkologiya muassasasining tibbiyot xodimlari nazorati ostida amalga oshiriladi.
Majburiy davolanayotgan va mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatiga jalb qilingan shaxslarda mehnat daftarchasi mavjud boʻlgan taqdirda, mehnat daftarchasiga majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasida boʻlish davridagi mehnat faoliyati toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi, mehnat daftarchasi mavjud boʻlmaganda esa maʼlumotnoma beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Majburiy davolanayotgan va mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatiga jalb qilingan shaxslarga korxonalar tomonidan amaldagi normalar, narxlar, mehnatga haq toʻlash shartlaridan kelib chiqqan holda hamda qonunchilikda belgilangan tartibda ish haqi hisoblanadi.
Korxonalar ishlangan vaqt uchun hisoblangan ish haqining oʻttiz foizini majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlar maxsus hisobvaragʻiga oʻtkazadi, ish haqining qolgan qismi esa soliqlar, alimentlar va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa ushlanmalar chegirib tashlangan holda mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatiga jalb etilgan shaxsning oʻz shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Narkologiya muassasasiga mazkur shaxslarning familiyalari roʻyxati ham bu shaxslarga oʻtkazilgan ish haqi summalari koʻrsatilgan holda taqdim etiladi.
(32-moddaning oltinchi va yettinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlar maxsus hisobvaragʻida hosil boʻladigan mablagʻlar ushbu muassasada davolanayotgan shaxslarning qoʻshimcha ovqatlanishiga, shuningdek bu muassasalarning binolari va inshootlarini kapital taʼmirlashga, ularning hududlarini obodonlashtirishga, tibbiy asbob-uskuna, xoʻjalik va madaniy ashyolarni olishga, davriy matbuot nashrlariga obuna boʻlishga, kutubxonalar uchun adabiyotlar xarid qilishga, madaniy tadbirlarni oʻtkazishga sarflanishi mumkin.
33-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning majburiy davolash uchun moʻljallangan muassasalardagi xulq-atvori qoidalari va ularni saqlash shart-sharoitlari
Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasalarida ushbu muassasalardagi narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar tomonidan tibbiy koʻrsatmalar bajarilishini taʼminlovchi tartib, ularning oʻzboshimchalik bilan ketib qolish imkoniyatini istisno etuvchi doimiy nazorat oʻrnatiladi.
Majburiy davolanayotgan shaxslarning narkologiya muassasasidan tashqariga chiqishiga faqat davolash-tashxis qoʻyish tadbirlarini oʻtkazish yoki mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun narkologiya muassasasining tibbiyot xodimlari va qoʻriqlash xodimlari kuzatuvida ruxsat beriladi.
Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolanayotgan shaxslarga zarur moddiy-maishiy sharoitlar taʼminlanadi. Palatalar har bir yotoq-joy uchun kamida olti kvadrat metr maydon hisobga olingan, koʻpi bilan toʻrtta yotoq-joyga moʻljallanilgan holda tashkil etilishi kerak.
Majburiy davolanayotgan shaxslar yotarjoy buyumlari va mavsumiy kiyim-bosh bilan taʼminlanadi.
Majburiy davolanayotgan shaxslar uchun ovqatlanish va moddiy-maishiy taʼminot normalari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Majburiy davolanayotgan shaxslarga pul mablagʻlarini, moddiy qimmatliklarni va saqlanishi taqiqlangan, roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan ashyolarni yonida saqlashga ruxsat berilmaydi. Olib qoʻyilgan pul mablagʻlari, moddiy qimmatliklar va saqlanishi taqiqlangan ashyolar qarindoshlariga qaytariladi, qarindoshlari yoʻq boʻlgan taqdirda esa, majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasining saqlash xonasiga topshirilib, bu yerda ularning but saqlanishi taʼminlanadi.
Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasida narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni saqlash sharoitlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ichki tartib-qoidalar bilan belgilanadi.
Majburiy davolanayotgan shaxslarga gazetalar, jurnallar va televideniyedan foydalanish taʼminlanadi. Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasalarida kutubxonalar tashkil etiladi.
Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolanayotgan ichki tartib-qoidalarni buzuvchi yoki davolanishdan bosh tortuvchi yoxud atrofidagilarning yoki bevosita oʻzining hayoti va sogʻligʻiga tahdid soladigan harakatlarni sodir etuvchi shaxslar maxsus palataga joylashtiriladi, shaxs maxsus palataga joylashtirilgan paytdan eʼtiboran yigirma toʻrt soat ichida bu haqda prokuror xabardor qilinishi shart.
Ushbu moddaning toʻqqizinchi qismida nazarda tutilgan chora alohida hollarda qoʻllaniladi va majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasi rahbarining yozma farmoyishiga koʻra oʻn sutkagacha boʻlgan muddatga amalga oshiriladi. Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasining rahbari ish joyida boʻlmagan taqdirda, maxsus palataga joylashtirish haqidagi qaror majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasining lavozimi boʻyicha yuqori turuvchi xodimi tomonidan qabul qilinib, keyinchalik majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasining rahbariga axborot beriladi, rahbar maxsus palatada saqlab turish muddatini yozma farmoyish bilan belgilaydi.
Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasini oʻzboshimchalik bilan tark etgan davri majburiy davolanish muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
34-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolanayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlari
Narkologik kasalliklarga chalingan, narkologiya muassasasida majburiy davolanayotgan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasining ichki tartib qoidalari va mazkur muassasada boʻlishni tartibga soladigan boshqa hujjatlar bilan tanishish;
oziq-ovqat olish, moddiy-maishiy va tibbiy xizmat koʻrsatilishi;
mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish;
oʻz shaxsiy hisobvaragʻida turgan mablagʻlar hisobidan oziq-ovqat mahsulotlarini va eng zarur narsalarni, shuningdek majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasining hududida saqlanishi va foydalanilishi taqiqlanmagan boshqa ashyolarni olish;
ichki tartib qoidalarida belgilangan tartibda yaqin qarindoshlari bilan uchrashish;
cheklovsiz xat yozish va xat olish;
ichki tartib qoidalarida belgilangan tartibda yoʻqlovlar olish, posilkalar yuborish va olish;
oʻz shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladigan pul oʻtkazmalarini olish;
ichki tartib qoidalariga va majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasida davolanayotgan boshqa shaxslarning huquqlariga rioya etgan holda diniy urf-odatlarni bajarish;
har kunlik sayr qilish;
yuqori turuvchi sogʻliqni saqlash organiga yoki sudga majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasi xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi Qonunining 37-moddasi.
Narkologik kasalliklarga chalingan, narkologiya muassasasida majburiy davolanayotgan shaxslar:
belgilangan ichki tartib qoidalariga rioya etishi;
majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasi maʼmuriyatining va tibbiyot xodimlarining qonuniy talablarini bajarishi;
tayinlangan davolashni qabul qilishi;
majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasining mol-mulkini asrab-avaylashi;
majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasida tozalikni va tartibni saqlashi;
shaxsiy gigiyenaga rioya etishi shart.
35-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasida davolanayotgan shaxslarni muassasadan chiqarish asoslari va tartibi
Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasida davolanayotgan shaxslar:
majburiy davolash muddati tugagach va shaxs sogʻligʻining klinik holatini hisobga olgan holda;
majburiy davolashni oʻtkazishga toʻsqinlik qiladigan qoʻshimcha ogʻir kasalliklar aniqlanganligi sababli muassasadan chiqariladi.
Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasidan chiqarilgan shaxslarga ulardan olib qoʻyilgan hujjatlar, pul mablagʻlari, moddiy qimmatliklar va ashyolar qaytarib beriladi.
Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasasining maʼmuriyati narkologik kasallikka chalingan shaxs chiqarilishidan oʻn kun oldin ichki ishlar organlarini, mehnat organini, yashash joyidagi narkologiya muassasasini chiqarib yuborilgan narkologik kasallikka chalingan shaxslarning maishiy sharoitlarini yaxshilashga hamda ularni ishga joylashtirishga koʻmaklashish va ular ustidan kuzatuvni taʼminlash uchun xabardor qiladi.
36-modda. Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolanib chiqqan shaxslarning kasallik qaytalanishiga qarshi terapiyadan oʻtishi
Narkologik kasalliklarga chalingan, majburiy davolanib chiqqan shaxslar narkologiya muassasasidan chiqarilganidan yoki jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilganidan keyin yashash joyidagi narkologiya muassasalarida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda kasallik qaytalanishiga qarshi terapiyadan oʻtishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar kasallik qaytalanishiga qarshi terapiyadan oʻtishdan bosh tortgan taqdirda, ichki ishlar organlari tomonidan majburiy ravishda olib kelinadi.
37-modda. Majburiy davolanib chiqqan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning maishiy sharoitlarini yaxshilash
Majburiy davolanib chiqqan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning maishiy sharoitlarini yaxshilash ularning yashash joyi boʻyicha amalga oshiriladi hamda yashash joyidagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ichki ishlar organlari, mehnat organlari hamda narkologiya muassasalari zimmasiga yuklatiladi.
Narkologik kasalliklarga chalingan va majburiy davolanishga yuborilgan shaxslarning avvalgi yashash joyi boʻyicha uy-joy maydonidan foydalanish huquqi saqlanib qoladi.
6-bob. Narkologik ekspertiza va tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish
38-modda. Narkologik ekspertiza
Narkologik ekspertiza narkologiya muassasalarida:
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning qarori asosida;
majburiy davolashga muhtoj shaxslarga nisbatan ichki ishlar organlarining xodimlari tomonidan tayyorlangan materiallar asosida oʻtkaziladi.
39-modda. Psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish
Psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish narkologiya dispanserlari yoki boshqa davolash-profilaktika muassasalari tuzilmasida tashkil etilgan maxsus kabinetlarda amalga oshiriladi, bunday muassasalar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi yoki uning hududiy boʻlinmalari tomonidan belgilanadi.
Psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish narkolog shifokorlar yoki Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan boshqa ixtisoslikdagi shifokorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilgan usullar va vositalardan foydalaniladi.
Psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishga tashkiliy-uslubiy rahbarlik narkologiya dispanserlari tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Psixoaktiv moddalar taʼsiridan mastlik holatini aniqlash uchun shaxslarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishga yuborish va uni oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tibbiy tekshiruv natijalaridan norozi boʻlgan shaxslar ushbu natijalar ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
(39-moddaning beshinchi va oltinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-bob. Narkologik yordam koʻrsatuvchi tibbiyot xodimlari
40-modda. Narkologik yordam koʻrsatishga boʻlgan huquq
Narkologiya boʻyicha ixtisoslikka ega boʻlgan shifokor narkologik yordam koʻrsatish huquqiga ega.
Narkologik yordam koʻrsatishda ishtirok etadigan oʻrta tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislar narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar bilan ish olib borish uchun maxsus tayyorgarlikdan oʻtishi kerak.
41-modda. Tibbiyot xodimlarining narkologik yordam koʻrsatish chogʻidagi majburiyatlari
Narkologik yordam koʻrsatish chogʻida tibbiyot xodimlari:
Oldingi tahrirga qarang.
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarga ularning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligida mustahkamlab qoʻyilgan huquqlari toʻgʻrisida toʻliq axborot berishi;
(41-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etishi;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning narkologiya muassasasida boʻlishi davrida ularning xavfsizligini taʼminlashi, posilkalar va yoʻqlovlarning tarkibini nazorat qilishi;
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarga yozishmalar, davlat organlari, muassasalar va tashkilotlarga murojaatlar yoʻllashi uchun shart-sharoitlar yaratishi;
kasbiy tibbiy odob-axloq qoidalariga rioya etishi;
narkologik kasallikka chalingan shaxs bilan uning psixoaktiv moddalarga ruhan va jismonan qaramligi muammosini, tekshiruvdan oʻtishga, davolanishga va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyaga doir yakka tartibdagi rejani muhokama qilishi;
narkologik kasallikka chalingan shaxsni tekshirish va uni davolash chogʻida olingan axborotni oshkor etmasligi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;
narkologik kasalliklarni davolashning Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilgan vositalari va usullaridan foydalanishi;
oʻz malakasini doimiy ravishda oshirib borishi shart.
42-modda. Narkologik yordam koʻrsatishda ishtirok etuvchi tibbiyot xodimlariga va boshqa mutaxassislarga kafolatlar va imtiyozlar
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik yordam koʻrsatishda ishtirok etuvchi tibbiyot xodimlari va boshqa mutaxassislar alohida mehnat sharoitlarida faoliyat bilan shugʻullanuvchi shaxslar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlarni olish huquqiga ega.
Narkologik yordam koʻrsatishda ishtirok etuvchi shaxsning sogʻligʻiga zarar yetkazilib, bu uning mehnat qobiliyati vaqtincha yoʻqotilishiga sabab boʻlgan taqdirda, shuningdek nogironlik yuz berganda — ushbu shaxsga, u vafot etgan taqdirda esa — uning qaramogʻidagilarga zararning oʻrni qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda qoplanadi.
(42-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
43-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Narkologik yordam sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(43-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
44-modda. Narkologik yordam toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Narkologik yordam toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(44-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
45-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash toʻgʻrisida”gi 753-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 1, 36-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Surunkali alkogolizm yoki giyovandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburan davolash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 753a-XII-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 1, 37-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 6-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 73-I-sonli Qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 6, 121-modda) 250-bandi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 371-I-sonli Qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 2, 69-modda) 19-bandi;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini toʻla yoki qisman oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 550-I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 1, 17-modda) 37-bandi;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998-yil 24-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi 714-I-sonli Qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 5-modda) ilovaning 14-bandi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustda qabul qilingan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi 813-I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 9, 210-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 4, 138-modda, № 6, 300-modda; 2018-yil, № 10, 679-modda; 2019-yil, № 2, 47-modda, № 5, 267-modda, № 9, 592-modda; 2020-yil, № 3, 203-modda) VI bobi;
8) Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi 175-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 1-2, 23-modda) I boʻlimining 3-bandi;
9) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini taʼminlash bilan bogʻliq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-542-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 5, 267-modda) 5-moddasi.
46-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonuning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
47-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(47-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
48-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-oktabr,
OʻRQ-644-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2020-y., 03/20/644/1415-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 10.08.2023-y., 03/23/861/0577-son; 17.12.2025-y., 03/25/1102/1173-son; 18.04.2026-y., 03/26/1133/0379-son)