Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2018-yil 12-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018-yil 28-iyunda maʼqullangan
Senat tomonidan 2018-yil 28-iyunda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi 712–II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2005-yil, № 1, 16-modda) oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 9-iyul,
OʻRQ-483-son
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida
(yangi tahriri)
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik faoliyati subyektlarini birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilotidir.
“Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi” nomidan faqat ushbu Qonunning qoidalariga muvofiq foydalanilishi mumkin. Boshqa tashkilotlar oʻz nomlarida “savdo-sanoat palatasi”, “savdo palatasi”, “sanoat palatasi” degan soʻz birikmalaridan hamda ular asosida tuzilgan soʻz birikmalaridan foydalanishga haqli emas.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-iyundagi PQ-3068-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasini tashkil etish maqsadi
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy shart-sharoitlarni taʼminlash, biznes hamjamiyati hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa organlar va tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilashga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini barcha choralar bilan qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 7-iyuldagi PF-3453-sonli “Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni.
4-modda. Palata faoliyatining asosiy prinsiplari
Palata faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, Palata aʼzolarining teng huquqliligi, mustaqillik, ochiqlik, oshkoralik hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligidan iboratdir.
5-modda. Palataning vazifalari
Palataning vazifalari quyidagilardan iborat:
tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyishi davrida qoʻllab-quvvatlash tizimini shakllantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, xususiy mulk va tadbirkorlikning rivojlanishiga, ularning ustuvorlik rolini, shuningdek daxlsizligini taʼminlashga, mamlakat aholisini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga barcha choralar bilan koʻmaklashish;
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik normalarini takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqish, tadbirkorlik subyektlarining ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, ushbu sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini tashkil etish va ularning amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish jarayonlariga jalb etish;
(5-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
tadbirkorlik subyektlariga biznesni tashkil etish, yuritish hamda rivojlantirishda yordam koʻrsatish, davlat organlari va boshqa organlarning, shuningdek bozor infratuzilmasi subyektlarining barcha turdagi xizmatlaridan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish va imkoniyat berish, maslahat yordami koʻrsatish hamda axborot bilan taʼminlash;
davlat hokimiyatining barcha tarmoqlari — qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati, shuningdek bank-moliya tashkilotlari va bozor infratuzilmasining boshqa subyektlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
tadbirkorlik tuzilmalari uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi sifatini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini inobatga olgan holda yoʻnalishlar va ixtisosliklar boʻyicha oʻquv dasturlarini va taʼlimni takomillashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasining tadbirkorlik subyektlarini xalqaro ishbilarmonlik hamjamiyatiga integratsiyalash, ular mahsulotlarining tashqi bozorlarga chiqarilishini taʼminlashda koʻmaklashish, milliy brendlarni xorijda ilgari surish, investitsiyalarni, shu jumladan chet el investitsiyalarini, shuningdek zamonaviy texnologiyalarni jalb etish.
Oldingi tahrirga qarang.
Palata qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
(5-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. Palata faoliyatining kafolatlari
Palata oʻz faoliyatida davlat hokimiyati organlaridan mustaqildir.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat Palataning axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlashga boʻlgan huquqini qonunchilikka muvofiq taʼminlaydi.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlari, shuningdek bank-moliya tashkilotlari hamda bozor infratuzilmasining boshqa subyektlari Palataga tadbirkorlik subyektlarining davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorligini tashkil etishda koʻmaklashadi.
Davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining Palata faoliyatiga aralashishiga, xuddi shuningdek Palataning davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslari faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-bob. Palataning funksiyalari
7-modda. Tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish sohasida Palataning funksiyalari
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish sohasida Palata quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi holatining tahlilini oʻtkazadi;
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik normalarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
(7-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga nisbatan daʼvo arizalari bergan tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini ifoda etadi;
Palata aʼzolari boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatining monitoringini amalga oshiradi hamda ushbu faoliyatni tekshirishlarda ishtirok etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish sohasida Palata qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-iyundagi PF-5087-son “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni 1-bandining a) kichik bandi.
8-modda. Ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash sohasida Palataning funksiyalari
Ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash sohasida Palata quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirish boʻyicha davlat dasturlarini, shuningdek hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
tadbirkorlik subyektlarini ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, tadbirkorlik tuzilmalari bilan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasini tashkil qilish, shu jumladan ekspert kengashlarini tuzish orqali tashkil etish jarayonlariga jalb qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini mustahkamlashga, ularning rivojlanishini ragʻbatlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar tayyorlaydi;
(8-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ishbilarmonlik muhitining holati, qonunchilik normalari va talablarining amalga oshirilishi natijalari tahlilini oʻtkazadi, ularni yaxshilashga doir takliflarni belgilangan tartibda kiritadi.
(8-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash sohasida Palata qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-iyundagi PF-5087-son “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni 1-bandining b) kichik bandi.
9-modda. Tadbirkorlik faoliyatiga koʻmaklashish sohasida Palataning funksiyalari
Tadbirkorlik faoliyatiga koʻmaklashish sohasida Palata quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish uchun biznes-inkubatorlar barpo etadi hamda ushbu biznes-inkubatorlarning faoliyatini tashkil etadi, ularga biznes-rejalarni tayyorlashda, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq zarur axborotni olish va masalalarni hal etishda ekspert, huquqiy va maslahat yordami koʻrsatadi;
investitsiya va ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish boʻyicha amaliy koʻnikmalarning tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻzlashtirilishida koʻmaklashishni taʼminlaydi;
tadbirkorlik subyektlari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotganda, ularning faoliyati tekshiruvlardan oʻtkazilayotganda ularni huquqiy, shu jumladan yuridik jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi;
moliyaviy, tovar-xomashyo va tabiiy resurslardan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan, texnologik mashinalar va uskunalardan, ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanishda, shuningdek yer uchastkalarini olishda yordam koʻrsatadi;
Oldingi tahrirga qarang.
xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmas kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlaydi, bundan tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar shartlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuzaga kelgan yengib boʻlmas kuch (fors-major) holatlari mustasno;
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 9-fevraldagi OʻRQ-752-sonli Qonuniga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2022-y., 03/22/752/0113-son)
Palata aʼzolari va sheriklari ishtirokida jamoatchilik asosida qoʻmitalar, ishbilarmonlik va muvofiqlashtiruvchi kengashlarni tashkil etadi;
innovatsiya tadbirkorligi joriy etilishini, “startup” loyihalar amalga oshirilishini, yoshlarning, avvalo oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilarining biznesni tashkil qilish hamda yuritishga doir tadbirkorlik tashabbuslarini, shuningdek aholi bandligining va daromadlarining oʻsishini taʼminlashga koʻmaklashuvchi kichik, xususiy hamda oilaviy tadbirkorlik, kasanachilikning va hunarmandchilikning turli shakllari rivojlantirilishini qoʻllab-quvvatlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik faoliyatiga koʻmaklashish sohasida Palata qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-iyundagi PF-5087-son “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni 1-bandining v) kichik bandi.
10-modda. Davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish sohasida Palataning funksiyalari
Davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish sohasida Palata quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
tadbirkorlik subyektlarining davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilishini “toʻgʻridan-toʻgʻri va qayta aloqa” prinsipi boʻyicha tashkil etishga koʻmaklashadi;
jismoniy shaxslarni va tadbirkorlik subyektlarining vakillarini qabul qiladi hamda ularning murojaatlarini koʻrib chiqadi, shuningdek ularning hal etilishi monitoringini va tahlilini oʻtkazadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda, Toshkent shahrida, tumanlar va shaharlarda tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari faoliyatini tashkil etadi, ularning davlat organlari, davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilishini taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish sohasida Palata qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-iyundagi PF-5087-son “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni 1-bandining g) kichik bandi.
11-modda. Tadbirkorlik subyektlarini oʻqitish va kadrlarni tayyorlash sohasida Palataning funksiyalari
Tadbirkorlik subyektlarini oʻqitish va kadrlarni tayyorlash sohasida Palata quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitish markazi hamda uning hududiy filiallari negizida tadbirkorlik subyektlarini oʻqitishni va kadrlar tayyorlashni tashkil etadi;
(11-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son)
Respublika tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitish markazi faoliyatining yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro moliya institutlari, chet ellik donorlar va xorijiy mamlakatlardagi tadbirkorlik subyektlari vakillari oʻqitiladigan shunday markazlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
tadbirkorlik subyektlari uchun oʻquv kurslarini ishlab chiqadi hamda oʻtkazadi, bunda ushbu subyektlarning biznes yuritish, biznes-rejalar tuzish, tadbirkorlik faoliyati sohasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, menejment, moliyaviy boshqaruv asoslari va boshqa zarur fanlar boʻyicha oʻqitishni tashkil etadi;
tadbirkorlik tuzilmalari uchun kadrlarni tanlash va oʻqitishda, ularning kasbiy malakasini doimiy ravishda oshirishda tadbirkorlik subyektlariga yordam koʻrsatadi, aniq hududlarda va tadbirkorlik sohalarida malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash uchun davlat buyurtmasini shakllantirishda ishtirok etadi;
oʻqitishni tashkil etish uchun oliy taʼlim muassasalarining, kasb-hunar kollejlarining oʻqituvchilarini, amaliyotchi-mutaxassislarni, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlarni va chet ellik mutaxassislarni jalb etishni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik subyektlarini oʻqitish va kadrlarni tayyorlash sohasida Palata qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-iyundagi PF-5087-son “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni 1-bandining d) kichik bandi.
12-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat va chet el investitsiyalarini jalb etish sohasida Palataning funksiyalari
Tashqi iqtisodiy faoliyat va chet el investitsiyalarini jalb etish sohasida Palata quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
biznes-anjumanlar, koʻrgazmalar va yarmarkalar tashkil etadi hamda oʻtkazadi, ularda mahalliy tadbirkorlik subyektlarining ishtirok etishini taʼminlaydi;
tadbirkorlik subyektlariga sheriklarni, yangi bozorlarni izlashda va oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotni tashqi bozorlarga olib chiqishda, eksport turlarini kengaytirish va tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini oshirishda, shuningdek ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda koʻmaklashadi;
tashkil etilgan kichik sanoat va erkin iqtisodiy zonalarda zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish, ichki hamda tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish doirasida tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan chet ellik investorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi;
mazkur sohadagi vazifalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek Palataning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari bilan hamkorlikni taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tashqi iqtisodiy faoliyat va chet el investitsiyalarini jalb etish sohasida Palata qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-iyundagi PF-5087-son “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni 1-bandining e) kichik bandi.
3-bob. Palataning davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorligi. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarda Palataning ishtirok etishi
13-modda. Palataning davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorligi
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari Palataga oʻz vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishida har tomonlama koʻmaklashadi.
Palata huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat qiluvchi organlar, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan birgalikda tadbirkorlarning huquqbuzarliklari profilaktikasida ishtirok etadi, ularning oldini olish choralarini koʻradi.
Palata oʻz funksiyalarini amalga oshirish maqsadida davlat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar tuzishga haqli.
Palata vakillari davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar huzurida tuziladigan jamoatchilik maslahat kengashlari tarkibiga kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14-modda. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarni oʻtkazishda Palataning ishtirok etishi
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun Palata:
ularning faoliyatini tekshirishlarda bevosita ishtirok etadi;
oʻtkaziladigan tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning tekshirishlar yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlari ustidan shikoyat qiladi.
(14-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-noyabrdagi OʻRQ-583-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bobi.
4-bob. Palataning faoliyatini tashkil etish
15-modda. Palatani tashkil etish
Palata oʻz muassislarining tashabbusiga koʻra tashkil etiladi.
Palata muassislari Palataning qurultoyini chaqiradi, unda Palataning ustavi qabul qilinadi, boshqaruv va nazorat organlari tuziladi.
Palataning qurultoyini chaqirish va oʻtkazish, uning boshqaruv va nazorat organlari faoliyatini tashkil etish tartibi Palata ustavi bilan tartibga solinadi.
16-modda. Palataning tizimi
Palataning tizimiga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi;
Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari (bundan buyon matnda Palataning hududiy boshqarmalari deb yuritiladi);
tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari;
hakamlik sudlari;
xalqaro tijorat arbitraj sudi;
Palataning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilikka muvofiq Palata taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlar tashkil etishga haqli.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
Palata, uning hududiy boshqarmalari, tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari, xorijdagi vakolatxonalari, shuningdek boshqa muassasalari va tashkilotlari Palataning yagona tizimini tashkil etadi.
(16-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
17-modda. Palataga aʼzolik
Palataga aʼzolik kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun ixtiyoriy, boshqa tadbirkorlik subyektlari uchun esa majburiydir.
Palataga aʼzolik tadbirkorlik faoliyati subyekti yoki tadbirkorlik faoliyati subyektlarining birlashmasi yoxud tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun tashkil etilgan boshqa tashkilot, chet el kompaniyalarining vakolatxonalari va Palata oʻrtasida shartnoma tuzish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi.
Palata aʼzolari Palata ustavida hamda aʼzolik toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan teng huquq va majburiyatlarga ega boʻladi.
18-modda. Palataning ustavi
Palataning ustavida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
Palataning nomi va joylashgan yeri (pochta va elektron manzili);
Palataning maqsad va vazifalari;
Palataning hududiy boshqarmalarini va tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlarini tashkil etish tartibi;
Palataning boshqaruv va nazorat organlarini shakllantirish tartibi hamda ularning vakolatlari, bu vakolatlarning muddatlari va mazkur organlarning qarorlar qabul qilish tartibi;
Palata aʼzoligiga qabul qilish hamda aʼzolikdan chiqish shartlari va tartibi;
Palata aʼzolarining huquq va majburiyatlari;
Palataning pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkini shakllantirish manbalari;
Palataning ustaviga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish tartibi;
Palatani qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
Palata tugatilgan taqdirda uning mol-mulkidan foydalanish tartibi.
Oldingi tahrirga qarang.
Palata ustavida qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin.
(18-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Palataning ustaviga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar Palata qanday tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, shunday tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
19-modda. Palataning boshqaruv organlari
Palataning boshqaruv organlari quyidagilardan iborat:
Palata qurultoyi;
Palata Rayosati;
Palata ijroiya qoʻmitasi.
Palataning toʻrt yilda kamida bir marta chaqiriladigan qurultoyi Palata boshqaruvining yuqori organidir.
Qurultoy delegatlari tomonidan yigirma besh nafar kishidan iborat tarkibda saylanadigan Palata Rayosati Palata boshqaruvining qurultoylar oraligʻidagi rahbar organidir.
Palata boshqaruvining ijro etuvchi organi uning oʻz faoliyatida Palata Rayosatiga bevosita hisobdor boʻlgan Palata ijroiya qoʻmitasidir.
Palata raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga koʻra Palata qurultoyi delegatlari tomonidan lavozimga saylanadi.
Palata raisi lavozimiga koʻra Palata Rayosatining raisi boʻlib, u Palata ijroiya qoʻmitasining ishiga rahbarlik qiladi.
Palata raisining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari Palata raisining taqdimnomasiga koʻra Palata Rayosati tomonidan lavozimga tayinlanadi.
20-modda. Palatani davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
Palatani davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Palataning hududiy boshqarmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(20-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
21-modda. Palataning huquqlari
Palata quyidagi huquqlarga ega:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, vazirliklarga va idoralarga ishbilarmonlik hamda investitsiya muhitini yaxshilash masalalari yuzasidan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan yoki uning rivojlanishini cheklayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ularni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
(21-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasini oʻtkazish va tadbirkorlikning boshqa masalalarini muhokama qilish uchun tadbirkorlik subyektlari ishtirokida ekspert kengashlarini tuzish;
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari oʻrtasidagi nizoning hal etilishini taʼminlash, shuningdek bozorlarni oʻrganish hamda tahlil qilish maqsadida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan va ularning mansabdor shaxslaridan zarur maʼlumotlar, hujjatlar, materiallarni hamda statistika maʼlumotlarini soʻrab olish, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
(21-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
taraflar oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal etishni amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
Palata aʼzolarining manfaatlarini koʻzlab sudlarga davlat boji toʻlamasdan daʼvolar taqdim etish, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish;
(21-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvardagi OʻRQ-600-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.01.2020-y., 03/20/600/0023-son)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha ijroni qarzdor tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini koʻzlab kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib ijro etish toʻgʻrisidagi ariza bilan ijro hujjatini bergan sudga yoki boshqa organga murojaat qilish;
(21-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 11-apreldagi OʻRQ-762-sonli Qonuniga asosan yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.04.2022-y., 03/22/762/0290-son)
jinoyat ishlari boʻyicha ish yuritishda tadbirkorlik subyektlarining jamoatchilik himoyachilari sifatida ishtirok etish;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinganda tadbirkorlik subyekti nomidan sud muhokamasining istalgan bosqichida ishtirok etish (ikkala taraf Palata aʼzolari boʻlgan hollar bundan mustasno), shuningdek daʼvo arizalari bilan bir qatorda apellyatsiya, kassatsiya, taftish shikoyatlari, arizalar, shu jumladan taftish tartibida protest keltirish haqida iltimosnomalar berish;
(21-modda birinchi qismining toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 14-avgustdagi OʻRQ-943-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2024-y., 03/24/943/0616-son)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat aktivlarini xususiylashtirish, shuningdek davlat organlari funksiyalarining va davlat xizmatlarining ayrim turlarini xususiy sektorga oʻtkazish, davlat-xususiy sheriklikning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
(21-modda birinchi qismining oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-980-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son)
oʻz tuzilmasida taʼlim muassasalarini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasida va chet davlatlarda tashkilotlar tashkil etish, oʻz vakolatxonalarini ochish;
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik faoliyati subyektlariga ixtirolarni, foydali modellarni, sanoat namunalarini patentlashda, tovar belgilarini, xizmat koʻrsatish belgilarini geografik koʻrsatkichlarni va tovarlar kelib chiqqan joy nomlarini roʻyxatdan oʻtkazishda koʻmaklashish;
(21-modda birinchi qismining oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-martdagi OʻRQ-757-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.03.2022-y., 03/22/757/0181-son)
Oʻzbekiston Respublikasida va uning hududidan tashqarida koʻrgazmalar hamda yarmarkalar tashkil etish va oʻtkazish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlariga huquqiy va boshqa xil yordam koʻrsatish;
gazetalar, jurnallar va boshqa bosma materiallar nashr etish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini taʼminlash uchun noshirlik hamda reklama xizmatlari koʻrsatish;
xalqaro va chet el tashkilotlarida Palata aʼzolarining tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq manfaatlarini ifoda etish;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyati masalalariga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda va muhokama qilishda ishtirok etish;
Oldingi tahrirga qarang.
iqtisodiy nizolarni hal qilish uchun qonunchilikka muvofiq hakamlik sudlarini, shuningdek xalqaro tijorat arbitraj sudini tashkil etish;
(21-modda birinchi qismining oʻn sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
chet ellik sheriklar murojaat etgan hollarda, tovarlarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni tasdiqlash;
Palata aʼzolari boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarda ishtirok etish;
chet el va xalqaro tashkilotlarning moliyaviy hamda texnik yordamini jalb etishda tadbirkorlik faoliyati subyektlariga koʻmaklashish.
Oldingi tahrirga qarang.
Palata qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(21-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
22-modda. Qonun ijodkorligi faoliyati sohasida Palataning vakolatlari
Palata normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash uchun ular yuzasidan xulosalar beruvchi vakolatli organdir.
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita taʼsir qiladigan masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari majburiy tartibda Palata bilan kelishilishi lozim.
Palata normativ-huquqiy hujjat loyihasining mazmuniga umuman yoki uning biror qismiga rozi boʻlmagan taqdirda, normativ-huquqiy hujjatni qabul qiladigan organga tegishli xulosa kiritishga haqli.
Tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan yoki uning rivojlanishini cheklayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ularni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish zarurligi toʻgʻrisidagi Palata tavsiyalari va yozma soʻrovlari qonunda belgilangan muddatlarda majburiy ravishda koʻrib chiqilib, keyinchalik Palataga ularni koʻrib chiqish natijalari haqida asoslangan xulosalar yuborilishi lozim.
23-modda. Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazorati
Palata va uning hududiy boshqarmalari tadbirkorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiradi:
davlat organlarining, birinchi navbatda, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari bajarilishi, tadbirkorlik faoliyatiga koʻmaklashish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha faoliyatiga doir zarur maʼlumotlarni soʻrab olish hamda tahlil qilish;
davlat organlarining, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlarning jamoatchilik-maslahat kengashlari faoliyatida majburiy ravishda ishtirok etish;
davlat organlarining, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlarning tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish va taʼminlash sohasidagi faoliyati toʻgʻrisida tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida soʻrov oʻtkazish hamda ularning fikr-mulohazalarini tahlil qilish;
normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash yuzasidan jamoatchilik ekspertizasini tadbirkorlik subyektlarini jalb etgan holda oʻtkazish;
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirishga doir davlat dasturlarini, shuningdek hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
Palata aʼzolari boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlar monitoringini amalga oshirish va ushbu tekshirishlarda ishtirok etish.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazorati qonunchilikka muvofiq boshqa usullarda ham amalga oshirilishi mumkin.
(23-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 12-apreldagi OʻRQ-474-son “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasi.
24-modda. Palataning hududiy boshqarmalari
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Palataning tegishincha bitta hududiy boshqarmasi tashkil etilishi mumkin.
Palataning hududiy boshqarmasi yuridik shaxs boʻlib, u Palata tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida faoliyat koʻrsatadi.
25-modda. Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari
Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlar markazlarida tashkil etiladi, tumanlar va shaharlarda esa ularning boʻlinmalari tashkil etiladi hamda ular belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
zarur shart-sharoitlar yaratish hamda davlat organlarining va bozor infratuzilmasi subyektlarining barcha turdagi xizmatlaridan hamda biznes-xizmatlardan bir joyning oʻzida foydalanish imkoniyatini berish orqali tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;
tadbirkorlik subyektlariga muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda, axborot bilan taʼminlanishda, davlat xizmatlaridan foydalanishda (roʻyxatdan oʻtkazish, ruxsat berish, litsenziyalash hujjatlarini va boshqa hujjatlarni olishda) koʻmaklashish;
biznes-rejalar ishlab chiqish, shuningdek lizing, sugʻurta va baholash xizmatlaridan foydalanish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash;
moliyaviy, tovar-xomashyo va tabiiy resurslardan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan, texnologik mashinalar va uskunalardan, ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanishda, shuningdek yer uchastkalari olishda koʻmaklashish;
Oldingi tahrirga qarang.
soliq solish, xodimlarni yollash, statistika, moliya, soliq hisobotlarini hamda boshqa hisobotlarni topshirish, bank xizmatlari, binolar va xonalarning ijarasi va (yoki) ularni olish, shu jumladan davlat mulkini xususiylashtirish sohasida maslahatlar berish;
(25-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-martdagi OʻRQ-1122-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
xalqaro standartlarni va sertifikatlashtirish tizimini joriy etishda, kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyishda, shu jumladan tashqi savdodagi sheriklar bilan yoʻlga qoʻyishda, shuningdek tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda koʻmaklashish;
tadbirkorlik subyektlari uchun tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, bozor infratuzilmasi subyektlari bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama muzokaralarni tashkil etish.
Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiradi.
26-modda. Hakamlik sudlari
Palata va uning hududiy boshqarmalari huzurida hakamlik sudlari faoliyat koʻrsatadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudlari oʻz faoliyatini qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi.
(26-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
27-modda. Xalqaro tijorat arbitraj sudi
Palata huzurida chet ellik investorlarning, shuningdek xorijiy sheriklar bilan oʻzaro munosabatlarda milliy kompaniyalarning hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha Xalqaro tijorat arbitraj sudi tashkil etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xalqaro tijorat arbitraj sudi oʻz faoliyatini qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi.
(27-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
28-modda. Palataning xorijdagi vakolatxonalari
Palata xorijiy mamlakatlarda vakolatxonalar tashkil etishga, shu jumladan savdo-investitsiya uylari tarzida vakolatxonalar tashkil etishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Xorijiy mamlakatlardagi savdo-investitsiya uylari Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida va ushbu savdo-investitsiya uylari qaysi davlatlar hududida tashkil etilgan boʻlsa, oʻsha davlatlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, oʻz xarajatlarining oʻrnini oʻzi qoplash hamda oʻzini oʻzi moliyaviy jihatdan taʼminlash prinsiplari asosida faoliyat koʻrsatadi.
(28-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Palata xorijiy mamlakatlardagi savdo-investitsiya uylari orqali quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
mamlakatimizda tayyorlangan, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotni xorijiy bozorlarda ilgari surish;
Oʻzbekiston Respublikasining investitsiyaviy imkoniyatlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish hamda chet ellik investorlar va ularning sheriklari uchun axborot-maslahat berib borilishini tashkil etish;
ilgʻor texnologiyalarni, shu jumladan mini-texnologiyalarni ularni keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi tadbirkorlariga yetkazib berish uchun tanlashda koʻmaklashish;
Palata va uning aʼzolari manfaatlarini xorijiy mamlakatlarda ifoda etish.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 7-iyundagi PF-3617-son “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni.
29-modda. Palataning ekspert kengashlari
Normativ-huquqiy hujjatlarning, shuningdek ular loyihalarining jamoatchilik ekspertizasini oʻtkazish maqsadida Palata huzurida ekspert kengashlari tashkil etiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 12-apreldagi OʻRQ-474-son “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasi.
Ekspert kengashlari huquqiy masalalar boʻyicha, shuningdek sanoat, transport, qurilish, moliya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, savdo va xizmatlar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda faoliyatning boshqa sohalari boʻyicha tashkil etilishi mumkin.
Ekspert kengashlari tarkibiga Palataning, tadbirkorlik subyektlarining, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat qiluvchi organlarning, shuningdek taʼlim, ilmiy-tadqiqot, ekspert muassasalarining va boshqa muassasalarning vakillari kiradi.
Zarur hollarda, ekspert kengashlari majlislarining natijalari boʻyicha Palata ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilashga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan takliflar kiritadi.
Ekspert kengashlari muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi, qarorlar majburiy tartibda koʻrib chiqish va natijalari haqida maʼlum qilish uchun tegishli davlat organlariga yuboriladi.
Ekspert kengashlarining faoliyatini tashkil etish tartibi Palata ijroiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
30-modda. Palataning mulki
Binolar, inshootlar, uskunalar, inventar, pul mablagʻlari, shu jumladan chet el valyutasidagi pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlar hamda ustavda belgilangan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa mol-mulk Palataning mulki boʻlishi mumkin.
Palataning mulki qonun bilan muhofaza qilinadi.
31-modda. Palataning mol-mulkini shakllantirish manbalari
Palataning mol-mulkini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
Palata aʼzolarining kirish va aʼzolik badallari;
Oldingi tahrirga qarang.
(31-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-martdagi OʻRQ-1122-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga va boshqa moliyaviy vositalarga joylashtirishdan olingan daromadlar;
pullik xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromadlar;
tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar;
Palata tomonidan taʼsis etiladigan korxonalarning foydasidan ajratmalar;
xalqaro donorlarning grantlari va homiylarning mablagʻlari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa mablagʻlar va tushumlar.
(31-moddaning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
32-modda. Palata aʼzolarining kirish va aʼzolik badallari
Palata aʼzolari Palata ustavida belgilanadigan tartibda hamda miqdorlarda kirish va aʼzolik badallari toʻlaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
33-modda. Palataning xalqaro hamkorligi
Oldingi tahrirga qarang.
Palata qonunchilikka muvofiq xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlariga aʼzo boʻlishi, toʻgʻridan-toʻgʻri xalqaro muloqotlar va aloqalarni yoʻlga qoʻyishi, hamkorlik toʻgʻrisida tegishli bitimlar tuzishi mumkin.
(33-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
34-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Palataning faoliyati sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(34-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
35-modda. Palata va uning aʼzolari majburiyatlari boʻyicha javobgarlik
Palata oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli barcha mol-mulk bilan javob beradi. Palata oʻz aʼzolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi. Palata aʼzolari Palataning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
36-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(36-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.07.2018-y., 03/18/483/1482-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son; 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son; 07.01.2020-y., 03/20/600/0023-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 10.02.2022-y., 03/22/752/0113-son, 04.03.2022-y., 03/22/757/0181-son, 12.04.2022-y., 03/22/762/0290-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son; 14.08.2024-y., 03/24/943/0616-son; 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)