Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SAVDO-SANOAT PALATASI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining ““O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 2018-yil 9-iyuldagi O‘RQ-483-sonli Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
I. Umumiy qoidalar
1-modda. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) tadbirkorlik faoliyati subyektlarini ixtiyoriylik asosida birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilotidir.
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi” nomidan faqat ushbu Qonunning qoidalariga muvofiq tarzda foydalanilishi mumkin. Boshqa tashkilotlar o‘z nomlarida “savdo-sanoat palatasi”, “savdo palatasi”, “sanoat palatasi” degan so‘z birikmalaridan hamda ular asosida tuzilgan so‘z birikmalaridan foydalanishga haqli emas.
2-modda. Palata to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Palata to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining Palata to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Palataning maqsadi
Palata tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, ishchanlik muhitini takomillashtirish, Palata a’zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish, tadbirkorlarning chet ellik sheriklar bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etiladi.
4-modda. Palataning vazifalari
Palataning vazifalari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlikni, eng avvalo kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish;
tadbirkorlarga chet ellik sheriklar bilan amaliy muloqotlar va aloqalarni kengaytirishda, eksport mahsulotini tashqi bozorlarga olib chiqishda, shuningdek raqobatbardosh tayyor mahsulot chiqarishni ta’minlovchi yangi ishlab chiqarishlar barpo etish hamda mavjud ishlab chiqarishlarni texnikaviy jihatdan qayta jihozlash uchun to‘g‘ridan to‘g‘richet el investitsiyalarini jalb etishda ko‘maklashish;
boshqa davlatlarning savdo-sanoat palatalari va tadbirkorlar jamoat birlashmalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda rivojlantirish;
tadbirkorlarga keng turdagi xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan axborot ta’minoti va maslahat yordami berish, O‘zbekiston Respublikasining ishlab chiqaruvchilari haqidagi, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot va investitsiyaviy imkoniyatlar to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek potensial sheriklarga va zamonaviy texnologiyalar xarid qilish imkoniyatlariga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi biznes-kataloglar e’lon qilinishini tashkil etish;
tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay muhitni shakllantirish, xalqaro huquq va biznes yuritish amaliyotining umum e’tirof etilgan normalarini joriy qilish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy va iqtisodiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash chora-tadbirlarini ko‘rish;
tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish, shu jumladan davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan munosabatlarda, shuningdek sudda ifoda etish hamda himoya qilish;
tadbirkorlik faoliyati uchun kadrlar ta’limi va ularni tayyorlash tizimi rivojlantirilishini, tadbirkorlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlash.
Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
5-modda. Palata bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlari
Davlat organlari Palataga u o‘z vazifalarini bajarishida ko‘maklashadilar hamda Palataning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydilar.
Davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining Palata faoliyatiga hamda Palataning davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
II. Palatani tashkil etish tartibi
6-modda. Palatani tashkil etish
Palata muassislarning tashabbusiga ko‘ra ixtiyoriy birlashish prinsipi asosida tashkil etiladi.
Palata muassislari Palataning ta’sis konferensiyasini chaqiradilar, unda Palataning ustavi qabul qilinadi hamda boshqaruv va nazorat organlari tuziladi.
7-modda. Palata tizimi
Palata Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladigan hududiy boshqarmalari bilan birgalikda yagona tizimni tashkil etadi.
8-modda. Palataning hududiy boshqarmalari va ularning filiallari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tegishincha Palataning bitta hududiy boshqarmasi tuzilishi mumkin.
Palataning hududiy boshqarmasi yuridik shaxs hisoblanadi va Palata tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida faoliyat ko‘rsatadi.
Palataning hududiy boshqarmalari, zaruratga qarab, yuridik shaxs bo‘lmagan tuman va shahar filiallarini tuzishi mumkin.
9-modda. Palataga a’zolik
O‘zbekiston Respublikasining tadbirkorlik faoliyati subyektlari, ularning birlashmalari, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun tuzilgan boshqa tashkilotlar Palata a’zosi bo‘lishi mumkin.
Palata a’zolari teng huquq va majburiyatlarga ega.
Palataga a’zolik tadbirkorlik faoliyati subyekti yoki tadbirkorlik faoliyati subyektlarining birlashmasi yoxud tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun tuzilgan boshqa tashkilot bilan Palata o‘rtasida shartnoma tuzish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi.
10-modda. Palataning ustavi
Palataning ustavida quyidagilar bo‘lishi lozim:
Palataning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);
Palataning maqsad va vazifalari;
Palataning hududiy boshqarmalarini, shuningdek ularning tuman va shahar filiallarini tuzish tartibi;
Palataning boshqaruv va nazorat organlarini shakllantirish tartibi hamda ularning vakolatlari doirasi, muddati va qarorlar qabul qilish tartibi;
Palata a’zoligiga qabul qilish hamda a’zolikdan chiqish shartlari va tartibi;
Palata a’zolarining huquqlari va majburiyatlari;
Palataning pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkini shakllantirish manbalari;
Palata tugatilgan taqdirda uning mol-mulkidan foydalanish tartibi;
Palataning ustaviga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish tartibi;
Palatani qayta tashkil etish va tugatish tartibi.
Palata ustavida qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa qoidalar ham bo‘lishi mumkin.
11-modda. Palatani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
Palatani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Palataning hududiy boshqarmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek ularning tuman va shahar filiallarini qayd etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Palataning ustaviga kiritiladigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar Palata qanday tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, shunday tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
12-modda. Palataning boshqaruv organlari
Palataning boshqaruv organlari quyidagilardir:
Palata qurultoyi;
Palata markaziy kengashi;
Palata ijroiya qo‘mitasi.
Palata boshqaruvining oliy organi uch yilda kamida bir marta chaqiriladigan Palata qurultoyidir.
Qurultoylar oralig‘idagi davrda Palata faoliyatiga rahbarlikni Palata markaziy kengashi amalga oshiradi.
Palata faoliyatiga joriy rahbarlikni Palata ijroiya qo‘mitasi amalga oshiradi va u Palata qurultoyi hamda markaziy kengashiga hisobdordir.
III. Palata faoliyatining asoslari
13-modda. Palataning huquqlari
Palata quyidagi huquqlarga ega:
O‘zbekiston Respublikasida va chet davlatlarda tashkilotlar tuzish, o‘z vakolatxonalarini ochish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlariga ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini patentlashda, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari hamda tovar kelib chiqqan joy nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘maklashish;
O‘zbekiston Respublikasida va uning hududidan tashqarida ko‘rgazmalar hamda yarmarkalar tashkil etish va o‘tkazish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlariga huquqiy va boshqa xil yordam ko‘rsatish;
gazetalar, jurnallar va boshqa bosma materiallar nashr etish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini ta’minlash uchun noshirlik va reklama xizmatlari ko‘rsatish;
xalqaro va chet el tashkilotlarida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq sohada Palata a’zolarining manfaatlarini ifoda etish;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyati masalalariga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va muhokama qilishda ishtirok etish;
iqtisodiy nizolarni hal qilish uchun qonun hujjatlariga muvofiq hakamlik sudlarini, shu jumladan xalqaro tijorat arbitraj sudini tashkil etish;
chet ellik sheriklar murojaat etgan hollarda tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatlarni tasdiqlash;
Palata a’zosi bo‘lmish tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarda ishtirok etish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlariga chet el va xalqaro tashkilotlarning moliyaviy hamda texnik yordamini jalb etishda ko‘maklashish;
davlat boji to‘lamasdan sudga Palata a’zolari manfaatlarini ko‘zlab da’vo taqdim etish, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish.
Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
14-modda. Palataning mulki
Binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, inventar, pul mablag‘lari, shu jumladan chet el valyutasidagi mablag‘lar, qimmatli qog‘ozlar hamda o‘z ustavida belgilangan vazifalarni bajarishi uchun zarur boshqa mol-mulk Palataning mulki bo‘lishi mumkin.
Palataning mulki Qonun bilan muhofaza qilinadi.
15-modda. Palataning mol-mulkini shakllantirish manbalari
Palataning mol-mulkini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
Palata a’zolarining kirish va a’zolik badallari;
Palata tadbirkorlik faoliyatidan oladigan va faqat o‘z ustavida belgilangan vazifalarini bajarish uchun foydalanadigan daromadlar (foyda);
Palata tomonidan tashkil etilgan tashkilotlardan ajratmalar;
grantlar va homiylardan keladigan mablag‘lar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
16-modda. Palata a’zolarining kirish va a’zolik badallari
Palata a’zolari Palata ustavida belgilanadigan tartibda hamda miqdorlarda kirish va a’zolik badallari to‘laydi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
17-modda. Palataning xalqaro aloqalari
Qonun hujjatlariga muvofiq Palata xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlariga kirishi, to‘g‘ridan to‘g‘rixalqaro muloqotlar va aloqalar olib borishi, hamkorlik to‘g‘risida tegishli bitimlar tuzishi mumkin.
18-modda. Nizolarni hal etish
Palatani tashkil etish va uning faoliyat yuritishi sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
19-modda. Palata va uning a’zolari majburiyatlari bo‘yicha javobgarlik
Palata o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli barcha mol-mulk bilan javob beradi. Palata o‘z a’zolarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi. Palata a’zolari Palataning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
20-modda. Palata to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Palata to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 3-dekabr,
712-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 1-son, 3-modda)