Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 16-fevraldagi PF-4958-son Farmoni ijrosi yuzasidan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida ekspertizadan oʻtkazish hamda ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda dissertatsiyalarni himoya qilish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni toʻlashni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda dissertatsiyalarni himoya qilish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.T. Yusupov zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, ilm-fan va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 22-noyabr,
937-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi 937-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida (keyingi oʻrinda OAK deb ataladi) ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni toʻlash tartibini belgilaydi.
2. OAK ekspert kengashlarining shakllantirilishi va faoliyati tartibi qonunchilik tomonidan belgilanadi.
3. OAK ekspert kengashlari raislari, ilmiy kotiblari va ekspertlarining ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan oʻtkazish uchun mehnatiga haq toʻlash OAK tomonidan, har yili “Fan” sohasi boʻyicha joriy xarajatlar uchun ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi.
4. OAK ekspert kengashlari raislari, ilmiy kotiblari va ekspertlarining ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan oʻtkazish uchun mehnatiga haq toʻlash qonunchilikka muvofiq, ular tomonidan OAK bilan belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
2-bob. OAK ekspert kengashlari raislari, ilmiy kotiblari va ekspertlarining ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan oʻtkazish uchun mehnatiga haq toʻlash tartibi va miqdorlari
5. OAK ekspert kengashlari aʼzolarining ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan oʻtkazish uchun mehnatiga haq toʻlash soatbay shartlarda quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
ekspert kengashi raisi va ilmiy kotibiga — ekspert kengashining har bir oʻtkazilgan majlisi uchun, amalda uni oʻtkazish uchun sarflangan vaqtdan kelib chiqqan holda, biroq har bir majlis uchun 5 soatdan koʻp emas;
ekspertlarga — fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish yuzasidan dissertatsiyani ekspertizadan oʻtkazish uchun 8 soat hamda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish yuzasidan dissertatsiyani ekspertizadan oʻtkazish uchun 5 soat hisobidan.
6. OAK ekspert kengashlari majlislarini oʻtkazish jadvali OAK bosh ilmiy kotibi tomonidan tasdiqlanadi.
7. Ilmiy daraja olish yuzasidan bir dissertatsiya ekspertizasi ekspert kengashi raisi tayinlaydigan bir ekspert tomonidan oʻtkaziladi.
Ilmiy daraja olish yuzasidan dissertatsiyani ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha bahsli vaziyatlar vujudga kelganda, ekspert kengashi raisi tomonidan OAK raisi bilan kelishilgan holda mazkur dissertatsiyani boshqa ekspert tomonidan takroran ekspertizadan oʻtkazish tayinlanib, uning mehnati uchun haq toʻlash ushbu Nizomning 5-bandi uchinchi xatboshida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
8. OAK ekspert kengashi raisi, ilmiy kotibi va ekspertlarining ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan oʻtkazish uchun mehnatiga soatbay haq toʻlash miqdori rahbar kadrlar va mutaxassislar malakasini oshirish boʻyicha taʼlim muassasalari (kurslari) tinglovchilariga oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazadigan shaxslar uchun toʻlanishi nazarda tutilgan soatbay ish haqi miqdoriga tenglashtiriladi.
9. OAK ekspert kengashlari raisi, ilmiy kotibi va ekspertlari mehnatiga toʻlanadigan ish haqi miqdorini belgilash maqsadida ularning ekspert kengashi majlislarida hamda ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarni ekspertizadan oʻtkazishdagi ish vaqtini hisobga olish OAK masʼul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
10. Chet el fuqarolari tomonidan ilmiy darajalar olish yuzasidan xorijda bajarilgan dissertatsiyalar ekspertizasi toʻlov asosida OAK ekspert kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Chet el fuqarolari tomonidan ilmiy darajalar olish yuzasidan xorijda bajarilgan dissertatsiyalarini ekspertizadan oʻtkazish uchun toʻlov miqdori OAK tomonidan amaldagi sarf-xarajatlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Toʻlov chet el fuqarosi tomonidan OAKning budjetdan tashqari gʻaznachilik hisob raqamiga belgilangan tartibda kiritiladi.
Chet el fuqarolari tomonidan ilmiy darajalar olish yuzasidan xorijda bajarilgan dissertatsiyalarini ekspertizadan oʻtkazish uchun OAK ekspert kengashi raisi, ilmiy kotibi va ekspertlari mehnatiga haq toʻlash kirim qilingan toʻlov hisobidan amalga oshiriladi.
3-bob. Dissertatsiyalarda plagiatni aniqlash yuzasidan ekspertizadan oʻtkazish va dissertatsiyalar mavzularini chop etish uchun sarf-xarajatlarni toʻlash tartibi va miqdorlari
11. OAKda ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarda plagiatni aniqlash yuzasidan elektron ekspertiza oʻtkazish va “OAK Byulleteni” jurnalida dissertatsiyalar mavzularini eʼlon qilish uchun sarf-xarajatlarni toʻlash quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
talabgor mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yoki dissertatsiya bajarilgan tashkilot va muassasalarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, — dissertatsiya ilmiy darajalarni beruvchi ilmiy kengash tomonidan talabgor oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida oʻqish davrida qabul qilingan taqdirda;
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oldingi tahrirga qarang.
talabgorning oʻz mablagʻlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan, — dissertatsiya ilmiy darajalarni beruvchi ilmiy kengash tomonidan talabgor oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida oʻqish muddati tugaganidan soʻng qabul qilingan taqdirda.
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
12. OAK tomonidan quyidagi toʻlov miqdorlari belgilanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
OAKda fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish yuzasidan dissertatsiyada plagiatni aniqlash yuzasidan elektron ekspertiza oʻtkazish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida;
(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
OAKda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish yuzasidan dissertatsiyada plagiatni aniqlash yuzasidan elektron ekspertiza oʻtkazish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida;
(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“OAK Byulleteni” jurnalida dissertatsiyalar mavzularini eʼlon qilish uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida.
(12-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
OAKda ilmiy darajalar olish uchun dissertatsiyalarda plagiatni aniqlash yuzasidan elektron ekspertiza oʻtkazish va “OAK Byulleteni” jurnalida dissertatsiyalar mavzularini eʼlon qilish uchun toʻlov OAKning budjetdan tashqari gʻaznachilik hisob raqamiga belgilangan tartibda kirim qilinadi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
13. OAK ekspert kengashlari aʼzolari mehnati uchun ish haqi miqdori, ular bajargan ish hajmidan kelib chiqib, toʻgʻri va asosli belgilanishi yuzasidan masʼuliyat OAK ekspert kengashlari raislari va masʼul xodimlari zimmasiga yuklanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi 937-son qaroriga
2-ILOVA
Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda dissertatsiyalarni himoya qilish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda dissertatsiyalarni himoya qilish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni toʻlash tartibini belgilaydi.
2. Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda dissertatsiyalarni himoya qilish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar quyidagilardan iborat boʻladi:
ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarga opponentlik uchun;
ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar avtoreferatlarini chop etish va yuborish uchun;
boshqa shaharlik opponentlarning yoʻlkira, yashash xarajatlari va sutkalik pullarini toʻlash uchun sarf-xarajatlarni qoplash uchun;
ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar himoyasini stenografiya qilish uchun.
3. Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda dissertatsiyalarni himoya qilish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni toʻlash quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
talabgor mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yoki dissertatsiya bajarilgan tashkilot va muassasalarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, — dissertatsiya ilmiy darajalarni beruvchi ilmiy kengash tomonidan talabgor oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida oʻqish davrida qabul qilingan taqdirda;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
Oldingi tahrirga qarang.
talabgorning oʻz mablagʻlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan, — dissertatsiya ilmiy darajalarni beruvchi ilmiy kengash tomonidan talabgor oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida oʻqish muddati tugaganidan soʻng qabul qilingan taqdirda.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
4. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarga opponentlik hamda boshqa shaharlik opponentlarning yoʻlkira, yashash xarajatlari va sutkalik toʻlovlari uchun sarf-xarajatlarni qoplash uchun mablagʻlar, kelgusida ushbu xarajatlar toʻlanishi uchun, huzurida tegishli ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyat yuritayotgan muassasaning budjetdan tashqari gʻaznachilik hisob raqamiga belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
2-bob. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarga opponentlik qilish
5. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarga opponentlarni tayinlash tartibi, ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat bilan belgilanadi.
6. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarga opponentlik qilish uchun opponentlarning mehnatiga ish haqi toʻlash soatbay asosda quyidagi hisobda amalga oshiriladi:
har bir opponent uchun 8 soatdan — fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish yuzasidan bir dissertatsiyaga opponentlik qilish uchun;
har bir opponent uchun 6 soatdan — falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish yuzasidan bir dissertatsiyaga opponentlik qilish uchun.
7. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarga opponentlik qilish uchun opponentlarning mehnatiga soatbay haq toʻlash miqdori, rahbar kadrlar va mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha taʼlim muassasalari (kurslari) tinglovchilariga oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazadigan shaxslar uchun toʻlanishi nazarda tutilgan soatbay ish haqi miqdoriga tenglashtiriladi.
8. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalarga opponentlik qilish uchun opponentlarning mehnatiga soatbay haq toʻlash, huzurida tegishli ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyat yuritayotgan muassasa tomonidan, tuzilgan mehnat shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
3-bob. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar avtoreferatlarini chop etish va yuborish
9. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar avtoreferatlarini tayyorlash tartibi, avtoreferatlarning talab qilingan nusxalari miqdori, shuningdek, ular yuboriladigan muassasalar va tashkilotlar roʻyxati, ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat bilan belgilanadi.
10. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar avtoreferatlarini chop etish nashr etuvchi tashkilotlar tomonidan ilmiy darajalar olish uchun talabgorlar talabnomalari asosida, ushbu tashkilotlarda belgilangan narxlar (tariflar) boʻyicha amalga oshiriladi.
11. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar avtoreferatlarini yuborish, pochta xizmati boʻlinmalari tomonidan ilmiy darajalar olish uchun talabgorlar talabnomalari asosida, ushbu pochta xizmati boʻlinmalarida belgilangan narxlar (tariflar) boʻyicha amalga oshiriladi.
12. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar avtoreferatlarini chop etish va yuborish uchun sarf-xarajatlarni toʻlash, mablagʻlarni belgilangan tartibda bevosita tegishli nashriyot muassasalari va pochta xizmati boʻlinmalariga oʻtkazish (kirim qilish) orqali amalga oshiriladi.
4-bob. Boshqa shaharlik (xorijlik) opponentlarning yoʻlkira, yashash xarajatlari va sutkalik toʻlovlari uchun sarf-xarajatlarni qoplash
13. Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash ilmiy daraja olish yuzasidan dissertatsiya himoyasi boʻyicha rasmiy opponent sifatida boshqa shaharlik yoki xorijlik mutaxassis olimni, uning roziligi bilan, belgilashi mumkin.
14. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar boʻyicha boshqa shaharlik (xorijlik) opponentlarga, huzurida tegishli ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyat yuritayotgan muassasa tomonidan, dissertatsiya himoyasini oʻtkazish joyiga bir martalik kelib-ketish, yashash joyi ijarasi (uch kun muddatgacha) xarajatlari qoplanadi, shuningdek, sutkalik pullar (uch kun muddatgacha) toʻlanadi.
Bunda boshqa shaharlik opponentlarga, ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar boʻyicha opponentlik qilish davrida, ularning asosiy ish joyidan,xizmat safari xarajatlari qoplanmasdan, belgilangan tartibda xizmat safari guvohnomasi beriladi hamda oʻrtacha ish haqi (uch kun muddatgacha) saqlanadi.
15. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar boʻyicha boshqa shaharlik opponentlarga, yoʻl xarajatlari, yashash joyi ijarasi uchun xarajatlarni qoplash, shuningdek, sutkalik pullarni toʻlash, tegishli tasdiqlovchi hujjatlar asosida, respublika hududida xizmat safarlari uchun belgilangan tartib va miqdorda amalga oshiriladi.
16. Xorijlik opponentga, huzurida tegishli ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyat yuritayotgan muassasa tomonidan, yoʻl xarajatlari, yashash joyi ijarasi uchun xarajatlarni qoplash, shuningdek, sutkalik pullarni toʻlash, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, muassasa va xorijlik opponent oʻrtasidagi shartnomalarda belgilangan miqdorda amalga oshiriladi.
5-bob. Ilmiy darajalar olish yuzasidan dissertatsiyalar himoyasini stenografiya qilish
17. Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashning dissertatsiya himoyasi boʻyicha majlisini oʻtkazishda majlis jarayoni stenografiya qilinib, majlis stenogrammasi rasmiylashtiriladi.
18. Ilmiy darajalarga talabgorlik dissertatsiyasi boʻyicha himoyani stenografiya qilish maxsus tashkilotlar tomonidan ilmiy darajalar olish uchun talabgorlar talabnomalari asosida, ushbu tashkilotlarda belgilangan narxlar (tariflar) boʻyicha amalga oshiriladi.
19. Ilmiy darajalarga talabgorlik dissertatsiyasi boʻyicha himoyani stenografiya qilish uchun xarajatlarni toʻlash mablagʻlarni belgilangan tartibda bevosita tegishli,stenografiya xizmatlarini koʻrsatgan tashkilotlarga oʻtkazish (kirim qilish) orqali amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda dissertatsiyalarni himoya qilish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni qoplash uchun, huzurida tegishli ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyat yuritayotgan muassasalarga kelib tushayotgan mablagʻlarni hisobga olish va hisobotlarni yuritish mazkur muassasalar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Ushbu Nizom talablarini buzganlik uchun javobgarlik qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi 937-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish masalalari” toʻgʻrisida 1992-yil 9-sentabrdagi 421-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1992-y., № 9, 28-modda):
a) 1, 2 va 4-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shartlari boʻyicha — vazirga, bosh ilmiy kotib — vazir oʻrinbosariga tenglashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining rahbarlari va ilmiy boʻlinmalari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash shartlari ilmiy ekspertiza bilan shugʻullanuvchi rahbariyatga va boʻlinmalarga nisbatan, boshqaruv organlari uchun nazarda tutilgan shartlar esa — qolgan xodimlarga nisbatan qoʻllanilsin”;
v) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin;
“6. OAK Toshkent shahri, akademik Yaxyo Gʻulomov koʻchasi, 70-uy manzilidagi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi binosiga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin”;
g) ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 161-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.04.2026-y., 09/26/161/0339-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi 937-son qaroriga
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Dissertatsiya ishlarining himoyasi va ekspertizasi bilan bogʻliq boʻlgan moliyaviy xarajatlar haqida” 1994-yil 31-martdagi 176-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovi gʻoliblariga ilmiy daraja va ilmiy unvon berish toʻgʻrisida” 2001-yil 6-iyuldagi 290-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga pedagogik faoliyat samaradorligi va sifatini oshirish bilan bogʻliq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2015-yil 25-avgustdagi 246-son qarorining 2 — 4-bandlari hamda qarorga 2 va 3-ilovalar (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 8-son, 73-modda).
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.11.2017-y., 09/17/937/0318-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.04.2026-y., 09/26/161/0339-son)