Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 25.11.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DISSERTATSIYA IShLARINING HIMOYaSI VA EKSPERTIZASI BILAN BOGʻLIQ BOʻLGAN MOLIYAVIY XARAJATLAR HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi 937-sonli “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarining himoyasi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplash ishlarini tartibga keltirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashlarining raislari, ilmiy kotiblari va ekspertlari ishlariga haq toʻlash toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq hamda dissertatsiyalarni ixtisoslashtirilgan kengashlarda himoya qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi dissertatsiya ishlarining himoyasi va ekspertizasi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplash uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar doirasida pul ajratishni har yili nazarda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 31-mart,
176-son
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 31-martdagi 176-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashlarining raislari, ilmiy kotiblari va ekspertlari ishlariga haq toʻlash toʻgʻrisida
NIZOM
1. Ekspert kengashining raisiga, (rais yoʻq boʻlganda) rais oʻrinbosariga va ilmiy kotibiga ekspert kengashining har bir majlisi uchun raislik qiluvchiga va ilmiy kotibga amalda sarflangan vaqt hisobidan soatbay (lekin 5 soatdan koʻp boʻlmagan) ish haqi toʻlanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashi tomonidan dissertatsiyalar ekspertizasi uchun belgilangan ekspertlarga:
doktorlik dissertatsiyasi ekspertizasi uchun — 8 soat;
nomzodlik dissertatsiyasi ekspertizasi uchun — 5 soat hisobidan soatbay haq toʻlanadi.
3. Dissertatsiyalar ekspertizasini oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplash oliy oʻquv yurtining professori (fan doktorlariga) va dotsenti (fan nomzodlariga) soatbay haq toʻlash stavkalariga binoan Oliy attestatsiya komissiyasiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 31-martdagi 176-son qaroriga
2-ILOVA
Dissertatsiyalarni ixtisoslashtirilgan kengashlarda himoya qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash toʻgʻrisida
NIZOM
1. Doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoyalarini oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar quyidagi normativlar asosida qoplanadi:
doktorlik dissertatsiyasi boʻyicha jami 3 opponentga — fan doktoriga, har biriga 8 soat uchun;
nomzodlik dissertatsiyasi boʻyicha jami 2 opponentga, shu jumladan, 1 fan doktori va 1 fan nomzodiga, har biriga 6 soat uchun;
doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari avtoreferatlarini 60 nusxadan koʻp boʻlmagan miqdorda chiqarish va tarqatish. Xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasining oʻquv adabiyotlarini chiqaradigan nashriyotlari uchun belgilangan amaldagi narxlar asosida aniqlanadi;
boshqa shaharlardan keladigan opponentlarning xizmat safari xarajatlari (xizmat safari muddati 3 kundan koʻp boʻlmasligi kerak). Toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi budjet tashkilotlari uchun belgilangan normativlar asosida amalga oshiriladi. Alohida hollarda doktorlik dissertatsiyalari himoyasida OAK ruxsati bilan respublika tashqarisidan bir opponentni taklif qilishga yoʻl qoʻyiladi. Xorijiy opponentlarning xizmat safari xarajatlarini qoplash taklif qiluvchi tashkilot tomonidan valyutani tartibga solish haqidagi qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Opponentlar mehnatiga haq toʻlash oliy oʻquv yurtining professori (fan doktorlariga) va dotsenti (fan nomzodlariga) soatbay ish haqi stavkalariga asosan amalga oshiriladi.
3. Huzurida ixtisoslashtirilgan kengashlar ishlayotgan muassasa va tashkilotlarning (valyutadan tashqari) xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi yilning har choragida, tasdiqlovchi moliyaviy hujjatlarga asosan qilingan haqiqiy xarajatlar boʻyicha qoplaydi.