|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 25.11.2017
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“YILNING ENG YaXShI DARSLIGI VA OʻQUV ADABIYoTI MUALLIFI” TANLOVI GʻOLIBLARIGA ILMIY DARAJA VA ILMIY UNVON BERISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi 937-sonli “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi gʻoyalarini amalda keng tadbiq etish, zamonaviy talablarga javob beradigan, yuqori sifatli yangi avlod darsliklar yaratishni qoʻllab-quvvatlash, yosh ilmiy pedagog kadrlarni bu jarayonga keng jalb etish hamda darsliklar mualliflarini ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligining Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 5-yanvardagi 4-son qarori asosida oʻtkaziladigan “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovi gʻoliblariga ilmiy daraja va ilmiy unvon berish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovi gʻoliblariga ilmiy daraja yoki ilmiy unvon berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, tasdiqlangan Nizom asosida ilmiy daraja yoki ilmiy unvon Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tasarrufida taʼlim muassasalari boʻlgan boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda taʼlim turlari va fanlar boʻyicha har yili tegishli Nizom asosida oʻtkazadigan tanlovda gʻolib deb topilgan va kamida ikki marotaba nashr qilingan darsliklar mualliflariga beriladi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 6-iyul,
290-son
“Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovi gʻoliblariga ilmiy daraja yoki ilmiy unvon berish tartibi toʻgʻrisida
nizom
1. Ushbu Nizom Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 5-yanvardagi 4-son qarori asosida oʻtkaziladigan “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovi gʻoliblariga ilmiy darajalar yoki ilmiy unvonlar berish tartibini belgilaydi.
2. “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovi gʻoliblariga ilmiy daraja yoki ilmiy unvon berilishi uchun u yaratgan darslik:
mazmuni davlat taʼlim standartlari talablariga javob berishi hamda darslik yozilgan fan yoki kurs Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari va oʻquv rejasiga kiritilgan boʻlishi;
Oʻzbekistonning va xorijiy mamlakatlarning shu sohadagi yetuk olimlari qoʻlga kiritgan ilmiy, ilmiy-uslubiy natijalari asosida yozilgan boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi yoki Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan darslik sifatida tavsiya qilingan boʻlishi;
kamida ikki marotaba nashr qilingan boʻlishi zarur.
3. Tanlovda gʻolib deb topilgan darslikning uchta asl nusxasi uning muallifi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrik-tanlov komissiyasining qarori bilan birgalikda Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi yoki Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 1 maydagi 199-son qarori bilan tuzilgan “Umumtaʼlim maktablari uchun darsliklar va oʻquv adabiyotlari nashr etish tizimini takomillashtirish” loyihasini tayyorlash va amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, uzluksiz taʼlim tizimi uchun oʻquv dasturlari, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini qayta koʻrib chiqish va yangilarini yaratish boʻyicha Hukumat komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda Hukumat komissiyasi deb yuritiladi) kiritiladi.
4. Tanlovda gʻolib chiqqan darslik muallifiga ilmiy unvon yoki ilmiy daraja berish masalasi Hukumat komissiyasida koʻrib chiqiladi hamda maʼqul deb topilgan taqdirda tegishli qaror qabul qilinib, Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etiladi. Hukumat komissiyasi koʻrilayotgan darsliklar boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot va ekspert xulosalarini olish uchun tegishli soha olimlari va mutaxassislarini jalb qilishi mumkin.
5. Oliy attestatsiya komissiyasi taqdim qilingan hujjatlar asosida darslik muallifiga tegishli ilmiy daraja yoki ilmiy unvon berish masalasini darslikning ilmiy-uslubiy ahamiyatini inobatga olgan holda koʻrib chiqadi. Oliy attestatsiya komissiyasi meʼyoriy hujjatlariga muvofiq ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga talabgorlarning nashr qilgan ilmiy maqolalari va uslubiy ishlari, ilmiy-pedagogik faoliyati hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashiga qoʻyiladigan talablar eng yaxshi darslik muallifiga qoʻllanilmaydi.
6. Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashining tavsiyasiga binoan “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovi gʻoliblariga (hammualliflikda yozilgan darslikning asosiy muallifiga, uning asosiy muallifligini tasdiqlovchi hammualliflarning oʻzaro kelishuv xati asosida) mavjud nashr ishlari asosida fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun (istisno tariqasida) ilmiy maʼruza shaklida dissertatsiya himoya qilishiga, agar u fan nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻlsa, fan doktori ilmiy darajasini olish uchun ilmiy maʼruza shaklida dissertatsiya himoya qilishiga ruxsat beriladi yoki professor, dotsent, katta ilmiy xodim ilmiy unvonlaridan biri beriladi.
7. “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovi gʻolibi fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlsa, unga Oliy attestatsiya komissiyasi ekspert kengashining tavsiyasi asosida professor ilmiy unvoni beriladi.
8. “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovi gʻoliblari boʻlgan ilmiy darajaga talabgorlarning attestatsiya ishlari belgilangan tartibda ixtisoslashgan kengash tomonidan, ilmiy unvonga talabgorlarning attestatsiya ishlari tegishli ilmiy kengashlar tomonidan Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etiladi.
9. Oliy attestatsiya komissiyasida “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovi gʻoliblariga fan doktori ilmiy darajasi va professor ilmiy unvonini berish boʻyicha attestatsiya ishlari 3 oygacha boʻlgan muddatda, fan nomzodi ilmiy darajasi va dotsent, katta ilmiy xodim ilmiy unvonini berish boʻyicha attestatsiya ishlari 2 oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi. Zarur hollarda ushbu hujjatlarni koʻrib chiqish muddati Oliy attestatsiya komissiyasi hayʼati qarori bilan yana 3 oygacha uzaytirilishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 13-son, 87-modda)