Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.02.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalarini (OʻzR AQ-44) tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016-yil 14-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2811]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining 2025-yil 22-yanvardagi 3196-sonli ““Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish” Oʻzbekiston Respublikasi aviatsiya qoidalarini (AR-AIR-002) tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3608, 19.02.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksining 41-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalari (OʻzR AQ-44) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq T. OʻLJAYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 27-iyun,
81-N-son
Oʻzbekiston Respublikasi parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2016-yil 27-iyundagi 81-N-son buyrugʻiga
ILOVA
Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish
AVIATSIYA QOIDALARI (OʻzR AQ-44)
Mazkur Aviatsiya Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksining 41-moddasiga muvofiq fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Aviatsiya qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalarining davlat reyestrida roʻyxatga olingan fuqaro havo kemalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi ekspluatanti tomonidan ijaraga olingan chet el fuqaro havo kemalariga (bundan buyon matnda havo kemasi deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etiladi.
2. Havo kemasiga Fuqaro havo kemasining roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomada koʻrsatilgan roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi qayd etiladi.
3. Havo kemasiga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisidan tashqari boshqa qoʻshimcha belgilar ham qayd etilishi mumkin.
4. Eksperimental havo kemalariga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish Eksperimental havo kemalarini davlat hisobiga olish Oʻzbekiston Respublikasining aviatsiya qoidalarida (OʻzR AQ-46) (roʻyxat raqami 1452, 2005-yil 16-fevral) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2-bob. Havo kemasiga roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini qayd etish
5. Roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi:
havo kemasi fyuzelyajining qanotlari va dum qanotlari orasidagi qismining yon tomonlari yuzasiga gorizontal yoʻnalish boʻyicha qatʼiy perpendikulyar;
havo kemasi fyuzelyajining qanotlari va dum qanotlari orasidagi qismining yon tomonlari yuzasida belgilarni qayd etish uchun boʻsh joy boʻlmaganda, havo kemasi vertikal dum qanoti yuzasining pastki qismiga har ikki tomonidan;
havo kemasi chap qanoti konstruksiyasi pastki yuzasining chap tomoniga (bunda belgilar qanotning old qismiga parallel holda joylashtirilishi kerak);
shar shaklidagi aerostatning maksimal gorizontal aylanasiga yaqin ikki diametral qarama-qarshi tomoniga;
shar shakliga ega boʻlmagan aerostat chizigʻining maksimal koʻndalang kesimiga yaqin bevosita osma belbogʻi ustida yoki savatning osma arqonlarini qotirish nuqtalari ustida ikki tomoniga;
dirijablning korpusi boʻylab ikki tomoniga hamda simmetriya chizigʻi boʻylab ustki yuzasiga;
vertolyotda uning dum balkasining har ikki tomoniga qayd etiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2017-yil 22-dekabrdagi 104-N-sonli (roʻyxat raqami 2811-1, 29.12.2017-y.) buyrugʻi tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 10/17/2811-1/0480-son)
6. Davlat tanish belgisi roʻyxat belgisidan oldin qayd etiladi.
7. Roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi harflar, raqamlar yoxud harflar va raqamlar kombinatsiyasidan tashkil topishi mumkin.
Roʻyxat belgisi harf bilan boshlansa, undan oldin defis qoʻyiladi.
8. Harflar lotin alifbosining bosh harflaridan, raqamlar esa, arab raqamlaridan tashkil topadi. Harf va raqamlar bir xil oʻlchamda, naqshlarsiz boʻlishi lozim.
9. Havo kemasining fyuzelyajidagi hamda vertikal dum qanoti yuzasidagi (shu jumladan, vertolyot dum balkasidagi) qayd etiladigan harf va raqamlarning balandligi 30 sm dan, aerostat va havo kemasining qanotida qayd etiladigan harf va raqamlarning balandligi esa, 50 sm dan kam boʻlmasligi lozim.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2017-yil 22-dekabrdagi 104-N-sonli (roʻyxat raqami 2811-1, 29.12.2017-y.) buyrugʻi tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 10/17/2811-1/0480-son)
10. Harf va raqamlarning kengligi (“I” harfi va “1” raqamidan tashqari) hamda defisning (agar qoʻllanilsa) uzunligi harf va raqamlar balandligining uchdan ikki qismiga teng boʻlishi lozim.
11. Harflar va raqamlarning orasidagi masofa harf va raqamlar kengligining toʻrtdan bir qismiga teng boʻlishi kerak. Bunda defis alohida harf sifatida qabul qilinadi.
12. Harflar, raqamlar va defislar uzluksiz chiziq bilan fonning ravshanligini taʼminlovchi rangda (masalan, och fonda qora rang yoki qora fonda oq rangda) tushirilishi lozim.
13. Harflar, raqamlar va defislar chizigʻining qalinligi harf va raqamlar balandligining oltidan bir qismiga teng boʻlishi kerak.
14. Havo kemasiga roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini qayd etishda saqlanish xususiyatini yoʻqotmaydigan boʻyoq yoki shunga oʻxshash vositalardan foydalaniladi.
15. Havo kemasida uning roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi qayd etilishi lozim boʻlgan qismlari (fyuzelaj, qanot, vertikal dum qanot, balka) boʻlmasa yoki mazkur qismlar oʻlchami tegishli oʻlchamdagi roʻyxat belgisini va davlat tanish belgisini qayd qilish uchun kichik boʻlsa, belgilar havo kemasini tezda aniqlash imkonini beradigan oʻlchamlarda qayd etilishi lozim.
3-bob. Fuqaro havo kemasiga qoʻshimcha belgilarni qayd etish
16. Havo kemasining tashqi konstruksiyasi elementlariga qayd etiladigan qoʻshimcha belgilarga — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining rangli tasviri va boshqa ramzlar, yozuvlar hamda nishonlar tasvirlari kiradi. Ular havo kemasining tashqi yuzasiga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi koʻrinishini yomonlashtirmaydigan tarzda qayd etiladi.
17. Havo kemasining tashqi va ichki konstruksiyasi elementlariga uning ekspluatatsiya hujjatlariga muvofiq markirovkalangan belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar tarzida qoʻshimcha belgilar ham qayd etiladi.
Havo kemasining ekspluatatsiya hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirda, unda mazkur Aviatsiya qoidalarining ilovasida koʻrsatilgan markirovkalangan belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar qayd etiladi.
18. Havo kemasining asosiy kirish yoʻlagi yonida koʻrinadigan joyga oʻyma usulda havo kemasining davlat va ingliz tillaridagi turi, uning roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisi hamda zavod raqami (seriyasi) koʻrsatilgan tanituvchi tablo oʻrnatilishi lozim.
Tanituvchi tablo issiqlikka dosh beruvchi olovga chidamli moddadan tayyorlangan boʻlishi lozim.
Fuqaro havo kemalariga roʻyxat belgisi va davlat tanish belgisini hamda boshqa belgilarni qayd etish aviatsiya qoidalariga (OʻzR AQ-44)
ILOVA
Markirovkalangan belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar
ROʻYXATI
1. Havo kemasining tashqi konstruksiyasi elementlari yuzasiga qayd etiladigan belgilar va yozuvlar:
asosiy chiqish yoʻlagi, avariya chiqish yoʻlaklari, yuk boʻlinmalari eshiklari va lyuklarining ochish yoʻriqnomasini koʻrsatuvchi markirovka belgilari;
avariya holatida havo kemasini tark etish yoʻlaklarini koʻrsatuvchi markirovka belgilari;
fyuzelyajni avariya holatida ochish joyini bildiruvchi markirovka belgilari;
xavfli zonalarning joylashuvini bildiruvchi tushuntiruvchi yozuvlar;
yonilgʻi tizimi va yoqilgʻi quyish joyini bildiruvchi markirovka belgilari.
2. Havo kemasining ichki konstruksiyasi elementlari yuzasiga (uchuvchilar kabinasi va yuk boʻlinmalari bundan mustasno) qayd etiladigan belgilar va yozuvlar:
avariya holatida yoʻlovchilarni evakuatsiya qilishda havo kemasini tark etish yoʻlaklarini bildiruvchi markirovka belgilari;
avariya holatida havo kemasidan chiqish joyini koʻrsatuvchi markirovka belgilari;
avariya vositalari joylashgan joylarni bildiruvchi markirovka belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar;
oshxona, hojatxona, kiyim ilish joyini bildiruvchi markirovka belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar.
3. Uchuvchilar kabinasi va yuk boʻlinmalarida qayd etiladigan belgilar va yozuvlar:
ruxsat etilgan tezlikni bildiruvchi markirovka belgilari (trafaretlar);
boshqaruv organlarini bildiruvchi tushuntiruvchi yozuvlar;
yukni joylashtirish joyi va yoʻriqnomasini koʻrsatuvchi markirovka belgilari (trafaretlari) va tushuntiruvchi yozuvlar.
Izoh: havo kemasida mazkur Roʻyxatda koʻrsatilmagan, biroq havo kemasining ekspluatatsiya hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa markirovkalangan belgilar va tushuntiruvchi yozuvlar qayd etilishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 28-son, 344-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2017-y., 10/17/2811-1/0480-son)