Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
XUSUSIY MULKNI HIMOYA QILISH VA MULKDORLAR HUQUQLARINING KAFOLATLARI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2012-yil 19-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2012-yil 30-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2012-yil 30-avgustda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Xususiy mulk huquqi
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy mulk huquqi shaxsning qonunchilikka muvofiq qoʻlga kiritgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidir.
(2-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 182 va 210-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi.
Xususiy mulk boʻlgan mol-mulkning miqdori va qiymati cheklanmaydi.
Shuningdek, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 207-moddasi.
Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasidadir.
Davlat xususiy mulkning but saqlanishini taʼminlash va uning koʻpaytirilishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratadi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi PF-4848-sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni.
Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina oʻz mol-mulkidan mahrum etilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 197—206 moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 27-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat-protsessual kodeksining 211, 289-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni olib qoʻyish, sotish yoki yoʻq qilib tashlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
3-modda. Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik
Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Xususiy mulk huquqini amalga oshirish
Mulkdor oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishiga koʻra hamda oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdor oʻz mol-mulkiga nisbatan qonunga zid boʻlmagan har qanday harakatlarni bajarishga haqli. U oʻz mol-mulkidan xoʻjalik faoliyatini va qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanishi, uni boshqa shaxslarga egalik qilish va (yoki) foydalanish uchun tekinga yoxud haq evaziga berishi mumkin. Mol-mulkdan foydalanish fuqarolarning, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi, atrof-muhitga zarar yetkazmasligi kerak.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 172-moddasi.
Barcha mulkdorlarga oʻz huquqlarini amalga oshirishda teng sharoitlar taʼminlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mutlaq huquqlarning egalari va tijorat sirining egalari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlari bilan belgilangan huquqlar va kafolatlardan foydalanadi.
(4-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5-modda. Xususiy mulk huquqining muddatsizligi
Xususiy mulk huquqi muddatsizdir. Mulkdorga mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish muddati belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-modda. Buzilgan xususiy mulk huquqining tiklanishi
Davlat buzilgan xususiy mulk huquqining tiklanishini va uning sud orqali himoya qilinishini kafolatlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni uni yetkazgan shaxs tomonidan qonunchilikka muvofiq toʻla hajmda qoplanishi kerak.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: mazkur Qonunning 14-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14-moddasi va 57-bobi.
7-modda. Mulkdor huquqlarining ustuvorligi
Oldingi tahrirga qarang.
Mulkdorning davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarida mulkdor huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qiladi, unga muvofiq qonunchilikdagi xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdorning foydasiga talqin etiladi.
(7-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
2-bob. Xususiy mulkni himoya qilish
8-modda. Xususiy mulk huquqini himoya qilish usullari
Xususiy mulk huquqini himoya qilish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
xususiy mulk huquqini tan olish;
xususiy mulk huquqi buzilishidan oldingi holatni tiklash va xususiy mulk huquqini buzadigan yoki uning buzilishi xavfini tugʻdiradigan harakatlarning oldini olish;
bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash;
davlat organining va boshqa organning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish;
xususiy mulk huquqini mulkdorning oʻzi himoya qilishi;
burchni aslicha (natura) bajarishga majbur qilish;
zararning oʻrnini qoplash;
neustoyka undirish;
maʼnaviy ziyonni qoplash;
Oldingi tahrirga qarang.
xususiy mulk huquqi munosabatlarini tartibga solishda qonunchilik barqarorligini taʼminlash;
(8-moddaning birinchi qismi oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
davlat organining va boshqa organning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining qonunga zid boʻlgan hujjatining sud tomonidan qoʻllanilmasligi;
mol-mulkning ayrim turlariga boʻlgan xususiy mulk huquqining vujudga kelganligini, oʻzgarganligini va bekor qilinganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish.
Xususiy mulk huquqini himoya qilish qonunga muvofiq boshqa usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 11-moddasi.
9-modda. Davlat organining va boshqa organning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organining va boshqa organning yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining qonunchilikka muvofiq boʻlmagan va xususiy mulk huquqini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
(9-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 12-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunning 35-moddasi.
10-modda. Xususiy mulk huquqini mulkdorning oʻzi himoya qilishi
Xususiy mulk huquqini mulkdorning oʻzi himoya qilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Xususiy mulk huquqini mulkdorning oʻzi himoya qilishi usullari huquq buzilishiga mutanosib boʻlishi va huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasidan chiqib ketmasligi kerak.
11-modda. Mulkdorlar huquqlarini himoya qilishda teng huquqlilik
Mulkdorlarga xususiy mulk huquqini himoya qilish uchun davlat tomonidan teng sharoitlar taʼminlanadi.
12-modda. Xususiy mulk huquqini amalga oshirishga davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yoʻl qoʻyilmasligi
Xususiy mulk huquqini amalga oshirishga davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shuningdek, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining 36-moddasi.
13-modda. Xususiy mulkka tajovuz qilishga yoʻl qoʻyilmasligi
Xususiy mulkka tajovuz qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qonunga xilof ravishda xususiy mulk huquqini cheklashga va (yoki) undan mahrum qilishga bevosita yoki bilvosita qaratilgan harakatlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
Nomaqbulligi oldindan maʼlum boʻlgan shartlarni mulkdorga majburan qabul qildirish, shu jumladan undan mol-mulkni, moliyaviy mablagʻlarni yoki boshqa mulkiy huquqlarni topshirishni asossiz ravishda talab qilish taqiqlanadi.
Mulkdorning xoʻjalik faoliyatiga pirovard natijada uning mol-mulki tortib olinishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan yoxud mulkdorni oʻz mulkiga boʻlgan huquqidan voz kechishga majbur qiladigan qonunga xilof ravishdagi aralashuv taqiqlanadi.
Xususiy mulkka tajovuz qilish qonunga binoan taʼqib qilinadi.
14-modda. Davlat organlari va boshqa organlar yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining yoki ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi), shu jumladan davlat organi va boshqa organ yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq boʻlmagan hujjat chiqarilishi natijasida mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni davlat va boshqa organ yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan qoplanishi kerak. Davlat organlari va boshqa organlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining aybi bilan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash sud qarori bilan shu mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanishi mumkin.
(14-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: mazkur Qonunning 6-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14 va 15-moddalari.
15-modda. Davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Mulkdor davlat organlari va boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining xususiy mulk huquqining amalga oshirilishi bilan bogʻliq qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan, oʻz xohishiga koʻra, boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat berish bunday shikoyatni sudga berish huquqini istisno etmaydi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi.
Mulkdor xususiy mulk huquqining amalga oshirilishi bilan bogʻliq oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat etganida davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi.
3-bob. Mulkdorlar huquqlarining kafolatlari
16-modda. Undiruvni mol-mulkka qaratish yoʻli bilan mol-mulk olib qoʻyilayotganda mulkdor huquqlarining kafolatlari
Mulkdorning majburiyatlari boʻyicha undiruv mol-mulkka qaratilgan taqdirda, uning olib qoʻyilishiga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-bobi (“Undiruvni qarzdorning mol- mulkiga qaratish”) va 6-bobi (“Undiruvni qarzdor yuridik shaxsning mol-mulkiga qaratishning xususiyatlari. qarzdor yuridik shaxsning mol-mulkini xatlash va realizatsiya qilish”).
17-modda. Mulkdorning mol-mulki natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilinayotganda uning huquqlari kafolatlari
Xususiy mulk boʻlgan mol-mulk natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xususiy mulk boʻlgan mol-mulkni, shu jumladan yer uchastkasini natsionalizatsiya va rekvizitsiya qilingan hollarda olib qoʻyish, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mulkdorga uning bozor qiymati, shuningdek bunday olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni toʻla qoplanishi sharti bilangina amalga oshiriladi.
Mulkdor xususiy mulk boʻlgan mol-mulkini natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
18-modda. Qonunga muvofiq oʻziga tegishli boʻlolmaydigan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi bekor qilinganda mulkdor huquqlarining kafolatlari
Agar qonunga asosan shaxsga tegishli boʻlolmaydigan mol-mulk uning mulki boʻlib qolsa, ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqi sud tartibida bekor qilinib, olib qoʻyilgan mol-mulkning qiymati shaxsga toʻlanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 199-moddasining ikkinchi qismi.
Oldingi tahrirga qarang.
19-modda. Mulk huquqi mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qoʻyishga qaratilmagan holda bekor qilinganda uning huquqlari kafolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organining mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qoʻyishga qaratilmagan qarori, shu jumladan mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi. Bunda yetkazilgan zararning oʻrni egalik qiluvchiga toʻliq qoplanishi kerak.
(19-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 6-iyundagi OʻRQ-775-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2022-y., 03/22/775/0477-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 206-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining 34-moddasi.
Davlat organining mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qoʻyishga qaratilmagan qarori, shu jumladan, yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishi mulkdorning roziligi bilan qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarini buzib tashlash toʻgʻrisidagi qarori faqat adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjud boʻlganda qabul qilinadi. Tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, Toshkent shahar yoki tuman (shahar) hokimligi va yer uchastkasining hamda olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlarining huquq egasi oʻrtasida tuziladigan, yer uchastkasi olib qoʻyilishi munosabati bilan beriladigan kompensatsiyaning miqdori, turi va uni berish muddati nazarda tutiladigan kelishuv majburiy ravishda notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
(19-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi OʻRQ-782-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son — 2022-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
Koʻchmas mulk obyektini buzib tashlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektining mulkdoriga kelishuvda, nizo mavjud boʻlgan taqdirda esa sud qarorida belgilangan jismoniy va yuridik shaxslarning zararlari, shu jumladan boy berilgan foydasi va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa xarajatlari qoplanganidan soʻng yoʻl qoʻyiladi.
Yer uchastkasini olib qoʻyish va uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni buzib tashlash yoki dov-daraxtlarni qoʻporib tashlash toʻgʻrisidagi qaror aholi punktlarining bosh rejalariga, shuningdek turar joy dahalari hamda kichik dahalarini batafsil rejalashtirish va qurish loyihalariga muvofiq qabul qilinadi.
Olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni buzib tashlash yoki dov-daraxtlarni qoʻporib tashlashga zararning oʻrni bozor qiymati boʻyicha oldindan va toʻla qoplanmagunga qadar yoʻl qoʻyilmaydi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 205-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Davlat organlari uyning, boshqa imoratlarning, inshootlarning yoki dov-daraxtlarning mulkdorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida buzib tashlash boshlanishidan kamida olti oy oldin, bildirishnomaga tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorining koʻchirma nusxasini ilova qilgan holda yozma ravishda (imzo qoʻydirib) xabardor qilishi shart.
Olib qoʻyilayotgan yer uchastkalaridagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni yoki dov-daraxtlarni baholash baholovchi tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda xususiy mulk huquqi bekor qilinayotganda olib qoʻyilayotgan mol-mulkning qiymati ana shu mol-mulk bevosita olib qoʻyilishidan oldingi paytdagi yoki olib qoʻyilishi haqidagi xabar mol-mulkning qiymatiga taʼsir koʻrsatgan paytdagi holatga koʻra baholovchi tashkilot tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yer uchastkasi olib qoʻyilishi munosabati bilan mulkdorga buzib tashlanayotgan mol-mulkning oʻrnini qoplash, buzib tashlanayotgan uyning mulkdoriga turar joy berish, fuqaroga olib qoʻyilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatini berish, yer uchastkasi va boshqa mol-mulk olib qoʻyilishi munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash tartibi va shartlari qonunchilikda belgilanadi.
(19-moddaning toʻqqizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi OʻRQ-782-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son — 2022-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 37-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Mulkdor xususiy mulk huquqining bekor qilinishiga olib keladigan qarorga rozi boʻlmagan taqdirda, bu qaror sud tomonidan nizo hal etilguniga qadar amalga oshirilishi mumkin emas. Mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash masalalari ham nizoni koʻrib chiqishda hal etiladi.
(19-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 23-dekabrdagi OʻRQ-656-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2020-y., 03/20/656/1661-son)
20-modda. Mol-mulkni boshqa shaxsning qonunga xilof egaligidan talab qilib olish
Mulkdor oʻz mol-mulkini boshqa shaxsning qonunga xilof egaligidan talab qilib olishga haqli. Mazkur huquqni amalga oshirishda davlat organlari mulkdorga koʻmaklashishi shart.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 228, 229 va 230-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasi.
21-modda. Mulkdorning huquqlarini egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan huquqbuzarliklardan himoya qilish
Mulkdor oʻz huquqlarining har qanday buzilishi, garchi bu buzilishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmasa ham, bartaraf etilishini talab qilishi mumkin. Mazkur huquqni amalga oshirishda davlat organlari mulkdorga koʻmaklashishi shart.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 231-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasi.
22-modda. Xususiy mulk huquqining qonunga muvofiq bekor boʻlishi oqibatlari
Xususiy mulk huquqini bekor qiladigan qonun qabul qilingan taqdirda, ushbu qonunni qabul qilish natijasida mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrni, shu jumladan mol-mulkning bozor qiymati davlat tomonidan toʻla hajmda qoplanadi. Zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi nizolar sud tomonidan hal etiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 233-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
23-modda. Xususiy mulk munosabatlarini tartibga soluvchi qonunchilik hujjati qabul qilingandagi kafolatlar
Xususiy mulk munosabatlarini tartibga soluvchi qonunchilik hujjati mulkdorning huquqiy holatini yomonlashtirgan yoki mulkdorga qoʻshimcha majburiyatlar yuklagan taqdirda, orqaga qaytish kuchiga ega emas.
(23-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 41-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
24-modda. Mol-mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarining qayta koʻrib chiqilishiga hamda bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmasligi
Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta koʻrib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi.
Quyidagi koʻchar va koʻchmas mol-mulk davlat tasarrufidan chiqarilgan hamda xususiylashtirilgan korxonalarning mol-mulki deb eʼtirof etiladi (qonunga muvofiq davlat tasarrufidan chiqarilmaydigan va xususiylashtirilmaydigan obyektlar bundan mustasno):
davlat tasarrufidan chiqarishni va xususiylashtirilgan korxonalarda davlat mol-mulkini xususiylashtirishni amalga oshirish paytida aniqlanmagan koʻchar va koʻchmas mol-mulk;
korxona hududida joylashgan, davlat tasarrufidan chiqarishni va xususiylashtirishni amalga oshirish paytida tasarruf etish huquqisiz foydalanishga berilgan koʻchar va koʻchmas mol-mulk.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan obyektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta koʻrib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish taqiqlanadi.
(24-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 23-dekabrdagi OʻRQ-656-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2020-y., 03/20/656/1661-son)
Keyingi tahrirga qarang.
25-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning mulk huquqi kafolatlari
Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida yoki xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari bilan teng ravishda mulk huquqidan foydalanadi.
Shuningdek, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining VI-boʻlimi (Ajnabiy fuqarolar, tashkilotlar va davlatlarning mulki).
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
26-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari sohasida yuzaga kelgan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(26-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
27-modda. Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(27-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2411-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1921-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
28-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(28-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
29-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2012-yil 25-sentabrdagi 189 (5609)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 24-sentabr,
OʻRQ–336-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 39-son, 446-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2017-y., 24-son, 487-modda; 24.12.2020-y., 03/20/656/1661-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 07.06.2022-y., 03/22/775/0477-son, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son; 17.08.2026-y., 03/26/1168/0851-son)