toggle_night_mode
Hujjat 19.02.2027 01 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Hujjat hali kuchga kirgan emas
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 17-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3977]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-oktabr,
26/6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 20-oktabrdagi 26/6-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Yoʻriqnomada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
naqd pullar — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan muomalaga kiritilgan banknotlar va tangalar;
naqd pul muomalasi — tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni, shuningdek, aholi, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va banklar oʻrtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda banknot va tanga koʻrinishida naqd pullarning uzluksiz harakati;
maksimal limit — Markaziy bankning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha Bosh boshqarmalari (bundan buyon matnda Bosh boshqarmalar deb yuritiladi) Hisob-kitob kassa markazlari (bundan buyon matnda HKKM deb yuritiladi) aylanma kassalarida kun oxirida qolishi mumkin boʻlgan naqd pul qoldigʻining eng yuqori chegarasini belgilaydigan meʼyor;
naqd pullarning zaxira jamgʻarmasi — tegishli hududdagi banklarni yetarli miqdorda naqd pullar bilan taʼminlash maqsadida Bosh boshqarmalarda tashkil etilgan banknotlar va tangalarning zaxirasi;
naqd pul zaxirasi — aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning naqd pulga boʻlgan talablarini oʻz vaqtida va toʻliq qondirilishini taʼminlash maqsadida banklarda tashkil etilgan banknot va tangalarning zaxirasi;
naqd pul aylanmasi — bank kassalariga naqd pullar kirimi va chiqimi bilan bogʻliq amaliyotlar;
naqd pullar kirimi — bank kassalariga banknot va tanga koʻrinishidagi naqd pullarning tegishli hujjatlar asosida qabul qilinishi;
naqd pullar chiqimi — bank kassalaridan banknot va tanga koʻrinishidagi naqd pullarning tegishli hujjatlar asosida chiqim qilinishi (berilishi);
naqd pullar bilan taʼminlash — banklarning aylanma kassalariga Bosh boshqarmalarning HKKM hamda boshqa banklarning aylanma kassalaridan naqd pullarning yetkazib berilishi, shuningdek zarur hollarda Bosh boshqarmalarning HKKM aylanma kassalariga zaxira jamgʻarmalari hisobidan naqd pullarning olinishi;
kassa ramzlari — bank kassalari orqali naqd pullarning kirim manbalari va chiqimi maqsadlari boʻyicha tahlil qilish, shuningdek, banklararo naqd pullar harakatini aks ettirish maqsadida foydalaniladigan ramzlar toʻplami;
inkassatsiya xizmati — xoʻjalik yurituvchi subyektlar, shuningdek, banklar, banklarning filiallari va alohida boʻlinmalariga tegishli boʻlgan naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish hamda kuzatib borish xizmati;
“Naqd pullarning elektron maydoni” dasturiy majmuasi (bundan buyon matnda dasturiy majmua deb yuritiladi) — banklar oʻrtasida, banklar va Bosh boshqarmalar oʻrtasida naqd pullarni inkassatsiya xizmati orqali oʻzaro tashishni tashkil etish boʻyicha bank ish kunlari davomida “Onlayn” rejimida ishlaydigan dasturiy majmua.
2. Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi hududida naqd pul muomalasini tashkil etadi.
Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy toʻlov vositasi sifatida pul belgilarini muomalaga chiqarishda mutlaq huquqqa ega boʻlib, pul belgilari banknotlar va tangalar tarzida, shu jumladan qimmatbaho metallar tarzida chiqariladi.
3. Markaziy bank hududlarda banklarning naqd pulga boʻlgan talablarini oʻz vaqtida taʼminlash uchun naqd pullarning zaxirasini shakllantirish hamda muomalaga chiqarilmagan naqd pullarni saqlash maqsadida Bosh boshqarmalar zaxira jamgʻarmalarini tashkil etadi.
4. Naqd pullar bilan ishlash (qabul qilish, sanash, saralash, oʻrab-bogʻlash, mijozlarga berish) amaliyotlarini bajaradigan tijorat banklari (boʻlinmalari) va ularning filiallari, amaliyot boshqarmalari, bank xizmatlari ofislari (markazlari) (bundan buyon matnda banklar deb yuritiladi) mijozlarning naqd pullarga boʻlgan talabini oʻz vaqtida qondirish uchun majburiy tartibda aylanma kassalarini tashkil etadilar.
2-bob. Naqd pul muomalasini tashkil etish
5. Bank tizimida naqd pul muomalasini tashkil etish:
naqd pullarni ishlab chiqarishni tashkil etish, muomalaga chiqarish va banklarga yetkazish;
muomaladagi naqd pullarning nominali boʻyicha tarkibini muvofiqlashtirish orqali muomalada boʻlgan barcha nominaldagi banknot va tangalarning yetarliligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
banklarning naqd pul aylanmalarini tahlil qilish (naqd pullar kirimi manbalari, chiqimi maqsadlari boʻyicha miqdorlari hamda ularning mavsumiy va keskin dinamikasi sabablarini oʻrganish);
banklar tomonidan aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ularning talablariga koʻra, hisobvaraqlardagi mablagʻlari doirasida naqd pullar bilan taʼminlash hamda ularning hisobvaraqlariga kirim qilish, toʻlovlarni amalga oshirishlari uchun naqd pullarni qabul qilish, naqd pullar bilan ishlash (sanash, qayta sanash, saralash, oʻrab-bogʻlash), saqlash jarayonlarini tartibga solish;
naqd pullarning zaxira jamgʻarmalarini tashkil etish, shakllantirish hamda banklarning naqd pullarga boʻlgan talablaridan kelib chiqib, ularni naqd pullar bilan taʼminlashni tashkil etish;
banklar oʻrtasidagi naqd pullar harakatini tashkil etish, amalga oshirish va monitoring qilish;
banklarning ehtiyojidan ortiqcha, shuningdek, eskirgan va toʻlovga yaroqsiz naqd pullarni HKKMlarga olib kelish;
eskirgan va toʻlovga yaroqsiz naqd pullarni yoʻq qilinishini tashkil etish va amalga oshirish bilan bogʻliq jarayonlarni oʻz ichiga oladi.
6. Bank tizimida naqd pul muomalasi Markaziy bank tomonidan Bosh boshqarmalar va tijorat banklari orqali tashkil etiladi.
7. Bosh boshqarmalar tegishli hududda naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etadi hamda banklarning bu boradagi faoliyatini monitoring qilgan holda muvofiqlashtiradi. Bunda Bosh boshqarmalar:
tegishli hududdagi banklarda naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etadi va uni samarali tarzda amalga oshirilishini taʼminlaydi;
tegishli hududda naqd pul muomalasining holatini oʻrganadi, banklarning naqd pul aylanmalarini, shuningdek, naqd pul muomalasining holatini tavsiflovchi koʻrsatkichlarni jamlaydi, naqd pullar kirimi va chiqimi amaliyotlarini tegishli kassa ramzlari asosida tahlil qiladi;
naqd pul muomalasini tartibga solish borasida banklarning faoliyatida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga doir koʻrsatmalar beradi;
tegishli hududdagi aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning naqd pulga boʻlgan talabini oʻz vaqtida qondirilishini taʼminlash maqsadida banklarda yetarli miqdorda naqd pullarning boʻlishini taʼminlash choralarini koʻradi;
zarur hollarda, naqd pullarni bank kassalariga kelib tushishi va naqd puldagi toʻlovlarni belgilangan muddatlarda toʻlanishi boʻyicha asoslangan takliflarni ishlab chiqadi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kiritadi.
8. Banklar:
naqd pullarning uzluksiz harakatini, naqd pulda xizmat koʻrsatish sohasini, shuningdek, bank kassalarida amalga oshirilgan naqd pullar aylanmalarini amalga oshiradi;
naqd pullar aylanmalarining manbalarini tegishli kassa ramzlari asosida doimiy ravishda tahlil va monitoring qilib boradi;
bank mijozi boʻlgan aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning talablariga koʻra, ularning hisobvaraqlaridagi mablagʻlar doirasida naqd pullar bilan taʼminlash, aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlardan naqd pulda toʻlovlarni moneliksiz qabul qilish va tegishli hisobvaraqlarga kirim qilish (oʻtkazish) uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi;
bank mijozi boʻlgan aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning naqd pulga boʻlgan doimiy talablari, bankka tegishli bankomatlardagi naqd pullar aylanmalari tahlili asosida bank kassalarida yetarli miqdorda naqd pullar boʻlishini taʼminlash choralarini koʻradi.
3-bob. Banknot va tanga koʻrinishidagi pul belgilarini muomalaga chiqarish va banklarga yetkazishni tashkil etish
9. Naqd pul muomalasini samarali tashkil etish, naqd puldagi hisob-kitoblar, toʻlovlarni amalga oshirish uchun aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga qulayliklar yaratish maqsadida Markaziy bank turli nominal qiymatdagi banknot va tanga koʻrinishidagi pul belgilarini (bundan buyon matnda pul belgilari deb yuritiladi) muomalaga chiqaradi.
10. Pul belgilarining nominal qiymatlarini belgilash respublikadagi oʻrtacha oylik (kunlik) ish haqi miqdori, chakana bozorlardagi isteʼmol va maishiy tovarlar narxlari, aholining naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimining rivojlanish darajasidan kelib chiqib, zarur hollarda aholining muayyan nominaldagi pul belgilariga boʻlgan talab va ehtiyojlarini oʻrgangan holda amalga oshiriladi.
11. Pul belgilarining dizayni Markaziy bankning mulki hisoblanadi hamda Markaziy bank tomonidan “Davlat belgisi” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda “Davlat belgisi” MChJ deb yuritiladi) bilan birgalikda ishlab chiqiladi.
Markaziy bank tomonidan pul belgilarining dizayni boʻyicha aholi oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazilishi mumkin.
12. Pul belgilarining dizayni badiiy-estetik va texnologik talablar asosida ishlab chiqiladi hamda unda quyidagi majburiy elementlar boʻlishi lozim:
pul belgilarining raqamlar bilan ifodalanishi;
pul belgilarining bir-biridan oson farqlash imkonini beruvchi oʻlcham va ranglar;
pul belgilarini muomalaga chiqaruvchi organ — Markaziy bank;
pul belgilarining dizayni hamda namunasi tasdiqlangan yil;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi yoki Davlat bayrogʻi tasviri;
pul belgilarini qalbakilashtirishdan himoyalovchi elementlar.
13. Banknotlarda mazkur Yoʻriqnomaning 12-bandida belgilangan majburiy elementlar bilan birga quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
banknot nominal qiymatining yozuvli koʻrinishi;
banknotning gorizontal va (yoki) vertikal joylashtirilgan seriyasi va raqami;
banknotning nominal qiymati boʻyicha barcha turdagi toʻlovlar uchun qabul qilinishi majburiyligi toʻgʻrisidagi yozuv;
banknotlarni qalbakilashtirganlik uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanganligi toʻgʻrisidagi ogohlantiruvchi yozuv.
14. Pul belgilarining dizayni Oʻzbekiston Respublikasining milliy, tarixiy va madaniy xususiyatlarini inobatga olgan holda muayyan mavzu asosida ishlab chiqiladi hamda ularning Oʻzbekiston Respublikasiga mansubligi yaqqol ifodalanishi, Oʻzbekiston tarixi, shu jumladan, Oʻzbekiston hududida tugʻilib, jahon ilm-fani rivojiga hissa qoʻshgan buyuk shaxslar va ularning faoliyati bilan bogʻliq obyektlar, Oʻzbekistonning yutuqlari, tabiati, milliy madaniyati va qadriyatlarini ifodalovchi tasvirlardan foydalanilishi lozim.
Pul belgilarini bir-biridan oson farqlanishini taʼminlash maqsadida ularning dizaynida oʻzaro farqlanuvchi tasvirlardan, banknotlarda esa har bir nominal qiymatga xos ranglardan foydalanishga ahamiyat beriladi.
Pul belgilarida aks ettirilgan bino, inshoot va boshqa obyektlarning nomlari koʻrsatilishi lozim.
Pul belgilaridagi yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yoziladi.
15. Pul belgilarini ishlab chiqarishda inson salomatligi uchun xavfsiz boʻlgan xomashyolardan foydalanilishi lozim.
16. Pul belgilarining himoya elementlariga doir talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi. Bunda ushbu talablar pul belgilarining turi, nominal qiymati va texnik xususiyatlaridan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Pul belgilarini qalbakilashtirishning oldini olish hamda ularning haqiqiyligini aniqlash imkoniyatini taʼminlash maqsadida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan himoya elementlari qoʻllaniladi. Bunda banknotlarning nominal qiymati oshib borishiga qarab ularning himoyalanganlik darajasi kuchaytiriladi.
17. Pul belgilarining namunalari, shuningdek, ularning dizayni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi bilan kelishilgan holda Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi.
Yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi toʻgʻrisidagi xabar, shuningdek ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan ommaviy axborot vositalarida pul belgilari muomalaga chiqarilish sanasidan kamida bir hafta oldin eʼlon qilinadi.
Markaziy bank va banklar talabga koʻra bir nominal qiymatdagi pul belgilarini boshqasiga hech qanday toʻlovsiz yoki vositachilik haqisiz ayirboshlashni amalga oshiradi.
18. Markaziy bank tomonidan Bosh boshqarmalar va banklarga muomalaga chiqarilayotgan yangi namunalardagi pul belgilari tavsifi, himoya elementlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda ularning dastlabki muomalaga chiqarilishini tashkil etishga doir koʻrsatmalar yuboriladi.
19. Muomalaga chiqarilayotgan yangi namunalardagi pul belgilari (ularning namunalari bilan birga) dastlabki tartibda muomalaga chiqarish uchun hududlardagi aholi soni, banklar soni hamda naqd pul aylanmasi hajmi inobatga olingan holda taqsimlanadi. Bunda taqsimot Markaziy bank farmoyishlariga asosan inkassatsiya xizmati orqali “Davlat belgisi” MCHJdan Bosh boshqarmalarning naqd pullar zaxira jamgʻarmalariga yetkazib beriladi.
20. Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining har qanday pul belgilarini muomaladan chiqarishga haqli.
Pul belgilarini muomaladan chiqarish Markaziy bank boshqaruvining pul belgilarini ayirboshlash tartibi va muddati koʻrsatilgan hamda eʼlon qilingan qarori asosida amalga oshiriladi. Mazkur qarorda muomaladan chiqariladigan pul belgilarining nominal qiymati, muomalaga chiqarilgan yili, ularni muomaladan chiqarish sanasi, ayirboshlash muddati hamda banklar tomonidan ayirboshlash tartibi belgilanadi.
Ayirboshlash uchun Markaziy bank tomonidan belgilangan muddat tugagach ayirboshlanishi kerak boʻlgan pul belgilari qonuniy toʻlov vositasi sifatida oʻz kuchini yoʻqotadi.
4-bob. HKKM aylanma kassalaridagi naqd pul qoldiqlariga limitlar belgilash va ularga rioya etilishini nazorat qilish
21. Markaziy bank tomonidan Bosh boshqarmalar HKKM aylanma kassalarida bank ish kuni yakunida qolishi mumkin boʻlgan naqd pul qoldigʻining maksimal limitlari belgilanadi.
Maksimal limitlarni belgilashda tegishli hududdagi banklardan HKKMga olib kelinadigan naqd pullarning oʻrtacha uch bank ish kunidagi hajmi hamda hududning oʻziga xos xususiyatlari (naqd pul aylanmasi hajmi, mavsumiylik, banklar soni) inobatga olinadi.
Naqd pullarning oʻrtacha uch bank ish kunidagi hajmi oʻtgan oy davomida banklardan HKKMga olib kelingan naqd pullarning jami miqdorini oʻtgan oydagi ish kunlari soniga boʻlish va olingan natijani uchga koʻpaytirish orqali aniqlanadi.
22. HKKM aylanma kassalaridagi naqd pul qoldiqlarining belgilangan maksimal limitlari hududdagi naqd pul aylanmasi hajmi va naqd pulga boʻlgan talabning oʻzgarishini inobatga olgan holda, Bosh boshqarmalarning yozma murojaatlari asosida Markaziy bank tomonidan qayta koʻrib chiqilishi va oʻzgartirilishi mumkin.
23. HKKM aylanma kassalarida bank ish kuni yakunida belgilangan maksimal limitdan ortiqcha naqd pul qoldigʻi mavjud boʻlgan taqdirda, uning ortiqcha qismi keyingi bank ish kunidan kechiktirmay naqd pullarning zaxira jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
24. HKKM aylanma kassalaridagi naqd pul qoldiqlarining maksimal limitlarini belgilash, oʻzgartirish hamda ularga rioya etilishi bilan bogʻliq barcha yozishmalar, topshiriqlar va koʻrsatmalar “Xizmat doirasida foydalanish uchun” grifi qoʻyilgan hujjatlar orqali, bunday hujjatlar bilan ishlashning belgilangan qoidalariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
25. HKKM aylanma kassalaridagi naqd pul qoldiqlarining belgilangan maksimal limitlariga rioya etilishi Markaziy bankning Naqd pul muomalasini tashkil etish departamenti hamda Bosh boshqarmalar tomonidan balans maʼlumotlari asosida monitoring qilib boriladi.
5-bob. Banklarda naqd pul aylanmalarini tashkil etish va prognozlash
26. Har bir bank naqd pul oqimini, shu jumladan, oy davomida kelib tushgan naqd pullar hamda aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga berilgan naqd pullar hajmini tahlil qiladi, shuningdek, mazkur operatsiyalar ustidan monitoring olib boradi.
27. Banklar kassalarida amalga oshirilgan naqd pul aylanmalarini tahlil qilishda Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan kassa ramzlaridan foydalaniladi.
28. Banklar kassalariga kirim qilinayotgan va ulardan chiqim qilinayotgan naqd pullarning tegishli kassa ramzlari boʻyicha toʻgʻri aks ettirilishini taʼminlaydi. Bunda naqd pullarning kassa ramzlari boʻyicha toʻgʻri aks ettirilishi uchun banklarning bosh buxgalterlari yoki ushbu vazifa yuklatilgan boshqa buxgalterlar masʼul hisoblanadi.
29. Banklar quyidagilarni inobatga olgan holda mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasiga muvofiq shaklda naqd pul aylanmasining oylik prognozini ishlab chiqadi:
bank hisobvaragʻi shartnomasiga muvofiq oʻtgan oy davomida mijozlarga topshirilgan naqd pullar va ulardan olingan naqd pullar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
bankning oldingi oylardagi va oʻtgan yilning mos davrlaridagi naqd pul aylanmasi koʻrsatkichlari;
bankning Bosh banki tomonidan berilgan topshiriqlar, boshqa manbalardan kutilayotgan naqd pul tushumlari hamda bankomatlarni naqd pul bilan taʼminlashga boʻlgan ehtiyoj tahlili natijalari;
bank mijozlarining naqd pul tushumlarini bank kassalariga topshirish usullari (inkassatsiya xizmatlari orqali oʻzlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda) va bank hisobvaragʻi shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa naqd pul tushumlarini bank kassalariga topshirish muddatlari.
30. Banklar mazkur Yoʻriqnomaning 29-bandida nazarda tutilgan naqd pul aylanmasining oylik prognozini har oyda, prognoz qilinayotgan oy boshlanishidan kamida uch bank ish kuni oldin, umumlashtirish va monitoring qilish maqsadida PDF formatida, elektron hujjat aylanishi tizimi orqali tegishli hudud boʻyicha Bosh boshqarmaga hamda bankning tegishli Bosh bankiga taqdim etadi.
31. Bosh boshqarmalar hududlar boʻyicha naqd pul aylanmasining oylik prognozini HKKM bankomatlarining naqd pulga boʻlgan ehtiyojini alohida koʻrsatgan holda umumlashtiradi hamda naqd pul aylanmasini monitoring qilish va naqd pullarning zaxira jamgʻarmalarini yetarli miqdorda shakllantirish maqsadida mazkur prognozni tegishli hududdagi banklardan prognozlarni taqdim etish uchun belgilangan muddat tugagan kundan eʼtiboran ikki bank ish kuni ichida PDF formatida elektron hujjat aylanishi tizimi orqali Markaziy bankka taqdim etadi.
Bunda prognoz Bosh boshqarma boshligʻi, u vaqtincha boʻlmagan hollarda esa uning vazifalarini bajarish yuklatilgan shaxs tomonidan imzolanadi.
32. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar naqd pul tushumlarini bank kassalariga inkassatsiya xizmati orqali yoki mustaqil ravishda, shu jumladan avtomatlashtirilgan depozit mashinalari orqali topshirishlari mumkin.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning, shu jumladan, ularning tarkibiy boʻlinmalari kassalaridagi naqd pul qoldiqlarining maksimal limitlari xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari tomonidan mustaqil belgilanadi va ularga rioya etilishi taʼminlanadi.
33. Banklar aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlardan Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy toʻlov vositasi hisoblangan, muomaladagi naqd pullarni qonunchilikda belgilangan tartibda nominal qiymati boʻyicha moneliksiz qabul qilishi shart.
34. Banklar aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlaridagi mavjud mablagʻlari doirasida naqd pul olishga boʻlgan talablarini qonunchilikda belgilangan tartibda, ularning birinchi talabi boʻyicha uzluksiz qondirilishini taʼminlaydi.
Aholiga va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bank kassalaridan naqd pullarni berish ularning banл hisobvaraqlaridagi mablagʻlari doirasida, tegishli kassa hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
Qonunchilikda belgilangan hollarda aholiga va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ularning bankdagi ssuda hisobvaraqlaridan naqd pullar berilishi mumkin.
35. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar yoki budjet tashkilotlari tomonidan ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy toʻlovlar naqd pullar shaklida amalga oshirilganda, mazkur toʻlovlar xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki budjet tashkilotlarining banklardagi hisobvaraqlarida mavjud mablagʻlari doirasida qonunchilikda belgilangan tartibda bank kassalaridan naqd pul qilib olish orqali toʻlanadi.
36. Banklar xoʻjalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan budjet tashkilotlari bilan naqd pullarni berish muddatlarini kelishishda qonunchilikda belgilangan toʻlov muddatlarini hisobga olgan holda, mijozlar va ularga beriladigan naqd pul summalarining oy davomida imkon qadar bir maromda taqsimlanishini taʼminlash choralarini koʻradilar.
Bunda naqd pullarni berish muddatlarini kelishish va taqsimlash mijozlarga naqd pul toʻlovlarini kechiktirish yoki qonunchilikda belgilangan toʻlov muddatlarini buzish uchun asos boʻlmaydi.
Ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni amalga oshirish muddatlari dam olish yoki ishlanmaydigan bayram kunlariga toʻgʻri kelgan taqdirda, banklar mazkur naqd pul toʻlovlarni ushbu kunlar arafasida (bir kun oldin) amalga oshiradilar.
37. Bosh boshqarmalarning HKKMlari qonunchilikka muvofiq ularga xizmat koʻrsatiladigan mijozlarga naqd pullarni kelishilgan muddatda, tegishli toʻlov hujjatlari asosida beradi.
38. Banklar tomonidan naqd pullarni mijozlarga berish, birinchi navbatda banklarning aylanma kassasidagi naqd pullar hamda naqd pullarning zaxirasi hisobidan amalga oshiriladi.
Banklar mijozlarning naqd pulga boʻlgan talablarini oʻz vaqtida qondirish hamda bankomatlarni naqd pul bilan taʼminlash maqsadida har kuni aylanma kassalaridagi naqd pul qoldiqlari, naqd pul zaxirasi, kun davomida kutilayotgan naqd pul tushumlari hamda rejalashtirilgan naqd pul chiqimlarini tahlil qiladi.
Mazkur tahlil natijalariga koʻra, mavjud va kelib tushishi kutilayotgan naqd pullar mijozlarning naqd pulga boʻlgan talablarini qondirish hamda bankomatlarni naqd pul bilan taʼminlash uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, banklar qoʻshimcha naqd pul mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻradi.
39. Bosh boshqarmalar tegishli hududda naqd pullar shaklidagi toʻlovlar, shu jumladan, ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy toʻlovlarning amalga oshirilishi holatini muntazam tahlil qiladi hamda banklar tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning depozit hisobvaraqlaridagi mavjud mablagʻlar doirasida mazkur toʻlovlar uchun zarur naqd pul bilan oʻz vaqtida taʼminlanishini monitoring qilib boradi.
Monitoring natijasida banklar tomonidan mazkur toʻlovlar uchun naqd pullarni berishda kechikishlar yoki uzilishlar aniqlangan taqdirda, Bosh boshqarmalar tegishli banklar bilan birgalikda ushbu holatlarni bartaraf etish hamda banklarni zarur naqd pul bilan taʼminlash choralarini koʻradi.
6-bob. Banklarni naqd pullar bilan taʼminlash
40. Banklar mijozlarning naqd pulga boʻlgan talablarini qondirish va bankomatlarni naqd pullar bilan taʼminlash uchun kassalarida mavjud boʻlgan hamda barcha manbalardan kelib tushishi kutilayotgan naqd pullardan foydalanish choralarini koʻrishlari lozim.
Bank kassalaridagi mavjud naqd pul qoldiqlari va oʻzining kun davomida kelib tushishi kutilayotgan naqd pul tushumlari rejalashtirilgan naqd pul chiqimlarini qoplash uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, banklar aylanma kassalarini qoʻshimcha naqd pul bilan taʼminlash yuzasidan tezkor choralar koʻradi.
41. Banklarning aylanma kassalarini naqd pullar bilan taʼminlash ularning vakillik hisobvaragʻidagi mablagʻlar doirasida:
tegishli hududdagi Bosh boshqarmalarning HKKM aylanma kassasidagi naqd pullar hisobidan;
tegishli hududdagi boshqa banklar bilan oʻzaro kelishuv asosida naqd pullarni yetkazib berish hisobidan amalga oshiriladi.
42. Banklar oʻrtasida naqd pullarni qayta taqsimlash va ularni yetkazib berishni tashkil etishga doir axborot almashinuvi dasturiy majmua orqali amalga oshiriladi.
Dasturiy majmua orqali bir hudud doirasida Bank depozitarlarining milliy axborot bazasida xos raqamga ega boʻlgan banklar oʻrtasida ehtiyojdan ortiqcha naqd pullarni taklif etish, naqd pulga ehtiyoji mavjud banklar tomonidan ularni band qilish hamda tashishni tashkil etish boʻyicha axborot almashiladi.
Bunda naqd pulga ehtiyoji mavjud banklar dasturiy majmuaga naqd pul olish uchun talabnomalar, ehtiyojidan ortiq naqd pulga ega boʻlgan banklar esa ushbu naqd pullarni taklif etish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadi.
Dasturiy majmua orqali banklar oʻrtasida naqd pullarni yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishilgan taqdirda, naqd pullarni tashish inkassatsiya xizmatining tegishli tarkibiy boʻlinmasi farmoyishi asosida amalga oshiriladi.
43. Bosh boshqarmalar tegishli hududdagi banklar tomonidan naqd pul olish uchun dasturiy majmuaga kiritilgan, biroq toʻliq yoki qisman qanoatlantirilmagan talabnomalarni muntazam oʻrganib va tahlil qilib boradi.
Mazkur talabnomalarning qanoatlantirilmagan qismi Bosh boshqarmalarning tegishli farmoyishlari asosida HKKM aylanma kassalaridagi mavjud naqd pullar hisobidan qoplanadi.
44. Hududda naqd pullarni inkassatsiya xizmati orqali tashish quyidagi farmoyishlar asosida amalga oshiriladi:
banklardan Bosh boshqarmalarning HKKMga naqd pullarni olib kelish yoki yuborish — tegishli Bosh boshqarmalarning farmoyishlari asosida;
bir bankdan boshqa bankka naqd pullarni yetkazib berish — inkassatsiya xizmatining farmoyishlari asosida.
Mazkur farmoyishlar dasturiy majmua orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi hamda naqd pullarni joʻnatuvchi va qabul qiluvchilarga avtomatik tarzda yuboriladi.
45. Bosh boshqarmalar bank ish kuni yakuniga qadar banklar tomonidan dasturiy majmuada taklif etilgan, biroq boshqa banklar tomonidan band qilinmagan yoki kelishuvga erishilmagan ortiqcha naqd pullarni tegishli banklardan HKKMga olib kelishni tashkil etish hamda banklarning dasturiy majmuaga kiritilgan, biroq toʻliq yoki qisman qanoatlantirilmagan naqd pul olish boʻyicha talabnomalari yuzasidan ularni naqd pul bilan taʼminlash choralarini koʻradi.
46. Dasturiy majmua orqali banklar oʻrtasida naqd pullarni yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishilganda, naqd pul yuboruvchi bank ularni inkassatsiya xizmati orqali oluvchi bankka yetkazib berishni tashkil etadi. Naqd pullarni qabul qilish, banklar oʻrtasida naqd pulsiz hisob-kitobni amalga oshirish muddati va mazkur operatsiyalarni tasdiqlovchi hujjatlar banklarning oʻzaro kelishuvida belgilanadi. Bunda hisob-kitoblar qonunchilikka muvofiq tegishli banklarning vakillik hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
47. Dasturiy majmua faoliyatida uzilishlar yoki texnik nosozliklar yuzaga kelganda, banklar aylanma kassalarini naqd pul bilan taʼminlash uchun buyurtmalarni tegishli Bosh boshqarmalarga qogʻoz shaklida yoki elektron hujjat aylanishi tizimi orqali taqdim etishlari mumkin.
Bunday hollarda naqd pullarni banklarga yetkazib berish hamda banklardan Bosh boshqarmalarning HKKMga olib kelish inkassatsiya xizmati tomonidan Bosh boshqarmalarning qogʻoz shaklida rasmiylashtirilgan farmoyishlari asosida amalga oshiriladi.
7-bob. HKKMlarni naqd pul bilan taʼminlash
48. Bosh boshqarmalar HKKM aylanma kassalarini Markaziy bankning naqd pullar zaxira jamgʻarmalaridagi naqd pullar hisobidan toʻldirish uchun ruxsat olish maqsadida elektron soʻrovlarni yuborish va tegishli ruxsatlarni rasmiylashtirishga moʻljallangan maxsus dastur (bundan buyon matnda maxsus dastur deb yuritiladi) orqali Markaziy bankka elektron soʻrov yuboradi.
Elektron soʻrov Bosh boshqarma boshligʻi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanib, maxsus dastur orqali Markaziy bankning Naqd pul muomalasini tashkil etish departamentiga yuboriladi.
49. HKKM aylanma kassalarini Markaziy bankning naqd pullar zaxira jamgʻarmalaridagi naqd pullar hisobidan toʻldirish uchun ruxsat olish maqsadida yuboriladigan elektron soʻrovda quyidagilar koʻrsatiladi:
beshta raqamdan iborat nazorat raqami, bunda dastlabki uchta raqam Bosh boshqarma aylanma kassasini naqd pul bilan taʼminlash uchun oxirgi marta berilgan ruxsat raqamining soʻnggi uchta raqamiga, keyingi ikkita raqam esa elektron soʻrovning tartib raqamiga muvofiq boʻladi (bunda elektron soʻrovlarning tartib raqamlari har yili yangidan yuritiladi);
aylanma kassani naqd pullarning zaxira jamgʻarmasidagi naqd pullar hisobidan toʻldirish uchun ruxsat berish toʻgʻrisidagi soʻrov;
aylanma kassani toʻldirish uchun zarur boʻlgan naqd pul summasi (kodli soʻz bilan).
50. Bosh boshqarmalar tomonidan HKKM aylanma kassalarini naqd pul bilan taʼminlash uchun ruxsat soʻrashda tegishli hududdagi banklarning dasturiy majmuaga kiritilgan, biroq toʻliq yoki qisman qanoatlantirilmagan naqd pul olish boʻyicha talabnomalari ham inobatga olinadi.
51. HKKM aylanma kassalarini Markaziy bankning naqd pullar zaxira jamgʻarmalaridagi naqd pullar hisobidan toʻldirish uchun ruxsat quyidagi tartibda rasmiylashtiriladi:
ruxsat Markaziy bankning Naqd pul muomalasini tashkil etish departamenti tomonidan maxsus dastur orqali elektron shaklda shakllantiriladi;
ruxsat Markaziy bankning tegishli buyrugʻi bilan naqd pullar zaxira jamgʻarmalarini tasarruf etish vakolati berilgan Markaziy bank raisining oʻrinbosari tomonidan elektron raqamli imzo bilan maxsus dastur orqali elektron shaklda tasdiqlanadi;
tasdiqlangan ruxsat maxsus dastur orqali avtomatik ravishda tegishli Bosh boshqarmaga yuboriladi.
52. Karantin cheklovlari amal qilayotgan, aholiga ommaviy ijtimoiy toʻlovlar amalga oshirilayotgan hamda naqd pulga boʻlgan talab keskin oshgan boshqa holatlarda Bosh boshqarmalar HKKM aylanma kassalarini naqd pul bilan taʼminlash boʻyicha elektron soʻrovlarda mablagʻlardan foydalanish maqsadini qoʻshimcha ravishda koʻrsatishlari mumkin.
53. Markaziy bankning Naqd pul muomalasini tashkil etish departamenti Bosh boshqarmalarning HKKM aylanma kassalarini naqd pullar bilan taʼminlash boʻyicha elektron soʻrovlari hamda berilgan ruxsatnomalar hisobi boʻyicha qaydnomalarni mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasiga muvofiq shaklda yuritadi.
8-bob. Yakuniy qoida
54. Mazkur Yoʻriqnoma talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
1-ILOVA
__________ BANKNING ____________ FILIALINING
NAQD PUL AYLANMASI OYLIK PROGNOZI TOʻGʻRISIDA
MAʼLUMOT
(mln. soʻmda)

T/r

Koʻrsatkichlar

Oylik prognoz summasi

I. Naqd pullar tushumi boʻyicha

1.

Naqd pul tushumlarini topshiruvchi mijozlar tomonidan topshiriladigan naqd pul summasi

(ADMlar orqali tushumlarni ham hisobga olgan holda)

2.

Boshqa manbalardan naqd pul tushumlari

(bank xizmatlari boʻyicha (omonat, kredit va b.), avtomashina, koʻchmas mulk sotib olish uchun toʻlovlar, aylanma mablagʻlarni va ustav kapitalni toʻldirish uchun va h.k.)

Jami

II. Naqd pullar chiqimi boʻyicha

1.

Bank mijozi boʻlgan korxona va tashkilotlar, xoʻjalik subyektlari, tadbirkorlarga bank kassalari orqali beriladigan naqd pullar summasi

(ish haqi, pensiya, ijtimoiy toʻlovlar va boshqa ehtiyojlar uchun hisobvaragʻidagi qoldiq doirasida)

2.

Bankomatlar talabi

(bank kassalari orqali bank kartalari-dagi mablagʻlarni naqdlashtirishni ham hisobga olgan holda)

3.

Naqd pullarni chiqim qilishning boshqa maqsadlari

(bank xizmatlari boʻyicha (omonat, VASH kredit va b.), dividend toʻlovi va h.k.)

Jami

bank (filiali) nomi _______________
bank (filiali) rahbari (imzo) F.I.O.
Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga
2-ILOVA

Zaxira jamgʻarmasidan aylanma kassaga naqd pullarni chiqarishga ruxsat berilgan umumiy summa

_____________________

(mln. soʻm)

Markaziy bank raisi oʻrinbosari

_____________________

imzo

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Bosh boshqarmalari HKKM aylanma kassasini naqd pul bilan taʼminlash

QAYDNOMASI

20 ____ yil “____”___________uchun

mln soʻm

T/r

Bosh boshqarma nomi

Elektron soʻrov sanasi

Soʻralgan naqd pul summasi

Elektron soʻrovning identifikatsiya raqami

Naqd pul olishga ruxsat berildi

Kalit

Summa

Ruxsatnoma raqami

1

2

3

4

5

6

7

8

Naqd pul muomalasini tashkil etish departamenti direktori

(imzo)

F.I.O.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 20-oktabrdagi 26/6-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018-yil 24-fevraldagi 7/14-son “Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 3003, 2018-yil 1-may) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.05.2018-y., 10/18/3003/1140-son).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018-yil 15-dekabrdagi 39/20-son “Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 3003-1, 2018-yil 28-dekabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2018-y., 10/18/3003-1/2391-son).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2019-yil 30-martdagi 6/6-son “Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 3003-2, 2019-yil 17-aprel) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2019-y., 10/19/3003-2/2955-son).
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/11-son “Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 3003-3, 2020-yil 15-iyun) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/3003-3/0762-son).
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2023-yil 29-martdagi 8/6-son “Oʻzbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qarorga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 3003-4, 2023-yil 27-aprel) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2023-y., 10/23/3003-4/0227-son).
6. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 15-mh-son “Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3313, 2021-yil 28-iyul) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son) ilovaning 408-bandi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 4 avgustdagi 25-mh-son “Vazirlik va idoralar tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3916, 2026-yil 4-avgust) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2026 y., 10/26/3916/0819-son) ilovaning 20-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.11.2026 y., 10/26/3977/1141-son)