toggle_night_mode
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYa VAZIRining
buyrugʻi
Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 11-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3773]
Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va 2025-yil 9-sentabrdagi PQ-280-son “Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Notarial palata bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq 2026-yil 1-apreldan boshlab kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2026-yil 9-fevral,
5-mh-son
Kelishildi:
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
2026-yil 14-yanvar
Notarial palata raisi D. ASHUROV
2026-yil 12-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 9-fevraldagi 5-mh-son buyrugʻiga
1-ILOVA
Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom davlat notarial idorasi notariusini lavozimga tayinlash hamda xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha talabgorlar uchun yagona tanlov (bundan buyon matnda yagona tanlov deb yuritiladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Yagona tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) tomonidan oʻtkaziladi.
Yagona tanlov oʻtkazishni tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash maqsadida komissiyaning ishchi organi faoliyat yuritadi.
Ishchi organning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) inson resurslari boʻyicha masʼul tarkibiy tuzilmasi xodimi hamda notariat, advokatura va mediatsiya boʻyicha masʼul tarkibiy tuzilmasi notariat sohasi boʻyicha masʼul xodimlari orasidan shakllantiriladi va komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Ishchi organ oʻz faoliyatini komissiya raisining rahbarligida amalga oshiradi.
2. Yagona tanlov notarial okrugda notarius lavozimi boʻsh boʻlgan taqdirda yoki qoʻshimcha (yangi) notarius lavozimi taʼsis etilganda oʻtkaziladi.
Notariusning bolani parvarishlash taʼtiliga chiqishi munosabati bilan notarius lavozimi vaqtincha boʻshagan hollarda yagona tanlov oʻtkazish mazkur Nizomning 39-bandida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3. Yagona tanlov ikki bosqichda oʻtkaziladi:
birinchi bosqichda — talabgorlar davlat va jamiyat boshqaruvi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi sohalari boʻyicha test sinovlaridan oʻtadi. Bunda test sinovlari axborot texnologiyalaridan foydalangan holda komissiya tomonidan taqdim etilgan roʻyxat asosida yagona tanlovda ishtirok etishga ruxsat berilgan talabgorlar uchun Agentlik tomonidan tashkil etiladi;
ikkinchi bosqichda — test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar komissiya tomonidan oʻtkaziladigan amaliy imtihonda (bundan buyon matnda amaliy imtihon deb yuritiladi) notarial harakatlarning loyihalarini maxsus elektron platformada tayyorlaydi va muammoli masalaga (kazusga) javob beradi.
4. Yagona tanlovning birinchi bosqichida test sinovi jarayonlari videoyozuvda qayd etib boriladi. Ushbu videoyozuvlar Agentlik tomonidan kamida bir yil davomida saqlanadi.
Yagona tanlovning amaliy imtihon bosqichi jarayonlari audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi hamda Vazirlikning rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida translyatsiya qilinadi. Ushbu audio va videoyozuvlar Vazirlik tomonidan kamida bir yil muddat davomida saqlanadi.
2-bob. Yagona tanlov oʻtkazishni tashkil etish
5. Notarial okrugdagi boʻsh notarius lavozimlari va qoʻshimcha (yangi) notarius lavozimlari Vazirlikning rasmiy veb-saytida muntazam ravishda (har oyda kamida bir marta) eʼlon qilib boriladi.
Davlat notarial idorasi notariusi lavozimi yoki xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius lavozimi boʻshagandan keyin tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda hududiy adliya organi deb yuritiladi) tomonidan bu haqida buyruq chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay Vazirlik (buyruqni ilova qilgan holda) xabardor qilinadi.
6. Hududiy adliya organlari tomonidan yuborilgan xabarnoma olingan kundan boshlab yetti ish kuni ichida ishchi organ tomonidan “Inson va qonun” gazetasida hamda Vazirlikning rasmiy veb-saytida yagona tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida eʼlon beriladi.
7. Yagona tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
notarius lavozimiga yagona tanlov oʻtkazilayotgan notarial okrug nomi;
yagona tanlovda ishtirok etuvchilarga qoʻyiladigan talablar;
yagona tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etiladigan hujjatlar va ularni taqdim etishning oxirgi sanasi. Bunda hujjatlarni taqdim etish muddati kamida oʻn besh kun etib belgilanadi;
bogʻlanish uchun telefon raqami va elektron pochta manzili;
yagona tanlovda ishtirok etish uchun murojaat qilish tartibi;
yagona tanlovning birinchi va ikkinchi bosqichi oʻtkaziladigan joylar.
Yagona tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlon qoʻshimcha ravishda boshqa ommaviy axborot vositalarida, Vazirlik va tegishli hududiy adliya organining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali berilishi mumkin.
Yagona tanlovda Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida majburiy oʻquv kurslarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3721, 2025-yil 9-dekabr) muvofiq berilgan sertifikatga ega boʻlgan talabgorlar ishtirok etishi mumkin.
8. Yagona tanlovda yigirma besh yoshdan kichik boʻlmagan va oltmish besh yoshdan katta boʻlmagan, oliy yuridik maʼlumotga, yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlgan, shu jumladan notarial idorada kamida bir yil stajirovka oʻtagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ishtirok etishi mumkin.
Bunda sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bogʻliq lavozimlarida kamida uch yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan oʻtish talab qilinmaydi.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, adliya organlarining ishi notariat faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqaruv xodimi yoki advokat sifatida kamida uch yil ishlagan shaxslar, agar ularning vakolatlari tugatilgan paytdan eʼtiboran besh yil oʻtmagan boʻlsa, olti oy muddat stajirovka oʻtaydi.
Quyidagilar notarius boʻlishi mumkin emas:
muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxs;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;
notarius, advokat, tergovchi, surishtiruvchi, prokuror, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolatlari oʻz kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun tugatilgan shaxs uch yil mobaynida.
9. Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash uchun yagona tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan shaxs Vazirlikka quyidagi hujjatlar elektron shaklda taqdim etadi:
mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza;
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq toʻldirilgan soʻrovnoma.
Xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha yagona tanlovda ishtirok uchun murojaat qilish, uni koʻrib chiqish hamda uni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyuldagi 369-son qarori bilan tasdiqlangan Xususiy notarial faoliyat boʻyicha malaka imtihonini tashkil etish yuzasidan davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga (bundan buyon matnda Reglament deb yuritiladi) muvofiq amalga oshiriladi.
Yagona tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan shaxsdan mazkur Nizomda yoki Reglamentda nazarda tutilmagan hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Talabgor muqaddam notarius, advokat, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatida ishlagan boʻlsa, uning ushbu lavozimlarda oʻz kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etmaganligini aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlardan maʼlumotlar olinishi mumkin.
11. Talabgorning yagona tanlovda ishtirok etishini rad etishga asoslar mavjud boʻlsa, ishchi organ tomonidan bu haqda xulosa tuziladi. Mazkur xulosa komissiya raisi tomonidan tasdiqlanib, bir ish kuni ichida komissiya masʼul kotibi tomonidan mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda xabarnoma yuboriladi.
12. Quyidagi asoslarga koʻra talabgorning yagona tanlovda ishtirok etishi rad etiladi:
mazkur Nizomning 8-bandi talablariga muvofiq boʻlmaganda;
hujjatlarda yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlar aniqlanganda;
hujjatlar yagona tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etishning oxirgi sanasi tugagandan keyin taqdim etilganda.
Talabgorning boshqa asoslarga koʻra yagona tanlovda ishtirok etishini rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Talabgorlarning hujjatlarini oʻrganish natijalariga koʻra, ishchi organ tomonidan tegishli ravishda yagona tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida yoki yagona tanlov oʻtkazishga qayta eʼlon berish toʻgʻrisida xulosa tuziladi va u komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
14. Quyidagi hollarda ishchi organ tomonidan yagona tanlov oʻtkazishga qayta eʼlon berish toʻgʻrisida xulosa tuziladi:
yagona tanlovda ishtirok etish uchun birorta ham talabgor boʻlmasa;
yagona tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra barcha talabgorlarga tanlovda ishtirok etish rad etilgan boʻlsa;
yagona tanlov eʼlon qilingan notarial okrug uchun oʻtkazilgan imtihonlardan birorta ham talabgor muvaffaqiyatli oʻta olmasa.
Yagona tanlov oʻtkazish boʻyicha qayta eʼlon tegishli xulosa komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab yetti ish kuni mobaynida berilishi lozim. Mazkur Nizomning 37-bandida nazarda tutilgan hollarda yagona tanlov oʻtkazishga qayta eʼlon berish komissiya qarorida koʻrsatilgan muddatda amalga oshiriladi.
15. Yagona tanlovning birinchi bosqichida ishtirok etishi mumkin boʻlgan talabgorlarning roʻyxati (familiyasi, ismi va otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) hamda test sinovini topshirish hududi) Vazirlik tomonidan Agentlikka taqdim etilgan kundan boshlab oʻn kundan soʻng, biroq oʻn besh kundan kechiktirmay Agentlik tomonidan oʻtkazilishi lozim.
Bunda talabgorlarning roʻyxati taqdim qilingan kundan boshlab uch kun ichida Agentlik tomonidan test sinovi oʻtkazish sanasi va vaqti belgilanib, Vazirlik xabardor qilinishi lozim.
Test sinovlari talabgorlarning hududlar kesimidagi taqsimotidan kelib chiqib, Agentlikda hamda uning hududiy boʻlinmalarida yil davomida (iyul-avgust oylaridan tashqari) oʻtkaziladi.
Talabgorlar test sinovi oʻtkazish sanasidan kamida besh kun oldin test sinovi oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida Vazirlik tomonidan elektron shaklda xabardor qilinadi.
16. Yagona tanlovning amaliy imtihon bosqichi test sinovlari natijalari chiqqan kundan boshlab oʻn kundan soʻng, biroq oʻn besh kundan koʻp boʻlmagan muddat ichida oʻtkaziladi.
Amaliy imtihon oʻtkaziladigan kun, vaqt va joy haqida talabgorlarga amaliy imtihon oʻtkaziladigan kundan kamida besh kun oldin masʼul kotib tomonidan elektron shaklda xabarnoma yuboriladi.
17. Amaliy imtihon oʻtkaziladigan kun, vaqt va joy haqida yagona tanlov oʻtkazilishidan besh kun oldin Vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
3-bob. Yagona tanlov oʻtkazish
18. Test sinovida talabgorlar Agentlikning maxsus elektron platformalari orqali oʻtkaziladigan quyidagi sohalar boʻyicha test sinovini topshiradi:
davlat va jamiyat boshqaruvi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish;
fuqarolik huquqi;
notariat va vorislik huquqi.
Test savollari Vazirlik tomonidan tavsiya etilgan mutaxassislar tomonidan Agentlik binosida maxfiyligi taʼminlangan holda faqat bitta toʻgʻri javobni oʻz ichiga olgan toʻrtta javob variant keltirilgan shaklda, lotin alifbosida, davlat tilida ishlab chiqiladi.
Talabgorlar test sinoviga shaxsini tasdiqlovchi hujjatini (pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi, haydovchilik guvohnomasi) koʻrsatgan holda qoʻyiladi.
Shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlmagan yoki test sinoviga belgilangan vaqtda kelmagan, shuningdek unda qatnasha olmagan talabgor test sinoviga kelmagan deb hisoblanadi hamda unga qayta test sinovini topshirish uchun imkoniyat berilmaydi.
Bunda talabgorlar test sinovidan oʻtmagan deb hisoblanadi hamda mazkur Nizomning 9-bandiga muvofiq qayta murojaat qilishi mumkin.
19. Test sinovlari axborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda Agentlik tomonidan tasdiqlangan roʻyxatda keltirilgan kuzatuvchilar ishtirokida oʻtkaziladi.
Test sinovlari oʻtkazilayotgan xonaga jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, kalkulyator hamda boshqa telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirish, bir-biri bilan gaplashish taqiqlanadi.
Mazkur bandning ikkinchi xatboshisidagi talablarni buzgan talabgorlar test sinovidan chetlashtiriladi va test sinovidan oʻtmagan deb hisoblanadi. Test sinovidan chetlashtirilgan talabgorlar boʻyicha Agentlik tomonidan tasdiqlangan roʻyxatda keltirilgan kuzatuvchilari tomonidan dalolatnoma tuziladi.
20. Test sinovlari boʻyicha talabgor bir vaqtning oʻzida faqat bitta hudud (notarial okrug) uchun test sinovida ishtirok etishi mumkin.
21. Test sinovlarini topshirish uchun 40 ta test savollariga 60 daqiqa vaqt ajratiladi.
Test savolining har bir toʻgʻri javobi uchun 2,5 balldan beriladi. Notoʻgʻri javob berilgan yoki javob berilmagan test savoli uchun ball berilmaydi.
Test sinovlari natijalariga koʻra 55 balldan yuqori toʻplagan talabgorlar test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan hisoblanadi.
Bunda talabgorlar tomonidan 55 va undan past ball toʻplangan taqdirda muvaffaqiyatli oʻtmagan deb hisoblanadi.
22. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarning test natijalari bir yil davomida amal qiladi.
Bunda talabgorlar yagona tanlovning amaliy imtihon bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtolmagan taqdirda, test sinovlarining natijasi chiqqan kundan boshlab bir yil davomida qayta test sinovlarini topshirishi talab etilmaydi.
23. Talabgorlarning natijalari test sinovlari yakunlangandan soʻng real vaqt rejimida test sinovlarini bajargan maxsus elektron platformada oʻzlariga koʻrinadi.
Xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha test sinovida ishtirok etayotgan talabgorning natijasi test sinovi yakunlangandan soʻng bir vaqtning oʻzida talabgorning hamda komissiya masʼul kotibining shaxsiy kabinetiga elektron xabarnoma shaklda kelib tushadi.
Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash boʻyicha test sinovida ishtirok etayotgan talabgorning natijasi test sinovi yakunlangandan soʻng, shu kunning oʻzida Agentlik tomonidan Vazirlikka yuboriladi.
Bunda komissiya masʼul kotibi tomonidan test sinovi natijasi yuzasidan talabgorning elektron pochta manziliga xabarnoma yuboriladi.
24. Talabgorlar test sinovlari boʻyicha apellyatsiya shikoyatlarini test oʻtkaziladigan vaqtning oʻzida hamda test sinovlarini yakunlagandan soʻng 30 daqiqa davomida elektron test platformasi orqali berishlari mumkin.
Talabgorlar tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyatlari Agentlikda tashkil qilingan apellyatsiya komissiyasi tomonidan apellyatsiya shikoyati berilgan kundan boshlab besh ish kuni davomida koʻrib chiqiladi.
Apellyatsiya shikoyatlari koʻrib chiqilgandan soʻng takroriy apellyatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi.
Apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish va test sinovi natijalariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qaror apellyatsiya shikoyatida koʻrsatilgan dalillar oʻz tasdigʻini topgan taqdirda qabul qilinadi.
Apellyatsiya shikoyatlari boʻyicha apellyatsiya komissiyasining xulosasi Vazirlik orqali talabgorlarga elektron shaklda ham yuboriladi.
25. Komissiya masʼul kotibi test sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarning roʻyxatini shakllantiradi.
26. Amaliy imtihonda talabgorlar maxsus elektron platformada notarial harakatlarning loyihalarini tayyorlaydi va muammoli masalaga (kazusga) javob beradi.
27. Komissiya majlisida talabgorlar, qoida tariqasida, 5 tagacha talabgordan iborat guruh shakllantirilib, navbat boʻyicha kiritiladi.
Talabgorlar amaliy imtihonga shaxsini tasdiqlovchi hujjatini (pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi, haydovchilik guvohnomasini) koʻrsatgan holda qoʻyiladi.
28. Notarial harakatlarning loyihalari va muammoli masalalar (kazuslar) roʻyxati komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi va Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi hamda qonunchilik hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni hisobga olgan holda davriy ravishda qayta koʻrib chiqiladi.
29. Komissiya majlisi masʼul kotibi komissiya aʼzolariga amaliy imtihonda ishtirok etayotgan, shuningdek amaliy imtihonga kelmagan hamda unga qoʻyilmagan talabgorlar roʻyxatini oʻqib eshittiradi.
30. Amaliy imtihon boʻyicha talabgor komissiyaning bitta majlisi davomida faqat bitta hudud (notarial okrug) uchun amaliy imtihonda ishtirok etishi mumkin.
31. Notarial harakatlarning loyihasi va muammoli masala (kazus) talabgor tomonidan axborot texnologiyalaridan foydalangan holda elektron dastur orqali tasodifiy ravishda tanlanadi.
Talabgor tomonidan tasodifiy ravishda tanlangan notarial harakatlarning loyihasi va muammoli masala (kazus) komissiya masʼul kotibi tomonidan printerda chop etiladi va (yoki elektron shaklda) talabgorga taqdim qilinadi.
32. Talabgorlarga javob berishga tayyorgarlik koʻrishlari uchun 20 daqiqa vaqt ajratiladi.
33. Yagona tanlov oʻtkazish jarayonida talabgorlarga quyidagilar taqiqlanadi:
aloqa va telekommunikatsiya vositalari (telefon, kompyuter, planshet va boshqalar), kitob hamda shpargalkalardan foydalanish;
boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish;
yagona tanlov tugamasdan xonadan tashqariga chiqish.
Talabgorning mazkur qoidalarga amal qilmasligi uni yagona tanlovda qatnashishdan chetlashtirish uchun asos boʻladi. Ushbu holatda masʼul kotib tomonidan mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shakldagi dalolatnoma rasmiylashtiriladi va komissiya aʼzolarining kamida uch nafari tomonidan imzolanadi.
Amaliy imtihonda qatnashishdan chetlashtirilgan talabgor olti oy davomida keyingi amaliy imtihonga qoʻyilmaydi.
34. Talabgor komissiya aʼzolariga dastlab notarial harakatning loyihasini elektron tizimda tayyorlab koʻrsatadi, soʻngra muammoli masalaga (kazusga) javob beradi.
Komissiya aʼzolari notarial harakat loyihasi yoki muammoli masala (kazus) yuzasidan aniqlashtirish maqsadida qoʻshimcha savollar berishi mumkin.
35. Amaliy imtihon natijasi boʻyicha komissiyaning har bir aʼzosi boshqa aʼzolardan mustaqil ravishda mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shakldagi baholash byulletenida talabgorning javobini 5 ballik tizimda baholaydi.
Bunda komissiyaning har bir aʼzosi talabgorni quyidagi mezonlarga asosan baholaydi:
berilgan notarial harakat loyihasini tuzishda qonunchilik hujjatlari talablarining barchasi qamrab olinganligi, muammoli masalaga (kazusga) toʻliq va aniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq tizimli bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida mustaqil foydalanishni bilishi, ijtimoiy muammolar va jarayonlarni mustaqil tahlil qila olishi — 5 ball;
berilgan notarial harakat loyihasini tuzishda qonunchilik talablarining qamrab olinganligi, muammoli masalaga (kazusga) aniq, biroq toʻliq javob berolmasligi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida foydalanishni bilishi, ijtimoiy muammolar va jarayonlarni tahlil qila olishi — 4 ball;
berilgan notarial harakat loyihasini tuzishda qonunchilik talablarining qisman qamrab olinganligi, muammoli masalaga (kazusga) toʻliq javob berolmasligi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga yetarli darajada ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida foydalanishni bilishi — 3 ball;
berilgan notarial harakat loyihasini tuzishda qonunchilik talablarining qamrab olinmaganligi, muammoli masalaga (kazusga) noaniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida foydalanishni bilmasligi — 2 ball;
berilgan notarial harakat loyihasini qonunchilik talablariga muvofiq tuzilmaganligi, muammoli masalaga (kazusga) noaniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga yetarli darajada ega emasligi — 1 ball;
berilgan notarial harakat loyihasini tuza olmasligi, muammoli masalaga (kazusga) umuman javob bera olmasligi — 0 ball.
36. Baholash byulletenida ballarni hisoblab chiqish uchun komissiya aʼzolari orasidan 3 kishidan iborat hisoblash guruhi tuziladi.
Hisoblash guruhi tomonidan baholash byulletenlaridagi ballar hisoblab chiqiladi. Hisoblash natijalari mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq shakldagi yigʻma baholash byulleteniga kiritiladi va komissiya aʼzolariga eʼlon qilinadi.
Amaliy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan deb topilgan talabgorning umumiy toʻplagan balli tanlovda olinishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 55 foizidan yuqori boʻlishi lozim.
Amaliy imtihonda ishtirok etgan talabgorning toʻplagan balli imtihonda olinishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 55 foizi yoki undan kam boʻlsa, talabgor amaliy imtihondan oʻta olmagan hisoblanadi.
37. Talabgorlardan birortasi ham amaliy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtmagan taqdirda, komissiya amaliy imtihon oʻtkazishga qayta eʼlon berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
38. Amaliy imtihon natijasiga koʻra bitta notarial okrug uchun ballar teng boʻlib qolgan hollarda, amaliy imtihon gʻolibi eng koʻp bir xil ball olgan talabgorlar orasidan komissiya aʼzolari tomonidan ovoz berish yoʻli bilan aniqlanadi.
Eng koʻp ovoz olgan talabgor amaliy imtihonda gʻolib deb topiladi. Ovozlar takroran teng boʻlib qolsa, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi boʻlib hisoblanadi.
39. Davlat notarial idorasi notariusi lavozimi uchun yagona tanlovda gʻolib deb topilmagan va olinishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 55 foizidan koʻp ball toʻplagan talabgorlarga ularning roziligi bilan komissiyaning ushbu majlisi davomida tanlov oʻtkazilgan, biroq unda gʻolib aniqlanmagan, shuningdek mazkur Nizomda belgilangan tartibda ikki marta eʼlon berilgan, lekin ushbu boʻsh oʻringa birorta ham talabgor tanlovda ishtirok etmagan boshqa boʻsh notarius oʻrnida ishlash taklif etilishi mumkin.
Ushbu bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan talabgorlarga notariusning bolani parvarishlash taʼtiliga chiqish davrida uning oʻrnida vaqtincha notarius lavozimida ishlash taklif etilishi mumkin.
40. Amaliy imtihonda ishtirok etib, unda olinishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 55 foizi yoki undan kam ball toʻplagan talabgor ushbu amaliy imtihon oʻtkazilgan kundan boshlab olti oy davomida yagona tanlovlarga qoʻyilmaydi.
41. Yagona tanlov yakunlari boʻyicha komissiya qaror qabul qiladi.
Qarorda quyidagilar koʻrsatiladi:
raqami va qabul qilingan sanasi;
ishtirok etgan komissiya aʼzolari roʻyxati;
yagona tanlov natijalari;
yagona tanlovda gʻolib deb topilgan va oʻta olmagan talabgorlar roʻyxati;
yagona tanlovda gʻolib deb topilgan talabgorlar tomonidan qasamyod qabul qilinganligi;
komissiya qarori ustidan shikoyat qilish tartibi.
Baholash byulletenlari hamda yigʻma baholash byulleteni komissiya qaroriga ilova qilinadi.
Komissiya qarori rais tomonidan tasdiqlanadi.
42. Talabgorlar tomonidan toʻplangan ballar, ovoz berish natijalari hamda komissiya qarori yagona tanlov oʻtkazilgan kunning oʻzida talabgorlarga oʻqib eshittiriladi.
43. Komissiya qarori bir nusxada tuziladi. Davlat notarial idorasi notariusi lavozimi uchun yagona tanlovdan soʻng bir ish kuni ichida qarordan koʻchirma yagona tanlov gʻolibi bilan mehnat shartnomasini tuzish va uni notarius lavozimiga tayinlash toʻgʻrisidagi buyruq qabul qilish uchun hududiy adliya organiga yuboriladi.
Xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya uchun yagona tanlovdan soʻng qarordan koʻchirma bir ish kuni ichida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali talabgorga yuboriladi.
4-bob. Talabgordan notarius qasamyodini qabul qilish
44. Yagona tanlovda gʻolib deb topilgan talabgor komissiya majlisida Oʻzbekiston Respublikasi “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:
“Notarius vazifasini halol va vijdonan bajarishga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya etishga tantanali qasamyod qilaman”.
45. Talabgor notarius qasamyodi matnini ovoz chiqarib oʻqiydi va talabgor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, qasamyod qabul qilingan sana va joy bayon etilgan tegishli hujjatni imzolaydi.
Mazkur hujjat ham komissiya qaroriga ilova qilinadi.
46. Yagona tanlovda gʻolib deb topilgan talabgorning notarius qasamyodini qabul qilishdan bosh tortishi uning notarius lavozimiga tayinlanishdan voz kechishi deb hisoblanadi.
5-bob. Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash va litsenziya berish
47. Komissiyaning davlat notarial idorasi notariusi lavozimi uchun yagona tanlov yakunlari boʻyicha qabul qilgan qarori yagona tanlovda gʻolib deb topilgan talabgor bilan mehnat shartnomasini tuzish va uni notarius lavozimiga tayinlashga asos boʻladi.
Komissiyaning xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya uchun yagona tanlov yakunlari boʻyicha qabul qilgan qarori xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya uchun yagona tanlovda gʻolib deb topilgan talabgorga litsenziya berishga asos boʻladi.
48. Yagona tanlov gʻolibi bilan mehnat shartnomasini tuzish va uni davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash tegishli hududiy adliya organining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
Agar talabgor davlat notarial idorasi notariusining bolani parvarishlash taʼtili davriga uning oʻrnida vaqtincha ushbu lavozimda ishlash uchun tayinlangan boʻlsa, u bilan muddatli mehnat shartnomasi tuziladi va tegishli buyruq chiqariladi.
Yagona tanlov gʻolibi bilan mehnat shartnomasini tuzish va uni davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash haqidagi buyruq komissiya qaroridan koʻchirma olingan kundan boshlab uch kundan kechiktirmay chiqariladi.
Xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyuldagi 369-son qarori bilan tasdiqlangan Xususiy notarial faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida nizomda belgilangan tartibda beriladi.
49. Davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlangan yoki litsenziya olgan, biroq oxirgi uch yilda notarius, notarius yordamchisi, notarius stajyori yoki notarius kotibi lavozimida ishlamagan shaxslar Vazirlik bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi tomonidan tasdiqlanadigan dastur boʻyicha bir oylik amaliyotni oʻtaydilar.
Amaliyot oʻtash davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqda yoki litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorda nazarda tutiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasining tegishli hududiy boshqarmasi hamda tegishli hududiy adliya organining kelishuviga asosan soha boʻyicha yetarli tajriba va koʻnikmalarga ega boʻlgan hamda notarius lavozimida kamida uch yil ishlayotgan notarius amaliyot murabbiyi etib belgilanadi.
6-bob. Yagona tanlovda ishtirok etishdan yoxud davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlanishdan voz kechish
50. Talabgor yagona tanlovning har qanday bosqichida, shuningdek yagona tanlovda ishtirok etishdan, xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya olishdan yoki davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlanishdan voz kechishga haqli. Buning uchun talabgor bevosita Vazirlikka yoki tegishli hududiy adliya organiga ariza bilan murojaat etishi lozim.
Agar yagona tanlovda gʻolib deb topilgan talabgor yagona tanlov oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun ichida tegishli hududiy adliya organiga mehnat shartnomasini tuzish va davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlanish uchun murojaat qilmasa, bu holat davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlanishdan voz kechish deb hisoblanadi, kelmaganlik sababi uzrli deb topilgan hollar (kasalligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi, yaqin qarindoshlarining vafoti, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishi sababli) bundan mustasno.
51. Agar davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga tayinlash toʻgʻrisidagi buyruq qabul qilingunga qadar notarius lavozimiga tayinlanishdan voz kechsa, yagona tanlovda mazkur talabgordan soʻng eng yuqori ball olgan talabgor komissiya qarori asosida notarius lavozimiga tayinlanadi.
Bunda ushbu talabgor yagona tanlovda olinishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 55 foizidan koʻp ball toʻplagan hamda mazkur Nizomning 39-bandiga hamda 48-bandining ikkinchi xatboshisiga muvofiq boshqa boʻsh (vaqtincha boʻsh) notarius oʻrniga tayinlanmagan boʻlishi lozim.
52. Agar talabgor yagona tanlovga kelmasa olti oy davomida keyingi tanlovlarga yoki malaka imtihoniga qoʻyilmaydi, kelmaganlik sababi uzrli deb topilgan hollar (kasalligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi, yaqin qarindoshlarining vafoti, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishi sababli) bundan mustasno.
7-bob. Yagona tanlov boʻyicha hujjatlarni yuritish
53. Oʻtkazilgan har bir yagona tanlov boʻyicha materiallar, shu jumladan yagona tanlovni oʻtkazish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuvlar ishchi organ tomonidan elektron shaklda doimiy saqlanadi.
8-bob. Yakuniy qoidalar
54. Komissiya qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
55. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

huzuridagi Oliy malaka komissiyasiga

_______________________________________

_______________________________________

(talabgorning yashash manzili va F.I.O.)

ARIZA

Menga “Inson va qonun” gazetasi (Adliya vazirligining rasmiy veb-sayti)ning 20__ yil “___” ________ da berilgan eʼloniga muvofiq __________________________________________________ notariusi lavozimiga tayinlash boʻyicha __________________________________________________________________

____________________________ (davlat notarial idorasining nomi)

Yagona tanlovda ishtirok etishga ruxsat berishingizni soʻrayman.

Avval notarius lavozimiga tayinlash boʻyicha yagona tanlovda

20____ yil “______” ______________________________ da

ishtirok ________________________________

_____________ (etmaganman yoki etganman)

Telefon raqamim: ____________________________

Elektron pochta manzilim: ____________________________

Pasport (identifikatsiya ID-karta) maʼlumotlarim:

______

___________

__________________

(seriyasi)

(raqami)

(JSHSHIR)

_______________

___________

(sana)

(imzo)

Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

Soʻrovnoma

1. Familiyasi: ______________________________________

rasm

Ismi: _____________________________________________

Otasining ismi: _____________________________________

2. Tugʻilgan sanasi: ______yil “_____” ________________.

3. Maʼlumoti: ______________________________

Tamomlagan: _______________________

(sana)

_____________________________________________________________________________

(oliy taʼlim tashkiloti nomi)

Diplom boʻyicha mutaxassisligi: _________________________________

Ilmiy darajasi, ilmiy unvoni (agar mavjud boʻlsa): _______________________________

4. Mehnat daftarchasidan ish staji haqida maʼlumotlar:

T/r

Ishga kirish sanasi

Ishdan ketish sanasi

Ish joyi va lavozimi

1.

2.

...

5. Oʻziga nisbatan muomala layoqatini cheklash yoki muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisida sudning qarori mavjudligi: _____________________________________________________

6. Sudlanganlik holati: ________________________________________________________

7. Soʻrovnomadagi maʼlumotlarning haqiqiyligi va toʻgʻriligini tasdiqlayman.

Soʻrovnoma toʻldirilgan sana: 20___ yil “_____” ______________.

Shaxsiy imzo ______________________

Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA

20___ yil “____” _____ _____-son

Talabgor ___________________________ga

(F.I.O)

____________________________________

____________________________________

(yashash joyi)

XABARNOMA

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ________________________________________

__________________________________________________________________________________ notarius

(notarius lavozimiga yagona tanlov oʻtkazilayotgan notarial idoraning nomi)

lavozimiga oʻtkaziladigan yagona tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etgan hujjatlaringiz koʻrib chiqildi.

_________________________________________________________________________________________

(yagona tanlovda ishtirok etishni rad etish sabablari)

_________________________________________________________________________________________

_____________________ sababli Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 12-bandiga muvofiq Sizning yagona tanlovda ishtirok etishingiz rad etildi.

Komissiya masʼul kotibi

___________

__________________________

(imzo)

(F.I.O)

Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA

Yagona tanlovdan chetlashtirish haqida

DALOLATNOMA

Toshkent shahri

20__ yil “_____” _______________

Biz, quyida imzo chekuvchilar shuni tasdiqlaymizki, Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 33-bandi talablariga asosan talabgor ___________________________

____________________________________________________________________ quyidagi sabablarga koʻra

(F.I.O)

Yagona tanlovdan soat _____:_____ da chetlatildi:

 uyali telefon, boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, kitob hamda shpargalkalardan foydalandi;

 boshqa talabgorlar bilan suhbatlashdi;

yagona tanlov tugamasidan xonadan tashqariga chiqdi.

Komissiya aʼzosi

____________

____________________________

(imzo)

(F.I.O)

Komissiya aʼzosi

____________

____________________________

(imzo)

(F.I.O)

Komissiya aʼzosi

____________

____________________________

(imzo)

(F.I.O)

Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi aʼzosining
BAHOLASH BYULLETENI

T/r

Yagona tanlov oʻtkazilayotgan notarial okrug nomi

Talabgorlarning F.I.O.

Qoʻyilgan ball

1.

2.

3.

...

Komissiya aʼzosi

_______________

________________________

(imzo)

(F.I.O.)

Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasining _______-son majlisi
YIGʻMA BAHOLASH BYULLETENI

T/r

Yagona tanlov oʻtkazilayotgan notarial okrug nomi

Talabgorlarning F.I.O.

Komissiya aʼzolarining F.I.O. va ular tomonidan qoʻyilgan ballar

Jami ball

F.I.O.

F.I.O.

F.I.O.

F.I.O.

F.I.O.

F.I.O.

F.I.O.

F.I.O.

F.I.O.

F.I.O.

F.I.O.

1.

2.

3.

...

Komissiya aʼzosi

_______________

______________________

(imzo)

(F.I.O.)

Komissiya aʼzosi

_______________

______________________

(imzo)

(F.I.O.)

Komissiya aʼzosi

_______________

______________________

(imzo)

(F.I.O.)

Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 9-fevraldagi 5-mh-son buyrugʻiga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 4-yanvardagi 3-mh-son “Davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha malaka imtihonini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3114, 2019-yil 4-yanvar) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2019-y., 10/18/3114/2423-son).
2. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2020-yil 15-iyundagi 134-mh-son “Notarius lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3114-1, 2020-yil 15-iyun) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/3114-1/0763-son).
3. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 27-fevraldagi 3-mh-son “Davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha malaka imtihonini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3114-2, 2021-yil 27-fevral) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.02.2021-y., 10/21/3114-2/0168-son).
4. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 7-oktabrdagi 22-mh-son “Davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha malaka imtihonini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3114-3, 2022-yil 7-oktabr) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2022-y., 10/22/3114-3/0901-son).
5. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 1-fevraldagi 1-mh-son “Davlat notarial idorasi notariusini lavozimiga tayinlash boʻyicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish boʻyicha malaka imtihonini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3114-4, 2025-yil 6-fevral) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 10/25/3114-4/0113-son).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.02.2026 y., 10/26/3773/0132-son)