toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.01.2022
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Banklarning hisob siyosati va moliyaviy hisoboti to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 3-sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1270]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 18-noyabrdagi 20/3-sonli “Tijorat banklarining hisob siyosati va moliyaviy hisobotlariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3337, 27.11.2021-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunining 3, 7 va 51-moddalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. “Banklarning hisob siyosati va moliyaviy hisoboti to‘g‘risida” nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Buxgalteriya hisobi, hisoboti va Davlat budjetining kassa ijrosi departamenti (D.A. Oripov)ga ushbu banklarning hisob siyosati va moliyaviy hisoboti to‘g‘risidagi nizomni 10 kun muddat davomida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etsin.
3. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng 2004-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.
4. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari M.R. Jumagaldiyevga yuklatilsin.
Markaziy bank Boshqaruvining raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 19-iyul,
15/9-son
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan
2003-yil 19-iyul, 15/9-son
“TASDIQLANGAN”
Banklarning hisob siyosati va moliyaviy hisoboti to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq tijorat banklarida (bundan buyon matnda — banklar) buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotning siyosati va tartibotlarini ishlab chiqish hamda joriy etish talablarini o‘rnatish maqsadida ishlab chiqilgan.
Buxgalteriya hisobining asos soluvchi qoidalari (prinsiplari) o‘zida qoidalar (prinsiplar), konsepsiyalar va ta’riflar majmuasini aks ettirib, moliyaviy axborotlarni aniq, bosqichma-bosqich, o‘z vaqtida, tushunarli ravishda aniqlashga, baholashga, hisobga olishga, shakllantirishga va taqdim etishga imkon beradi. Buxgalteriya hisobi o‘zida shunday jarayonni aks ettiradiki, uning natijasida buxgalteriya hisobi asosini tashkil etuvchi qoidalardan foydalangan holda foydali moliyaviy axborotlar shakllantiriladi. Moliyaviy hisobotlarning maqsadi bo‘lib, foydalanuvchilarning keng doirasi uchun, ular tomonidan iqtisodiy qarorlarni qabul qilishda foydali bo‘lgan axborotlarni, ya’ni bankning moliyaviy holati, faoliyati va moliyaviy holatidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi axborotlarni taqdim etish hisoblanadi.
Ushbu jarayonni samarali amalga oshirish maqsadida talablarni manfaatdor shaxslarga moliyaviy axborotlarni taqdim etish nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish zarur. Ushbu talablar odatda ikki toifaga — moliyaviy axborotlar ichki foydalanuvchilar (bank rahbariyati) va tashqi foydalanuvchilar talablari bo‘yicha bo‘linadi.
Ichki foydalanuvchilar rejalashtirish, qarorlar qabul qilish va nazoratni amalga oshirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga yordam beruvchi qo‘shimcha boshqaruv va moliyaviy axborotlarni olish huquqiga ega bo‘lsalar ham, moliyaviy hisobotlarda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni olishdan manfaatdordirlar.
Tashqi foydalanuvchilar, foydalanuvchilarning keng doirasi tomonidan iqtisodiy qarorlarni qabul qilishda foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan bank faoliyati va ko‘rsatkichlari, bankning moliyaviy holatidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olishdan manfaatdordirlar. Moliyaviy hisobotlar aksariyat foydalanuvchilarning umumiy ehtiyojlarini qanoatlantirishi lozim.
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 41-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki banklarda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot qoidalarini o‘rnatadi.
2. Mazkur Nizom faqat banklarning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotiga tatbiq etilib, soliq solish masalalarini o‘z ichiga olmaydi, shuningdek tartibga solish, operatsion, nazorat qilish va hisob-kitoblarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqmaydi.
3. O‘zbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobining asosi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuni va Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (bundan buyon matnda — MHXS) hisoblanadi. Banklar tomonidan chop qilinadigan moliyaviy hisobot, shuningdek buxgalteriya hisobi va hisoboti jarayonida banklar tomonidan foydalaniladigan asosiy prinsiplar (tamoyillari), konsepsiyalar va ta’riflar O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuniga va MHXSga muvofiq bo‘lishi shart.
4. Markaziy bank banklarda buxgalteriya hisobining asos soluvchi prinsiplari (tamoyillari)ni va asosiy qoidalarini belgilaydi. Markaziy bankning buxgalteriya xisobini yuritish bo‘yicha me’yoriy hujjatlari buxgalteriya hisobining aniq tartibotlarini, ya’ni ma’lum bir maqsadlarga erishish uchun amalga oshiriladigan qadamlarning ketma-ketligi, bank tomonidan buxgalteriya operatsiyalarini olib borish usullari yoki shakllari belgilangan to‘plamini taqdim etish uchun mo‘ljallanmagan.
5. Markaziy bank tomonidan 1-ilovaga muvofiq buxgalteriya hisobi bo‘yicha ishlab chiqiladigan me’yoriy hujjatlar banklarda buxgalteriya hisobining prinsiplari (tamoyillari), konsepsiyalari va ta’riflarini qo‘llash bo‘yicha qoidalar va yo‘nalishlarni taqdim etish uchun mo‘ljallangan. Ushbu prinsiplar (tamoyillar), konsepsiyalar va ta’riflar bankda imkon qadar avtomatlashtirilgan holda buxgalteriya hisobining barcha jarayonlarida bir xil tartibda va bosqichma-bosqich qo‘llanilishi kerak.
6. 1-ilova banklarda buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar ro‘yxatini ko‘zda tutadi. Markaziy bankning me’yoriy hujjatlari asosida banklar o‘zlarining hisob siyosatini va amaliyotlarning batafsil tartibotlarini ishlab chiqishlari lozim.
II. Buxgalteriya hisobining asos soluvchi prinsiplari (tamoyillari)ga ko‘ra ishni tashkil etish bo‘yicha majburiyatlar
7. Buxgalteriya hisobining asos soluvchi prinsiplari (tamoyillari) maqsadlarini amalga oshirish uchun bank Kengashi, bank Boshqaruvi, bank buxgalteriya hisobi va ichki audit departamentlari (boshqarma, bo‘lim) aniq majburiyatlari belgilanishi kerak.
8. Bank Kengashining ko‘rsatmasiga ko‘ra bank Boshkaruvi bankni hisob faoliyati siyosatini va tartibotlarini tuzishda mazkur Nizomni qo‘llash bo‘yicha masalalarni aniqlab olishi va ta’riflab berishi shart.
9. Banklar bank hisob siyosatining mazkur Nizomga muvofiq tuzilishi bo‘yicha javobgardir.
10. Bankning tasdiqlangan hisob siyosati va tartibotlari bankning mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan bajarilishi shart va ularga buxgalteriya hisobining tegishli prinsiplari (tamoyillari)ni qo‘llashda va asoslanmagan qarorlarni qabul qilishdan chetlab o‘tishda yordam berishi kerak.
11. Bank bo‘yicha standart usullarni bir hil tartibda va bosqichma-bosqich qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida bank Boshqaruvi tomonidan hisob tartibotlari tasdiqlanadi. Ushbu maqsadlarga samarali (muvaffaqiyatli) erishish uchun buxgalteriya hisobi jarayonining katta qismi avtomatlashtirilgan bo‘lishi shart.
12. Barcha banklar o‘zlarining hisob faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni ishlab chiqishlari va joriy etishlari shart. Zarur bo‘lgan taqdirda Markazii bank MHXSga muvofiq ishlab chiqqan me’yoriy hujjatlarni qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan texnik masalalar bo‘yicha tushuntirishlar beradi.
1-§. Bankning kengashi
13. Bank Kengashi mazkur Nizom va Markaziy bankning 1-ilovaga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha boshqa me’yoriy hujjatlaridan bankning hisob faoliyatida qo‘llanilishi uchun javobgardir.
14. Bank Kengashi hisob siyosati va tartibotlarini ishlab chiqish, shuningdek ularni qo‘llashni Boshqaruvning majburiyatlariga kiritishi kerak. Kengash hisob siyosatini tasdiqlaydi, hamda ularni Markaziy bank tomonidan buxgalteriya hisobi bo‘yicha MHXSga muvofiq ishlab chiqilgan me’yoriy hujjatlariga to‘liq mos kelishini ta’minlash maqsadida bir yilda kamida bir marta, 1-fevralgacha qaytadan ko‘rib chiqadi.
15. Bank Kengashi tomonidan hisob siyosati va tartibotlarini ishlab chiqish bo‘yicha vakolatlarni Boshqaruvga berilishi Kengashni bankning ushbu siyosat va tartibotlarini mazkur Nizomga muvofiq ishlab chiqilishini va bajarilishini ta’minlash majburiyatidan ozod qilmaydi.
16. Bankning Kengashi yillik moliyaviy hisobotlarini chop etishdan avval ularni tasdiqlashi kerak. Bunda, Kengash chop etilayotgan moliyaviy hisobotlarni Markaziy bank tomonidan MHXSga muvofiq ishlab chiqilgan me’yoriy hujjatlarga to‘liq mos kelishini ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rishi lozim.
2-§. Bank Boshqaruvi
17. Bank Boshqaruvi Markaziy bankning me’yoriy hujjatlari talablariga muvofiq holda hisob tartibotlarini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun javobgardir.
18. Bank Boshqaruvi bankning moliyaviy hisobotlarini tuzish va taqdim qilish uchun javobgardir. Bank Boshqaruvi chiqarilayotgan moliyaviy hisobotlarni Markaziy bank tomonidan MHXSga muvofiq ishlab chiqilgan me’yoriy hujjatlarga to‘liq mos kelishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi shart.
3-§. Bankning buxgalteriya hisobi departamenti (boshqarmasi, bo‘limi)
19. Bankning buxgalteriya hisobi departamenti (boshqarmasi, bo‘limi) mazkur Nizom va buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha bankning ichki siyosati bilan bog‘liq bo‘lgan texnik masalalarni tegishli tarzda tushuntirish va to‘g‘ri qo‘llash uchun javobgardir.
20. Bankning buxgalteriya hisobi departamenti (boshqarmasi, bo‘limi) Markaziy bank tomonidan MHXSga muvofiq ishlab chiqilgan buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarini qo‘llashda tegishli ichki nazoratni, buxgalteriya hisobi va hisob jarayonlari uslubiyotini ishlab chiqishda, shuningdek ularni bank ichida joriy etish uchun javobgardir.
4-§. Bankning ichki auditi
21. Har bir bankning ichki auditi Markaziy bankning MHXSga muvofiq ishlab chiqilgan buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarini qo‘llashda ichki nazoratni, hisob siyosatini va bankning tartibotlarini, buxgalteriya hisobi va hisob jarayonlarining uslubiyotini, ularni adekvatligi hamda ulardan bankda foydalanilishini tekshirish uchun javob beradi.
22. Ichki audit haqqoniy tekshirishni o‘tkazish, baholash va audit natijalari to‘g‘risida bankni Kengashiga hisobotlarni taqdim etish yuzasidan javobgardir. Bunda, auditni hisobotlari asosida bankning Kengashi bankda bajarilishi majburiy bo‘lgan tegishli qarorni qabul qiladi.
23. Ichki audit Kengashga tekshirish materiallarini, taklif va e’tirozlarini yuboradi. Kengash Bank Boshqaruvidan auditorlar tomonidan aniqlangan kamchiliklarni va masalalarni hal etilishi bo‘yicha davriy hisobotlarni talab qilishi shart.
Banklarning hisob siyosati va moliyaviy hisoboti to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Tijorat banklarida buxgalteriya xisobini yuritish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar
Ro‘yxati

Balans hisoboti

1.010*

Pul mablag‘larining hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.020

Banklardan olinadigan mablag‘larning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.100

Moliyaviy instrumentlarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.300

Ssudalarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.400

Ijara hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.500

Asosiy vositalarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.600

Zaxiralarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.620

Qarz oluvchini garov mulkiga bo‘lgan huquqidan mahrum qilish yo‘li bilan sotib olingan mulkning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.650

Ko‘chmas mulkka investitsiyalarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.700

Faktoring hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.750

Nomoddiy aktivlarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.800

Shu’ba xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.810

Birlashgan xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.820

Qo‘shma faoliyatda ishtirok etish ulushining hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

1.900

Aktivlarning qadrsizlanishi hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

2.010

Depozitlar hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

2.200

Qarz mablag‘lari hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

2.300

Xodimlarni mukofotlash hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

2.500

Daromad (foyda) solig‘i hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

2.600

Zaxiralar/shartli majburiyatlar hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

2.800

Uzoq muddatli qarzlar hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

3.000

Kapital hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

Foyda va zararlar to‘g‘risida hisobot

4.100

Foizlar hisoblashning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

4.200

Foizlarni o‘stirmaslik hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

4.400

Daromadlarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

4.500

Xarajatlarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

Boshqalar / Oshkor etish

9.010

Moliyaviy hisobotda ma’lumotlarni aks ettirish bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.030

Pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobotni tuzish bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.040

Davr uchun sof foyda yoki zarar hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.050

Oraliq moliyaviy hisobotni tuzish bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.050

Segment hisobot bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.060

Jamlanma moliyaviy hisobotni tuzish bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.100

Axborotni oshkor etish bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.110

Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin sodir bo‘lgan voqealarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.120

Aloqador tomonlar to‘g‘risidagi axborotlarni ochib berish bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.130

Aksiya bo‘yicha foydaning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.140

Fundamental xatolar hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.150

Hisob siyosatidagi o‘zgarishlarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.160

Tugatilayotgan faoliyatning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.170

Pul moddalari hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.190

Iqtisodiyotning giperinflatsiya sharoitida moliyaviy hisobotlarni tuzish bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.200

Valyuta kurslarining o‘zgarishi munosabati bilan qayta baholash hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.220

Xorijiy faoliyat hisobotini qayta hisoblash bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.300

Moliyaviy vositalarni tan olish va baholash bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.330

Hosilaviy instrumentlarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.350

Xedjirlash hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.400

Hukumat grantlari va yordamlarining hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.410

Pudrat shartnomalarining hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.420

Qarzlar bo‘yicha xarajatlar hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.500

Kompaniyalarning birlashishi hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

9.900

Balansdan tashqari moddalarning hisobi bo‘yicha me’yoriy hujjat

Hisobvaraqlar rejasi

10.100

Hisobvaraqlar rejasi

* Shartli raqamlash keltiriladi