toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 26.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
TADBIRKORLIK FAOLIYATI YURITISH UCHUN RUXSATNOMA TURLARINI QISQARTIRISH VA ULARNI BERISH TARTIB-QOIDALARINI SODDALASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tadbirkorlik subyektlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, qonun hujjatlarini unifikatsiya qilish, maʼmuriy sarf-xarajatlarni tobora kamaytirish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma turlarini qisqartirish va ularni berish tartib-qoidalarini soddalashtirish maqsadida:
1. 2005-yilning 1-oktabridan boshlab quyidagilar belgilansin:
qonun hujjatlarida belgilangan faoliyat turlari bilan shugʻullanish uchun litsenziyalar kamida 5 yil muddatga beriladi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonun 16-moddasining ikkinchi qismi va 61-moddasi.
1-ilovaga* muvofiq faoliyat turlarini amalga oshirish uchun litsenziyalar cheklanmagan muddatga beriladi, shu bilan birga tegishli faoliyat turlarini amalga oshirish uchun avval berilgan litsenziyalar cheklanmagan muddatga berilgan deb hisoblanadi;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2-ilovada* koʻrsatilgan faoliyat turlariga litsenziya berish vazifalari tegishli davlat boshqaruv organlari zimmasiga yuklatiladi.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Litsenziya beruvchi organlar oʻrnatilgan tartibda tadbirkorlik subyektlari tomonidan litsenziya talablariga rioya etilishi ustidan qattiq nazoratni taʼminlasin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Monopoliyadan chiqarish davlat qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasining 2005-yil 1-oktabrdan boshlab 3-ilovaga* muvofiq tadbirkorlik faoliyatini yuritishda bir-birini takrorlaydigan va ortiqcha ruxsatnomalar berish tartib-qoidalarini bekor qilish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Belgilab qoʻyilsinki, tadbirkorlik subyektlari joylardagi davlat boshqaruvi va davlat hokimiyati organlari tomonidan rasmiylashtiriladigan va beriladigan ruxsatnomalar (qarorlar, kelishuv va xulosalar)ni olishi zarur boʻlgan harakatlar hamda faoliyat turlari roʻyxati faqat qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-son qarori bilan tasdiqlangan Yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxati.
Joylardagi davlat boshqaruvi va davlat hokimiyati organlarining tadbirkorlik subyektlari tomonidan ayrim harakatlarni bajarish yoki faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar joriy etish va ruxsatnoma berish tartib-qoidalarini oʻrnatish maqsadida qaror qabul qilishi taqiqlansin.
Mazkur organlarning mansabdor shaxslari qarorning ushbu bandi buzilgan taqdirda shaxsan javobgar boʻlishlari toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantirilsin.
4. Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda joriy etilgan tartibda “Ruxsatnomalar berish tartib-qoidalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini:
murojaat asosida ruxsatnomalar berishni amaliyotga tadbiq etish;
tadbirkorlik subyektlari ruxsatnoma olishi zarur boʻlgan harakatlar va faoliyat turlarining muayyan roʻyxatini belgilash;
ruxsatnomalar berish jarayonining soddalashtirilgan, aniq va asosli mexanizmlari, “bir darchaga” tamoyilidan ustuvor foydalanish, ruxsatnomalar berishga toʻlanadigan haq miqdorini ularni rasmiylashtirish xarajatlari bilan cheklash koʻzda tutilgan holda tayyorlab, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.A. Golishev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 21-sentabr,
PQ-186-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 285-modda; 2006-y., 3-son, 12-modda; 2008-y., 44-45-son, 440-modda; 2010-y., 14-15-son, 105-modda; 2012-y., 40-son, 466-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.07.2018-y., 06/18/5483/1594-son, 11.01.2019-y., 06/19/5624/2471-son; 20.03.2020-y., 06/20/5971/0348-son)