toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 28.10.2004
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YoVVOYI HAYVONLAR VA O‘SIMLIKLARNI MUHOFAZA
QILIShNI KUChAYTIRISh HAMDA ULARDAN FOYDALANIShNI
TARTIBGA SOLISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 28-oktabrdagi 508-son “Biologiya resurslaridan oqilona foydalanish, ularni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va uning tashqarisiga olib chiqish ustidan nazoratni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Qimmatli va yo‘qolib borayotgan o‘simliklar va hayvonlar turlarini muhofaza etishni kuchaytirish hamda ularni foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida” 1993-yil 3-sentabrdagi qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
— Yovvoyi hayvonlarni (shu jumladan zaharlilarini) ko‘paytirish va ulardan mahsulot olish maqsadida tutqunlikda saqlash tartibi 1-ilovaga muvofiq;
— O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarni ovlash (otish, terish va respublika tashqarisiga olib chiqib ketish) uchun to‘lovlar miqdori, ularni undirish va budjetga o‘tkazish tartibi 2-ilovaga muvofiq.
2. O‘zbekiston Respublikasi davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda yovvoyi hayvonlarni ovlashga litsenziyalar berish qiymatini va qonunsiz ov qilish va baliq tutish tufayli yetkazilgan zararning undirib olinadigan miqdorini hisoblab chiqish uchun qat’iy belgilangan to‘lovlar miqdorini O‘zbekiston Respublikasi hududida narxlarning oshishiga muvofiq indeksatsiya qilish huquqi berilsin.
3. Dorivor va oziq-ovqat o‘simliklarining hamda o‘simlik texnik xomashyosining yovvoyi holda o‘suvchi turlarini yig‘ish (tayyorlash) yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan faqat O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi xulosalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan beriladigan litsenziyalar bo‘yicha, davlat o‘rmon fondi yerlarida o‘sadigan xuddi shunday o‘simliklarga belgilangan kvotaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasining ruxsatnomalari bo‘yicha amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.
Bunday o‘simliklarni yig‘ish (tayyorlash)ga litsenziyalar berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan, davlat o‘rmon fondi yerlaridagiga esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan belgilanadi;
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 14-apreldagi 149-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 27-martdagi 136-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining dehqonchilik sanoati kompleksi bo‘limiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 15-dekabr,
600-son
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 15-dekabrdagi 600-son qaroriga
1-ILOVA
Yovvoyi hayvonlarni (shu jumladan, zaharlilarini) ko‘paytirish
va ulardan mahsulot olish maqsadida tutqunlikda saqlash
TARTIBI
Yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlashga ularni saqlab qolish, keyinchalik tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborib ko‘paytirish, sonini qayta tiklash va hayvonot dunyosini boyitish uchun ko‘paytirish va genetik fondlar yaratish maqsadida, shuningdek ilmiy, madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy va boshqa maqsadlarda ulardan mahsulot olish uchun yo‘l qo‘yiladi.
Yovvoyi hayvonlarni, shu jumladan zaharli va O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish va ulardan mahsulot olish maqsadida tutqunlikda saqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi huzuridagi Hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish respublika inspeksiyasi (“Davbionazorat”) tomonidan tasdiqlanadigan yo‘riqnomalar, me’yorlar va qoidalar, mulkchilik shaklidan, xo‘jalik faoliyati turidan va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, barcha korxonalar va tashkilotlar, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
Yovvoyi hayvonlarning barcha turlari faqat O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi huzuridagi “Davbionazorat” tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bo‘yicha tutqunlikda saqlanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish va ulardan mahsulot olish maqsadida zaharli hayvonlar (ilonlar, bo‘g‘imoyoqlilar)ni tutqunlikda saqlash huquqi faqat O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi va “O‘zzoobirlashma” tashkilotlariga beriladi.
(to‘rtinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 14-apreldagi 149-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi tashkilotlari tomonidan tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan pitomniklardagina tutqunlikda saqlashga yo‘l qo‘yiladi. Bunday pitomniklarda ko‘paytirilgan yovvoyi hayvonlardan tijorat maqsadlarida faqat ikkinchi va undan keyingi avlodlardan bo‘lgan bosh sonlaridan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
(beshinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 14-apreldagi 149-son qarori tahririda)
Yuridik va jismoniy shaxslarga zoologik do‘konlardan sotib olingan yoki O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi organlarining ruxsatnomalari bo‘yicha tabiatdan ovlangan yovvoyi hayvonlarni saqlashga, zaharli va O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlardan tashqari, ularni ovlashning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar belgilangan yo‘riqnomalar, me’yorlar va qoidalar bajarilmagan taqdirda, shuningdek, hayvonlar o‘limi yuqori bo‘lgan yoki ular samarasiz ko‘paytirilgan hollarda yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash huquqidan mahrum etiladilar.
Zoologik kolleksiyalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi huzuridagi “Davbionazorat”da albatta ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 15-dekabrdagi 600-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi
hayvonlar va o‘simliklarni ovlash (otish), terish va respublika
tashqarisiga olib chiqib ketish uchun to‘lovlar miqdori, ularni
undirish va respublika budjetiga o‘tkazish
TARTIBI
1. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni va o‘simliklarni ovlash (otish), terish va respublika tashqarisiga olib chiqib ketish haq to‘langan holda amalga oshiriladi.
2. Bunday hayvonlarni ovlaganlik (otganlik) uchun to‘lanadigan haq miqdori narxlarning umumiy oshishiga muvofiq amalga oshirilgan indeksatsiya hisobga olingan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 9-martdagi 111-son qarori (1-ilova) bilan belgilangan O‘zbekiston Respublikasi hududida yovvoyi hayvonlarni tutish uchun berilgan litsenziyalar (ruxsatnomalar) qiymati bilan belgilanadi.
3. Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni terganlik uchun haq to‘lash miqdori (litsenziya qiymati) o‘simlik turining maqomiga bog‘liq ravishda belgilanadi va yo‘qolib borayotgan o‘simliklar uchun — o‘simliklarning bir donasi uchun eng kam ish haqi miqdorining 20 foizini, noyob o‘simliklar uchun 10 foizini, kamayib borayotgan o‘simliklar uchun 2 foizini tashkil etadi.
1 kg urug‘lik terish uchun litsenziyaga haq to‘lash o‘simlikning ushbu turini terganlik uchun belgilangan litsenziya qiymatining o‘n baravari miqdorida belgilanadi.
4. Yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarni O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqib ketish uchun haq to‘lash quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan bir bosh yovvoyi hayvon (shu jumladan, tulum, o‘lja, teri, shox) uchun belgilangan litsenziya qiymatining 5 foizi, boshqa turlari uchun ushbu turdagi hayvonni tutish uchun belgilangan litsenziya qiymatining 1 foizi miqdorida;
O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan o‘simlikning bir donasi uchun — bu o‘simlikni terish uchun belgilangan litsenziya qiymatining 5 foizi miqdorida;
1 kg urug‘ uchun — ushbu turdagi o‘simlik urug‘ini terish uchun belgilangan litsenziya qiymatining 10 foizi miqdorida.
5. Ajnabiy fuqarolardan yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarni ovlash (otish), terish va respublika tashqarisiga olib chiqib ketish uchun haq amaldagi kurs bo‘yicha almashtiriladigan valyutada undiriladi.
6. Yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarni ovlash (otish), terish va respublika tashqarisiga olib chiqib ketish uchun haq O‘zbekiston Respublikasi Davlat Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi organlari tomonidan undiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Haq undirishdan olingan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi huzuridagi “Davbionazorat” maxsus mablag‘larining joriy hisob raqamiga o‘tkaziladi, ulardan 75 foizi “Davbionazorat” inspeksiyasi tomonidan respublika budjeti daromadiga o‘tkaziladi.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-oktabrdagi 499-son qarori tahrirda — O‘R QHT, 2004-y., 43-son, 456-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 43-son, 456-modda)