1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.02.00.00 Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash / 11.02.05.00 Noyob, yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida boʻlgan oʻsimliklar va hayvonlar. Qizil kitob;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.07.00.00 Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va foydalanish / 11.07.01.00 Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va foydalanishning umumiy masalalari]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish]
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
QIMMATLI VA YOʻQOLIB BORAYOTGAN OʻSIMLIKLAR HAMDA HAYVONLAR TURLARINI MUHOFAZA ETISHNI KUCHAYTIRISH HAMDA ULARDAN FOYDALANISHNI TARTIBGA SOLISH TOʻGʻRISIDA
Qimmatli va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklar hamda hayvonlar turlarining nodir genofondini muhofaza qilish va saqlab qolishni kuchaytirish, yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor, ozuqa va manzarali oʻsimliklarning turlarini, yovvoyi hayvonlar mahsulotlarini chetdan respublikaga olib kirishni va respublikadan chetga olib chiqib ketishni tartibga solish, ularning turi va soni saqlanishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Mulk shaklidan, xoʻjalik faoliyati turidan va kimning tasarrufida ekanligidan qati nazar barcha korxonalar va tashkilotlarga, shuningdek xususiy shaxslarga tegishli ruxsatnomasi boʻlmay turib yovvoyi hayvonlarning (shu jumladan zaharli jonivorlar va baliqlarning) qimmatli va yoʻqolib borayotgan turlarini ovlab tutish (otish), tutqinlikda saqlash va respublikadan chetga olib chiqib ketish, ulardan zahar olish va bu zaharlarni sotish, dorivor, ozuqa va manzarali oʻsimliklarning yovvoyi turlarini tayyorlash man etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
“Qizil kitob”ga kiritilgan oʻsimliklar va jonivorlarni tabiatdan har qanday koʻrinishda tortib ajratib olishga, alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi taqdimnomasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi beradigan ruxsatnomalar asosida yoʻl qoʻyiladi;
ovlanadigan hayvonlarni (shu jumladan zaharli jonivorlar va baliqlarni) ovlash hamda ularning mahsulotlarini toʻplash, yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor, ozuqa va manzarali oʻsimliklarni tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi beradigan ruxsatnomalar boʻyicha amalga oshiriladi;
“Qizil kitob”ga kiritilgan yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor, ozuqa va manzarali oʻsimliklarning turlarini, yovvoyi hayvonlarni (shu jumladan zaharli jonivorlar va baliqlarni), ularning mahsulotlarini, kolleksiyalar, gerbariylar va oʻljalarni chetdan respublikaga olib kirishga va respublikadan chetga olib chiqib ketishga Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi beradigan litsenziyalar boʻyicha ruxsat etiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oylik muddat ichida:
yovvoyi hayvonlarni (shu jumladan zaharli jonivorlarni ) koʻpaytirish va ularning mahsulotlarini olish maqsadida tutqinlikda saqlash tartibini;
LexUZ sharhi
Sm.: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan “Yovvoyi hayvonlarni, ularning qismlarini, shuningdek, yashash faoliyati mahsulotlarini olib kirish va chetga olib chiqish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
“Qizil kitob”ga kiritilgan yovvoyi hayvonlar va oʻsimliklarni ovlaganlik (otganlik), toʻplaganlik, sotganlik va respublikadan chetga olib chiqib ketish uchun toʻlanadigan haq miqdori, uni undirib olish va budjetga oʻtkazish tartibini, shuningdek yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor, ozuqa va manzarali oʻsimliklar tayyorlashga ruxsatnomalar berish tartibini tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat bojxona qoʻmitasi oʻsimlik va hayvonot olami tabiiy boyliklaridan foydalanilishi, ularni chetdan respublikaga olib kirish va respublikadan chetga olib chiqib ketish qoidalariga rioya etilishi ustidan lozim darajadagi nazoratni taʼminlasinlar.
5. Ushbu qaror ijrosini nazorat etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
1993-yil 3-sentabr,
937-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 337-modda)