toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 27.03.2020
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
Qarori
Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 16-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1339]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligining 2020-yil 11-martdagi 8-2020, 11-sonli “Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 1339-6, 27.03.2020-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 17-avgustdagi “Oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida”gi 344-sonli qarorining 3-bandini bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligi qaror qiladilar:
1. Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan so‘ng, 10 kun o‘tganidan keyin kuchga kiradi.
3. Ushbu qaror kuchga kirgan kunidan so‘ng, quyidagi yo‘riqnomalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligining 2002-yil 14-yanvardagi 1-P, 13-sonli “Ta’lim muassasalarida stipendiya tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori (2002-yil 6-mart, ro‘yxat raqami 1104-son — Me’yoriy hujjatlar axborotnomasi, 2002-y., 5-son) va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligining 2002-yil 20-avgustdagi 4-P va 100-sonli “Ta’lim muassasalarida stipendiya tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida”gi qarori (2002-yil 29-avgust, ro‘yxat raqami 1104-1-son — Me’yoriy hujjatlar axborotnomasi, 2002-y., 15-16-son).
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri S. G‘ULOMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 10-mart,
2-P-son
Moliya vaziri M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2004-yil 10-mart,
43-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligining 2004-yil 10-martdagi 2-P, 43-son qarori bilan
“TASDIQLANGAN”
Oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi
YO‘RIQNOMA
Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 17-avgustdagi “Oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalar to‘lash tartibi va miqdorlari to‘g‘risida” 344-son qarorining 3-bandini bajarish maqsadida ishlab chiqilgan hamda Oliy ta’lim muassasalarining talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi.
1. Mazkur Yo‘riqnomada quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
stipendiya — Oliy ta’lim muassasalarining davlat grantlari bo‘yicha va pulli — kontrakt asosda kunduzi o‘qiydigan, davomati yaxshi bo‘lgan talabalariga (bundan chet ellik talabalar mustasno), O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlardan qat’i nazar, to‘lanadigan oylik pul ta’minoti (nafaqa).
Stipendiya chuqur kasbiy bilimlarni egallash va davomatni oshirishda talabalarni rag‘batlantirish, mutaxassislarni tayyorlash sifatini yanada oshirish uchun zarur sharoitlar barpo etish maqsadida to‘lanadi;
stipendiya komissiyasi — Oliy ta’lim muassasalarida talabalarga stipendiyalar tayinlash uchun o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor raisligida bir o‘quv yiliga fakultetlarning dekanlari (bakalavriat darajasida fakultet dekanati nazarda tutilmagan oliy ta’lim muassasalarida — O‘quv-uslubiy bo‘lim (boshqarma) boshlig‘i), kasaba uyushmasi va yoshlar tashkilotlari, akademik guruhlar, buxgalteriya vakillaridan tashkil etiladigan va Oliy ta’lim muassasasining rektori (uning vazifalarini bajaruvchi shaxs) tasdiqlaydigan komissiya;
 LexUZ sharhi
(AV 19.08.2016-y. 1339-5-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi) (Oldingi tahririga qarang)
reyting nazorati — Oliy ta’lim muassasasida davlat ta’lim standartlariga kiradigan fanlar bo‘yicha talabalarning bilim va mahoratlarining attestatsion sinovlari;
ulgurayotgan talaba bundan avvalgi o‘quv semestri uchun reyting nazorati natijalari bo‘yicha akademik qarzi bo‘lmagan talaba.
2. Talabalar davomatining darajasiga bog‘liq holda stipendiyalarning miqdorlari tabaqalanadi.
3. Oliy ta’lim muassasalarida 2001-yil 1-sentabrdan boshlab talabalarning davomatiga bog‘liq holda tabaqalangan koeffitsiyentlarni qo‘llash bilan stipendiyalarning bazaviy miqdorlarlari belgilangan:
reyting bo‘yicha eng yuqori ballar
(86 — 100%) — 1,0;
reyting bo‘yicha yuqori ballar
(71 — 85%) — 0,75;
reyting bo‘yicha o‘rtacha ballar
(55 — 70%) — 0,5.
 LexUZ sharhi
AV 19.08.2016-y. 1339-5-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qaroriga muvofiq sakkizinchi xatboshi chiqarib tashlangan.
4. Davlat grantlari bo‘yicha va pulli — kontrakt asosida o‘qiyotgan bakalavriat va magistratura birinchi kursining talabalariga stipendiya miqdori birinchi o‘quv semestrida stipendiyaning bazaviy miqdoridan 0,5 koeffitsiyentini qo‘llagan holda belgilanadi. Ikkinchi va undan keyingi semestrlarda stipendiya tabaqalangan koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda talabalarning davomati (reytingi)ga bog‘liq ravishda tayinlanadi.
5. Ulgurayotgan talabalarga stipendiya tayinlash o‘quv yilida ikki marotaba o‘tkaziladi va stipendiya har bir o‘quv semestri oyining birinchi kunidan boshlab to‘lanadi.
Toshkent davlat yuridik universitetida ulgurayotgan talabalarga stipendiya tayinlash o‘quv yilida ikki marotaba o‘tkaziladi va stipendiyalar yakuniy nazorat natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, har bir o‘quv semestri oyining birinchi kunidan boshlab tayinlangan holda to‘lanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 30.06.2015-y. 1339-4-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi).
6. Ulgurayotgan talabalarga stipendiya tayinlashni stipendiya komissiyasi quyidagi tartibda amalga oshiradi:
O‘quv semestrining barcha fanlari bo‘yicha talabaning haqiqiy reytingi ko‘rsatkichlarini belgilash uchun asos bo‘lib belgilangan tartibda to‘ldirilgan, reyting nazorati bo‘yicha qaydnomalar yoki talabaning reyting daftarchasi hisoblanadi, ular teng kuchga egadir.
O‘quv semestri mobaynida har bir fan bo‘yicha eng yuqori ballarning 86 — 100 foizini to‘plagan talabaga 1,0 koeffitsiyenti bilan stipendiya tayinlanadi.
O‘quv semestri mobaynida har bir fan bo‘yicha eng yuqori ballarning 71 — 85 foizini to‘plagan talabaga 0,75 koeffitsiyenti bilan stipendiya to‘lanadi.
O‘quv semestri mobaynida bir yoki undan ko‘p fanlar bo‘yicha eng yuqori ballarni 55 — 70 foiz doirasida to‘plagan talabaga 0,5 koeffitsiyenti bilan stipendiya to‘lanadi.
Stipendiya to‘lash uchun stipendiya komissiyasi tavsiya etgan talabalarning ro‘yxatlari oliy ta’lim muassasasi rektorining (uning vazifalarini bajaruvchi shaxsning) buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 07.08.2012-y. 1339-3-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi).
7. O‘quv semestri uchun reyting nazorati natijalari bo‘yicha uzrsiz sabablarga ko‘ra akademik qarzga (bir yoki undan ko‘p fanlar bo‘yicha 55% dan kam reytingga) ega bo‘lgan Oliy ta’lim muassasalarining talabalari keyingi o‘quv semestri oyining birinchi kunidan boshlab stipendiya olish huquqidan mahrum bo‘ladilar.
Belgilangan tartibda akademik qarzini bartaraf etgan (tegishli fanlar bo‘yicha 55 va undan ko‘p foiz to‘plagan) talabalarga stipendiya akademik qarzni bartaraf etish muddati tugaganidan keyingi oyning 1-kunidan boshlab, talabaning davomati (reytingi)ga qarab tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda keyingi o‘quv semestriga qadar tayinlanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 30.06.2015-y. 1339-4-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi) (Oldingi tahririga qarang)
Qayta o‘zlashtirish uchun ularga taqdim etilgan bir oylik muddat mobaynida akademik qarzini bartaraf etmagan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nazariy o‘qishning keyingi semestriga (kursiga) o‘tkazilgan hamda keyinchalik akademik qarzini bartaraf etgan (tegishli fanlar bo‘yicha 55 va undan ko‘p foiz to‘plagan) Toshkent davlat yuridik universiteti talabalariga stipendiya akademik qarz bartaraf etilgandan keyin keladigan oyning birinchi sanasidan boshlab, talabaning o‘zlashtirishi (reytingi)ga qarab tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda, akademik qarz bartaraf etilgan o‘quv semestrining oxiriga qadar tayinlanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 19.08.2016-y. 1339-5-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)
8. Kasalligi yoki tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanadigan boshqa uzrli sabablarga ko‘ra akademik qarzga ega bo‘lgan talabalar akademik qarzlarini qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda bartaraf etgunlariga qadar stependiyadan mahrum etilmaydilar.
Hujjat bilan tasdiqlangan uzrli sababga ko‘ra reyting nazoratining biror-bir turini topshirmagan Toshkent davlat yuridik universiteti talabalariga qayta o‘zlashtirish uchun akademik qarzdorlarga taqdim etiladigan davr uchun stipendiya reyting nazoratini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda to‘lanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 19.08.2016-y. 1339-5-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi band) (Oldingi tahririga qarang)
9. O‘quv rejasi bilan nazarda tutilgan malaka amaliyotlari va ta’tillar davrida talabalarning stipendiya olish huquqi saqlanadi.
10. Pensiya oladigan talabalarga stipendiya umumiy asoslarda tayinlanadi.
11. Talabalarga akademik ta’til davrida stipendiya to‘lanmaydi.
Talaba akademik ta’tildan qaytganidan keyin unga stipendiya to‘lash avvalgi miqdorlarda joriy o‘quv semestrining oxiriga qadar tiklanadi.
12. Ilgari ma’muriyat tashabbusi bilan Oliy ta’lim muassasasidan chiqarilgan talabalar o‘qishga tiklanganda mazkur o‘quv semestri uchun stipendiya, stipendiya bazaviy miqdoridan 0,5 koeffitsiyentini qo‘llagan holda tayinlanadi.
13. Homiladorlik va tug‘ish ta’tili davri uchun talabalarga stipendiya qonun hujjatlarida belgilangan muddatlar mobaynida to‘liq miqdorda to‘lanadi.
Agar homiladorlik akademik ta’til davrida yuzaga kelgan bo‘lsa, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik to‘g‘risida yagona namunadagi ma’lumotnoma taqdim etilganda akademik ta’til to‘xtatilishi hamda homiladorlik va tug‘ish ta’tili rasmiylashtirilishi kerak.
2 yoshgacha bolasi bo‘lgan va o‘qishni ta’limning kunduzgi shaklida davom ettirayotgan talaba ayollarga stipendiya to‘liq miqdorda to‘lanadi. Bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash ta’tilida bo‘lish davrida stipendiya to‘lanmaydi.
Bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarishlash bo‘yicha nafaqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘lanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 30.06.2015-y. 1339-4-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi band) (Oldingi tahririga qarang)
14. Belgilangan tartibda bir Oliy ta’lim muassasasi (fakultet)dan boshqasiga, shuningdek ta’limning sirtqi shaklidan kunduzgi shakliga o‘tkazilgan talabalarga stipendiya ular tomonidan reyting nazorati natijalari bo‘yicha, o‘quv rejalaridagi tafovutlar bartaraf etilganidan keyin tayinlanadi.
Akademik qarz mavjud bo‘lmaganida stipendiya akademik ma’lumotnoma (reyting daftarchasi)da ko‘rsatilgan, avvalgi o‘quv joyidagi reyting nazorati natijalari bo‘yicha tayinlanadi va yangi o‘quv joyiga qayd etilgan paytdan boshlab Oliy ta’lim muassasasi rektorining (uning vazifalarini bajaruvchi shaxsning) buyrug‘i asosida to‘lanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 07.08.2012-y. 1339-3-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi)
Yozgi ta’til vaqtida talabalarga stipendiya to‘lash ular o‘tkazishga qadar o‘qigan Oliy ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
15. Davlat grantlari bo‘yicha Oliy ta’lim muassasalarining oxirgi kurslarida o‘qiyotgan sirtqi bo‘limlar talabalariga, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 256-moddasiga muvofiq, bitirish ishiga materiallar tayyorlash uchun o‘ttiz taqvimiy kun miqdorida ish haqi saqlanmaydigan ta’til beriladi. Ko‘rsatilgan ta’til davrida talabalar umumiy asoslarda stipendiyaga qayd etiladilar.
16. Oliy ta’lim muassasasining rektori (uning vazifasini bajaruvchi shaxs) iste’dodli va jamoat hayotida faol bo‘lgan talabalarga Vasiylik va Ilmiy kengashlar tavsiyalari bo‘yicha, tegishli yil uchun oliy ta’lim muassasasining xarajatlar smetasida tasdiqlangan stipendiya fondi doirasida Oliy ta’lim muassasasining shaxsiy stipendiyalarini belgilashga haqlidir. Oliy ta’lim muassasasi talabasining shaxsiy stipendiyasi miqdori reyting nazorati bo‘yicha eng yuqori ballarga ega bo‘lgan talabalarning stipendiyasidan 10 foiz ko‘p qilib belgilanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 13.02.2008-y. 1339-2-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi band)
17. 2002-2003 o‘quv yilida bir yilda bir talabani o‘qitish uchun qiymatda stipendiya fondi 1,0 tabaqalangan koeffitsiyentini qo‘llagan holda har oyda to‘lanadigan stipendiyani hisobga olib belgilangan. 2003-2004 o‘quv yilidan boshlab bir yil uchun bir talabani o‘qitish qiymatida 0,75 koeffitsiyentini qo‘llagan holda har oyda to‘lanadigan stipendiyani hisobga olgan ravishda stipendiya fondining miqdori nazarda tutiladi.
Pullik-kontrakt asosida o‘qitishning o‘quv yili uchun qiymatiga kiritilgan har oyda to‘lanadigan stipendiya summasi talabalar davomatining reyting ko‘rsatkichlaridan qat’i nazar, qayta hisob-kitob qilinmaydi va qaytarilmaydi
 LexUZ sharhi
(AV 13.02.2008-y. 1339-2-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qarori tahriridagi xatboshi) (Oldingi tahririga qarang)
 LexUZ sharhi
AV 13.02.2008-y. 1339-2-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qaroriga muvofiq uchinchi — oltinchi xatboshilar chiqarib tashlangan.
Oliy ta’lim muassasalarining to‘lov-kontrakt asosida ta’lim oluvchi bitiruvchi kurslari talabalari uchun iyul va avgust oylari uchun stipendiya summasi oxirgi o‘quv yilidagi (qismlarga bo‘lib to‘langanda — oxirgi o‘quv semestridagi) ta’lim uchun kiritilayotgan to‘lovdan chiqarib tashlanadi. Bunda chiqarib tashlanayotgan stipendiya summasi oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarining oxirgi o‘rnatilgan paytiga 0,75 koeffitsiyentni qo‘llagan holda stipendiyaning bazaviy miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi.
 LexUZ sharhi
(AV 07.08.2012-y. 1339-3-son bilan ro‘yxatga olingan OO‘MTV, MV Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)
18. 2003-2004 o‘quv yilidan boshlab o‘tgan o‘quv semestri yakunlari bo‘yicha talabaning reytingi ko‘paygan va o‘rtacha hisob-kitobni tabaqalangan koeffitsiyentning o‘qitish qiymatida nazarda tutilgan qiymati 0,75 dan 1,0 ga ko‘paygan taqdirda har oyda to‘lanadigan stipendiya summasidagi farq stipendiya fondini tejash va o‘qitishning pulli-kontrakt shakli bo‘yicha smetaning umumiy xarajatlari hisobidan amalga oshiriladi.
19. Talabalarning stipendiyalaridan ushlab qolishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Talabalarga stipendiyani to‘g‘ri tayinlash va to‘lash ustidan nazorat qilish Oliy ta’lim muassasasining stipendiya komissiyasiga yuklanadi.
20. Mazkur Yo‘riqnomaning talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 15-son, 184-modda; 2008-y., 6-7-son, 31-modda; 2012-y., 32-son, 380-modda)