1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.04.04 (Кучини йукотган) Davlat oliy taʼlim muassasalari / 13.01.61.00 (Кучини йукотган) Taʼlim muassasalari;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.72.00 (Кучини йукотган) Oliy taʼlim (bakalavriat va magistratura)]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
“Cyber university” davlat universitetini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi va “Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq oliy taʼlim tizimini ilgʻor chet el tajribasi asosida isloh qilish, taʼlim jarayonining innovatsion shakl va uslublarini joriy etish orqali respublika ehtiyoji uchun axborot himoyasi, axborot va kiberxavfsizlik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarning raqamli texnologiyalar yoʻnalishida bilim olishi va mehnat bozorida raqobatbardosh kasb egallashiga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida:
1. Raqamli texnologiyalar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatining Raqamli texnologiyalar vazirligining “Cyber university” davlat universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Universitetning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
axborotni himoyalash, axborot va kiberxavfsizlik, raqamli texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellektga asoslangan avtomatlashtirilgan axborot-tahliliy tizimlarni yaratish, robototexnika va boshqa turdosh sohalar boʻyicha kadrlar tayyorlash;
raqamli texnologiyalar sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
oʻquv jarayonini ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy taʼlim texnologiyalari asosida tashkil etish hamda ochiq axborot-taʼlim muhitining rivojlanishiga koʻmaklashish;
yoshlarning bilim olishi va kasb egallashiga qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, davlat organlari, korxonalari hamda boshqa tashkilotlarni kadrlar bilan taʼminlashda saralash va qamrovni kengaytirish;
oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda yetakchi respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, raqamli texnologiyalar ishlab chiquvchilari va isteʼmolchilari, boshqa sohaviy korxonalar bilan hamkorlik qilish;
tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv-metodik adabiyotlarni yaratish, talabalar va mutaxassislarni jalb qilgan holda fundamental, ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borish.
3. Belgilansinki:
Universitet toʻliq akademik, moliyaviy va tashkiliy-boshqaruv jihatdan mustaqil boʻlgan davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi va bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom beriladi;
talabalarni oʻqitish davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida olib boriladi;
Universitetga qabul parametrlari manfaatdor vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarning kiberxavfsizlik sohasi boʻyicha kadrlarga boʻlgan ehtiyojini hisobga olgan holda “Cyber university” davlat universiteti kuzatuv kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kuzatuv kengashi) qarori bilan tasdiqlanadi;
kiberxavfsizlik sohasi boʻyicha kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, Kuzatuv kengashiga yangi istiqbolli bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish huquqi beriladi;
Universitet Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri va davlat tilida oʻz nomi tushirilgan muhr, bank hisobvaraqlari, shtamp va boshqa rekvizitlarga ega boʻladi.
4. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:
talabalarni oʻqitish uchun toʻlov-kontrakt hamda jalb etilgan xorijiy mutaxassislar va mahalliy xodimlarning mehnatiga haq toʻlash miqdorlarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib, mustaqil belgilash;
taʼlim olib boriladigan til, taʼlim shakli, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun oʻqish davomiyligi muddatlarini qonunchilik hujjatlariga muvofiq mustaqil belgilash;
taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati va ularga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini Universitet tomonidan belgilash va tasdiqlash uchun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga kiritish;
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha fanlar tarkibi va mazmunini mustaqil belgilash;
talabalarni qabul qilish uchun qoʻshimcha va alohida imtihonlar oʻtkazish tartibini belgilash;
talabalarni yakuniy attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilash;
talabalar oʻqishini boshqa oliy taʼlim tashkilotlaridan Universitetga koʻchirish, shuningdek, oʻqishini qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibini belgilash;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish, respublika va chet elda oʻtkaziladigan ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlarda ishtirok etish;
pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ichki rotatsiyasiga oid tartibni belgilash;
Universitetda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni tashkil etish.
5. Raqamli texnologiyalar vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda Universitetning hududlardagi tarkibiy boʻlinmalari (yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan filiallar, fakultetlar) faoliyatini respublikaning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari bazasi va koʻmagida tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratsin.
6. Universitetning umumiy faoliyatini tashkil etish va nazorat qilish hamda rivojlanish istiqbollarini belgilash maqsadida “Cyber university” davlat universiteti kuzatuv kengashi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Belgilansinki, Kuzatuv kengashi Universitetning oliy boshqaruv organi hisoblanadi.
Quyidagilar Kuzatuv kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Universitetda umumiy boshqaruvni amalga oshirish;
Universitetning rivojlanish istiqbollarini belgilash;
Universitet rahbariyatini (ijroiya organini) tayinlash;
taʼlim jarayonini, talabalarning oʻquv hamda ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish va takomillashtirish, taʼlim sifatini tizimli ravishda oshirib borish, Universitet bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashish;
Universitet faoliyatini rivojlantirish maqsadida homiylik xayriyalari va texnik koʻmak mablagʻlarini (grantlarni) jalb etish;
Universitetning moddiy-texnik, oʻquv-metodik bazasini mustahkamlash, ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilashga koʻmaklashish, uni zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan jihozlashni tashkil etish;
ilmiy ishlanmalar natijalarini hayotga samarali joriy etish, taʼlim va ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlik oʻrnatish va uni rivojlantirish;
talabalarni ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash va boʻsh vaqtlaridan samarali foydalanishini tashkil etish, shuningdek, talabalar dam olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga koʻmaklashish;
istiqbolli pedagoglarni va talabalarni tanlov asosida sohaga ixtisoslashgan xorijdagi boshqa yetakchi taʼlim tashkilotlariga stajirovka oʻtashga yuborish uchun tanlab olishni hamda ularga xorijda tahsil olish uchun zarur mablagʻlar ajratishni tashkil etish.
8. Universitet tarkibida IT-klaster (axborot texnologiyalar parki, texnopark) tashkil etilsin va uning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan texnologik va innovatsion gʻoyalarga yoʻnaltirilgan startap loyihalarni yaratish hamda amaliyotga joriy etish;
yosh olimlarning ilmiy izlanishlari hamda maqsadli loyihalar doirasida milliy va xorijiy tashkilotlarning, shu jumladan, ilmiy va taʼlim muassasalarining buyurtmanomalari asosida ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish;
axborotni himoyalash, axborot va kiberxavfsizlik, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellektga asoslangan avtomatlashtirilgan axborot-tahliliy tizimlar, robototexnika va boshqa turdosh sohalarda milliy vositalar va mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni ragʻbatlantirish;
iqtisodiyot tarmoqlarining yetakchi kompaniyalari mutaxassislari ishtirokida sohaning dolzarb masalalariga bagʻishlangan mahorat darslari, treninglar va malaka oshirish kurslari, shuningdek, ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar oʻtkazish.
9. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
Raqamli texnologiyalar vazirligi mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10. Belgilansinki, Universitet faoliyatini tashkil etish va kengaytirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun:
2025-yilda asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasidan zarur mablagʻlar ajratiladi;
2026-2027-yillarda Davlat budjeti parametrlarida tegishli mablagʻlar nazarda tutiladi.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Universitet uchun 2025-yil 1-avgustga qadar 5 ta, shu jumladan, 1 ta biriktirilgan, 2 ta xizmat va 1 ta navbatchilik uchun yengil avtotransport vositasi hamda 1 ta xizmat avtobusini xarid qilishga limit ajratsin;
2026-yildan boshlab Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan birinchi darajali budjet mablagʻlari taqsimlovchi sifatida taqdim etiladigan budjet soʻrovnomalari asosida Universitetni saqlash xarajatlari uchun zarur mablagʻlarni har yili Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
12. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nurafshon filialining Toshkent viloyati Nurafshon shahri “Yangiobod” MFY Yangiobod koʻchasi 42-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarini tutash hududlari bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida Universitetga oʻtkazib berilsin.
Bunda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nurafshon filialining talabalari oʻquv jarayonini 2024/2025 oʻquv yili yakuniga qadar Universitetga berilgan binolarda davom ettiradi.
13. Universitetga, istisno tariqasida:
Universitetga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun jihozlar, texnika va materiallar, ehtiyot qismlar, dasturiy mahsulotlar, butlovchi buyumlarni yetkazib berish boʻyicha tovar yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi, xizmat koʻrsatuvchi) hamda ularning rasmiy dilerlari (distribyutorlar) bilan eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali shartnomalar tuzishga;
Universitetning har yil yakuniga koʻra tushumlardan iqtisod qilingan mablagʻlari va boshqa daromadlarini (oʻz daromadlaridan tegishli darajadagi budjetga oʻtkaziladigan ajratmalarni) mazkur taʼlim tashkiloti ixtiyorida qoldirish hamda ushbu mablagʻlarni axborotni himoyalash, axborot va kiberxavfsizlik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarishga oid xarajatlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirishga ruxsat berilsin.
14. Universitet 2028-yil 1-yanvarga qadar mazkur qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun muqobili Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan qurilma, dasturiy va texnik vositalar, butlovchi qismlarni respublikaga olib kirishda bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi, aksiz soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
15. Raqamli texnologiyalar vazirligi ikki oy muddatda:
Universitetning ustavi ishlab chiqilishini va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Kuzatuv kengashining faoliyatini tartibga soluvchi nizom hamda Universitetning faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
2025/2026 oʻquv yilida Universitetda joriy etiladigan taʼlim yoʻnalishlarini (mutaxassisliklarini) belgilasin.
16. Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
Universitetning axborot-resurs markazi faoliyatini yoʻlga qoʻysin va oʻquv jarayoni uchun zarur boʻlgan barcha modul hamda ilovalarning ulanishini taʼminlasin;
Universitet axborot-resurs markazining Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining elektron axborot-kutubxona resurslariga ulanishini tashkil etsin hamda barcha turdagi xizmatlardan, shu jumladan, tan olingan ilmiy nashriyot maʼlumotlar bazalaridan bepul foydalanish imkoniyatini yaratsin.
17. Belgilansinki:
a) 2025/2026 oʻquv yili uchun Universitetga bakalavrlar tayyorlash boʻyicha kunduzgi taʼlim shakliga 100 ta davlat granti ajratiladi. Bunda:
ajratiladigan davlat grantlari taʼlim yoʻnalishlari kesimida Kuzatuv kengashi tomonidan taqsimlanadi;
navbatdagi oʻquv yilidan boshlab davlat granti davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari asosida ajratiladi;
b) davlat oliy taʼlim muassasalaridan Universitetga talabalar oʻqishini istisno tariqasida koʻchirish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi qaroriga asosan suhbat oʻtkazish orqali amalga oshiriladi;
v) Kuzatuv kengashi tomonidan har yili 1-aprelga qadar toʻlov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari tasdiqlanadi hamda qabul jarayonlarini tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga taqdim etiladi;
g) Universitetning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha davlat buyurtmasi parametrlarining taʼlim tillari boʻyicha taqsimoti Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati takliflariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda tasdiqlanadi;
d) Universitetda oʻquv jarayoni 2025-yil sentabr oyida boshlanadi.
18. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
a) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda Universitetda yangi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini ochish boʻyicha takliflar kiritib borsin;
b) belgilangan tartibda yangi kiritilayotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha:
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin;
Universitet tomonidan malaka talablari, oʻquv rejalari hamda fan dasturlarining ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin.
19. Toshkent viloyati hokimligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Universitet faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida jalb etiladigan professor-oʻqituvchilar va boshqa malakali mutaxassislarni xizmat uylari hamda talabalarni turarjoylar (yotoqxonalar) bilan taʼminlash uchun, shu jumladan, zarur hollarda, Universitetning qoʻshimcha bino va inshootlarini qurish uchun tegishli yer uchastkalarini ajratish choralarini koʻrsin.
20. Raqamli texnologiyalar vazirligi ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filiali faoliyatini 2024/2025 oʻquv yili yakunlanganidan soʻng tugatish;
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filiali talabalari oʻqishini Toshkent axborot texnologiyalari universitetining tegishli kurslariga belgilangan tartibda koʻchirish;
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filiali tugatilishi munosabati bilan ushbu filial xodimlari bilan bogʻliq mehnat munosabatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda hal etish choralarini koʻrish.
21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 20-yanvar,
PQ-14-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-yanvardagi PQ-14-son qaroriga ILOVA
“Cyber university” davlat universiteti kuzatuv kengashi
TARKIBI
1.
Sh.X. Shermatov
—
Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri, Kuzatuv kengashi raisi
2.
V.Yu. Seryojkin
—
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi maslahatchisi, Kuzatuv kengashi raisi oʻrinbosari
3.
T.Sh. Valiyev
—
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi oʻrinbosari
4.
R.O. Karimjonov
—
Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari
5.
M.M. Djalalov
—
Toshkent shahridagi Inxa Universiteti rektori v.b.
6.
B.S. Abdullayev
—
Toshkent shahridagi Amiti Universiteti boshqaruv direktori v.b.
7.
D. I. Mirsadikov
—
“Kiberxavfsizlik markazi” DUK direktori oʻrinbosari
8.
Sh.N. Baxronov
—
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Radioelektron tizimlar va axborot texnologiyalari markazi boshligʻi oʻrinbosari
9.
Kelishuv asosida
—
“Cyber university” davlat universiteti rektori, Kuzatuv kengashi kotibi
Izoh. Kuzatuv kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Kuzatuv kengashi raisi Davlat xavfsizlik xizmati bilan kelishgan holda Kuzatuv kengashi tarkibiga yangi aʼzolarni, shu jumladan, xususiy kompaniyalarni qoʻshimcha ravishda kiritish va uning tarkibidan chiqarish, shuningdek, boshqa vazirliklar va idoralarning ekspertlari, mutaxassislarini jalb etish huquqiga ega.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2025-y., 07/25/14/0062-son)