toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PF-5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini izchil taʼminlash, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining mustaqilligini kengaytirish, ular faoliyatida davlat maʼmuriy boshqaruvini keskin kamaytirish hamda shu orqali oʻzgaruvchan mehnat bozori talablariga javob bera oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi davlat oliy taʼlim muassasalarini shakllantirish maqsadida:
1. 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalariga quyidagi qoʻshimcha vakolatlar berilsin:
a) akademik mustaqillik sohasida:
oʻquv rejalari, oʻquv dasturlari, malaka talablarini kasbiy standartlar asosida tasdiqlash, taʼlim tilini hamda taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari xususiyatlarini inobatga olgan holda taʼlim olish shaklini belgilash;
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun oʻqish davomiyligi muddatlarini belgilash;
doktoranturada toʻlov-kontrakt asosida oʻqish qiymatini belgilash, budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan grant ajratish orqali doktoranturaga tanlov asosida kvotaga qoʻshimcha ravishda qabul qilish;
doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilish tartibini tasdiqlash;
magistratura bosqichida taʼlimning sirtqi, masofaviy va kechki shakllarini joriy etish, taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha qoʻsh malakalar, shu jumladan amaliy malakalar berish tizimini joriy qilish;
oʻzaro kelishuvlar asosida oliy taʼlim muassasalari bilan akademik mobillikni amalga oshirish;
oliy taʼlim muassasasi va uning tuzilmasidagi taʼlim muassasalari uchun oʻz grifi asosida darsliklar hamda boshqa oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish;
taʼlim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilash va joriy etish;
b) tashkiliy-boshqaruvdagi mustaqillik sohasida:
faoliyatining asosiy yoʻnalishi taʼlim, ilm-fan, uning natijalarini joriy etish hamda tijoratlashtirish bilan bogʻliq boʻlgan, davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmaydigan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish;
oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlardan qatʼi nazar muassasaning tuzilmasini tasdiqlash va shtat birliklari sonini belgilash;
mehnat bozoridagi ehtiyojdan kelib chiqib, yangi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarni ochish, amaldagi taʼlim yoʻnalishlari hamda mutaxassisliklarni tugatish;
pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ichki rotatsiyasiga oid tartibni belgilash;
xorijiy davlat fuqarolarini toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish va masofaviy taʼlim olish shaklida oʻqitishni tashkil etish.
Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan vakolatlar oliy taʼlim muassasalari tomonidan qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
2. Vazirlar Mahkamasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Vazirlar Mahkamasi, vazirlik (idora)larning quyidagi vakolatlarini taʼlim muassasalariga oʻtkazish:
chet el fuqarolarining oʻqishini xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan respublika davlat oliy taʼlim muassasalariga koʻchirish;
oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi raisi va masʼul kotibini, shuningdek, oliy taʼlim muassasasi tomonidan oʻtkaziladigan imtihonlar boʻyicha qabul komissiyasi raisi va aʼzolari, imtihonlar jadvali, imtihon olinadigan fanlar dasturlari va baholash mezonlarini tasdiqlash;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchilarning amaliyotni oʻtash tartibini tasdiqlash va uni tashkil etish;
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida ichki tartib qoidalari, jumladan taʼlim oluvchilarning kiyim-boshiga doir talablarni belgilash.
Oldingi tahrirga qarang.
b) Vazirlar Mahkamasining oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasidagi quyidagi vakolatlarini Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) oʻtkazish:
(2-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida oʻqitiladigan taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklar va kasblar roʻyxatini tasdiqlash;
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻqish davomiyligining eng kam muddatlarini belgilash;
kechki, sirtqi va masofaviy taʼlim shakli joriy etilmaydigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini belgilash;
darsliklar, oʻquv va ilmiy adabiyotlarni tayyorlash, nashr etish tartibini, shuningdek, ularni yetkazib berishga va ulardan taʼlim tashkilotlarida foydalanishga qoʻyiladigan talablarni belgilash;
taʼlim muassasalariga nisbatan moddiy-texnik, infratuzilmaviy va parametrik talablarni belgilash;
v) ilmiy kengash aʼzolarining yarmidan koʻpi mazkur kengashni tuzgan taʼlim muassasasi (ilmiy tashkilot)da faoliyat yurituvchi olimlardan iborat boʻlishi haqidagi talabni bekor qilish.
3. 2022-yil 1-yanvardan boshlab moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalarida vasiylik kengashlari tugatilsin hamda tarkibining kamida 70 foizi tegishli vazirlik, idoralar, kadrlar buyurtmachilari, jamoatchilik vakillari va homiylardan iborat boʻlgan yuridik shaxs maqomisiz oliy taʼlim muassasalarining Kuzatuv kengashlari tashkil etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Kuzatuv kengashining tarkibi tizimida oliy taʼlim muassasasi mavjud tegishli vazirlik (idora) tomonidan tasdiqlanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
Kuzatuv kengashi oʻz vakolatlarini oliy taʼlim muassasasi kengashiga topshirishga, shuningdek, oliy taʼlim muassasasi kengashiga kiruvchi vakolatlarni oʻz zimmasiga olishga haqli.
4. Belgilansinki, Vazirlik davlat va davlat ulushi mavjud oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantiradi, shuningdek, nomzodlar va rektor (direktor)larning boshqaruv qobiliyatini rivojlantirish, taʼlim sifatini oshirish, taqdim etilayotgan akademik, moliyaviy va tashkiliy-boshqaruv mustaqillikdan samarali foydalanish mavzularida tashkil etiladigan maqsadli malaka oshirish kurslarida oʻqishini tashkil etadi.
5. Vazirlik tizimida oliy taʼlim muassasasi mavjud vazirlik (idora)lar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda davlat oliy taʼlim muassasalarining xalqaro ilmiy-texnikaviy maʼlumotlar bazalariga doimiy aʼzoligini taʼminlasin hamda ulardan talaba, tadqiqotchi va oʻqituvchilarning bepul foydalanishini yoʻlga qoʻysin;
2022-yil yakuniga qadar barcha davlat oliy taʼlim muassasalari kutubxona fondidagi oʻquv adabiyotlarining toʻliq elektron shaklga oʻtkazilishini taʼminlasin hamda Vazirlik huzurida yagona “Elektron kutubxona” platformasini ishga tushirsin.
Belgilansinki, “Elektron kutubxona” platformasini ishlab chiqish va yuritish Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
6. Vazirlik tomonidan oliy taʼlim muassasalarida hisobotlarni tayyorlashning qogʻoz shaklidan voz kechish hamda taʼlim muassasasi faoliyatini avtomatlashtirish boʻyicha Jahon banki bilan hamkorlikda Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — Axborot tizimi) ishlab chiqilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlik tizimida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik (idora)lar bilan birgalikda:
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
a) birinchi bosqichda — 2022-yil 1-martga qadar:
Axborot tizimining “Oʻquv jarayonini boshqarish” qismini joriy qilsin. Bunda oliy taʼlim muassasasining akademik faoliyati, xususan, talabaning davomat hisoboti, oʻzlashtirish qaydnomasi va reyting daftarchasi, shuningdek, guruh jurnali, dars va imtihon jadvallari raqamlashtiriladi;
Axborot tizimining “Ilmiy jarayonni boshqarish” qismini joriy qilsin. Bunda professor-oʻqituvchilarning ilmiy loyihalari, maqolalari, ilmiy-uslubiy nashrlari, ilmiy izlanuvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi hamda professor-oʻqituvchilar va kafedralarning ilmiy salohiyatini baholash masalalari avtomatlashtiriladi;
Axborot tizimining “Maʼmuriy jarayonni boshqarish” qismini joriy qilsin. Bunda oliy taʼlim muassasasining tuzilmasi, boshqaruv kadrlari, professor-oʻqituvchilar tarkibi va talabalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuritish hamda tegishli hisobotlarni tayyorlash raqamlashtiriladi;
Axborot tizimining “Moliya-xoʻjalik faoliyatini boshqarish” qismini joriy qilsin. Bunda toʻlov-shartnomalar elektron koʻrinishda taqdim etiladi, stipendiya toʻlovlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tizim orqali amalga oshiriladi;
b) ikkinchi bosqichda — 2022-yil 1-mayga qadar Axborot tizimining “Taʼlim sifatini nazorat qilish” qismini joriy qilsin. Bunda taʼlim sifati boʻyicha oliy taʼlim muassasalari koʻrsatkichlarining maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi va oliy taʼlim muassasalari milliy reytingini yuritish avtomatlashtiriladi hamda taʼlim sifati monitoringini masofaviy shaklda olib borish imkoniyati yaratiladi.
Belgilansinki:
Axborot tizimi 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oʻqishga qabul qilingan talabalarni toʻliq qamrab olgan holda bosqichma-bosqich joriy etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
taʼlim jarayonlarini boshqarishning boshqa dasturiy taʼminotiga ega oliy taʼlim tashkilotlari uchun Vazirlik tomonidan belgilangan talablar boʻyicha oʻz tizimining Axborot tizimiga integratsiya qilishi majburiy hisoblanadi;
(6-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Axborot tizimida taʼlim sifatini monitoring qilish, jumladan talaba, doktorant va professor-oʻqituvchilar oʻrtasida ijtimoiy soʻrov oʻtkazish imkoniyati yaratiladi;
(6-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Axborot tizimini joriy etish va uning faoliyat yuritishini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar oliy taʼlim muassasalarining mablagʻlari, texnik qoʻllab-quvvatlash va takomillashtirish xarajatlari Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
davlat oliy taʼlim muassasalariga Axborot tizimini joriy etish va unga xizmat koʻrsatish boʻyicha Vazirlik tizimidagi tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi.
7. Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi uch oy muddatda, jumladan quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taʼlim sifatini taʼminlash va nazorat qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini ishlab chiqsin:
taʼlim tashkilotlarini akkreditatsiyalashning institutsional va maxsus (taʼlim yoʻnalishlari, ixtisoslik turlari va boshqalar boʻyicha) shakllarini joriy etish;
taʼlim sifatini taʼminlash va nazorat qilish jarayoniga nodavlat tashkilotlarni jalb etish hamda nufuzli xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan taʼlim tashkilotini navbatdagi davlat akkreditatsiyasidan ozod qilish;
taʼlim sifatini nazorat qilishda “tahlika-tahlil” tizimini joriy etish hamda oʻrganishlar qamrovi, davomiyligi va davriyligini taʼlim sifatining oʻzgarishi darajasiga qarab belgilash;
oliy taʼlim muassasalariga berilayotgan akademik mustaqillikni inobatga olgan holda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakolatlarini qayta koʻrib chiqish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Vazirlik uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov hamda tizimida oliy taʼlim muassasasi mavjud vazirlik va idoralar rahbarlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga 2022-yil 1-iyul va 2023-yil 1-yanvarga qadar axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 24-dekabr,
PQ-60-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-60-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi “Axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-91-son qarori 5-bandining ikkinchi xatboshisi hamda qarorga 3-ilova.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 22-iyuldagi “Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2215-son qarorining 4-bandi hamda qarorga 1-ilova.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-sentabrdagi “Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tarkibida xitoyshunoslik fakultetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2228-son qarorining 2-bandi hamda qarorga 1-ilova.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-maydagi “Toshkent davlat texnika universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2524-son qarorining 3-bandi hamda qarorga 1-ilova.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 11-maydagi “Oʻzbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2527-son qarorining 3-bandi hamda qarorga 1-ilova.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi “Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3152-son qarori 3-bandining ikkinchi va toʻrtinchi xatboshilari hamda qarorga 1-ilova.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-noyabrdagi “Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tarkibida “Taekvondo va sport faoliyati” fakultetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3390-son qarorining 6-bandi hamda qarorga ilova.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi “2019 — 2023-yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida talab yuqori boʻlgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4358-son qarori 10-bandi birinchi xatboshisining birinchi jumlasi hamda qarorga 11-ilova.
9. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 16-avgustdagi “Oliy taʼlim muassasalari rektorlarini davlat attestatsiyasidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 325-son qarori.
10. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 26-martdagi “Samarqand iqtisodiyot va servis institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 144-son qarorining 3-bandi hamda qarorga 1 va 2-ilovalar.
11. Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 13-maydagi “Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 153-son qarori 2-bandining birinchi va ikkinchi xatboshilari hamda qarorga 1-ilova.
12. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi “Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 331-son qarori 3-bandining ikkinchi xatboshisi, 4-bandi hamda qarorga 1-ilova.
13. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-iyuldagi “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 569-son qarori 2-bandining ikkinchi, oltinchi xatboshilari hamda qarorga 1-ilova.
14. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi “Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tarkibida xorijiy oliy taʼlim muassasalarining qoʻshma fakultetlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 574-son qarorining 7-bandi hamda qarorga ilova.
15. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-maydagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 288-son qarorining 13-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/60/1177-son; 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son; 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)