toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 19-apreldagi PF-68-son Farmoni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 19-apreldagi PF-68-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 19-apreldagi PF-68-son Farmoniga muvofiq:
2025-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasida Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni (keyingi o‘rinlarda — Internet tarmog‘idagi o‘yinlar) tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etilganligi;
lotereya, Internet tarmog‘idagi o‘yinlarni va bukmekerlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida tashkil etilishi;
Agentlik lotereya, Internet tarmog‘idagi o‘yinlarini tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini tartibga solish hamda litsenziyalash bo‘yicha vakolatli organ (keyingi o‘rinlarda — litsenziyalovchi organ) etib belgilanganligi;
Agentlik tomonidan lotereya, Internet tarmog‘idagi o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash tartibi belgilanishi nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereyalar tashkil etish faoliyati va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga qo‘yiladigan litsenziya talablari hamda shartlari 1-ilovaga muvofiq;
Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereyalar tashkil etish va o‘tkazishda hamda bukmekerlik faoliyatidagi cheklovlar 2-ilovaga muvofiq;
Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish faoliyati tashkilotchilarining mijozlarini raqamli (masofadan) identifikatsiya qilish to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereyalar tashkil etish faoliyati va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga oid ayrim to‘lovlar turlari hamda miqdorlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Agentlikning quyidagilarni nazarda tutuvchi Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat registrini (keyingi o‘rinlarda — Registr) yuritish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:
O‘yinchilar yagona reyestri;
Cheklovlar (taqiqlar), shu jumladan, bukmekerlik garovlarida yoki Internet tarmog‘idagi o‘yinlarda sarflash (yutqazish) mumkin bo‘lgan mablag‘lar bo‘yicha limitlar yagona reyestri;
Sotib olingan lotereya chiptalari, bukmekerlik garovlari uchun qabul qilingan mablag‘lar va Internet tarmog‘idagi o‘yinlarga kiritilgan mablag‘lar bilan bog‘liq moliyaviy tranzaksiyalar reyestri;
Yutuqlar bo‘yicha to‘lovlar reyestri.
Bunda:
a) quyidagilar Registrni tashkil etish va uning faoliyat ko‘rsatishining asosiy maqsadlari hisoblanadi:
Internet tarmog‘idagi o‘yinlar, lotereyalar tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohasida pul aylanmalari ustidan nazorat hamda konsolidatsiyalashgan hisobni ta’minlash;
Internet tarmog‘idagi o‘yinlar, lotereya va bukmekerlik tashkilotchisi bilan manfaatlar to‘qnashuvi holatlarida o‘yinchining manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash;
o‘yin qaramligiga qarshi kurashish va uning oldini olish;
b) Agentlik Registrni ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi vazifasini bajaradi;
v) “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator “UZINFOCOM” MCHJ Registrni ishlab chiquvchi va uning operatori hisoblanadi;
g) quyidagilar moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Registrni ishlab chiqish ishlari — Agentlik yoki Registr operatorining mablag‘lari;
Registrni texnik qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish — ushbu qarorga 4-ilovaning 5-bandida nazarda tutilgan mablag‘larning 50 foizi.
4. Belgilansinki:
litsenziyalovchi organ tomonidan berilgan litsenziyalar asosida tashkil etilgan lotereya, Internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlik garovlarida qatnashish qimor va boshqa tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda qonuniy qatnashish hisoblanadi;
lotereyalar an’anaviy (lotereya chiptalarini qog‘oz shaklda chiqarish) va elektron shaklda tashkil etiladi;
Internet tarmog‘idagi o‘yinlar, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish uchun 5 yil muddatga namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi;
Internet tarmog‘idagi o‘yinlar, lotereya va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari o‘z xizmatlarini ko‘rsatish uchun Internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentidagi faqatgina bitta domen nomidan foydalanishi mumkin;
Internet tarmog‘idagi o‘yinlar tashkilotchilarining o‘yinlar dasturiy ta’minoti hamda lotereyalar tashkilotchilarining tasodifiy raqamlar generatori texnologiyalari litsenziyalovchi organ tomonidan belgilanadigan tegishli muvofiqlikni baholash bo‘yicha organlarning va sinov laboratoriyalarning sertifikatiga ega bo‘lishlari shart;
lotereyalar tashkil etishdan yig‘ilgan mablag‘lar g‘oliblarga yutuq (sovrin) sifatida an’anaviy tarzda tashkil etilgan lotereyalar uchun kamida 50 foiz hamda elektron shaklda esa — kamida 75 foiz miqdorida taqsimlanadi (to‘lanadi);
Internet tarmog‘idagi o‘yinlarni, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berishdan hamda litsenziyani o‘zgartirishdan tushadigan davlat bojining 20 foizi litsenziyalovchi organning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) bir vaqtning o‘zida quyidagi mezonlardan kamida ikkitasi mavjud bo‘lganda, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan, Internet tarmog‘idagi o‘yinlar, bukmekerlik garovi va lotereyalarning (keyingi o‘rinlarda — o‘yinlar) o‘tkazish joyi sifatida O‘zbekiston Respublikasi tan olinadi:
o‘yinchi O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lishi;
o‘yin O‘zbekiston Respublikasining hududida tashkil etilishi;
o‘yinchi O‘zbekiston Respublikasining hududidan o‘yinda ishtirok etishi;
o‘yinga kirish uchun O‘zbekiston Respublikasining hududida ro‘yxatdan o‘tgan IP-manzildan va (yoki) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro kodi mavjud bo‘lgan mobil telefon raqamidan foydalanish;
o‘yinga pul kiritish hamda chiqarish uchun O‘zbekiston Respublikasining tijorat banki tomonidan emissiya qilingan bank kartasidan foydalanilganda yoki to‘lovlarga ishlov berish va ularning kliringi O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilganda;
o‘yin O‘zbekiston Respublikasining hududida yashovchi o‘yinchilar uchun mo‘ljallanganda, shu jumladan, davlat tilida taqdim etilganda yoki reklama qilinganda;
b) Internet tarmog‘idagi o‘yinlar, elektron shakldagi lotereyalar va bukmekerlik tashkilotchilari yangi o‘yinchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda bukmekerlik garovlariga stavkalarni qabul qilish, internet tarmog‘idagi o‘yinlarga pul kiritish faqat elektron shaklda Registrdan foydalangan va o‘yinchini shaxsi tasdiqlangan holda, o‘zining veb-sayti orqali amalga oshiriladi;
v) Agentlikka quyidagi vakolatlar beriladi:
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va lotereya tashkil etish hamda o‘tkazish sohasida noqonuniy xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarning (keyingi o‘rinlarda — xorijiy yuridik shaxslar) faoliyatini tekshirish. Bunda ushbu tekshirishlarga O‘zbekiston Respublikasining tadbirkorlik subyektlari faoliyati ustidan davlat nazorati sohasidagi qonunchilik hujjatlari tatbiq etilmaydi;
lotereya va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun xorijiy yuridik shaxslarga nisbatan jarimalar qo‘llash. Bunda ushbu jarimaning 50 foizi litsenziyalovchi organning hisobvarag‘iga yo‘naltiriladi;
lotereya va Internet tarmog‘idagi o‘yinlarni tashkil etish, bukmekerlik faoliyatini litsenziyalashda, shuningdek, lotereyalar va Internet tarmog‘idagi o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini tartibga solish hamda nazorat qilishda asoslantirilgan mulohazadan foydalanish;
g) litsenziyalovchi organ tomonidan qo‘yidagilar yuritiladi:
Internet tarmog‘idagi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereya va bukmekerlik garovlarida qatnashishi taqiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va chet el fuqarolarining toifalari ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda — cheklovlar ro‘yxati);
tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga qaramligi mavjud shaxslar ro‘yxati. Mazkur ro‘yxatga jismoniy shaxs o‘z arizasiga 6 oydan 5 yilgacha muddatga yoki uning yaqin qarindoshining arizasiga muvofiq sudning qarori asosida 5 yil muddatga kiritiladi.
6. Agentlik manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
a) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
b) uch oy muddatda fuqarolarning yoshi, sog‘lig‘i, daromad manbai va boshqa ma’lumotlarni inobatga olgan holda, Internet jahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik garovlarda qatnashishi taqiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining toifalari ro‘yxatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Raqamli texnologiyalar vazirligining texnik ko‘magida cheklovlar ro‘yxati tasdiqlangan so‘ng ikki oy muddatda Registr tegishli ma’lumotlardan foydalanish uchun vazirlik va idoralarining axborot tizimlari hamda bazalariga ulanishini ta’minlasin.
7. Agentlik 2025-yil 1-yanvarga qadar Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash, Lotereyalar tashkil etish va o‘tkazish, Bukmekerlik faoliyatini tashkil etish va o‘tkazish, Internet butunjahon axborot tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish tartiblari, Stavkalar va o‘yinchilar yagona davlat registri to‘g‘risidagi nizomlarni, shuningdek, Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilariga hamda O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasida noqonuniy xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga jarima qo‘llash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi, Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunga xilof ravishda qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish, shu jumladan, qimorxonalar tashkil etish va ularni saqlashni hamda o‘yinlarga pul kiritish uchun xalqaro to‘lov tizimlaridan foydalanish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D.R. Li zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 6-dekabr,
814-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-son qaroriga
1-ILOVA
Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereyalar tashkil etish faoliyati va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga qo‘yiladigan litsenziya
TALABLARI VA SHARTLARI
Quyidagilar Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni (keyingi o‘rinlarda — Internet tarmog‘idagi o‘yinlar), lotereyalar tashkil etish faoliyatini hamda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga qo‘yiladigan litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
a) faoliyatning faqat O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari — yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi;
b) O‘zbekiston Respublikasi hududidagi serverlarda joylashgan elektron platforma mavjudligi;
v) Internet tarmog‘ida o‘yinlarni va lotereya tashkil etish faoliyati hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari faqat mazkur faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga haqli. Bunda bir paytning o‘zida Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni va lotereyalar tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish uchun har bir faoliyat turi uchun alohida litsenziya olish mumkin;
g) ariza berilgan sanada mablag‘ shaklida shakllantirilgan quyidagi ustav kapitali mavjudligi:
Internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir yuz ellik ming baravari miqdorida;
lotereya tashkilotchisi — bazaviy hisoblash miqdorining kamida ellik besh ming baravari miqdorida.
Ustav kapitalini shakllantirish uchun kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va majburiyatlar yuklatilgan boshqa mablag‘lardan, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘lardan foydalanish taqiqlanadi;
d) yutuqlar bo‘yicha qarzdorlikni to‘lash, stavkalarni qaytarib berish, soliq majburiyatlar va boshqa qarzdorliklarni qoplash maqsadida:
Internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining kamida yetmish besh ming baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisi — bazaviy hisoblash miqdorining kamida qirq ming baravari miqdorida mablag‘ shaklida rezerv fondini litsenziyalovchi organning O‘zbekiston Respublikasining tijorat bankida alohida hisobvaraqda zaxiraga qo‘yish;
mazkur bandning ikkinchi xatboshisida belgilangan tegishli summaga bank kafolati yoki sug‘urta tashkilotining sug‘urta polisini taqdim qilish;
e) Internet tarmog‘ida o‘yinlar va lotereya tashkil etish faoliyati hamda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish, shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanish hamda reklama sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;
j) litsenziat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq ma’lumotlarni vakolatli organning so‘roviga binoan bepul taqdim etish;
z) Internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentidagi faqat bitta domen nomidan foydalangan holda faoliyatni amalga oshirish;
i) Internet tarmog‘ida o‘yinlar va lotereya tashkil etish faoliyati hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarini boshqarishi:
terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar tomonidan;
iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish, ularni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, korrupsiya va axborot texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun gumonlanayotgan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan yoxud sudlanganlik holati tugallanmagan shaxslar tomonidan;
yakka holda ijro etuvchi organ funksiyalarini bajargan, kollegial ijro etuvchi organ tarkibiga kirgan, Internet tarmog‘ida o‘yinlarni va lotereyalar tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatni amalga oshirgan yuridik shaxslarning, ushbu shaxslarning aybi bilan yo‘l qo‘yilgan litsenziya talablari va shartlari buzilganligi uchun ko‘rsatib o‘tilgan yuridik shaxslarda faoliyatning tegishli turini amalga oshirishga berilgan litsenziyalarning amal qilishi to‘xtatilgan paytda, agar bunday to‘xtash paytidan boshlab uch yildan kam vaqt o‘tgan bo‘lsa, muassislari yoki bosh hisobchilari bo‘lgan shaxslar tomonidan;
yuridik shaxs bankrot deb e’tirof etilgan paytda va e’tirof etilgan paytdan boshlab ikki yil o‘tmagan bo‘lsa, yakka holda ijro etuvchi organ funksiyalarini bajargan yoki kollegial ijro etuvchi organ tarkibiga kirgan shaxslar tomonidan yo‘l qo‘ymaslik;
k) Internet tarmog‘ida o‘yinlar, lotereyalar tashkil etish faoliyati hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining ustav kapitalida quyidagilarning mulkdori va (yoki) oxirgi benefitsiar mulkdori:
“i” bandida ko‘rsatilgan shaxslarning;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar hamda doimiy yashayotgan, turgan yoki ro‘yxatga olingan shaxslarning bo‘lishiga (ishtirok etishiga) yo‘l qo‘ymaslik;
l) “i” va “k” bandlarda ko‘rsatilgan shaxslarning Internet tarmog‘ida o‘yinlar va lotereyalar tashkil etish faoliyati hamda bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarini bosh hisobchi sifatida ishga qabul qilmaslik;
m) ta’sischilari bo‘lgan yuridik shaxslarning haddan tashqari (oxirgi benefitsiar mulkdorgacha uchta pog‘onadan ko‘p) darajalarga tabaqalashtirilgan Internet tarmog‘ida o‘yinlarni va lotereya tashkil etish faoliyati hamda bukmerkerlik faoliyati tashkilotchisi faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik;
n) Internet tarmog‘ida o‘yinlar, bukmekerlik garovlarida ishtirok etish uchun mablag‘larni qabul qilish, lotereya chiptalarini sotib olish va yutuqlarni to‘lash faqat Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat registri orqali amalga oshirish;
o) Internet tarmog‘ida o‘yinlar, bukmekerlik garovlari va lotereya chiptalarini sotib olish uchun mablag‘larni kiritish bo‘yicha belgilangan limitlar hamda internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni lotereyalar tashkil etish hamda o‘tkazish va bukmekerlik faoliyatidagi taqiqlarga rioya qilish;
p) Internet tarmog‘ida o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisining ustav kapitalidagi ulushini jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan, norezidentlarga realizatsiya qilish masalalarini litsenziyalovchi organ bilan kelishish;
r) Internet tarmog‘ida o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisining rahbariyati (direktori va uning o‘rinbosarlari), bosh hisobchi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha tarkibiy bo‘linma rahbarini o‘zgartirish masalalarini litsenziyalovchi organ bilan kelishish.
Lotereyalar tashkilotchilariga qo‘yiladigan qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari quyidagilar hisoblanadi:
a) chiqarilayotgan va muomaladagi o‘yin chiptalari hajmi faoliyatning birinchi yili mobaynida — litsenziat o‘z sarmoyasining besh baravaridan, faoliyatning ikkinchi yili mobaynida — o‘n baravaridan va faoliyatning keyingi yillarida — yigirma besh baravaridan ortiq bo‘lmasligi kerak. Litsenziatning o‘z sarmoyasi miqdori yetarli bo‘lmagan taqdirda, lotereyalar mo‘ljallanayotgan hajmda faqat moliya tashkilotlarining zarur miqdorlarda ta’minlash kafolati mavjud bo‘lganda o‘tkazilishi mumkin;
b) o‘yinlarni faqat litsenziyalovchi organ tomonidan belgilanadigan tegishli muvofiqlikni baholash bo‘yicha organlarning va sinov laboratoriyalarning sertifikatiga ega yutuqli chiptalarni tasodifiy tanlab olish jarayoniga inson omilining biron-bir ta’sirini to‘liq istisno qiluvchi texnologiyalar va jihozlarni, shu jumladan, tasodifiy raqamlar generatorini qo‘llagan holda o‘tkazish;
v) yutuqli lotereya chiptalari ishlab chiqarish davomida aniqlanadigan yoxud bir yoki bir necha chiptalar uchun qisman o‘yinlar o‘tkaziladigan tirajsiz lotereyalarni o‘tkazmaslik.
Xizmatlarni ko‘rsatish uchun foydalanayotgan o‘yinlarning dasturiy ta’minoti litsenziyalovchi organ tomonidan belgilanadigan tegishli muvofiqlikni baholash bo‘yicha organlarning va sinov laboratoriyalarning sertifikatiga ega bo‘lishi Internet tarmog‘idan o‘yinlar tashkilotchisining qo‘shimcha litsenziya talabi va sharti hisoblanadi.
Izoh. Ushbu ilova O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuniga Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni va lotereya tashkil etish faoliyatini hamda bukmekerlik faoliyatini litsenziyalashga oid tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandan so‘ng kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-son qaroriga
2-ILOVA
Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereyalar tashkil etish va o‘tkazishda hamda bukmekerlik faoliyatidagi cheklovlar
Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereya tashkil etish va o‘tkazishdagi hamda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishda quyidagilar taqiqlanadi:
1. O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga tegishli hisobraqamlardan, shu jumladan, bank kartasi hisobraqamlaridan, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik garovlarida ishtirok etishi, yutishi yoki yutqazishi bilan bog‘liq to‘lovlar amalga oshirilishi.
2. Lotereya biletlarni sotish punktlaridan tashqari o‘yinchilar bevosita ishtiroki va bo‘lishi bilan bog‘liq tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan statsionar yoki ko‘chma o‘yin zallari, kazino, o‘yin avtomatlar zallari yoki boshqa o‘yin muassasalarining tashkil etilishi.
3. Quyidagi bukmekerlik garovlarini tashkil etish va o‘tkazish:
O‘zbekiston Respublikasining hududida va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirokida hodisalarga (sport o‘yinlari va musobaqalari, siyosiy jarayonlar, tanlovlar va boshqalar), bundan xalqaro federatsiyalar qoidalar asosida tegishli darajada tayyorgarlik, nazorat va hakamlikni ta’minlangan holda, tomoshabinlar ishtirokida o‘tkaziladigan sport o‘yinlari va xalqaro darajadagi hodisalar mustasno;
bolalar va o‘smirlar sport musobaqalariga.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-son qaroriga
3-ILOVA
Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish faoliyati tashkilotchilarining mijozlarini raqamli (masofadan) identifikatsiya qilish to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, Internet tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini ko‘rsatishni (keyingi o‘rinlarda — o‘yin) tashkil etish bo‘yicha xizmatlarni taqdim etish vaqtida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda chet ellik fuqarolarni raqamli (masofadan) identifikatsiya qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
verifikatsiya — mijozning identifikatsiya ma’lumotlarini tekshirish tartib-taomillari;
identifikatsiya — mijozning identifikatsiya ma’lumotlarini aniqlash tartib-taomili;
ichki nazorat qoidalari — Internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereya va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari;
mijoz — Internetda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tashkilotchilarning kontragenti sifatida bitimlarni (operatsiyalar) amalga oshiruvchi jismoniy shaxs, shu jumladan, chet ellik jismoniy shaxs.
platforma — o‘yinlar bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha elektron maydoncha (platforma);
raqamli (masofadan) identifikatsiya qilish — axborot tizimlaridan foydalangan holda masofadan mijozlarni identifikatsiya qilish va shaxsini aniqlash;
ro‘yxat — terrorizmga, ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishga qarshi kurashuvchi davlat organlari va O‘zbekiston Respublikasining boshqa vakolatli organlari taqdim etayotgan ma’lumotlar, shuningdek, chet davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlari rasmiy kanallar orqali taqdim etayotgan ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tuzilgan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoxud ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxati;
o‘yin tashkilotchisi — Internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkil etish bilan shug‘ullanish uchun belgilangan tartibda litsenziya olgan yuridik shaxs.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuni.
3. O‘yin tashkilotchisi mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish tizimini joriy etishdan avval jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish xavfi darajasini o‘rganish, tahlil va identifikatsiya qilish, baholash, monitoringini yuritish, boshqarish, hujjatlashtirish bo‘yicha ichki qoidalarni, shuningdek, ularni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi raqamli identifikatsiya qilish tartibini ta’minlashi shart.
2-bob. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilishni tashkil etish
4. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilishda quyidagi usullardan foydalaniladi:
mijoz taqdim qilgan ma’lumotlarga asoslangan holda, mijoz shaxsini o‘yin tashkilotchisi mas’ul xodimi tomonidan tekshirish va identifikatsiya qilish;
o‘yin tashkilotchisi axborot tizimlari tomonidan real vaqt rejimida inson omilisiz mijozning shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilish.
5. O‘yin tashkilotchisi ushbu Nizomning 4-bandi uchinchi xatboshisida qayd etilgan usul bo‘yicha mijozning shaxsini tekshirish va identifikatsiya qilishda:
shaxsni tasdiqlovchi hujjatning (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta yoki xorijiy davlatlar fuqarolari uchun ularga tenglashtirilgan hujjatlar) ichki nazorat qoidalari talablariga muvofiq tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lgan qismlari fotosuratlarini mijozdan qabul qiladi;
ushbu Nizom talablariga muvofiq mijozning fotosurati va (yoki) videotasvirini qabul qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, belgilangan tartibda O‘zbekiston hududida doimiy yoki vaqtincha yashab turgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Elektron hukumat” tizimining jismoniy va yuridik shaxslar markaziy ma’lumotlar bazalariga (keyingi o‘rinlarda — markaziy ma’lumotlar bazasi) so‘rov yuborish orqali undagi ma’lumotlar bilan solishtiradi;
chet el fuqarolari tomonidan taqdim etilgan elektron tasvirlar va hujjatlar nusxalari (keyingi o‘rinlarda — verifikatsiya uchun dasturiy mahsulotlar) haqiqiyligini ta’minlovchi dasturiy mahsulotlar (axborot tizimlari)dan foydalangan holda ma’lumotlarni solishtiradi;
shaxsni tasdiqlovchi hujjatdagi fotosuratni ushbu Nizomga muvofiq qabul qilingan fotosurat va (yoki) videotasvir bilan, shuningdek, markaziy ma’lumotlar bazasida joylashtirilgan fotosurat bilan (agar mavjud bo‘lsa) solishtiradi;
mijoz bilan bog‘lanishda foydalaniladigan mobil telefon raqamini aynan ushbu mijoz tomonidan foydalanilayotganligini aniqlash imkonini beruvchi usul (mobil telefonga bog‘lanish, SMS xabar yuborish) yordamida tekshiradi. Bunda xorijda joylashgan mijozlarni identifikatsiya qilishda mobil raqam o‘rniga elektron pochta manziliga jo‘natilgan kod orqali tasdiqlashga yo‘l qo‘yiladi;
mijozning ichki nazorat qoidalariga muvofiq yuqori xavf toifasiga kirmasligini aniqlash uchun tekshirishlarni amalga oshiradi.
Mijoz to‘g‘risidagi ma’lumotlar markaziy ma’lumotlar bazasida topilmagan taqdirda, o‘yin tashkilotchisiga mijoz bilan onlayn videokonferensaloqani o‘rnatib, mijozni identifikatsiya qilishiga ruxsat beriladi. Bunda o‘yin tashkilotchisi mas’ul xodimi videokonferensaloqa orqali quyidagilarni aniqlashi va videotasvirga tushirilishini ta’minlashi lozim:
mijoz to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniq ko‘rinadigan mijozning shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
mijoz o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lgan davlat;
mijozning ushbu o‘yin tashkilotchisidan xizmatlarni olish istagini audiovizual tasdiqlash (mijozning og‘zaki nutqi).
O‘yin tashkilotchisining mas’ul xodimi mijoz bilan onlayn video konferensiya tashkil qiladi va mijoz tomonidan taqdim etilgan qo‘yidagi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi:
mijozning ma’lumotlari aniq ko‘ringan shaxsini tasdiqlovchi hujjatini;
mijoz ushbu shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ushlab turgan holatini;
mijozning shartnoma imzolash istagida ekanligini tasdiqlovchi audiovizual tasdiq (mijozning og‘zaki nutqi).
O‘yin tashkilotchisining mas’ul xodimi mijoz bilan onlayn videokonferensaloqani o‘rnatib, mijoz tomonidan taqdim qilingan axborotlarning aynan unga tegishliligini tekshiradi.
6. O‘yin tashkilotchisi raqamli identifikatsiya qilish uchun quyidagilarni ta’minlashi lozim:
a) raqamli identifikatsiya qilish tartibini, shuningdek, mijoz tomonidan taqdim etiluvchi ma’lumotlarga (rasm yoki fayl hajmi, o‘qilishi, formati va boshqalar) qo‘yilgan talablarni belgilovchi ichki hujjatlarni ishlab chiqishi va tasdiqlashi;
b) konfidensiallik va shaxsga doir ma’lumotlar himoyasini ta’minlashi;
v) markaziy ma’lumotlar bazasiga ulangan bo‘lishi;
g) verifikatsiya uchun dasturiy mahsulotlar mavjud bo‘lishi;
d) shaxsiy platformalariga quyidagilarni ta’minlovchi funksiyalari bo‘lishi shart:
shaxsga doir ma’lumotlar subyektining uning shaxsga doir ma’lumotlarini belgilangan tartibda uzatish va qayta ishlashga roziligini olish;
belgilangan tartibda so‘rovlarni shakllantirish va markaziy ma’lumotlar bazasidan javoblarni qabul qilishni avtomatlashtirish;
mijoz tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni markaziy ma’lumotlar bazasidan yoki tekshirish uchun dasturiy mahsulotlardan olingan ma’lumotlar bilan solishtirish;
mijoz tomonidan kiritilgan ma’lumotlarni ro‘yxat hamda Stavkalar va o‘yinchilar yagona davlat reyestrining cheklovlar (taqiqlar) yagona reyestri bilan avtomatik tekshirish;
mijozlar va amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar zaxira nusxalarini tizimli shakllantirish, ma’lumotlarning o‘zgarmasligi va saqlanishini hamda ularni qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda keyinchalik saqlash uchun yuklanishi.
7. Verifikatsiya qilish uchun dasturiy mahsulotlarni tanlashda chet ellik jismoniy shaxs davlatining vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi dasturiy mahsulotlarga (axborot tizimlari) ustunlik berilishi lozim.
3-bob. Raqamli identifikatsiya qilish tartibi
8. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish o‘yin tashkilotchisi tomonidan amaliy ish munosabatlari o‘rnatilgan holatda amalga oshiriladi.
Bunda amaliy ish munosabatlariga kirish vaqti sifatida mijozning o‘yinlarda ishtirok etish uchun o‘yin tashkilotchisi platformasiga ma’lumotlarni kiritishining boshlanishi hisoblanadi.
9. Mijozning shaxsini tekshirish va aniqlash jarayonida o‘yin tashkilotchisi tomonidan ushbu Nizomning 4-bandi uchinchi xatboshisida belgilangan tartibda mijozlarni aniqlash uchun foydalaniladigan axborot tizimi:
a) mijozdan shaxsini tasdiqlovchi hujjat (biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta yoxud xorijiy davlatlar fuqarolari uchun ularga tenglashtirilgan hujjatlar) seriyasi va raqamini yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va tug‘ilgan sanasini yoxud ushbu ma’lumotlardan barchasini hamda ushbu Nizomga muvofiq fotosuratini yoki videotasvirini real vaqt rejimida oladi;
b) markaziy ma’lumotlar bazasiga so‘rov yuboradi va mijozning quyidagi shaxsga doir ma’lumotlarini oladi:
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR), markaziy ma’lumotlar bazasida shaxsini tasdiqlaydigan ma’lumotlari bo‘lmagan chet el fuqarolari bundan mustasno;
biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta yoxud xorijiy davlatlar fuqarolari uchun ularga tenglashtirilgan hujjatlarning berilgan sanasi, amal qilish muddati hamda berilgan joyi;
davlat tilida familiyasi, ismi, otasining ismi (lotin yozuvida);
jinsi, tug‘ilgan mamlakati, tug‘ilgan joyi, millati, fuqaroligi hamda doimiy yoki vaqtincha yashash joyi haqidagi ma’lumotlar;
v) mijozdan real vaqt rejimida olingan fotosuratni yoki videotasvirdagi fotosuratni markaziy ma’lumotlar bazasidan olingan fotosurat bilan (agar mavjud bo‘lsa) avtomatlashtirilgan holda (inson omilisiz) solishtiradi;
g) mijoz bilan bog‘lanishda foydalaniladigan mobil telefon raqami aynan ushbu mijoz tomonidan foydalanilayotganligini aniqlash imkonini beruvchi usul (mobil telefonga bog‘lanish, SMS xabar yuborish) yordamida tekshiradi;
d) qabul qilingan ma’lumotlarni ichki nazorat qoidalariga muvofiq ro‘yxat bilan avtomatlashtirilgan holda (inson omilisiz) solishtiradi.
10. O‘yin tashkilotchisi mijozni raqamli identifikatsiya qilishda o‘z axborot tizimlaridan yoki shartnoma asosida uchinchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan axborot tizimlaridan foydalanadi.
11. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilish uchun foydalaniladigan axborot tizimlari:
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi serverlarda joylashgan bo‘lishi (mijoz bilan onlayn videokonferensiya sessiyasini o‘tkazish uchun foydalaniladigan serverlar bundan mustasno);
axborotni uzatishda o‘zaro shifrlashni ta’minlashi;
faqat real vaqt rejimida yaratilgan fotosurat va (yoki) videotasvirdan foydalanishni ta’minlashi;
fotosurat va (yoki) videotasvir almashtirish hamda buzishdan, ilgari yaratilgan fotosurat va (yoki) videotasvirdan foydalanishdan himoyalangan bo‘lishi;
identifikatsiya qilishda mijozlar tomonidan boshqa mijozlarning fotosurati va (yoki) videotasviridan foydalanishga bo‘lgan urinishlarni aniqlash imkonini berishi lozim.
12. Mijozni raqamli identifikatsiya va raqamli autentifikatsiya qilishda:
fotosurat va (yoki) videotasvir rangli bo‘lishi;
videotasvir tovushli bo‘lishi;
mijozning yuzi qisman yoki to‘liq yashirilmagan bo‘lishi, mijozning yuziga soya tushmasligi, shuningdek, mijoz yuzni qoplaydigan ko‘zoynakda (shaffof oynali ko‘zoynakdan tashqari) bo‘lmasligi;
video fonni o‘zgartirish yoki retush texnologiyasidan foydalanmaslik;
fotosurat va (yoki) videotasvirda mijozning yuzi yaqqol ko‘rinishi kerak.
O‘yin tashkilotchisi tomonidan mijozlar bilan shartnoma tuzish vaqtida ularning shaxsga doir ma’lumotlarini olish maqsadida Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) talablaridan kelib chiqib, “O‘z mijozingni bil” (KYC va e-KYC) va “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish” (AML/CFT) tizimlariga muvofiq mijozlarni tekshirish tizimi amalga oshiriladi.
Mijoz tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar markaziy ma’lumotlar bazasi ma’lumotlariga, shuningdek, tekshirish uchun dasturiy mahsulotlardan olingan ma’lumotlarga mos kelsa va haqiqiy bo‘lsa, mijoz identifikatsiya qilingan va ma’lumotlar verifikatsiyadan o‘tgan hisoblanadi.
13. Raqamli identifikatsiya qilishdan o‘tgandan so‘ng mijozga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli tekshirish choralari qo‘llaniladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Raqamli identifikatsiya qilish jarayonida mijoz anketasini to‘ldirish va yuritish mijozlarni tegishli darajada tekshirishni tartibga soluvchi qonun talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
15. Quyidagi holatlarda mijozlar raqamli identifikatsiya qilinmaydi:
mijoz tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligiga shubha tug‘ilgan holatlarda;
shaxs 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa;
O‘zbekiston Respublikasi jismoniy shaxsining mobil telefon raqamidagi xalqaro mamlakat kodi bilan milliy kod o‘rtasidagi tafovut mavjud bo‘lsa, shuningdek, uning IP-manzili O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan bo‘lsa;
telefon raqamini ro‘yxatga olish davomida chet ellik jismoniy shaxs tomonidan fuqaroligi ko‘rsatilgan davlatning xalqaro kodiga mos kelmaydigan mobil telefon raqami ko‘rsatilsa yoki uning IP-manzili boshqa davlatda joylashgan bo‘lsa;
shaxsni tasdiqlovchi hujjatdagi fotosuratning ushbu Nizomga muvofiq tayyorlangan fotosurat va (yoki) videoyozuvga hamda markaziy ma’lumotlar bazasiga joylashtirilgan fotosuratga mos kelishiga shubha mavjud bo‘lganda;
mijozdan olingan ma’lumotlar va markaziy ma’lumotlar bazasida joylashgan ma’lumotlar o‘rtasidagi tafovut bo‘lsa;
fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarning ushbu Nizom talablariga mos kelmasa;
mijozning shubhali xatti-harakati, shu jumladan, platformada mijoz tomonidan taqdim etilgan videoda uning uchinchi shaxslar ko‘rsatmalari bo‘yicha harakat qilayotganligi, alkogol mahsulotlari yoki giyohvand moddalaridan mastlik holatida ekanligi, shuningdek, boshqa shubhali xatti-harakatlar belgilari mavjud bo‘lgan holatlarda.
16. O‘yin tashkilotchisi raqamli identifikatsiya qilishdan o‘tgan mijozlarga nisbatan mijozlardan olingan fotosuratlar va (yoki) video yozuvlarni, tekshirishning aniq sanasi va vaqti ko‘rsatilgan hujjatlarni, shuningdek, markaziy ma’lumotlar bazasini ishlatgan holda ma’lumotlar haqqoniyligini tekshirish natijalarini, tekshirish uchun ishlatilgan dasturiy mahsulotlarni mijozlar so‘rovnomalari bilan birgalikda ichki nazorat qoidalariga muvofiq kamida besh yil muddat saqlashlari shart.
O‘yin tashkilotchisi litsenziyalovchi organ yoki maxsus vakolatli organning talabiga (so‘rovi) ko‘ra mijozni raqamli identifikatsiya qilish bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar va materiallarni taqdim etishlari shart.
17. Mijozlarni raqamli identifikatsiya qilishning to‘liqligi va sifati uchun o‘yin tashkilotchilari javobgardir.
O‘yin tashkilotchisi verifikatsiya uchun dasturiy mahsulotlardan foydalanganda, ulardan foydalanish bilan bog‘liq barcha xavflarni o‘z zimmasiga oladi.
18. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 165-moddaci.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-son qaroriga
4-ILOVA
Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereyalar tashkil etish faoliyati va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga oid ayrim to‘lovlar
TURLARI HAMDA MIQDORLARI
1. Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni, lotereyalar tashkil etish faoliyati va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga litsenziya qayta rasmiylashtirilganligi uchun ariza berilgan kunidagi bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdorida yig‘im.
2. Litsenziyani o‘zgartirilganligi uchun tegishli litsenziyani rasmiylashtirilganligi uchun to‘lanadigan summaning 50 foizi miqdorida davlat boji.
3. Lotereyani o‘tkazish shartlari tasdiqlanganligi uchun lotereya tashkilotchisi o‘tkaziladigan o‘yin hajmining 0,1 foizi miqdorida litsenziyalovchi organning hisobvarag‘iga to‘lanadigan yig‘im. Ilgari tasdiqlangan shartlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganda (chiqariladigan lotereyalar umumiy summasining o‘zgartirilishi va to‘ldirilishidan tashqari, bunda yig‘im to‘liq miqdorda to‘lanadi), yig‘im ushbu shartlarni tasdiqlash uchun to‘langan summaning 50 foizi miqdorida to‘lanadi.
4. Litsenziyalovchi organ Internet tarmog‘idagi o‘yinlar, lotereya va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisi tomonidan lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar to‘g‘risidagi qonunchilik, shu jumladan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi uchun Internet tarmog‘idagi o‘yinlar, lotereya va bukmekerlik faoliyati tashkilotchisining ustav fondi (ustav kapitali) eng kam miqdorining 1 foizidan oshmagan miqdorda belgilangan tartibda undiriladigan jarima.
Bunda ushbu jarimaning 50 foizi litsenziyalovchi organning hisobvarag‘iga yo‘naltiriladi.
5. O‘yinchi tomonidan bukmekerlik garovlariga va Internet tarmog‘ida o‘yiniga kiritilgan mablag‘larning summasidan hamda sotilgan har bir lotereya chiptasining narxidan 1 foizi miqdorida litsenziyalovchi organning hisobvarag‘iga yo‘naltiriladigan ajratma.
Izoh. Ushbu ilovaning 1 va 4-bandlari tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandan so‘ng kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-dekabrdagi 814-son qaroriga
5-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ayrim qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Pul-buyum lotereyalari o‘tkazishni tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 15-noyabrdagi 396-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Lotereyalar o‘tkazishni tashkil etishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2005-yil 2-avgustdagi 182-son qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
4. Vazirlar Mahkamasining “Soliq imtiyozlari tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish va ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2009-yil 17-iyundagi 168-son qaroriga 2-ilovaning 29-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida” 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-son O‘zbekiston Respublikasining Qonuni)” 2018-yil 19-yanvardagi 34-son qaroriga 1-ilovaning 15-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 5-fevraldagi PQ-4160-son qarori)” 2019-yil 10-avgustdagi 661-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qo‘llanilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 23-noyabrdagi 943-son qaroriga 5-ilovaning 5-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2019-yil 21-maydagi PF-5723-son Farmoni)” 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-son qaroriga ilovaning 39-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 14-yanvardagi PF-5630-son va “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmonlari)” 2020-yil 14-apreldagi 217-son qaroriga 1-ilovaning 11-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida” 2021-yil 20-apreldagi O‘RQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 86-bandi.
11. Vazirlar Mahkamasining “2022 — 2026-yillarda Xorazm viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 4-apreldagi 154-son qaroriga 2-ilovaning 31-pozitsiyasi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.12.2024-y., 09/24/814/1019-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)