toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida
Mamlakatimizda litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish orqali normativ-huquqiy hujjatlar sonini qisqartirish hamda axborot tizimlaridan foydalangan holda, ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tishning yagona tartibini belgilash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Oxirgi besh yilda nodavlat tibbiyot tashkilotlari soni kamida ikki baravarga oshishi, ular tomonidan bajarilayotgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarining ko‘payishi, ishlab chiqarish korxonalari tomonidan prekursorlarni ishlatishga ehtiyojning oshishi giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash tartib-taomillarini soddalashtirishni taqozo etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 9-yanvardagi PF-8-son Farmoniga muvofiq giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga 1-ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilsin:
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalashni maxsus elektron tizim orqali rasmiylashtirish;
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanish uchun yuridik shaxslarga beriladigan litsenziya talablarini belgilovchi pasportni tasdiqlash.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ba’zi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Adliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash tartib-taomillari maxsus elektron tizim orqali amalga oshirilishini yo‘lga qo‘ysin.
4. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri v.b A.A. Xudayarov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 31-oktabr,
725-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-oktabrdagi 725-son qaroriga
1-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimcha
1. 1-bandning uchinchi xatboshisidagi “2 — 36-ilovalarda” so‘zlari “2 — 37-ilovalarda” so‘zlari bilan almashtirilsin.
2. 27-ilovaning 12-pozitsiyasi Izoh qismida:
a) quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining taklifnomasi yoki roziligi asosida tibbiyot tashkilotlariga xorijiy vrach mutaxassis jalb etilgan taqdirda, o‘z ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha kamida besh yillik, operatsiya qiluvchi vrachlar uchun esa kamida yetti yillik ish staji va xorijiy tibbiyot tashkilotining tavsiyanomasi mavjud bo‘lganda, xorijiy mamlakatlarda olingan ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatlarini nostrifikatsiyadan o‘tkazmasdan O‘zbekiston Respublikasidagi tibbiyot tashkilotlarida faoliyat yuritishiga ruxsat beriladi”;
b) beshinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin.
3. Quyidagi mazmundagi 37-ilova bilan to‘ldirilsin:
“Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga
37-ILOVA
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash
PASPORTI

1.

Litsenziya nomi:

Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyat uchun litsenziya

2.

Litsenziyalanadigan faoliyatning kichik turlari:

Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirish (olib chiqish);

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash hamda realizatsiya qilish (berish);

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash hamda taqsimlash;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni tashish;

yangi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqish hamda saqlash;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni ishlab chiqarish, tayyorlash va saqlash;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni yo‘q qilish;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan ilmiy va o‘quv maqsadlarida, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun, shu jumladan tibbiyotda hamda veterinariyada foydalanish va ularni saqlash;

tarkibida giyohvandlik moddalari bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish hamda saqlash.

3.

Ariza beruvchilar toifasi:

yuridik shaxs

4.

Litsenziyalovchi organ:

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi

5.

Litsenziyani olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar:

a) ariza.

Arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:

yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning pochta manzili, faoliyatni amalga oshirish joyi, bank muassasasining nomi va bankdagi hisobvarag‘i, telefon raqami, STIR, elektron pochta manzili (agar mavjud bo‘lsa), filiallari mavjud bo‘lsa, har birining manzili alohida ko‘rsatilishi shart, litsenziyalanadigan faoliyatning kichik turlari bo‘yicha tanlash, ariza to‘ldirish sababi (yangi litsenziya olish, qayta rasmiylashtirish, litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish), litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga rioya qilishga roziligi;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarning muomalada bo‘lishi (saqlash, berish, sotish, tayyorlash, foydalanish, yo‘q qilish) sohasidagi mas’ul xodim — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSH SHIR), oliy farmatsevtika ma’lumotli va tegishli malakaga ega mutaxassisni lavozimga tayinlaganligi;

litsenziyalanayotgan faoliyat turini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan, o‘ziga mulk huquqi bilan yoki boshqa qonuniy asosda tegishli bo‘lgan va tegishli sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq bino va xonalarning mavjudligi;

b) litsenziya talablari va shartlariga muvofiq litsenziyalanadigan faoliyat kichik turlari bo‘yicha zarur bo‘lgan barcha ishlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan moddiy-texnika bazasi to‘g‘risida ma’lumotlar (maxsus jihozlangan binolarni, inshootlarni, xonalarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi yoki ularni ijara olish shartnomasi, qo‘riqlashning muhandislik-texnik vositalarini o‘rnatish, yong‘inga qarshi avtomatika va qo‘riqlash-yong‘in signalizatsiyasi vositalarini montaj qilish dalolatnomalari).

6.

Arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori:

bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari

7.

Litsenziya berilganligi uchun davlat boji miqdori:

bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari

8.

Arizani ko‘rib chiqish muddatlari:

15 ish kuni

9.

Litsenziya talablari va shartlari:

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etish*;

litsenziat shtatida tegishli mutaxassislik va malakaga ega bo‘lgan xodimlarning mavjud bo‘lishi*;

litsenziyalanadigan faoliyatning aniq turini amalga oshirish bo‘yicha, shu jumladan tegishli moddiy-texnik baza, asbob-uskunalar, boshqa texnik vositalar bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etish;

litsenziyalanayotgan faoliyat turini amalga oshirish uchun foydalaniladigan binolar, inshootlar, muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik asbob-uskunalarning mulk huquqi yoki boshqa qonuniy asosda mavjud bo‘lishi;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni olib kirish, olib chiqish va ularning tranzitini O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonuni hamda BMTning tegishli konvensiyalarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq amalga oshirish*;

litsenziyada ko‘rsatilgan faoliyatni, litsenziyada ko‘rsatilgan manzillar bo‘yicha amalga oshirish*;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni saqlash, tashish xavfsizligiga rioya etilishini ta’minlash*;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan va vakolatli organ tomonidan berilgan ularning sifatini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lgan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni sotish*;

Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish uchun nodavlat tibbiyot tashkilotlarida tibbiy faoliyat uchun amaldagi litsenziyaga ega bo‘lish;

Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatga litsenziya olish uchun talabgor bo‘lgan dorixonalar, dori vositalarining ulgurji omborxonalari, dori vositalarini ishlab chiqarish korxonalari farmatsevtika faoliyati uchun amaldagi tegishli litsenziyaga hamda “Zarur amaliyotlar (GxP)”ning tegishli milliy talablariga muvofiqlik to‘g‘risida sertifikatga ega bo‘lish*.

10.

Litsenziya berishda kelishiladigan organlar:

Ichki ishlar vazirligining hududiy boshqarmalari — obyektlar (xonalar)ning giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni, ularning analoglarini va prekursorlarni saqlashga doir texnik talablarga muvofiqligi yuzasidan;

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy boshqarmalari — binolarning va (yoki) shart-sharoitlarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqligi yuzasidan;

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining hududiy boshqarmalari — ishlab chiqarish sharoitlarining ekologiya talablariga muvofiqligi yuzasidan (prekursorlar ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyat amalga oshirilganda);

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi — giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan veterinariyada foydalanilganda.

11.

Litsenziyaning amal qilish muddati:

5 yil

12.

Izoh:

Litsenziyalovchi organda litsenziyalar berish to‘g‘risidagi hujjatlarni ko‘rib chiqish, ularning muddatlarini uzaytirish, ular yuzasidan xulosalar tayyorlash uchun Ekspert komissiyasi tashkil etiladi. Ekspert komissiyasi to‘g‘risidagi nizom va uning shaxsiy tarkibi Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat komissiyasi bilan kelishgan holda litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlanadi.

Ekspert komissiyasi tarkibiga majburiy tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi vakili kiritiladi.

Litsenziat shtatida surunkali ruhiy kasalliklar, narkomaniya, toksikomaniya, alkogolizm bo‘yicha dispanser hisobida turgan, shuningdek qasddan sodir etilgan jinoyati uchun sud hukmini o‘tamagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan, o‘z xizmat vazifalariga ko‘ra giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni olishi mumkin bo‘lgan shaxslarning bo‘lishi mumkin emas.

Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlarining ekspertiza va tezkor-qidiruv faoliyatida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud-ekspertiza muassasalari faoliyatida foydalanish litsenziya olmasdan amalga oshiriladi.

* Qo‘pol ravishda buzish deb hisoblanadigan talab va shartlar

.

Izoh. Mazkur ilovaning 2-bandi 2026-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-oktabrdagi 725-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanayotgan ba’zi qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida” 2003-yil 16-iyuldagi 315-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun ruxsatnoma turlarini qisqartirish va ularni berish tartib-qoidalarini soddalashtirish to‘g‘risida” 2005-yil 21-sentabrdagi PQ-186-son qarori)” 2006-yil 22-maydagi 92-son qaroriga ilovaning 23-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (“Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-son Qonuni)” 2006-yil 10-noyabrdagi 235-son qaroriga 1-ilovaning 45-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012-yil 16-iyuldagi PF-4453-son Farmoni)” 2012-yil 1-noyabrdagi 313-son qaroriga 1-ilovaning 39-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 21-apreldagi PF-5024-son Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 21-apreldagi PQ-2915-son qarori)” 2017-yil 14-noyabrdagi 915-son qaroriga 1-ilovaning 18-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-son qarori)” 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-son qaroriga ilovaning 13-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmoni)” 2018-yil 5-iyuldagi 503-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi O‘RQ-429-son Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmoni)” 2018-yil 29-oktabrdagi 884-son qaroriga ilovaning 8-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 27-iyundagi 532-son qaroriga 5-ilovaning 4-bandi.
11. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2019-yil 21-maydagi PF-5723-son Farmoni)” 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-son qaroriga ilovaning 40-bandi.
12. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (“Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni)” 2020-yil 16-iyundagi 384-son qaroriga 1-ilovaning 10-bandi.
13. Vazirlar Mahkamasining “Kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 7-dekabrdagi 770-son qaroriga 3-ilovaning 1-bandi.
14. Vazirlar Mahkamasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida” 2021-yil 29-iyundagi 402-son qaroriga 4-ilovaning 5-bandi.
15. Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatlari ko‘rsatishning infratuzilmasi takomillashtirilganligi va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2021-yil 28-oktabrdagi 661-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
16. Vazirlar Mahkamasining “Aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2021-yil 27-dekabrdagi 774-son qaroriga 1-ilovaning 4-bandi.
17. Vazirlar Mahkamasining “Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 25-fevraldagi 88-son qaroriga 3-ilovaning 2-bandi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.11.2024-y., 09/24/725/0879-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)