toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida

Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 9-aprelda qabul qilingan

Senat tomonidan 2024-yil 21-iyunda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonun:
1) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) tomonidan 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
Oldingi tahrirga qarang.
2) fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident boʻlgan yuridik shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilgan yer uchastkasi maydonidan 2018-yil 1-mayga qadar ortiqcha egallagan yer uchastkasiga va (yoki) unda qurilgan binolar va inshootlarga;
(1-modda ikkinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 11-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son. 2024-yil 8-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
3) oʻzboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga boʻlgan mulk huquqini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilgan Koʻchmas mulkka nisbatan huquqni eʼtirof etish ishlarini tashkil etish boʻyicha tuman (shahar) komissiyalari (bundan buyon matnda Koʻchmas mulkka nisbatan huquqni eʼtirof etish ishlarini tashkil etish boʻyicha tuman (shahar) komissiyalari deb yuritiladi) tomonidan eʼtirof etish mumkin deb topilganligi hollariga yoki uni eʼtirof etish rad etilganligi yoxud arizalarning koʻrib chiqilishi bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati oʻtganligi sababli yakuniga yetmaganligi hollariga;
4) 2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qaroriga koʻra qonunchilik hujjatlariga muvofiq fuqarolarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga yoki rezident boʻlgan yuridik shaxslarga ajratilgan, tasdiqlash masalasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan koʻrib chiqilmagan yer uchastkasiga (bundan shunday yer uchastkasida ikki yil ichida binolar va inshootlar qurilmagan yoki ularning qurilishi boshlanmagan yoxud yer uchastkasidan maqsadsiz foydalanilgan hollar mustasno);
5) fuqarolarning bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga;
6) 2020-yil 9-martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarining yashash uchun moʻljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga;
7) xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga;
8) fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident boʻlgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi eʼtirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish asoslari va tartibini belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bir martalik umumdavlat aksiyasi oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq 2018-yil 20-apreldan 2019-yil 1-mayga qadar oʻtkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi;
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik — ushbu Qonunga muvofiq huquqlar eʼtirof etiladigan koʻchmas mulk obyektlari uchun yer soligʻi va mol-mulk soligʻi boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan oshadigan miqdordagi qarzdorlik;
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuniga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
ortiqcha egallangan yer uchastkasi yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni belgilovchi hujjatlarda koʻrsatilgan yer uchastkasi maydonidan ortiq boʻlgan, yer uchastkasining chegarasidan tashqarida, unga tutash hududda joylashgan yer maydoni;
oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasifuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni belgilovchi hujjatlarsiz, shu jumladan bunday hujjatlar yoʻqolgan yoki toʻliq rasmiylashtirilmagan holda egallab kelinayotgan yoki ortiqcha egallangan yer uchastkasi.
3-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonun 1-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan yer uchastkalariga nisbatan ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslarda va tartibda faqat ijara huquqi, ushbu yer uchastkalarida qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqi eʼtirof etiladi.
(3-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari bilan eʼtirof etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonunga muvofiq yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etishda ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun toʻqson toʻqqiz yil, boshqa yer uchastkalari uchun qirq toʻqqiz yil etib belgilanadi. Bunda ijara muddatining boshlanish sanasi yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran hisoblanadi.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuniga asosan uchinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qaroridan norozi boʻlgan shaxslar ushbu qaror ustidan sudga qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda shikoyat qilishi, prokuratura va adliya organlari esa qarorni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida sudga ariza (shikoyat) berishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunlari.
2-bob. Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish asoslari
4-modda. Yakka tartibda uy-joy qurish orqali oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish asoslari
Fuqarolar tomonidan 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos boʻladi, agar:
mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qoʻyilmagan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida nizo mavjud boʻlmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlmasa.
(4-moddaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5-modda. Ortiqcha egallangan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini va (yoki) unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish asoslari
(5-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son. 2024-yil 8-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
Oldingi tahrirga qarang.
Yakka tartibda uy-joy qurish uchun fuqarolarga, yashash uchun moʻljallanmagan binolar va inshootlar qurish uchun yakka tartibdagi tadbirkorlarga va rezident boʻlgan yuridik shaxslarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilgan maydondan 2018-yil 1-mayga qadar ortiqcha egallangan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini va (yoki) unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos boʻladi, agar:
(5-moddaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son. 2024-yil 8-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
ortiqcha egallangan yer uchastkasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga tutashgan boʻlsa;
fuqarolarga ajratilgan va ular tomonidan ortiqcha egallangan yer uchastkasining umumiy maydoni ushbu Qonun 12-moddasi uchinchi qismining talablariga muvofiq boʻlsa;
mazkur yer uchastkasi ilgari boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qoʻyilmagan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida nizo mavjud boʻlmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan hamda ortiqcha egallangan yer uchastkasining birgalikdagi umumiy chegarasidagi binolar va inshootlar ushbu moddada belgilangan muddatga qadar qurilgan boʻlsa;
(5-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuniga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son. 2024-yil 8-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlmasa.
(5-moddaning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son. 2024-yil 8-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
6-modda. Koʻchmas mulkka nisbatan huquqni eʼtirof etish ishlarini tashkil etish boʻyicha tuman (shahar) komissiyalari tomonidan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish asoslari
Koʻchmas mulkka nisbatan huquqni eʼtirof etish ishlarini tashkil etish boʻyicha tuman (shahar) komissiyalari oʻzboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joyga boʻlgan mulk huquqini bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida eʼtirof etish mumkin deb topgan yoki eʼtirof etishni rad etgan yoxud bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati oʻtganligi munosabati bilan arizalarning koʻrib chiqilishi yakuniga yetmagan hollarda, oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish ushbu Qonunning 4-moddasida belgilangan asoslarga koʻra amalga oshiriladi.
7-modda. Tuman (shahar) hokimlarining yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisidagi qarorlarini tasdiqlash masalasi koʻrib chiqilmagan hollarda yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish asoslari
Tuman (shahar) hokimlarining qarorlari bilan qonunchilik hujjatlariga muvofiq fuqarolarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga va rezident boʻlgan yuridik shaxslarga ajratilgan, tasdiqlash masalasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan koʻrib chiqilmagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos boʻladi, agar:
qaror tuman (shahar) hokimlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida 2021-yil 8-iyunga qadar qabul qilingan boʻlsa;
tuman (shahar) hokimlarining qarorlarini tasdiqlash masalasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan rad etilgan boʻlmasa;
yer uchastkasi ajratilganidan keyin ikki yil ichida bino va inshoot belgilangan maqsadlarga muvofiq qurilgan yoki ularning qurilishi boshlangan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qoʻyilmagan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida nizo mavjud boʻlmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlmasa.
(7-moddaning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
8-modda. Fuqarolarning bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududida joylashgan turar joylariga boʻlgan mulk huquqini hamda ular egallagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish asoslari
Fuqarolarning bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududida joylashgan turar joylariga boʻlgan mulk huquqini hamda ular egallagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos boʻladi, agar:
fuqaro bogʻdorchilik va uzumchilik shirkati aʼzosi boʻlsa;
mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qoʻyilmagan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida nizo mavjud boʻlmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlmasa.
(8-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
9-modda. Kichik sanoat zonalari hududlariga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarining yashash uchun moʻljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish asoslari
Oldingi tahrirga qarang.
2020-yil 9-martga qadar kichik sanoat zonalari hududlariga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarining mazkur kichik sanoat zonasi hududida oʻz mablagʻlari hisobidan ikki yil ichida qurilgan yoki qurilishi boshlangan (bundan mavjud binoni qayta qurish, rekonstruksiya qilish mustasno) yashash uchun moʻljallanmagan binolar va inshootlar yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos boʻladi, agar:
(9-moddaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son. 2024-yil 8-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
investitsiya majburiyatlari va boshqa ijtimoiy majburiyatlar toʻliq bajarilgan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qoʻyilmagan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida nizo mavjud boʻlmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlmasa.
(9-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son. 2024-yil 8-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
10-modda. Xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish asoslari
Fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan xususiylashtirilgan binolar va inshootlar, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos boʻladi, agar:
mazkur yer uchastkasida joylashgan binolar va inshootlar, yakka tartibdagi uy-joy xususiylashtirilganligi toʻgʻrisida vakolatli davlat organi tomonidan berilgan hujjat mavjud boʻlsa;
mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qoʻyilmagan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida nizo mavjud boʻlmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlmasa.
(10-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
11-modda. Fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident boʻlgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi eʼtirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish asoslari
Fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident boʻlgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi eʼtirof etilgan binolari va inshootlari, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylari egallagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi shartlarning barchasiga rioya etilganligi asos boʻladi, agar:
mazkur yer uchastkasida joylashgan binolar va inshootlarga, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joyga boʻlgan mulk (egalik qilish) huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlsa;
mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qoʻyilmagan boʻlsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar oʻrtasida nizo mavjud boʻlmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlmasa.
(11-moddaning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
12-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etishning qoʻshimcha shartlari
Ushbu Qonunning 4 — 11-moddalarida nazarda tutilgan asoslarga muvofiq boʻlgan yer uchastkasi hamda unda qurilgan binolar va inshootlar, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylarning qonunchilik hujjatlariga hamda hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish toʻgʻrisidagi hujjatlarga (mavjud boʻlsa) muvofiq qurilish taqiqlangan hududlarda joylashmaganligi mazkur yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish uchun asos boʻladi.
Binolar va inshootlar, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylar qurish orqali oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi sugʻoriladigan yerlarda joylashgan taqdirda, huquqlarni eʼtirof etish masalasi yer fondining toifasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq oʻzgartirilganidan keyin koʻrib chiqiladi.
Yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi quyidagi oʻlchamlarda eʼtirof etiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1) agar yer uchastkasi 1999-yil 1-yanvarga qadar egallangan boʻlsa, — barcha hududlarda 0,24 gektardan koʻp boʻlmagan oʻlchamda;
(12-modda uchinchi qismining 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2) agar yer uchastkasi 1999-yil 1-yanvardan 2018-yil 1-mayga qadar egallangan boʻlsa, — Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 0,06 gektardan, qolgan hududlarda 0,12 gektardan koʻp boʻlmagan oʻlchamda.
(12-modda uchinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Yer uchastkalari boshqa maʼmuriy-hududiy birlik tarkibidan Toshkent, Nukus shaharlari yoki viloyat markazlari hududi tarkibiga oʻtkazilgan hollarda, yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqi ular avval joylashgan maʼmuriy-hududiy birlikdagi ijara huquqini eʼtirof etish shartlariga muvofiq, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda eʼtirof etiladi.
Yakka tartibdagi uy-joy egallagan yer uchastkasining amaldagi maydoni ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan oʻlchamlardan oshgan hollarda, yer uchastkasining ortiqcha egallangan qismiga boʻlgan ijara huquqi, basharti boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasa, dehqon xoʻjaligini yoki tomorqa xoʻjaligini yuritish uchun eʼtirof etiladi.
3-bob. Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni aniqlash ishlarini tashkil etish hamda koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish tartibi
13-modda. Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni aniqlash ishlarini tashkil etish
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarni bosqichma-bosqich xatlovdan oʻtkazish har yilgi reja-jadval (bundan buyon matnda reja-jadval deb yuritiladi) asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Reja-jadval Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi (bundan buyon matnda Kadastr agentligi deb yuritiladi) tomonidan keyingi yil uchun har yili 1-oktabrga qadar tasdiqlanadi va jamoatchilikka eʼlon qilinadi.
(13-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarori bilan har bir mahalla boʻyicha tuman (shahar) hokimliklari, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi organlari, Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi tuman (shahar) filiallari vakillaridan, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari raislaridan iborat tarkibda jamoatchilik asosida ishlovchi ishchi guruhlar tashkil etiladi.
(13-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
14-modda. Avtomatlashtirilgan axborot tizimi hamda unda maʼlumotlar va hujjatlarni yigʻish
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli maʼlumotlarni va hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi (bundan buyon matnda avtomatlashtirilgan axborot tizimi deb yuritiladi) orqali amalga oshiriladi.
Kadastr agentligi avtomatlashtirilgan axborot tizimining operatoridir.
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli maʼlumotlar hamda hujjatlar avtomatlashtirilgan axborot tizimiga Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi hamda ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan vakolatli tashkilotlar tomonidan kiritiladi (biriktiriladi).
Ushbu maʼlumotlar va hujjatlar vakolatli tashkilot rahbarining yoki uning oʻrinbosarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Maʼlumotlar va hujjatlar avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ushbu Qonunning 15-16-moddalarida nazarda tutilgan tartibda, ikki bosqichda kiritiladi (biriktiriladi).
Maʼlumotlarning va hujjatlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilishi (biriktirilishi) ustidan nazorat prokuratura va adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Vakolatli tashkilotlar tegishli maʼlumotlarni va hujjatlarni oʻz axborot tizimlarini avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilgan holda taqdim etishi mumkin.
15-modda. Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga maʼlumotlarni va hujjatlarni kiritishning (biriktirishning) birinchi bosqichi
Maʼlumotlarni va hujjatlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritishning (biriktirishning) birinchi bosqichida Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi hududiy boʻlinmalari tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimida tegishincha ijara va mulk huquqini eʼtirof etish masalasi koʻrib chiqiladigan yer uchastkasining, binoning va inshootning elektron yigʻmajildi (bundan buyon matnda elektron yigʻmajild deb yuritiladi) yaratiladi.
Elektron yigʻmajildga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi (biriktiriladi):
1) yer uchastkasining kadastr raqami;
2) yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar:
fuqaroning va yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, doimiy yashash joyi va telefon raqami;
rezident boʻlgan yuridik shaxsning toʻliq nomi, roʻyxatdan oʻtgan sanasi, manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami va ushbu yuridik shaxs rahbarining telefoni raqami;
3) yer uchastkasi joylashgan manzil, yer fondining toifasi va maydoni, shuningdek 1984-yilgi koordinatalar butunjahon geodeziya tizimidagi (WGS-84) shartli chegaralar;
4) yer uchastkasining joylashuv sxemasi;
5) yer uchastkasidan amalda foydalanilish maqsadi;
6) yer uchastkasining ushbu Qonun 1-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlardan biriga mansubligi.
Elektron yigʻmajild ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan vakolatli tashkilotlarga ushbu Qonunning 4 — 12-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjudligini koʻrib chiqish, shuningdek maʼlumotlarni va hujjatlarni kiritish (biriktirish) uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda tegishincha yuboriladi.
16-modda. Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga maʼlumotlarni va hujjatlarni kiritishning (biriktirishning) ikkinchi bosqichi
Oldingi tahrirga qarang.
Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga maʼlumotlarni va hujjatlarni kiritishning (biriktirishning) ikkinchi bosqichida yigirma kun muddatda ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan vakolatli tashkilotlar:
(16-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
yuborilgan elektron yigʻmajildni koʻrib chiqadi;
maʼlumotlar va hujjatlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritadi (biriktiradi).
Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boʻlinmalari tomonidan — yer uchastkasining elektron onlayn-auksionga qoʻyilganlik yoki qoʻyilmaganlik holati toʻgʻrisidagi, shuningdek binolar va inshootlar, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylar xususiylashtirilganligi yoki xususiylashtirilmaganligi toʻgʻrisidagi;
2) tuman (shahar) hokimliklari tomonidan:
fuqaro bogʻdorchilik va uzumchilik shirkati yigʻilishining bayonnomasiga muvofiq shirkat aʼzosi ekanligi, shuningdek uning binolar va inshootlarga, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joyga boʻlgan huquqi eʼtirof etilganligi yoki eʼtirof etilmaganligi haqidagi;
yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilganligi yoki ajratilmaganligi toʻgʻrisidagi;
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu Qonunning 13-moddasiga asosan tashkil etilgan ishchi guruhlar dalolatnomasiga koʻra mazkur Qonunning 5-moddasiga va 12-moddasi uchinchi qismiga muvofiq yer uchastkasi egallab olingan yil toʻgʻrisidagi;
(16-modda ikkinchi qismi 2-bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu Qonunning 10-moddasiga muvofiq huquqlar eʼtirof etiladigan binolar va inshootlar, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylar xususiylashtirilganligi yoki xususiylashtirilmaganligi haqidagi;
tuzilmasida qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlari mavjud boʻlgan hollarda — oʻzboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarning soni, turlari, ulardan foydalanilish maqsadlari, ularning qurilish taqiqlangan hududlarda joylashganligi yoki joylashmaganligi toʻgʻrisidagi;
(16-modda ikkinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuniga asosan beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son. 2024-yil 8-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
3) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmalari tomonidan — kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlari qabul qilingan investitsiya majburiyatlarini va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni toʻliq bajarganligi yoki bajarmaganligi haqidagi;
Oldingi tahrirga qarang.
4) tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlari tomonidan — oʻzboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarning soni turlari, ulardan amalda foydalanilish maqsadlari toʻgʻrisidagi;
(16-modda ikkinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5) Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining, Transport vazirligining, Suv xoʻjaligi vazirligining, Raqamli texnologiyalar vazirligining, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining tegishli hududiy organlari (boʻlinmalari), tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalari, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi, tegishli muhandislik-kommunikatsiya (elektr, aloqa, gaz, ichimlik suvi, kanalizatsiya) tarmoqlaridan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan — oʻzboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarning qurilishi qaysi hududda qonunchilik hujjatlariga hamda hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish toʻgʻrisidagi hujjatlarga (mavjud boʻlsa) muvofiq taqiqlangan boʻlsa, tegishincha ularning oʻsha hududlarda joylashganligi yoki joylashmaganligi haqidagi;
(16-modda ikkinchi qismining 5-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son. 2024-yil 8-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
6) tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimlari tomonidan — oʻzboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarning hamda ular joylashgan yer uchastkasining sanitariya-himoya zonalarida, chiqindilar va boshqa zaharli moddalarni koʻmish joylari yaqinida joylashganligi yoki joylashmaganligi toʻgʻrisidagi;
7) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi tomonidan — yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha hamda unda qurilgan binolar va inshootlar uchun mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjudligi yoki mavjud emasligi haqidagi;
Oldingi tahrirga qarang.
8) Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan:
tegishli kosmik suratlar mavjud boʻlgan taqdirda, binolar va inshootlar qurilgan davrning ushbu Qonunning 4 — 7-moddalarida va 9-moddasida nazarda tutilgan muddatlarga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi;
tegishli kosmik suratlar mavjud boʻlmagan taqdirda yoki mavjud kosmik suratlarda binolar va inshootlar qurilganligini aniqlashning texnik imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda, ushbu Qonunning 4 — 7-moddalarida va 9-moddasida nazarda tutilgan muddatlardan keyin, biroq ikki yildan oshmagan davr ichida olingan birinchi kosmik suratga asosan binolar va inshootlar qurilgan davrning mazkur muddatlarga muvofiqligi haqidagi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi;
(16-modda ikkinchi qismining 8-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son. 2024-yil 8-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
9) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan — yer uchastkasi tuman (shahar) hokimlarining qarorlari bilan qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilganligi hamda ushbu qarorlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmaganligi haqidagi;
10) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan — qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligining miqdori (bundan yakka tartibdagi uy-joylar qurilgan yer uchastkalari mustasno) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va hujjatlar kiritiladi (biriktiriladi).
Joyiga chiqib oʻrganish ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tashkilotlar tomonidan reja-jadvalga muvofiq bir vaqtning oʻzida amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlar va hujjatlarning haqqoniyligi, toʻliqligi hamda oʻz vaqtida kiritilishi (biriktirilishi) uchun ularni taqdim etgan tashkilotlar javobgar boʻladi.
Yer uchastkasi uchun yer soligʻi boʻyicha, shuningdek unda qurilgan binolar va inshootlar uchun mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda soliq organlari mazkur qarzdorlikni bartaraf etish haqidagi xabarnomani ikki oy muddatda qarzdorning manziliga yozma shaklda hamda uning telefon raqamiga xabar tarzida yuboradi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddat soliq qarzdorligini bartaraf etish uchun berilgan muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi uchun toʻxtatib turiladi.
Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan tegishli maʼlumotlar qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin yangilanadi.
17-modda. Maʼlumotlarni jamoatchilikka eʼlon qilish
Avtomatlashtirilgan axborot tizimida toʻliq shakllantirilgan elektron yigʻmajild maʼlumotlari tegishli fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari binolarining eʼlonlar uchun burchaklarida, Kadastr agentligining rasmiy veb-saytida hamda boshqa axborot manbalarida jamoatchilikka eʼlon qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli maʼlumotlar va hujjatlar boʻyicha eʼtirozlari mavjud boʻlgan taqdirda, elektron yigʻmajilddagi maʼlumotlar jamoatchilikka eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ular boʻyicha vakolatli tashkilotlarga shikoyat qilishi mumkin.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Shikoyatlar “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq koʻrib chiqiladi.
18-modda. Maʼlumotlar va hujjatlarni oʻrganish
Elektron yigʻmajildga oid maʼlumotlar jamoatchilikka eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida shikoyat kelib tushmagan taqdirda elektron yigʻmajild ushbu Qonunning 16-moddasiga muvofiq barcha vakolatli tashkilotlar tomonidan toʻliq kiritilgan (biriktirilgan) maʼlumotlar va hujjatlar bilan birga avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik tarzda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga koʻrib chiqish uchun uch ish kuni ichida yuboriladi.
Agar mazkur muddat ichida shikoyat kelib tushgan boʻlsa, mazkur shikoyat vakolatli organlar tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimiga uch ish kuni ichida kiritiladi.
Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari haqidagi maʼlumot, shuningdek avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi maʼlumotlar va hujjatlarga oʻzgartirish kiritilgan taqdirda, mazkur oʻzgartirish vakolatli tashkilotlar tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimiga uch ish kuni ichida kiritiladi.
Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot va (yoki) avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi maʼlumotlar va hujjatlarga kiritilgan tegishli oʻzgartirishlar avtomatlashtirilgan axborot tizimiga vakolatli tashkilotlar tomonidan kiritilganidan keyin bir ish kuni ichida, biroq elektron yigʻmajilddagi maʼlumotlar jamoatchilikka eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kamida bir oy ichida elektron yigʻmajild Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan elektron yigʻmajild, maʼlumotlar va hujjatlar ushbu Qonun talablariga muvofiqlik jihatidan yigirma ish kuni ichida oʻrganiladi, shuningdek ushbu Qonunning 4 — 12-moddalarida belgilangan asoslarga hamda 15 va 16-moddalari talablariga muvofiq yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish asosliligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlanadi hamda avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi (biriktiriladi).
(18-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron yigʻmajildning, maʼlumotlar va hujjatlarning ushbu Qonunning 4 — 12-moddalarida belgilangan asoslarga hamda 15 va 16-moddalari talablariga muvofiq emasligi yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish asosli emasligi toʻgʻrisida xulosa chiqarish uchun asos boʻladi.
(18-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining xulosasi ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kelib tushgan shikoyat yigirma ish kuni ichida oʻrganib chiqiladi va oʻrganish natijalariga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining xulosasi bekor qilinishi yoki xulosa oʻzgarishsiz qoldirilishi mumkin hamda bu haqda tegishli shaxslar yozma ravishda xabardor qilinadi.
Agar shikoyatda koʻrsatilgan eʼtirozlar vakolatli tashkilotning avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan (biriktirilgan) maʼlumotiga va (yoki) hujjatiga taalluqli boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan mazkur vakolatli tashkilotning eng yuqori turuvchi tashkilotiga ushbu holat yuzasidan munosabat bildirish uchun soʻrov xati yuboriladi.
Vakolatli tashkilotning eng yuqori turuvchi tashkiloti soʻrov xatida nazarda tutilgan masalani oʻn kun muddat ichida oʻrganib chiqib, axborot tizimiga kiritilgan (biriktirilgan) maʼlumotning va (yoki) hujjatning asosligi yoki asossizligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga javob xati yuboradi. Bunda shikoyatda koʻrsatilgan eʼtirozlar asosli deb topilgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining xulosasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan, vakolatli tashkilotning maʼlumoti va (yoki) hujjati esa mazkur vakolatli tashkilotning eng yuqori turuvchi tashkiloti tomonidan bekor qilinadi hamda tegishli koʻchmas mulk obyektiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish masalasi mazkur tashkilotlar tomonidan qayta koʻrib chiqiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining xulosasi sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, tegishli koʻchmas mulk obyektiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish masalasi ushbu Qonun talablariga muvofiq umumiy tartibda qayta koʻrib chiqiladi.
(18-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi — oʻn birinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Oldingi tahrirga qarang.
181-modda. Maʼlumotlar va hujjatlarni qayta koʻrib chiqish
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasining hamda unda qurilgan binolar va inshootlarning bir qismi qurilish taqiqlangan hududda joylashganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ushbu Qonun 16-moddasi ikkinchi qismining 2, 5 va 6-bandlarida koʻrsatilgan vakolatli tashkilotlar tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan (biriktirilgan) taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari ushbu yer uchastkasining hamda unda qurilgan binolar va inshootlarning qurilish taqiqlangan hududdagi qismini chegirib tashlab, uning qolgan qismiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish masalasini qayta koʻrib chiqish uchun maʼlumotlarni tegishli vakolatli tashkilotlarga qaytaradi. Bunda tegishli vakolatli tashkilotlar besh ish kuni ichida ushbu maʼlumotlarni qayta koʻrib chiqib, yer uchastkasining joylashuv sxemasida qurilish taqiqlangan hududdagi chegirib tashlanadigan maydonni koʻrsatgan holda, uning qolgan qismiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi yoki maqsadga muvofiq emasligi haqidagi huquqiy jihatdan asoslantirilgan maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritadi (biriktiradi).
Yer uchastkasining hamda unda qurilgan binolar va inshootlarning qurilish taqiqlangan hududdagi qismini chegirib tashlagan holda, uning qolgan qismiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida tegishli vakolatli tashkilotlar tomonidan maʼlumotlar berilgan taqdirda, Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi tuman (shahar) filiallari mazkur koʻchmas mulk obyektining elektron yigʻmajild hujjatiga yigirma besh kun ichida tegishli oʻzgartirishlar kiritadi hamda uni koʻrib chiqish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuboradi.
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasining hamda unda qurilgan binolar va inshootlarning qurilish taqiqlangan hududdagi qismini chegirib tashlagan holda, uning qolgan qismiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida tegishli vakolatli tashkilotlar tomonidan maʼlumotlar berilganligi ushbu yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish asosli emasligi haqida xulosa chiqarish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga asos boʻladi.
(181-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son. 2024-yil 8-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
19-modda. Yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish maqsadga muvofiq ekanligi toʻgʻrisida xabardor qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish ushbu Qonunning 18-moddasida nazarda tutilgan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, Kadastr agentligi tomonidan tegishli shaxslar ushbu Qonunning 23-moddasida belgilangan bir martalik toʻlovni yigirma ish kuni ichida toʻliq toʻlash orqali chegirmaga ega boʻlishi va (yoki) bir martalik toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlashi hamda bir martalik toʻlovni toʻlashdan ozod qilinganligi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinadi.
(19-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik toʻlov belgilangan muddatlarda toʻliq toʻlanmagan taqdirda, ushbu Qonunning 231-moddasiga asosan bir martalik toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanguniga qadar, ularning oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan bino va inshootga boʻlgan huquqlarini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi ishlar toʻxtatib turiladi.
(19-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik toʻlov toʻliq toʻlangan va (yoki) bir martalik toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangan taqdirda, elektron yigʻmajild, maʼlumotlar va hujjatlar ushbu Qonunning 18-moddasiga muvofiq tayyorlangan ijobiy xulosalar bilan birga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga navbatdagi sessiyada (majlisda) koʻrib chiqish uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yuboriladi.
(19-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
20-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qarorlar qabul qilish
Ushbu Qonunning 19-moddasiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasining Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yuborilgan maʼlumotlar va hujjatlar uch oy ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining sessiyalarida (majlislarida) muhokama qilinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, roʻyxatga olish va eʼlon qilish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning “E-qaror” yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
Qarorda quyidagilar koʻrsatiladi:
1) yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi hamda unda qurilgan bino va inshootga boʻlgan mulk huquqi eʼtirof etilayotgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar (fuqarolar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning familiyasi, ismi, otasining ismi va tugʻilgan yili, yuridik shaxs boʻlgan rezidentlarning toʻliq nomi, roʻyxatdan oʻtgan sanasi hamda soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami);
Oldingi tahrirga qarang.
2) ijara huquqi eʼtirof etilayotgan yer uchastkasi joylashgan manzil, maydon yer uchastkasining ijara muddati, undan amalda foydalanilish maqsadi, u egallab olingan yil;
(20-modda uchinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
3) mulk huquqi eʼtirof etilayotgan binolar va inshootlardan amalda foydalanilish maqsadi.
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari loyihalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi shart.
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari rasmiy eʼlon qilinganidan keyin kuchga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qarorlar qabul qilinganidan keyin Kadastr agentligi tegishli shaxslarni yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish lozimligi toʻgʻrisida avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda xabardor qiladi.
(20-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuniga asosan oltinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
21-modda. Huquq egasi
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqi inventarizatsiya jarayonida aniqlangan va avtomatlashtirilgan axborot tizimida mazkur yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan shaxs sifatida koʻrsatilgan fuqaro va yakka tartibdagi tadbirkor, shuningdek rezident boʻlgan yuridik shaxs nomiga eʼtirof etiladi.
Yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan shaxs vafot etgan taqdirda, binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqi hamda yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi ushbu vafot etgan shaxs nomiga eʼtirof etiladi. Bunda mazkur obyektga nisbatan merosni rasmiylashtirish qonunchilik hujjatlariga muvofiq vorislik tartibida hal etiladi.
22-modda. Ijara huquqi eʼtirof etilgan yer uchastkasining yer fondi toifasini oʻzgartirish
Ushbu Qonunga muvofiq yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi eʼtirof etilishi lozim boʻlgan yer uchastkasi aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari yoki sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga kirmagan taqdirda ham yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqining eʼtirof etilishiga yoʻl qoʻyiladi, bundan sugʻoriladigan yerlar mustasno.
Bunda yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqining eʼtirof etilishi mazkur yer uchastkasini qonunchilik hujjatlariga muvofiq aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari yoki sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Fuqarolarga tegishli boʻlgan, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqi eʼtirof etilganda yer uchastkasi aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari toifasiga oʻtkazilishi munosabati bilan fuqarolardan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlovlar undirilmaydi.
Fuqarolarga tegishli boʻlgan, yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkalardan boshqa yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqi eʼtirof etilganda yer uchastkasi aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari yoki sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilishi munosabati bilan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlovlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq undiriladi.
4-bob. Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov
23-modda. Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov miqdorlari
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonun 1-moddasi ikkinchi qismining 1, 2-bandlarida (bundan yashash uchun moʻljallanmagan joy obyektlari mustasno), 3, 5, 7, 8-bandlarida belgilangan asoslarga muvofiq yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik toʻlov undiriladi:
(23-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
1) Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida;
2) Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida;
3) viloyatlar boʻysunuvidagi boshqa shaharlarda — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida;
4) boshqa aholi punktlarida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida.
Bir martalik toʻlovni toʻlashdan quyidagilar ozod etiladi:
1) bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida bir martalik yigʻimni toʻliq toʻlagan shaxslar;
2) I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan bir martalik toʻlov ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan toʻlovning ellik foizi miqdorida undiriladi.
Agar bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni eʼtirof etish ishlarini tashkil etish boʻyicha tuman (shahar) komissiyalari tomonidan shaxsning oʻzboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish mumkin deb topish belgilangan xulosasiga asosan dalolatnoma shakllantirilgan, biroq bir martalik yigʻim undirilmagan yoki toʻliq hajmda undirilmagan boʻlsa, u holda bir martalik toʻlov ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq undiriladi, bunda bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida undirilgan bir martalik yigʻim summasi inobatga olinadi.
Bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida toʻlangan bir martalik yigʻim va ushbu Qonun doirasida undiriladigan bir martalik toʻlov oʻrtasidagi farq qaytarilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonun 1-moddasi ikkinchi qismining 2-bandida (bundan yakka tartibdagi uy-joylar mustasno), 4, 6-bandlarida, 12-moddasining beshinchi qismida belgilangan asoslarga koʻra yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov foydalanish turiga muvofiq yer uchastkasiga boʻlgan ijara va mulk huquqining oʻrtacha bozor qiymati miqdorida undiriladi.
(23-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqining oʻrtacha bozor qiymati yer uchastkalaridan foydalanish maqsadlaridan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan 0,01 gektar maydon uchun fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarishining hududiy birliklari boʻyicha har yili yanvar va iyul oylarida belgilanadi, uning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi hamda avtomatlashtirilgan axborot tizimiga taqdim etiladi. Bunda tegishli hududda oxirgi oʻn ikki oyda yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini sotish boʻyicha elektron onlayn-auksionlardagi oʻrtacha narxlar, elektron onlayn-auksion oʻtkazilmagan hududlar uchun esa tegishli tuman (shahar) yoki yuqori turuvchi maʼmuriy-hududiy birliklar boʻyicha oʻrtacha narxlar ijara muddatiga koʻra tuzatish kiritilgan holda asos sifatida qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
231-modda. Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlovni amalga oshirish tartibi va shartlari
Ushbu Qonunga muvofiq yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib toʻlanishi mumkin.
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlovning ellik foizi ushbu Qonun 19-moddasining birinchi qismida belgilangan muddatda tegishli shaxslar tomonidan toʻlangan taqdirda, ular bir martalik toʻlovning qolgan qismini toʻlashdan ozod qilinadi.
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi shartnoma tuman (shahar) soliq inspeksiyalari va tegishli shaxslar oʻrtasida avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali imzolanadi hamda ushbu toʻlovning hisob-kitobi yuritiladi. Agar yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi eʼtirof etilayotgan shaxs vafot etgan boʻlsa, mazkur shartnoma uning yaqin qarindoshlaridan biri tomonidan qogʻozda imzolanadi.
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qarorlari qabul qilingan kundan eʼtiboran tegishli shaxslar tomonidan quyidagi muddatlarda boʻlib-boʻlib toʻlanishi mumkin:
ushbu Qonun 23-moddasining birinchi qismida belgilangan bir martalik toʻlov bir yil muddatda;
ushbu Qonun 23-moddasining oltinchi qismida belgilangan bir martalik toʻlov uch yil muddatda.
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov tegishli shartnomada belgilangan muddatlarda toʻlanmagan taqdirda, qarzdorlikni tuman (shahar) soliq inspeksiyalari tomonidan jarima va penya qoʻllanilmagan holda undirish choralari koʻriladi.
(231-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
24-modda. Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov summasini taqsimlash
Ushbu Qonun 23-moddasining birinchi qismiga muvofiq undiriladigan bir martalik toʻlov summasi quyidagicha taqsimlanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
25 foizi — Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi hisobvaragʻiga;
5 foizi — tuman (shahar) soliq inspeksiyalarining budjetdan tashqari jamgʻarmalariga.
(24-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuniga asosan ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasining maxsus gʻazna hisobvaragʻiga;
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining budjetdan tashqari Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan qismi — koʻchmas mulk joylashgan hududda tashabbusli budjetlashtirish doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun tegishli tuman va shahar budjetlari orqali fuqarolar tashabbuslari jamgʻarmalariga.
Ushbu Qonun 23-moddasining oltinchi qismiga muvofiq undiriladigan bir martalik toʻlov summasi quyidagicha taqsimlanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
10 foizi — Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi hisobvaragʻiga;
5 foizi — tuman (shahar) soliq inspeksiyalarining budjetdan tashqari jamgʻarmalariga;
(24-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuniga asosan ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
5 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasining maxsus gʻazna hisobvaragʻiga;
5 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining budjetdan tashqari Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamgʻarmasiga;
qolgan qismi — koʻchmas mulk joylashgan hududda tashabbusli budjetlashtirish doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun tegishli tuman va shahar budjetlari orqali fuqarolar tashabbuslari jamgʻarmalariga.
5-bob. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish chogʻidagi davlat va jamoatchilik nazorati
25-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish chogʻidagi davlat nazorati
Oldingi tahrirga qarang.
Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish chogʻida davlat nazorati, shu jumladan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish jarayonida yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish hollarini barvaqt aniqlashga hamda ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar prokuratura va ichki ishlar organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining, Kadastr agentligining hududiy boʻlinmalari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(25-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 9-sentabrdagi OʻRQ-1170-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2026-y., 03/26/1170/0911-son)
Davlat nazoratini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlardan foydalaniladi.
26-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish chogʻidagi jamoatchilik nazorati
Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish chogʻidagi jamoatchilik nazorati fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining IV boʻlimi.
27-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etishga koʻmaklashish boʻyicha jamoatchilik guruhlari
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari bilan hududiy fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish birliklari boʻyicha yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etishga koʻmaklashish boʻyicha jamoatchilik guruhlari (bundan buyon matnda jamoatchilik guruhlari deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Jamoatchilik guruhi tarkibiga tegishli saylov okrugidan saylangan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi deputati, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi raisi hamda har yuzta oiladan kamida bir nafardan fuqaro kiritiladi.
Jamoatchilik guruhlari:
yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish chogʻida aniqlangan qonun buzilishlari hollari yuzasidan vakolatli davlat organlari xabardor qilinishini taʼminlaydi;
yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish asoslari va tartibi yuzasidan aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib boradi;
avtomatlashtirilgan axborot tizimida shakllantirilgan maʼlumotlarni kuzatib boradi, zarur boʻlgan taqdirda, ushbu maʼlumotlar bilan tanishishda fuqarolarga koʻmaklashadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorlari loyihalarining muhokamasida ishtirok etadi.
28-modda. Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini qaytarish hamda ularda binolar va inshootlar qurish bilan bogʻliq qonun buzilishlarini bartaraf etish
Ushbu Qonunga muvofiq huquqlar eʼtirof etilmagan, oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini qaytarish hamda ularda binolar va inshootlar qurish bilan bogʻliq qonun buzilishlarini bartaraf etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Yer kodeksining 91, 911-moddalari.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
29-modda. Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonunga muvofiq yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda ushbu Qonunga muvofiq yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qabul qilingan qarorlar yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi.
(29-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son. 2024-yil 8-noyabrdan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar ushbu Qonunga muvofiq huquqlar eʼtirof etilgan koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha bir martalik toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan boʻlsa, ushbu shartnomaga asosan bir martalik toʻlov toʻliq toʻlanguniga qadar tuman (shahar) soliq inspeksiyalari mazkur koʻchmas mulk obyektlarini boshqa shaxsga oʻtkazishga nisbatan belgilangan tartibda taqiq qoʻyadi.
(29-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qismi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlarda yigʻim undiriladi.
30-modda. Ijara huquqi eʼtirof etilgan yer uchastkasini xususiylashtirish
Yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi ushbu Qonunga muvofiq eʼtirof etilib, unga boʻlgan huquq belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin mazkur yer uchastkasi qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda va asoslarda xususiylashtirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy korxona toʻgʻrisida”gi Qonuni.
31-modda. Nizolarni hal etish
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish bilan bogʻliq nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
Boshqa qonunlarning oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etmaslik, bunday harakatlar uchun javobgarlik qoʻllash, binolar va inshootlarni oʻzboshimchalik bilan qurish bilan bogʻliq qonun buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi qoidalari oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni ushbu Qonunda belgilangan muddatda va tartibda eʼtirof etish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
32-modda. Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 60-moddasi.
33-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
34-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
35-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi va amal qilish muddati
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-avgust,
OʻRQ-937-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.08.2024-y., 03/24/937/0585-son; 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son; 09.09.2026-y., 03/26/1170/0911-son)