toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Respublikada ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatimizda ov qilish va ovchilar tayyorlash tartibini tizimlashtirish va takomillashtirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni tatbiq qilish, ovchilik xo‘jaliklarida bioxilma-xillikni ko‘paytirish, ov turizmi infratuzilmasini rivojlantirish orqali mahalliy aholini ish bilan ta’minlash, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-9-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining (keyingi o‘rinlarda — Ekologiya vazirligi) 2024-yil 1-sentabrdan boshlab ovchilik xo‘jaligini tashkil etishning quyidagi tartibini o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:
a) ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklari hududida amalga oshiriladi va ovchilik xo‘jaliklari hududidan tashqarida ov qilishni amalga oshirish taqiqlanadi (tabiiy suv oqimlarida, shuningdek kanallarda va kollektor-drenaj tarmoqlarida umumiy foydalanish tartibida jismoniy shaxslar tomonidan baliq tutish, yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish maqsadida ov qilish hamda Ekologiya vazirligi tomonidan belgilangan tartibga asosan erkin ov qilish hududlarida ov qilish bundan mustasno);
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuni.
b) ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar hamda o‘rmon fondi yerlaridan 10 gektargacha yer uchastkasi ovchilik bazalari va 100 gektargacha yer uchastkasi pitomniklar barpo etish uchun bitta lot sifatida investitsiya va shartnomaviy majburiyatlarni belgilagan holda yuridik va jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali 49 yil muddatga quyidagi bosqichlarda ijara huquqi asosida ajratiladi:
birinchi bosqichda — 10 yil muddatga;
investitsiya va shartnomaviy majburiyatlarni bajarish natijalariga ko‘ra:
ikkinchi bosqichda — 10 yil muddatga;
uchinchi bosqichda — 29 yil muddatga.
Bunda, ikki yil muddat ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takror ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar infratuzilmasi yoki takror ko‘paytirish uchastkasi tashkil qilinmasa, ijara shartnomasi bekor qilinadi;
v) elektron onlayn-auksion g‘olibi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga ovchilik xo‘jaliklariga (ovchilik bazalari va pitomniklarga) tutash hududdagi ov qilish joylari Ekologiya vazirligi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladigan ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun biriktirib beriladi. Bunda:
biriktirilgan ov qilish joylaridan foydalanganlik uchun undiriladigan yillik haq miqdori Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanadi;
elektron onlayn-auksion g‘olibi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun tutash hududdagi ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomani tuzishdan bosh tortgan taqdirda, elektron onlayn-auksion natijalari bekor qilinadi va yer uchastkalari qayta elektron-onlayn auksion savdolariga chiqariladi;
g) ovchilik xo‘jaliklari:
Ekologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan formatda ishlab chiqilgan va kelishilgan 10 yilga mo‘ljallangan texnik-iqtisodiy asosnoma materiallari asosida faoliyat yuritadi;
pitomniklarda yovvoyi hayvonlarni to‘liq bosqichda yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan holda o‘zlariga biriktirilgan ov qilish joylariga qo‘yib yuborilgan yovvoyi hayvonlar soniga teng miqdorida yovvoyi hayvonlarni Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartib asosida, ularning urchish paytlaridan tashqari yil davomida ov qilishni tashkil etadi. Bunda, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma olish talab etilmaydi;
d) yovvoyi hayvonlarning urchish paytlari Zoologiya institutining xulosasi asosida belgilanadi.
2024-yil 1-sentabrgacha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan o‘ziga tegishli yer uchastkalarida ovchilik bazalari va pitomniklar tashkil etilgan taqdirda, ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ushbu yer uchastkasiga tutash hududdagi ov qilish joylari Ekologiya vazirligi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladigan ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan 49 yil muddatga biriktirib beriladi.
2. Ekologiya vazirligiga quyidagi vakolatlar berilsin:
ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomaning namunaviy shaklini tasdiqlash;
ovchilik xo‘jaligini yuritishda texnik-iqtisodiy asosnoma materiallarining formatini tasdiqlash;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risida shartnoma tuzish.
3. Ekologiya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar hamda o‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-apreldagi 223-sonli qarori bilan tasdiqlangan Bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibi to‘g‘risida nizom.
4. Ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki:
a) 2024-yil 1-oktabrdan boshlab ovchilarga ovchilik yo‘llanmasi yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalar asosida Ekologiya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan elektron dastur orqali beriladi. Bunda, ovchilik yo‘llanmalari berilganligi uchun to‘lov miqdori ovchilik xo‘jaliklari tomonidan belgilanadi;
b) yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota hayvonot dunyosi obyektlarining davlat kadastri ma’lumotlari, yovvoyi hayvonlar sonini hisobga olish va tutiladigan yovvoyi hayvonlarni hisobga olish ma’lumotlari, respublikada mavjud o‘rmon xo‘jaliklari, qo‘riqxonalar, pitomniklar va shunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchi boshqa jismoniy va yuridik shaxslardan olingan yovvoyi hayvonlarni hisobga olish ma’lumotlaridan kelib chiqqan holda Ekologiya vazirligi tomonidan o‘rnatiladi.
Bunda, O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib borayotgan yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga doir har yilgi kvotalarni tasdiqlashda qo‘shimcha ravishda Fanlar akademiyasining olib borilgan va chop etilgan ilmiy-tadqiqotlar asosidagi tavsiyalari hisobga olinadi;
v) o‘lja ovi tashkil etilganda ov mavsumidan qat’i nazar haftaning barcha kunlarida ov qilishga ruxsat beriladi;
g) sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat etilgan to‘rlarni faqat sanoat usulida baliq ovlash uchun kvotalar ajratilgan baliqchilik xo‘jaliklariga sotishga yo‘l qo‘yiladi, kvotalar ajratilmagan baliqchilik xo‘jaliklariga sotish taqiqlanadi.
6. 2024-yil 1-oktabrdan boshlab ovchilik guvohnomasini berishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:
ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish (keyingi o‘rinlarda — o‘quv kurslar) joriy etiladi;
ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Ekologiya vazirligi huzuridagi Ekoturizm va ovchilikni rivojlantirish departamenti (keyingi o‘rinlarda — Departament) tomonidan 2 yil muddatga beriladi;
ovchilik guvohnomasi berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot jismoniy shaxslarning pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlariga integratsiya qilinadi;
ovchilik guvohnomasini olish uchun o‘quv kurslari bioxilma-xillikni asrash, hayvonlarning turlari va anatomiyasi, ov qilish qoidalari, ov qilish etikasi va ov usullari hamda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus bilimlar o‘rgatilishini nazarda tutgan holda Departament yoki ta’lim muassasalari tomonidan tashkil etiladi;
ovchilik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish uchun o‘quv kurslarida qayta o‘qish talab etilmaydi;
ovchilik guvohnomasini rasmiylashtirganlik uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida, nafaqadagi va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanadi;
ovchilik guvohnomasini berish tartibi va ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni o‘quv kurslarida o‘qitish tartibi Ekologiya vazirligi tomonidan belgilanadi.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
a) Ekologiya vazirligining Ekologiya jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnomani berishdan kelib tushgan mablag‘larning:
80 foizi — yovvoyi hayvonlar va ixtiofauna obyektlarini takror ko‘paytirish va ular hisobini yuritish hamda muhofaza qilish;
20 foizi — Departament ta’minoti va Jamg‘arma nizomida nazarda tutilgan boshqa maqsadlar uchun yo‘naltiriladi;
b) 2025-yil 1-yanvardan boshlab Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ovchilik xo‘jaliklaridagi pitomniklarda yovvoyi hayvonlarni to‘liq bosqichda yetishtirish (ko‘paytirish) xarajatlarining bir qismini qoplash uchun har yili 5 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi;
v) ov qilish joylaridan foydalanganlik uchun undirilgan to‘lovlar, ovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish, ovchilik guvohnomasini olish uchun o‘quv kurslarida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar Jamg‘armaga yo‘naltiriladi;
g) 2024-yil 1-sentabrdan boshlab yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish joylarini, kichik safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklari ushbu faoliyat yo‘nalishlarini tashkil qilgandan boshlab uch yil muddat mobaynida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini ushbu soliqlar bo‘yicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha to‘laydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429-moddasi.
d) ovlangan o‘ljalardan hamda tabiat in’om etgan mahsulotlardan hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi hunarmandlar “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ga kiritiladi va ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-91-son Farmoni va 2019-yil 28-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4539-son qarorida belgilangan imtiyozlar tatbiq etiladi.
8. Ekologiya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 23-iyul,
PF-105-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-105-son Farmoniga
ILOVA
Ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha
“YO‘L XARITASI”

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish muddati

Moliyalashtirish manbai

Mas’ul ijrochilar

1.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar hamda o‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish tartibini belgilovchi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga 1 gektardan 2 gektargacha yer uchastkasi ovchilik bazalari va 50 gektargacha yer uchastkasi pitomniklar barpo etish uchun bitta lot sifatida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish.

Amalga oshirish shakli: Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi.

2024-yil sentabr

-

Ekologiya vazirligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi,

manfaatdor vazirlik va idoralar

2.

Ov qilish hududlarida ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha investitsiya takliflarini ishlab chiqish.

Bunda, investitsiya takliflari asosida ushbu sohada tajribaga ega salohiyatli investorlarni jalb qilish, “Road-Show”lar o‘tkazish bo‘yicha choralar ko‘rish.

Amalga oshirish shakli: amaliy chora-tadbirlar.

2024-yil sentabr

-

Ekologiya vazirligi,

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi,

Fanlar akademiyasi

3.

Ovchilik faoliyati va hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish:

Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari

ovchilik yo‘llanmasini berish bo‘yicha elektron dasturni ishlab chiqish;

2024-yil sentabr

Ekologiya vazirligi

ov qilish joylari va ovchilik xo‘jaliklarining interaktiv elektron xaritasini ishlab chiqish. Bunda ushbu hududlarda yashovchi yovvoyi hayvonlar haqidagi ma’lumotlar ham aks ettiriladi;

2024-yil oktabr

Ekologiya vazirligi,

Fanlar akademiyasi

hayvonot dunyosi obyektlari hisobini yuritishda ilg‘or metodologiya va texnologiyalarni joriy qilish. Bunda:

AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Tojikiston kabi xorijiy mamlakatlarning hayvonot dunyosi obyektlari hisobini yuritish tajribasini o‘rganish;

GPS, uchuvchisiz uchish apparatlari, teplovizor va boshqa uskunalar va ilg‘or texnologiyalardan foydalanishni joriy qilish;

2025-yil fevral-mart

Ekologiya vazirligi,

Fanlar akademiyasi,

Tashqi ishlar vazirligi

ov qilish mavsumi boshlanishida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda, shuningdek, ovchilar bilan uchrashuvlar va seminarlar tashkil qilgan holda ov qilish etikasi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish;

Har yili avgust-sentabr

Ekologiya vazirligi,

Fanlar akademiyasi,

ovchilar jamoat birlashmalari

ovchilik xo‘jaligini yuritishda qonunbuzilishi holatlarini, shuningdek, amaldagi shartnomalarda belgilangan majburiyatlarni bajarilishini o‘rganish;

2024-yil sentabr-oktabr

Ekologiya vazirligi,

Bosh prokuratura,

Fanlar akademiyasi

yovvoyi hayvonlar yashash muhitini o‘rganish hamda natijalariga ko‘ra yovvoyi hayvonlarni yangi yashash joylariga ko‘chirish, fauna uchun yangi bo‘lgan yovvoyi hayvon turlarini iqlimga moslashtirish, shuningdek yovvoyi hayvonlarni chatishtirish tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha dastur ishlab chiqish;

2024-yil oktabr

Ekologiya vazirligi,

Fanlar akademiyasi

respublikadagi zooparklar faoliyatini o‘rganish, ularni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish va Toshkent shahridagi zoopark misolida ishonchli boshqaruvga berish bo‘yicha taklif ishlab chiqish.

Amalga oshirish shakli: amaliy chora-tadbirlar.

2024-yil oktabr

Ekologiya vazirligi,

Fanlar akademiyasi

4.

O‘zbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida” gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish.

Amalga oshirish shakli: Qonun loyihasi.

2024-yil oktabr

-

Ekologiya vazirligi,

Adliya vazirligi,

Fanlar akademiyasi

5.

Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 2-mavze, Axmad Donish ko‘chasi, 28-uyda joylashgan Toshkent turizm va servis kolleji (sobiq) bino-inshootlarini Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga (Green University) operativ boshqaruv huquqi asosida bepul o‘tkazish.

2024-yil sentabr

-

Ekologiya vazirligi,

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Mazkur sobiq kolleji negizida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetining (Green University) zamonaviy kampusini tashkil etish.

Amalga oshirish shakli: amaliy chora-tadbirlar.

2025-yil dekabr

6.

Ovchilik xo‘jaliklaridagi pitomniklarda yovvoyi hayvonlarni to‘liq bosqichda yetishtirish (ko‘paytirish) xarajatlarining bir qismini qoplash tartibini ishlab chiqish.

Amalga oshirish shakli: Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi.

2024-yil noyabr

Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari

Ekologiya vazirligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

7.

Yovvoyi hayvonlarni tutish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan to‘lovlar miqdorini oshirish yuzasidan asoslangan taklif ishlab chiqish.

Amalga oshirish shakli: Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan taklif kiritish.

2024-yil oktabr

-

Ekologiya vazirligi,

Fanlar akademiyasi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

8.

Quyidagilarni belgilash:

yovvoyi hayvonlarni saqlash va urchitish bo‘yicha pitomniklarni tashkil etish va ularni saqlashga qo‘yiladigan talablar;

yovvoyi hayvonlarni saqlash va urchitish bo‘yicha pitomniklar faoliyatini monitoring qilish tartibi;

ovchilik guvohnomasini olish uchun maxsus onlayn o‘quv kurslarini tashkil etish tartibi;

biriktirilgan ov qilish joylaridan foydalanganlik uchun undiriladigan yillik haq miqdori;

ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar hamda o‘rmon fondi yerlarini ijara huquqi asosida ajratishda qo‘yiladigan minimal investitsiya majburiyatlari.

Amalga oshirish shakli: Ekologiya vazirligi buyrug‘i.

2024-yil sentabr — noyabr

-

Ekologiya vazirligi,

Fanlar akademiyasi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

9.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahridagi kamida bitta davlat oliy ta’lim muassasasida ekologiya sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish.

Bunda, har yili hududlar kesimida 20 nafargacha salohiyatli talabalar uchun grant mablag‘larini ajratish.

Amalga oshirish shakli: Ekologiya vazirligi buyrug‘i.

2025/2026 o‘quv yilidan boshlab

Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari

Ekologiya vazirligi,

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

10.

Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash va “Yashil makon” tadbirlari doirasida Nukus shahrida ekobog‘ hamda yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish pitomnigini tashkil etish maqsadida 2 milliard so‘m miqdorda mablag‘ ajratish.

Amalga oshirish shakli: amaliy chora-tadbirlar

2024-yil sentabr

Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari

Ekologiya vazirligi,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

11.

Ovchilik xo‘jaliklarida quyidagilarni belgilash:

1. Ekspertlar bilan birgalikda quyidagi infratuzilma obyektlarini nazarda tutgan holda ovchilik xo‘jaligining namunaviy loyihasi. Bunda:

ovchilarni qabul qilish punkti;

ovchilik qurollarini saqlash joylari;

ov minoralari, ovchilar va tashrif buyuruvchilar uchun hordiq chiqarish joylari;

ov mahsulotini qayta ishlash va saqlash xonalari;

yovvoyi hayvonlarni takror ko‘paytirish uchastkalari (pitomniklar va tabiiy ko‘paytirish hududlari);

ovchilik xo‘jaligi faoliyati uchun zarur infratuzilma va moddiy-texnika bazasi nazarda tutiladi.

2. Yovvoyi hayvonlar hisobi asosida erkin ov qilish hududlarini belgilash (erkin ov qilish hududlarining aniq chegaralari bir ovchilik mavsumiga belgilanadi va ushbu hududda ovchilik yo‘llanmasi yovvoyi hayvonlar hisobi asosida beriladi).

Amalga oshirish shakli: Ekologiya vazirligi buyrug‘i.

2024-yil sentabr-oktabr

-

Ekologiya vazirligi

12.

Ekologiya vazirligining umumiy shtatlari doirasida vazirlik tuzilmasidagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tarkibida Amudaryo suv havzasini nazorat qilish bo‘limini tashkil qilish.

Amalga oshirish shakli: Ekologiya vazirligi buyrug‘i.

2024-yil sentabr

-

Ekologiya vazirligi

13.

Respublikada brakonyerlik avj olgan hududlar xaritasini ishlab chiqish va ushbu hududlarni nazorat qilish bo‘yicha Ekologiya vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlaridan iborat tezkor guruhlar tashkil etish. Bunda:

tezkor guruhlar faoliyati Ekologiya vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi;

tezkor guruhlar faoliyatiga Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining moddiy-texnika vositalari jalb qilinadi.

Amalga oshirish shakli: qo‘shma idoraviy buyruq.

2024-yil oktabr

Ijrochilar mablag‘lari

Ekologiya vazirligi,

Milliy gvardiya,

Ichki ishlar vazirligi,

Favqulodda vaziyatlar vazirligi

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.07.2024-y., 06/24/105/0563-son)