toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahallalar faoliyatini tartibga solishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 21-dekabrdagi PQ-402-son qaroriga muvofiq, shuningdek, mahalla institutining jamiyatdagi rolini oshirish, “mahalla yettiligi” aʼzolari tomonidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻini oldida hisobot berish tizimini samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“Mahalla yettiligi” aʼzolari tomonidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻini oldida hisobot berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Koʻchaboshi va uyboshilar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasiga:
a) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda:
mazkur qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida jamoatchilik orasida tushuntirish ishlarini amalga oshirish;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirish;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
“mahalla yettiligi” aʼzolari tomonidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha oʻzlariga biriktirilgan maʼmuriy hududdagi tegishli mahalla fuqarolar yigʻini oldida hisobot berish amaliyotini yoʻlga qoʻyishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga har tomonlama koʻmaklashib borish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolarni har tomonlama ragʻbatlantirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga qoʻshimchalar kiritilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining “Mahalla yettiligi”, yoshlar siyosati va maʼnaviyat masalalari departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-iyun,
334-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-iyundagi 334-son qaroriga
1-ILOVA
“Mahalla yettiligi” aʼzolari tomonidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻini oldida hisobot berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “mahalla yettiligi” aʼzolari — fuqarolar yigʻini raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori tomonidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻini (keyingi oʻrinlarda — fuqarolar yigʻini) oldida hisobot berish tartibini belgilaydi.
2. “Mahalla yettiligi” aʼzolari mahalla doirasida amalga oshirgan ishlari boʻyicha tegishli fuqarolar yigʻinlarida har chorak yakuni boʻyicha hisobot beradi.
3. “Mahalla yettiligi” aʼzolarining hisobot berish jarayonida qonunchilik hujjatlariga muvofiq qoʻriqlanadigan davlat, xizmat va soliq sirlarining muhofaza qilinishi hamda fuqarolarning shaxsiy va oilaviy sirlarining daxlsizligi taʼminlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 29-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi va “Tijorat siri toʻgʻrisida”gi qonunlari.
4. “Mahalla yettiligi” aʼzolarining hisobotlari yuzasidan fuqarolar yigʻinlari tomonidan chiqarilgan qarorlar ularning faoliyati baholanishida inobatga olinadi.
5. “Mahalla yettiligi” aʼzolari tomonidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻini oldida hisobot berish mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. “Mahalla yettiligi” aʼzolarining fuqarolar yigʻini oldida hisobot berish yoʻnalishlari
6. Fuqarolar yigʻini raisi fuqarolar yigʻini oldida quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hisobot beradi:
fuqarolar yigʻini tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi;
mahallada ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilash, shu jumladan, mahalla obodligini saqlash hamda infratuzilmani rivojlantirish;
maslahat markazlari faoliyatini tashkil etish;
kam taʼminlangan oilalar, yetim bolalar, ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, shuningdek, tabiiy ofatlar va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan jabr koʻrgan fuqarolarga yordam koʻrsatish;
“mahalla yettiligi”ning kollegial qarorlari asosida koʻrsatilgan ijtimoiy yordam va ajratilgan subsidiyalar;
keksalar, ayniqsa, yolgʻiz keksalarning muammolarini manzilli oʻrganish, ularni moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, “Keksalar maslahati” guruhi faoliyatini tashkil etish;
bayram kunlari va muhim sanalar bilan bogʻliq ommaviy tadbirlar oʻtkazilishini tashkil qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish;
mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasini shakllantirish, boshqa mablagʻlar hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalarini jalb etish, shuningdek, jamgʻarma va mablagʻlardan foydalanish;
mahalla hududidagi dolzarb muammolar, shuningdek, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning hududga biriktirilgan masʼul xodimlari, sektor shtabi aʼzolari, yoʻl qurilishi, elektr energiyasi, gaz, suv, kanalizatsiya, kommunal va ijtimoiy soha vakillarining hududda amalga oshirgan ishlari natijalari yuzasidan sektor rahbari va Xalq qabulxonalariga kiritilgan maʼlumotlar hamda ular boʻyicha koʻrilgan choralar;
“mahalla yettiligi”ning boshqa aʼzolari faoliyatini muvofiqlashtirish, baholash va ularni hududdagi birinchi navbatda hal etilishi lozim boʻlgan muammolarni bartaraf etishga yoʻnaltirish hamda bu borada amalga oshirilgan jamoatchilik nazorati natijalari;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik choralarini qoʻllash yuzasidan qonunda belgilangan tartibda tegishli davlat organlari va tashkilotlarga kiritilgan taqdimnomalar va ularning natijalari;
“mahalla yettiligi”ning boshqa aʼzolari faoliyati natijalari boʻyicha xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga kiritilgan axborot va uning natijalari.
7. Hokim yordamchisi quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hisobot beradi:
aholi bandligini taʼminlash, oilalarning daromad manbalarini va tomorqa yerlaridan samarali foydalanishini rivojlantirish;
tadbirkorlikni, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, tashabbuskorlarga kredit va subsidiyalar ajratish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga toʻsiq boʻlayotgan muammolarning tegishli davlat organlari va tashkilotlar tomonidan hal etilishini taʼminlash;
ishsizlikning oldini olishga qaratilgan choralar koʻrish, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, ularni boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirish yoki mustaqil faoliyatini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish;
kooperatsiya asosida yetakchi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratish, ularga oʻz tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan fuqarolarni biriktirish;
aholiga issiqxona qurish, sugʻorish quduqlarini burgʻilash, qishloq xoʻjaligi kooperativiga aʼzo boʻlish, asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish, bino va inshootning ijara toʻlovi hamda kasb-hunar yoki tadbirkorlikka oʻqishi uchun subsidiyalar ajratish;
mahalladagi boʻsh bino va yer maydonlarini tadbirkorlik subyektlariga ajratish boʻyicha tegishli tashkilotlarga takliflar kiritish;
mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarga reintegratsiya yordami koʻrsatilishi va ularning rasmiy bandligi taʼminlanishi;
oʻzini oʻzi band qilgan hamda tashabbuskor fuqarolarning tadbirkorlikka qiziqishlarini aniqlash, ularni kichik biznes subyektiga aylantirish;
kambagʻal oilalarning har biri uchun “individual dastur” ishlab chiqish va ularning daromadini oshirish.
8. Yoshlar yetakchisi quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hisobot beradi:
mahallalarda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, jumladan, ularni “Besh tashabbus olimpiadasi”da ishtirok etishga jalb etish;
ishsiz yoshlar va maktab bitiruvchilari bandligiga koʻmaklashish, jumladan, “Yoshlar bandligi dasturi”ni mahallada amalga oshirish;
davlat koʻmagiga muhtoj “ogʻir” toifadagi yoshlarga biriktirilgan rahbarlar bilan birgalikda ularning hayotda oʻz oʻrnini topishlariga koʻmaklashish;
huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan yoshlar bilan, shuningdek, profilaktika inspektori bilan birgalikda huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan voyaga yetmaganlar bilan tizimli ishlash;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning muammolarini hal etish, shu jumladan, yoshlarga koʻrsatiladigan yordam turlaridan samarali foydalanish;
xorijdagi vatandosh yoshlar bilan ishlash va ularni qoʻllab-quvvatlash;
iqtidorli yoshlarni izlab topish, isteʼdodini roʻyobga chiqarish va ularni qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashish;
yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish, mahalla yoshlarini xorijiy tillarni oʻrganishga doimiy qiziqtirib borish.
9. Xotin-qizlar faoli quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hisobot beradi:
xotin-qizlarni manzilli ijtimoiy-huquqiy qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish va maʼnaviyatini yanada yuksaltirish;
migratsiyadan qaytgan, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan xotin-qizlarning ijtimoiy moslashuviga, ular bilan manzilli ishlash orqali zarur yordamlar olishlariga koʻmaklashish;
yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash;
“Ayollar maslahat kengashlari” bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish va tadbirkorlik faoliyatini boshlashga koʻmaklashish;
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlash;
xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, shu jumladan, nogironligi boʻlgan ayollar bilan ishlash, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish;
oilalarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, sogʻlom ovqatlanish hamda reproduktiv salomatlik qoidalarini ommalashtirish;
oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar faollarini davlat oliy taʼlim muassasalariga sirtqi taʼlim shaklida davlat granti asosida oʻqishga tavsiyanoma berish amaliyotini joriy etish;
xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, ular oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini olib borish, ijtimoiy xodim va boshqa davlat xizmatchilari bilan hamkorlikda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish.
10. Profilaktika inspektori quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hisobot beradi:
mahallada huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va xavfsiz muhitni taʼminlash;
mahalla hududidagi kriminogen vaziyatni muntazam ravishda oʻrganib borish, huquqbuzarliklarni aniqlash va ularga barham berish boʻyicha qonunchilikda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aholi, ayniqsa, yoshlar va voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan fuqarolarga himoya orderini berish va nazoratni oʻrnatish;
voyaga yetmaganlar va yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, terrorizm, ekstremizm, zoʻravonlik va shafqatsizlik gʻoyalaridan himoyalashga yoʻnaltirilgan ishlarni amalga oshirish;
biriktirilgan hududida pasport rejimi qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;
probatsiya hisobida turgan shaxslarni xulq-atvorini nazorat qilish, oʻrnatilgan cheklovlarga rioya etishini tekshirish, shuningdek, yangi jinoyat sodir etishining oldini olishda probatsiya inspektorlariga koʻmaklashish;
uzoq muddatga ketgan shaxslar hisobini yuritish, ularning qarindoshlari bilan ishlash, uzoq muddat mobaynida chet elda boʻlib qaytgan shaxslar bilan profilaktik ishlarni amalga oshirish.
11. Ijtimoiy xodim quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hisobot beradi:
ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni aniqlash, ularga vasiylik va homiylik belgilash hamda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar bilan ishlash;
nogironligi belgilanmagan shaxslarni aniqlash, ularga kunlik reabilitatsiya xizmatlarini koʻrsatish, muhtojlarni protez-ortopediya moslamalari bilan taʼminlash;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalar bilan ishlash va ularning kunlik hayot tarzini ijtimoiy xizmat koʻrsatish orqali yaxshilash;
kam taʼminlangan va boquvchisini yoʻqotgan oilalarni aniqlash ularga ijtimoiy xizmat koʻrsatish, shuningdek, tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish;
xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar xonadonidagi ahvolni oʻrganish, ogʻir ahvolga tushib qolgan va ogʻir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori boʻlgan oilalarni muntazam ravishda monitoring qilib borish, ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga boʻlgan ehtiyoji aniqlash, shu jumladan, ularning bolalariga taʼlim, tibbiyot va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishga yordam berish.
12. Soliq inspektori quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hisobot beradi:
soliq bazasini kengaytirish;
tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni kichik biznes toifasiga oʻtkazish;
mol-mulk, yer va daromad soligʻini toʻlovchi shaxslarning oʻz vaqtida toʻlashlarini nazorat qilish;
soliq toʻlovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul tushumining toʻliq va oʻz vaqtida topshirilishi ustidan muntazam nazoratni taʼminlash;
soliq toʻlovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda koʻmaklashish;
tadbirkorlarga soliq xizmatlarini koʻrsatish, soliqlarni undirish va mahalla budjetining daromadini shakllantirish;
soliq maʼmuriyatchiligini mahalla darajasida tashkil etish, soliqqa oid huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish yuzasidan profilaktika tadbirlarini oʻtkazish;
soliq qonunchiligini buzish holatlari hamda ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar.
3-bob. “Mahalla yettiligi” aʼzolarining hisoboti mahalla fuqarolar yigʻinida koʻrib chiqilishi
13. “Mahalla yettiligi” aʼzolarining hisoboti fuqarolar yigʻinida har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 10-sanasigacha eshitiladi.
“Mahalla yettiligi” aʼzolarining hisobotini eshitish boʻyicha fuqarolar yigʻinini chaqirishga hamda yigʻilish kun tartibini ishlab chiqishga fuqarolar yigʻinining qarorlarini bajarish va fuqarolarning yigʻinlari oraligʻidagi davrda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining joriy faoliyatini amalga oshirishni taʼminlash maqsadida shakllantiriladigan kollegial ijro organi — fuqarolar yigʻini kengashi masʼul hisoblanadi.
Fuqarolar yigʻini majlisi kun tartibi va reglamenti majlis boʻlib oʻtadigan kundan kamida bir hafta oldin fuqarolar yigʻini kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
14. Fuqarolar yigʻini majlisi Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tartibda tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
“Mahalla yettiligi” aʼzolari hisobotini eshitish boʻyicha oʻtkaziladigan fuqarolar yigʻini majlisi fuqarolar yigʻinida qatnashish huquqiga ega boʻlgan aholining yarmidan koʻprogʻi hozir boʻlgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.
15. Fuqarolar yigʻinini chaqirishning imkoni boʻlmagan taqdirda, “Mahalla yettiligi” aʼzolarining hisoboti qonunchilikda belgilangan tartibda fuqarolar vakillarining yigʻilishida eshitiladi.
16. Fuqarolar yigʻini majlisida “mahalla yettiligi” aʼzolarining hisoboti bilan bir qatorda ularning keyingi chorakda amalga oshirish rejalashtirgan vazifalari toʻgʻrisidagi maʼlumot ham eshitiladi.
17. Fuqarolar yigʻiniga (fuqarolar vakillari yigʻilishiga) “mahalla yettiligi” aʼzolarining yuqori turuvchi tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, tuman (shahar) hokimi, sektor rahbarlari, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi deputatlari, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining tuman (shahar) boʻlimi rahbari, davlat organlari va tashkilotlarning vakillari hamda ommaviy axborot vositalari taklif etilishi mumkin.
18. Fuqarolar yigʻini majlisini olib borish uchun rayosat saylanadi. Fuqarolar yigʻini majlisini fuqarolar yigʻinining raisi yoki raisning maslahatchilaridan biri olib boradi.
Fuqarolar yigʻini raisi hisobot beradigan majlisda fuqarolar yigʻini raisining maslahatchilaridan biri raislik qiladi.
Barcha masalalar boʻyicha qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
19. Fuqarolar yigʻini majlisida yigʻilish oʻtkazilgan sana, hozir boʻlgan fuqarolar soni, kun tartibi va qabul qilingan qarorlar koʻrsatilgan bayonnoma yuritiladi.
Fuqarolar yigʻini majlisi bayonnomasi va qarori fuqarolar yigʻinining raisi yoki majlisda raislik qilgan uning maslahatchilaridan biri tomonidan imzolanadi.
4-bob. “Mahalla yettiligi” aʼzolarining hisoboti boʻyicha koʻriladigan choralar
20. “Mahalla yettiligi” aʼzolarining hisobotini eshitish yakunlari boʻyicha fuqarolar yigʻinining (fuqarolar vakillari yigʻilishining) qarori nusxasi 3 kun muddatda tegishli choralarni koʻrish uchun:
fuqarolar yigʻini raisini ragʻbatlantirish, intizomiy tartibda jazolash yoki egallab turgan lavozimidan ozod etish masalalarini koʻrib chiqadi;
hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektorini ragʻbatlantirish yoki ularga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan jazo choralarini qoʻllash uchun ularning ish beruvchi (yuqori turuvchi) tashkilotiga taqdim etiladi.
21. Fuqarolar yigʻinining (fuqarolar vakillari yigʻilishining) qarori, yoʻllangan taqdimnoma hamda xatlari ularni qabul qilgan davlat organlari va tashkilotlar tomonidan koʻrib chiqilishi, 15 kun muddat ichida fuqarolar yigʻiniga javob berilishi shart.
22. “Mahalla yettiligi” aʼzolari hisobotini fuqarolar yigʻinida muhokama qilish natijalari, fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillari yigʻilishi) qarorida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha tegishli davlat organlari va tashkilotlar tomonidan koʻrilgan choralar toʻgʻrisida tahliliy axborot fuqarolar yigʻinlari tomonidan har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning yakuniga qadar sektor rahbari, Xalq qabulxonalari, tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga kiritib boriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
23. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining XVI bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining XV bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 312 –– 315-moddalari.

“Mahalla yettiligi” aʼzolari tomonidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻini oldida hisobot berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga

ILOVA

“Mahalla yettiligi” aʼzolari tomonidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻini oldida hisobot berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Fuqarolar yigʻini kengashi

1. Fuqarolar yigʻinini chaqiradi.

Har chorakda

2. Fuqarolar yigʻini majlisi kun tartibi va reglamentini ishlab chiqadi.

Majlis kunidan kamida bir hafta oldin

3. Yigʻilish oʻtkaziladigan joyi, vaqti va kun tartibidagi masalalar yuzasidan ishtirokchilarni xabardor qiladi.

Majlis kunidan kamida 5 kun oldin

2-bosqich

Fuqarolar yigʻini

1. “Mahalla yettiligi” aʼzolarining oʻzlariga biriktirilgan maʼmuriy hudud boʻyicha hisobotini eshitadi.

Har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 10-sanasiga qadar

2. “Mahalla yettiligi” aʼzolarining hisobotini eshitish yakunlari boʻyicha qaror qabul qiladi.

1 kun muddatda

3. Qarorni Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining tegishli tuman (shahar) boʻlimiga hamda “Mahalla yettiligi” aʼzolarining ish beruvchi (yuqori turuvchi) tashkilotiga taqdim etadi.

3 kun muddatda

3-bosqich

Davlat organlari va tashkilotlar

Fuqarolar yigʻinining (fuqarolar vakillari yigʻilishining) qarori koʻrib chiqilishi natijalari yuzasidan fuqarolar yigʻiniga javob beradi.

15 kun muddatda

4-bosqich

Fuqarolar yigʻini

“Mahalla yettiligi” aʼzolari hisobotini muhokama qilish natijalarini, fuqarolar yigʻini qarorida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha tegishli davlat organlari va tashkilotlar tomonidan koʻrilgan choralar toʻgʻrisida tahliliy axborotni sektor rahbari, Xalq qabulxonalari, tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga kiritib boradi.

Har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning yakuniga qadar

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-iyundagi 334-son qaroriga
2-ILOVA
Koʻchaboshi va uyboshilarning faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy nizom fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida koʻchaboshi va uyboshilarni saylash, ularning maqomini, asosiy vazifalari va funksiyalarini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Namunaviy nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
koʻchaboshi — fuqarolar yigʻini hududidagi koʻchalarning lokal (mahalliy) joylashuvi boʻyicha ularda yashovchi aholining umumiy yigʻilishida saylangan va oʻziga biriktirilgan koʻcha aholisi nomidan fuqarolar yigʻinida doimiy faoliyat olib boradigan fuqaro;
tegishli hudud — fuqarolar yigʻini hududidagi koʻchalar, koʻp kvartirali uylar;
uyboshi — fuqarolar yigʻini hududidagi koʻp kvartirali uylarning lokal (mahalliy) joylashuvi boʻyicha ularda yashovchi aholining umumiy yigʻilishida saylangan va oʻziga biriktirilgan uy aholisi nomidan fuqarolar yigʻinida doimiy faoliyat olib boradigan fuqaro;
fuqarolar yigʻini kengashi — fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillari yigʻilishi) qarorlarini bajarish va fuqarolar yigʻinlari oraligʻidagi davrda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining joriy faoliyatini amalga oshirishni taʼminlash maqsadida shakllantiriladigan kollegial ijro organi.
3. Koʻchaboshi va uyboshi sifatida oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va tegishli hududda doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari saylanishi mumkin.
Koʻchaboshi va uyboshi sifatida saylashda nomzodlarning tashkilotchilik qobiliyati, hayotiy tajribasi va tegishli hudud aholisi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishiga ustunlik beriladi.
4. Koʻchaboshi va uyboshilar oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida yuritadi.
5. Koʻchaboshi va uyboshilarni ragʻbatlantirish tariqasida ularga kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar boʻyicha har oyda kompensatsiya toʻlovlari Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolarni ragʻbatlantirish tartibini joriy etish toʻgʻrisida” 2021-yil 23-fevraldagi 99-son qarori asosida toʻlanadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faol mehnat qilayotgan koʻchaboshi va uyboshilarni ragʻbatlantirish tariqasida pul mukofoti va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlashi, davlat va boshqa mukofotlarga tavsiya etishi mumkin.
6. Koʻchaboshi va uyboshilarning faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom fuqarolar yigʻini majlisi (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) qarori bilan tasdiqlanadi.
2-bob. Koʻchaboshi va uyboshi saylovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi
7. Koʻchaboshi va uyboshilar saylovi fuqarolar yigʻini kengashi tomonidan qabul qilinadigan qaror asosida oʻtkaziladi.
8. Koʻchaboshi va uyboshilar saylovi tegishli hududda doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning fuqarolar yigʻini raisi rahbarligidagi yigʻilishda (keyingi oʻrinlarda — yigʻilish) ochiq ovoz berish orqali oʻtkaziladi.
9. Koʻchaboshi va uyboshi saylovini tashkil etish va oʻtkazish sanasi, vaqti, joyi hamda nomzodlar toʻgʻrisidagi axborot fuqarolar yigʻini raisi yoki uning maslahatchilari tomonidan saylov oʻtkazilishidan kamida besh kun oldin tegishli hudud fuqarolari eʼtiboriga yetkaziladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasining oʻn sakkiz yoshga toʻlgan hamda tegishli hududda doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar (keyingi oʻrinlarda — saylovchilar) koʻchaboshi va uyboshini saylash huquqiga ega.
Har bir saylovchi bir ovozga ega boʻladi.
Agar koʻchaboshi va uyboshi saylovida saylovchilarning yarmidan kamrogʻi ishtirok etgan boʻlsa, saylov oʻtmagan deb hisoblanadi.
11. Koʻchaboshi va uyboshi saylovchilar tomonidan besh yil muddatga saylanadi.
12. Har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sanogʻi fuqarolar yigʻini raisi tomonidan yuritiladi.
Saylov ochiq va shaffof tarzda oʻtkazilishiga fuqarolar yigʻini raisi masʼul hisoblanadi.
Saylov natijasi boʻyicha yigʻilish bayonnomasi tuziladi. Bayonnoma fuqarolar yigʻini raisi va saylovchilar tomonidan imzolanadi.
13. Saylovchilarning yarmidan ortiq ovozini olgan nomzod koʻchaboshi va uyboshi etib saylangan hisoblanadi.
14. Koʻchaboshi va uyboshi saylovini oʻtkazish jarayoni videokuzatuv moslamalari orqali qayd qilinishi va Internet jahon axborot tarmogʻida yoritib borilishi mumkin.
15. Koʻchaboshi va uyboshilarning vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatilishi mumkin:
oʻz vazifalarini zimmasidan soqit qilganda;
umumqabul qilingan odob-axloq normalarini qoʻpol ravishda buzuvchi, fuqarolar yigʻini obroʻsiga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar va nojoʻya ishlar sodir etgan, shuningdek, oʻz vazifalarini muntazam ravishda uzrli sabablarsiz bajarmagan taqdirda;
koʻchaboshi va uyboshi vazifasidan ozod etish toʻgʻrisidagi saylovchilarning yarmidan ortigʻi tomonidan yozma shaklda berilgan murojaati mavjud boʻlganda;
belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb eʼlon qilinganda;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda va (yoki) yashayotgan hududidan boshqa hududga koʻchib oʻtganda;
sogʻligʻi holati yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra oʻz vazifalarini bajara olmay qolganda;
vafot etganda.
16. Koʻchaboshi va uyboshilarning vakolati muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, yangi saylovlar tegishli fuqarolar yigʻini kengashi qarori asosida ushbu Namunaviy nizom talablariga rioya etilgan holda oʻtkaziladi.
3-bob. Koʻchaboshi va uyboshilarning asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari
17. Quyidagilar koʻchaboshi va uyboshining asosiy vazifalari hisoblanadi:
oʻziga biriktirilgan koʻchalar yoki koʻp kvartirali uylarda yashovchi aholining roʻyxatini shakllantirish;
oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni oʻrganish hamda aniqlangan muammolarni hal qilish boʻyicha fuqarolar yigʻini kengashiga takliflar kiritish;
“Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etishga koʻmaklashish, shuningdek, oʻziga biriktirilgan koʻchalar yoki koʻp kvartirali uylar atrofini obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, taʼmirlash, shuningdek, bolalar maydonchalarini tashkil etish va jihozlashga doir chora-tadbirlar rejalari loyihalariga takliflar kiritish;
aholi tinchligi va xotirjamligiga xavf tugʻdiruvchi holatlar haqida fuqarolar yigʻini raisi, profilaktika inspektoriga xabar berish;
fuqarolar yigʻini kengashining aʼzosi sifatida yigʻilishlarda aholining istaklarini va oʻz takliflarini bildirish;
aholini ixtiyoriylik asosida hashar va obodonlashtirish tadbirlariga jalb etishga koʻmaklashish;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga, boquvchisini yoʻqotgan oilalarga, notinch va muammoli oilalarga yordam koʻrsatish;
toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish masalalari boʻyicha fuqarolar yigʻini kengashiga takliflar kiritish;
aholi tomonidan issiqlik va elektr energiyasidan, issiq va sovuq suvdan tejamli foydalanishlarini targʻib qilish, tegishli hududni namunali saqlashga koʻmaklashish.
18. Koʻchaboshi va uyboshilar oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
faoliyati uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni tegishli tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrab olish;
tegishli hududda oilalar va muayyan shaxslarga yordam berish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish, tasdiqlash va ish jarayonida unga oʻzgartirish kiritish;
faoliyat yoʻnalishiga oid u yoki bu masalalar yuzasidan qabul qilgan qarorlarini koʻrib chiqish uchun fuqarolar yigʻini kengashiga taqdim etish;
ushbu Namunaviy nizomda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tadbir va mashgʻulotlarga davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning vakillarini, malakali mutaxassislarni va boshqa shaxslarni jalb qilish.
19. Koʻchaboshi va uyboshilar:
oʻz faoliyatida qonunchilik hujjatlariga, mazkur Namunaviy nizom talablariga qatʼiy rioya qilishi;
tegishli hududdagi koʻcha va koʻp kvartirali uylarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini tashkil etishga koʻmaklashishi;
mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli hududda fuqarolar bilan ishlashda faol ishtirok etishi;
qonun buzilishi holatlari aniqlangan hollarda tegishli organlarga xabar berishi shart.
20. Koʻchaboshi va uyboshilarga ushbu Namunaviy nizomda nazarda tutilganidan tashqari qoʻshimcha vazifalar yuklanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Koʻchaboshi va uyboshilar faoliyati bilan bogʻliq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
22. Mazkur Namunaviy nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining XVI bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining XV bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 312 –– 315-moddalari.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-iyundagi 334-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-apreldagi 206-son qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 12-bandi “xalq deputatlari Kengashi” soʻzlaridan keyin “, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huzuridagi “mahalla yettiligi” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-yanvardagi 16-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 12-bandi ikkinchi xatboshisi “investitsiya takliflarini” soʻzlaridan keyin “(bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari huzuridagi “mahalla yettiligi”ning takliflarini olinishi taʼminlanadi)” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.06.2024-y., 09/24/334/0419-son)