toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tabiiy suv havzalaridagi baliq resurslarini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
sport-ishqibozlik turidagi va sanoat usulida baliq ovlash tartibi;
baliq ovlash bilan shugʻullanuvchilarning huquq va majburiyatlari;
ixtiofauna obyektlaridan foydalanishni nazorat qilish;
baliq resurslarini muhofaza qilish va noqonuniy ovlash oqibatida yetkazilgan zararlarni hisoblash;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxslardan olib qoʻyilgan baliq ovlash qurollari va vositalarini yoʻq qilish;
noqonuniy baliq ovlash holatlarini aniqlagan baliqchilik xoʻjaligi hamda vakolatli shaxsga pul mukofoti berish;
noqonuniy ovlangan baliq turlari boʻyicha ancha miqdorda zarar yetkazish bilan bogʻliq holatlar yuzasidan xulosa bergan ekologiya sohasidagi ilmiy va taʼlim muassasalari xarajatlarini qoplash.
 LexUZ sharhi
Qarang. Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 19-sentabrdagi “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-408-son Qonunining 34-moddasi.
2. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi uch oy muddatda:
sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat etilgan toʻrlarni hisobga qoʻyish va identifikatsiya qilish hamda ularning reyestrini yuritishni nazarda tutuvchi elektron platforma ishga tushirilishini taʼminlasin;
sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat etilgan toʻrlarning standartini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ekologiya sohasidagi ilmiy tadqiqot va taʼlim muassasalarini jalb qilgan holda baliq ovlash uchun ruxsat etilgan toʻrlarga “GPS” kuzatuv moslamalarini oʻrnatish orqali onlayn nazorat qilish boʻyicha eksperiment oʻtkazsin va natijasi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
3. Belgilansinki:
elektron platformani ishlab chiqish hamda sanoat usulida baliq ovlashga ruxsat berilgan toʻrlarni hisobga qoʻyish va identifikatsiya qilish tizimini joriy qilish hamda maxsus tamgʻalar xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlar Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
baliqchilik xoʻjaliklarining sanoat usulida baliq ovlashga ruxsat berilgan toʻrlarini hisobga qoʻyish va identifikatsiya qilish hamda maxsus tamgʻalash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida yigʻim undiriladi;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyuldagi PF-122-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2026-y., 06/26/122/0687-son)
baliq ovlash uskunalarining elektr turlaridan foydalanish va ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlanadi.
4. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga 16 va 17-ilovalarning 9-pozitsiyalari “b” kichik bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish hamda ov qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilish”.
5. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Milliy axborot agentligi hamda Milliy teleradiokompaniya bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytlarda keng yoritilishini tashkil etsin.
6. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 9-fevral,
80-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi 80-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida sport-ishqibozlik turidagi hamda sanoat usulida baliq ovlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
akvakultura — suv havzalaridan unumli foydalanish maqsadida suvda yashaydigan organizmlar (baliqlar, mollyuskalar, qisqichbaqasimonlar, suv oʻtlari)ni nazorat qilib turiladigan sharoitda yetishtirish va parvarish qilish;
baliq ovlash — tabiiy suv havzalarida erkinlikda urchib koʻpayadigan baliqlarni ovlash, qidirish va yashash muhitidan ajratib olish;
baliq ovlash qurollari — qarmoqlar, ikki tomonlama mahkamlanadigan 10 tagacha boʻlgan ilgakli vositalar (peremet), katak oʻlchami ruxsat etilgan hajmdagi toʻrlar;
baliq mahsulotlari — ovlangan baliq, uning qismlari va uvuldirigʻi;
baliq populyatsiyasi — suv havzalarida yashovchi bir turdagi baliqlarning alohida toʻdasi;
baliqchilik xoʻjaliklari — belgilangan tartib asosida tabiiy va sunʼiy suv havzalarida baliq ovlash, koʻpaytirish va yetishtirish bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi;
ixtiofauna obyektlari — barcha turdagi baliqlar;
kvota — vakolatli organ tomonidan baliqlarni ovlash uchun beriladigan meʼyor;
elektron platforma — vakolatli organning sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat etilgan toʻrlarni hisobga qoʻyish va identifikatsiya qilish, ularning reyestrini yuritishni nazarda tutuvchi elektron platformasi;
maxsus tamgʻalash — sanoat usulida baliq ovlashga ruxsat berilgan toʻrlarni hisobga qoʻyish va identifikatsiya qilish;
noqonuniy baliq ovlash (brakonyerlik) — tegishli ruxsatnomasiz, taqiqlangan davrda va joylarda, baliqlarning taqiqlangan turlarini ovlash, shuningdek, belgilangan meʼyordan ortiq, taqiqlangan baliq ovlash qurollari vositasida yoki taqiqlangan usullar bilan baliqlarni ovlash, yigʻish hamda tabiiy muhitidan ajratib olish;
sanoat usulida baliq ovlash — ruxsatnoma asosida baliqchilik xoʻjaliklariga biriktirib berilgan suv havzalari uchastkalarida tijorat maqsadida belgilangan kvotalar doirasida haq evaziga baliq ovlash;
sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash — jismoniy shaxslar tomonidan daromad olishni koʻzda tutmagan holda faol hordiq chiqarish, oʻz ehtiyojlarini qondirish hamda musobaqalashish maqsadida ruxsat etilgan usul va qurollar bilan baliq ovlash;
sunʼiy suv havzasi — baliq va boshqa suv jonivorlari urchib koʻpayadigan, shuningdek, ularni yetishtirish va parvarish qilish inson tomonidan boshqariladigan suv havzalari (qafaslar, basseynlar, hovuz va boshqalar);
tabiiy suv havzasi — baliq va boshqa suv jonivorlarining erkinlikda urchib koʻpayish jarayoni oʻz holicha sodir boʻladigan va bu jarayonni toʻxtatish qonun bilan himoyalanadigan barcha toifadagi suv havzalari (dengiz, daryolar, jilgʻalar, soylar, koʻllar, suv omborlari);
tabiiy suv havzalaridagi baliq zaxiralari — tabiiy suv havzasida yashaydigan sanoatbop baliqlar populyatsiyasi;
taqiqlangan baliq ovlash qurollari va vositalari — maxsus tamgʻalanmagan hamda vakolatli organ tomonidan hisobga olinmagan har qanday toʻrlar, yoyma toʻrlar (nakidka), ikki tomonlama mahkamlanadigan 10 tadan ortiq ilgakli vositalar (peremet), changakli ovlash vositalari (astraga), elektr qarmoq, mahkamlanadigan tuzoqsimon toʻrlar (venter, mordushka) va boshqa baliq ovlashning brakonyerlik qurollari va vositalari;
taqiqlangan usullar — baliqlarni ovlashda portlovchi va kimyoviy vositalar, elektr tokini qoʻllash hamda suvni quritish;
toʻrlar oʻlchami (konstruktiv toʻr oʻlchami) — toʻrning choʻzilgan tomoni boʻylab oʻlchanadigan, millimetrda ifodalangan toʻr toʻplamining 2 ta qoʻshni tugunlari orasidagi masofa;
qafas (sadok) moslamalarida intensiv baliq yetishtirish texnologiyasi — ochiq suv havzalarida turli oʻlchamdagi qafas moslamalari oʻrnatilib, suv osti qismi toʻr bilan oʻralgan va ushbu toʻrning suv ustki qismi maxsus moslamaga (temir, plastik) mahkamlangan holda 1 m3 hajmdagi suvda 10 kg dan kam boʻlmagan baliq yetishtirish texnologiyasi.
3. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan barcha tabiiy suv havzalarida faoliyat olib boruvchi yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
Mazkur Qoidalar sunʼiy suv havzalari hamda tabiiy suv havzasi hisoblanmaydigan irrigatsiya tarmoqlaridagi qafas (sadok) moslamalarida intensiv baliq yetishtirish texnologiyasi va akvakulturaga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Tabiiy suv havzalaridagi ixtiofauna obyektlari umummilliy boylik boʻlib, undan oqilona foydalanish davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
5. Tabiiy suv havzalarida yashayotgan, shuningdek, tabiiy yashash muhitiga chiqarib yuborilgan baliqlar (chavoqlar) davlat mulkidir.
6. Sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanayotgan, tabiiy va irrigatsiya suv havzalaridagi qafas (sadok) moslamalarida intensiv baliq yetishtirish texnologiyasi asosida yetishtirilayotgan baliqlar yuridik yoki jismoniy shaxslarning mulkidir.
7. Tabiiy suv havzalarida sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlashga suv havzalaridan umumiy foydalanish tartibida bepul yoki haq evaziga ruxsat etiladi, qoʻriqxonalar, tabiat bogʻlari va davlat biosfera rezervatlarining qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalari hududidagi suv obyektlari bundan mustasno.
8. Baliq ovlash joylarida baliq ovlash vositalari hamda boshqa baliq ovlash anjomlari yoki baliq ovi mahsuloti bilan boʻlish ham baliq ovlashga tenglashtiriladi.
9. Sport-ishqibozlik turidagi hamda sanoat usulida baliq ovlashga belgilangan tartibda ruxsat berilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha tabiiy suv havzalari baliq ovlash joylari hisoblanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
10. Quyidagilar baliq ovlash joylariga kirmaydi:
qoʻriqxonalar, tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsion va tarixiy-madaniy vazifalarni bajaruvchi yerlar;
tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar va moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan yerlar (tarixiy-madaniy maqsadga moʻljallangan yerlar), agar ularning rejimida ov qilish va (yoki) baliq ovlash nazarda tutilmagan boʻlsa;
suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalari (suv olish inshootlarining himoya zonalari);
sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar, chegara zonalari (chegara hududi);
toʻgʻonlar, suv ayirgichlar, koʻpriklar va baliqchilik xoʻjaliklari chegaralaridagi 500 metrli masofadagi boshqa muhofaza hududi;
koʻllarni oʻzaro va daryo bilan birlashtiruvchi irmoqlar va jilgʻalar, daryolar va kanallar quyiladigan joylardagi 500 metr masofadagi uchastkalar;
baliq ovlashga moratoriy eʼlon qilingan hududlar.
 LexUZ sharhi
Qarang. Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 19-sentabrdagi “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-408-son Qonunining 36-moddasi.
11. Ixtiofauna obyektlaridan maxsus foydalanish, yaʼni sanoat usulida baliq ovlash tasdiqlangan kvotalar doirasida vakolatli organ tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida haq evaziga amalga oshiriladi.
Baliq ovlash uchun toʻlovlar ushbu Qoidalarga 1-ilovaga muvofiq miqdorlarda amalga oshiriladi.
12. Vakolatli organ har yili 10-dekabrga qadar (qoʻshimcha kvota uchun 10-mayga qadar) Fanlar akademiyasining xulosasi asosida baliq ovlashga doir kvotalarni tasdiqlaydi.
Sanoat usulida baliq ovlash uchun beriladigan kvota miqdorini aniqlash, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash maqsadida foydalanuvchilarga beriladigan ruxsatnoma toʻlovining 10 foizi Fanlar akademiyasiga ajratiladi, ushbu toʻlovning qolgan 90 foizi Ekologiya jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
13. Tasdiqlangan kvotalar boʻyicha ruxsatnomalar vakolatli organ tomonidan baliqchilik xoʻjaliklariga ularning buyurtmanomalariga muvofiq Vazirlar Mahkamasining “Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida” 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qaroriga asosan “Litsenziya” axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi.
14. Tabiiy suv havzalarida quyidagi baliq ovlash qurollari va vositalaridan foydalanish taqiqlanadi:
yoyma toʻrlar (nakidka);
ikki tomonlama mahkamlanadigan 10 tadan ortiq ilgakli vositalar (peremet);
maxsus tamgʻalanmagan va vakolatli organ tomonidan hisobga olinmagan har qanday toʻrlar;
changakli ovlash vositalari (astraga);
elektr qarmoq;
mahkamlanadigan tuzoqsimon toʻrlar (venter, mordushka) va boshqa baliq ovlashning brakonyerlik qurollari.
15. Tabiiy suv havzalarida baliq ovlashda quyidagi usullardan foydalanish taqiqlanadi:
portlovchi, kimyoviy vositalarni qoʻllash;
elektr tokidan foydalanish;
suvni quritish va qonunchilik hujjatlarida taqiqlangan boshqa turdagi usullar.
16. Yangi turdagi baliq ovlash vositalari yoki usullaridan foydalanishga vakolatli organ bilan kelishilgan holda yoʻl qoʻyiladi.
17. Baliqlarning urchish davrida, yaʼni Amudaryo va Sirdaryoda 11-martdan — 31-maygacha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida 26-apreldan — 10-iyungacha va boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16-apreldan — 31-maygacha boʻlgan muddatda baliq ovlash taqiqlanadi.
2-bob. Sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash tartibi
18. Tabiiy suv havzalarida jismoniy shaxslarga sport-ishqibozlik turida 1 sutka ichida 5 kg gacha miqdorda yoki ushbu miqdordan koʻp boʻlgan 1 dona baliqni bepul ovlashga ruxsat etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang. Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 19-sentabrdagi “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-408-son Qonunining 35-moddasi.
Boshqa holatlarda sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash ushbu havzalar biriktirilgan subyektlar bilan kelishuv asosida yoki haq toʻlash evaziga ovchilik va baliqchilik xoʻjaliklariga biriktirilgan suv havzalarida ushbu xoʻjaliklarning yoʻllanmalari boʻyicha amalga oshiriladi.
19. Baliqlarning urchish davrida tabiiy suv havzalarida sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash taqiqlanadi.
3-bob. Sanoat usulida baliq ovlash tartibi
20. Sanoat usulida baliq ovlashga kirishish uchun baliqchilik xoʻjaligi ushbu faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi hujjatlarga (tabiiy suv havzasi ijara shartnomasi, ruxsatnoma (kvota), baliq ovlashni qayd etish daftari, Favqulodda vaziyatlar vazirligida roʻyxatga olingan suzish vositalarining hujjatlari, baliq ovlash vositalarini tamgʻalash va hisobga qoʻyish maʼlumotlaridan koʻchirma) ega boʻlishi lozim.
21. Sanoat usulida baliq ovlash sunʼiy va oʻsimlik tolalaridan tayyorlangan toʻrlarda amalga oshiriladi.
22. Tabiiy suv havzalarida qalinligi 1 mm dan kichik boʻlgan sunʼiy toladan tayyorlangan toʻrlarda baliq ovlashga ruxsat berilmaydi.
23. Sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat berilgan toʻrlarga vakolatli organning tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan ushbu Qoidalarga 2-ilovaga muvofiq maxsus tamgʻa qoʻyiladi.
Sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat berilgan barcha toʻrlar foydalanuvchining maʼlumotlari qayd etilgan vakolatli organning tuman (shahar) boʻlimlarida hisobga qoʻyilishi shart.
24. Qalinligi 1 mm dan katta boʻlgan sunʼiy toladan tayyorlangan toʻrlar foydalanishga yaroqsiz holatga kelganda, vakolatli organning tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan xolislar ishtirokida yoʻq qilish uchun qaytarib topshirish sharti bilan maxsus tamgʻalashdan oʻtkaziladi.
25. Sanoat usulida baliq ovlash faoliyati bilan shugʻullanuvchi baliqchilik xoʻjaliklari quyidagi huquqlarga ega:
tabiiy suv havzasida berilgan uchastkadan tuzilgan shartnomaga muvofiq foydalanish;
oʻz ixtiyoriga koʻra belgilangan tartibda ovlangan baliqlarni mustaqil tasarruf etish (realizatsiya qilish);
har yili tabiiy suv havzasi uchastkalarini baliq chavoqlari bilan baliqlantirish;
baliq oziqasi va asosiy faoliyat bilan bogʻliq boʻlgan boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish, shuningdek, baliq va baliq mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha yordamchi xoʻjaliklar tashkil etish;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan olingan kvotalar doirasida baliq ovlash uchun shartnomalar tuzish;
noqonuniy baliq ovlashga (brakonyerlikka) qarshi kurashish boʻyicha tadbirlarda ishtirok etish;
baliq ovlash hamda kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzuvchilarga nisbatan dalolatnomalar tuzish, ularni vakolatli organlarga topshirish;
ushbu Qoidalarga amal qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishda vakolatli organ xodimlarining hujjatlari bilan tanishib chiqish.
Baliqchilik xoʻjaliklari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
26. Sanoat usulida baliq ovlash faoliyati bilan shugʻullanuvchi baliqchilik xoʻjaliklari quyidagi majburiyatlarga ega:
baliq resurslaridan foydalanishda qonunchilik talablariga rioya qilish hamda baliqlarni ushbu Qoidalarda belgilangan oʻlchamlardagi turlarda ovlash;
sanoat usulida baliq ovlash uchun ushbu faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi hujjatlarga ega boʻlish;
ijaraga olingan tabiiy suv havzasining uchastkalari doirasida baliq ovlash;
biriktirilgan suv havzasi uchastkasini uchinchi shaxslarga baliq ovlash uchun bermaslik;
baliq ovlash toʻrlarini tamgʻalash va vakolatli organning tuman (shahar) boʻlimlarida hisobga qoʻyish;
suv havzasining qirgʻoq uchastkalarini belgilangan sanitariya holatida saqlash;
har yili baliqlarni koʻpaytirish, baliq ovlanadigan suvlar melioratsiyasi hamda mayda baliqlarning saqlanishini taʼminlash choralarini koʻrish;
suv havzalaridan chiqarib olingan baliqlarning oʻrnini toʻldirish maqsadida har yili suv havzasining 1 gektarini kamida 50 ta baliq chavoqlari (shu yilgi yoki 1 yillik baliqlar darajasida) bilan baliqlantirish;
har kuni ovlangan baliqlarni ovlash daftarida qayd etish va elektron platformaga kiritib borish;
vakolatli organning tuman (shahar) boʻlimlari inspektorlariga ularning talabiga binoan shartnoma, sanoat usulida baliq ovlash guvohnomasi, ovlash qurollarini va ovlangan baliqlarni, ishlab chiqarish xonalarini, suzish vositalarini va qabul qilish punktlarini belgilangan tartibda koʻzdan kechirishga toʻsqinlik qilmaslik;
har oyda vakolatli organning tuman (shahar) boʻlimlariga ovlangan baliqlar toʻgʻrisida (turlari boʻyicha) baliq ovlanadigan suvlar melioratsiyasi va suv havzasi uchastkasida baliqlarni koʻpaytirish natijalari haqidagi maʼlumotlarni taqdim etish;
baliqlarni suzish vositasidan qirgʻoqqa faqat baliqchilik xoʻjaligi joylashgan manzildagi maxsus jihozlangan joyga tushirish;
baliqlarni tovar-transport yuk xatlari asosida olib chiqish;
suzish vositalarini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish va baliqni ovlash xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilish;
baliqchilarning shaxsini va baliqchilik xoʻjaligidagi lavozimini tasdiqlaydigan guvohnomalar bilan taʼminlash va baliq ovlash chogʻida ularni oʻzi bilan olib yurish;
biriktirilgan tabiiy suv havzalaridagi baliq zaxiralari va baliq ovlash joylarini muhofaza qilish;
vakolatli organning tuman (shahar) boʻlimlari bilan kelishgan holda baliqshunoslik va melioratsiya ishlarini (baliqlarni koʻpaytirish sharoitlarini yaxshilash, baliqlarning ommaviy nobud boʻlishiga qarshi tadbirlar, suvosti oʻsimliklarini oʻrib chiqish va boshqalar) oʻtkazish.
Baliqchilik xoʻjaliklari qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
27. Sanoat usulida baliq ovlash vositalarining kataklari oʻlchamlari 40x40 mm dan kichik boʻlmasligi shart.
28. Baliq ovlash vositalarida kataklar hajmi chirmov (oʻrov) boʻyicha 11 ta tugun orasidagi masofani oʻlchab hosil qilingan sonni 10 ga boʻlish orqali aniqlanadi. Oʻsimlik tolalaridan tayyorlangan baliq ovlash toʻrlarida katak hajmini oʻlchashda, belgilangan meʼyorning 5 foizga kamayishiga yoʻl qoʻyiladi.
29. Mayda katakli baliq ovlash toʻrlari faqat vakolatli organ tomonidan Fanlar akademiyasining xulosasi asosida berilgan ruxsatnomalar asosida Samarqand xramulyasi va qizilkoʻz (Orol chavoq)lar yoppasiga toʻplanib qolgan joylarda qoʻllanadi.
30. Sanoat usulida ovlanadigan baliqlar ushbu Qoidalarga 3-ilovaga muvofiq oʻlchamlardan kichik boʻlishi mumkin emas.
Sanoat usulida baliqni ovlash davrida ushbu uzunlikdan kam boʻlgan kichik oʻlchamdagi baliqlar toʻrga tushib qolganda (prilov), oʻsha joyda baliq ovlash toʻxtatiladi yoki baliq ovlash toʻrlari boshqa yirikroq katakli toʻrlar bilan almashtiriladi.
Bunda tirik boʻlgan kichik oʻlchamdagi baliqlar suv havzasiga chiqarib yuborilishi shart.
31. Vakolatli organ va uning hududiy boʻlinmalari sanoat usulida baliq ovlashni tartibga solishda quyidagi huquqlarga ega:
baliqlarni ovlash muddatlarini ob-havo sharoitiga qarab, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi talabnomasiga asosan 15 kundan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirish;
baliq ovlash taqiqlangan davrda kemalar va kichik hajmli kemalarda suzishni cheklash;
Fanlar akademiyasining xulosasiga asosan begona, qiymati past va yirtqich baliqlarni ovlashga ruxsat berish;
ilmiy-tadqiqot maqsadlari uchun yilning istalgan davrida barcha turdagi baliq ovlash vositalaridan foydalangan holda iqlimlashtirish, urchitish va nazorat uchun baliq ovlashga ruxsatnomalar berish;
ixtiyorida baliq mahsulotlari va baliq ovlash qurollari boʻlgan shaxslardan baliq ovlash va ixtiofauna obyektlaridan foydalanishga ruxsat beruvchi hujjatlarni koʻrsatishni, shuningdek, ular tomonidan sodir etilgan qonun buzilishi holatlari yuzasidan yozma tushuntirishlar berishni talab qilish;
ov hududida quruqlik va suvdagi barcha transport vositalarini toʻxtatish, baliqchilik xoʻjaligining shartnoma, ruxsatnoma, baliqlarni ovlash daftari, baliq ovlash qurollari va ovlangan baliqlar, ishlab chiqarish xonalari, suzish vositalari hamda qabul qilish punktlarini koʻzdan kechirish;
suv havzalaridan chiqarib olingan baliqlarning oʻrnini toʻldirish maqsadida har yili suv havzasining 1 gektarini kamida 50 ta baliq chavoqlari (shu yilgi yoki 1 yillik baliqlar darajasida) bilan baliqlantirishda ishtirok etish va dalolatnoma rasmiylashtirish;
tabiiy suv havzalarida taqiqlangan baliq ovlash va boshqa brakonyerlik qurollaridan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik;
noqonuniy ovlangan baliqlarni belgilangan tartibda olib qoʻyish hamda qayta ishlovchi yoki savdo tashkilotlariga (shartnoma asosida ulgurji narxlarda) berish, shuningdek, baliq ovlash va ixtiofauna obyektlaridan foydalanish huquqini beruvchi hujjatlarni olib qoʻyish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
taqiqlangan baliq ovlash qurollari va vositalari hamda hujjatsiz kemalarni huquqbuzarlardan olib qoʻyish va belgilangan tartibda yoʻq qilish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
oʻtkazilgan nazorat tadbirlari yuzasidan dalolatnomalar va maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar rasmiylashtirish;
qonun buzilishlari yuzasidan toʻplangan materiallarni vakolatli organlarga yuborish.
vakolatli organ tomonidan sanoat usulida baliq ovlash bilan shugʻullanuvchi shaxslarning baliq ovlash qoidalariga rioya qilishi boʻyicha monitoring tadbirlari tadbirkorlik faoliyatini tekshirish hisoblanmaydi hamda ular mansabdor shaxslar va davlat organlari bilan kelishilmaydi.
32. Sanoat usulida baliq ovlashda quyidagilar taqiqlanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan baliqlar turlarini ovlash (bunda baliq ovlash toʻrlariga bunday baliqlar tushib qolganda, ularni tirik holda suv havzasiga chiqarib yuboriladi);
baliq ovlash joylarida baliq ovlash vositalari hamda boshqa baliq ovlash anjomlari bilan ruxsat beruvchi hujjatlarsiz boʻlish;
baliq ovlash taqiqlangan muddatlarda baliq ovlash;
belgilangan oʻlchamdan kichik baliqlarni ovlash;
ruxsatnomada koʻrsatilmagan joylarda baliq ovlash;
oqar suv havzalarida (daryo, soy, kanal, anhor, zovur va boshqalar) sanoat usulida baliq ovlash uchun moʻljallangan baliq ovlash qurollari va vositalaridan foydalanish;
baliq ovlash joylari hisoblanmaydigan hududlarda, shuningdek, baliq urchish joylari, qoʻriqxonalar, milliy va tabiat bogʻlarida baliq ovlash;
koʻpayish, migratsiya davri hamda oziqa yetishmasligidan qutulish uchun koʻchayotgan baliqlarni ovlash;
baliqlarni saqlash joylaridan tegishli hujjatlarsiz (yuk xati, chek, hisob-faktura) olib chiqish va tashish;
tutilgan 1 turdagi baliqlarni boshqa nom bilan yoki tur nomini koʻrsatmasdan qabul qilish va topshirish;
tutilgan baliqlar miqdori va ovlangan baliq turlari toʻgʻrisidagi hisobotlarni qasddan buzib yuritish va hisobot maʼlumotlarini buzib taqdim etish;
mast holatda va giyohvandlik vositalari taʼsiri ostida boʻlgan paytda baliq ovlash;
baliq ovlash joylaridagi yovvoyi tabiatga zarar yetkazish;
baliqchilik xoʻjaliklariga biriktirilgan tabiiy suv havzalaridan korxona va sugʻorish ehtiyojlari uchun baliqlarni himoya qilish qurilmalarisiz suv olish;
baliqlarning parazit va yuqumli kasalliklari aniqlangan tabiiy havzalarda foydalanilgan har qanday baliq ovlash vositalarini oldindan zararsizlantirmasdan turib boshqa suv havzalariga tashlash;
toʻsinlar va baliq ovlash chegaralarini hamda baliq ovlanishi taqiqlangan zonalarni belgilaydigan suzib yuruvchi tanish belgilarini yoʻq qilish yoki ishdan chiqarish;
mahkamlanadigan yoyma toʻrlarni oʻrnatish;
ajratilgan suv havzasi uchastkasidan tashqarida sanoat usulida baliq ovlash;
vakolatli organning ruxsatisiz va Fanlar akademiyasining xulosasisiz xorijdan keltirilgan yangi turdagi baliqlarni moslashtirish va tabiiy havzalarni baliqlantirish.
33. Tabiiy suv havzasidagi baliq resurslari zaxirasining holatidan kelib chiqib, vakolatli organ tomonidan Fanlar akademiyasining xulosasiga asosan ushbu havzada muayyan muddatga sanoat usulida baliq ovlashga moratoriy eʼlon qilinishi mumkin.
4-bob. Sanoat usulida baliq ovlashning hisobini yuritish
34. Baliqchilik xoʻjaliklari sanoat usulida ovlangan baliqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni elektron platformaga kiritib boradi.
Oldingi tahrirga qarang.
35. Baliqchilik xoʻjaliklarining sanoat usulida baliq ovlashga ruxsat berilgan toʻrlarini hisobga qoʻyish va identifikatsiya qilish hamda maxsus tamgʻalash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida Ekologiya jamgʻarmasiga yigʻim undiriladi.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyuldagi PF-122-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2026-y., 06/26/122/0687-son)
36. Vakolatli organning tuman (shahar) boʻlimlari inspektori baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan sanoat usulida ovlangan baliqlarni elektron platformaga kiritib borilishini monitoring qilib borishi shart.
37. Baliqchilik xoʻjaliklari biriktirilgan suv havzasi chegarasida tarozi va videokamera bilan jihozlangan ovlangan baliqlarni qabul qilish punktini tashkil etishi shart.
38. Qabul qilingan baliqlar oʻlchanganidan soʻng turlarga ajratilib, sanoat usulida ovlangan baliqlarni qayd etish daftari va yuk xatida qayd etiladi hamda ushbu maʼlumotlar elektron shaklda “Ekonazorat” axborot tizimiga kiritiladi.
5-bob. Ixtiofauna obyektlaridan foydalanishni nazorat qilish
39. Ixtiofauna obyektlaridan foydalanish, ularni qayta koʻpaytirish va muhofaza qilish boʻyicha davlat nazorati vakolatli organ va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
40. Ixtiofauna obyektlaridan foydalanish, ularni qayta koʻpaytirish va muhofaza qilish boʻyicha idoraviy nazorat tasarrufida baliq ovlash xoʻjaliklari mavjud boʻlgan davlat organlari hamda tashkilotlar tomonidan ularga biriktirilgan hududlarda amalga oshiriladi.
41. Ixtiofauna obyektlaridan foydalanish, ularni qayta koʻpaytirish va muhofaza qilish boʻyicha jamoatchilik nazorati fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
42. Noqonuniy ovlangan baliq va baliq mahsulotlari belgilangan tartibda olib qoʻyiladi, aybdor shaxslar esa ixtiofauna obyektlariga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladilar.
Ixtiofauna obyektlaridan foydalanish tartibining buzilishi oqibatida yetkazilgan zarar ushbu Qoidalarga 4-ilovaga muvofiq miqdorda hisoblanadi.
Noqonuniy ovlangan baliq turlari boʻyicha ancha miqdorda zarar yetkazish bilan bogʻliq holatlarda ilmiy muassasalarning xulosasi olinadi. Bunda aniqlangan zararni qoplash hisobiga tushadigan mablagʻning 10 foizi ekologiya sohasidagi ilmiy va taʼlim muassasalar xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 90-moddasi.
43. Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun jarima summalarini undirish hamda ixtiofauna obyektlariga yetkazilgan zararni qoplash, shuningdek, musodara qilingan baliq ovlash qurollari va olib qoʻyilgan baliq mahsulotlarini sotishdan tushgan mablagʻlar davlat ijrochilari tomonidan majburiy tartibda undiriladi.
44. Agar huquqbuzarlik baliqchilik xoʻjaligi tomonidan aniqlangan taqdirda, ixtiofauna obyektlariga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida undirilgan summaning 15 foizi Ekologiya jamgʻarmasiga kelib tushganidan soʻng uch ish kuni mobaynida ushbu huquqbuzarlikni aniqlagan baliqchilik xoʻjaligining hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
45. Baliq ovlash bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni bevosita aniqlagan va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtirgan vakolatli shaxsga obyektlariga yetkazilgan zarar summasining 15 foizi miqdorida Ekologiya jamgʻarmasiga kelib tushganidan soʻng uch ish kuni mobaynida pul mukofoti beriladi.
46. Noqonuniy ovlangan baliqlar, taqiqlangan baliq ovlash qurollari va vositalari, hujjatsiz kemalar brakonyerlikning oldini olish maqsadida majburiy tartibda olib qoʻyiladi.
47. Huquqbuzarlardan olingan taqiqlangan baliq ovlash qurollari va vositalari, hujjatsiz kemalar sud qaroriga asosan yoʻq qilinadi.
48. Tabiiy suv havzalaridan egasizligi uchun olib qoʻyilgan taqiqlangan baliq ovlash qurollari va vositalari toʻgʻridan-toʻgʻri nazorat tadbirida ishtirok etgan boshqa organlar hamda baliqchilik xoʻjaliklari vakillarining ishtirokida rasmiylashtiriladi va belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
49. Yuridik va jismoniy shaxslar huquqbuzarlik oqibatida ixtiofauna obyektlariga yetkazilgan zararni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda qoplashi shart. Zararni qoplash aybdorlarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod qilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 90-moddasi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
50. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 90-moddasi.
Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalariga
1-ILOVA
Baliq ovlash uchun toʻlovlar
MIQDORLARI
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Baliq turlari

Jinsi va yoshidan qatʼi nazar, baliq ovlash narxi

Bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan koeffitsiyent

Chet el fuqarolari va yuridik shaxslari uchun

(1 dona uchun AQSH dollarida)

*Sanoat maqsadida

(1 tonna uchun)

**Havaskorlik va sport maqsadlarida

(1 kg uchun)

Ilmiy- tadqiqot maqsadlarida

(1 dona uchun)

Sanoat ahamiyatiga molik baliqlar va ularning boshqa turlari

1.

Oddiy Laqqa Siluris glanis L. (Linnaeus, 1758),

Oq doʻng peshona Nypophthalmichthys molitrix (Valenciennes, 1844),

Chipor doʻng peshona Nypophthalmichthys (Arystichthys) nobilis (Richardson, 1845),

Oq amur Ctenopharyngodon idella (Valenciennes, 1844),

Zogʻora baliq Cyprinus carpio (Linnaeus, 1758),

Choʻrtansifat oq qayroq Aspiolucius esocinus (Kessler, 1874),

Orol oqqayroq Aspius aspius iblioides (Kessler, 1872),

Pelyad Coregonus peled (Gmelin, 1788),

Oq sla Sander (Stizostedion) lucioperca (Linnaeus, 1758),

Kamalakrang gul baliq Oncorhinhus mykiss (Walbaum, 1792).

3,5

0,03

0,02

15

2.

Tovonbaliq Carassius auratus gibelio (Bloch, 1782),

Samarqand loyxoʻragi Varicorhinus capoeta Neratensis n. Steidachneri (Kessler),

Ilonbosh Channa argus warpachowskii (Berg, 1909),

Sharq oqchasi Abramis brama orientalis (Berg, 1949),

Choʻrtan baliq Esox lucius (Linnaeus, 1758),

Orol moy baligʻi Chalcalburnus chalcoides aralensis (Berg, 1923),

Qora baliq Schizothorax intermedius (McClelland, 1842) (eurystomus).

3

0,01

0,01

5

3.

Qizilkoʻz baligʻi (plotva) Rutilus rutilus aralensis (Berg 1916) va boshqa qiymati past turlar

1

0,005

0,001

1

Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib borayotgan turlar

5.

Orol moʻylovdori (Orol soʻzanbaligʻi, Soʻgʻyon) Luciobarbus brachycephalus (Kessler, 1872),

Turkiston moʻylovdori (Shimbaliq, qayaz) Luciobarbus conocephalus (Kessler, 1872),

Orol bakra baligʻi (Ship) Acipenser nudiventris (Lovetsky, 1828),

Sirdaryo kurak buruni (Filboʻyin) Pseudoscaphirhynchus fedtschenkoi (Kessler, 1872),

Katta Amudaryo kurakburuni (Qilquyruq) Pseudoscaphirhynchus kaufmanni (Bogdanow, 1874),

Kichik Amudaryo kurak buruni (Toshbakra) Pseudoscaphirhynchus hermanni (Kessler, 1877)

Qorakoʻz (Oq sazan) Ballerus sapa (Pallas, 1814),

Choʻrtansimon oqqayroq (Kalbaliq, choʻrtanmarka) Aspiolucius esocinus (Kessler, 1874),

Turkiston koʻk boʻyini (Koʻkturna) Leuciscus idus Linnaeus, 1758., ssp oxianus (Kessler, 1877),

Orol sulaymon baligʻi Salmo aralensis (Berg, 1908)

Amudaryo gul baligʻi Salmo oxianus (Kessler, 1874),

taqiqlanadi

taqiqlanadi

5

500

6.

Toshkent yuzasuzari Alburnus oblongus (Bulgakov, 1923),

Parrak (Nashtarqanot) Capoetobrama kuschakewitschi (Kessler, 1872),

Orol tikanagi Sabanejewia aralensis (Kessler, 1877),

Turkiston laqqachasi Glyptosternon oschanini (Nerzenstein, 1889),

Orol sanchani (Tikanbaliq, itbaliq) Pungittis platygaster, (Kessler, 1859., ssp. Aralensis Kessler, 1874),

Chortoq Shaytonbaligʻi Cottus jaxartensis (Berg, 1916),

Turkiston shaytonbaligʻi (Toshbuqa) Cottus spinulosus (Kessler, 1872).

taqiqlanadi

taqiqlanadi

1

250

Izoh.
* baliqlarning koʻpaytirilgan turlarini sanoat miqyosida ovlaganlik uchun toʻlov summasi koʻpaytirilganligi tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan taqdirda, mazkur tur qiymatining 30 foizini tashkil etadi;
** havaskorlik va sport maqsadlarida 5 kg gacha miqdorda yoki ushbu miqdordan koʻp boʻlgan bir dona baliqni bepul ovlashga ruxsat etiladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyuldagi PF-122-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2026-y., 06/26/122/0687-son)
Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalariga
2-ILOVA
Sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat berilgan toʻrlarga qoʻyiladigan
MAXSUS TAMGʻA
Maxsus tamgʻa tavsifi:
maxsus tamgʻa zanglamaydigan materialdan tayyorlanadi;
maxsus tamgʻa baliq ovlash toʻrining uchta joyiga mustahkam oʻrnatiladi;
maxsus tamgʻada jami 9 ta, shundan 3 ta harf va 6 ta raqam kombinatsiyalaridan iborat identifikatsiya belgisi boʻladi;
bir xil identifikatsiya belgili maxsus tamgʻa uch donadan tayyorlanadi.
Maxsus tamgʻaning shakli:

AVS 123456

Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalariga
3-ILOVA
Sanoat usulida ovlanadigan baliqlarning
OʻLCHAMLARI

Suv havzasi

Oʻlchov birligi

(sm)

Zogʻora baliq Cyprinus carpio (Linnaeus)

Zarafshon suv havzasi boʻylab

35

Qashqadaryo suv havzasi boʻylab

26

Surxondaryo suv havzasi boʻylab

28

Sirdaryo suv havzasi boʻylab

28

Amudaryo suv havzasi boʻylab

29

Sharq oqchasi Abramis brama orientalis (Berg)

Xorazm viloyati suv havzalari boʻylab

28

Toshkent viloyati suv havzalari boʻylab

26

Zarafshon suv havzasi boʻylab

24

Sirdaryo suv havzasi boʻylab

25

Amudaryo suv havzasi boʻylab

20

Samarqand loyxoʻragi Varicorhynus capoeto heratensis natio steindachneri (Kessler)

Zarafshon suv havzasi boʻylab

24

Qashqadaryo suv havzasi boʻylab

23

Surxondaryo suv havzasi boʻylab

22

Orol oqqayrogʻi Aspius aspius taenatus niblioides (Kessler)

Sirdaryo suv havzasi boʻylab

36

Amudaryo suv havzasi boʻylab

45

Surxondaryo suv havzasi boʻylab

38

Xorazm suv havzasi boʻylab

36

Oq sla Sander lucioperca (Linnaeus)

Sirdaryo suv havzasi boʻylab

36

Amudaryo suv havzasi boʻylab

37

Surxondaryo suv havzasi boʻylab

38

Xorazm suv havzasi boʻylab

37

Zarafshon suv havzasi boʻylab

37

Tovonbaliq Carassius auratus gibelio (Bloch)

Barcha suv havzalarida

26

Orol moy baliq Chalcalburnus chalcoides aralensis (Berg)

Amudaryo suv havzasi boʻylab

19

Boshqa barcha suv havzalarida

16

Qizilkoʻz Rutilus rutilus aralensis (Berg)

Zarafshon suv havzasi boʻylab

20

Boshqa barcha suv havzalarida

17

Ilonbosh Channa argus warpachowskii (Berg)

Barcha suv havzalarida

45

Oddiy Laqqa Silurus glanis (Linnaeus)

Barcha suv havzalarida

50

Oʻsimliklar bilan oziqlanadigan barcha baliqlaroq doʻng peshona Nypophthalmichthys molitrix (Valenciennes), chipor doʻng peshona Nypophthalmichthys nobilis (Richardson), oq amur Ctenopharyngodon idella (Valenciennes)

Barcha suv havzalarida

55

Izoh. Baliqchilik obyektlarining sanoat oʻlchamlari tumshuq (tumshuq yopiq holatida) uchlaridan dum qanotlarining oʻrta suyak asosigacha boʻlgan uzunlikni oʻlchash orqali aniqlanadi. Ishlov berilgan holida (tuzlangan, quritilgan, dudlangan) sanoat meʼyori 4 foizga kamayadi.
Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalariga
4-ILOVA
Ixtiofauna obyektlaridan foydalanish tartibining buzilishi oqibatida yetkazilgan zararni hisoblash
MIQDORI

Baliq turlari

Yoshi, kattaligi, ogʻirligi va jinsidan qatʼi nazar, har bir dona baliq uchun undiriladigan zarar miqdori

(bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan koeffitsiyent)

* Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilganlar

Orol moʻylovdori (Orol soʻzanbaligʻi, Soʻgʻyon) Luciobarbus brachycephalus (Kessler, 1872),

Turkiston moʻylovdori (Shimbaliq, qayaz) Luciobarbus conocephalus (Kessler, 1872),

Orol bakra baligʻi (Ship) Acipenser nudiventris (Lovetsky, 1828),

Sirdaryo kurak buruni (Filboʻyin) Pseudoscaphirhynchus fedtschenkoi (Kessler, 1872),

Katta Amudaryo kurak buruni (Qilquyruq) Pseudoscaphirhynchus kaufmanni (Bogdanow, 1874),

Kichik Amudaryo kurak buruni (Toshbakra) Pseudoscaphirhynchus hermanni (Kessler, 1877),

Qorakoʻz (Oq sazan) Ballerus sapa (Pallas, 1814),

Choʻrtansimon oqqayroq (Kalbaliq, choʻrtanmarka) Aspiolucius esocinus (Kessler, 1874),

Turkiston koʻk boʻyini (Koʻkturna) Leuciscus idus (Linnaeus, 1758., ssp oxianus Kessler, 1877),

Orol sulaymon baligʻi Salmo aralensis (Berg, 1908),

Amudaryo gul baligʻi Salmo oxianus (Kessler, 1874).

15

Toshkent yuzasuzari Alburnus oblongus (Bulgakov, 1923),

Parrak (Nashtarqanot) Capoetobrama kuschakewitschi (Kessler, 1872),

Orol tikanagi (Sabanejewia aralensis (Kessler, 1877),

Turkiston laqqachasi Glyptosternon oschanini (Nerzenstein, 1889),

Orol sanchani (Tikanbaliq, itbaliq) Pungittis platygaster (Kessler, 1859., ssp. Aralensis Kessler, 1874),

Chortoq shayton baligʻi Cottus jaxartensis (Berg, 1916),

Turkiston shaytonbaligʻi (Toshbuqa) Cottus spinulosus (Kessler, 1872.).

10

Boshqa turlar

Oddiy laqqa Siluris glanis L. (Linnaeus, 1758),

Oq doʻng peshona Nypophthalmichthys molitrix (Valenciennes, 1844),

Chipor doʻng peshona Nypophthalmichthys (Arystichthys) nobilis (Richardson, 1845),

Oq amur Ctenopharyngodon idella (Valenciennes, 1844),

Qora amur Mylopharyngodon piceus (Richardson, 1846).

10

Zogʻora baliq Cyprinus carpio (Linnaeus, 1758),

Oq sla Sander (Stizostedion) lucioperca (Linnaeus, 1758),

Choʻrtansifat oqqayroq Aspiolucius esocinus (Kessler, 1874),

Orol oqqayroq Aspius aspius iblioides (Kessler, 1872),

Pelyad Coregonus (Gmelin, 1788),

Kamalakrang gul baliq Oncorhinhus mykiss (Walbaum, 1792).

5

Ilonbosh Channa argus warpachowskii (Berg, 1909),

Choʻrtan baliq Esox lucius (Linnaeus, 1758).

3

Kumush tovon baliq Carassius auratus gibelio (Bloch, 1782),

Samarqand xramulyasi Varicorhinus capoeta Neratensis n. Steidachneri (Kessler),

Sharq oqchasi Abramis brama orientalis (Berg, 1949).

2

Orol moy baligʻi Chalcalburnus chalcoides aralensis (Berg, 1923),

Oddiy qorabaliq Schizothorax intermedius (McClelland, 1842) (eurystomus).

1,5

Orol chavoq baligʻi (vobla) Rutilus rutilus aralensis (Berg 1916),

Qilich baliq Pelecus cultratus (Linnaeus, 1758),

Oddiy qirraqorin Nemiculter leucisculus (Vasilevskiy, 1855).

1

Baliq uvuldirigʻi (1 kg uchun)

50

Taqiqlangan davrda va taqiqlangan joylarda baliq tutganlik uchun

Mazkur tur uchun undiriladigan zarar summasining 5 baravari miqdorida

Elektr toki va zaharlovchi moddalarni qoʻllab baliq tutganlik uchun

Mazkur tur uchun undiriladigan zarar summasining 10 baravari miqdorida

**Baliqlar urchish joylarini va qishlash chuqurlarini ifloslantirilganlik hamda yoʻq qilganlik uchun

10

Izoh. * Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan Qizil kitobga kiritilgan hayvonlar roʻyxatiga Qizil kitobning oxirgi nashriga asosan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
** Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda ushbu miqdor ikki baravarga koʻpaytirib hisoblanadi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2024-y., 09/24/80/0113-son; 04.07.2026-y., 06/26/122/0687-son)