toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 15-maydagi 246-sonli “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarini yer fondining boshqa toifasiga oʻtkazish hamda qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2026-yil 1-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-apreldagi “Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer uchastkalarini ajratish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-204-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2023-yil 27-fevraldagi PQ-78-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-apreldagi “Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer uchastkalarini ajratish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-204-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2023-yil 27-fevraldagi PQ-78-son qarorida Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni tayyorlash hamda yer uchastkasining yer tuzish loyihasini ishlab chiqish tartibi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni oʻrganish tartibi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni rad etish va ishchi organ xulosalarini tayyorlash tartibi;
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan ishchi organ xulosalarini koʻrib chiqish va qaror qabul qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-apreldagi 223-sonli qaroriga asosan 2024-yil 23-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2024-y., 09/24/223/0292-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 30-may,
222-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-maydagi 222-son qaroriga
1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish va qaror qabul qilish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish uchun tatbiq etiladi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yer fondi toifasi — yer fondining asosiy foydalanish maqsadi, yaʼni yerlardan yer-kadastr hujjatlarida aks ettiriladigan aniq maqsadlar nazarda tutilgan holda foydalanishning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibi va shartlari asosida chegaralangan qismi;
yer fondi toifasini oʻzgartirish — qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarini ularning asosiy foydalanish maqsadini oʻzgartirish orqali yer fondining boshqa toifasiga oʻtkazish;
yer uchastkasi — yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish joyiga, huquqiy rejimga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlariga ega boʻlgan qismi;
yer tuzish loyihasi — sugʻoriladigan yerlarga eng kam salbiy taʼsirni inobatga olgan holda tegishli obyektni joylashtirish, shuningdek, sugʻoriladigan yerlarning qisqarishi bilan bogʻliq zararlar, tugallanmagan xarajatlar hamda qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi koʻrsatib oʻtilgan yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha ishlab chiqilgan hujjatlar toʻplami;
ishchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
sugʻoriladigan yerlar — qishloq xoʻjaligida foydalanish va sugʻorish uchun yaroqli boʻlgan, suv resurslari shu yerlarni sugʻorishni taʼminlay oladigan sugʻorish manbai bilan bogʻlangan doimiy yoki muvaqqat sugʻorish tarmogʻiga ega boʻlgan yerlar;
sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlar — qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tabiiy yogʻingarchilik hisobiga yetishtiriladigan yerlar;
oʻrmon fondi yerlari — oʻrmon bilan qoplangan, shuningdek, oʻrmon bilan qoplanmagan boʻlsa ham, oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilgan yerlar;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar — qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun berilgan yoki ana shu maqsadga moʻljallangan yerlar;
yaylov — chorva mollari uchun oziqa boʻlgan oʻsimliklarning tabiiy qoplamiga ega yerlar.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yoki ular bilan kelishgan holda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari birinchi rahbarlari qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha takliflarni Hukumat komissiyasiga ishchi organ orqali taqdim etadi.
4. Hukumat komissiyasi tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish masalalari ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha koʻrib chiqiladi.
2-bob. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish
5. Tuman (shahar) hokimligi yoki ular bilan kelishgan holda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining hududiy boʻlimlari tomonidan tegishli tuman tashkilotlari jalb qilingan holda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi hamda har bir taklif boʻyicha yer uchastkasi hujjatlarining yigʻmajildi shakllantiriladi.
Bunda yer uchastkasi hujjatlarining yigʻmajildi quyidagi maʼlumotlar asosida shakllantiriladi:
yer uchastkasining rangli kadastr xaritasi (koordinatali nuqtalari, chegaradosh yer uchastkalaridan foydalanish turlari koʻrsatilgan vaziyat bilan bogʻliq sxema);
yer uchastkasining joylashgan joyi (geografik koordinatalari);
yer uchastkasining umumiy maydoni, toifasi va turi (amaldagi holat boʻyicha);
yer uchastkasining tuproqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (tipi, tarkibi, sifati va unumdorligi);
yer uchastkasining suv bilan taʼminlanganlik darajasi boʻyicha xulosa;
yer uchastkasining kadastr raqami, konturlari soni va raqami;
yer uchastkasining zaxiraga olingan va (yoki) olinmaganligi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi va (yoki) oʻtkazilmaganligi;
yer uchastkasidagi mavjud davlat kadastri obyektlari (gaz, aloqa va energetika obyektlari, avtomobil va temir yoʻllar, tabiiy va texnogen xavfi yuqori boʻlgan tegralar, transport quvurlari, gidrotexnik inshootlar, muhofaza qilinadigan obyektlar va hududlar hamda boshqalar) toʻgʻrisida maʼlumotlar;
yer uchastkasidan soʻnggi 5 yil ichida foydalanish holati;
yer uchastkasining yer osti suvlari toʻgʻrisida xulosa (lalmi va yaylov yer maydonlari uchun);
yer uchastkasida mavjud yer usti va osti qazilma boyliklari va konlari toʻgʻrisida xulosa;
yer uchastkasidan qishloq va oʻrmon xoʻjaligidan boshqa maqsadlarda foydalanish hisobiga kutiladigan foyda toʻgʻrisida maʼlumotlar;
yer uchastkasini boshqa toifaga oʻtkazish hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlari va boshqa samaradorlik koʻrsatkichlari boʻyicha texnik-iqtisodiy asosnomalar;
toifasi oʻzgartirilishi taklif etilayotgan yer uchastkasining tasdiqlangan master rejasi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-avgustdagi 497-sonli qaroriga asosan oʻn oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2024-y., 09/24/497/0641-son)
6. Ikki va undan ortiq tuman hududida obyekt qurish boʻyicha tuman (shahar) hokimligi taklifi yuzasidan yer uchastkasi hujjatlarining yigʻmajildi shartnoma asosida “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti hududiy boʻlinmalari tomonidan shakllantirilishi mumkin.
7. Yer uchastkasining yer tuzish loyihasini ishlab chiqish uchun tuman (shahar) hokimligi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlari yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha taklifni “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutining hududiy boʻlinmalariga yuboradi.
Bunda tuman (shahar) hokimligi taklifiga yer uchastkasi hujjatlarining yigʻmajildi ilova qilinadi.
8. “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutining hududiy boʻlinmalari tuman (shahar) hokimligi taklifi kelib tushganidan soʻng oʻn ish kuni ichida shartnoma asosida yer tuzish loyihasini ishlab chiqadi.
“Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutining hududiy boʻlinmalari yer tuzish loyihasini ishlab chiqish uchun quyidagilarni amalga oshiradi:
yer uchastkasining amaldagi holati bilan taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning muvofiqligini joyiga chiqqan holda oʻrganish;
qurilish obyektining yer uchastkasi konturlari chegarasi, ichki yoʻllar va suv xoʻjaligi obyektlari boʻylab, sugʻoriladigan yerlarga eng kam salbiy taʼsirini inobatga olgan holda joylashtirilayotganligini aniqlash;
qurilish obyekti shahar qurilishi hujjatlariga taalluqli boʻlganda, tasdiqlangan shahar bosh rejasidan nusxa olish;
yer uchastkasida davlat kadastri obyekti mavjud boʻlganda, yer tuzish loyihasini qoʻshimcha tarzda davlat kadastrini yurituvchi tashkilot bilan kelishish;
yer uchastkasida koʻchmas mulk va (yoki) koʻp yillik daraxtzorlar mavjud boʻlganda, ularni baholatish uchun tuman (shahar) hokimligi va (yoki) manfaatdor tashkilotga murojaat qilish hamda baholash hujjatini yer tuzish loyihasiga ilova qilish.
9. “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutining hududiy boʻlinmasi yer uchastkasi hujjatlarining yigʻmajildi taqdim etilmaganda yoki yigʻmajildda zarur hujjatlar toʻliq boʻlmaganda, qurilish obyekti joylashuv joyidagi holatga mos kelmaganda, koʻchmas mulk va (yoki) koʻp yillik daraxtzorlar baholanmaganda, shuningdek, yer fondi toifasi va (yoki) yer turida farq mavjud boʻlganda, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish uchun taqdim etilgan hujjatlar tuman (shahar) hokimligiga qaytarishi mumkin.
10. Yer uchastkasining yer tuzish loyihasida quyidagilar aks ettiriladi:
qurilish obyektining yerdan foydalanish maqsadiga muvofiq qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarini boshqa yer fondi toifasiga oʻzgartirish;
qurilish obyektini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar orqali oʻtkazishda ularning yer uchastkasi konturlari chegarasi, ichki yoʻllar va suv xoʻjaligi obyektlari boʻylab, sugʻoriladigan yerlarga eng kam salbiy taʼsiri inobatga olingan holda joylashtirilganligi asoslanishi;
qurilish obyektining joylashtirilishi hisobiga yer uchastkasi tuprogʻi unumdorligining pasayishi, irrigatsiya va melioratsiya tizimining buzilishi bilan bogʻliq zararlar;
yer uchastkasida qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi miqdori;
yer uchastkasi mulkdorlari, foydalanuvchilari va ijarachilariga yetkaziladigan zararlar;
yer uchastkasida agrotexnik tadbirlar uchun sarflangan xarajatlar.
11. Yer uchastkasining yer tuzish loyihasini ishlab chiqish jarayonida qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligiga yetkaziladigan zararni kamaytirish uchun yer tuzish loyihasi ikki yechimda (variantda) ishlab chiqilishi mumkin.
12. Qurilish obyektining yakuniy yoʻnalishi (trayektoriyasi) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish bilan bogʻliq harakatlarni oʻzaro solishtirish orqali aniqlanadi.
13. Tuman (shahar) hokimligining taklifi ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda har chorakning oxirgi oyi 20-sanasiga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yoki respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari birinchi rahbarlarining rasmiy xati bilan ishchi organga kiritiladi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-son Farmoniga muvofiq qishloq va oʻrmon xoʻjaligiga yetkaziladigan zarar (nobudgarchiliklar miqdori)ni hisoblash hamda ushbu yer uchastkasidan qishloq va oʻrmon xoʻjaligidan boshqa maqsadda foydalanish hisobiga kutiladigan foyda, yaratiladigan ish oʻrni va boshqa samaradorlik koʻrsatkichlari boʻyicha texnik-iqtisodiy asosnoma koʻrsatilishi shart.
Tuman (shahar) hokimligi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha taklifni himoya qilish uchun ishchi organga oʻz vakillarini yuboradi.
3-bob. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni oʻrganish
14. Ishchi organ tuman (shahar) hokimliklari takliflarini uch ish kuni ichida umumlashtiradi, ushbu takliflarni joyiga chiqqan holda oʻrganish uchun mazkur Nizomning 15-bandida keltirib oʻtilgan davlat boshqaruvi organlarining hududiy boshqarmalariga yuboradi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-yanvardagi 4-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2025-y., 09/25/4/0021-son)
15. Ishchi organ Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy boshqarmalari bilan birgalikda joyiga chiqqan holda, takliflarni bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 44 va 45-moddasi hamda boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini oʻrganadi.
Oʻrganish ishlarini oʻz vaqtida tashkil etish va malakali mutaxassis bilan taʼminlashga mazkur bandda koʻrsatib oʻtilgan davlat boshqaruvi organlari hududiy boshqarmalarining rahbarlari shaxsan masʼul va javobgar hisoblanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-yanvardagi 4-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2025-y., 09/25/4/0021-son)
16. Oʻrganish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy boshqarmalari rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimligi masʼullari ishtirokida joyida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-avgustdagi 515-son qarori bilan tasdiqlangan Yer maydonlarini yangidan oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligida qayta foydalanishga kiritishda davlat tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar hamda mazkur tadbirlarni moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2 va 3-ilovalar bilan tasdiqlangan namuna boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi (keyingi oʻrinlarda — dalolatnoma) va ishchi organga taqdim etiladi.
Dalolatnomada:
yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha taklif qilingan yerlarning mazkur Nizomga muvofiq yer tuzish loyihasi ishlab chiqilganligi;
alohida qimmatga ega boʻlgan va tuproq unumdorligi tumanning oʻrtacha ball bonitetidan yuqori boʻlgan sugʻoriladigan yerlar hamda oʻrmon fondining oʻrmon bilan qoplangan yerlari;
yer uchastkasidan foydalanish holati (foydalanish uchun berilgan yoki zaxiraga olinganligi);
yer uchastkasidagi mavjud davlat kadastri obyektlari (gaz, aloqa va energetika obyektlari, avtomobil yoʻllari va temir yoʻllar, tabiiy va texnogen xavfi yuqori boʻlgan tegralar, transport quvurlari, gidrotexnika inshootlari, muhofaza qilinadigan obyektlar va hududlar hamda boshqalar);
yer uchastkasini boshqa toifaga oʻtkazish hisobidan kutiladigan foyda, yaratiladigan ish oʻrinlari va boshqa samaradorlik koʻrsatkichlari boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslar;
tuproq unumdorligining pasayishi, irrigatsiya va melioratsiya tizimining buzilishi bilan bogʻliq zararlar;
qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi miqdori;
yer uchastkasi mulkdorlari, foydalanuvchilari va ijarachilariga yetkaziladigan zararlar;
yer uchastkasida agrotexnik tadbirlar uchun sarflangan xarajatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar kiritiladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-yanvardagi 4-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2025-y., 09/25/4/0021-son)
17. Ishchi organ taqdim etilgan hujjatlar va rasmiylashtirilgan dalolatnomalar asosida uch ish kunida tuman (shahar) hokimliklari takliflarini qabul qilish yoki qabul qilmaslik yoxud qayta ishlash uchun qaytarish toʻgʻrisida xulosani tayyorlaydi.
18. Quyidagi hollarda ishchi organ tomonidan tuman (shahar) hokimliklari takliflari rad etiladi:
alohida qimmatga ega boʻlgan va tuproq unumdorligi tumanning oʻrtacha ball bonitetidan yuqori boʻlgan unumdor sugʻoriladigan yerlar;
oʻrmon fondining oʻrmon bilan qoplangan yerlari;
foydalanish uchun berilgan va tuman hokimligi zaxirasiga olinmagan yerlar toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflar taqdim etilganda.
Mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshisidagi talablarga muvofiq rad etilgan yerlar toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflar qayta koʻrib chiqilmaydi.
Agar, mudofaa va davlat xavfsizligi ehtiyojlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni, shu jumladan, avtomobil yoʻllari va temir yoʻllar, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obyektlari va aviatexnika markazlari, temir yoʻl transporti obyektlari, koʻpriklar, metropolitenlar, tunnellar, energetika tizimlari obyektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obyektlari, magistral quvurlar, ariqlar, kanallar, havzalar va boshqa suv inshootlarini qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarda qurish (rekonstruksiya qilish) imkoni boʻlmagan taqdirda, ushbu obyektlarni qurish (rekonstruksiya qilish) uchun yer uchastkasi toifasini oʻzgartirishda mazkur band talablari istisno qilinishi mumkin.
Bunda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilariga va mulkdorlarga yetkazilgan zararlar (shu jumladan, boy berilgan foyda) Oʻzbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tartibda qoplanadi.
19. Quyidagi hollarda ishchi organ tomonidan tuman (shahar) hokimliklari takliflari qayta ishlash uchun qaytariladi:
yer uchastkasining yer tuzish loyihasi ishlab chiqilmaganda;
yer uchastkasi toifasini oʻzgartirish hisobiga qishloq va oʻrmon xoʻjaligiga yetkaziladigan zarar miqdori aniqlanmaganda;
yer uchastkasidan qishloq va oʻrmon xoʻjaligidan boshqa maqsadlarda foydalanish hisobiga kutiladigan foyda toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etilmaganda;
yer uchastkasi toifasini oʻzgartirish hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlari va boshqa samaradorlik koʻrsatkichlari boʻyicha texnik-iqtisodiy asosnomalar berilmaganda.
20. Ishchi organ qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish boʻyicha xulosalarni mazkur Nizomga 3, 4, 5 va 6-ilovalarga muvofiq shaklda Hukumat komissiyasiga kiritadi.
4-bob. Ishchi organ xulosalarini koʻrib chiqish va qaror qabul qilish
21. Hukumat komissiyasi besh ish kuni ichida ishchi organ tomonidan taqdim etilgan tuman (shahar) hokimliklari takliflari va xulosalarni koʻrib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilinishini taʼminlaydi.
Hukumat komissiyasi qarorlari bayon shaklida rasmiylashtiriladi.
Hukumat komissiyasi bayoniga Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 9-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va (yoki) Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasi ilova qilinadi.
Hukumat komissiyasining bayoni va farmoyish loyihalariga Hukumat komissiyasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ovoz berganda, ular tomonidan imzolanadi va belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun ikki ish kuni ichida Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Bunda:
farmoyish loyihalarini boshqa idoralar bilan kelishish talab etilmaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar hokimliklarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlarining ovozlari faqat oʻz hududi boʻyicha qabul qilinadi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va (yoki) Vazirlar Mahkamasi farmoyishlari qabul qilinganidan soʻng Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi oʻn besh ish kuni ichida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yer fondiga tegishli oʻzgartishlar kiritadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Ushbu Nizom talablarini qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
24. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

I. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni tayyorlash

1-bosqich

Tuman (shahar) hokimligi

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlari (keyingi oʻrinlarda — yer uchastkasi) yer fondi toifalarini oʻzgartirish yuzasidan taklifni tayyorlaydi va mazkur taklifga yer tuzish loyihasini ishlab chiqish uchun “Oʻzdaverloyiha” ilmiy-loyihalash institutining hududiy boʻlinmasiga murojaat qiladi.

Doimiy

2-bosqich

“Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutining hududiy boʻlinmasi

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish boʻyicha yer tuzish loyihasini ishlab chiqadi va uni tasdiqlash uchun tuman (shahar) hokimligiga kiritadi.

10 ish kuni ichida

3-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

Tuman (shahar) hokimligi taklifini Qishloq xoʻjaligi vazirligiga (keyingi oʻrinlarda — ishchi organ) kiritadi.

Har chorakning oxirgi oyi 20-sanasiga qadar

II. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni oʻrganish

1-bosqich

Ishchi organ

Tuman (shahar) hokimliklari takliflarini umumlashtiradi, ushbu takliflarni joyiga chiqqan holda oʻrganish uchun Suv xoʻjaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi va Kadastr agentligining hududiy boʻlinmalariga yuboradi.

3 ish kuni ichida

2-bosqich

Ishchi organ, Suv xoʻjaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi va Kadastr agentligining hududiy boʻlinmalari

Tuman (shahar) hokimligi takliflarini joyiga chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 44 va 45-moddasiga hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligini oʻrganib, dalolatnoma rasmiylashtiradi.

Bir hafta muddatda

3-bosqich

Ishchi organ

Taqdim etilgan hujjatlar va rasmiylashtirilgan dalolatnomalar asosida tuman (shahar) hokimliklari takliflarini qabul qilish yoki qabul qilmaslik yoxud qayta ishlash uchun qaytarish toʻgʻrisidagi xulosani tayyorlaydi va Hukumat komissiyasiga kiritadi.

3 ish kuni ichida

III. Hukumat komissiyasi tomonidan ishchi organ xulosalarini koʻrib chiqish va qarorlar qabul qilish

1-bosqich

Hukumat komissiyasi

Ishchi organ tomonidan taqdim etilgan tuman (shahar) hokimliklari takliflari va xulosalarni koʻrib chiqib, tegishli bayon shaklida qarorlar qabul qilinishini taʼminlaydi.

5 ish kuni ichida

2-bosqich

Hukumat komissiyasi

Hukumat komissiyasi yigʻilishi bayonini rasmiylashtirib, uning aʼzolari tomonidan imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va (yoki) Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihalarini belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

2 ish kuni ichida

3-bosqich

Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va (yoki) Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari qabul qilinganidan soʻng qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yer fondiga tegishli oʻzgartishlar kiritadi.

15 ish kuni ichida

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
_______________ tuman (shahar) hokimligining qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish boʻyicha
TAKLIFI

T/r

Hudud nomi

Yerdan foydalanuvchi nomi

Kontur raqami

Jami yer maydoni, ga

Shundan

Tuproq ball boniteti

Yer egasi, foydalanuvchi va ijrochilarga yetkaziladigan zarar miqdori, ming soʻm

Qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi oʻrni, ming soʻm

Oʻzgartirish taklif etilayotgan yer fondi toifasi

Taklif etilayotgan foydalanish maqsadi

Asos

sugʻoriladigan
yerlar

sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlar

yaylovlar

boshqa yerlar

Izoh. Takliflar ishchi organga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari yoki respublika davlat boshqaruvi organlarining birinchi rahbarlari tomonidan imzolangan holda taqdim etiladi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlari toifasidan yer fondining boshqa toifasiga oʻtkaziladigan sugʻoriladigan yer uchastkalari
ROʻYXATI

T/r

Hudud nomi

Yerdan foydalanuvchi nomi

Kontur raqami

Jami yer maydoni, ga

Shundan

Tuproq ball boniteti

Oʻzgartirish taklif etilayotgan yer fondi toifasi

Taklif etilayotgan foydalanish maqsadi

Asos

sugʻoriladigan yerlar

boshqa yerlar

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
4-ILOVA
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlari toifasidan yer fondining boshqa toifasiga oʻtkaziladigan lalmi, yaylov va boshqa yer uchastkalari
ROʻYXATI

T/r

Hudud nomi

Yerdan foydalanuvchi nomi

Kontur raqami

Jami yer maydoni, ga

Shundan

Tuproq ball boniteti

Oʻzgartirish taklif etilayotgan yer fondi toifasi

Taklif etilayotgan foydalanish maqsadi

Asos

sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlar

yaylovlar

boshqa yerlar

 

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
5-ILOVA
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlari toifasidan yer fondining boshqa toifalariga oʻzgartirish boʻyicha qayta ishlash uchun qaytariladigan yer uchastkalari
ROʻYXATI

T/r

Hudud nomi

Yerdan foydalanuvchi nomi

Kontur raqami

Jami yer maydoni, ga

Shundan

Tuproq ball boniteti

Oʻzgartirish taklif etilayotgan yer fondi toifasi

Taklif etilayotgan foydalanish maqsadi

Qaytarish uchun asos

sugʻoriladigan yerlar

sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlar

yaylovlar

boshqa yerlar

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
6-ILOVA
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarni yer fondining boshqa toifalariga oʻzgartirish rad etilgan yer uchastkalari
ROʻYXATI

T/r

Hudud nomi

Yerdan foydalanuvchi nomi

Kontur raqami

Jami yer maydoni, ga

Shundan

Tuproq ball boniteti

Oʻzgartirish taklif etilayotgan yer fondi toifasi

Taklif etilayotgan foydalanish maqsadi

Rad etish uchun asos

sugʻoriladigan yerlar

sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlar

yaylovlar

boshqa yerlar

Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-apreldagi 223-sonli qaroriga asosan 2024-yil 23-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2024-y., 09/24/223/0292-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 09/23/222/0304-son; 22.04.2024-y., 09/24/223/0292-son; 22.08.2024-y., 09/24/497/0641-son; 11.01.2025-y., 09/25/4/0021-son)