toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-apreldagi “Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer uchastkalarini ajratish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–204-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-269-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi faoliyatini takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-apreldagi “Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer uchastkalarini ajratish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-204-son qaroriga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 27-fevral,
PQ-78-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-fevraldagi PQ-78-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-apreldagi “Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer uchastkalarini ajratish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-204-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 3-bandning uchinchi — sakkizinchi xatboshilari quyidagi mazmundagi uchinchi — toʻqqizinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari Hukumat komissiyasi raisi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi Hukumat komissiyasining ishchi organi hisoblanadi;
Hukumat komissiyasi koʻrib chiqishi uchun masalalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, shuningdek, ular bilan kelishgan holda respublika davlat boshqaruvi organlarining birinchi rahbarlari tomonidan ishchi organga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yagona talablar asosida kiritiladi;
ishchi organ Suv xoʻjaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi va Kadastr agentligi tizimi xodimlari bilan birga joyiga chiqqan holda har bir taklif Yer kodeksining 44 va 45-moddalarida hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligini oʻrganadi, oʻrganish yakunlari boʻyicha oʻz xulosasini Hukumat komissiyasiga taqdim etadi;
Hukumat komissiyasi yigʻilishi, qoida tariqasida, har oyda bir marotaba uning raisi yoki ishchi organi tashabbusi bilan oʻtkaziladi;
Hukumat komissiyasi har bir taklif va u yuzasidan ishchi organ xulosasini koʻrib chiqadi va qaror qabul qiladi;
Hukumat komissiyasining qarori bayon shaklida rasmiylashtiriladi, bayonga Yer kodeksining 9-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va (yoki) Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasi ilova qilinadi, bayon va farmoyish loyihasi uni yoqlab ovoz berganlar tomonidan imzolanadi;
Hukumat komissiyasi aʼzolari tomonidan imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va (yoki) Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasi ishchi organ tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi, bunda mazkur loyihalarni boshqa idoralar bilan kelishish talab etilmaydi”.
2. 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi
TARKIBI

1.

Sh.M. Gʻaniyev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari, Komissiya raisi

2.

A.B. Voitov

qishloq xoʻjaligi vaziri, Komissiya raisi oʻrinbosari

3.

Sh.R. Xamrayev

suv xoʻjaligi vaziri

4.

F.J. Poʻlatov

Kadastr agentligi direktori

5.

N.J. Bakirov

Oʻrmon xoʻjaligi agentligi direktori

6.

Lavozimiga koʻra

Bosh prokuror oʻrinbosari

7.

N.Q. Xolmurodov

investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi oʻrinbosari

8.

O.A. Pekos

raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari

9.

D.K. Adilov

qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari

10.

A.O. Qobilov

togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri oʻrinbosari

11.

S.A. Nishanbayev

ichki ishlar vaziri oʻrinbosari

12.

A.N. Karimov

adliya vaziri oʻrinbosari

13.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari

14.

Lavozimiga koʻra

Bosh vazir kotibiyati masʼul xodimi, Komissiya kotibi

Izoh: Hukumat komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Hukumat komissiyasi koʻrib chiqishi uchun masalalarni kiritgan tashkilotlar rahbarlari uning yigʻilishiga chaqirilishi mumkin”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.02.2023-y., 07/23/78/0112-son)