toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining
Qonuni
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 15-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 13-iyunda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Tabiiy resurslarni (yer, yer osti boyliklari, suv, havo boʻshligʻi, foydali qazilmalar, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar), moddiy madaniy meros obyektlarini, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetini, oltin zaxirasini, valyuta fondini, uy-joy fondini va boshqa davlat fondlarini boshqarish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hamda uning tasarrufidagi tashkilotlarning mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarning oʻziga xos xususiyatlari Oʻzbekiston Respublikasining alohida qonunlari bilan tartibga solinadi.
2-modda. Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Xorijda turgan davlat mulkini boshqarish ushbu mulk turgan davlatning qonunchiligi inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat ishtirokidagi korxona — ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori ellik foizdan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyati yoxud ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori xoʻjalik jamiyatining boshqa har bir aksiyadori (ishtirokchisi) ulushiga nisbatan koʻp boʻlgan xoʻjalik jamiyati;
(3-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
davlat muassasasi — boshqaruv vazifalarini, ijtimoiy-madaniy vazifalarni yoki boshqa notijorat tusdagi vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organi yoki tashkiloti tomonidan tashkil etilgan hamda toʻliq yoxud qisman u tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilot;
davlat mulki — respublika mulkidan va maʼmuriy-hududiy tuzilmalarning mulkidan (munitsipal mulk) iborat boʻlgan ommaviy mulk;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksining 17-bobi.
davlat mulki reyestri — davlat mulki toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yagona elektron axborot bazasi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat ulushi — xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli boʻlgan aksiyalar yoki ulushlar.
(3-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuniga asosan 3-modda yettinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 8-may — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
4-modda. Davlat mulkini boshqarish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Davlat mulkini boshqarish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
davlat mulkining toʻliq hisobga olinishini taʼminlash;
davlat mulki ushbu Qonunda koʻrsatilgan mezonlarga muvofiq boʻlganda unga egalik qilish;
raqobat rivojlangan sohalarda davlat mulkini xususiylashtirish, qayta tashkil etish va tugatish orqali davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish;
davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv prinsiplarini joriy etish;
zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish;
ochiq va shaffof hisobot tizimini yaratish;
davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish, shuningdek ularni ichki va tashqi bozorlarda raqobatlashishga qodir boʻlgan, samarali korxonalarga bosqichma-bosqich aylantirish boʻyicha choralar koʻrish.
5-modda. Davlat mulkini boshqarishning asosiy prinsiplari
Davlat mulkini boshqarishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
hisobdorlik;
ochiqlik va shaffoflik;
sogʻlom raqobat uchun shart-sharoitlarning tengligi;
davlat mulkiga egalik qilishning asoslanganligi;
davlat mulkidan foydalanishning samaradorligi;
mulkdor va tartibga soluvchi vazifalarining ajratilganligi;
atrof-muhitni va tabiiy resurslarni muhofaza qilishning ustuvorligi.
6-modda. Qonuniylik prinsipi
Davlat mulkini boshqarish Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
7-modda. Hisobdorlik prinsipi
Davlat ishtirokidagi korxonalar oʻz faoliyatining iqtisodiy va moliyaviy koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi axborotning, shuningdek oʻzining moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa axborotning qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) taqdim etib borilishini taʼminlaydi.
Davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻzlariga biriktirilgan davlat mulki toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qonunchilikda belgilangan tartibda Agentlikka taqdim etadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 404-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi toʻgʻrisida nizomning 9-bandi.
Agentlik davlat ishtirokidagi korxonalarda moliyaviy natijadorlik va davlat mulkidan foydalanish holati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir yilda kamida bir marta, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga esa ularning soʻrovlari boʻyicha hisobot berib boradi.
8-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi
Davlat mulki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar barcha uchun ochiq boʻlishi kerak, bundan qonunga muvofiq ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor etilmaydigan davlat mulki mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mulkini jismoniy va nodavlat yuridik shaxslarga realizatsiya qilish, shuningdek ijaraga va ishonchli boshqaruvga berish ommaviy savdolar orqali (auksionlar, tanlovlar, muzokaralarga ommaviy taklif etish yoʻli bilan va boshqalar) hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda amalga oshirilishi kerak.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 14-fevraldagi OʻRQ-907-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.02.2024-y., 03/24/907/0127-son — 2024-yil 16-maydan kuchga kiradi)
Davlat mulkini boshqarish samaradorligi toʻgʻrisidagi hisobot ommaviy axborot vositalarida, Internet jahon axborot tarmogʻida, shu jumladan davlat mulkini boshqarish subyektlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinishi kerak.
9-modda. Sogʻlom raqobat uchun shart-sharoitlarning tengligi prinsipi
Davlat mulkini boshqarish davlat ishtirokidagi korxonalarning iqtisodiyotdagi ulushini qisqartirishga, xususan, ularning tovar va moliya bozorlaridagi ustun mavqeyini bekor qilishga, shuningdek xaridlarning ochiq va shaffof tizimini yaratishga qaratilgan boʻlishi kerak.
Davlat ishtirokidagi korxonalarga va nodavlat yuridik shaxslarga ular xoʻjalik faoliyatini yuritishi uchun teng shart-sharoitlar yaratiladi, shuningdek davlat ishtirokidagi korxonalarga qoʻshimcha imtiyozlar va preferensiyalar berilmaydi.
10-modda. Davlat mulkiga egalik qilishning asoslanganligi prinsipi
Davlat mulkiga egalik qilishga ushbu mulk quyidagi mezonlardan biriga yoki bir nechtasiga muvofiq boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi:
asosiy faoliyatni tabiiy monopoliyalar sohasida amalga oshirish;
aholi uchun zarur boʻlgan, koʻrsatilishi xususiy sektor uchun norentabel boʻlgan tayanch xizmatlarni koʻrsatish;
faoliyatni strategik manfaat, shuningdek aholi xavfsizligini taʼminlash sohalarida amalga oshirish yoki milliy iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan va ushbu Qonunga muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulkining mavjud boʻlishi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan davlat mulkiga egalik qilishning oʻzgacha mezonlari ham belgilanishi mumkin.
11-modda. Davlat mulkidan foydalanishning samaradorligi prinsipi
Davlat mulkini boshqarish subyektlari oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni hisobga olgan holda fuqarolar va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini qanoatlantirish hamda ularning farovonligi maqsadida davlat mulkidan samarali foydalanish choralarini koʻrishi kerak.
12-modda. Mulkdor va tartibga soluvchi vazifalarining ajratilganligi prinsipi
Davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan bir vaqtning oʻzida ham mulkdorning, ham tartibga soluvchining vazifalarini bajarishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ushbu holat mulkdorning vazifalarini davlat organidan Agentlikka oʻtkazish yoki mazkur korxonani tugatish yoxud tartibga soluvchining vazifalarini ushbu davlat organidan boshqa davlat organiga oʻtkazish yoʻli bilan bartaraf etiladi.
13-modda. Atrof-muhitni va tabiiy resurslarni muhofaza qilishning ustuvorligi prinsipi
Davlat mulkini boshqarish atrof-muhitni, shu jumladan biosfera va ekologik tizimlar barqarorligini saqlashga, odamlarning ekologik jihatdan xavfsizligini hamda fuqarolarning hayot uchun qulay tabiiy muhitga boʻlgan huquqini taʼminlashga qaratilgan boʻlishi kerak.
2-bob. Davlat mulkiga boʻlgan mulk huquqining yuzaga kelishi va bekor qilinishi asoslari
14-modda. Davlat mulkiga boʻlgan mulk huquqining yuzaga kelishi asoslari
Davlat mulkiga boʻlgan mulk huquqi fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarga koʻra yuzaga keladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 182-moddasi.
Davlat mulkiga boʻlgan mulk huquqi quyidagi asoslarga koʻra ham yuzaga kelishi mumkin:
shartnomalar va boshqa bitimlar tuzilganda, shu jumladan garchi qonunda nazarda tutilmagan boʻlsa-da, lekin unga zid boʻlmagan shartnomalar hamda boshqa bitimlar tuzilganda;
mol-mulkni va (yoki) mol-mulkdan foydalanish huquqini, soliqlar va yigʻimlar boʻyicha qarzdorlikni, shuningdek davlat ulushi boʻyicha hisoblangan dividendlarni xoʻjalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritish yoʻli bilan ulushni olishda;
sud qarorlari asosida.
15-modda. Davlat mulkiga boʻlgan mulk huquqining bekor qilinishi asoslari
Davlat mulkiga boʻlgan mulk huquqi fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarga koʻra bekor qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 197-moddasi.
Davlat mulkiga boʻlgan mulk huquqi quyidagi asoslarga koʻra ham bekor qilinishi mumkin:
xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
davlat mulkiga boʻlgan mulk huquqi mulkiy huquqlarni (ulushlarni) olish evaziga boshqa shaxsga oʻtganda.
3-bob. Davlat mulki, uning toifalarini oʻzgartirish. Davlat mulkini boshqarish subyektlari va ularning vakolatlari
16-modda. Respublika mulki
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 214-moddasida nazarda tutilgan davlat mulki respublika mulki jumlasiga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining mablagʻlari yoki davlatning boshqa mablagʻlari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan oʻzga mol-mulk, shu jumladan davlat muassasasi, xoʻjalik jamiyatining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi, shuningdek intellektual mulk obyektlari respublika mulki jumlasiga kirishi mumkin.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida turgan davlat mulki ham respublika mulki jumlasiga kiritilishi mumkin.
Respublika mulkini boshqarish va saqlashga doir xarajatlarni moliyalashtirish respublika budjeti hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
17-modda. Munitsipal mulk
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 215-moddasida nazarda tutilgan davlat mulki munitsipal mulk jumlasiga kiradi.
Mahalliy budjet mablagʻlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining boshqa mablagʻlari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan oʻzga mulk, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tasarrufida turgan munitsipal uy-joy fondi, kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi va maktabgacha taʼlim tizimlarining korxonalari hamda muassasalari, madaniyat va madaniy faoliyat tashkilotlari, xoʻjalik jamiyatining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi hamda intellektual mulk obyektlari munitsipal mulk jumlasiga kirishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida turgan davlat mulki ham munitsipal mulk jumlasiga kiritilishi mumkin.
Munitsipal mulkni boshqarish va saqlashga doir xarajatlarni moliyalashtirish tegishincha mahalliy budjetlarning, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining, budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamgʻarmalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
18-modda. Davlat mulkining toifasini oʻzgartirish
Davlat mulki respublika mulki toifasidan munitsipal mulk toifasiga, munitsipal mulk toifasidan esa respublika mulki toifasiga oʻtkazilishi mumkin.
Davlat mulki toifasining oʻzgartirilishi davlatning mulkka boʻlgan mulk huquqi tugatilishiga olib kelmaydi.
Davlat mulkining toifasini oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Agentlik tomonidan davlat mulki reyestriga tegishli yozuvlarni kiritish orqali amalga oshiriladi.
19-modda. Xususiylashtirilmaydigan davlat mulki
Quyidagi davlat mulki xususiylashtirilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasidagi yer (bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno), yer osti boyliklari, shuningdek suv omborlari, shu jumladan qor va sel natijasida toʻplangan suv omborlari, suv xoʻjaligining yirik va oʻta muhim obyektlari, havo boʻshligʻi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi;
Oldingi tahrirga qarang.
moddiy madaniy meros obyektlari, arxiv hujjatlari, davlat muzeylari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, shu jumladan tabiat bogʻlari, milliy bogʻlar va botanika bogʻlari, shuningdek skverlar, istirohat bogʻlari, xiyobonlar, sayilgohlar;
(19-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi OʻRQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
Oldingi tahrirga qarang.
pul belgilarini, qimmatli qogʻozlarni, ordenlarni, medallarni hamda pochta markalarini ishlab chiqarishni taʼminlovchi korxonalar va tashkilotlar, milliy etalonlar;
(19-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-martdagi OʻRQ-1122-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining, Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyaning, Ichki ishlar vazirligining va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining korxonalari, muassasalari, shuningdek harbiy texnikaviy mulki (sanoatda utilizatsiya qilinguniga qadar yoki sanoatda utilizatsiya qilinmaydigan mulki);
ionlovchi nurlanish manbalaridan foydalanib ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlarini olib boruvchi, rentgen uskunalari, asbob-uskunalar va jihozlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar va obyektlar;
radioaktiv elementlarni kavlab olishni, ishlab chiqarishni, transportda tashishni, qayta ishlashni, radioaktiv chiqindilarni koʻmishni, uran va boshqa boʻlinuvchi materiallarni, shuningdek ulardan yasalgan buyumlarni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar va obyektlar;
qurol-yarogʻ va oʻq-dorilarni, himoya vositalarini, harbiy texnikani, ular uchun ehtiyot qismlarni, butlovchi qismlarni hamda asbob-uskunalarni, pirotexnika buyumlarini, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallarni va uskunalarni ishlab chiqishni, ishlab chiqarishni, taʼmirlashni hamda realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar;
kuchli taʼsir etuvchi zaharlarni, giyohvandlik moddalarini va zaharli moddalarni ishlab chiqaruvchi, shuningdek tarkibida giyohvandlik moddalari va zaharli moddalar boʻlgan ekinlarni ekishni, yetishtirishni hamda qayta ishlashni amalga oshiruvchi korxonalar;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat zaxiralari, fuqaro muhofazasi hamda safarbarlik maqsadidagi obyektlar va mulk;
yadroviy qurilmalar, saqlash punktlari (yadroviy materiallarni, yadroviy reaktorlarning issiqlik oʻtkazmaydigan toʻplamlarini, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻini saqlash punktlari), yadroviy yoqilgʻi, yadroviy reaktorlarning issiqlik oʻtkazmaydigan toʻplamlari, ishlatib boʻlingan yadroviy yoqilgʻi, yadroviy materiallar (tabiiy uran, uran-235 izotopi bilan boyitilgan barcha shakldagi uran, uran-233 izotopi, plutoniy, ameritsiy, kaliforniy elementlarining barcha izotoplari, Np-237 izotopi va tarkibida barcha sanab oʻtilgan izotoplar boʻlgan aralashmalar);
portlash xavfi boʻlgan va zaharli moddalarni transportda tashishni amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalar;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari;
sanitariya-epidemiologiya stansiyalari, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi, atrof-muhit holatini nazorat qilish va tabiatni muhofaza qilish xizmatlari;
maxsus vazifalarni bajaruvchi korxonalar (Respublika maxsus aloqa uzeli, 15361 raqamli harbiy qism, Elektromagnit moslashuv markazi);
dafn etish joylari.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan boshqa davlat mulki ham xususiylashtirilmaydigan davlat mulki jumlasiga kiritilishi mumkin.
20-modda. Davlat mulkini boshqarish subyektlari
Davlat mulkini boshqarish subyektlari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Agentlik;
maxsus vakolatli davlat organlari;
davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlari.
Davlat mulkini boshqarish subyektlari davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilangan oʻz vakolatlarini boshqa davlat organlaridan, oʻzga tashkilotlardan va ularning mansabdor shaxslaridan, jismoniy va yuridik shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshiradi.
21-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
davlat mulkini boshqarishda davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirish yuzasidan davlat organlarining hamkorligini taʼminlaydi;
davlat mulkini boshqarish sohasidagi rivojlantirish dasturlarini tasdiqlaydi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi tarkibiga davlat ulushi boʻyicha nomzodlarni saralash tartibini (tanlov reglamentini) tasdiqlaydi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini tasdiqlaydi;
davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) davlat mulkiga sotib olish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
davlat mulkini tekin foydalanishga berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
koʻchmas mulkni bir davlat muassasasidan boshqa davlat muassasasiga oʻtkazish tartibini belgilaydi;
(21-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
xorijda turgan davlat mulkini boshqarish tartibini belgilaydi;
korporativ boshqaruvchining malaka attestatini olish tartibini belgilaydi;
davlat mulki reyestrini yuritish tartibini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish hamda ularning faoliyat yuritish tartibini belgilaydi;
(21-modda birinchi qismining oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasasi va davlat organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasidagi mulkiy munosabatlarni oʻzgartirish tartibini belgilaydi;
(21-modda birinchi qismining oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlmagan, realizatsiya qilinishi, qayta tashkil etilishi va tugatilishi lozim boʻlgan davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxatini har yili 1-oktabrga qadar boʻlgan muddatda tasdiqlaydi;
davlat ishtirokidagi korxonalarni, davlat muassasalarini tashkil etish va qayta tashkil etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining (bundan buyon matnda monopoliyaga qarshi kurashish organi deb yuritiladi) oldindan berilgan roziligi asosida qaror qabul qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
22-modda. Agentlikning davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Agentlik davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatli davlat organidir.
Agentlik:
davlat mulkini boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat mulkining reyestrini yuritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasalarining, shu jumladan davlat organlarining va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat mulkini boshqarish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
(22-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
davlat mulkidan foydalanish qoidalarini va davlat mulkini boshqarish samaradorligini baholash tartibini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasalariga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan davlat mulkining ortiqcha qismini, shuningdek foydalanilmayotgan yoki lozim darajada foydalanilmayotgan davlat mulkini olib qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
(22-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvga koʻra davlat mulkini xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
davlat ulushiga nisbatan aksiyador (ishtirokchi) vazifasini amalga oshiradi, bundan aksiyadorning (ishtirokchining) vazifalari ushbu Qonunga muvofiq maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladigan hollar mustasno;
davlat mulkining, shu jumladan xorijda turgan davlat mulkining sotuvchisi vazifalarini bajaradi, shuningdek ularning ijaraga berilishini va ishonchli boshqaruvga oʻtkazilishini tashkil etadi;
monopoliyaga qarshi kurashish organi, manfaatdor vazirliklar, qoʻmitalar va idoralar bilan birgalikda har yili davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini tahlil (inventarizatsiya) qiladi va saqlab qolinishi, realizatsiya qilinishi yoki tugatilishi yoxud qayta tashkil etilishi lozim boʻlgan davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxatini belgilaydi hamda uni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat ishtirokidagi korxonalarda samarali dividend siyosati yuritilishini muvofiqlashtiradi, davlat ulushi boʻyicha hisoblangan va toʻlangan dividendlarning (ajratmalarning) hisobini yuritadi;
(22-modda ikkinchi qismining oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-980-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya qilish va xususiylashtirish jamgʻarmasi mablagʻlarini belgilangan tartibda tasarruf etadi;
davlat ishtirokidagi korxonalar uchun korporativ boshqaruv qoidalarini tasdiqlaydi;
korporativ boshqaruv prinsiplariga muvofiq davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi aʼzolari va ijroiya organlari rahbarlarini ularning boshqaruv organlari orqali tayinlashni (tanlov oʻtkazishni, saylashni) tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
tegishli davlat organlari bilan kelishuvga koʻra davlat koʻchmas mulk obyektlarini (bundan xususiylashtirilmaydigan obyektlar mustasno), idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, operativ boshqaruv huquqi asosida bir davlat muassasasidan boshqa davlat muassasasiga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
(22-modda ikkinchi qismining oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasasini xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
(22-modda ikkinchi qismining oʻn oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
davlat organlaridan, davlat mulkidan foydalanayotgan shaxslardan davlat mulkini boshqarish bilan bogʻliq axborotni va hujjatlarni soʻrab oladi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning boshqaruv organlari majlislarida ularning rahbarlarini almashtirish masalasi yuzasidan tashabbus bilan chiqadi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyatini auditorlik tekshiruvidan oʻtkazish yoki maxsus masalalar boʻyicha auditorlik tekshiruvi oʻtkazish tashabbusi bilan chiqadi;
davlat mulkini xususiylashtirish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun ishonchli boshqaruvchilar, maslahatchilar va ekspertlarni jalb etadi, shuningdek ularga toʻlanadigan haq miqdorini belgilaydi.
Agentlik qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 404-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi toʻgʻrisidagi nizomning 3-bobi.
Agentlik respublika mulki jumlasiga kiruvchi davlat mulkini ishonchli boshqaruvga berishda, shuningdek Agentlikka operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan davlat mulkini ijaraga berishda naf oluvchi boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek davlat muassasalari tomonidan ijro etilishi shart.
(22-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
23-modda. Maxsus vakolatli davlat organlarining davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga asosan alohida davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish uchun maxsus vakolatli davlat organlari belgilanishi mumkin.
Maxsus vakolatli davlat organlari:
davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushiga nisbatan aksiyador (ishtirokchi) vazifalarini amalga oshiradi;
aksiyador (ishtirokchi) vazifalarini amalga oshirishda davlat ishtirokidagi korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyati holatini tahlil qiladi.
Maxsus vakolatli davlat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
24-modda. Davlat muassasalarining, shu jumladan davlat organlarining davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari:
operativ boshqaruv huquqi asosida oʻziga biriktirilgan davlat mulkini qonunchilikda belgilangan tartibda ijaraga beradi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14-bobi.
operativ boshqaruv huquqi asosida oʻziga biriktirilgan davlat koʻchar mulkini, shu jumladan transport vositalarini qonunchilikda belgilangan oʻz vakolatlari doirasida tasarruf etadi;
oʻz tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga tegishli koʻchmas mulkni bir tashkilotdan boshqa biriga operativ boshqaruv huquqi asosida oʻtkazish toʻgʻrisida Agentlik bilan kelishuvga koʻra qaror qabul qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻz boʻysunuvidagi davlat muassasalarining muassisi vazifalarini amalga oshiradi hamda ularning samarali boshqarilishini taʼminlaydi.
(24-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
25-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat mulkini boshqarish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari:
davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlmagan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish, qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi;
munitsipal mulkni belgilangan tartibda ijaraga yoki ishonchli boshqaruvga beradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan hollarda xoʻjalik jamiyatlaridagi davlat ulushlariga nisbatan aksiyador (ishtirokchi) vazifalarini amalga oshiradi;
mahalliy budjet mablagʻlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining boshqa mablagʻlari hisobidan tashkil etilgan davlat muassasalarida muassis vazifalarini amalga oshiradi;
davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlmagan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish, qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi;
munitsipal mulkni belgilangan tartibda ijaraga yoki ishonchli boshqaruvga beradi;
munitsipal mulkni davlat muassasalariga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirish toʻgʻrisida oʻz vakolatlari doirasida qarorlar qabul qiladi;
munitsipal mulk hisobidan tashkil etilgan davlat ishtirokidagi korxonalarning boshqaruv organlari orqali ularning kuzatuv kengashlari aʼzolarini va ijroiya organlari rahbarlarini tayinlashni (tanlov oʻtkazishni, saylashni) belgilangan tartibda, korporativ boshqaruv prinsiplariga muvofiq tashkil etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Munitsipal mulk boʻlgan davlat muassasalari va xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushlarini xususiylashtirish dasturlari Agentlik hamda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
(25-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-martdagi OʻRQ-1122-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Munitsipal mulk boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish dasturlari tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
(25-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-martdagi OʻRQ-1122-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(25-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
4-bob. Davlat mulkiga egalik qilish va (yoki) undan foydalanishning umumiy qoidalari
26-modda. Davlat mulkiga egalik qilish va (yoki) undan foydalanish
Davlat mulkiga egalik qilish va (yoki) undan foydalanish davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Davlat mulki ijaraga, ishonchli boshqaruvga, tekin foydalanishga, saqlashga va garovga, shuningdek davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida berilishi mumkin.
Xususiylashtirilmaydigan davlat mulkiga egalik qilishga va (yoki) undan foydalanishga ijara shartnomasiga yoki davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga, davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasiga, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga, shu jumladan konsessiya shartnomasiga asosan yoʻl qoʻyiladi.
Davlat mulki oʻziga biriktirilgan shaxslar davlat mulkidan oqilona va samarali egalik qilish va (yoki) undan foydalanilishini taʼminlaydi hamda oʻziga ishonib topshirilgan mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, unga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish, uning yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlash uchun masʼuldir.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mulkining yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish tasdiqlangan xarajatlar smetalariga muvofiq, ushbu davlat mulki oʻziga biriktirilgan davlat organlari va davlat muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
(26-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
27-modda. Davlat mulkini ijaraga berish
Davlat mulki jismoniy shaxslarga va nodavlat yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion asosida (bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno), auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisida kamida oʻn besh kun oldin xabardor qilingan holda ijaraga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasi ijaraga oluvchi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazi oʻrtasida tuziladi.
(27-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-980-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son)
Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasi bir yil muddatga tuziladi, bundan qonunchilikda belgilangan muddatlar mustasno. Davlat mulkini ijaraga olgan jismoniy shaxslar va nodavlat yuridik shaxslar tomonidan shartnoma majburiyatlari lozim darajada bajarilgan taqdirda, davlat mulkini ijaraga berish muddati tugaganidan keyin mazkur mulk ularga elektron onlayn-auksion oʻtkazilmagan holda xuddi shu muddatga taklif etiladi.
Davlat mulki oʻziga ijaraga berilgan jismoniy shaxslar va nodavlat yuridik shaxslar ijaraning butun muddati davomida undan maqsadli foydalanilishini, uning yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlaydi.
Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasida davlat mulkining har qanday yaxshilanishi balansda saqlovchining yozma roziligi bilan amalga oshirilishi nazarda tutilishi kerak.
Davlat mulkini ijaraga berish shartnomasi bekor qilingan taqdirda, davlat mulkining ajralmas qismi boʻlgan yaxshilanishlarning qiymatini ijaraga oluvchiga qaytarmaslik toʻgʻrisidagi shart davlat mulkini ijaraga berish shartnomasida nazarda tutilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-sonli “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
28-modda. Davlat mulkini ishonchli boshqarish
Davlat mulki jismoniy shaxslarga va nodavlat yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion vositasida ishonchli boshqaruvga beriladi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Davlat mulkini ishonchli boshqarish Agentlik yoki mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi va ishonchli boshqaruvchi oʻrtasida tuziladigan davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga asosan yuzaga keladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mulkiy majmualar, koʻchmas mulkning alohida qismlari, davlat ulushi, mutlaq huquqlar va boshqa davlat mulki davlat mulkini ishonchli boshqarish obyekti boʻlishi mumkin.
(28-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasi tasdiqlangan yillik biznes-rejalarni bajarish sharti bilan besh yilgacha boʻlgan muddatga tuziladi, bundan qonunchilikda belgilangan muddatlar mustasno.
Davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasi taraflardan birining tashabbusi bilan bekor qilinayotganda, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, boshqa taraf kamida uch oy oldin xabardor qilinishi kerak.
Davlat mulkining ishonchli boshqaruvga berilishi mulk huquqining ishonchli boshqaruvchiga oʻtishiga sabab boʻlmaydi.
Davlat mulkini davlat organlariga ishonchli boshqaruvga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
29-modda. Davlat mulkidan tekin foydalanish
Davlat mulki yuridik shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq tekin foydalanishga beriladi.
Davlat mulkini tekin foydalanishga berish balansda saqlovchi tomonidan yuridik shaxs bilan tuziladigan davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasi har bir moliya yili uchun alohida tuziladi.
Koʻchmas va koʻchar mulk obyektlari davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasining obyekti boʻlishi mumkin.
Yuridik shaxslar oʻziga tekin foydalanishga berilgan davlat mulkidan tekin foydalanishning butun muddati davomida maqsadli foydalanilishini, uning yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlaydi.
Tekin foydalanishga berilgan davlat mulkining har qanday yaxshilanishi balansda saqlovchining yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasida davlat mulkining ajralmas qismi boʻlgan yaxshilanishlarning qiymatini davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasi bekor qilingan taqdirda foydalanuvchiga qaytarmaslik toʻgʻrisidagi shart nazarda tutilishi mumkin.
30-modda. Davlat mulkini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida berish
Davlat mulkini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, shu jumladan konsessiya shartnomasi boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkorga, yuridik shaxslarga yoki yuridik shaxslarning birlashmalariga berish davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonuni.
31-modda. Davlat mulkini saqlash
Davlat mulki uning yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlash uchun yuridik shaxslarga saqlashga topshirilishi mumkin.
Davlat mulkini saqlashga topshirish balansda saqlovchi va yuridik shaxs oʻrtasida tuziladigan davlat mulkini saqlash toʻgʻrisidagi shartnoma yoki davlat mulkini saqlash uchun qabul qilish haqidagi bitimga asosan amalga oshiriladi.
Davlat mulkini saqlash toʻgʻrisidagi shartnomada yoki davlat mulkini saqlash uchun qabul qilish haqidagi bitimda davlat mulkini saqlaganlik uchun haq toʻlanishi nazarda tutilishi mumkin.
Saqlovchi davlat mulkini saqlashda texnik normativlarga hamda uni saqlash va (yoki) muhofaza qilish shartlariga doir talablarga rioya etilishini taʼminlanishi shart.
Saqlovchi saqlash uchun qabul qilingan davlat mulkining yoʻqolganligi, kamomadi yoki shikastlanganligi uchun javobgar boʻladi. Agar saqlovchi davlat mulkining yoʻqolganligi, kamomadi yoki shikastlanganligi oʻziga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra sodir boʻlganligini isbotlasa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
32-modda. Davlat mulkini garovga berish
Davlat mulki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq yuridik shaxslarga garovga berilishi mumkin. Masʼuliyati cheklangan jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushini garovga berayotganda, agar jamiyat ustavida jamiyatning yoki uning ishtirokchilarining roziligini olish zarurligi nazarda tutilgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinguniga qadar mazkur rozilikni olish talab etiladi.
Davlat mulkini garovga berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan vakolatli shaxs (garovga beruvchi) va garovga oluvchi oʻrtasida tuziladigan garov shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Garov toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Ushbu Qonunning 19-moddasida nazarda tutilgan davlat mulkini, shuningdek ushbu Qonunning 35-moddasida koʻrsatilgan hollarda davlat mulkini garovga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat mulkini jismoniy shaxslarning va nodavlat yuridik shaxslarning majburiyatlarini taʼminlash uchun garovga berish taqiqlanadi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorida nazarda tutilgan hollar mustasno.
5-bob. Davlat mulki negizida korxonalarni tashkil etish va ularni qayta tashkil etish
33-modda. Davlat ishtirokidagi korxonani tashkil etishning umumiy qoidalari
Davlat ishtirokidagi korxona davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlgan taqdirda tashkil etilishi mumkin.
Davlat ishtirokidagi korxonani tashkil etish monopoliyaga qarshi kurashish organining oldindan berilgan roziligi olinganidan keyin:
respublika mulki negizida — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra;
Oldingi tahrirga qarang.
munitsipal mulk negizida — mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
(33-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
34-modda. Xoʻjalik jamiyatining aksiyalarini (ulushlarini) davlat mulki sifatida olish
Xoʻjalik jamiyatining aksiyalarini (ulushlarini) davlat mulki sifatida olish Agentlikning taklifiga koʻra, monopoliyaga qarshi kurashish organining xulosasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladi, bundan xoʻjalik yurituvchi subyektning sof foydasini (davlat ulushi boʻyicha hisoblangan dividendlarni) uning ustav fondiga (ustav kapitaliga) kapitalizatsiya qilish hollari mustasno.
Xoʻjalik jamiyatining aksiyalarini (ulushlarini) davlat mulki sifatida olishga, agar bu davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Xoʻjalik jamiyatining aksiyalarini (ulushlarini) davlat mulki sifatida olish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining mablagʻlari yoki davlatning oʻzga mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
35-modda. Davlat muassasasini oʻzgartirish
(35-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga muvofiq boʻlmagan davlat muassasasi xoʻjalik faoliyatini yuritishda boshqa nodavlat yuridik shaxslar bilan teng shart-sharoitlar yaratish, ular faoliyatining samaradorligini, ochiqligini va shaffofligini taʼminlash hamda korporativ boshqaruvni joriy etish maqsadida xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirilishi lozim.
(35-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mulkining yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlash maqsadida, oʻzgartirilayotgan davlat muassasasining rahbari oʻz roziligiga asosan oʻzgartirish natijasida tashkil etilgan xoʻjalik jamiyatining rahbari etib tayinlanishi mumkin.
(35-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuniga asosan 35-modda uchinchi qismining chiqarilish sanasi 2025-yil 8-may — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
Davlat muassasasi xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirilayotganda uning mulki inventarizatsiyadan oʻtkaziladi va xoʻjalik jamiyati ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori mulk baholashdan oʻtkazilmagan holda, davlat muassasasi mulkining qoldiq (balans) qiymati boʻyicha belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat muassasasi xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirilayotganda mazkur xoʻjalik jamiyati ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushiga nisbatan aksiyadorning (ishtirokchining) vazifalari Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
(35-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat muassasasini xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran va mazkur jarayon yakunlanguniga qadar ushbu muassasaga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan davlat mulkini sotishga, hisobdan chiqarishga, garovga berishga, yuridik shaxslarning ustav fondlariga (ustav kapitallariga) kiritishga yoki uni boshqacha tarzda tasarruf etishga yoxud boshqacha usullar bilan davlat mulkiga nisbatan majburiyatlarni yuzaga keltirishga yoʻl qoʻyilmaydi (bundan joriy xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq hollar mustasno).
(35-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat muassasasi xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirilayotganda xoʻjalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) xususiylashtirilmaydigan davlat mulki kiritilmaydi.
(35-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
36-modda. Davlat muassasasini tashkil etish
Davlat muassasasi davlat mulki negizida tashkil etiladi.
Davlat muassasasi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarayotganda qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari, shuningdek davlat mulkini boshqarish subyektlarining mablagʻlari hisobidan toʻliq yoki qisman moliyalashtiriladi.
6-bob. Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish
37-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarishning umumiy qoidalari
Davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish, shu jumladan ularning boshqaruv organlarini shakllantirish qonunchilikda belgilangan tartibda korporativ boshqaruv prinsiplariga muvofiq amalga oshiriladi.
38-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari faoliyatini moliyalashtirish ularning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(38-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
39-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini joriy etish
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida tegishincha Agentlik, maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(39-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
davlat ishtirokidagi korxonalar boshqaruv organlarining hisobdorligini nazorat qiladi va tegishli biznes-rejalar koʻrsatkichlari bajarilmagan taqdirda qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻradi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning rivojlantirish strategiyalari tasdiqlanishini muvofiqlashtiradi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashlari tarkibiga mustaqil aʼzolarni jalb etadi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning moliyaviy hisobotlarini moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga muvofiq tayyorlash va xalqaro kredit reytinglariga erishish masalalarini muvofiqlashtiradi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning sohaga oid boʻlmagan aktivlarini qisqartirish choralarini koʻradi;
xaridlar jarayonlarini auditdan oʻtkazish, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish ichki nazoratining samaradorligini oshirish choralarini koʻradi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashlari tomonidan har chorakda ijroiya organlarining korxona faoliyatining samaradorligi, shu jumladan amalga oshirilgan xaridlar toʻgʻrisidagi hisobotlari eshitib borilishini nazorat qiladi;
korporativ boshqaruv tizimining joriy etilishi yiliga kamida bir marta baholashdan oʻtkazilishini nazorat qiladi;
davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashlari va ijroiya organlari aʼzolarining javobgarligi sugʻurta qilinishini nazorat qiladi.
40-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimi joriy etilishini baholash tartibi
Davlat ishtirokidagi korxonada korporativ boshqaruv tizimining joriy etilishi baholashdan oʻtkaziladi. Baholash natijalari davlat ishtirokidagi korxona kuzatuv kengashining majlisida koʻrib chiqiladi hamda uning aʼzolariga haq toʻlash mexanizmi mazkur baholash natijalariga bogʻlangan holda ishlab chiqiladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimining joriy etilishini baholash tartibi Agentlik tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 404-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi toʻgʻrisidagi nizomning 3-bobi.
41-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari
Davlat ishtirokidagi korxonalarda ularning faoliyati samaradorligini baholash mezonlari joriy etiladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari samaradorlikning belgilangan davriylik boʻyicha hisob-kitob qilinadigan muhim koʻrsatkichlarini oʻz ichiga oladi.
Samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari davlat ishtirokidagi korxonaning strategik rivojlanish rejalariga asoslangan, ijroiya organi faoliyatining samaradorligini aniqlash uchun foydalaniladigan, miqdoriy oʻlchovga oid baholash mezonlaridan iboratdir.
Samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari roʻyxati davlat ishtirokidagi korxona kuzatuv kengashining qarori bilan tasdiqlanadi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar Agentlikning maxsus axborot tizimiga biznes-rejalari koʻrsatkichlarining va samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari bajarilishi toʻgʻrisidagi, shu jumladan ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanilishi, soliqlar va yigʻimlarning toʻlanganligi, mavjud qarzdorlik, mahalliylashtirish hamda investitsiya loyihalari haqidagi axborotni, shuningdek moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa axborotni qonunchilikda belgilangan tartibda joylashtiradi.
7-bob. Davlat ishtirokidagi korxonaning boshqaruv organlari faoliyatiga doir asosiy talablar
42-modda. Davlat ishtirokidagi korxonaning yuqori boshqaruv organi
Quyidagilar davlat ishtirokidagi korxonaning yuqori boshqaruv organi hisoblanadi:
xoʻjalik jamiyati aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) umumiy yigʻilishi.
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuniga asosan 42-modda birinchi qismi uchinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 8-may — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
Davlat ishtirokidagi korxona aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) umumiy yigʻilishida davlat vakili — davlat ulushini ishonchli boshqarishni amalga oshiradigan investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi yoki tegishli ishonchnomaga asosan davlat ulushi boʻyicha ovoz berish vakolatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs ishtirok etadi.
Davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyadorlarining (ishtirokchilarining) umumiy yigʻilishi kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilayotganda kuzatuv kengashi ularni oldindan koʻrib chiqadi va kuzatuv kengashining davlat ulushi boʻyicha saylangan aʼzolari ular boʻyicha ovoz berish tartibi toʻgʻrisidagi takliflarni tegishincha davlat ulushiga nisbatan aksiyadorlar (ishtirokchilar) boʻlgan Agentlikka, maxsus vakolatli davlat organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga taqdim etadi:
sof foydani taqsimlash va uning bir qismini dividendlarga yoʻnaltirish;
korxonani qayta tashkil etish yoki tugatish;
shuʼba va tobe xoʻjalik jamiyatlarini tashkil etish;
tashkiliy tuzilmani tasdiqlash;
korxonaning ijroiya organini saylash, tayinlash, yollash, uning vakolatlarini muddatidan oldin bekor qilish;
eʼlon qilingan aksiyalarning eng yuqori miqdorini belgilash;
aksiyalarni boʻlish va konsolidatsiyalash;
korxonaning ustav fondi (ustav kapitali) miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish;
mulkni garovga berish;
yirik bitim tuzish yoki korxonaning affillangan shaxslari bilan bitimlar tuzish.
Agentlik, maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishining kun tartibidagi, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan masalalar boʻyicha ovoz berish tartibi toʻgʻrisidagi yozma koʻrsatmani davlat vakiliga yigʻilish oʻtkazilguniga qadar kamida bir kun oldin beradi. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilmagan qolgan masalalar boʻyicha davlat vakili qonunchilikka va davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq mustaqil ravishda qarorlar qabul qiladi.
43-modda. Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi
Davlat ishtirokidagi korxonalarda kuzatuv kengashlari tashkil etiladi. Kuzatuv kengashi aʼzolari ushbu Qonunning 44-moddasida nazarda tutilgan tartibda tanlab olinadi va aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishining, muassisning qarori asosida uch yil muddatga saylanadi.
Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi aʼzolari oʻz huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda korxona manfaatlarini koʻzlab harakat qiladi hamda qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Davlat ulushi boʻyicha kuzatuv kengashi aʼzosi boʻlgan shaxs davlat ishtirokidagi korxonalarning beshtadan ortiq kuzatuv kengashiga saylanishi mumkin emas, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashlariga kuzatuv kengashining mustaqil aʼzolari ham kiritiladi.
Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi majlislari zaruratga qarab, biroq har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi faoliyati samaradorligi ushbu Qonunning 40-moddasiga asosan oʻtkaziladigan korporativ boshqaruv tizimining joriy etilishini baholash natijalariga koʻra baholanadi.
Davlat ishtirokidagi korxona kuzatuv kengashining davlat ulushi boʻyicha saylangan aʼzolari oʻz vakolatlari doirasida kuzatuv kengashi majlislarida mustaqil ravishda qarorlar qabul qilish huquqiga ega. Mustaqil ravishda qarorlar qabul qilishga toʻsqinlik qiladigan holatlar yuzaga kelgan taqdirda mazkur shaxslar oʻz majburiyatlarini bajarishni rad etishi kerak.
Davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi qoshida kuzatuv kengashi aʼzolari orasidan audit boʻyicha qoʻmita, tayinlovlar va haq toʻlash boʻyicha qoʻmita, xaridlar boʻyicha qoʻmita hamda zarur boʻlganda boshqa qoʻmitalar tashkil etilishi mumkin.
44-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi aʼzoligiga davlat ulushi boʻyicha nomzodlarni tanlash
Davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi aʼzoligiga davlat ulushi boʻyicha nomzod tegishincha Agentlik, maxsus vakolatli davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tuzilgan tanlov komissiyasi tomonidan tanlanadi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarning davlat ulushi boʻyicha kuzatuv kengashi aʼzolarini tanlash qoidalari (tanlov reglamenti) Agentlik tomonidan ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Tanlov reglamentida davlat ishtirokidagi korxonalarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, kuzatuv kengashlari aʼzoligiga nomzodlarga qoʻyiladigan mezonlar belgilanishi va mazkur mezonlar asosida tanlov oʻtkazilishi nazarda tutilishi kerak.
Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati sohasini litsenziyalash, tartibga solish yoki nazorat qilish vazifalarini amalga oshiruvchi davlat organlarining xodimlari, shuningdek, moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishni amalga oshiruvchi organlarning xodimlari ushbu korxonalar kuzatuv kengashining tarkibiga kiritilishi mumkin emas, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
45-modda. Davlat ishtirokidagi korxonaning ijroiya organi
Davlat ishtirokidagi korxonaning ijroiya organi rahbari kuzatuv kengashining tavsiyasi asosida aksiyadorlarning (ishtirokchilarning) umumiy yigʻilishi yoki muassis tomonidan uch yil muddatga saylanadi hamda uning faoliyati natijalari qoniqarsiz deb baholangan taqdirda muddatidan oldin lavozimidan ozod etilishi mumkin.
Davlat ishtirokidagi korxonaning ijroiya organiga toʻlanadigan haq miqdori aksiyadorlarning (ishtirokchilarning) umumiy yigʻilishi yoki muassis tomonidan tasdiqlangan mukofotlashning shaffof tizimiga asoslanishi kerak.
8-bob. Davlat mulki reyestrini yuritish
46-modda. Davlat mulki reyestrini yuritishning umumiy qoidalari
Davlat mulki reyestrini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda va shaklda Agentlik tomonidan amalga oshiriladi, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan davlat mulki mustasno.
Davlat mulki reyestrida respublika mulkining va munitsipal mulkning hisobi alohida yuritiladi. Munitsipal mulkning hisobi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kesimida, tumanlar (shaharlar) kesimida alohida yuritiladi.
Davlat mulki reyestrining maʼlumotlaridan vakolatli davlat organlari tomonidan davlat mulkini boshqarish va uning yaxlitligini hamda but saqlanishini taʼminlash bilan bogʻliq qarorlarni qabul qilishda foydalaniladi.
Davlat mulki reyestrini yuritish davlat mulkini hisobga olish va axborotga oid maqsadlar uchun moʻljallangan hamda huquqni belgilovchi yoki huquqni tasdiqlovchi fakt boʻlib hisoblanmaydi.
Maxfiylikning alohida tartibi tatbiq etiladigan davlat mulkining, shu jumladan harbiy va maxsus maqsadlar uchun moʻljallangan alohida tartibga boʻysunuvchi, alohida muhim va muayyan tartibga boʻysunuvchi obyektlarning, shuningdek gidrotexnika inshootlarining hisobini yuritish qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
47-modda. Davlat mulki reyestrida hisobga olinishi lozim boʻlgan davlat mulki
Davlat mulki reyestrida quyidagi davlat mulkining hisobi yuritiladi:
davlat ulushi;
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuniga asosan 47-modda birinchi qismi uchinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 8-may — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
davlat muassasalari;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat muassasalariga yoki ularning tarkibiy boʻlinmalariga biriktirilgan davlat mulki boʻlgan koʻchmas mulk obyektlari, moddiy madaniy meros obyektlari, intellektual mulk obyektlari hamda avtomototransport vositalari.
(47-modda birinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan davlat mulki reyestrini yuritish tartibida davlat mulki reyestrida hisobga olinishi lozim boʻlgan boshqa davlat mulki ham nazarda tutilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-maydagi 273-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulki obyektlarining hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan davlat mulkining hisobini yuritish qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
48-modda. Davlat mulki reyestrini shakllantirish bosqichlari
Davlat mulki reyestri yagona markazlashtirilgan elektron axborot maʼlumotlar bazasi shaklida yuritiladi.
Davlat mulki oʻziga biriktirilgan (shu jumladan egalik qilish, foydalanish huquqi asosida yoki boshqacha tartibda biriktirilgan) yuridik shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda ushbu mulkning idoraviy hisobi yuritilishini, uning inventarizatsiya qilinishini hamda qayta baholanishini taʼminlaydi. Bunda davlat mulkining idoraviy hisobini yuritish davlat mulkining haqiqatda mavjudligini aniqlashga, shuningdek hisobga olinmagan davlat mulkini aniqlashga hamda keyinchalik uni tegishli davlat mulkini boshqarish subyektiga biriktirishga qaratilgan boʻlishi kerak.
Davlat mulki oʻziga biriktirilgan yuridik shaxslar ushbu Qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan davlat mulki toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har chorakda elektron axborot tizimi orqali Agentlikka taqdim etadi.
Davlat mulki reyestrini shakllantirishda Agentlik quyidagi tashkilotlarning davlat mulki toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlaridan foydalanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
aksiyadorlik jamiyatlarining ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) davlat ulushi boʻyicha — Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi aksiyadorlik jamiyatining;
(48-modda toʻrtinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-980-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son)
Oldingi tahrirga qarang.
masʼuliyati cheklangan jamiyatlarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) davlat ulushi, davlat muassasalari, shuningdek davlat mulki boʻlgan intellektual mulk obyektlari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining;
(48-modda toʻrtinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
davlat mulki boʻlgan koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining;
davlat mulki boʻlgan moddiy madaniy meros obyektlari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining;
davlat mulki boʻlgan avtotransport vositalari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining.
49-modda. Davlat mulki reyestrini yuritishga doir talablar
Davlat mulki reyestrini yuritish ushbu Qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan davlat mulki toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida kiritish, toʻldirish, yangilab borish hamda davlat mulki tarkibi haqidagi haqiqiy, xolis va ishonchli maʼlumotlarni aks ettirishga qaratilgan boshqa harakatlarni bajarish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Davlat mulki reyestrini yuritishda davlat mulki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar davlat mulkiga taalluqli oʻzgarishlar haqidagi tarix saqlangan holda toʻliq hajmda aks ettirilishi kerak. Bunda mulkning davlat mulki reyestriga kiritilishi va uning keyinchalik davlat mulki tarkibidan chiqarilishi alohida hisobga olinadi. Davlatning mulkka boʻlgan mulk huquqi tugatilishi ushbu mulk toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilishini va uning hisobi yuritilishini toʻxtatish uchun asos boʻladi.
9-bob. Davlat mulkini boshqarish sohasidagi axborotni oshkor qilish
50-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatining samaradorligi toʻgʻrisidagi hisobotni oshkor qilish
Davlat muassasalari, shu jumladan davlat organlari, shuningdek davlat ishtirokidagi korxonalar har yili 1-iyulga qadar boʻlgan muddatda davlat ishtirokidagi korxonalarning oʻtgan moliya yilidagi faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi axborotni Agentlikka u tomonidan belgilangan shakl boʻyicha taqdim etadi.
Agentlik har yili 1-avgustga qadar davlat ishtirokidagi korxonalarning oʻtgan moliya yilidagi faoliyatining samaradorligi toʻgʻrisidagi yigʻma hisobotni oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.
51-modda. Davlat mulkini saqlash xarajatlari toʻgʻrisidagi axborotning ochiqligi va shaffofligi
Davlat mulkining yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq tegishincha ushbu davlat mulki oʻziga biriktirilgan davlat organlari, Agentlik, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan moliyalashtiriladi.
Davlat mulkining yaxlitligini va but saqlanishini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi axborot ushbu davlat mulki oʻziga biriktirilgan yuridik shaxslarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi, bundan qonunga muvofiq oshkor qilinmaydigan maʼlumotlar mustasno.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
52-modda. Nizolarni hal etish
Davlat mulkini boshqarish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
53-modda. Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
54-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
55-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
56-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 9-mart,
OʻRQ-821-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.03.2023-y., 03/23/821/0132-son; 15.02.2024-y., 03/24/907/0127-son; 23.10.2024-y., 03/24/980/0840-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son; 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)