toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Joriy yilning 22-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish, nazorat qiluvchi organlarning masʼuliyatini oshirish va faoliyati ochiqligini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-son Farmoniga muvofiq Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (keyingi oʻrinlarda — Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil) tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish jarayonlarini muvofiqlashtirish va ularning ochiqligini taʼminlash, shuningdek, davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reyestrlarini yuritish imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, nazorat qiluvchi organlar tomonidan 2022-yil 1-noyabrdan boshlab:
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olinadi. Bunda, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida mazkur tizimda roʻyxatga olinmagan tekshiruvlarni oʻtkazish noqonuniy hisoblanadi;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari toʻgʻrisida maʼlumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoniga asosan chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son)
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) nazorat qiluvchi organlar:
Oldingi tahrirga qarang.
“xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan oʻtkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subyektini xabardor qiladi, bundan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlar hamda “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturi natijalariga asosan soliq bazasini yashirish (kamaytirib koʻrsatish) holatlari boʻyicha oʻtkaziladigan soliq tekshiruvlari mustasno;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-sentabrdagi PF-176-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2025-y., 06/25/176/0878-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektining ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va obyekti boʻyicha qayta tekshiruv oʻtkazishga va tadbirkorlik subyekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas, tibbiy va farmatsevtika faoliyatni litsenziyalash talab va shartlariga rioya qilinishi hamda tibbiy xizmatlar sifat nazorati boʻyicha oʻtkaziladigan tekshiruvlar, shuningdek, davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tekshiruvlari bundan mustasno;
(3-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son)
Oldingi tahrirga qarang.
tadbirkorlik subyektlari uchun profilaktika tadbirlarini tadbirkorlik subyektlari moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda seminarlar, ommaviy muhokamalar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, “ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, tarqatma material va qoʻllanmalar bilan taʼminlash, tavsiya va xabarlar yuborish shakllarida yoxud cheklist toʻldirilishi natijalari boʻyicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunbuzilishlarga olib kelishi mumkin boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etishga koʻmaklashish orqali amalga oshiradi;
(3-band “a” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
b) tadbirkorlik subyektlari nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslarini quyidagi hollarda tekshiruv oʻtkazish uchun oʻz hududiga qoʻymaslik huquqiga ega:
tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda;
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil belgilangan tartibda xabardor etilmaganda;
(3-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-son “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Farmoni.
tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud boʻlmaganida;
ular Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobiga maʼlumotlarni kiritishdan bosh tortganida;
v) 2023-yil 1-yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlarga “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reyestriga kiritilmagan funksiyalar boʻyicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish taqiqlanadi.
4. Adliya vazirligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Savdo-sanoat palatasi va nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda 2022-yil 1-noyabrga qadar davlat nazorati funksiyalari va tekshiruvlarni qisqartirish boʻyicha takliflarni Strategik islohotlar agentligining kengashiga kiritsin.
5. Nazorat qiluvchi organlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga:
bir oy muddatda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havola qilgan holda majburiy talablar roʻyxatini;
majburiy talablar oʻzgargan taqdirda, oʻzgartirish kiritilgan sanadan boshlab bir hafta muddatda yangilangan majburiy talablar roʻyxatini taqdim etsin.
6. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-sentabrdagi PF-6314-son Farmoni talablariga muvofiq, “Yagona davlat nazorati” tizimida davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reyestrlari lozim darajada (dolzarb) va barcha uchun ochiq holatda yuritilishini taʼminlasin.
7. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibini, shuningdek, nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablarni tasdiqlasin.
9. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil D.S. Qosimov hamda nazorat qiluvchi organlar rahbarlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 13-sentabr,
PQ-374-son
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son qaroriga
ILOVA
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom nazorat qiluvchi organlar va ularning tarkibiy hamda hududiy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — nazorat qiluvchi organlar) tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Soliq organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga nisbatan amalga oshiriladigan soliq tekshiruvlarini oʻtkazish tartibining ushbu Nizom bilan tartibga solinmagan qismi Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Markaziy bank tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslarni inspeksiyadan (tekshiruvdan) oʻtkazish “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi PF-96-sonli Farmoniga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organ — qonunchilik bilan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlarni muvofiqlashtirish hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazilishining qonuniyligi ustidan nazoratni amalga oshirishga vakolat berilgan tashkilot;
nazorat qiluvchi organlar — tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonunchilik bilan vakolat berilgan davlat organlari va tashkilotlari;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi — vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qiluvchi, tadbirkorlik subyektlarida yuridik ahamiyatga ega harakatlarni hamda maʼmuriy yoki sud organlarida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs;
tadbirkorlik subyektlari — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;
tekshiruv — tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini tekshirish uchun kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tadbiri;
cheklist — profilaktika tadbiri doirasida tadbirkorlik subyekti tomonidan toʻldiriladigan namunaviy shakldagi savolnoma;
“xavfni tahlil etish” elektron tizimi — nazorat qiluvchi organlar tomonidan tegishli nazorat sohasi boʻyicha aniq mezonlarga asoslanib, tadbirkorlik subyekti faoliyatida qonunchilik buzilish xavfi darajasini aniqlash elektron tizimi;
tekshiruv dasturi — tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvning nazorat savolnomasi;
“Yagona davlat nazorati” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — Axborot tizimi) — tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni (xabardor etish yoki tekshiruv boshlangandan soʻng xabardor etish orqali) va ular natijalarini roʻyxatga olishni taʼminlovchi elektron axborot tizimi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Tekshiruvlar vakolatli organni xabardor etish yoki tekshiruv boshlangandan soʻng 24 soat ichida xabardor etgan holda Axborot tizimida roʻyxatga olish orqali oʻtkaziladi, bundan tezkor-qidiruv tadbirlari, jinoyat-protsessual qonunchiligi asosida oʻtkaziladigan taftish va kameral soliq tekshiruvlari hamda bojxona nazorati shakllari mustasno.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
Axborot tizimi texnik sabablarga koʻra ishlamagan taqdirda tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida xabardor etish yoki tekshiruv boshlangandan soʻng xabardor etish keyinchalik Axborot tizimga kiritish sharti bilan qogʻoz shaklida rasmiylashtirilishi mumkin. Bunda texnik nosozlik Vakolatli organ tomonidan rasman tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Nazorat qiluvchi organ va vakolatli organ oʻrtasidagi davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlgan tekshiruvlarni oʻtkazishga oid axborot almashinuvi davlat sirlari sohasidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi hamda bunday tekshiruvlar Axborot tizimida roʻyxatga olinmaydi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
2-bob. Tekshiruv ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
4. Tekshiruv oʻtkazishda tadbirkorlik subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxsining tekshiruv masalalariga aloqasi boʻlmagan talablarini bajarmaslik;
tekshiruv oʻtkazishda shaxsan yoki oʻz vakili orqali ishtirok etish;
talab qilib olinayotgan hujjatlarni, agar ushbu hujjatlar yoki ularning nusxalari tadbirkorlik subyekti tomonidan nazorat qiluvchi organga oldingi oʻtkazilgan tekshiruvlarda taqdim etilgan boʻlsa, taqdim etmaslik;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsining ruxsati bilan ekspertiza oʻtkazishda ishtirok etish va ekspertga tushuntirishlar berish, ekspertning xulosasi bilan tanishish;
ekspertni rad etish va ekspertni oʻzi koʻrsatgan shaxslar orasidan tayinlash toʻgʻrisida iltimos qilish;
tekshiruv materiallari bilan tanishish va tekshiruv dalolatnomasini olish;
nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan, shuningdek, belgilangan tartibda tekshiruv natijalari ustidan shikoyat qilish;
tekshiruvni oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq (qaror, farmoyish) belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan va buyruq nusxasi tadbirkorlik subyektiga berilmagan, tekshiruv toʻgʻrisida vakolatli organ belgilangan tartibda xabardor etilmagan (tekshiruv boshlangandan soʻng 24 soat ichida xabardor etish tartibi bundan mustasno), nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud boʻlmagan, Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobiga maʼlumotlarni kiritishdan bosh tortilgan hollarda, nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsini tekshiruv oʻtkazish uchun oʻz hududi va binolariga qoʻymaslik.
Tadbirkorlik subyektlari qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega.
5. Tekshiruvlarni oʻtkazishda tadbirkorlik subyektlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxsining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilmaslik, uning tekshiruv bilan bogʻliq qonuniy talablarini bajarish;
tekshiruvni oʻtkazayotgan nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsiga tekshiruv bilan bogʻliq, shu jumladan, elektron axborot tashuvchi vositalarda saqlanadigan hujjatlar va axborotni oʻrganish hamda tahlil qilish imkoniyatini taʼminlash.
Tadbirkorlik subyektlari zimmasida qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
6. Tekshiruvlarni oʻtkazishda nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi quyidagi huquqlarga ega:
tadbirkorlik subyektining tekshiruv bilan bogʻliq, shu jumladan, elektron axborot tashuvchi vositalarda saqlanadigan hujjatlari va maʼlumotlarini talab qilib olish va oʻrganish;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda tadbirkorlik subyektining hududlari va binolarini koʻzdan kechirish;
tadbirkorlik subyektiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
tekshiruvlar davomida tadbirkorlik subyektini yozma bildirish asosida nazorat qiluvchi organga tekshiruv bilan bogʻliq tushuntirishlar berish uchun chaqirish;
tekshiruvga auditorlik tashkilotlarini va (yoki) ekspertlarni belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb etish.
Nazorat qiluvchi organlar qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega.
7. Tekshiruvlarni oʻtkazishda nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi quyidagilarga majbur:
tadbirkorlik subyektiga tekshiruv oʻtkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarni taqdim etish;
tadbirkorlik subyektini tekshiruv maqsadi, tadbirkorlik subyektining huquqlari va majburiyatlari bilan tanishtirish;
Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobiga qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvlar haqidagi yozuvlarni kiritish;
tadbirkorlik subyekti faoliyatiga tekshiruv predmetiga taalluqli boʻlmagan masalalar boʻyicha aralashmaslik;
davlat siri, tijorat yoki boshqa sirlar saqlanishini taʼminlash;
tekshiruv natijalarini dalolatnoma bilan rasmiylashtirib, uning bir nusxasini tekshiruv tugagan kuni tadbirkorlik subyektiga taqdim etish;
tekshiruv natijalarini Axborot tizimiga kiritish;
profilaktika tadbirlarini oʻtkazish;
huquqbuzarlik holatlari aniqlangan taqdirda qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni koʻrish.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining zimmasida qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
3-bob. Vakolatli organni tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida xabardor etish
8. Nazorat qiluvchi organ tadbirkorlik subyekti faoliyatida quyidagilar asosida tekshiruv oʻtkazishni tashabbus qilishga haqli:
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi natijalari;
aniq fakt va hollar boʻyicha fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligi, atrof-muhitga, jismoniy va yuridik shaxslarning hamda davlat manfaatlariga zarar yetkazish xavfining oldini olish yoki bartaraf etish uchun (jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, davlat organlari va tashkilotlari maʼlumotlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa axborot manbalaridan olingan maʼlumotlar).
Tadbirkorlik subyekti faoliyatida tekshiruv oʻtkazishni tashabbus qilishda, dastlab nazorat qiluvchi organ tomonidan tekshiruv oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirkorlik subyektining amalda faoliyat koʻrsatayotganligi oʻrganib chiqilishi lozim.
9. Tadbirkorlik subyekti faoliyatida tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnoma Axborot tizimiga nazorat qiluvchi organning markaziy apparati tomonidan kiritiladi. Bunda bir kunlik muddatda tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnoma nazorat qiluvchi organning hududiy boʻlinmasi tomonidan kiritilishi mumkin.
10. Vakolatli organni tekshiruv boshlangandan soʻng xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar roʻyxatida (keyingi oʻrinlarda — Roʻyxat) nazarda tutilgan tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnoma tekshiruv boshlangandan soʻng 24 soat ichida Axborot tizimiga kiritilishi shart.
11. Nazorat qiluvchi organ rahbari (yoki rahbar oʻrinbosari) tomonidan tekshiruv toʻgʻrisida xabardor qilish uchun Axborot tizimiga quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda tasdiqlangan xabarnoma kiritiladi:
tekshiruv oʻtkazadigan nazorat qiluvchi organ nomi;
tekshiruv oʻtkaziladigan tadbirkorlik subyektining nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, IFUT kodi, yuridik va tekshiruv oʻtkazish manzili;
tekshiruv oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjat yoki maʼlumot;
tekshiruv oʻtkazish muddati;
tekshiruv predmeti;
tekshiruvda qamrab olinadigan faoliyat davri.
12. Ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan asos boʻyicha batafsil maʼlumotlar va tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari, profilaktika tadbirlari oʻtkazilganligi boʻyicha tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (oʻtkazilgan boʻlsa) hamda tekshiruv dasturi xabarnomaga ilova sifatida Axborot tizimiga kiritiladi.
Tekshiruv dasturi ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan asos doirasida tuzilishi va nazorat qiluvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlanishi shart.
13. Nazorat qiluvchi organ tekshiruvni oʻtkazish toʻgʻrisida xabardor qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida buyruq (qaror, farmoyish) qabul qiladi hamda bir ish kunida Axborot tizimiga kiritadi.
Buyruqda (qarorda, farmoyishda) tekshiruv oʻtkazish uchun mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan asos, nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxslari tarkibi, tadbirkorlik subyektining nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, manzili, tekshiruv maqsadi, muddati, tekshiruvda qamrab olinadigan faoliyat davri va tekshiruv Axborot tizimida roʻyxatga olinganligini tasdiqlovchi maxsus kod koʻrsatiladi hamda tekshiruv dasturi ilova qilinadi.
4-bob. Tekshiruvlarni oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
14. Nazorat qiluvchi organ “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi natijalariga asosan oʻtkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida qonunchilikda belgilangan muddatlarda tadbirkorlik subyektini uning Axborot tizimidagi shaxsiy kabineti yoki pochta aloqasi (agar elektron shaklda xabardor etishning texnik imkoniyati mavjud boʻlmasa) orqali xabardor qiladi, Roʻyxatda nazarda tutilgan hamda davlat yongʻin nazorati organlari, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlar, tibbiy va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash talab va shartlariga rioya qilinishi hamda tibbiy xizmatlar sifat nazorati boʻyicha tekshiruvlar hamda “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturi natijalariga asosan soliq bazasini yashirish (kamaytirib koʻrsatish) holatlari boʻyicha oʻtkaziladigan soliq tekshiruvlari bundan mustasno.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son)
Bunda tekshiruv oʻtkazish muddati va predmeti, taraflarning qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlari, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar uchun taraflarning javobgarligi, korrupsiya alomatlari vujudga kelganda xabar berish tartibi, mansabdor shaxslarning harakatlari ustidan shikoyat berish tartibi va manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq masalalar koʻrsatilishi lozim.
Tekshiruv boshlanishi haqida xabarnomani olgan tadbirkorlik subyekti tekshiruv oʻtkazilishidan oldin yuridik manzilini oʻzgartirgan yoki u qayta tashkil etilgan hollarda tekshiruv nazorat qiluvchi organ tomonidan qayta xabardor qilmasdan oʻtkaziladi.
Tadbirkorlik subyekti Axborot tizimi yoki pochta aloqasi orqali yuborilgan tekshiruv boshlanishi haqida xabarnomani shaxsan olmaganligi tekshiruv oʻtkazishga toʻsqinlik qilmaydi.
15. Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tekshiruv boshlanishidan oldin tadbirkorlik subyekti rahbarini (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxsni) tekshiruv maqsadi bilan tanishtiradi, unga oʻz xizmat guvohnomasi va tekshiruv oʻtkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomani koʻrsatadi, tekshiruvni oʻtkazishga asos boʻlgan hujjatlar (nazorat qiluvchi organning tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻi va tekshiruv dasturi) nusxalarini tilxat olgan holda taqdim qiladi, shuningdek, Axborot tizimiga tekshiruvning maxsus kodini kiritish orqali tekshiruvga doir maʼlumotlarni olish huquqini tushuntiradi, Roʻyxatda nazarda tutilgan tekshiruvlar bundan mustasno.
Tadbirkorlik subyekti oʻz soʻroviga koʻra oʻtkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni Axborot tizimidan bepul real vaqt rejimida Internet tarmogʻi orqali yoki qisqa xabar (SMS) koʻrinishida olishi mumkin.
16. Tekshiruv oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjatlar nusxasi tadbirkorlik subyektiga tilxat olingan holda topshirilgan kun tekshiruvni oʻtkazish boshlangan kun hisoblanadi.
Tadbirkorlik subyektining tekshiruv oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjatlarni olishdan bosh tortganligi tekshiruvni bekor qilish uchun asos boʻlmaydi.
Tadbirkorlik subyekti mazkur hujjatlarni olishdan bosh tortgan taqdirda, bu haqda nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan dalolatnoma tuziladi. Bunda dalolatnoma rasmiylashtirilgan vaqt tekshiruvni oʻtkazish boshlangan vaqt hisoblanadi.
17. Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tadbirkorlik subyekti tomonidan taqdim etilgan Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini qonunchilikda belgilangan tartibda toʻldirishi shart.
18. Tekshiruvni faqat tekshiruv oʻtkazishga ruxsat berilgan nazorat qiluvchi organ va uning tekshiruv oʻtkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomaga ega boʻlgan mansabdor shaxslari oʻtkazishga haqli.
Nazorat qiluvchi organning tegishli tarkibiy boʻlinmasi tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvga uning boshqa tarkibiy boʻlinmalarining tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxslari jalb etilishi mumkin.
Nazorat qiluvchi organ tekshiruvni oʻzining hududiy boʻlinmalariga yuklatishga haqli.
19. Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirishdan bosh tortgan taqdirda yoki mazkur Nizomning 15-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni toʻliq taqdim etmagan hamda tekshiruvga nazorat qiluvchi organning buyrugʻida (qarori, farmoyishi) koʻrsatilmagan boshqa shaxslarni jalb etish holatlarida, tekshiruvga shartnoma asosida auditorlik tashkilotlari va (yoki) ekspertlarni jalb etish holatlari bundan mustasno, tadbirkorlik subyekti tekshiruv oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda ushbu holat haqida vakolatli organga, Savdo-sanoat palatasiga va prokuratura organlariga xabar berishga haqli.
20. Nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlik subyekti faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruv qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlardan oshmasligi lozim.
21. Tekshiruv oʻtkazish jarayonida nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari va tekshiruv dasturida belgilangan masalalar doirasidan chetga chiqmasligi lozim.
22. Tekshiruv tadbirkorlik subyektining ish vaqti davomida oʻtkaziladi.
23. Tadbirkorlik subyekti faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvda, shuningdek, profilaktika tadbirlarida uning soʻroviga koʻra Savdo-sanoat palatasining vakillari, tadbirkorlik subyektlari birlashmalarining aʼzosi boʻlgan tadbirkorlik subyektining faoliyatida tekshiruv oʻtkazishda esa mazkur birlashmalar vakillari ishtirok etishi mumkin.
Tekshiruv davomida tadbirkorlik subyektiga soliq maslahatchilari, tarjimon va (yoki) advokatlar tomonidan shartnoma asosida tegishli xizmatlar koʻrsatilishi mumkin.
Nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi tekshiruv boshlanishidan oldin tadbirkorlik subyekti rahbariga (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxsga) mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaxslarni tekshiruvda ishtirok etishga jalb qilish huquqini tushuntiradi hamda bu haqda tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan tekshiruv oʻtkazishga asos boʻlgan hujjatlar nusxalari olinganligini tasdiqlovchi tilxatda maʼlumot qayd etiladi.
Tadbirkorlik subyekti tomonidan maʼlum qilingan mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaxslarning tekshiruvda ishtirok etish uchun yetib kelmasligi tekshiruv oʻtkazilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
24. Tekshiruv bilan tadbirkorlik subyektining bevosita tekshiruv predmeti bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat davri qamrab olinadi. Bunda:
tekshiruv oʻtkazish vaqtidan oldingi uch kalendar yildan koʻp boʻlmagan muddatdagi faoliyat qamrab olinishi mumkin;
Oldingi tahrirga qarang.
tekshiruvni oʻtkazayotgan nazorat qiluvchi organ tomonidan ilgari tekshirilgan faoliyat davri, predmeti va obyekti boʻyicha qayta tekshiruv oʻtkazilmaydi, tibbiy va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash talab va shartlariga rioya qilinishi hamda tibbiy xizmatlar sifat nazorati boʻyicha oʻtkaziladigan tekshiruvlar, shuningdek, davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tekshiruvlari bundan mustasno.
(24-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son)
25. Tadbirkorlik subyekti rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) tekshiruvda ishtirok eta olmagan, talab etilgan hujjatlar taqdim etilmagan yoki sohaviy mutaxassislar mavjud boʻlmagan taqdirda, tekshiruv nazorat qiluvchi organning buyrugʻi (qarori, farmoyishi) asosida toʻxtatilishi hamda nazorat qiluvchi organning asoslantirilgan murojaatiga koʻra yoki nazorat qiluvchi organ tomonidan asoslantiruvchi hujjatlar bilan keyinchalik vakolatli organni xabardor qilgan holda tekshiruv boshqa vaqtga koʻchirilishi mumkin.
Muddati koʻchirilgan tekshiruvni oʻtkazish tekshiruv toʻxtatilgan oydan keyingi oyning soʻnggi kunidan kechiktirmasdan taʼminlanishi lozim. Ushbu muddatda oʻtkazilmagan tekshiruv oʻtkazilmagan deb hisoblanadi. Bunday tekshiruv keyinchalik umumiy tartibda oʻtkazilishi mumkin.
26. Tekshiruv muddatini maksimal uzaytirish nazorat qiluvchi organning asoslantirilgan soʻroviga muvofiq vakolatli organni xabardor qilgan holda faqatgina bir marta va dastlab belgilangan tekshiruv muddatidan oshmagan muddatga amalga oshirilishi mumkin. Bunda dastlab oʻtkazilgan va uzaytirilayotgan tekshiruvlarning jami muddatlari qonunchilikda belgilangan tekshiruvlarni oʻtkazish muddatlaridan oshmasligi kerak.
27. Tekshiruvni tadbirkorlik subyekti roʻyxatdan oʻtgan yoki faoliyat yuritayotgan manzilda oʻtkazish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, uni tadbirkorlik subyektining yozma roziligi bilan ushbu subyekt roʻyxatdan oʻtgan yoki faoliyat yuritayotgan hududdagi nazorat qiluvchi organ binosida oʻtkazish mumkin.
28. Tekshiruvlar natijalari tekshiruv dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Tekshiruv dalolatnomasi kamida ikki nusxada tuziladi.
Bir kunlik muddatda oʻtkaziladigan tekshiruv dalolatnomasi tekshiruv oʻtkazilgan kunda, muddati bir kundan ortiq boʻlgan tekshiruv boʻyicha esa, tekshiruv muddatining oxirgi kunidan kechiktirmasdan rasmiylashtirilishi shart.
Bunda tekshiruv dalolatnomasining nusxalari nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi va tadbirkorlik subyektining rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) tomonidan imzolanadi, bir nusxasi tadbirkorlik subyekti rahbariga (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxsga) uni olgan sanani koʻrsatgan holda imzo qoʻydirib topshiriladi.
29. Tadbirkorlik subyekti oʻtkazilgan tekshiruv natijasi boʻyicha oʻz eʼtirozlarini dalolatnomada yozma ravishda aks ettirishi mumkin.
30. Tadbirkorlik subyekti tekshiruv dalolatnomasini olishdan va (yoki) uni imzolashdan bosh tortganda, nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxsi bu haqda dalolatnomada qayd etadi va shu paytdan eʼtiboran tekshiruv tugagan hisoblanadi.
Bu holda tekshiruv dalolatnomasining bir nusxasi u tuzilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan tadbirkorlik subyektiga pochta orqali buyurtma xat bilan yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda elektron shaklda tuzilib yuboriladi.
31. Tekshiruv natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnoma, qayd etilgan qonunbuzilish holatlari va tekshiruv oʻtkazish haqida tadbirkorlik subyekti xabardor etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar (pochta kvitansiyasi va elektron axborot tizimlarining maʼlumotlari) tekshiruv yakunlangandan soʻng uch ish kuni ichida, tadbirkorlik subyektiga nisbatan qoʻllanilgan taʼsir choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (yozma koʻrsatma, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma, jarimalarni qoʻllash toʻgʻrisida qarorlar va sud qarorlari) mazkur choralar qoʻllanilgandan soʻng bir ish kunidan kechiktirilmasdan nazorat qiluvchi organlar tomonidan Axborot tizimiga kiritilishi lozim.
32. Tekshiruv natijasida aniqlangan bank siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlarga oid maʼlumotlar Axborot tizimiga kiritilmaydi.
Tekshiruvda jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda, nazorat qiluvchi organ darhol huquqni muhofaza qiluvchi organga xabar berishi hamda tekshiruv yakunlangan vaqtdan boshlab oʻn kun ichida ushbu holat boʻyicha barcha hujjatlarni yuborishi shart.
Soliq tekshiruvida jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda esa, bu haqda xabar berish soliq qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Tekshiruvlar oʻtkazilishini monitoring qilish va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish
33. Vakolatli organ nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar belgilangan tartibda oʻtkazilganligini doimiy ravishda monitoring qilib boradi.
34. Monitoring natijalariga koʻra nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tadbirkorlik subyektlari faoliyatida noqonuniy tekshiruv oʻtkazganligi yoki tekshiruv davomida qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyganligi aniqlanganda vakolatli organ tomonidan ularni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari koʻriladi.
35. Tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan jamoatchilik nazorati Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari hamda qonunchilikda belgilangan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Profilaktika tadbirlarini oʻtkazish
36. Profilaktika tadbiri nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga amaldagi qonunchilik hujjatlari va ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni tushuntirish, ularning talablari buzilishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar, shuningdek, tadbirkorlik subyektining faoliyat xususiyatlaridan kelib chiqqan holda unga soliq, bojxona va boshqa imtiyozlar va preferensiyalar haqida tushuntirishlar berish, shuningdek, qonunbuzilishlarga olib kelishi mumkin boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etishga koʻmaklashish maqsadida oʻtkaziladi.
37. Profilaktika tadbirlari quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
bevosita joyiga chiqmagan va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashmagan holda huquqiy targʻibot, seminarlar, tushuntirish ishlari va amaliy mashgʻulotlar tashkil etish;
tadbirkorlik subyektlariga pochta aloqasi yoki elektron axborot tizimlari orqali ularning faoliyati yuzasidan qonunchilik talablari buzilishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar, tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritayotgan sohada sodir etilayotgan tizimli huquqbuzarliklarning sabablari va ularga imkon beruvchi shart-sharoitlar boʻyicha xabarnomalar yuborish;
amaldagi qonunchilik talablarini tushuntirish yuzasidan ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilish;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni ommaviy muhokama qilish maqsadida Internet jahon axborot tarmogʻida veb-saytlar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda blog va chatlarni tashkil etish;
“ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish va ularda qatnashish;
tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik talablariga oid maʼlumotlar aks ettirilgan tarqatma materiallar va boshqa qoʻllanmalar bilan taʼminlash;
tadbirkorlik subyektlariga oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan cheklist taqdim etish, cheklist toʻldirilishi natijalari boʻyicha ular faoliyatida qonunbuzilishlarga olib kelishi mumkin boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etishga koʻmaklashish.
Oldingi tahrirga qarang.
Yongʻin xavfsizligini, fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning oʻq-dorilari, sanoat uchun moʻljallangan portlovchi materiallar, pirotexnika buyumlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari va prekursorlar saqlanadigan joylar (obyektlar)ning texnik mustahkamligini, obyekt ichki va ruxsat berish rejimini taʼminlash maqsadida oʻtkaziladigan, shuningdek, tibbiy va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash talab va shartlariga rioya qilinishi hamda tibbiy xizmatlar sifatini taʼminlash boʻyicha profilaktika tadbirlari tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarni koʻzdan kechirish orqali amalga oshirilishi mumkin.
(37-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son)
Profilaktika tadbirlari tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib ishlab chiqilgan va tasdiqlangan choraklik reja-grafiklar asosida oʻtkaziladi.
Oʻtkazilgan profilaktika tadbirlari boʻyicha bayonnoma yuritilib, qayd etilgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
38. Profilaktika tadbirini oʻtkazish natijasi boʻyicha nazorat qiluvchi organ Axborot tizimga quyidagi maʼlumotlarni kiritadi:
profilaktika tadbirini oʻtkazgan nazorat qiluvchi organ va uning tegishli tarkibiy boʻlinmasi nomi;
profilaktika tadbirining shakli;
profilaktika tadbiri ommaviy ravishda oʻtkazilgan taqdirda unda ishtirok etgan tadbirkorlik subyektlarining umumiy soni, oʻtkazilgan tadbir bayoni;
profilaktika tadbiri manzilli amalga oshirilganda unda qatnashgan tadbirkorlik subyektlari soni va ularga berilgan tavsiya va xabarnomalar soni va mazmuni;
ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, Internet jahon axborot tarmogʻida veb-saytlar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda blog va chatlar orqali oʻtkazilgan muhokamalar, ular oʻtkazilgan sana, manzili (ommaviy axborot vositalaridagi koʻrsatuv yoki loyiha nomi, muhokamaning Internet jahon axborot tarmogʻidagi manzili).
39. Nazorat qiluvchi organlar har chorak yakunlari boʻyicha keyingi oyning 10-sanasigacha mazkur Nizomning 38-bandida belgilangan maʼlumotlarni Axborot tizimga kiritib boradi.
40. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida koʻp takrorlanuvchi qonunbuzilish holatlarining oldini olish maqsadida:
nazorat qiluvchi organlar har yarim yil yakunlari boʻyicha 1-avgustga qadar, yil yakunlari boʻyicha 1-fevralga qadar ular tomonidan amalga oshirilgan tekshiruv va profilaktika tadbirlari tahlilini vakolatli organga kiritadi;
vakolatli organ har yarim yil yakunlari boʻyicha 1-sentabrga qadar, yil yakunlari boʻyicha 1-martga qadar tadbirkorlik subyektlari faoliyatida koʻp takrorlanuvchi huquqbuzarliklar hamda ular sodir etilishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumotni Axborot tizimiga joylashtiradi va jamoatchilikka eʼlon qiladi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
41. Vakolatli organ va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari mazkur Nizom talablariga rioya etilishi, tekshiruv munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlgan tijorat siri, xizmat siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlar, shuningdek, oshkor etilmaydigan axborotlar muhofaza qilinishini taʼminlashi shart.
42. Nazorat qiluvchi organlarning:
rahbarlari tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida xabardor etish yoki vakolatli organni tekshiruv boshlangandan soʻng xabardor etish uchun taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi va toʻliqligi hamda tekshiruvlar qonunchilikda belgilangan tartibda Axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan holda amalga oshirilishi uchun;
mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari va nazorat sohasidan tashqari masalalar boʻyicha har qanday tekshiruv oʻtkazilmasligi hamda tekshiruvlar qonunchilikda belgilangan tartibda Axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan holda amalga oshirilishi, shuningdek, oʻtkazilgan tekshiruvlar boʻyicha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida Axborot tizimiga kiritilishi uchun javobgardir.
43. Tadbirkorlik subyektlari ularda oʻtkazilayotgan tekshiruv haqidagi hamda ularning faoliyatini tekshirayotgan nazorat qiluvchi organlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni vakolatli organdan yozma shaklda yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan Axborot tizimidan foydalangan holda elektron shaklda bepul olishga haqlidir.
44. Oʻtkazilgan tekshiruvdan norozi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari nazorat qiluvchi organlarning yuqori tashkilotlariga, vakolatli organga, Savdo-sanoat palatasiga yoki belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
45. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.09.2022-y., 07/22/374/0821-son; 21.07.2023-y., 06/23/110/0506-son; 03.08.2023-y., 06/23/125/0553-son; 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son; 24.10.2024-y., 06/24/164/0843-son; 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son; 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son; 08.08.2025-y., 06/25/126/0704-son; 29.09.2025-y., 06/25/176/0878-son; 07.05.2026-y., 06/26/74/0453-son)