toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 18.01.2019
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSULLIK USTAVI
 LexUZ sharhi
Mazkur Ustav Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 17-yanvardagi OʻRQ-517-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
BIRINChI BOʻLIM. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSULLIK MUASSASALARI VA ULARNING FAOLIYATINI TAShKIL ETISh
I bob. UMUMIY QOIDALAR
1-modda.
Ushbu Ustavda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
“konsullik muassasasi” — Oʻzbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonasining konsullik boʻlimi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatda taʼsis etiladigan bosh konsulxonasi, konsulxonasi, vitse-konsulxonasi va konsullik agentligi;
“konsul” — konsullik muassasasining rahbari boʻlmish bosh konsul, konsul, vitse-konsul va konsullik agenti;
“konsullik mansabdor shaxsi” — konsullik vazifalarini bajarish ishi topshirilgan har qanday shaxs, shu jumladan konsullik muassasasining rahbari, shuningdek diplomatiya vakolatxonasi konsullik boʻlimining mudiri;
“konsullik muassasasining xodimi” — konsullik muassasasiga xizmat koʻrsatish yuzasidan konsullik muassasasida maʼmuriy yoki texnikaviy vazifalarni bajarish bilan shugʻullanayotgan har qanday shaxs;
“konsullik okrugi” — konsullik vazifalarini bajarish uchun konsullik muassasasi ixtiyoriga berilgan hudud;
“konsullik binolari” — konsullik muassasasi ehtiyojlari uchun foydalanilayotgan binolar yoki ularning bir qismi, shuningdek ularga qarashli yer maydonlari;
“kema” — Oʻzbekiston Respublikasi bayrogʻi ostida suzib yurgan har qanday kema, harbiy kema bundan mustasno;
“havo kemasi” — Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan har qanday havo kemasi, harbiy samolyot bundan mustasno.
2-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi qaysi davlatlar bilan konsullik munosabatlari oʻrnatilgan boʻlsa, shu davlatlarda konsullik muassasalarini taʼsis etadi.
Konsullik munosabatlarini oʻrnatish haqida bitim boʻlmagan taqdirda diplomatiya munosabatlarining oʻrnatilishi konsullik munosabatlarining ham oʻrnatilishi deb hisoblanadi. Biroq diplomatiya munosabatlarining uzilishi oʻz-oʻzidan konsullik munosabatlarining ham uzilishini va Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasasining faoliyati tugatilishini anglatmaydi.
3-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari chet ellarda Oʻzbekiston Respublikasining, Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qiladi.
Konsullik muassasalari konsullik joylashgan davlatlar bilan Oʻzbekiston Respublikasining doʻstona munosabatlari rivojlanishiga hamda ular bilan iqtisodiy, savdo, ilmiy-texnikaviy, madaniy va boshqa aloqalarning kengayishiga koʻmaklashadi.
4-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi hamda konsullik joylashgan davlat ishtirokchi boʻlgan ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalarga, xalqaro taomillarga, ushbu Ustavga, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga amal qiladi.
5-modda.
Konsullik muassasalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga boʻysunadi va konsulxona joylashgan davlatdagi Oʻzbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonasi boshligʻining umumiy rahbarligida ish koʻradi.
6-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonalarining konsullik boʻlimlari konsullik boʻlimlarining mudirlari tomonidan boshqariladi. Bosh konsulxonalar, konsulxonalar, vitse-konsulxonalar va konsullik agentliklari tegishincha bosh konsullar, konsullar, vitse-konsullar va konsullik agentlari tomonidan boshqariladi.
7-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatiya vakolatxonalari boʻlmagan davlatlarda konsulxona joylashgan davlatning roziligi bilan konsul zimmasiga diplomatlik vazifalari ham yuklatilishi mumkin.
8-modda.
Konsullik muassasasining manzili, uning darajasi va konsullik okrugi konsulxona joylashgan davlat bilan kelishilgan holda belgilanadi.
9-modda.
Konsullik muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan hamda konsullik muassasasining nomi Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida yozilgan muhrga ega boʻladi.
10-modda.
Konsullik muassasasi oʻzi egallab turgan binoga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tushirilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida va konsulxona joylashgan davlat tilida konsullik muassasasining nomi yozilgan peshlavha oʻrnatish huquqiga egadir.
11-modda.
Konsullik muassasasi oʻzi joylashgan bino ustida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini koʻtarishga haqlidir.
Konsul oʻz qarorgohida, shuningdek oʻz xizmat vazifalarini bajarish chogʻida oʻz transport vositalarida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻini koʻtarishga haqlidir.
Ushbu moddada nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirish chogʻida konsulxona joylashgan davlatning qonunlari, qoidalari va taomillari eʼtiborga olinmogʻi lozim.
12-modda.
Konsullik muassasalarining mansabdor shaxslari va xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida davlat xizmatida boʻladilar.
13-modda.
Faqat Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosigina konsullik mansabdor shaxsi boʻlishi mumkin.
14-modda.
Konsul lavozimga tayinlanayotganida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan uning konsullik okrugi belgilab berilgan konsullik patentini oladi.
15-modda.
Konsul konsulxona joylashgan davlatning roziligini (ekzekvaturasini) olganidan keyin oʻz vazifalarini bajarishga kirishadi. Uning bu vazifaga tayinlanganligi toʻgʻrisida konsulxona joylashgan davlat maʼmurlari xabardor qilinadi.
16-modda.
Agar konsul biron sababga koʻra oʻz vazifalarini bajara olmaydigan boʻlsa yoki uning lavozimi vaqtincha boʻsh boʻlsa, konsul vazifalarini bajarish ushbu konsullik muassasasining yoki Oʻzbekiston Respublikasining konsulxona joylashgan davlatdagi boshqa konsullik muassasasining boshqa mansabdor shaxsi zimmasiga yoxud shu davlatdagi Oʻzbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonasining diplomatiya xodimlaridan biri zimmasiga yuklatiladi.
17-modda.
Konsul ushbu Ustavda hamda Oʻzbekiston Respublikasi hamda konsulxona joylashgan davlat imzolagan xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan vazifalarni bajaradi.
Konsul ushbu Ustavda nazarda tutilmagan boshqa vazifalarni, agar ular Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va konsulxona joylashgan davlatning qonun hujjatlariga zid boʻlmasa, bajarishi mumkin.
18-modda.
Konsul oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni shaxsan oʻzi bajaradi yoki ularni bajarishni boshqa konsullik mansabdor shaxsiga topshiradi.
19-modda.
Konsul boshqa davlatning konsullik vazifalarini faqat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining koʻrsatmasiga binoan va konsulxona joylashgan davlat roziligi bilan bajarishi mumkin.
20-modda.
Konsul oʻzining konsullik okrugi doirasida konsullik muassasasining faoliyati bilan bogʻliq barcha masalalar yuzasidan konsulxona joylashgan davlat maʼmurlariga murojaat etishi mumkin.
21-modda.
Konsul har yili kamida bir marta oʻz konsullik okrugini aylanib chiqishi shart.
22-modda.
Konsullik mansabdor shaxslari hamda konsullik muassasalari xodimlarining xatti-harakatlari ustidan qilingan shikoyatlar boʻysunish tartibida koʻrib chiqiladi.
IKKINChI BOʻLIM. KONSULLIK VAZIFALARI VA ULARNI BAJARISh TARTIBI
II bob. KONSULNING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YuRIDIK ShAXSLARI VA FUQAROLARIGA TAALLUQLI VAZIFALARI
23-modda.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolari konsulxona joylashgan davlatning qonun hujjatlariga koʻra va Oʻzbekiston Respublikasi hamda konsulxona joylashgan davlat ishtirokchisi boʻlgan xalqaro shartnomalarga, shuningdek xalqaro taomillarga koʻra ularga berilgan barcha huquqlardan foydalana olishlari uchun chora-tadbirlar koʻrishi shart.
Konsul yozma arizalarni ham, ogʻzaki arizalarni ham qabul qilishi shart.
24-modda.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolarining buzilgan huquqlari tiklanishi uchun chora-tadbirlar koʻrishi shart.
25-modda.
Konsul uning konsullik okrugida doimiy yashayotgan hamda vaqtincha turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritadi.
26-modda.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari, korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining konsullik okrugi doirasida turgan vakillariga oʻz xizmat vazifalarini bajarishlarida koʻmaklashadi.
27-modda.
Konsul uning konsullik okrugida vaqtincha turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini konsulxona joylashgan davlatning qonunlari va boshqa normativ hujjatlaridan, shuningdek mahalliy urf-odatlardan xabardor qiladi.
Konsulning Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elda boʻlishlariga doir masalalar boʻyicha farmoyishlari ular uchun majburiy kuchga egadir.
28-modda.
Konsul uning konsullik okrugida turgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari uchun madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishiga koʻmaklashadi.
29-modda.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolari hozir boʻlmasalar va ish yuritishni biror-bir shaxsga topshirmagan boʻlsalar yoki boshqa sabablarga koʻra oʻz manfaatlarini himoya qilishga qodir boʻlmasalar, konsulxona joylashgan davlat muassasalarida konsul ularning nomidan ishonchnomasiz vakillik qilish huquqiga egadir. Ushbu vakillik ular oʻz vakillarini tayinlagunga qadar yoki oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilishni oʻz zimmalariga olgunga qadar davom etadi.
III bob. KONSULNING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARINI HARBIY HISOBGA OLIShGA DOIR VAZIFALARI
30-modda.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq konsulxona joylashgan davlatda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy hisobini yuritadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-martdagi 119-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi nizom.
31-modda.
Konsul muddatli harbiy (muqobil) xizmatga chaqiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasidagi tegishli mudofaa ishlari boʻlimlariga borishlarini taʼminlaydi.
IV bob. KONSULNING FARZANDLIKKA OLISh, VASIYLIK VA HOMIYLIKKA DOIR VAZIFALARI
32-modda.
Konsul chet elda doimiy yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining boshqa davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlib, boshqa davlat hududida doimiy yashash joyiga ega boʻlgan bolani farzandlikka olish uchun ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizalarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga belgilangan tartibda yuborish chora-tadbirlarini koʻradi.
(32-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentabrdagi OʻRQ-411-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 39-son, 457-modda)
33-modda.
Ota-onasining homiyligidan mahrum boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining voyaga yetmagan fuqarolari ustidan konsul oʻz konsullik okrugida vasiylik va homiylik oʻrnatilishi chora-tadbirlarini koʻradi.
34-modda.
Konsul salomatligining yomonligi tufayli oʻz huquqlarini mustaqil amalga oshirishga hamda oʻz majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasining voyaga yetgan fuqarolari ustidan oʻz konsullik okrugida vasiylik va homiylik oʻrnatilishi chora-tadbirlarini koʻradi.
V bob. KONSULNING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARINING MOL-MULKIGA DOIR VAZIFALARI
35-modda.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining vafotidan soʻng undan qolgan mol-mulk qoʻriqlanishi chora-tadbirlarini koʻradi.
Agar qolgan mol-mulkning hammasi yoki uning bir qismi buziladigan narsalardan iborat boʻlsa, shuningdek ularni saqlash oʻta qimmatga tushadigan boʻlsa, konsul bu mol-mulkni sotish huquqiga ega va tushgan pulni tegishliligiga qarab joʻnatishi shart.
36-modda.
Konsul meros qilib qoldirilgan mol-mulkni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlgan merosxoʻrlarga topshirish uchun qabul qilib olish huquqiga egadir.
37-modda.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli pullar, boyliklar, qimmatli qogʻozlar va hujjatlarni saqlash uchun qabul qilib olishi mumkin.
Saqlash uchun topshirilgan mol-mulk egasi boʻlgan shaxs vafot etgan taqdirda bunday mol-mulkka nisbatan ushbu Ustavning 35-moddasi qoidalari qoʻllanadi.
VI bob. KONSULNING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TERGOV ORGANLARI VA SUDLARINING TOPShIRIQLARINI BAJARIShGA, ShUNINGDEK HIBSGA OLINGAN, UShLAB TURILGAN YOKI BOShQAChA TARZDA OZODLIKDAN MAHRUM ETILGAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARIGA TAALLUQLI VAZIFALARI
38-modda.
Konsul, agar konsulxona joylashgan davlat qonunlarida man etilgan boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasi tergov organlari va sudlarining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga taalluqli topshiriqlarini bajaradi. Mazkur topshiriqlar xalqaro shartnomalarga rioya etgan holda bajariladi.
39-modda.
Konsul jinoyat sodir etishda gumon qilinib hibsga olingan (qamalgan) yoki ushlab turilgan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining erkinligini cheklovchi boshqa choralarga tortilgan yoki ozodlikdan mahrum etish tarzida jazoni oʻtayotgan, shuningdek sudlov yoki maʼmuriy taʼsir choralarining boshqa turlariga tortilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga nisbatan konsulxona joylashgan davlat qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi va konsulxona joylashgan davlat ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalar qoidalari tatbiq etilishini kuzatib borishi shart.
40-modda.
Konsul ozodlikdan mahrum etish joylaridagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini manfaatdor shaxslarning iltimosiga binoan hamda oʻz tashabbusi bilan borib koʻrishi hamda ularni saqlab turish shart-sharoitlarini aniqlashi shart. Konsul bunday fuqarolar gigiyena va sanitariya talablariga javob beradigan sharoitlarda saqlanishini hamda ularga nisbatan shafqatsiz va inson qadr-qimmatini tahqirlovchi muomala qilinmasligini kuzatib turishi shart.
VII bob. KONSULNING FUQAROLIK, PASPORT, VIZA MASALALARIGA HAMDA FUQAROLIK HOLATI DALOLATNOMALARINI YoZISh MASALALARIGA DOIR VAZIFALARI
41-modda.
Konsul uning konsullik okrugida istiqomat qilib turgan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalariga doir arizalarini qabul qilishi shart.
42-modda.
Konsul chet elda doimiy yashab turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini berish hamda uni almashtirib berish huquqiga ega.
43-modda.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasiga kirish, Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketish va Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit oʻtish uchun vizalar berish, ularning muddatini uzaytirish, ularni bekor qilish, shuningdek berilgan vizalarga oʻzgartishlar kiritish huquqiga ega.
44-modda.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalarini yozadi.
Konsul chet elda doimiy yashab turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqarolik holatini qayd etish yozuvlariga oʻzgartishlar, tuzatishlar, qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi, yoʻqotib qoʻyilgan yozuvlarni qayta tiklash, shuningdek familiyasi, ismi va otasining ismini oʻzgartirish haqidagi iltimosnomalarini qabul qilib oladi hamda ularni qarab chiqish uchun vakolatli organlarga yuboradi.
45-modda.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasining havo, dengiz, daryo kemasida biron shaxsning tugʻilganligi yoki vafot etganligi toʻgʻrisida maʼlumot olgach, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq tugʻilganlik yoki vafot etganlik toʻgʻrisidagi holatni roʻyxatga oladi.
46-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Konsul tomonidan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-apreldagi 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari”.
(46-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi 729-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 1-son 20-modda)
VIII bob. KONSULNING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HAVO KEMALARIGA, DENGIZ VA DARYo FLOTI KEMALARIGA DOIR VAZIFALARI
47-modda.
Konsul oʻz konsullik okrugi doirasida konsulxona joylashgan davlatning aeroportlarida Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasining komandiri, ekipaji va yoʻlovchilariga konsulxona joylashgan davlatning qonun hujjatlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi va konsulxona joylashgan davlat ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq huquqlar va immunitetlar berilishini kuzatib boradi.
48-modda.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro havo kemasi komandiri, ekipaji va yoʻlovchilarining konsulxona joylashgan davlat maʼmurlari bilan munosabatlarida yordam berishi, shuningdek, zarur hollarda, havo kemasi, uning ekipaji va yoʻlovchilari Oʻzbekiston Respublikasiga qaytishi yoki parvozni davom ettirishi uchun chora-tadbirlar koʻrishi kerak.
49-modda.
Konsul quyidagi huquqlarga ega:
a) havo kemasining aeroportga uchib kelishi, undan uchib ketishi va aeroportda turishiga koʻmaklashish;
b) havo kemasida yuz bergan hodisalarning tafsilotlarini aniqlash, havo kemasining komandiri, ekipaj aʼzolari va yoʻlovchilaridan soʻrab-surishtirish;
v) havo kemasi, undagi yuk va reys xususida maʼlumotlar olish;
g) zarur hollarda havo kemasi ekipaji aʼzolari va yoʻlovchilarning davolanishi hamda Oʻzbekiston Respublikasiga joʻnatilishini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrish;
d) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, pochta va yuklarni Oʻzbekiston Respublikasining aeroportlariga boradigan Oʻzbekiston Respublikasi havo kemalarida joʻnatib yuborish;
e) havo kemalariga taalluqli, Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarda yoki Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan deklaratsiya yoki boshqa hujjatni olish, tuzish yoki tasdiqlash.
50-modda.
Havo kemasi halokatga uchragan, qoʻnishga majbur boʻlgan yoki boshqa hodisa sodir boʻlgan taqdirda konsul oʻzining konsullik okrugi doirasida ekipaj va yoʻlovchilarga zarur yordam koʻrsatadi.
51-modda.
Konsul halokatga uchragan yoki qoʻnishga majbur boʻlgan havo kemasini, hodisa xususiyatidan shohidlik beruvchi undagi yuklarni va ashyoviy dalillarni qoʻriqlash choralarini koʻradi hamda uchish vaqtida yuz bergan hodisaning sabablarini aniqlashda Oʻzbekiston Respublikasi mutaxassislariga koʻmaklashadi.
52-modda.
Havo kemasining bortida jinoyat sodir etilgan taqdirda konsul Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalardan va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlaridan kelib chiqadigan vazifalarni bajarishda havo kemasining komandiriga koʻmaklashadi.
53-modda.
Agar konsullik mansabdor shaxsida mavjud boʻlgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi havo kemasining muayyan aeroportga kirishi bexatar boʻlmasa, nomaqbul boʻlsa yoki mumkin boʻlmasa, konsullik mansabdor shaxsi havo kemasi kapitanini bundan ogohlantirishi shart.
54-modda.
Dengiz va daryo floti kemalariga taalluqli konsullik vazifalarini bajarish chogʻida konsul ushbu Ustavning 4753-moddalari qoidalariga amal qiladi.
55-modda.
Chet elda kema sotib olingan taqdirda konsul unga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi ostida suzib yurish huquqini beradigan muvaqqat guvohnoma beradi.
IX bob. KONSULNING SANITARIYA, FITOSANITARIYA VA VETERINARIYA MUHOFAZASIGA DOIR VAZIFALARI
56-modda.
Konsulxona joylashgan davlatning hududida karantinli kasalliklar paydo boʻlgan taqdirda konsul bu xususda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga darhol xabar beradi va kasallik tarqalgan joy, kasallanish hollarining miqdori va mahalliy maʼmurlarning epidemiyaga qarshi koʻrgan chora-tadbirlarini maʼlum qiladi. Konsul bu haqda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa manfaatdor vazirliklari va idoralari vakillarini ham xabardor qiladi.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasiga kirish uchun ruxsatnoma olgan fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda emlanganlik toʻgʻrisidagi xalqaro sertifikatlarni topshirish zarurligidan xabardor qiladi.
57-modda.
Konsullik okrugi doirasida qishloq xoʻjalik oʻsimliklarining xavfli kasalliklari yoki zararkunandalari paydo boʻlgan taqdirda, shuningdek chorva va parranda yoppasiga kasallangan yoki inson va hayvonot uchun umumiy kasalliklarning tarqalishi xavfi tahdid solgan hollarda, konsul bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga darhol xabar beradi.
58-modda.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasiga kirish uchun ruxsatnoma olgan fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasiga kirishda hayvonlar, chorva mahsulotlari uchun beriladigan veterinariya sertifikatlarini taqdim etish zarurligidan hamda Oʻzbekiston Respublikasiga urugʻlar, oʻsimliklar, koʻchatlar, yangi meva va sabzavotlar olib kirish qoidalaridan xabardor qiladi.
UChINChI BOʻLIM. NOTARIAL HARAKATLAR, KONSULNING HUJJATLARNI QONUNLAShTIRIShI, KONSULLIK YIGʻIMLARI
X bob. NOTARIAL HARAKATLAR
59-modda.
Notarial harakatlar Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasida bajariladi. Ayrim hollarda notarial harakatlar mazkur muassasadan boshqa joyda bajarilishi mumkin.
60-modda.
Konsul quyidagi notarial harakatlarni bajaradi:
1) bitimlarni (shartnomalar, vasiyatnomalar, ishonchnomalar va hokazolarni) tasdiqlaydi. Oʻzbekiston Respublikasidagi uy-joyni (joyning bir qismini), kvartira, dala hovli, bogʻ hovli, garajni, shuningdek boshqa bino, inshootni yoki imoratni boshqa shaxsga oʻtkazish va garovga qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnomalar bundan mustasno;
(60-modda birinchi qismining 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-255-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 37-son, 313-modda)
2) meros qilib qoldirilgan mulkni qoʻriqlash chora-tadbirlarini koʻradi;
3) merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma beradi;
4) er-xotinning umumiy mulkidagi ulushga egalik huquqi toʻgʻrisida guvohnoma beradi;
5) hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan koʻchirmalarning toʻgʻriligini shahodatlaydi;
6) hujjatlardagi imzolarning haqiqiyligini shahodatlaydi;
7) hujjatlarning bir tildan boshqa tilga toʻgʻri tarjima qilinganligini shahodatlaydi;
8) shaxs tirik ekanligi faktini tasdiqlaydi;
9) fuqaroning muayyan joyda ekanligi faktini tasdiqlaydi;
10) fuqaroning fotosuratda aks ettirilgan shaxs ekanligini tasdiqlaydi;
11) hujjatlar taqdim etilgan vaqtni tasdiqlaydi;
12) pul summalari va qimmatli qogʻozlarni depozitga qabul qiladi;
13) ijro xatlarini yozadi;
14) saqlash uchun hujjatlarni qabul qiladi;
15) qonunda nazarda tutilgan boshqa notarial harakatlarni bajaradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunining 28-moddasiga.
Konsul tomonidan notarial harakatlarni bajarish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan, shuningdek ushbu Ustav bilan belgilanadi. Konsul tomonidan notarial harakatlarni bajarish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
61-modda.
Notarial harakatlarni bajarayotgan konsul ushbu notarial harakatlar sirini saqlashi shart.
Bajarilgan notarial harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar va hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasining notariat toʻgʻrisidagi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunning 36-moddasi.
62-modda.
Notarial harakatlar buning uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar taqdim etilgan, konsullik yigʻimlari toʻlangan va amaldagi xarajatlar qoplangan kuni bajariladi.
Notarial harakatlarni bajarish qoʻshimcha maʼlumotlar yoki hujjatlar talab qilinganda yoxud hujjatlarni ekspertizaga joʻnatish zarurati boʻlganda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra kechiktirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunning 31-moddasi.
63-modda.
Notarial tartibda tasdiqlanadigan bitimlar, shuningdek ariza va boshqa hujjatlar notarial harakatlarni bajarayotgan konsul huzurida imzolanadi. Agar bitim, ariza yoki boshqa hujjat konsul yoʻqligida imzolangan boʻlsa, imzo chekkan shaxs hujjatni oʻzi imzolaganligini shaxsan tasdiqlashi lozim.
64-modda.
Konsul notarial harakatlarni bajarayotgan vaqtda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi, bajarilayotgan notarial harakatlarning oqibatlari toʻgʻrisida ogohlantirishi shart.
65-modda.
Konsul oʻz nomiga va oʻz nomidan, xotini (eri) nomiga va uning nomidan, xotinining (erining) va oʻzining yaqin qarindoshlari nomiga va ularning nomidan notarial harakatlarni bajarishi mumkin emas.
66-modda.
Konsullik muassasasida notarial ish yuritishlar Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida davlat tili boʻlib oʻzbek tili hisoblanadi.
Agar notarial harakatni bajarish iltimosi bilan murojaat qilgan shaxs ish yuritilayotgan tilni bilmasa, notarial harakatni bajarayotgan konsul yoki konsul taniydigan tarjimon rasmiylashtirilayotgan hujjatlarning matnlarini unga tarjima qilib berishi lozim.
67-modda.
Agar Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari foydasiga meros ochilganligi konsulga maʼlum boʻlib qolsa, konsul meros va ehtimol tutilgan merosxoʻrlar toʻgʻrisida oʻzi bilgan barcha maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga darhol xabar qilishi shart.
68-modda.
Agar notarial harakatni bajarish Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid boʻlsa, konsul bunday harakatlarni bajarishni rad etadi.
Agar hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari talablariga mos kelmasa yoki oʻz mazmuniga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining davlat manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlsa yoxud fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi maʼlumotlarga ega boʻlsa, konsul bunday hujjatlarni notarial harakatlarni bajarish uchun qabul qilmaydi.
Notarial harakatni bajarish toʻgʻrisidagi murojaati rad etilgan shaxsning iltimosiga binoan unga rad etishning sabablari bayon qilinishi va rad etish ustidan shikoyat qilish tartibi tushuntirib berilishi lozim.
XI bob. KONSULNING HUJJATLARNI QONUNLAShTIRIShI
69-modda.
Konsul oʻz konsullik okrugidagi mahalliy maʼmurlarning vakillari ishtirokida tuzilgan yoki ana shu maʼmurlardan kelgan hujjatlar va aktlarni qonunlashtiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining organlari ana shunday hujjatlar va aktlarni, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida yoki Oʻzbekiston Respublikasi va konsulxona joylashgan davlat ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarda oʻzgacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, konsul tomonidan qonunlashtirilganidan keyingina qarab chiqish uchun qabul qiladi.
Konsul tomonidan hujjatlarni qonunlashtirishning mohiyati ana shu hujjatlar va aktlardagi imzolarning haqiqiyligini va bu hujjatlar bilan aktlarning konsulxona joylashgan davlat qonunlariga muvofiqligini aniqlash hamda shahodatlashdan iboratdir.
Konsul tomonidan hujjatlarni qonunlashtirish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: “Konsul tomonidan hujjatlarni qonuniylashtirish toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma (roʻyxat 313-son 12.03.97y.).
70-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid boʻlgan yoki oʻz mazmuniga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining davlat manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan yoxud fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi maʼlumotlarga ega hujjatlar va aktlar qonunlashtirilmaydi.
XII bob. KONSULLIK YIGʻIMLARI
71-modda.
Konsullik harakatlari uchun konsullik yigʻimlari undiriladi.
Mazkur harakatlarni bajarish bilan bogʻliq holda qilingan xarajatlar ham qoplanishi lozim.
 LexUZ sharhi
Qarang: “Konsullik harakatlarini bajarish bilan bogʻliq haqiqiy xarajatlarni qoplash uchun yigʻimlar undirish va kelib tushgan pul mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat. 1273-son, 18.09.2003-y.).
72-modda.
Konsullik yigʻimlari Oʻzbekiston Respublikasi konsullik yigʻimlari tarifiga muvofiq, yaʼni: chet elda — konsullik joylashgan davlatning valyutasida yoki erkin ayirboshlanadigan valyutada; Oʻzbekiston Respublikasida — milliy valyutada yoki erkin ayirboshlanadigan valyutada undiriladi.
Konsullik yigʻimlarining tariflari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-avgustdagi 423-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi konsullik yigʻimlarining tarifi”.
73-modda.
Konsullik yigʻimlari quyidagi hollarda undirilmaydi:
a) konsullik yigʻimlarini undirishdan voz kechish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi va konsulxona joylashgan davlat ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnoma mavjud boʻlsa;
b) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini repatriatsiya qilish ishlari boʻyicha;
v) chet el diplomatiya pasportlariga bahamlik asosida viza qoʻyganlik uchun;
g) mehnat staji, fuqarolarning ijtimoiy taʼminoti toʻgʻrisidagi, alimentlar undirish toʻgʻrisidagi ishlarga doir hujjatlar soʻrab olinganligi va qonunlashtirilganligi uchun;
d) Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-avgustdagi 423-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi konsullik yigʻimlarining tarifi”.
74-modda.
Konsullik yigʻimlari davlat daromadiga oʻtkaziladi.
XIII bob. ShTATSIZ KONSULLAR
75-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi konsulxona joylashgan davlat bilan kelishib turib ayrim konsullik vazifalarini bajarishni shtatsiz konsullarga topshirishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek ajnabiy fuqarolar shtatsiz konsul boʻlishlari mumkin.
76-modda.
Shtatsiz konsullar Oʻzbekiston Respublikasining davlat xizmatida turmaydi.
Shtatsiz konsullarning vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
TOʻRTINChI BOʻLIM. IMTIYOZLAR HAMDA IMMUNITETLAR. KONSUL VAZIFASINING TUGATILIShI
77-modda.
Konsullik muassasalari, konsullik muassasalarining xodimlari hamda ularning oila aʼzolari 196Z yilgi Konsullik munosabatlari toʻgʻrisidagi Vena Konvensiyasida, Oʻzbekiston Respublikasi bilan konsulxona joylashgan davlat oʻrtasidagi shartnomalarda, shuningdek xalqaro huquqning umumiy normalirida nazarda tutilgan imtiyozlar va immunitetlardan foydalanadilar.
78-modda.
Konsulning vazifasi quyidagi hollarda tugatiladi:
— konsul chaqirib olinganda;
— ekzekvatura bekor qilinganda;
— konsullik patentining muddati tugaganda;
— konsullik muassasasi yopilganda;
— konsullik munosabatlari toʻxtatilganda.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 124-modda; 1999-y., 1-son, 20-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2010-y., 37-son, 313-modda; 2016-y., 39-son, 457-modda)