toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 13.08.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisiga boʻlgan huquqni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomani va ulardan foydalanish uchun litsenziya shartnomalarini, integral mikrosxemalar topologiyalariga boʻlgan huquqni oʻtkazish, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturga yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan barcha mulkiy huquqlarni oʻtkazish va mulkiy huquqlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 31-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3359]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 11-avgustdagi 20-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3664, 11.08.2025-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”, “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”, “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”, “Elektron hisoblash mashinalari va maʼlumotlar bazalarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisida” va “Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-son “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisiga boʻlgan huquqni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomani va ulardan foydalanish uchun litsenziya shartnomalarini, integral mikrosxemalar topologiyalariga boʻlgan huquqni oʻtkazish, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturga yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan barcha mulkiy huquqlarni oʻtkazish va mulkiy huquqlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq 2022-yil 1-iyundan kuchga kiradi.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 31-mart,
8-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 31-martdagi 8-mh-son buyrugʻiga
1-ILOVA
Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisiga boʻlgan huquqni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomani va ulardan foydalanish uchun litsenziya shartnomalarini, integral mikrosxemalar topologiyalariga boʻlgan huquqni oʻtkazish, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturga yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan barcha mulkiy huquqlarni oʻtkazish va mulkiy huquqlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish
QOIDALARI
Ushbu Qoidalar quyidagi shartnomalarni Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) roʻyxatdan oʻtkazish tartibini belgilaydi:
Ixtirolar davlat reyestrida, Foydali modellar davlat reyestrida, Sanoat namunalari davlat reyestrida, Oʻsimlik navlari davlat reyestrida va Hayvon zotlari davlat reyestrida roʻyxatga olingan ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnoma va ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻidan foydalanish uchun litsenziya shartnomasi;
Tovar belgilari davlat reyestrida roʻyxatga olingan tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisiga (bundan buyon matnda tovar belgisi deb yuritiladi) boʻlgan huquqni toʻliq yoki qisman boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnoma va Tovar belgilari davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki roʻyxatdan oʻtkazilmay turib Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan muhofaza qilinadigan tovar belgisidan foydalanish uchun litsenziya shartnomasi;
Integral mikrosxemalar topologiyalari davlat reyestrida roʻyxatga olingan integral mikrosxemalar topologiyalariga boʻlgan huquqni toʻliq yoki qisman boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnoma;
Elektron hisoblash mashinalari (bundan buyon matnda EHM deb yuritiladi) uchun Dasturiy mahsulotlar davlat reyestrida va Maʼlumotlar bazalari davlat reyestrida roʻyxatga olingan EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan barcha mulkiy huquqlarni toʻliq yoki qisman boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomalar va mulkiy huquqlarning oʻzgalarga oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi shartnomalar.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
shartnoma — ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻiga, tovar belgisiga boʻlgan huquqni oʻtkazish, integral mikrosxemalar topologiyalariga huquqni toʻliq yoki qisman oʻtkazish, EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan barcha mulkiy huquqlarni toʻliq yoki qisman oʻtkazish va mulkiy huquqlarning oʻzgalarga oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi shartnomalar;
litsenziya shartnomasi — ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻi, tovar belgisidan foydalanishga boʻlgan huquqni berish toʻgʻrisidagi shartnoma;
sublitsenziya shartnomasi — litsenziat tomonidan ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, tovar belgisi, seleksiya yutugʻidan foydalanishga boʻlgan huquqlarni boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi shartnoma;
litsenziar — ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, tovar belgisi, seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquq egasi;
litsenziat — ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, tovar belgisi, seleksiya yutugʻidan foydalanuvchi shaxs;
muhofaza hujjati — patent, guvohnoma.
2. Vazirlikda quyidagi shartnomalar roʻyxatdan oʻtkaziladi:
Ixtirolar davlat reyestrida, Foydali modellar davlat reyestrida, Sanoat namunalari davlat reyestrida, Oʻsimlik navlari davlat reyestrida va Hayvon zotlari davlat reyestrida roʻyxatga olingan ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquqni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnoma;
Ixtirolar davlat reyestrida, Foydali modellar davlat reyestrida, Sanoat namunalari davlat reyestrida, Oʻsimlik navlari davlat reyestrida va Hayvon zotlari davlat reyestrida roʻyxatga olingan ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻidan foydalanish toʻgʻrisidagi litsenziya shartnomasi (sublitsenziya shartnomasi);
Tovar belgilari davlat reyestrida roʻyxatga olingan tovar belgisiga boʻlgan huquqni toʻliq yoki qisman boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnoma;
Oʻzbekiston Respublikasida muhofaza qilinayotgan tovar belgisidan foydalanish toʻgʻrisidagi litsenziya shartnomasi (sublitsenziya shartnomasi). Jamoaviy belgi va undan foydalanish huquqi boshqa shaxslarga oʻtkazilishi mumkin emas;
Integral mikrosxemalar topologiyalari davlat reyestrida roʻyxatga olingan integral mikrosxemalar topologiyalariga boʻlgan huquqni toʻliq yoki qisman boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnoma;
EHM uchun Dasturiy mahsulotlar davlat reyestrida va Maʼlumotlar bazalari davlat reyestrida roʻyxatga olingan EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan barcha mulkiy huquqlarni toʻliq yoki qisman boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomalar va mulkiy huquqlarning oʻzgalarga oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi shartnomalar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi “Elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy muhofazasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 9-moddasiga muvofiq tomonlarning kelishuviga binoan Vazirlikda EHM uchun Dasturiy mahsulotlar davlat reyestrida va Maʼlumotlar bazalari davlat reyestrida roʻyxatga olingan EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan mulkiy huquqlarning oʻzgalarga oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin.
4. Tovar belgisiga doir huquqni boshqa shaxsga oʻtkazishga, basharti u isteʼmolchini tovar yoki uning tayyorlovchisi xususida chalgʻitadigan boʻlsa, yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazilgan litsenziya shartnomasiga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan miqdordagi davlat (patent) boji toʻlanadi.
6. Shartnomani yoki roʻyxatdan oʻtkazilgan litsenziya shartnomasiga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatga olishga oid ishlar patent egasi (huquq egasi) tomonidan mustaqil ravishda yoki vakolatlari amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma bilan tasdiqlangan vakil orqali amalga oshiriladi.
Qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollarda, ariza Vazirlikda roʻyxatga olingan patent vakili (bundan buyon matnda patent vakili deb yuritiladi) orqali topshiriladi. Patent vakilining vakolatlari ishonchnoma bilan tasdiqlanadi.
2-bob. Ariza va zarur hujjatlarni taqdim etish
7. Shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish uchun Vazirlikka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza.
Ariza ushbu Qoidalarga 1-ilovada keltirilgan shaklda oʻzbek yoki rus tilida bir nusxada topshiriladi. Xorijiy ismlar va korxonalarning nomlari oʻzbekcha yoki ruscha transliteratsiyada keltiriladi.
Ariza bitta shartnomaga tegishli boʻlishi kerak.
Agar patent egalari (huquq egalari)ning boshqa shaxsga litsenziyani taqdim etish yoki huquqni topshirishga roziligi taqdim etilayotgan boshqa biron hujjatda qayd etilmagan boʻlsa, ariza ularning hammalari tomonidan imzolanadi.
Yuridik shaxs tomonidan ariza korxona, tashkilot rahbari tomonidan yoki bunga vakolatli shaxs tomonidan, uning lavozimi koʻrsatilgan holda, imzolanadi.
Imzolar imzo qoʻyayotgan shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismlari bosh harflari koʻrsatilgan holda ochib beriladi;
b) uch nusxada belgilangan tartibda tasdiqlangan shartnoma yoki shartnomadan koʻchirma.
Shartnoma varaqlari tikilgan, raqamlangan boʻlishi va ularda tuzatishlar, qoʻshimcha yozuvlar, oʻchirilgan soʻzlar hamda boshqa kelishilmagan toʻgʻrilashlar boʻlmasligi kerak.
Shartnoma quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
aniq koʻrsatilgan shartnoma tomonlari;
shartnoma predmeti (muhofaza hujjatining raqami, tovar belgisining xalqaro roʻyxatga olish raqami);
huquqni oʻtkazish turi;
litsenziya shartnomasi boʻyicha oʻtkazilayotgan huquqlar hajmi;
litsenziya shartnomasining amal qilish hududi;
litsenziya shartnomasining amal qilish muddati;
mukofot miqdori (yoki bu borada kelishuv mavjudligini tasdiqlaydigan qoida).
Tovar belgisiga taalluqli litsenziya shartnomasida litsenziat tovarlarining sifati litsenziar tovarlarining sifatidan past boʻlmasligi haqida shart qoʻyilgan boʻlishi va litsenziar bu shartning bajarilishini nazorat qilishi koʻrsatilishi lozim.
Tovar belgisiga huquqni qisman topshirish toʻgʻrisidagi shartnomada huquqlar topshirilayotgan belgilarni roʻyxatga olish uchun Tovarlar va xizmatlarning xalqaro klassifikatsiyasiga muvofiq guruhlashtirilgan tovarlar va (yoki) xizmatlarning roʻyxati boʻlishi kerak;
g) meros qilib olishlik huquqi yoki huquqiy vorislik huquqini tasdiqlaydigan hujjat (zarur hollarda);
d) vakilning vakolatlarini tasdiqlaydigan ishonchnoma;
e) chet el yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan miqdordagi davlat (patent) boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati.
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan davlat (patent) boji toʻlanganligini qoʻshimcha hujjat talab qilmasdan vazirlik tomonidan axborot tizimlari orqali mustaqil ravishda tekshiriladi.
Belgilangan miqdordagi davlat (patent) boji toʻlanmagan taqdirda, arizani koʻrib chiqish boʻyicha yuridik ahamiyatga molik harakatlar amalga oshirilmaydi.
8. Sublitsenziya shartnomasi roʻyxatdan oʻtkazilganda ilgari roʻyxatdan oʻtkazilgan litsenziya shartnomasining nusxasi taqdim etiladi.
9. Arizaga ilova qilinayotgan hujjatlar oʻzbek, rus yoki boshqa tilda taqdim etilishi mumkin. Agar hujjatlar boshqa tilda taqdim etilgan boʻlsa, ularning oʻzbek yoki rus tiliga tarjimasi ilova qilinadi.
10. Ariza va unga ilova qilinayotgan hujjatlar Vazirlikka bevosita topshiriladi yoki pochta orqali joʻnatiladi.
3-bob. Shartnomani koʻrib chiqish va roʻyxatdan oʻtkazish
11. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Vazirlikka kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kunlik muddat davomida kerakli hujjatlarning mavjudligi va ular ushbu Qoidalarda belgilangan talablarga muvofiqligi tekshiriladi.
12. Kerakli hujjatlar mavjud boʻlmagan yoki shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar ushbu Qoidalarda belgilangan talablar buzilgan holda tuzilgan yoxud shartnomada bir-birini istisno qiladigan holatlarning mavjudligi aniqlangan hollarda, ariza topshirgan shaxsga bildirishnoma yuboriladi va unda bildirishnoma yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy mobaynida mavjud boʻlmagan va (yoki) toʻgʻrilangan hujjatlarni taqdim etish va (yoki) taqdim etilgan shartnomaga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif qilinadi.
Bunda arizani koʻrib chiqish uchun belgilangan muddatning kechishi yetishmayotgan yoki toʻgʻrilangan hujjatlardan oxirgisi kelib tushmagunga qadar toʻxtatib turiladi.
13. Taqdim etilgan hujjatlar ushbu Qoidalarning talabiga muvofiq boʻlsa, bu holda Vazirlik shartnomani roʻyxatdan oʻtkazadi va shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tegishli Davlat reyestriga kiritadi. Bunda arizada koʻrsatilgan yozishmalar uchun manzilga roʻyxatdan oʻtkazilgan raqami, roʻyxatdan oʻtkazilgan sanasi koʻrsatilgan shartnomaning ikkita nusxasi va roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot keltirilgan muhofaza hujjatiga ilova yuboriladi.
Roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomaning bir nusxasi nazorat nusxa boʻlib, Vazirlikda saqlanadi.
14. Taqdim etilgan hujjatlar ushbu Qoidalarning talablariga muvofiq boʻlmagan hollarda Vazirlik shartnomani roʻyxatdan oʻtkazishni rad etadi. Bunda, Vazirlik ariza topshirgan shaxsga shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish rad etilganligi toʻgʻrisida rad etilganlik asoslari koʻrsatilgan bildirishnoma yuboradi va taqdim etilgan hujjatlarni, arizadan tashqari, qaytarib yuboradi.
15. Shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Vazirlikning rasmiy veb-saytida ham joylashtiriladigan Vazirlikning rasmiy axborotnomasida quyidagi hajmda eʼlon qilinadi:
shartnomaning roʻyxatdan oʻtkazilgan raqami;
oʻtkazilayotgan huquqlar hajmi;
shartnoma predmeti;
belgilangan shartnoma tomonlari;
litsenziya shartnomasining amal qilish hududi;
litsenziya shartnomasining amal qilish muddati.
4-bob. Roʻyxatdan oʻtkazilgan litsenziya shartnomasidagi oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish
16. Litsenziya shartnomasiga kiritiladigan oʻzgartirishlar quyidagilarga nisbatan roʻyxatdan oʻtkaziladi:
tomonlarni belgilash;
shartnoma predmeti;
amal qilish muddati;
amal qilish hududi;
oʻtkazilayotgan huquqlar hajmi.
17. Roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomaga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza ushbu Qoidalarga 2-ilovada keltirilgan shaklda topshiriladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
a) shartnoma tomonlarining tegishli oʻzgartirishlarni kiritish toʻgʻrisidagi kelishuvini tasdiqlaydigan hujjat;
b) chet el yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan miqdordagi davlat (patent) boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati.
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan davlat (patent) boji toʻlanganligini qoʻshimcha hujjat talab qilmasdan vazirlik tomonidan axborot tizimlari orqali mustaqil ravishda tekshiriladi.
Belgilangan miqdordagi davlat (patent) boji toʻlanmagan taqdirda, arizani koʻrib chiqish boʻyicha yuridik ahamiyatga molik harakatlar amalga oshirilmaydi.
18. Kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish ushbu Qoidalarning 11 — 14-bandlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomaga kiritilgan oʻzgartirishlar roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Vazirlikning rasmiy veb-saytida ham joylashtiriladigan rasmiy axborotnomasida eʼlon qilinadi.
Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisiga boʻlgan huquqni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomani va ulardan foydalanish uchun litsenziya shartnomalarini, integral mikrosxemalar topologiyalariga boʻlgan huquqni oʻtkazish, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturga yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan barcha mulkiy huquqlarni oʻtkazish va mulkiy huquqlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga
1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

100011, Toshkent sh., Xadra mavzesi, 33

_________________________________ ‎

(F.I.Sh. yoki yuridik shaxsning nomi)‎

Manzil ____________________________‎
‎Telefon ___________________________

ARIZA

_______________________________________________________________________________va (F.I.O. yoki yuridik shaxsning nomi va uning manzili)
_________________________________________________________________________ oʻrtasida (F.I.O. yoki yuridik shaxsning nomi va uning manzili)
_____________________________________________________________________________uchun (shartnoma predmeti)

_______________________________________________________________________________ni (shartnoma turi va nomi, oʻtkazilayotgan huquq hajmi)

roʻyxatdan oʻtkazishingizni soʻrayman.
Ilova qilinayotgan hujjatlar (keragi belgilansin [X]):
_____ shartnoma ___ varaqda, ilova № ___ ______varaqda ___ nusxada;
_____shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish uchun davlat (patent) boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati (chet el yuridik va jismoniy shaxslar uchun);
_____ merosxoʻrlik yoki huquqiy vorislikni tasdiqlaydigan hujjat nusxasi;
_____ ish yuritishga ishonchnoma;
_____ litsenziya shartnomasi nusxasi (sublitsenziya shartnomasini roʻyxatga olinganda)
Huquq____________________________________________________________________________
egasi‎

(lavozimi, F.I.O. imzosi)

Sana _____________
Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisiga boʻlgan huquqni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomani va ulardan foydalanish uchun litsenziya shartnomalarini, integral mikrosxemalar topologiyalariga boʻlgan huquqni oʻtkazish, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturga yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan barcha mulkiy huquqlarni oʻtkazish va mulkiy huquqlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga
2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

100011, Toshkent sh., Xadra mavzesi, 33

_________________________________ ‎

(F.I.Sh. yoki yuridik shaxsning nomi)‎

Manzil ____________________________‎
‎Telefon ___________________________

ARIZA

_______________________________________________________________________________ va
(F.I.O. yoki yuridik shaxsning nomi va uning manzili)
_________________________________________________________________________ oʻrtasida (F.I.O. yoki yuridik shaxsning nomi va uning manzili)

litsenziya shartnomasiga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazishingizni soʻrayman.

Ilova qilinayotgan hujjatlar (keragi belgilansin [X]):

____ tomonlarning tegishli oʻzgartirishlarni kiritish toʻgʻrisidagi kelishuvini tasdiqlaydigan hujjat ___ varaqda, ilova № ___ ______varaqda ___ nusxada;

____ oʻzgartirishlarni kiritish uchun davlat (patent) boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati (chet el yuridik va jismoniy shaxslar uchun);

____ ish yuritishga ishonchnoma
(keragi belgilansin [X])
____ litsenziar
____ litsenziat

________________________________________________
‎(lavozimi, F.I.O., imzosi)

Sana _____________
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 31-martdagi 8-mh-son buyrugʻiga
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktorining 2005-yil 11-maydagi 48-son “Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisiga boʻlgan huquqlarni berish va litsenziya shartnomalaridan foydalanish, integral mikrosxemalar topologiyasiga boʻlgan huquqni toʻliq yoki qisman berish, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturga, maʼlumotlar bazasiga boʻlgan barcha mulkiy huquqlarni butunlay yoki qisman oʻzgalarga berish va mulkiy huquqlarni berish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1481, 2005-yil 17-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 23-24-son, 176-modda).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2011-yil 26-avgustdagi 25-son “Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisiga boʻlgan huquqlarni berish va litsenziya shartnomalaridan foydalanish, integral mikrosxemalar topologiyasiga boʻlgan huquqni toʻliq yoki qisman berish, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturga, maʼlumotlar bazasiga boʻlgan barcha mulkiy huquqlarni butunlay yoki qisman oʻzgalarga berish va mulkiy huquqlarni berish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1481-1, 2011-yil 30-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 40-son, 424-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2013-yil 14-oktabrdagi 128-son “Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisiga boʻlgan huquqlarni berish va litsenziya shartnomalaridan foydalanish, integral mikrosxemalar topologiyasiga boʻlgan huquqni toʻliq yoki qisman berish, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturga, maʼlumotlar bazasiga boʻlgan barcha mulkiy huquqlarni butunlay yoki qisman oʻzgalarga berish va mulkiy huquqlarni berish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1481-2, 2013-yil 21-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 43-son, 574-modda).
4. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktorining 2017-yil 6-noyabrdagi 23-son “Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutugʻi, tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisiga boʻlgan huquqlarni berish va litsenziya shartnomalaridan foydalanish, integral mikrosxemalar topologiyasiga boʻlgan huquqni toʻliq yoki qisman berish, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturga, maʼlumotlar bazasiga boʻlgan barcha mulkiy huquqlarni butunlay yoki qisman oʻzgalarga berish va mulkiy huquqlarni berish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1481-3, 2017-yil 17-noyabr) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2017-y., 10/17/1481-3/0275-son).
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.03.2022-y., 10/22/3359/0270-son)