toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 23.12.2024
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-dekabrdagi 867-sonli “Maktabgacha va maktab taʼlimi xodimlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq taʼlimi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 25-yanvardagi PQ-4963-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimining tuzilmasi (Xalq taʼlimi vazirligi, Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashi, xalq taʼlimi tizimidagi hududiy boshqaruv organlari, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari, A. Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti, Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlari, nodavlat taʼlim tashkilotlari, pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari);
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son)
xalq taʼlimi tizimidagi rahbar, pedagog va mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayoniga tinglovchining alohida oʻquv modullari boʻyicha oʻqishi va ballarda ifodalanadigan oʻzlashtirishini oʻz ichiga olgan taʼlimning kredit-modul tizimini joriy qilish tartibi;
xalq taʼlimi xodimlarining shaxsiy kasbiy salohiyatining individual va jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda hayot davomida oʻsishi jarayonini qamrab olgan “Uzluksiz kasbiy taʼlim” maxsus elektron platformasi orqali kompetentlik darajasini oshirish va kasbiy mahoratini takomillashtirish mexanizmi;
uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimida tinglovchilarning anʼanaviy malaka oshirish bilan bir qatorda kasbiy oʻqitishning uygʻunlashgan, ish jarayoni bilan birgalikda olib boriladigan, masofaviy va boshqa turlarini joriy etish tartibi;
xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish kursi bitiruvchisining qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha umumiy bilim va kasb tayyorgarligi darajasiga qoʻyiladigan talablar;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan amalga oshiriladigan uzluksiz kasbiy taʼlimning sifatini baholash va nazorat qilish tartibi;
xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanadigan ixtisoslashgan taʼlim tashkilotlari reyestrini yuritish tartibi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 28-dekabrdagi 1026-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri B.O. Saidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 17-yanvar,
25-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-yanvardagi 25-son qaroriga
1-ILOVA
Xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom xalq taʼlimi tizimidagi rahbar, pedagog va mutaxassis xodimlar (keyingi oʻrinlarda — xalq taʼlimi xodimlari/xodimlar)ni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish ulardagi kasb mahorati va malaka saviyasining doimiy oʻsishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy talablarga muvofiq qayta tayyorlash va muntazam ravishda malaka oshirib borishning samarali mexanizmlarini joriy etish asosida mazkur xodimlarning yuqori saviyadagi uzluksiz kasbiy tayyorgarligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
buyurtmachi — Xalq taʼlimi vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari, tizimida umumiy oʻrta, maktabdan tashqari taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, shuningdek, nodavlat umumtaʼlim tashkilotlari;
ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti — A. Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti, Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlari, malaka oshirish faoliyati bilan shugʻullanadigan nodavlat taʼlim tashkilotlari, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son)
kredit — tinglovchining alohida oʻquv moduli boʻyicha oʻqishi va oʻzlashtirishi uchun sarflanadigan va ballarda ifodalanadigan, muayyan oʻquv moduli boʻyicha belgilangan topshiriqlarni bajarib, tegishli nazorat shaklidan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng beriladigan oʻquv yuklamasi;
malaka talablari — kasbiy rivojlanish kursi (oʻquv moduli) bitiruvchisining umumiy bilim va kasbiy tayyorgarligi darajasiga qoʻyiladigan talablar;
mutaxassislar — xalq taʼlimi tashkilotlarida metodist, defektolog, logoped, psixolog, kutubxonachi va mutaxassis lavozimlarida faoliyat koʻrsatuvchi shaxslar;
pedagog xodimlar — xalq taʼlimi tashkilotlarida taʼlim-tarbiya faoliyatini amalga oshiruvchi oʻqituvchi va tarbiyachilar;
rahbar xodimlar — xalq taʼlimi tashkilotlari va ularning tarkibiy boʻlinmalarida boshqaruv funksiyalari va vazifalarini bajaruvchi shaxslar hamda ularning oʻrinbosarlari, shuningdek, xalq taʼlimi tizimidagi hududiy boshqaruv organlari mutaxassislari;
tinglovchi — ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotiga qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursiga qabul qilingan xalq taʼlimi xodimi;
xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish (keyingi oʻrinlarda — uzluksiz kasbiy rivojlantirish) — shaxs kasbiy salohiyatining individual va jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda hayot davomida oʻsishi jarayoni;
qayta tayyorlash (malaka oshirish) kursi — qayta tayyorlash (malaka oshirish)ning tasdiqlangan oʻquv rejasi va dasturlari asosida ishlab chiqilgan mashgʻulotlar tizimi;
oʻquv moduli — nisbatan mustaqil, mazmunan yaxlit oʻquv kursi yoki taʼlim texnologiyasining minimal hajmdagi tarkibiy birligi;
“Uzluksiz kasbiy taʼlim” maxsus elektron platformasi (keyingi oʻrinlarda — elektron platforma) — oʻquv modullari kontentlarini yaratish, saqlash va ularni taʼlim oluvchilarga taqdim etish, shuningdek, taʼlim oluvchilarni roʻyxatga olish va ularga oʻquv modullarini onlayn tarzda oʻzlashtirish imkoniyatini beruvchi maxsus elektron dasturiy tizim;
Xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanadigan nodavlat taʼlim tashkilotlari reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) — xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini oʻz ichiga olgan elektron axborot tizimi.
2-bob. Uzluksiz kasbiy rivojlantirishning maqsadi va asosiy vazifalari
4. Uzluksiz kasbiy rivojlantirishning maqsadi — xodimlarning egallab turgan lavozimlari, mutaxassisligi yoki dars beradigan fanlari boʻyicha kasbiy va pedagogik mahorati doimiy ravishda oʻsib borishini, ularning ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari, shuningdek, oʻqitishning interaktiv usullari boʻyicha kasbiy bilimlari, malaka va koʻnikmalari muntazam ravishda yangilab borilishini taʼminlash hamda ularni davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari va sohaga oid qonunchilik bilan muntazam tanishtirib borishdan iborat.
5. Uzluksiz kasbiy rivojlantirishning asosiy vazifalari:
xodimlarning doimiy kasbiy rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etadigan taʼlim muhitini yaratish;
mustaqil fikrlash koʻnikmalarini singdirish va xodimlarning qobiliyatini rivojlantirish hamda yangi bilimlar berish orqali oʻz ustida mustaqil ishlash va kreativ fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish;
xodimlarning individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasi asosida kompetentlik darajasini oshirish va kasbiy mahoratini takomillashtirish;
ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari bilan ishlash boʻyicha amaliy koʻnikmalarni shakllantirish;
umumiy oʻrta taʼlim sifatini oshirishning asosiy manbai sifatida xodimlarning kasbiy rivojlanishini, tashabbuskorligini, ilmiy tadqiqotlarga intilishini va ijodiy mahoratini ragʻbatlantirish.
3-bob. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimining tuzilmasi
6. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimiga quyidagilar kiradi:
Xalq taʼlimi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik);
Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish boʻyicha tarmoq kengashi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari);
tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari;
umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari;
A. Avloniy nomidagi Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlari (keyingi oʻrinlarda — pedagogika markazlari).
(6-bandning yettinchi va sakkizinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son)
pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari;
malaka oshirish faoliyati bilan shugʻullanadigan nodavlat taʼlim tashkilotlari.
7. Vazirlik:
xalq taʼlimi xodimlarini kasbiy rivojlantirish tizimi maqsad va vazifalarini amalga oshirishni taʼminlaydi;
xalq taʼlimi xodimlarining kasbiy mahoratini oshirishni tashkil etish tartibini belgilaydi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini Davlat budjetidan moliyalashtirish choralarini koʻradi;
navbatdagi kalendar yil uchun malaka oshirishning reja koʻrsatkichlarini tasdiqlaydi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;
tizimdagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanuvchi Institut va pedagogika markazlari faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
(7-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son)
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining davlat taʼlim talablarini, malaka oshirish kurslarining malaka talablarini, oʻquv rejasi va dasturlarini tasdiqlaydi;
tizimdagi xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malaka oshirish muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlarini koʻradi;
tizimdagi qayta tayyorlash va malaka oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish mexanizmlarini, qayta tayyorlash va malaka oshirish taʼlimi mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan davlat taʼlim talablarini (keyingi oʻrinlarda — davlat taʼlim talablari), qayta tayyorlash (malaka oshirish) kursi bitiruvchisining umumiy bilim va kasb tayyorgarligi darajasiga qoʻyiladigan malaka talablarini, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi samaradorligini aniqlaydigan dinamik koʻrsatkichlarni belgilaydi.
8. Kasbiy malaka va bilimlar boʻyicha tarmoq kengashi:
mehnat bozori monitoringi asosida xalq taʼlimi xodimlarining bilim va malakalarga boʻlgan ehtiyojlari va tendensiyalarni aniqlaydi;
kasbiy standartlarni ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtiradi.
9. Hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari (buyurtmachi):
tizimdagi taʼlim muassasalari xodimlarining malaka oshirishga oʻz vaqtida va toʻla jalb qilinishini taʼminlaydi;
tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari tomonidan navbatdagi kalendar yilda xodimlarni kasbiy rivojlantirish boʻyicha shakllantirilgan buyurtmalarni malaka oshirish yoʻnalishlari va tashkilotlari boʻyicha guruhlarga ajratgan holda umumlashtiradi;
xodimlarni kasbiy rivojlantirish boʻyicha umumlashtirilgan buyurtmalarni Vazirlikka taqdim etadi, shuningdek, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlarining elektron platforma bilan ishlash faoliyatini muvofiqlashtiradi;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining oʻquv rejasi, dasturi, oʻquv-metodik va boshqa hujjatlarini tayyorlash, oʻquv kurslarining davomiyligi hamda ularni tashkil etish shakllari boʻyicha Vazirlikka takliflar kiritadi;
muayyan mutaxassislikka talab ortishi munosabati bilan ayrim pedagoglarning qayta ixtisoslashuvi yuzasidan Vazirlikka takliflar kiritadi.
10. Tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari:
xodimlarning malaka oshirish boʻyicha ehtiyojlarini oʻrganadi;
navbatdagi kalendar yilda hududdagi xodimlarni kasbiy rivojlantirish boʻyicha yoʻnalishlar va taʼlim muassasalari boʻyicha buyurtmalarni shakllantiradi va hududiy xalq taʼlimi boshqarmasiga taqdim etadi;
hududdagi taʼlim muassasalari xodimlarining malaka oshirishga oʻz vaqtida va toʻla jalb qilinishini taʼminlaydi;
xodimlarning malaka oshirish boʻyicha ehtiyojlarini oʻrgangan holda elektron platforma orqali ularning individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasini tuzadi;
har bir xodimning uzluksiz kasbiy rivojlantirish boʻyicha faoliyati natijalarini tasdiqlovchi maʼlumotlar (qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqiganliklari haqidagi hujjatlar, muqobil malaka oshirish natijalari boʻyicha maʼlumotlar) aks etgan elektron shakldagi hujjatlar majmuasi — elektron portfoliosini shakllantiradi va unga xodimning individual trayektoriyasi, kasbiy rivojlanish natijalari va oʻzlashtirgan oʻquv dasturlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadi;
xodimlarning tuman (shahar) miqyosidagi, shuningdek, maktab va maktabdan tashqari taʼlim muassasalaridagi uzluksiz malaka oshirish tadbirlarini tashkil qiladi;
xodimlarning ishdan ajralmagan shakldagi malaka oshirish jarayonlari monitoringini olib boradi.
11. Umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari:
pedagog kadrlarning mehnat faoliyatini tahlil qilish asosida ularning kasbiy rivojlanishga boʻlgan ehtiyojlarini aniqlaydi;
pedagog kadrlarning kasbiy rivojlanishga boʻlgan ehtiyojlari asosida ularga kasbiy rivojlanishning turli shakllaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratadi;
pedagog kadrlarni kasbiy rivojlanish yoʻnalishlari va malaka oshirish tashkilotlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan tanishtiradi;
pedagog kadrning qachon, qayerda va qaysi yoʻnalishda malaka oshirishi, kasbiy rivojlanishga boʻlgan ehtiyoji haqidagi maʼlumotlarni tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimiga taqdim etadi;
taʼlim muassasasida uzluksiz kasbiy rivojlantirish boʻyicha turli tadbirlarni amalga oshiradi;
pedagog kadrning uzluksiz kasbiy rivojlanish natijalarini tahlil qiladi.
12. Institut pedagogika markazlari uchun bosh taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda ularning oʻquv, metodik va ilmiy faoliyatiga rahbarlik qiladi.
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son)
Institut:
xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini ilmiy-metodik jihatdan taʼminlaydi, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazadi, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etadi;
umumiy oʻrta taʼlimning dolzarb muammolari yuzasidan tizimli asosda ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarini amalga oshiradi, ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, yigʻilishlar tashkil etadi;
doktorantura yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlaydi, ilmiy xodimlarning kasbiy darajasini doimiy oshirib boradi, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlaydi, rahbar kadrlar va metodistlarning malakasini oshiradi;
umumiy oʻrta taʼlim sohasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganadi va mamlakatimizda joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi, xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantiradi;
umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etishning yangi texnologiyalari, vositalari va shakllarini ishlab chiqish, sinovdan oʻtkazish va ekspertiza qilishda ishtirok etadi;
kelajak maktabi, uning rahbari va oʻqituvchisining modelini yaratish asosida xalq taʼlimi xodimlarining kasbiy standartlarini ishlab chiqadi va doimiy tarzda rivojlantirib boradi, ilmiy-tadqiqot faoliyatining taʼlim jarayoni bilan aloqalarini mustahkamlaydi;
xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanayotgan nodavlat taʼlim tashkilotlari uchun namunaviy oʻquv rejasi, dastur, oʻquv-metodik va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish, shuningdek, kurslarning oʻquv-uslubiy taʼminotini doimiy yangilab borishga koʻmaklashadi;
“Uzluksiz kasbiy taʼlim” maxsus elektron platformani yuritishni tashkil qiladi, malaka oshirish tashkilotlari bilan birgalikda qayta tayyorlash hamda malaka oshirish kurslari oʻquv modullari kontenti markazlashtirilgan tarzda ishlab chiqilishi va platformaga kiritilishini taʼminlaydi.
13. Pedagogika markazlari:
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son)
tegishli hududlardagi umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari pedagog va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan oʻquv muassasasi hisoblanib, shu yoʻnalishdagi oʻquv, ilmiy hamda tashkiliy-metodik ishlarni amalga oshiradi;
pedagogika, psixologiya, oʻquv fanlari va ularni oʻqitish metodikasining mamlakatimizdagi va jahondagi eng yangi yutuqlarini muntazam ravishda oʻrganish hamda targʻib qilishni, shuningdek, zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarning pedagoglar tomonidan chuqur oʻzlashtirilishini taʼminlaydi;
pedagog va mutaxassis xodimlarning oʻz kasbiy malakalarini takomillashtirishga boʻlgan ehtiyojlarini toʻlaroq qondirish maqsadida qayta tayyorlash va malaka oshirishning ilgʻor shakl va usullarini joriy etadi;
hududdagi taʼlim muassasalari pedagog xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish boʻyicha buyurtmalar asosida navbatdagi kalendar yil uchun tegishli (kurslar, oʻquvlar, seminarlar, konferensiyalar va boshqa) tadbirlar rejasini shakllantiradi;
pedagog va mutaxassis xodimlarni hamkorlikda oʻqitish uchun oliy va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari bilan shartnomalar tuzadi;
oʻquv rejasi va oʻquv dasturlari asosida ishchi oʻquv rejasini hamda ishchi oʻquv dasturlarini ishlab chiqadi;
hududdagi ehtiyojdan kelib chiqqan holda alohida kurslarni tashkil etish uchun, belgilangan tartibda tasdiqlatish sharti bilan, oʻquv rejasi va oʻquv dasturlarini ishlab chiqadi;
xalq taʼlimi xodimlarini kasbiy rivojlantirish boʻyicha tashkil qilingan tadbirlar natijalari elektron platformaga kiritilishini taʼminlaydi;
hududiy markazda, oliy taʼlim muassasalari va nodavlat taʼlim tashkilotlarida tashkil qilingan guruhlar haqida har oylik hisobotlarni shakllantiradi va Institutga taqdim etadi.
14. Pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari:
tegishli hududlardagi umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari pedagog va mutaxassis xodimlari malakasini oshirish ishlarini tashkil qiladi;
pedagogika, psixologiya, oʻquv fanlari va ularni oʻqitish metodikasining mamlakatimizdagi va jahondagi eng yangi yutuqlari, shuningdek, zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarning pedagoglar tomonidan chuqur oʻzlashtirilishini taʼminlaydi;
pedagog va mutaxassis xodimlarning oʻz kasbiy malakalarini takomillashtirishga boʻlgan ehtiyojlarini toʻlaroq qondirish maqsadida malaka oshirishning ilgʻor shakl va usullarini joriy etadi;
hududdagi taʼlim muassasalari pedagog xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish boʻyicha buyurtmalar asosida malaka oshirish kurslarini shakllantiradi;
oʻquv rejasi va oʻquv dasturlari asosida ishchi oʻquv rejasini hamda ishchi oʻquv dasturlarini ishlab chiqadi;
xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish natijalari elektron platformaga kiritilishini taʼminlaydi;
tashkil qilingan guruhlar haqida har oylik hisobotlarni shakllantiradi va tegishli hududiy markazga topshiradi.
4-bob. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslarining tinglovchilari
15. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslarining tinglovchilari ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotidagi oʻquv-laboratoriya, axborot-resurs markazlari, sogʻlomlashtirish va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalaridan foydalanish huquqiga ega.
16. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish kursi tinglovchisi quyidagi sabablarga koʻra tinglovchilar safidan chetlashtiriladi:
oʻquv intizomini va ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
qayta tayyorlash kursidagi dars mashgʻulotlarini uzrli sabablarsiz 36 soat, malaka oshirish kurslarida — 6 soat dars qoldirgani uchun;
salomatligi tufayli (tibbiy komissiya maʼlumotnomasi asosida);
tinglovchiga nisbatan sudning hukmi asosida;
qayta tayyorlashda shartnoma asosida oʻqitish uchun belgilangan miqdordagi toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirmaganligi uchun;
vafot etganligi sababli.
17. Tinglovchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursidan chetlatish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan kundan boshlab uch kun ichida unga chetlatish sabablari koʻrsatilgan holda maʼlumotnoma beriladi, shuningdek, bu haqida uni malaka oshirishga yuborgan buyurtmachiga tegishli ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti tomonidan maʼlum qilinadi.
18. Malaka oshirish kursidan chetlatilgan tinglovchi buyurtmachi tomonidan unga ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berilishi tartibida bir oydan soʻng qayta malaka oshirishga yuboriladi.
19. Xodim asosiy ish joyi boʻyicha belgilangan muddatda (joriy yil davomida) malaka oshirish kurslaridan uzrli sabablarsiz oʻtmagan taqdirda, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi amal qilish muddatidan qatʼi nazar, belgilangan tartibda ikki oy mobaynida bekor qilinadi. Mazkur xodimning taʼlim muassasasida oʻz lavozimidagi faoliyatini davom ettirishi uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti bilan bevosita tuzilgan shartnoma asosida oʻz malakasini oshirgan boʻlishi talab qilinadi.
5-bob. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish shakllari
20. Uzluksiz kasbiy rivojlantirishda taʼlim olishning quyidagi shakllaridan foydalaniladi:
ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim olish;
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim olish;
masofaviy taʼlim;
dual taʼlim;
mustaqil taʼlim;
malaka oshirishning muqobil shakllari.
21. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslaridagi oʻquv jarayoni ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti rahbari tomonidan tasdiqlanadigan mashgʻulotlar jadvali asosida olib boriladi. Auditoriya mashgʻulotlarining barcha turlari uchun 80 daqiqa davom etadigan dars juftligi belgilanadi.
22. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslaridagi oʻquv mashgʻulotlari:
maʼruza, amaliy mashgʻulot, laboratoriya ishi, seminar, tajriba almashish darsi, trening, interfaol mashgʻulotlar va boshqa shakllarda olib boriladi;
tasdiqlangan oʻquv rejalari hamda dasturlariga mos ravishda tuzilgan va bir nechta oʻquv fani modullarini oʻz tarkibiga olgan ishchi oʻquv rejalari asosida tashkil etiladi.
1-§. Ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim olish
23. Ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim olish (kunduzgi) — xodimlarning oʻz ish joylaridan toʻla ajralgan tarzda ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlarida oʻqishini nazarda tutadi.
Taʼlim olishning mazkur shakli koʻchma (xodimlarning yashash hududida) va stajirovka tarzida ham tashkil etilishi mumkin.
24. Koʻchma shaklda taʼlim olish ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari tomonidan tinglovchilarning yashash hududida tashkil etiladigan oʻquv mashgʻulotlari hisoblanadi.
25. Stajirovka (tajriba orttirish) shaklida taʼlim olish taʼlim tashkilotlarida (oliy taʼlim tashkiloti, malaka oshirish va qayta tayyorlash taʼlim muassasasi, ilmiy-tadqiqot instituti va boshqalar) yoki taʼlimni boshqaruv organlarida (vazirlik, davlat tashkilotlari yoki vazirlik tizimidagi boshqa tashkilotlarda) xizmat safariga yuborish tarzida amalga oshiriladi.
Xodimlarning xorijda tajriba orttirishi xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarning grantlari, shuningdek, xorijiy taʼlim muassasalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
26. Stajirovka yakunida xodimlarga stajirovka muddati koʻrsatilgan holda ularning stajirovkadan oʻtganligi toʻgʻrisida tajriba orttirilgan tashkilot tomonidan maʼlumotnoma beriladi.
Maʼlumotnoma elektron tarzda ham taqdim etilishi mumkin.
27. Xodimning stajirovkasi tegishli ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotining taʼlim dasturlari asosida tuzilgan individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasi asosida tashkil etilgan boʻlsa, xodimga belgilangan hajmdagi kredit ballari berilishi mumkin.
2-§. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim olish
28. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim olish xodimlarning oʻz mehnat faoliyatidan boʻsh vaqtida (oʻquvchilarning taʼtili, oʻqituvchilarning metodika kunlari yoki boshqa hollarda) ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotida, shuningdek, xodimlarning bevosita ish joyida amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim olish masofaviy shaklda ham amalga oshirilishi mumkin.
3-§. Masofaviy taʼlim
29. Masofaviy taʼlim oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq taʼlim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va koʻnikmalarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda masofadan turib olishni nazarda tutadi.
Masofadan oʻqitish shakli boʻyicha malaka oshirishda dars mashgʻulotlari professor-oʻqituvchining tinglovchilar bilan internet jahon axborot tarmogʻi orqali interaktiv dasturiy tizimlardan foydalangan holda (real vaqt rejimida) jonli muloqot tarzida amalga oshiriladi.
Mashgʻulotlarning bir qismi tinglovchilar bilan kontakt-sessiyalar (auditoriyadagi yuzma-yuz muloqot) tarzida amalga oshirilishi mumkin.
30. Masofadan oʻqitish shakli boʻyicha oʻqitish jarayonida tinglovchilar faoliyati nazorati, taʼlim jarayonini muvofiqlashtirish va boshqarish ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
31. Masofadan turib amalga oshiriladigan oʻquv kursi dasturini toʻliq oʻzlashtirgan tinglovchilarga belgilangan hajmdagi kredit ballari beriladi.
4-§. Dual taʼlim
32. Dual taʼlim oʻquv kursining nazariy qismini tinglovchi tomonidan ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotida, amaliy qismini esa ish joyida amalga oshirishni nazarda tutadi.
Dual taʼlim shaklida amalga oshiriladigan oʻquv kursi dasturini toʻliq oʻzlashtirgan tinglovchilarga belgilangan hajmdagi kredit ballari beriladi.
5-§. Mustaqil taʼlim
33. Mustaqil taʼlim xodimlar tomonidan oʻz lavozimi va mutaxassisligi boʻyicha yangi bilim, koʻnikma va malakalarni taʼlim oluvchi tomonidan tuzilgan uzluksiz kasbiy taʼlim trayektoriyasi asosida mustaqil oʻzlashtirishni nazarda tutadi.
34. Xodimning kasbiy ehtiyojlariga koʻra mustaqil malaka oshirishi elektron platforma orqali amalga oshiriladi.
Xodimning kasbiy layoqati va salohiyati davlat taʼlim talablari, malaka talablari va kasbiy standartlar asosida tayyorlangan nazorat materiallaridan foydalangan holda elektron platforma orqali diagnostika qilinadi.
Diagnostika natijalariga koʻra aniqlangan kasbiy ehtiyojlar asosida xodimning individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasi tuziladi.
Xodimning individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasiga mos ravishda xodim tomonidan oʻzlashtirilishi tavsiya etiladigan oʻquv modullari majmuasi aniqlanadi va xodim mazkur majmuaga kiritilgan oʻquv modullarini mustaqil oʻzlashtiradi.
35. Mustaqil taʼlimda kursning davomiyligi akademik soatlarda belgilanadi, kursning amaldagi davomiyligi tinglovchining oʻquv modullarini oʻzlashtirishiga bogʻliq boʻladi.
36. Elektron platforma har bir oʻquv moduli taʼlim oluvchi tomonidan oʻzlashtirilishini nazorat qiladi, baholaydi va oʻzlashtirilgan modullar boʻyicha kredit ballarni jamlab boradi.
6-§. Malaka oshirishning muqobil shakllari
37. Xodimlar malakasini oshirishning muqobil (taʼlim dasturlarisiz malaka orttirish) shakllari quyidagilardan iborat:
darslikka mualliflik qilish;
doktorlik ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyani himoya qilish;
xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjuman (seminar, konferensiya, simpozium va boshqa)larda maʼruza bilan ishtirok etish;
ilmiy-tadqiqot natijalari asosida xalqaro indeksatsiyalangan bazalarda (Scopus, Web of Science) eʼtirof etilgan jurnallarda maqola nashr etish.
Roʻyxati Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan boshqa faoliyatlar.
38. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimida muqobil malaka oshirish shakllarining roʻyxati ularga beriladigan kredit ballari koʻrsatilgan holda Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
39. Muqobil malaka oshirish shakllarida shugʻullanish natijalari (kredit ballari) uzluksiz kasbiy taʼlimning natijalarini umumlashtirishda hisobga olinadi.
6-bob. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish turlari
40. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish qayta tayyorlash va malaka oshirish orqali amalga oshiriladi.
Xodimlarni qayta tayyorlashning maqsadi — mehnat bozori, shaxs, davlat va jamiyatning oʻzgaruvchan ehtiyojlarini hisobga olgan holda xalq taʼlimi tizimida faoliyat olib borayotgan oliy maʼlumotli, lekin tegishli pedagogik yoki kasbiy maʼlumotga ega boʻlmagan xodimlarning qoʻshimcha ixtisoslik boʻyicha kasbiy bilim va koʻnikmalarini mavjud davlat taʼlim standartlari yoki davlat taʼlim talablari asosida shakllantirishdan iborat.
Xodimlar malakasini oshirishning maqsadi — xodimlarning malaka darajasiga ortib borayotgan talablar va kasbiy faoliyatni amalga oshirishning zamonaviy usullarini oʻzlashtirish zarurati bilan bogʻliq holda nazariy va amaliy bilimlarini yangilashdan iborat.
1-§. Xodimlarni qayta tayyorlash
41. Xodimlarni qayta tayyorlash yangi lavozimga tayinlash yoki mutaxassislikning malaka tasnifiga muvofiq keyinchalik professional faoliyatning yangi turini bajarish maqsadida yangi kasbiy bilim, koʻnikma va malakalarni oʻzlashtirishga yoʻnaltiriladi.
42. Qayta tayyorlashning asosiy turlari:
pedagogik qayta tayyorlash;
kasbiy qayta tayyorlash.
43. Pedagogik qayta tayyorlash — oliy taʼlim muassasalarining nopedagogik yoʻnalishlarini bitirgan mutaxassislarning bazaviy kasbiy maʼlumotini taʼlimning tegishli turi Davlat taʼlim standarti (Davlat taʼlim talablari) bilan belgilanadigan oʻquv-tarbiya jarayonining talab etiladigan sifatini taʼminlaydigan darajada pedagogik faoliyatni yuritish uchun zarur va yetarli boʻlgan pedagogik tayyorgarlik talablariga muvofiqlashtirish maqsadida mutaxassislarni oʻqitish.
44. Kasbiy qayta tayyorlash (ixtisoslashuv) — oliy pedagogik maʼlumotli mutaxassislar tomonidan taʼlimning tegishli turi Davlat taʼlim standarti (Davlat taʼlim talablari) bilan belgilanadigan oʻqitishning talab etiladigan sifatini taʼminlaydigan darajada oʻquv fani yoki kurs boʻyicha pedagogik faoliyatni yuritish uchun zarur va yetarli hajmda yangi kasbiy bilimlar, malaka va koʻnikmalarni oʻzlashtirish.
Pedagogik maʼlumotga ega boʻlmagan boshqa soha mutaxassislariga pedagogik faoliyat olib borishi uchun sohasiga mos fandan kasbiy hamda pedagogik qayta tayyorlashdan oʻtishi talab qilinadi.
45. Rahbar xodimlarni qayta tayyorlash Vazirlik yoki xalq taʼlimi hududiy boshqaruv organlari buyurtmalariga binoan amalga oshiriladi.
Taʼlim muassasalarining rahbarlik lavozimiga tayinlash uchun zaxiraga olingan yoki rahbarlikka yangi tayinlangan xodimlar qayta tayyorlov kurslariga jalb etiladilar.
46. Pedagog hamda mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash, oʻquv rejalariga yangi oʻquv fanlari yoki kurslar joriy etilishi, buyurtmachilar yoki mehnat bozorining talablari bilan belgilanadigan ayrim pedagog hamda mutaxassislarning qayta ixtisoslashuvi yoki yangi mutaxassislikka ega boʻlishi munosabati bilan yuzaga kelgan ehtiyojlarga koʻra tashkil etiladi.
Vaqtincha ishlamaydigan pedagoglar ham oʻz xohishiga koʻra qayta tayyorlash kurslarida oʻqishi mumkin.
47. Pedagog va mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash ularning ehtiyojlari va murojaatlariga binoan toʻlov shartnomalari asosida tashkil etiladi. Toʻlovlar qayta tayyorlash kursi tinglovchisi yoki homiy (yuridik yoki jismoniy shaxslar)lar tomonidan shartnomada koʻzda tutilgan muddatlar va miqdorlarda amalga oshiriladi.
48. Qayta tayyorlash buyurtmachining yakka tartibdagi topshirigʻi yoki aniq yoʻnaltirilgan dasturi asosida, davlat taʼlim talablari, shuningdek taʼlimni boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi talablariga muvofiq ishlab chiqilgan dasturlar boʻyicha amalga oshiriladi.
Qayta tayyorlashga ikkinchi oliy taʼlimni olish sifatida qaralmaydi, qayta tayyorlash natijasida beriladigan hujjat (diplom) faqat muayyan lavozimda faoliyat koʻrsatish yoki muayyan fanlar boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari olib borish huquqini beradi.
49. Xodimlarni qayta tayyorlash Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejalari va oʻquv dasturlari boʻyicha amalga oshiriladi. Oʻquv yuklamasini rejalashtirishda tinglovchilarning mustaqil ishlashiga alohida eʼtibor qaratiladi.
50. Qayta tayyorlash dasturlarini oʻzlashtirish muddati oʻquv rejasiga kiritilgan fanlar soni hamda ularning yuklamalari hajmidan kelib chiqib belgilanadi va u kamida 576 soatni tashkil qiladi. Auditoriya mashgʻulotlari haftalik yuklamasining eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
51. Qayta tayyorlash kurslari ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim olish, masofaviy taʼlim yoki dual taʼlim shakllari orqali amalga oshirilishi mumkin.
Bunda, kurslarning kamida bir oyi, yaʼni 144 soati bevosita ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotida oʻtkazilishi shart.
52. Qayta tayyorlash kurslarini amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari qayta tayyorlash kurslarini tashkil etishda quyidagilarni amalga oshiradi:
buyurtmachilar ehtiyoji va yakka shaxslarning murojaatlariga koʻra qayta tayyorlash kurslariga buyurtmalarni shakllantiradi;
qayta tayyorlash kurslarida oʻqish istagini bildirgan talabgor-tinglovchilarga doir hujjatlarni (familiyasi, ismi va otasining ismi, qachon va qaysi oliy taʼlim muassasasini bitirganligi, diplom boʻyicha mutaxassisligi, qayta tayyorlash yoʻnalishiga mosligi) toʻliq oʻrganadi va tegishli xulosani tayyorlaydi;
qayta tayyorlash kurslari uchun tayanch oʻquv rejasi va oʻquv dasturlari asosida oʻquv-metodik materiallar (ishchi oʻquv rejasi, ishchi dasturlar, oʻquv-metodik majmualar)ni tayyorlaydi.
53. Qayta tayyorlash kurslari yetarli ilmiy-pedagogik va moddiy-texnik bazaga ega ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti tomonidan tashkil etiladi.
Ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti rahbari qayta tayyorlash kurslari belgilangan talablar va tartibga qatʼiy rioya qilgan holda tashkil etilishi yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadi.
54. Qayta tayyorlash jarayonida guruhdagi kurs tinglovchilarining soni 25 nafardan oshmasligi lozim.
55. Qayta tayyorlash kurslaridagi oʻquv jarayoni tayanch oʻquv rejalariga mos ravishda tuzilgan va har biri bir nechta oʻquv fani modullarini oʻz tarkibiga olgan bloklardan iborat ishchi oʻquv rejalari asosida tashkil etiladi.
56. Qayta tayyorlash kurslaridan oʻtuvchi xodimlar ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti rahbarining buyrugʻi bilan tinglovchilar safiga qabul qilinadi.
57. Qayta tayyorlash kursi tinglovchisi kursning oʻquv rejasida koʻzda tutilgan barcha nazorat turlarida (oraliq, yakuniy va boshqalar) ijobiy natija koʻrsatsa, kursning oʻquv dasturi toʻliq oʻzlashtirilgan hisoblanadi. Oraliq nazorat topshiriqlarini muvaffaqiyatli bajargan tinglovchi yakuniy nazoratga qoʻyiladi.
58. Oraliq nazoratlarda yetarli ball toʻplay olmagan tinglovchiga 1 oy muddat davomida qayta topshirishga imkoniyat beriladi. Belgilangan muddatlarda oraliq nazoratni qayta topshira olmagan tinglovchi tinglovchilar safidan chiqariladi.
59. Yakuniy attestatsiyani oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti rahbari tegishli buyruq bilan yakuniy attestatsiya komissiyasini tashkil etadi.
Yakuniy attestatsiya yakuniy nazorat sinovlari va bitiruv ishini himoya qilish orqali oʻtkaziladi. Yakuniy nazorat sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga bitiruv ishini himoya qilishga ruxsat beriladi.
60. Yakuniy attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilarga davlat namunasidagi hujjat (diplom) beriladi.
61. Yakuniy attestatsiya sinovlarida yetarli ball toʻplay olmagan yoki uzrli sabablarga koʻra (mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik, tugʻish hamda bolani parvarish qilish taʼtili, xizmat safarida boʻlish va boshqalar) qatnasha olmagan tinglovchilarga bir yil davomida qayta topshirishga imkoniyat beriladi. Agar navbatdagi kurslar bir yil mobaynida tashkil etilmasa, alohida yakuniy attestatsiya komissiyasi tuzilishi mumkin.
62. Yakuniy attestatsiya sinovlarini qayta topshirish natijalari salbiy boʻlgan taqdirda, tinglovchiga kursni tugatganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi va bir yil davomida toʻlov-shartnoma asosida qayta topshirishga ruxsat beriladi.
2-§. Xodimlarning malakasini oshirish
63. Xodimlarning malakasini oshirish xalq taʼlimi hududiy boshqaruv organlari yoki bevosita Vazirlikning buyurtmalariga binoan ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
64. Malaka oshirish ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan tabaqalashtirilgan ishchi oʻquv dasturlari boʻyicha amalga oshiriladi.
65. Xodim uning mehnat taʼtili yoki vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi davrida malaka oshirishga jalb qilinmaydi.
66. Xodimlarning har yili belgilangan davomiylikdagi malaka oshirish dasturlarini oʻzlashtirishi va belgilangan hajmdagi kredit ballarini yigʻishlari majburiy hisoblanadi.
67. Xodimlar malakasini oshirishning har yilgi umumiy davomiyligi xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlari uchun kamida 30 soat, pedagog xodimlar uchun kamida 36 soat etib belgilanadi.
68. Reyestr orqali har yili 5-oktabrda navbatdagi kalendar yilda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari haqidagi maʼlumotlar kurslarni tashkil qiladigan ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari hamda elektron platforma boʻyicha barcha xodimlar eʼtiboriga havola qilinadi.
69. Xalq taʼlimi tashkilotining har bir xodimi, joriy yilning 6-oktabridan 15-oktabriga qadar, oʻz ehtiyoji va ixtiyoridan kelib chiqib, navbatdagi kalendar yilda malaka oshiradigan ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotini tanlaydi.
Unga koʻra, reyestrda xodim faoliyat koʻrsatadigan taʼlim muassasasining navbatdagi kalendar yil uchun malaka oshirishga boʻlgan buyurtmasi shakllanadi. Bunda, xalq taʼlimi tashkiloti rahbari har bir xodimning mazkur buyurtmaga kiritilishini shaxsan taʼminlaydi va nazorat qiladi.
70. Reyestrda shakllangan buyurtmada xodimning familiyasi, ismi va otasining ismi, diplom boʻyicha mutaxassisligi, ish joyi, lavozimi, dars beradigan fani, tanlagan malaka oshirish kursi va ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti koʻrsatiladi.
71. Joriy yilning 25-oktabrigacha tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan tizimdagi barcha taʼlim muassasalari xodimlarining navbatdagi kalendar yil uchun malaka oshirishga boʻlgan buyurtmalari ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari hamda elektron platforma boʻyicha umumlashtiriladi va raqamli reja shaklida tegishli hududiy xalq taʼlimi boshqarmasiga taqdim etiladi.
Bunda, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi rahbariyati tizimdagi barcha xalq taʼlimi muassasalari hamda xalq taʼlimi boʻlimida asosiy shtatda faoliyat koʻrsatayotgan har bir xodimning malaka oshirish boʻyicha tegishli buyurtmaga kiritilishini taʼminlaydi va nazorat qiladi.
72. Hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlarining navbatdagi kalendar yil uchun malaka oshirishga boʻlgan ehtiyojlari buyurtma koʻrinishida ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari hamda elektron platforma boʻyicha umumlashtiriladi va raqamli reja shaklida joriy yilning 5-noyabriga qadar Institutga taqdim etiladi.
Hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari rahbariyati oʻz hududlaridagi barcha xalq taʼlimi muassasalari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari va hududiy xalq taʼlimi boshqaruv organida faoliyat koʻrsatayotgan har bir xodimning mazkur buyurtmaga kiritilishini taʼminlaydi va nazorat qiladi.
73. Institut tomonidan mazkur buyurtmalar asosida xalq taʼlimi xodimlarining hududlar, ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari va elektron platforma boʻyicha taqsimoti (keyingi oʻrinlarda — taqsimot) shakllantiriladi va 15-noyabrga qadar Vazirlikka tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Mazkur taqsimot Vazirlik tomonidan 5-dekabrga qadar tasdiqlanadi va Institut tomonidan Reyestrga joylashtiriladi.
74. Ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari taqsimot asosida malaka oshirish kurslarini tashkil etish boʻyicha oʻzlarining rejalarini ishlab chiqadi va buyurtmachilarga yetkazilishini taʼminlaydi.
75. Buyurtmachilar (hududiy xalq taʼlimi boshqaruv organlari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari va taʼlim muassasalari) Reyestrdagi taqsimot va ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlarining malaka oshirish kurslarini tashkil etish boʻyicha rejalariga binoan tizimlaridagi taʼlim muassasalari rahbar, pedagog va mutaxassis xodimlarining tegishliligi boʻyicha ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlariga oʻqishga belgilangan muddatda yetib borishlarini taʼminlaydi.
76. Malaka oshirishga yuborilgan xodim ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti rahbarining buyrugʻi bilan tinglovchilar safiga qabul qilinadi. Tinglovchilar guruhini shakllantirish, kursning oʻquv rejasi va dasturlarini ishlab chiqishda xodimlarning bazaviy maʼlumoti, mutaxassisligi, toifasi va egallab turgan lavozimlari, shuningdek, kasbiy ehtiyojlari hisobga olinadi.
77. Malaka oshirish kurslaridagi oʻquv jarayonlari kurslarga jalb etilgan xodimlar 25 nafar tinglovchidan iborat oʻquv guruhlariga boʻlingan holda tashkil etiladi.
Tinglovchilar kontingentini bir guruh meʼyorida shakllantirib boʻlmaydigan alohida yoʻnalishlar boʻyicha oʻquv jarayonini tashkil etishda, istisno tariqasida, Vazirlikning ruxsati bilan bir guruhdagi tinglovchilar soni kamida 15 nafar etib belgilanishi mumkin.
78. Malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, ularni talab darajasida oʻtkazish, taʼlim samaradorligini taʼminlash hamda tinglovchilarning yashashi uchun shart-sharoitlar yaratish (ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotida tinglovchilar turar joyi mavjud boʻlsa) masʼuliyati tegishli taʼlim tashkiloti rahbari zimmasiga yuklatiladi.
79. Malaka oshirish kursi tinglovchisi kursning oʻquv rejasida nazarda tutilgan barcha nazorat turlarida ijobiy natija koʻrsatsa, kursning oʻquv dasturi toʻliq oʻzlashtirilgan hisoblanadi.
80. Nazoratlarda yetarli ball toʻplay olmagan tinglovchiga kurs davomida qayta topshirishga imkoniyat beriladi.
81. Malaka oshirish kursi dasturini toʻliq oʻzlashtirgan tinglovchilarga kursni tashkil qilgan taʼlim muassasasi tomonidan davlat namunasidagi elektron generatsiya qilingan va elektron imzo yoki uning muqobil shakldagi hujjatni tasdiqlovchi vositalar (QR-kod, shtrixkod) bilan tasdiqlangan hujjat (sertifikat) beriladi.
82. Har bir xodim haqidagi malaka oshirish kursi boshlangan kun, tugallangan kun, toʻplangan kreditlar va kursni tamomlaganlik haqidagi hujjat (sertifikat) boʻyicha maʼlumotlar ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti tomonidan elektron platformaga kiritiladi.
Mazkur maʼlumotlar oʻz vaqtida, aniq va toʻliq kiritilishi uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti rahbari shaxsan masʼul hisoblanadi.
7-bob. Elektron platforma orqali malaka oshirish
83. Uzluksiz kasbiy rivojlantirishni taʼminlash uchun elektron platformadan foydalanilishi mumkin.
84. Elektron platforma barcha xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishga doir maʼlumotlar oʻzida jamlab borilishini taʼminlaydi.
85. Elektron platformaning tuzilishi, elektron platformaga xalq taʼlimi xodimlari haqidagi maʼlumotlarni kiritish, qayta ishlash va foydalanish tartibi Vazirlik tomonidan belgilanadi.
Elektron platformada xalq taʼlimi xodimlarining elektron portfoliosi shakllantiriladi.
86. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslari oʻquv rejasi va dasturlari tarkibiga kiruvchi oʻquv modullarini mustaqil oʻzlashtirish boʻyicha interaktiv oʻquv majmualari ham elektron platformaga joylashtiriladi.
87. Taʼlim oluvchi xodim uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslari oʻquv rejasi va dasturlari tarkibiga kiruvchi har bir oʻquv modulini oʻqib oʻzlashtiradi, oʻquv moduli boʻyicha nazorat ishlarini bajaradi va elektron platforma tomonidan baholanadi (kredit ballari qoʻyiladi).
88. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslari oʻquv rejasi va dasturlari tarkibiga kiruvchi har bir oʻquv modulini muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan va nazorat topshiriqlarini bajargan xodimning barcha kredit ballari jamlanadi hamda unga kursni muvaffaqiyatli tugatganligi haqida davlat namunasidagi elektron generatsiya qilingan va elektron imzo yoki uning muqobil shakldagi hujjatni tasdiqlovchi vositalar (QR-kod, shtrix kod) bilan tasdiqlangan hujjat (sertifikat) shakllantiriladi.
89. Har bir oʻquv moduli yoki kursni muvaffaqiyatli oʻzlashtirganlik haqidagi maʼlumotlar xodimlarning elektron portfoliosida aks ettiriladi.
8-bob. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish natijalarini jamlash va baholash
90. Har bir xalq taʼlimi xodimining uzluksiz kasbiy rivojlantirish jarayonida toʻplagan kredit ballari elektron platforma tomonidan qoʻshib chiqiladi va natijasi uning shaxsiy kabinetida aks ettiriladi, shuningdek, buyurtmachi — xalq taʼlimi hududiy boshqaruv organlari eʼtiboriga havola qilinadi.
91. Belgilangan meʼyordan kam boʻlmagan kredit ballari toʻplagan xodimlarga joriy yil uchun uzluksiz kasbiy rivojlantirishni muvaffaqiyatli amalga oshirgani toʻgʻrisida sertifikat shakllantiriladi va xodimning shaxsiy kabinetiga joylashtiriladi.
92. Har oyning 1-kunida xalq taʼlimi xodimining uzluksiz kasbiy rivojlanishi holati elektron platforma tomonidan monitoring qilinadi va natijalari hududlar, tuman (shahar)lar hamda ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari boʻyicha shakllantiriladi.
93. Monitoring natijalari uzluksiz kasbiy rivojlantirishni boshqarish va mavjud muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun xizmat qiladi.
94. Monitoring natijasida oʻtgan oyda malaka oshirish kurslarini tugatgan har bir xodim haqida maʼlumotlar koʻrsatilgan va elektron imzo yoki uning muqobil shakldagi hujjatni tasdiqlovchi vositalar (QR-kod, shtrix kod) bilan tasdiqlanadigan roʻyxat shakllantiriladi.
Mazkur roʻyxat xalq taʼlimi xodimining uzluksiz kasbiy rivojlanishi holati haqida maʼlumot beruvchi asosiy manba hisoblanadi.
9-bob. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish sifatini baholash va nazorat qilish
95. Uzluksiz kasbiy rivojlanishi sifati ular tayyorgarligining zarur va yetarli darajasi, ulardagi bilim va amaliy mahoratning mazkur xodimlarga qoʻyiladigan malaka talablariga muvofiqligi bilan belgilanadi.
96. Ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlarining uzluksiz kasbiy rivojlantirish boʻyicha faoliyati sifatini nazorat qilish Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Vazirlik (Institut va pedagogika markazlari) hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari) tomonidan amalga oshiriladi.
(96-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son)
97. Taʼlim sifatini nazorat qilishda tegishli ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlarida xalq taʼlimi xodimlarini kasbiy rivojlantirish sifatini nazorat qilish hamda muntazam ravishda malaka oshirish dasturlari asosida taʼlim berishning samaradorligi baholanadi va dasturlarni takomillashtirish boʻyicha choralar koʻriladi.
98. Reyestrga kiritilgan ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻtkazilgan malaka oshirish kurslarining samaradorligi, tinglovchilarning yakuniy nazorat sinovlarini oʻtkazish va baholash Vazirlik tomonidan tashkil etilishi mumkin.
Vazirlik mazkur sinovlarni oʻtkazish boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotni belgilaydi.
Bunda, yakuniy nazorat natijasida malaka oshirish kurs tinglovchilarining kamida 70 foizi ijobiy baholangan (maksimal ballning kamida 56 foizini toʻplagan) taqdirda, kursdagi taʼlim sifati ijobiy deb topiladi. Aks holda malaka oshirish kursi sifatsiz tashkil etilgan hisoblanadi.
Malaka oshirish kursi sifatsiz tashkil etilgan deb topilgan ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkiloti Reyestrdan chiqariladi.
10-bob. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslarini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjatlar
99. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish boʻyicha taʼlim dasturlari talablarini muvaffaqiyatli bajargan tinglovchilarga tegishli ravishda davlat namunasidagi quyidagi hujjatlar:
malaka oshirish toʻgʻrisidagi sertifikat — belgilangan kredit ballarini jamgʻargandan soʻng;
qayta tayyorlash toʻgʻrisidagi diplom — kamida 576 soat hajmda taʼlim dasturlarini muvaffaqiyatli oʻzlashtirgandan soʻng, yakuniy attestatsiya natijasiga koʻra beriladi.
100. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish dasturini oʻzlashtirganlik toʻgʻrisidagi diplom va sertifikatlarning elektron reyestri yuritiladi.
Diplom va sertifikatlarni rasmiylashtirish tartibi Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi
11-bob. Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qoʻyiladigan talablar
101. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimidagi taʼlim jarayonining mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan davlat taʼlim talablari “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi hamda ularda taʼlim jarayonini tashkil etishni, uning mazmunini, metodik taʼminlashni, sifat va samaradorligini oshirishni takomillashtirishga doir talablar qoʻyiladi.
102. Davlat taʼlim talablari Vazirlik tomonidan ishlab chiqiladi va belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
103. Davlat taʼlim talablari asosida xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash (malaka oshirish) kursi bitiruvchisining umumiy bilim va kasbiy tayyorgarligi darajasiga qoʻyiladigan malaka talablari ishlab chiqiladi va Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
104. Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash (malaka oshirish) kursi bitiruvchisining umumiy bilim va kasbiy tayyorgarligi darajasiga qoʻyiladigan malaka talablari tegishli yoʻnalishlar boʻyicha kurslarning oʻquv rejalari va dasturlarini shakllantirish, shuningdek, oʻquv jarayonini va taʼlim sifatini nazorat qilish tartibini va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.
105. Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish taʼlimining oʻquv rejasi va dasturlari yetakchi olimlar, mutaxassislar, professor-oʻqituvchilar hamda metodistlar tarkibi tomonidan tinglovchilarning ehtiyojlarini oʻrganish (pedagogik diagnostika) natijalari asosida tuziladi va taʼlim jarayonini metodik taʼminlashning ajralmas qismi hisoblanadi.
106. Quyidagilar qayta tayyorlash va malaka oshirish boʻyicha taʼlim dasturlari mazmuniga qoʻyiladigan bazaviy talablar hisoblanadi:
kasblar va lavozimlarga boʻlgan kasbiy malaka talablariga muvofiqligi;
taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini bilishga, taʼlim turlari va bosqichlari boʻyicha davlat taʼlim talablari (davlat taʼlim standarti)ning uzviyligi va uzluksizligini taʼminlashga, tinglovchilarning kasbiy bilimlarini yangilash va chuqurlashtirishga, yangi, qoʻshimcha kasbiy malaka va koʻnikmalarni hosil qilishga, taʼlim-tarbiyaning samarali usullari hamda texnologiyalarini egallash va takomillashtirishga qaratilganligi;
zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalana olishni nazarda tutish;
davlat taʼlim talablari hajm va mazmunining qayta tayyorlash hamda malaka oshirish muddatlariga muvofiqligi.
107. Qayta tayyorlash boʻyicha taʼlim dasturi tegishli bazaviy maqsadlar va mazmunga mos bitiruv ishi bilan tugallanadi.
12-bob. Xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanadigan ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlari reyestrini yuritish
108. Pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tashkilotlari va nodavlat taʼlim tashkilotlarining xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish uchun Vazirlik tomonidan Reyestr shakllantiriladi va u bir yil muddatga amal qiladi.
109. Reyestr Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi va har yili yangilanib boriladi.
110. Quyidagilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Reyestrga toʻgʻridan-toʻgʻri kiritiladi:
Institut;
pedagogika markazlari;
(110-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son)
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy murojaati asosida pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tashkilotlari.
111. Nodavlat taʼlim tashkiloti xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirganligi uchun Davlat budjetidan mablagʻlar olish uchun Reyestrda belgilangan shakldagi soʻrovnomani toʻldiradi.
Soʻrovnomada nodavlat taʼlim tashkiloti nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), taʼlim faoliyatini amalga oshirish joy(lar)ining manzili, bank muassasasining nomi va bankdagi hisobvaragʻi, Reyestrga kiritilayotgan malaka oshirish kurslari yoʻnalishlari, soʻrovnomani toʻldirgan va uni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi hamda lavozimi koʻrsatiladi.
Soʻrovnomani Vazirlikka yuborishdan oldin nodavlat taʼlim tashkiloti xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish kurslarini tashkil etish talablari va shartlariga rioya qilishga roziligi, tomonlarning huquq va majburiyatlari, javobgarligi va boshqa holatlarni nazarda tutuvchi ommaviy oferta bilan tanishib, uni tasdiqlaydi.
112. Ommaviy ofertani tasdiqlash Vazirlik va nodavlat taʼlim tashkiloti oʻrtasida shartnoma tuzilishiga tenglashtiriladi hamda talablar va shartlarga toʻliq amal qilishga roziligini bildiradi.
113. Soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar elektron tarzda ilova qilinadi:
malaka oshirish kurslarida oʻquv mashgʻulotlarini olib boruvchi pedagog kadrlar toʻgʻrisida maʼlumot (ularning pasporti nusxasi yoki identifikatsiya ID-kartasi, oliy taʼlim muassasasini tamomlaganligi yoki ilmiy daraja toʻgʻrisidagi diplom nusxasi, mehnat daftarchasining tasdiqlangan nusxasi);
malaka oshirish kursi oʻquv rejasi va dasturlarining elektron nusxalari;
yongʻin va sanitariya-epidemiologiya nazorati organlari tomonidan mavjud binolar va xonalarning yongʻin xavfsizligi talablariga va sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosalar.
114. Quyidagi holatlarda ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotining Reyestrga kiritish boʻyicha murojaatiga rad javobi berilishi mumkin:
yongʻin xavfsizligi talablariga va sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosalar salbiy boʻlganda;
soʻrovnomaga nodavlat tashkilot toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq kiritilmaganda yoki soxta maʼlumotlar taqdim etilganda.
115. Vazirlik Reyestrga kiritish yoki Reyestrga kiritishni rad etish boʻyicha qarorni nodavlat taʼlim tashkilotiga Reyestr orqali yetkazadi.
13-bob. Uzluksiz kasbiy rivojlantirishni moliyalashtirish
116. Uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimida Institut, pedagogika markazlari, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Vazirlikka ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
(116-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son)
117. Davlat budjeti mablagʻlaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlik tomonidan xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirish faoliyati bilan shugʻullanayotgan ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlarining elektron reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) yuritiladi.
118. Pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda Reyestrga kiritilgan ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlarining xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash har birida 25 nafar tinglovchi boʻlgan guruhda malaka oshirish kursining yakuni boʻyicha guruhdagi tinglovchilar kursni muvaffaqiyatli tugatib tegishli sertifikatga ega boʻlgan har bir tinglovchi uchun amalga oshiriladi.
Bunda, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda Reyestrga kiritilgan nodavlat taʼlim tashkilotlari bilan Vazirlik oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri tuziladigan shartnomalar asosida toʻlovlar amalga oshiriladi.
119. Institut har yili 15-noyabrga qadar kelgusi yilda hududiy malaka oshirish markazlari, oliy taʼlim muassasalari hamda Reyestrga kiritilgan nodavlat taʼlim tashkilotlarida malaka oshiradigan xalq taʼlimi xodimlarining hududlar boʻyicha taqsimotini tasdiqlash uchun Vazirlikka taqdim etadi va tasdiqlangan taqsimot asosida kelgusi yil uchun pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda Reyestrga kiritilgan nodavlat taʼlim tashkilotlarida malaka oshiradigan tinglovchilar uchun tegishli mablagʻlar rejalashtiriladi.
120. Pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda Reyestrga kiritilgan nodavlat taʼlim tashkilotlarida malaka oshiradigan tinglovchilar uchun mablagʻlar alohida gʻazna hisobvaragʻida yuritiladi.
121. Bir nafar tinglovchi uchun toʻlanadigan mablagʻ miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan keyingi moliya yili boshlanishidan oldin xodimlarning malaka oshirishi uchun sarflangan oʻrtacha xarajatdan kelib chiqib belgilanadi.
122. Moliya yili davomida qonunchilik hujjatlariga muvofiq ish haqi miqdorlari va shartlari oʻzgargan hollarda bir nafar tinglovchi uchun sarflanadigan xarajatlar miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
123. Institut pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda Reyestrga kiritilgan nodavlat taʼlim tashkilotlarida haqiqatda malaka oshirgan va belgilangan tartibda sertifikatga ega boʻlgan tinglovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni navbatdagi oyning 3-kuniga qadar tegishli mablagʻ toʻlanishi yuzasidan Vazirlikka murojaat qiladi.
124. Murojaatga quyidagilar ilova qilinadi:
xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish kurslarini tashkil etgan pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda Reyestrga kiritilgan nodavlat taʼlim tashkilotlarining nomi, joylashgan joyi (pochta manzili) va tashkiliy-huquqiy shaklini tasdiqlovchi guvohnoma, bank rekvizitlari;
haqiqatda malaka oshirgan va sertifikatga ega boʻlgan tinglovchilarning tasdiqlangan roʻyxati;
pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda Reyestrga kiritilgan nodavlat taʼlim tashkilotlari boʻyicha ularga toʻlanishi lozim boʻlgan tegishli hisob-kitoblar bilan birgalikda mablagʻlarga buyurtma.
125. Mablagʻ ajratish uchun taqdim etilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi va toʻgʻriligiga Institut javobgar hisoblanadi.
126. Taqdim etilgan maʼlumotlar va hujjatlarning soxtaligi aniqlanganda, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda Reyestrga kiritilgan nodavlat taʼlim tashkilotlarining xalq taʼlimi xodimlari malakasini oshirish boʻyicha huquqi bekor qilinadi hamda ortiqcha olingan mablagʻlar qonunchilikda belgilangan tartibda budjetga qaytariladi.
127. Pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda Reyestrga kiritilgan nodavlat taʼlim tashkilotlarida haqiqatda malaka oshirgan tinglovchilar soni har oy yakuni boʻyicha ularda malaka oshirilishi rejalashtirilgan tinglovchilar sonidan kam boʻlgan hollarda ushbu tinglovchilar uchun rejalashtirilgan mablagʻlar Vazirlik tomonidan hududiy malaka oshirish markazlariga yoʻnaltiriladi.
128. Institutda hamda pedagogika markazlarida bir nafar oʻqituvchi hisobiga toʻgʻri keladigan tinglovchilar nisbatining cheklangan normativlari oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan bir nafar oʻqituvchi hisobiga talabalar soni nisbatining cheklangan normativlaridan 25 foiz past etib belgilanadi.
(128-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son)
129. Institut hamda pedagogika markazlarining saqlash bilan bogʻliq barcha xarajatlari ularning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib Vazirlikka respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.
(129-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son)
130. Ixtisoslashtirilgan taʼlim tashkilotlariga ishdan ajralgan holda malaka oshirishga yuborilgan tinglovchilarning oʻqishi davrida asosiy ish joyi boʻyicha lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi, ularning oʻquv yuklamalari esa boshqa pedagog xodimlar oʻrtasida taqsimlanadi.
Ishdan ajralgan holda malaka oshirish uchun boshqa hududlardan yuborilgan tinglovchilarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻqishga borish va undan qaytish boʻyicha bir martalik yoʻl haqi xarajatlari ularni yuborgan tomon hisobidan qoplanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 23-bobi. (Ishni taʼlim bilan birga olib boruvchi xodimlar uchun kafolatlar va kompensatsiyalar)
14-bob. Yakunlovchi qoidalar
131. Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat Vazirlikning Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
132. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-yanvardagi 25-son qaroriga
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 28-dekabrdagi 1026-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning ikkinchi xatboshisi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. 5-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, tizimida maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirliklar va idoralar har yili 15-noyabrgacha maktabgacha taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning egallab turgan lavozimiga qarab kurslardan oʻtishi boʻyicha belgilangan davriylikni inobatga olgan holda, keyingi kalendar yilda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarida oʻqishga yuboriladigan tinglovchilar kontingentini shakllantiradi va Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga taqdim etadi”.
3. Qarorga 3-ilova (Maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish toʻgʻrisidagi nizom)da:
a) ilovaning nomidagi “, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining” soʻzlari “taʼlim tashkilotlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1 va 29-bandlardagi “, umumiy oʻrta, maktabdan tashqari taʼlim muassasalari” soʻzlari “taʼlim tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“, umumiy oʻrta, maktabdan tashqari taʼlim muassasalari” soʻzlari “taʼlim tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Xalq taʼlimi vazirligi va” soʻzlari chiqarib tashlansin;
g) 3-banddagi “taʼlim muassasalarining” soʻzlari “maktabgacha taʼlim tashkilotlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “davlat tasarrufidagi maktabgacha, umumiy oʻrta, maktabdan tashqari taʼlim muassasalari” soʻzlari “davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“buyurtmachi — Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, tizimida maktabgacha taʼlim tashkilotlari mavjud boʻlgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar, shuningdek, nodavlat taʼlim tashkilotlari”;
beshinchi xatboshidagi “maktabgacha, umumiy oʻrta, maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining” soʻzlari “maktabgacha taʼlim tashkilotlarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“pedagog xodim — davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya faoliyatini amalga oshiruvchi pedagog kadrlar”;
e) 7-bandning oʻninchi xatboshisidagi “, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari” soʻzlari “taʼlim tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi” soʻzlari “Xalq taʼlimi vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti tarkibida maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonlarini takomillashtirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtiruvchi kengash)”;
beshinchi xatboshidagi “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti” soʻzlari “Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
yettinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
z) 9-banddagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi” soʻzlari “Xalq taʼlimi vazirligi va Maktabgacha taʼlim vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
i) 10-bandning ikkinchi va toʻrtinchi xatboshilardagi “, umumiy oʻrta hamda maktabdan tashqari taʼlim muassasalari” soʻzlari “taʼlim tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
y) 11-bandning ikkinchi xatboshisidagi “, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari” soʻzlari “taʼlim tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
k) 12-bandning birinchi xatboshidagi “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti” soʻzlari “Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti” soʻzlari bilan almashtirilsin;
l) 13-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
ikkinchi, uchinchi, oltinchi va yettinchi xatboshilardagi “xalq taʼlimi” soʻzlari “maktabgacha taʼlim” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “xalq taʼlimi muassasalari” soʻzlari “maktabgacha taʼlim tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
n) 24-bandning uchinchi xatboshisidan va 28-banddan “oliy taʼlim muassasasi va” soʻzlari chiqarib tashlansin;
o) 38-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“38. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv mashgʻulotlarining quyidagi asosiy turlari qoʻllaniladi: maʼruza, amaliy mashgʻulot, interaktiv seminarlar, trening, koʻchma mashgʻulot, tajriba almashish, mustaqil oʻqish, bitiruv malakaviy ishini (kursni tugatish ishini) himoya qilish.
Ayrim oʻquv mashgʻulotlari maktabgacha taʼlim tashkiloti bazasida tashkil etiladi.”;
p) 48-bandning ikkinchi xatboshisidan “oliy taʼlim muassasasi orqali” soʻzlari chiqarib tashlansin;
r) 59-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
s) 74-bandning ikkinchi xatboshisidan “oliy taʼlim muassasasi rektori bilan kelishgan holda” soʻzlari chiqarib tashlansin;
t) 80-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“80. Pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida taʼlim jarayonining mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan malaka talablari “Taʼlim toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq belgilanadi va ularda taʼlim jarayonini tashkil etishni, uning mazmunini, metodik taʼminlashni, sifat va samaradorligini oshirishni takomillashtirishga doir talablar qoʻyiladi.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2022-y., 09/22/25/0033-son; 03.08.2022-y., 09/22/425/0712-son)